OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maks Frish. Bir halokat hisoboti (hikoya)

Yo‘l aslida uniki edi, binobarin, u aybdor emas. Monpele yaqinida chap tomondan tirkamali yuk moshinasi chiqib qoldi. Tush mahali edi, quyosh charaqlab turardi, yo‘lda moshina siyrak...
Marlis – sochi kalta qirqilgan oqquva juvon, qansharida po‘rim binafsharang ko‘zoynak, shimidagi serbar kamar jez to‘g‘ali. O‘ttiz besh yoshlarda, o‘zi Bazeldan, o‘ta zukko, hozirjavob. Tanishganlariga bir yil bo‘lay deb qolgan.
“Men haydasam-chi?” degan gap halokat sodir bo‘lishidan oldin ayolning og‘zidan chiqqan so‘nggi iltijo emas edi (ammo nimagadir keyin unga doim shunday tuyulaveradi); moshinada yurgan kezlarida sho‘rlik nuqul “men hayday, men hayday” deb Viktorni hol-joniga qo‘ymasdi.
Avinonda, Marlis hali uyqudalik chog‘ida, Viktor vannaga qamalib olib, bosh qotira-qotira uzil-kesil qarorga kelgan: bas, yetar! Nonushta payti (adi-badi aytishib o‘tirmay), “Bo‘ldi, shu yerdan orqaga qaytamiz, vassalom”, deydi. Shunday bo‘lgani ma’qul chamasi.
Ular Viktor ishlaydigan kasalxonada tanishgan. U – vrach, omon qolgani uchun ayol undan bir umr minnatdor; shu xaloskorini deb eri bilan ham ajrashgan.
Bemor boshida o‘tkazilgan behalovat tunlar, me’morlik obidalarining qaysi uslubga daxldor ekani borasidagi bahslar (gotikami yoki roman); o‘tgan har kun bamisoli bir imtihon: modomiki Avinonda ekansan, papalar tarixini bilmog‘ing shartdek. Bilgan-bilmagan narsalarini ayol shu qadar o‘jarlik bilan so‘rab-surishtirardiki, nodonligini o‘ylab Viktorning hatto o‘zidan ko‘ngli qolib ketardi. Axir, bu ayolni rostdan ham XIV asrda Rim papasi Avinonga nega hijrat qilgani qiziqtirsa, buni har qanday ma’lumotnomadan bilib olsa bo‘ladi-ku. Lekin gap papalar tarixida emas ekan. Keyinchalik hamto‘shak bo‘lganlarida ayol unga o‘shanda boy bergan ishonchini qaytargandek bo‘ldi.
U bo‘ydoq, uylanmagan.
Bu galgi sayohatdan ayol behad mamnun. Muttasil yomg‘ir yog‘ib turgan Genuya¬dan bu yog‘iga nuqul shu gapni takrorlaydi. Bora-bora kun ochilib ketdi. “Yo‘lga andarmon bo‘lib tevarak-atrofdagi ajoyibotlardan bebahra ketyapsan-a”, deb qo‘yadi ayol gohida. Ayniqsa, u Provans degan manzilga maftun bo‘ldi; moshinada ketaturib ba’zan xirgoyi ham qilib qo‘yadi.
U– tepakal, buni o‘zi biladi.
Uning nazarida ham Eks-an-Provans xiyla ko‘rkam joy, hatto juda xushmanzara deyish mumkin. Ammo bu gapga ayolning ensasi qotadi, chunki ikki ko‘zi yo‘lda bo‘lib u hech qayoqqa qaramayotgan, hech narsani ko‘rmayotgan emish.
Shaharchaning nomi Kaviyon emas, Kavayon ekan, u sarsabil ekiladigan katta-katta maydonlari bilan dong taratgan. Darvoqe, kecha ayol unga shu haqda gapirgan. Gapi rost chiqadi: sal o‘tmay yo‘l chetida “Kavayon” degan lavha ko‘zga tashlanadi. U churq etmaydi va qizil chiroqni “bosib” o‘tadi.
Mehmonxonadagi yotoq to‘shagi keng-mo‘lgina ekan. Ayol darhol shunga cho‘zilib olib “Figaro literer” gazetasini o‘qimoqqa tutinadi, uning esa bunaqa narsalarga “tishi o‘tmaydi”. Ayol – roman filologiyasi bo‘yicha mutaxassis, fan doktori.
Kechki taomni ular Nitstsada do‘stlari davrasida qilishadi, ziyofat ko‘ngilli o‘tadi (bouillabaise1 ), ammo ayol keyin unga o‘tirish chog‘i nuqul ovqat haqida gapirding, deya dashnom beradi. Yaqin odamingizga shunday tanbeh berishingiz mumkin, albatta. Viktor bo‘lsa shundan so‘ng ovqat to‘g‘risida og‘iz ochmaslikka qaror qiladi va hatto tushlik mahali Marlis taomdan so‘z boshlaganida (bu hol ayniqsa, Frantsiyada taomilga aylangan) u atay gapga qo‘shilmay miq etmasdan o‘tiraveradi.
Bu ularning ilk sayohati emas. Ayol sog‘ayib ketganidan keyin ular dastlab Elzasga borishgan. Ilgarilari u ancha xushchaqchaq edi, vrachligimga uchib men bilan yuribsan, deya hazillashib Marlisning jig‘iga tegib ham qo‘yardi.
U hali biror marta o‘salroq yo‘l halokatiga uchramagan, shunga qaramay, agar Marlis ehtiyot kamarini taqib olsa, ayni ko‘nglidagi ish bo‘lardi. Aksiga olib u hech qachon kamarni taqmaydi – Viktor battar tez haydaydi deb qo‘rqadi. U esa endi sekinroq yuraman, mana ko‘rasan, deya ishontirmoqchi bo‘ladi. Sekin yuradi ham. Kanndan bu yog‘iga. Ammo Marlis indamay ketayotgan bo‘lsa-da, spidometrga ko‘z tashlab-tashlab qo‘yayotganini sezadiyu unga gap qo‘shgisi ham kelmay qoladi. Viktor o‘zining diqqinafas odam ekanini o‘ylab “uf” tortadi.
Avinonda vannadan chiqiboq, u ayolga “Pastda kutaman” dediyu jadal eshik tomon yo‘naldi. Nima bo‘ldi ekan? Marlis hayron. Toliqib qoldimikan yo?
Marlis aqlli odamlarga, ayniqsa, erkaklarga tan beradi, negaki ularni ayollardan ko‘ra zakovatliroq deb biladi. Birov haqida gapirganda ham “Ha-a, u kallali odam” yoki “Uni aqlli deb bo‘lmaydi” deb qo‘yadi ko‘pincha. Ammo biror kimsaga uni nodon sanashini aslo sezdirmaydi. Ba’zi davralarda u Viktorga nisbatan teranroq mulohaza yuritib qolsa, o‘zi xijolat chekadi va buni ham muhabbatdan deb biladi.
Viktor uylanishdan gap ochay demaydi hech.
“Mana, endi tezlikni bir yuz qirqqa chiqarib yubording!” Marlis go‘yo shu gapni aytishi tayin edi. “Iltimos, menga baqirma!”deydi-ya u yana. Avvalo, Viktor baqirgani yo‘q, undan aynan shunday gapni kutganini aytdi, xolos. Axir, Marlis yo‘l bo‘yi spidometrdan ko‘z uzmay o‘tiribdi-ku? Ana ko‘rinib turibdi – roppa-rosa 140 tezlikda ketyapti. Marlis ham shuni aytyapti-da. Kecha u 160ga qo‘yib ham haydagan (Kann va Sen-Rafael oralig‘idagi yo‘lda), hatto bir gal spidometr 180ni ham ko‘rsatgan va o‘shanda Marlisning boshidan durrachasi uchib ketgan. Shundan keyin ular kelishib olgan: eng katta tezlik – 140, undan oshirmaymiz. Endi bo‘lsa, Marlis “Tez haydayapsan”, deb yana tixirlik qilyapti. Holbuki, xashaki bir “folksvagen” ham ularni changida qoldirib ketdi. “To‘g‘risini aytsam, nimagadir meni qo‘rquv bosyapti”, deydi Marlis. Viktor gapni hazilga burmoqchi bo‘ladi: “Kecha 140da yurgan edik, bugun – 120, shu tarzda ketaversak, Bilbaoga borguncha tezlikni 30ga tushiramiz. Ke, qo‘y shu mashmashani!” Shunday deydi-yu, hazili o‘ziga ahmoqona tuyulib ketadi, lekin Marlis buni sezmasin-da, degan o‘y o‘tadi xayolidan. Ayol endi xirgoyi qilmay qo‘yadi, Viktor ham quva-quvni bas qiladi, ikkalasi-da mum tishlagandek ketaveradi.
Ayolning eri (oldingisi) – ximik.
Marselda kutaverib Viktorning toqati toq bo‘lganidan ayol oyoq kiyim sotib ololmadi; lekin jahl ham qilmadi, tuflisi oyog‘ini siqayotganini aytdi, xolos. Arlda esa, Viktor har qancha kutganiga qaramay, Marlisning oyog‘iga loyiq poyabzal topilmadi.
To‘g‘risi, u jon-jon deb yolg‘iz nonushta qilgan bo‘lardi. Sababi bo‘lsa o‘ziga ham qorong‘i. Vaholanki, Marlisdan boshqa biror ayol bilan nonushta qilishga xushi yo‘q. Buni Marlis ham yaxshi biladi.
Marlis shu qadar ziyrakki!
Hamma gap Marlisda, ha, Viktor adashayotgani yo‘q.
Ertalab uyg‘onganidayoq bugun bir falokat ro‘y berishini ko‘ngli sezgandek edi-ya; Avinonda chinor tagida o‘tirganlarida ham shunday bir xavotir bezovta qilib turgan...
Ayol biror narsa xarid qilganda xuddi yosh boladek quvonchi ichiga sig‘may ketadi; oladigan narsasi bo‘lmasa-da, gapdan to‘xtab, do‘konlarning oynavand peshtaxtalari oldida turib qolish odati bor. Albatta, uning o‘rnida boshqa ayol bo‘lganda ham shunday qilardi.
Viktor – temiryo‘l xizmatchisining o‘g‘li, Kur degan shaharchada tug‘ilgan, institutni a’lo baholar bilan tamomlagan, tez orada bosh vrach lavozimiga tayinlansa ajab emas.
Lo‘lilar to‘dalashib yuradigan mashhur joy Saintees Maries sur Mer emas, Saintees Maries de la Mer deb ataladi. Marlis Viktorga bu haqda lom-mim demaydi. Yana uning xatosini to‘g‘rilash bo‘lmasin deb, hatto joy nomini tilga olmaydi. Viktorning o‘zi buni fahmlab olar, deb o‘ylaydi.
Ayol uni Vik deb ataydi.
U Viktordan biror jihati bilan ustun ko‘rinishni istamaydi – erkaklarga yoqmaydi bu, ayniqsa, Viktor bunga toqat qilolmasligi aniq; jarroh-da, odamlar unga hayotini ishonishiga ko‘nikib qolgan, bir vaqtlar Marlisning o‘zi ham ishonmaganmidi?
“Shunga ishonching komilmi?” deb so‘rash Marlisga odat bo‘lib qolgan. Biror masalada fikringni aytgudek bo‘lsang, darrov “Ishonching komilmi?” deb qoladi.
Avinonda chinor tagida o‘tirib Marlisni kutar ekan, Viktor o‘zini huv avvallari – hazil-mutoyibaga moyil chog‘laridagidek xushvaqt his etadi. Quyosh charaqlab turibdi, shamol esayotir, to‘zonga aylanishi ham mumkin. Balki bugun havo ancha yaxshi bo‘lar. Marlisga uyga qaytish to‘g‘risida so‘z ochmaydi. Rosti, bu endi aqlga sig‘adigan ish emas. U chinor ostidagi to‘garak stol yonida o‘tirib Guide Michelin2 ni varaqlaydi, Monpelega qaysi yo‘ldan borgan ma’qul – shuni bilmoqchi.
U 42 yoshda.
Bir vaqtlar, talabalik davrida Viktor Provansda bo‘lgan, bir hafta chamasi. Arlga yaqinlashib qolganlarida Marlis Guide Michelindan u yerdagi mashhur arenaning diametri, o‘rindiqlari soni, inshootning balandligi, qurilgan vaqti va shunga o‘xshash ma’lumotlarni ovoz chiqarib o‘qiy boshlaganida u, men o‘sha arenangni ko‘rganman, deydi. Marlisning qo‘lidagi kitobcha (yo‘l ma’lumotnomasi) frantsuz tilida, Viktor frantsuzchaga tushunsa-da, bu tilda gapirilsa o‘zini doim imtihondan o‘tayotgandek his qiladi, ammo bunga Marlis aybdor emas, albatta. Kitobcha bilan bo‘lib ayol spidometrga deyarli qaramaydi. Talabaligida Viktor bu yerga gamburg¬lik bir qiz bilan kelgan; o‘sha sayohatdan hozir devor boshiga chiqib o‘tirganlariyu arena manzarasigina yodida qolgan. U o‘zicha arenani tasvirlay ketadi... Arlda farahbaxsh oqshom, Viktor har doimgidan ko‘ra jo‘shib-to‘lqinlanib gapiradi. Bu hol Marlisga xush keladi. Ular sharob ho‘plab o‘tirishadi (Viktor ishdalik vaqtida ichkilikni og‘ziga ham olmaydi). Ertasi kuni ular tongdan Arl arenasini tomosha qilishadi – kecha Viktor Nim arenasini gapirgan ekan, Marlis farqiga bormadi-yu, ammo uning o‘zi sezdi.
Marlis qaddi-qomati raso ayol. Tishlari yirik, do‘rdoq lablari doim nim ochiq bo‘lganidan, kulmasa-da tishlari ko‘rinib turadi. Latofatini e’tirof etib, parvona bo‘ladiganlarga u chandon parvo qilmaydi; ammo uni farosatli ayol deb bilgan erkaklarga yoqmoq uchun bor jozibasini ishga soladi.
Shaharni tark etganlaridan bir soatlar o‘tgach, Viktor Arl arenasini Nim arenasi bilan chalkashtirganini ochiq tan oladi.
Viktor uni kutyapti, buni Marlis biladi. Ammo hali vaqt bemalol deb hisoblaydi. Nega u doim uchrashuvga barvaqt kelib olarkan-a? Mana, endi kutib o‘tiradi. Marlis tez kiyinib, tez pardoz qilishga o‘rganmagan. Hamisha ahvol shu. Chinor ostidagi to‘garak stolga joylasharkan, Viktor ham nega bunday yugurib kelib olaman, ayb o‘zimda, deb o‘ylaydi. Marlis aytmoqchi, Avinonni tomosha qilib, huzurlanib o‘tirsa bo‘ladi-ku, axir. U tevarak-atrofni kuzata boshlaydi. Chinor barglari orasidan quyosh nurlari yog‘ilmoqda. Marlis, Viktor kutayotganini bilaturib, yana do‘konning oynavand peshtaxtalari yonidan jilolmay qoladi. Viktor ham hechqisi yo‘q, ozroq chidarman, deb qo‘yadi. Marlis kelasolib Avinondan ham o‘zimga loyiq poyabzal topolmayman shekilli, boz ustiga, egnim ham yupunroq, deydi norozi ohangda. Ispaniya issiqroqmikan-a? Viktor o‘zicha shunday bo‘lsa kerag-ov deya tusmollaydi-yu, lekin indamay qo‘ya qoladi – yanglishishi ham mumkin-da, balki rostdan ham hali Ispaniyaga borishga to‘g‘ri kelar. U dabdurustdan “Briosh yeysanmi?” deb so‘raydi-da, negadir boshqa taom buyuradi. Buni o‘zi ham sezadi, ammo xatosini to‘g‘rilab o‘tirmaydi, chunki Marlisning xayoli boshqa yoqda, uning gapini eshitgani ham yo‘q. Viktor endi har qanday ikir-chikirga e’tibor beradigan bo‘lgan. O‘ziga shunday tuyuladi. Shunga qaramay, deylik, Marlis chekmoqchi bo‘lgani va uning olov tutishini kutayotganini baribir payqamay qoladi. Keyin “Kechirasan!” deya darrov olov tutadi. “Kechirasan”. Takrorlash endi ortiqcha.
Bazelda Marlis erining uyida yashamaydi, Viknikida ham turmaydi, negaki bu qo‘ydi-chiqdi asnosida mojaroga sabab bo‘lishi turgan gap.
Chaqmoqtoshni chiqillatib yoqarkan, u Marlisga norozilik bilan emas, befarq, xuddi bir buyumga qaragandek tikiladi. “Bo‘ynimdagi zanjircham yoqmadimi senga?” deb so‘raydi ayol undan. U go‘yo eshitmagandek “Garson!” deb chaqiradi. Keyin Marlisning yanog‘ini silab qo‘yadi, ammo bundan muddaosi nima – anglash qiyin. Besh qadamgina naridagi stolni artayotgan xizmatkor bola negadir ularning yoniga kelmaydi. Vik yuzini silab qo‘ygani ayolni taajjubga qo‘yadi. Viktor tetik, bamaylixotir ko‘rinishga harakat qilayotgani aniq. “Havo qanday ajoyib-a!” deydi u. Marlis esa “Hali hisob-kitob qilmadingmi?” deb so‘raydi. Uning gapida ta’na ohangi sezilmaydi. Vik qo‘lidagi tanga bilan stolni cherta boshlaganida, Marlis “Garson!..” deya chaqiradi. Xizmatkor yugurib keladi. Viktor hisob-kitob qilayotganida, Marlis undan Monpelega borish yo‘lini ijikilab surishtiradi. Nega uning bu ishi Vikning g‘ashini keltirishi kerak? Hech-da... U yo‘l xaritasini qunt bilan o‘rganib chiqqanini Marlis qayoqdan bilsin! Nihoyat, garson nari ketgach, “Tushundingmi?” deydi Marlis unga qarab.
U nimadan xavotirda o‘zi?
Bir kuni (bu sayohatda emas, oldingisida) Marlis yarim hazil ohangida “Sen endi menga do‘xtir emassan, Vik, bilib qo‘y shuni” degan edi.
Garajda moshina yuvuvchiga u “moy” demoq o‘rniga “benzin” deydi; nima farqi bor, har gapiga luqma solib turadigan Marlis bu yerda bo‘lmagandan keyin. Moymi, benzinmi, ishqilib, o‘ziga kerak narsani oldi – bo‘ldi-da.
Bazeldaliklarida hammasi boshqacha edi.
Safar chog‘i bir martagina, Kannda Marlis uni “ovsar” degan edi, chunki javrashlariga qaramay Vik bir yoqlama qatnovli yo‘lga chiqib ketdi-da. Nima, bu Vikka og‘ir botdimi? Ana shundan keyin u doim Marlisning galdagi “ta’rif”ini kutadigan bo‘ldi.
Ispaniyaga boramiz deb Marlis o‘zida yo‘q xursand edi.
Axir, Marlis roman tillari bo‘yicha... filolog bo‘lganidan keyin ba’zan Viktorning frantsuzcha talaffuzini silliqlab qo‘ysa, buning nimasi yomon, aksincha, rahmat aytmaydimi unga?!
Avinonda Marlis ul-bul xarid qilib yurganida Viktor moshinaning tepasini ochib qo‘yib, tamaki tutatgancha uni kutib o‘tiradi. Vaqt bemalol. Ta’tilda yurishibdi. Chekaturib u Marlisga mehribonroq bo‘lishga qaror qiladi. Juvon qaytib kelganida o‘zini xuddi chinakam xushtordek tutadi: moshinadan tushib unga eshik ocharkan, “Ko‘zoynagingni topdim. O‘rindiq tagiga tushib qolgan ekan”, deydi. Marlis esa “Ana, ko‘rdingmi!” deydi o‘sha ko‘zoynakni (shu sayohatdagi ikkinchisi) go‘yo Viktor yo‘qotgandek ta’navor ohangda. Marlis boshqa tirnoqegovlagich sotib olmoqchi edi, topilmadi, lekin olgan oyoq kiyimi Viktorga ma’qul bo‘ldi. Unda nega Marlisning kayfiyati chatoq? Hozir, mana hozir Viktorning sabri tugaydigandek tuyuladi unga doim. Xuddi huv Marseldagidek. Jomadonining yarmi poyabzal bo‘laturib, nima uchun Marlis nuqul (Marseldan boshlangan bu savdo) oyog‘ini siqadiganini kiyib yuribdi ekan? Yana Marsel orqali ketaylik, deganida Viktorning gapida hech bir kinoya yo‘q edi, ammo Marlis shunga ham og‘rindi. Xullas, ikkovining ham ta’bi tirriq.
Hayhot, kasalxonadagi oqshomlar endi ortda qolgan!
Mancha deganlari, Marlis ta’kidlaganidek, Madridning shimoliy qismida joylashmagani barchaga ma’lum; shunday bo‘lsa-da u nonushtaga chiqqunicha Viktor xaritani qayta ko‘zdan kechirdi. Unga aytish uchungina emas, shunchaki, o‘zi yana bir bor ishonch hosil qilmog‘i uchun.
Viktor moshinani yeldek uchirmaslikka qat’iy so‘z bergach, tepa qopqasini ochib ketishdi. Axir, ro‘ldagi odam bilan uning yonida o‘tirganning farqi bor-da. Aslini olib qaraganda, hech kim bilan quvlashmay (Kann va Sen-Rafael oralig‘idagi kabi), hatto shaloq yuk mashinasi ortidan ham sudralib yurish kulgili-ku; keyinchalik o‘shanda rosa xudbinlik qilganman, deb o‘ylaydi Viktor.
Viktor oti uning o‘ziga yoqmaydi, Marlisning Vik deb atashini, ayniqsa, qo‘shni stolda o‘tirganlar buni eshitib qolishini esa asti xohlamaydi.
U Yevropa yagona pul birligiga o‘tishi kerak va o‘tib to‘g‘ri qiladi deb hisoblaydi; Marlis bunga shubha bilan qarasa-da, e’tiroz bildirmaydi. Nega uning birdan jahli qo‘zidi? Marlisni gapiga ishontirolmagani uchunginami?
Marlis butunlay sog‘ayib ketgan.
Ayol indamay qolsa, Viktor yana o‘zini malomat qila boshlaydi. Shu tobda Elzasdagi sarsabildan gap ochishning nima keragi bor edi (yana ovqat!), bundan ko‘ra Monpelega borish yo‘lini tuzukroq bilib olsa bo‘lmasmidi? Ayol ko‘zoynagini taqadi-da, “Lionga boradigan yo‘l-ku bu!” deb qo‘yadi. Viktor miq etmagach, “Men seni Monpele taraf yurmoqchisan deb o‘ylabman”, deydi yana. Viktor o‘zini xotirjam ko‘rsatmoq uchun chap qo‘lini moshina oynasidan chiqarib oladi. Ro‘parada – “Toutesles directions”3 degan yozuv ko‘rinadi. Endi-endi bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan chog‘lari ilk bor Elzasga sayohat qilishganida Marlis uning gapirgan gapiga ishonar edi-ya. Yo‘ldan “Toutesles directions” degan yana bir lavha chiqadi. Biroq Viktor baribir xatosini tan olgisi kelmaydi.
U hazilni bopladim deb o‘ylaganida Marlis ko‘pincha tishining oqini ko‘rsatmaydi, lekin ba’zan u hecham kulgili deb bilmaydigan gaplarga qaqqos urib kulib yuboradi.
Marlis tirnoqegovlagich o‘rniga sotib olgan durrachasini boshiga o‘rab oladi, “Xo‘sh, yoqdimi?” deganidagina Viktor buni payqaydi. U dabdurustdan “Sen haqsan!” deb qoladi. Xuddiki “Bir vaqtlar cho‘lu biyobon bo‘ylab Bag‘doddan Damashqqa qarab sensiz moshinada yo‘lga chiqqanman va yetib ham olganman” degan gapiga Marlis nimadir deya ming‘irlab qo‘ygandek. Yana, tomdan tarasha tushgan kabi, “Qaerdamiz emish! Katta xolangnikidamiz, bilding!” deydi u. Marlis angrayib qoladi – bunaqa muomala uning tabiatiga zid-ku. Viktor xo-xolab yuboradi – bamisoli Avinoning qoq o‘rtasidan ikkiga ajraladigan antiqa ko‘prigi ustida turgandek; holbuki, hozir ular bir korxona hovlisida “Passage interdit”4 degan yozuv qarshisida edilar. U moshinaning orqaga qaytish chirog‘ini yoqadi, ayol “Asabiylashma”, deb qo‘yadi shoshib. Shunga o‘xshash “xato”lardan keyin Viktor moshinalar shovqin-suronida har qanday ovsar ham adashmay topishi mumkin bo‘lgan yo‘lga tushib oladi. Ammo Viktor hanuz Marlisning yangi durrachasi yoqqan-yoqmaganidan so‘z ochmaydi.
Marlis oqila ayol, hech bir dalil-isbotsiz ham ayon bu.
Agar hozir Viktor oq xalat kiyib olganida bormi, hammasi birdan boshqacha bo‘lib ketardi; faraz qiling-a, u oq xalatda Provansdan o‘tib Ispaniyaga yo‘l olmoqda...
Nega u og‘ziga suv solib olgandek churq etmay ketyapti?
Nima, u avtohalokat nimaligini bilmas ekanmi? Marlis bundan bexabar, albatta – ancha eski gap-da bu. Oxiri baxayr bo‘lgan. O‘zi hatto unutib yuborayozgan. Shularni xayolidan o‘tkazarkan, u Marlisga ko‘z qirini tashlaydi – hozirgina “treyler”ni quvib o‘tdi, Marlis esa miq etmadi va go‘yo shu bilan o‘sha halokatni yodiga solgandek bo‘ldi.
Plexus nima degani – bir-biriga ulashmi? U – jarroh-ku, shuni ham bilmasa, uyat bo‘lar. Bu ham kamdek, hozir Marlis “Ishonching komilmi?” deb so‘raydi. Lekin negadir u sukutda. Viktor eng yaqin yo‘l Egyu-Mort orqali o‘tishini aytgandagina, u “Ishonching komilmi?” deb qo‘yadi odatdagidek.
Marlis oyoqyalang o‘tiribdi, tuflisi oyog‘ini siqyapti, ammo buni sezdirmaydi. Viktorning unga rahmi keladi, biror narsa gapirib bersamikan?
Qiziq, nega qo‘lini ayolning tizzasiga qo‘ydi?
Antibda nega Marlisga baqirib berdi, sababini o‘zi ham eslolmaydi. Keyin esa, nohaq bo‘lsa-da, jahldan ko‘karib-bo‘zarib kechirim so‘ragandek bo‘ldi: “Bo‘pti, bo‘pti, uzr endi!”
Marlisni maftun etgan bu tekislik Provans deyiladimi yoki Kamargmi, ochig‘i, nima farqi bor? Nega Viktor Kamarg deb turib oldi? Balki haq bo‘lib chiqar...
Egyu-Mortga yetguncha churq etmay ketishdi.
Marlis ogohlantirganiga qaramay, Viktor (u o‘zini eshitmaganga solgan edi) to‘ppa-to‘g‘ri chog‘roq bir to‘xtash maydonchasiga chiqib ketadi. Moshina beshikast va hatto ularni odatdagi tekis yo‘ldan ketyapti deyish ham mumkin. Bemalol. Yuz qadamlar bo‘m-bo‘sh maydon bo‘ylab, yana salqingina deng. Ammo Marlis bunday bo‘lishini tush ko‘ribdimi? Shuning uchunmi, u yana indamay qo‘ya qoladi.
Ayol shaharchani tomosha qilib yurganida, Viktor chinor ostida yol¬g‘iz o‘zi yaxna sharbat ichib o‘tiradi. Birdan u o‘zining ta’tilda yurganini eslab qoladi. Chinor barglari orasidan taralayotgan yog‘du va yana allambalolar...
Viktor hech qachon omon qolgani uchun Marlis mendan qarzdor deb hisoblagan emas. Bu ham silliqqina o‘tishi tayin bo‘lgan odatdagi operatsiyalardan edi. Hoynahoy, Marlis ham shunday deb o‘ylar...
Shu yerda qolsalar ham bo‘lardi. Soat endi o‘n bir bo‘pti, tushlikka hali erta. Ha, bu yerda qolsa bo‘ladi. Qadim qal’a devorlari – shamolpana. Hali Marlis qaytsin, u o‘zini boshqacha tutadi: quvnoq, xotirjam; axir, hamma gap o‘zida qolgan-ku.
Ba’zan u Marlisdan farzandli bo‘lishni xohlaydi.
Viktor nega hadeb Antibdagi kabi janjal qo‘zg‘ayverishiga Marlis hayron. Avvaliga baqirib berib, keyin uch yulduzli “Bonne auberge”5 restoraniga boraylik, deya qistab qolgani-chi! Marlis shu yulduz-pulduz deganlariga uncha ishonmaydi. Viktor esa o‘jarlik qilib gapida turib oladi. Bu taklifi bilan ma’shuqasining ko‘nglini topolmaganidan achchiqlanib, bo‘lmasa, Antibingda tentirab yuraver degandek bir soatlar chamasi uni yolg‘iz tashlab ketadi. Endi bir o‘zi nima qilsin? Birga bo‘lishsa, qaerda tushlik qilish masalasida yana kelishisholmaydi, yana har doimgi bahslar... Darhaqiqat, shu yaqin atrofda bundayroq restoranlar ham bo‘laturib, nega endi “uch yulduz”ligiga borishimiz kerak, deya e’tiroz bildiradi Marlis. Ular yo‘l olgan tomonda restoran borligi ham dargumon; nihoyat, toqati toq bo‘lgan Marlis “Ishonching komilmi o‘zi?” deydi, u bo‘lsa yana indamay ketaveradi, keyin bir muyulish chiqadi, keyin esa “Bonne auberge” degan lavha ko‘zga tashlanadi. Bosh ofitsiant ularni “janoblarining o‘zi bir soatlar oldin tanlab ketgan” bahavo ayvondagi stol tomon boshlaydi. Shinamgina bu joy ayni choqda xiyla salqin, ichkarida xilvatroq bo‘lmalar, milliy libos kiygan ofitsiantlar; taomlari ancha qimmat bo‘lsa-da, o‘rtamiyona, lekin bularning nima ahamiyati bor? Bir soatcha oldin Viktor unga baqirib berganiga qaramay Marlis o‘zini vaqtichog‘dek ko‘rsatyapti; uni ayagani uchundir.
Mistral degan shoir o‘tganini Viktor biladi. Mistral deb ataladigan shamol esa, Marlis o‘ylaganidek, dengizdan esmaydi. Bu anchayin bir shamol. To‘g‘ri, Marlis aytganidek, “Tegirmondan chiqqan maktublar”ni Mistral emas, shubhasiz, Alfons Dode yozgan, Viktorga bu maktab davridan ma’lum. Xullas, bahslashib o‘tiradigan gap emas. Aslini olganda, Marlis ham “Mistral – shoir-ku, o‘zing bilasan” degan edi, xolos.
Ular Viktorning “Porshe” moshinasida sayohatga chiqqan.
Egyu-Mortda chinor ostida o‘tirarkan, u pasporti bor-yo‘qligini bilmoq bo‘lib kamzulining cho‘ntagiga qo‘l tiqadi. Viktor shu choqqacha biron marta ham pasportini yo‘qotmagan. Yuragi shuv etib ketadi: pasport yo‘q; keyin birdan eslaydi – axir, moshinada qolgan edi-ku. Ha, esida, aniq: uni qo‘lqop g‘ilofiga o‘zi solib qo‘ygan, shunday bo‘lsa-da, tekshirib ko‘rgan ma’qul. Harqalay, ko‘ngli xotirjam bo‘ladi.
Avinonda vannada o‘tirib kelgan qaroriga ko‘ra o‘sha kuniyoq uyga qaytishganidami, hozir Leonda bo‘lishardi, kechqurun Bazelga yetib borishardi, lekin bu yerlar shu qadar maftunkorki: chinor barglari orasidan yog‘ilayotgan quyosh nuri, chor-atrof... Hali Marlis kelsin, dengiz bo‘yiga sayrga taklif qiladi.
Marlis oyog‘iga loyiq poyabzal topsa edi...
Halokatdan bir soatlar oldin Egyu-Mortda chinor ostida o‘tirarkan, uning achchiqqina qahva ichgisi kelib qoladi. Qattiq toliqqan, moshina hayday olarmikan? Chinor barglari orasidan yog‘ilayotgan nur uni butkul maftun etadi... Sen-Liu haykali atrofida kaptarlar kukulaydi. Marlis yo‘lga tushaylik endi, deydi, uning qorni ochmabdi, chanqamabdi ham. Ammo, Viktorning nazarida, vaqtlari bemalol, shoshilmasa bo‘ladi. Ularning oldidan qo‘ltig‘iga uch dona uzunchoq baton non qistirib olgan bir chol o‘tadi.
Ispaniyaga borish fikri Marlisdan chiqqan edi.
Viktor o‘zini xudbin hisoblamaydi. Biror kimsani baxtli qila olishiga ko‘zi yetsa, o‘zi ham baxtiyor bo‘lib ketadi. Agar bu ish qo‘lidan kelmasa, umidsizlikka tushadi, o‘zini o‘zi yanimoqqa boshlaydi.
Ularni chetdan kuzatgan odam Marlisning “Le provansal” gazetasini o‘qiyotganini, Viktorning esa uzun oyoqlarini yo‘lakkacha cho‘zib olib qahva ichayotgani va mo‘‘jiza kutayotganini (go‘yo buni mana shu kukulashayotgan kaptarlar sodir etadigandek) odatdagi manzara deb hisoblaydi. Shu tobda Viktor uylanmoqqa ham rozi. Hazilni tushunish ham bir fazilat. “Nima, qoqqan qoziqdek shu yerda o‘tiravermoqchimisan?” deydi Marlis betoqatlanib. “Kechirasan-u, men emas, sen bemalol gazeta o‘qib o‘tiribsan,” deya javob qiladi Viktor. Ammo gapirgan gapi ko‘nglidagidek chiqmaydi; keyin esa u, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, chinakam oshiq yigit qiyofasiga kirib uning sumkasini ko‘tarib olishini Marlis biladi. Shunday ekan, mo‘‘jiza kutishga hojat yo‘q.
Ibodatxona yaqinidagi galereyani tomosha qilaylik, deb Viktor qo‘ymadi. Roman uslubida qurilgan. Marlisning esa tomoshaga tobi yo‘q.
Ular qo‘l ushlashib ketadi.
Birinchi marta Viktorning o‘zi har qadamda to‘xtashni, hammayoqni astoydil tomosha qilishni xohlab qoladi. Meva-sabzavot bozoriga kirishadi. Qiziq, Marlisning nima qidirayotganini bilmay turib, Viktor “Sen axtarib yurgan poyabzal shu yerda!” deydi.
Ispaniyaga borishlari shart ekanmi?
U muyulishda qarab turadi – Marlisning durrasi esidan chiqibdi; Viktor aslida uni kutayotgani ham yo‘q. O‘zi yolg‘iz bo‘lsa nima qilardi? Marlisning bu tomon kelayotganini, yana do‘kon peshtaxtasi qoshida turib qolganini ko‘rib, Viktor “Gerald tribyun” gazetasini sotib oladi – qani, olamda nima gaplar ekan? Bir vaqt gazetadan bosh ko‘tarib qarasa, Marlis g‘oyib bo‘libdi...
Sayyohlar tushlik qilmoqda.
Saldan keyin kelib Marlis undan uzr so‘raydi. U antiqa bir kepka xarid qilibdi. “Senga oldim”, deydi kulib. Kayfiyati zo‘r. Viktor moshina eshigini ochayotganida u yana “Men haydasam-chi”, deydi. Viktor ko‘nmaydi. Nega moshinani doim u haydashi kerak? Viktor qarorida qattiq turib oladi. Endi bu gaplar kimga kerak? “Nima, yoqmadimi?” Olib kelgan ola-chipor kepkasini aytyapti. Yo‘lga tushish oldidan Viktorni ilk bor vahm bosadi.
Marlis xuddi yosh bolaning o‘zi.
Pasporti chindan ham qo‘lqopning g‘ilofida ekan.
“Ke, hadeb tumshayaverma”, deya Marlis uning boshiga ola-chipor kepkani qo‘ndirib qo‘yadi: “Mana, yarashdi-qo‘ydi!” Marlis ehtiyot kamarini bog‘lab oladi. Qiziq, aytmasdan turiboq. Viktor, boshida haligi kepka, motorni o‘t oldiradi, biror nimaga tegib ketmayin degan xayolda orqaga qarab oladi. Ishqilib, endi xato qilib qo‘ymasin-da...
Egyu-Mort deganlari mana shu ekan-da.
Marlisning o‘g‘li bor, maktabda o‘qiydi; uning o‘zi Parijda o‘qigan, boshi ochiq, u endi yosh bola emas, kap-katta ayol.
Kamargda ot minishlari mumkin... Gaplari uncha qovushavermaydi. Yaxshiyamki, shosseda moshina onda-sonda uchraydi. “Odam qachon murda hisoblanadi?” deya jarroh sifatida fikr yurita boshlaydi u. Yurak ko‘chirib o‘tkazish qiyin ish. Keyin birdan “Ertaga moshinaning moyini almashtirish kerak!” deydi ko‘nglidan kechayotgan o‘ylar tiliga chiqmasligi uchun shosha-pisha. Masalani chigallashtirishga uning toqati yo‘q.
Bir vaqtlar bolaligida Marlis ot mingan ekan.
U bir belgiyalikning bahaybat furgoni izidan shoshilmay ketaveradi; nihoyat, uni quvib o‘tayotganida urilib ketishiga bir bahya qoladi. Marlis churq etmaydi.
Qo‘lidagi bemorlar uni bamisoli bir avliyo deb biladi: og‘ir-vazminu xotirjamligi, o‘ziga ishonchi, nekbinligi va shunga o‘xshash xislatlari uchun.
Ola kepkani endi Marlisning o‘zi kiyib oladi. “Senga hamma narsa yarashadi!” deydi Viktor yo‘ldan ko‘z uzmay. Marlis yo‘l ma’lumotnomasini ovoz chiqarib o‘qib boryapti: hali Altamir g‘orlaridagi g‘aroyib manzaralarni ko‘rib ko‘ngli ko‘tarilsin, moy almashtirish haqida o‘ylayvermasin, bejiz aynan Altamirga qarab yo‘l tortmaganlarini bilsin degan niyatda. Ammo Viktor quloq solayotganmikan? Marlis yarashmoqchi, yana avvalgidek apoq-chapoq bo‘lmoqchi...
Boshqalar bilan qiyoslaganda Viktorning doim omadi chopgan – ishda ham, sog‘liq bobida ham, Buin cho‘qqisini zabt etgan alpinist sifatidagina emas, yo‘q, har jihatdan...
“Sen yana ovqat haqida o‘ylayotgan bo‘lsang kerag-a?” deydi Marlis. U esa hech narsani o‘ylayotgani yo‘q, yo‘lga tikilib ketyapti, xolos; “Monpele, 12 km.” degan yozuvni ko‘rib shu to‘g‘rida nimadir demoqchi bo‘lib turgan edi, vassalom. Endi gapirmagani ma’qul.
...Viktor yengilgina jarohatlanadi – chakkasi yorilibdi, ul-bul yeri tirnalgan, ammo u tirkamali yuk moshinasini hech eslay olmaydi. Monpeledagi kasalxonaga yetay deb qolganda Marlisning joni uziladi. Hatto bu falokat qaerda ro‘y bergani, ag‘darilgan o‘sha la’nati tirkama hozir chinorzorning qay go‘rida yotgani ham Viktorning xotirasida qolmagan; halokat ro‘y bergan joyni tekshirish chog‘ida u o‘zini bu chorrahani endi ko‘rib turgandek his etadi; keyin uni shu yerning o‘zida so‘roq qilishadi (frantsuz tilida) va yo‘l aslida uniki bo‘lgani, binobarin, uning aybi yo‘qligini aytishadi.
Keyinchalik u bosh vrach etib tayinlanadi.
Monpele yo‘lidagi o‘sha avtohalokat to‘g‘risida o‘n yillar badalida u hech kimga og‘iz ochmaydi; bu fojia qanday sodir bo‘lganiga hanuz aqli bovar qilmaydi.
Ba’zi tanishlari o‘zlaricha bir nimalarni tusmollab yuradi, xolos.
U endilikda klinika boshlig‘i, ikki farzandning otasi, sayohatga ko‘p chiqadi, ammo Ispaniyaga hech ko‘ngli chopmaydi.
Jarrohning operatsiya arafasida o‘zidan gap ochishi noravo, albatta – buni u yaxshi biladi; lekin shu tobda u negadir Frantsiyada, Monpele yaqinida sodir bo‘lgan o‘sha falokatni yodga oladi: “Hammasi aytdi, yo‘l seniki edi deb, demakki, aybsizman...” “Biz nega bu haqda gaplashyapmiz o‘zi?” deydi u bir ozdan keyin. Bemor ham hayron. Nega do‘xtir yo‘liga xayrli tun tilab, odatdagidek, “Uxlashga harakat qiling, hech uxlolmasangiz, navbatchi hamshirani chaqirarsiz” deb qo‘ya qolmadi. Darvoqe, bu gapni u oldinroq aytgan edi. U tumbochka ustida yotgan kitoblardan birini olib muqovasiga ko‘z soladi-da, qaytib joyiga qo‘yadi. Aslida, u bemorga xavotirga o‘rin yo‘qligini, ertaga operatsiyani o‘zi qilmasa-da, unda albatta ishtirok etishini, xullas, xotirjam bo‘lish lozimligini aytmoqchi edi, xolos.
U o‘shandan keyin hech qachon yo‘l halokatiga duch kelmagan.
Umidsizlikka tushgan bemor bo‘lsa nima sababdan uni bosh vrachning o‘zi operatsiya qilmasligini so‘rashga botinolmaydi.
“Ishonching komilmi?” deb so‘rardi Marlis har doim...
Bu falokat to‘g‘risida u qaytib hech kimga og‘iz ochmadi.
O‘shanda yaqinlashib kelayotgan beo‘xshov yuk moshinasini birinchi bo‘lib Marlis ko‘rgan, ehtiyot bo‘l degan, Viktor esa ko‘raturib to‘xtamagan – yo‘l uniki edi-da, axir! Ehtimol, u yanayam tezroq haydagandir, o‘ziga ishonchini namoyish etmoq uchun. Marlis birdan qattiq chinqirib yuborgan. Monpele jandarmasi Viktorni aybsiz deb topgan. Vassalom.

Shohsanam tarjimasi

 

TARJIMONDAN


“Ezgulik matlabida dardu hasrat cheka bilish ham insondagi noyob fazilatdir” deb yozgan edi shveytsariyalik mashhur adib Maks Frish. “Hasrat” iborasini Frish va uning izdoshlari yaratgan deyarli barcha asarlarga nisbatan qo‘llash mumkin. Zero, o‘tgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida Shveytsariya adabiyotida shu ijodkorlar boshlab bergan yangicha yo‘nalish aynan inson qalbini taftish etishi, uning tafakkurida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar, psixologik kechinmalar – ichki tug‘yonlar, “aybsiz aybdorlik” hissi, muxtasar aytganda – insoniy hasratni ifodalashi bilan e’tibor qozongan edi.
Inson hech kimni o‘zini bilganchalik bilolmaydi, tushunolmaydi, bu – imkonsiz. Shundanmi, Maks Frish ijodida o‘zini o‘zi “fosh etish” – avtobiografik tamoyil ustunlik qiladi. So‘zga g‘oyat tejamkor adib hikoyalari ilk qarashda anchayin bir tasvir, etyud, yo‘l-yo‘lakay qoralangan qaydlarga o‘xshaydi; aksariyati yozuvchining kundaligida dunyoga kelganining boisi ham shunda. Ko‘pincha janr talablaridan yiroq, tayin yechimga ham ega emasdek ko‘ringan bu asarlar, aslida mazmun-mohiyatning salmog‘i, psixologik yondashuvning teranligi bilan kitobxonni o‘ziga jalb etadi.
Ko‘plab qissa va romanlar muallifi Maks Frishning ana shunday o‘zgacha bir uslubda bitilgan ushbu hikoyasi jurnalxonlarimizni ham befarq qoldirmas degan umiddamiz.

_________
Izohlar
1 Sarimsoqpiyoz va ziravor qo‘shib tayyorlangan baliqsho‘rva, Frantsiyaning janubida keng tarqalgan taom (frants.).
2 Yo‘l ma’lumotnomasi.
3 Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanish mumkin (frants.).
4 Harakat taqiqlanadi (frants.).
5 Mashhur qovoqxona (frants.).


 "Tafakkur" jurnalidan olindi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.