Ivan Shcherbakov degan dehqon bo‘lardi. Tirikchiligi yomon emas, bardam-badavlat, qishloqdagi man-man degan mardumlardan edi. Ivanning o‘g‘illari ham allaqachon yoniga kirgan. Ulkani uyli-joyli, o‘rtanchasi unashtirilgan, kenjatoyi hali o‘smiru, lekin u ham bo‘yga yetib, omoch haydashga yarab qolgan edi. Ivanning onasi esli-jo‘yali, ro‘zg‘orning jonini kirgizadigan xotinlardan edi. Xotini esa, mo‘min-qobilgina, oyoq-qo‘li chaqqon ayollar toifasidan. Xullas, Ivan Shcherbakov ro‘zg‘oridan g‘am yemay ayshini surib yursa bo‘lardi. Ammo Gavrilo cho‘loq degan qo‘shnisi bilan oralari buzildiyu tirikchilikning mazasi qochdi.
Hamma balo arzimagan narsadan boshlandi. Ivanlarning tovug‘i hali yosh bo‘lsa-da, tuxum tug‘ishga kirishdi. Ivanning kelini xursand bo‘lib, hayitga tuxum to‘play boshladi. Xudoning bergan kuni qaznoqqa borib aravaning qutisidan tuxum olib kelardi. Birdaniga tuxum yo‘qoladigan bo‘lib qoldi. Aftidan bolalar tovuqni hurkitib yuborganmi, u chetan devordan qo‘shnisinikiga uchib o‘tib, shu yoqda tuxumlab keladigan qiliq chiqaribdi. Bundan kelin sho‘rlikni xabari ham yo‘q. Tovug‘i qaqag‘lasa tuxum tug‘¬yapti deb xursand bo‘ladi. Bir kuni kechlatib qaznoqqa bordi. Qarasa, tuxum yo‘q. Kelini hayron bo‘ldi. Sizlar olmadinglarmi, deb uydagilardan so‘radi. Yo‘q, deyishdi. Shu payt kenjatoy qayni Taraska, tovug‘ing doim anavi hamsoyamiznikiga chiqib tug‘ib keladi, hozir ham shu yoqdan uchib kirdi, o‘zim ko‘rdim, deb qoldi. Kelin qo‘noqda, xo‘rozning biqinida qunishib o‘tirgan tovug‘iga qarab qo‘ydi. Tovuqning ko‘zi ilinay-ilinay deb turibdi. Nima deydi? Hoy, noinsof, tuxumingni qaysi go‘rga tashlab kelding, deb so‘raydimi?
Kelin hamsoyanikiga chiqdi. Gavriloning onasi ro‘para bo‘ldi.
— Hm, nima kerak edi, kelin? — dedi kampir xushlamay.
— Ha, shu tovug‘imning vajidan kiruvdim, buvijon, — dedi kelinchak, — hali zamon zormanda qaqag‘lab siz tomonga uchib o‘tib ketuvdi. Tuxum-puxum qo‘ymadimikan, deb...
— Ko‘rganim yo‘q, — dedi kampir to‘rsayib, — xudoga shukur, tovuq o‘zimizda ham bor, anchadan beri tuxumlab turibdi. Biz birovning hovlisiga kirib tuxum terib yurishga o‘rganmaganmiz.
Bu gaplar kelinni o‘mganidan o‘tib ketdi. Kampirga gap qaytardi. Kampir ikkini qo‘ndirdi. Shunday qilib ikkalasi chars-churs urushdi qoldi. Ivanning xotini ariqdan suv olib kelayotgan edi, u ovsinining yonini oldi. U yoqdan baqirib-chaqirib Gavriloning xotini chiqdi. Qo‘shnisiga yopishib ketdi. U rost-yolg‘on gaplarni aralashtirib hamsoyasining betiga yozg‘ira boshladi. To‘rt xotin to‘rt tomondan shang‘illaydi, kimning nima deyotganini bilib bo‘lmaydi. Qiy-chuv, haqorat, qarg‘ish...
Janjalning ustiga Gavrilo kelib qoldi. Xotinining tarafini oldi. Qiy-chuvni eshitib uydan Ivan otilib chiqdi. Xotinlar bu yoqda qolib endi erkaklar olisha ketdi. Ur-yiqit bo‘ldi. Ivan baquvvat edi, oldiga kelganni chirpirak qilib tashlayverdi. U Gavriloning bir tutam soqolini yulib oldi. Hay-haylab yon yoqdan xaloyiq yetib keldi, urishqoqlarni bazo‘r ajrim qilib qo‘ydilar.
Ana shunday qilib, ikki qo‘shni orasida adovat boshlandi. Gavrilo yuliq soqolini xatdaftarga o‘radiyu Ivanni sudga bergani bo‘lisning huzuriga yo‘l oldi.
— Men soqolimni Vanka paxmoqsoch yulsin, deb o‘stirganim yo‘q. Soqol yularmish-a. Shoshmay tur hali...
Gavriloning xotini “Ivanni sudga berdik, hademay u qamoqqa tushadi, Sibirga ketadi”, deb qo‘shnisiga maqtandi.
Ivanning otasi betob bo‘lib taxmon-pechkada yotardi. U bolalariga nasihat qildi, janjal chiqqan kuniyoq ularni yarashtirmoqchi bo‘ldi. Biroq o‘g‘il gapga ko‘nmadi.
— Hoy, tentaklar, bir baloni boshlay deb turibsanlar, — dedi chol, — o‘yindan o‘t chiqadi, degan gap bor. Qo‘yinglar endi! Qilayotgan ishlaring kurakda turmaydi. Bir dona tuxum deb shunchalikka bordinglar-a? Bolapaqir bitta tuxumingni olgan bo‘lsa — olibdi. Nima bo‘pti, bir yering kamayib qoldimi? Xudoning dargohi keng, nasibangni yetkazadi. Ha, xo‘p, kelinning og‘zidan yomon gap chiqib ketibdimi, unga yotig‘i bilan tushuntir, kattalarga unaqa qattiq gapirmagin, deb urishib qo‘y. San-manga borib yoqalashib ham olibsanlar. Mayli, turmushda har narsa o‘tadi. Ammo uyat ish bo‘ldi. Endi, uzr, qo‘shni, bizdan o‘tgan bo‘lsa, kechiring, deb yarashib olish kerak. Tamom, olam guliston. Men sendan qolmayman deb qasdlashsang, oqibati yomon bo‘ladi. Bolalar otaning gapini quloqqa ilmadi. “Qoqbosh chol-da, nasihatni yaxshi ko‘radi, o‘zi bolachayam tushunmaydi”, deb bilganlaridan qolmadi.
Ivan qo‘shnisiga bo‘yin egmadi.
Ivan sudga ketdi. Gavrilo ikkovi hakam oldida ham, bo‘lis huzurida ham da’volashib ko‘rdilar. Ular sudma-sud qatnab yurganlarida Gavriloning aravasidan temir xalqacha yo‘qolib qoldi. Buni Ivanning o‘g‘liga to‘nkadilar.
Yana dov-dastak boshlandi. Ikkala chetda tinchlik qolmadi. Xudoning bergan kuni yo asabbozlik, yo ur-to‘polon. Kattalarning qilig‘ini ko‘rib, bolalar ham so‘kong‘ich bo‘lib ketdi.
Mujiklar avvalo bir-birini o‘g‘riga chiqarib, o‘zaro tuhmat toshi otib yurishuvdi. Bora-bora ko‘zdan nari yotgan narsalarni tashmalashga tushdi. Ayollar ham, bolalar ham birovning buyumidan hazar qilmaydigan bo‘lib qoldi. Ularning turmushi esa, tobora chigallashib borardi. Ivan bilan Gavrilo cho‘loq qishloqda, jamoat oldida ham, bo‘lisu hakam oldida ham rosa dovlashdi. Oxiri ular hammaning joniga tegdi. Goho Gavriloning qo‘li baland kelib, Ivanga jarima to‘lattiradi yoki bir-ikki kunga qamattirib qo‘yadi. Goho Ivan yutib chiqadi, Gavriloning jazosini berdiradi. Biri-biridan o‘ch olgan sari ikkovi ham tobora yovuzlashib, odamgarchilikdan chiqib borardi. Ana shunday ur-sur bilan olti yil o‘tdi. Qo‘shnilarga insof kirmadi. Chol esa, taxmon-pechkada yotganicha hamon bir xilda o‘git aytadi:
— Ho‘v, tokaygacha itday talashaverasanlar, a? Bo‘ldi-da endi. O‘tgan ishga salovat deng¬lar-qo‘yinglar. Bir-biringga tish qayragan bilan battar bo‘ladi, yaxshilikka olib bormaydi.
Otaning gapi kor qilmadi. Urush-janjalning yettinchi yili o‘tib borardi. Qaysiyam bir to‘yda Ivanning xotini Gavriloni o‘g‘riga chiqardi. El-yurt oldida, “Eshitdinglarmi, anavi cho‘loq ot o‘g‘irlab qo‘lga tushibdi, odamlar ko‘ribdi”, deb jar soldi. Gavriloning kayfi bor edi, o‘zini tutolmadi, alamidan g‘iybatchi xotinni urdi. Ivanning xotini etlikkina, xo‘ppa semiz edi, mushtdan o‘ziga kelolmay bir haftacha yotib qoldi. “Endi qo‘lga tushding, ablah”, — deb quvondi ichida Ivan va arz ko‘tarib tergovchining oldiga bordi. “Endi enangni ko‘rasan, zo‘ravon”, — dedi o‘zicha Ivan, — “yo turmaga tushasan, yo to‘ppa-to‘g‘ri Sibirga jo‘naysan!”
Biroq Ivanning ishi o‘ngidan kelmadi, tergovchi jabrdiyda ayolni chaqirtirib tekshirib ko‘rdi. U oyoqqa turib ketgan, biron yeriga shikast yetmagan edi. Ivan tinchimay tag‘in janob hakamga arz qildi. Hakam ishni bo‘lisga yubordi. Ivan bo‘lisning ko‘nglini ovlash uchun mirzasi ikkoviga yarim paqir musallas berdi. Xullas, yeldi-yugurdi, Gavriloga jazo beradigan qaror chiqardi. Sud bo‘ldi. Mirza hukmni o‘qidi: “Sud qaror qiladi. Mujik Gavrilo Gordeevga bo‘lis mahkamasida yigirma tayoq urilsin...” Ivan hukmni eshitdiyu, “Xo‘sh endi u nima qilar ekan”, degandek qo‘shnisiga qarab qo‘ydi. Gavriloning beti dokadek oqarib ketdi. So‘ng indamay dahlizga chiqdi. Ivan ham ko‘chaga chiqdi, ot aravasiga o‘tirib uyiga jo‘namoqchi edi, Gavriloning gapini eshitib qoldi.
— Hay, mayli, niyatiga yetdi u. Tayoq yesak-ermiz. Biroq men ham qarab turmayman. Uyingning kulini ko‘kka sovuraman. Hali pushaymon bo‘ladi Ivan.
Bo‘lis mahkamadan qishloqqacha o‘n chaqirimcha kelardi. Ivan uyiga kech qayt¬di. Poda qaytadigan vaqt bo‘libdi. Ivan otini aravadan chiqardi, aravani joyiga qo‘yib, otini bog‘lab ichkari kirdi. Uyda hech kim yo‘q. Xotinlar podaga ketgan shekilli, deb o‘yladi Ivan. Bolalar ham daladan qaytmabdi. Ivan ichgani o‘tib, xo‘rak yeydigan stol oldida cho‘kdi. Xayolga toldi, Gavriloni esladi. Hukm o‘qilganda uning oqarib ketgani, teskari o‘girilib olgani ko‘z oldiga kelaverdi. Yuragi uvishdi. Agar kaltakka uni emas, meni buyurganlarida qay ahvolga tushardim, deb o‘y surdi. Birdan Gavriloga rahmi keldi. Shu payt otasining yo‘talgani eshitildi. U to‘shakdan turib oyog‘ini osiltirib va inqillab pechkadan tusha boshladi. Qayta-qayta yo‘talib sudralgudek bo‘lib arang stolga yetib keldi. Behol suyanib so‘radi:
— Nima bo‘ldi? Gavriloga jazo berishdimi?
— Hm. Yigirma tayoq buyurdilar, — dedi Ivan.
Qariya bosh chayqadi.
— Bekor qilyapsan Vanya, oh, bekor qilyapsan! O‘z oyog‘ingga o‘zing bolta uryapsan, bola! Xo‘p, ana, Gavrilo tayoq ham yedi, deylik. Bundan senga biron foyda bormi? Bir bechorani kaltaklatib rohat qilasanmi?
— Ikkinchi marta noma’qul ish qilmaydigan bo‘ladi.
— Bu gaping menga yoqmadi. Axir, sening qilmishing unikidan oshib tushdi-ku, Vanya.
— Qanaqasiga oshib tusharkan? Indamasam xotinimni urib o‘ldiradi. Mana, bugun ham uyiga o‘t qo‘yaman, dedi. Men nima qilishim kerak, kechirsinlar, oyog‘iga bosh urishim kerakmi?
Qariya uh tortib tilga kirdi:
— Ivan, menga qara, bolam, mana sening to‘rt muchang butun. Bu yorug‘ jahonda dorilomon kezib yuribsan. Piyoda yuribsan, otda yuribsan. Men bo‘lsam necha yildirki, pechkaga yopishib o‘ladigan bo‘lib yotibman. Sen yerda yurib hamma narsani bilaman, deb o‘ylaysan, otam to‘shakda yotibdi, u hech baloni sezmaydi, deb xomxayol qilasan. Yo‘-o‘q, yigitcha, aksincha sen baloniyam bilmaysan. Sening ko‘zlaring basir bo‘lib qolgan. Ko‘z oldingni jaholat to‘sib turibdi. Ichingdagi tog‘day aybingni payqamaysan, ammo birovning pashshadek gunohini darrov ilg‘aysan. Gapingni qarayu. “U o‘zi yomonlik qilyapti”, emish. Agarda ayb yolg‘iz Gavriloning o‘zida bo‘lganida yomonlikning tuxumi urchimasdi. Kim aytdi senga yomonlikni bir odam qiladi, deb? Yovuzlikning sababchisi hech qachon bir kishi bo‘lolmaydi. Uni ikki odam birgalashib qiladi. Sen dushmaningning aybini ko‘rib turibsanu o‘zing¬nikini ko‘rmayapsan, ko‘rishni istamayapsan. Mabodo u axmoq ekan, sen donolik qilmaysanmi? Shunda o‘rtada munaqa mashmashalar chiqmasdi. Gavriloning soqolini yulgan kim? Xirmonni kun-payakun qilgan kim? Kim uni sudma-sud sudrab sarson qilyapti? Yana hamma aybni u bechoraga to‘nkayapsan. Odamning fe’li yomon bo‘lsa, boshqalar ham ko‘zingga xunuk ko‘rinadi. Bizlar bunaqa yashamagandik, bolakay senlarga ham bo‘lakcha tarbiya bergan edik. Gavriloning otasi ikkovimiz qanaqa edik? Yon qo‘shni — jon qo‘shni edik! O‘rtada seniki, meniki degan gap yo‘q edi! Ularning uni tugab qolsa xotini kirardi. “Frol tog‘a, picha un berib turing”. “Ana, kelin, omborga kirginu keragicha olaver”, derdik. Uning otini sug‘orishgami, o‘tloqqa olib borib bog‘lab qo‘yishgami odam topilmasa, chop, Vanya tog‘ang¬ga qarashvor, derdim, esingdami? A, menga biror narsa asqotib qolsa, tortinmay chiqardim. Ana shunaqa qo‘shnichilik qilardik bizlar. Senlar ham yayrab yurardinglar. Endi-chi, endi? Senlarning mashmashalaringni butun qishloq eshitdi. Shuyam tirikchilik bo‘ldimi? Xudodan qo‘rqmaysanmi? Erkaksan, bir uyning egasisan. Shu nima bo‘lsa sen javob berasan. Mundoq tanangga o‘ylab ko‘r-chi, xotin-xalaj bilan bolalarni nimaga o‘rgatyapsan? Itfe’llikka, urush-janjalga. Tunov kuni Taraskang Arina xolani onasidan tushib bo‘ralab so‘kib turibdi. Bo‘lmasa, o‘zi hali mushtday bola, og‘zidan ona suti ketmagan. Qaysi risolada bor bu? Oxiratingni o‘ylab ko‘r. Odam bolasi ham shunaqa bo‘ladimi? Sen dard desang, men balo desam, sen bir tarsaki ursang, men ikki marta tushirsam... Shunaqami? Yo‘q, bolakay, bu noma’qul yumish. Bu xudoga ham xush yoqmaydi. Iso payg‘ambarimiz dunyo kezib biz nodonlarni nimaga o‘rgatdi? “Birov senga qattiq gapirsa, indamay qo‘ya qol, axmoq bilan teng bo‘lamanmi, de. Oxiri o‘sha dilozorning o‘zi o‘sal bo‘ladi” degan. Hm, nega miq etmaysan? Gapim yoqmadimi?
Ivan indamay yerga qarab o‘tiraverdi. Qariyani yo‘tal tutdi. Uzoq yo‘taldi. Bir chetga tupurib gapini davom ettirdi:
— Mundoq turmushingga sarosat solib ko‘r-chi, shuncha yil janjallashib nima topding? Sudlarning og‘zini moylayman, deb qancha dunyoing ketdi. Urush bo‘lgan uydan fayz-baraka qochadi, deydilar. Haqqi rost ekan. Sen bor-budingdan ayrila boshlading. Nega? Chunki manmansan, o‘jarsan. Bolalaringni yoningga olib o‘zing qo‘shga chiqishing kerak edi. O‘zing yer haydab, o‘zing g‘alla ekkaningda durust bo‘lardi. Yo‘q, Gavrilo bilan sudma-sud jiqillashib yurding. Oqibatda rizq-ro‘zingdan quruq qolding. Ona yerga egilsang, u ham sendan saxovatini darig‘ tutmaydi. Mana, bu yil suli ekding, bitmadi. Nega? Negaki, shaharda anavi cho‘loq bilan olishib yurib kech ekkan eding. Demak, sen birovga jazo beraman, deb aslida o‘zingni jazolading, tushunasanmi? Hov bola, mendek yomon cholning gapiga ham quloq sol: minba’d birov bilan urishuvchi bo‘lma, yoningga bolalaringni olib ishingni bilib qilaver. Birov ozor bersa, parvo qilma, sening gaping¬ni yelga berdim, deb qo‘ya qol. Shunda ishing olg‘a bosaveradi, ko‘ngling ham ravshan bo‘lib turadi.
Ivan hamon tek o‘tiribdi.
— Menga qara, Vanya, — dedi ota. Hozir turib to‘g‘ri oqsoqolning oldiga borginu ishni bosti-bosti qilib kel. Azonlab Gavriloning oldiga chiq, kechirim so‘ra, mehmonga chaqir. Axir, ertaga hayit-a. Samovar qaynatinglar, yarimtani qo‘yinglar o‘rtaga. O‘tgan ishga salovat deb araz-ginani unutinglar. Ayollarga ham, bolalaringga ham tayinlab qo‘y. Ular dushmanchilikni unutib, boyagi-boyagidek bo‘lib yurishsin.
Ivan xo‘rsindi. “Otam to‘g‘ri aytayapti, shuncha yil jiqqa musht bo‘lib nima topdim, ke, yarashsam yarasha qolay”, dedi ichida. Biroq qaysi beti bilan Gavriloning oldiga borishni o‘ylab xayolga toldi. Chol esa, go‘yo uning fikrini o‘qigandek tag‘in gap boshladi:
— Hm, bo‘la qol, Ivan, o‘ylanma, tur o‘rningdan. Esing borida etagingni yop, so‘nggi pushmon o‘zingga dushman, deydilar.
Qariya yana nimadir demoqchi edi, xotinlar kirib qolishdi.
Ular zag‘izg‘onday sayrab, g‘iybat xaltasini ochdilar. Nima deysan, qishloq o‘qituvchisi Gavriloning nomidan poshsho hazratlariga arz yozayotgan emish, xatda Ivanlarning jamiki o‘g‘irligini birma-bir ko‘rsatgan emish, endi Ivanga tegishli tomorqaning yarmi Gavriloga o‘tarmish... Xotin-xalajning g‘iybatini eshitdiyu Ivanning erib turgan ko‘ngli yana muzladi qoldi. “O‘lsam ham yarashmayman!” dedi u ichida va shartta o‘rnidan turib hovliga chiqib ketdi. Ish degani tiqilib yotardi. Ivan saroy tomonga o‘tdi. Pichan g‘aramini tartibga keltirib kunni kech qildi. Kun botdi. Uyiga qaytdi. Bolalari daladan kelishibdi. Ivan ulardan hol so‘radi, otni aravadan chiqarishga ko‘maklashdi. Bo‘yinturuq so‘kilgan ekan, keyin tikarman, deb bir chetga qo‘ydi. U endi dahlizga kiruvdi, chetan devor ortidan Gavriloning baqirib so‘kingani eshitildi: “U iblis bilan nima ishim bor? — deb kimgadir o‘dag‘ayladi Gavrilo, — uni urib o‘ldirgan odam savobga qoladi”. Birdan Ivanning ko‘ksida so‘na boshlagan olov qayta lovillab yondi. U qo‘shnisining gapiga quloq solib tag‘in bir pas dahlizda turdi-yu bir-bir bosib ichkari kirdi. Uyda chiroq yonib turardi. Kelin burchakda ip yigirib o‘tiribdi, kampir qozondan ovqat suzmoqchi bo‘lyapti, katta o‘g‘li chorig‘ini yamayapti, o‘rtanchasi kitob o‘qib o‘tiribdi. Xullas, uyda yengil bir sarfarozlik hukm surardi. Haligina Ivanning ham dimog‘i chog‘ edi, anavi badfe’l qo‘shnisi kayfiyatini harom qildi.
Tavba, o‘zini o‘ylamaganiga o‘lasanmi, — dedi ichida Ivan, — xas-xashak qurib, chirsillab turibdi. Uning ustiga bar yoqda shamol. Sekin uyning sirtiga o‘tib o‘t qo‘yib yuborsa, kim bilib o‘tiribdi. Gurillab yonadi-ketadi. Keyin bo‘yniga qo‘yolmaysan.
Ivan saroyini yana bir aylanib chiqdi va uyga kirmoqchi bo‘ldi. Qarasa saroy ortida bir nima yalt etib yondiyu yana o‘chdi. Ivanning yuragi shig‘ etdi. Taqqa to‘xtadi, kiprik qoqmay ro‘parasiga takildi. Shapka kiygan bir kishi cho‘nqayib o‘tirar, bir bog‘ poxolni yoqishga urinib hadeb gugurt chaqardi. Ivanning yuragi potirlab qinidan chiqib ketay dedi. “Endi qochib qutulolmaysan, ablah!” dediyu tashlandi. Lekin ulgurolmadi. Ayvon taraf birdaniga yarq etdi. Olov somon uyumining ichidan chiqib tomga o‘rladi. Hamma yoq charog‘on, sal narida esa Gavrilo g‘o‘ddayib turardi. Ivan bo‘zto‘rg‘ayga tashlangan burgutday Gavriloga otildi. U jon holatda oqsoqlanib qochdi. Ivan to‘rt hatlab Gavriloga yetib oldi, yoqasiga yopishdi. Gavrilo yulqinib qo‘ldan chiqdi. Ivan qo‘shnisining etagidan tutdi. Etak shir etib yirtildiyu Ivan yuztuban yiqildi. Sakrab turib tag‘in quva ketdi. U yo‘l-yo‘lakay, “Hoy kim bor, yordam beringlar-ar!” deb baqirib borardi.
Ivan to o‘rnidan turguncha Gavrilo cho‘loqlanib hovlisiga yetib oldi. Ivan uni quvib kirdi. Ungacha Gavrilo katta so‘yil ko‘tarib Ivanni poylab turdi. Ivan qorong‘ida turtinib borib qo‘shnisining yoqasidan olmoqchi edi, Gavrilo so‘yil bilan Ivanning kallasiga soldi. Ivan esidan og‘ib qolay dedi. Hushiga kelganida Gavrilo g‘oyib bo‘lgan edi. Hamma yoq charag‘on, uning hovlisidan chirsillagan, guvillagan tovush kelardi. Ivan ortiga o‘girildi. Molxonasining orqasi yonib bo‘lib, yonboshiga o‘tibdi. Osmonga qora tutun o‘rladi, olov vishillab, uchqun sachratib uy tomonga bosib kelardi.
— Bu qanaqa bedodlik, birodarlar, qanaqa bedodlik?! — deb baqirdi Ivan, qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib. So‘ng ikki sonini shapaloqlab ura boshladi, — uni qo‘lga tushiruvdim, oyoq ostiga olishim qoluvdi, xolos. Qanaqa bedodlik bu, birodarlar!
U yana nimadir deb gapirmoqchi edi, nafasi tiqilib tovushi chiqmay qoldi. Uyiga qarab yuguray desa oyog‘i chalinib yurolmaydi. To‘xtab-to‘xtab, sudralib keta boshladi. U saroyiga yetguncha molxonasini tamom o‘t olib bo‘lgan, olov uyning bir burchagini, darvozaxonani qoplagan edi. Uyga kiray desa, kirolmaydi, ichkaridan vishillab olov chiqyapti.
Har tarafdan hay-haylab odamlar chopib kela boshladi. Biroq endi kech bo‘lgan, uyda qutqaradigan hech vaqo qolmagan edi. Qo‘shnilar qo‘lga ilingan buyum borki, hovliga tashiy boshladilar.
Ivanning uyidan keyin Gavriloning hovli joyi yona boshladi. Shamol kuchaydi, qo‘ni-qo‘shnilarnikiga ham o‘t ketdi.
Ivannikidagilar bemor cholniyu o‘zlarini qutqarib qolishdi, xolos. Uydagi mol-dunyo shundayligicha olovga yem bo‘ldi. Taraska dalaga haydab ketgan otlardan bo‘lak jami hayvon zoti o‘tda qolib kuyib ketdi: qo‘noqdagi tovuqlar ham, aravalar, omoch-bo‘yinturuqlaru xotinlarning sandig‘i, ombordagi g‘alla — bari kul bo‘lib ko‘kka sovurildi.
Gavriloning mollarini haydab chiqarib ulgurishdi. Lekin uydagi ashyolarning aksariyati olov domida kuyib ado bo‘ldi.
Yong‘in tong otguncha o‘chmadi. Azonda Ivanni chaqirib oqsoqolning o‘g‘li keldi.
— Ivan tog‘a, otangiz o‘layapti ekan, shunga Ivanni chaqiringlar, vidolashib qolay, dedi.
Falokat ichida Ivan otasining o‘lik-tirigini ham unutib qo‘ygan edi. Talmovsirab so‘radi:
— Kimning otasini aytayapsan. Kimni chaqiryapti?
— Otangiz sizni chaqiryaptilar. U kishi biznikida yotibdi. Siz bilan vidolashib qolmoqchi ekanlar. Yuring, tog‘a, — bolakay Ivanning yengidan tort¬di. Ivan bolaga ergashib yo‘lga tushdi.
Qariyani uydan ko‘tarib chiqayotganlarida ustiga yonib turgan yog‘och tushib biroz yerini kuydirgan ekan. Uni oqsoqolning uyiga olib borib joylashtiribdilar. Oqsoqol qishloqdan chekkaroqda turar, unikiga yong‘in o‘tmagan edi.
Ivan oqsoqolnikiga kirib bordi. Uyda oqsoqolning xotini bor ekan. Qolgan kattayu kichik o‘t o‘chirishga ketishibdi. Ivan otasiga yaqinlashdi. Chol sham ushlagancha yog‘och kursida chalqancha yotar, eshikdan ko‘z uzmasdi. O‘g‘lini ko‘rib bezovtalandi. Ivan otasiga yaqin bordi. Ota asta so‘z ochdi:
— Xo‘sh, Vanya, qishloqqa kim o‘t qo‘ydi?
— Ana shu Gavrilo, — dedi Ivan, — ko‘z oldimda poxolni tutatib tomga otdi. Ushlab olgani ulgurolmay qoldim. Qo‘lidagi tutantiriqni yulib olib tepkilab tashlaganimda hech balo bo‘lmasdi.
— Ivan, — dedi ota, — mening qazoim yaqin. Bir kun sen ham o‘lasan. To‘g‘risini ayt, ayb kimdan o‘tdi?
Ivan otasiga tikildi, lekin lom deb og‘iz ochmadi.
— Xudoni o‘rtaga qo‘yib ayt, Ivan, ayb kimda, sendami, undami?
Birdan Ivanning ko‘zi yarq etib ochilgandek bo‘ldi.
— Mendan o‘tibdi, otajon! — U tiz cho‘kib yig‘lab yubordi, — Meni kechiring? Sizning oldingizda ham, xudoning oldida ham gunohkorman...
Chol qo‘llarini arang qimirlatdi. Shamni chap qo‘liga oldi, o‘ng qo‘li bilan cho‘qinmoqchi bo‘ldiyu majoli yetmadi.
— O‘zing yorlaqagin, yo parvardigor! O‘zing yorlaqagin, yo parvardigor! — dedi qayta-qayta va o‘g‘liga ko‘z qirini soldi, — Vanka, ha Vanka!
— Labbay, otajon!
— Endi nima qilasan-a?
— Bilmadim, ota, — dedi Ivan yig‘lab turib, — endi bu yog‘iga qanday kun ko‘ramiz, hayronman.
Chol ko‘zlarini yumdi, tamshandi, so‘nggi kuchini to‘plab olgandek, asta ko‘zini ochib dedi:
— Kunlaringni ko‘rasan. Xudoni yodga olib tursanglar kun o‘taveradi, — chol jimib qoldi, og‘zini qiyshaytirdi va bazo‘r g‘udrandi, — tilingga ehtiyot bo‘l, Vanya, uyimga falonchi o‘t qo‘ydi, deb zinhor ayta ko‘rma. Sen birovning bir aybini kechirsang, xudo sening ikki aybingni kechiradi.
Chol shunday dediyu ikki qo‘llab shamni ushladi, uni ko‘kragiga qo‘ydi, og‘ir xo‘rsindi va oyog‘ini cho‘zib jon taslim qildi.
Lev Tolstoy. O‘yindan o‘t chiqadi (hikoya)
Sa’dulla Siyoyev tarjimasi