Maksim Gorkiy (taxallusi; asl ismi Aleksey Maksimovich Peshkov) (1868.16(28).3, Nijniy Novgorod — 1936.18.6, Moskva) — rus yozuvchisi va jamoat arbobi. Sobiq Ittifoq yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi raisi.
Gorkiy bir qator roman («Foma Gordeev», 1899; «Uchovlon», 1990—01 va b.), hikoya («Konovalov», «Chelkash» va b.) va dramatik asarlar («Meshchanlar», «Tubanlikda», 1902; «Chorbog‘chilar», 1904 va b.) muallifi. «Tubanlikda» pesasida Gorkiy shafqatsiz hayot tubanlikka itqitgan insonlarning azob-uqubatlarini mahorat bilan bergan. «Ona» (1907) romanida birinchi bo‘lib adabiyotda inqilobiy kurashni xayrixoqlik bilan tasvirlagan. «Bolalik» (1913—14), «Odamlar orasida» (1915—16), «Mening dorilfununlarim» (1923) qissalari avtobiografik asarlardir.
Gorkiy Sharq xalqlari tarixi bilan qiziqib, «Italiya ertaklari» (1911 — 13) asarida Sharq mifologiyasidan o‘z badiiy niyati asosida foydalandi, rus adabiyotida Amir Temur siymosiga ilk bor murojaat etib, uning tarixiy haqiqatdan uzoqlashgan obrazini chizdi. Gorkiy mehnatkash ommaning Lenin rahbarligida 1917 yil oktyabrida mamlakatni ostin-ustun qilish, ko‘plab begunoh kishilarning qonlarini to‘kish hisobiga tarixiy jarayonni o‘zgartirmoqchi bo‘lganini va Favqulodda komissiya qatliomini keskin qoraladi, ko‘pgina yozuvchilarni bolsheviklarning ta’qibidan saqlab qoldi. U o‘sha vaqtdagi vaziyatda Rossiyada sotsialistik inqilob bemavrid va halokatli, deb hisoblaydi. Avval xalqning madaniy saviyasini ko‘tarish, so‘ng inqilob qilish mumkin, deb o‘ylagan («Bemavrid fikrlar» publitsistik asarlar turkumi, 1917—18). Ammo keyinchalik Gorkiy o‘zi qarshi bo‘lgan sotsialistik inqilobiy kurash tomoniga butunlay o‘tib ketadi.
Gorkiy bir qancha (L. N. Tolstoy, A. P. Chexov, V. G. Korolenko va b. haqidagi) adabiy portretlar muallifi. «Artamonovlar ishi» romani (1925)da yangi tarixiy avlodning g‘alabasi qonuniy ekanligini tasvirlagan. «Jahon adabiyoti» nashriyoti, «Shoir kutubxonasi», «Ajoyib kishilar hayoti» va boshqa kitoblar turkumi uning faol ishtirokida tashkil qilindi. Kiborlar halokati va inqilob g‘alabasi muqarrarligi «Yegor Bulichev va boshqalar», «Dostigaev va boshqalar» (1933), «Vassa Jeleznova» (2-nashri, 1935) pesalarining bosh mavzuidir. «Klim Samginning hayoti» roman-epopeyasida (1927— 36; 4-qism tugallanmagan) rus xalqining 20-asr boshlaridagi g‘oyaviy-ijtimoiy kurashi, hayoti aks etgan.
Gorkiy chet elda (1921—31) va Rossiyaga kaytganidan keyin zamonaviy adabiyot g‘oyaviy-estetik tamoyillari (shu jumladan, sotsialistik realizm nazariyasi)ning shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi va shu yo‘sinda kompartiyaga adabiyotni o‘z monopoliyasidagi g‘oyaviy qurolga aylantirib olishiga ko‘maklashadi. Sovet davlati rahbarlari Gorkiyning katta xalqaro obro‘sidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalandilar. Ular makri bilan aldangan Gorkiy 30-y.lar boshlaridagi qatag‘on siyosatini tarbiyaviy ahamiyatga molik tadbir, deb tushundi.
Gorkiy ijodi ta’sirida boshqa milliy adabiyotlar (fransuz, nemis, ingliz, xitoy kabi)da ham sotsialistik realizm metodiga asoslangan asarlar ko‘plab yaratildi. Gorkiy asarlari 30-yillarning boshida dastlab Cho‘lpon, keyinchalik A. Qahhor, Oybek, H. Olimjon, M. Ismoiliy va b. tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Aksariyat pesalari O‘zbekistan teatrlarida sahnalashtirilgan.
Naim Karimov, Shuhrat Rizaev.