OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Margarete Noymann. Mariya (hikoya)

Men, qalbning do‘stlik va dushmanlik, nafrat va muhabbat hislari yashiringan chuqur tubida har bir inson o‘zi alohida bir dunyo bo‘ladi, deb azaldan ishonib kelardim. Tanish va notanish kishilarni bir-biriga bog‘lab turadigan holat ham u yerga yo‘l topavermaydi, deb o‘ylardim. Ba’zi bir muhim hollarda qarindoshlik, sevgi yoki bo‘lmasa samimiy do‘stlik tufayli ruxsat bersakkina bir yoki bir necha kishilar u yerga yo‘l topa olishlari mumkin, derdim.
Aslida esa bunday emas ekan.
Gotadagi xizmat safarim tugagach, Berlinga qay­tish uchun kechki poezdga chiqdim. Yumshoq vagon­ga chiptam yo‘q edi, kassada chiptani tungi vagon bosh­qa­ruvchisidan ham olaverishim mumkinligini aytishdi. Poezd allaqachon kelgan edi, men zaldan yugurib o‘tdim-da, duch kelgan kupega chiqdim. Baxtimga u yer bo‘sh edi. Deraza yoniga o‘tirdim. Agar hech kim kelmasa yaxshisi shu yerda qolaveraman, deb o‘yladim. Bu yer yana issiqqina ekan. Yotib olib uxlab ketsa ham bo‘ladi. Rosa toliqqandim, turib tungi vagon boshqaruvchisini qidirishga hushim kelmadi. Ustiga ustak yumshoq vagon eng orqada emish. Bu yer arzonroq va qulay ham, dedim yana o‘z-o‘zimga.
Biroq poezd qo‘zg‘ala boshlaganda – u shunday yengil siljiydiki, kishi buni sezmaydi, faqat tashqaridagi narsalarning ortda qolayotganidangina buni payqash mumkin – kimdir eshikni ochib, chog‘roqqina kulrang jomadon va sariq charm sumkani to‘rga tashladi. Burilib qaradim: bular ikki yoshgina kishilar, bir erkak va bir ayol edi. Yaxshi bo‘ldi, o‘yladim men, endi yumshoq vagonga o‘taman.
Ular mening ro‘paramdan joy olishdi, ayol deraza oldiga – burchakka, erkak esa uning yoniga, bir-birlariga qisilib o‘tirishdi. Mana shu yonma-yon o‘ti­­rishda meni hayajonga solgan nimadir: nafaqat na­fislik, shu bilan birga, bosiqlik, qandaydir qud­rat, sabotlilik, mayinlik, qat’iylik bor edi. Men endi turib ketolmasligimni tushundim. Ularni yaxshisi yolg‘iz qoldirishim kerakligini bilsam-da, azbaroyi qi­ziqishdan shu yerda qolgim keldi.
Ko‘rinishdan ular mening kuzatayotganimni pay­qamayotgandek edi. Erkak qo‘lini, katta qo‘lini ayolning bilagidan beozorgina o‘tkazib olgandi. Ayol har zamonda yuzini uning kiftiga yengilgina qo‘yardi. Ikkovlari ham derazadan tashqariga, ahyon-ahyonda milt-milt chiroqlar ko‘rinib qolayotgan qorong‘ilikka tikilib o‘tirishardi.
Ularning yoshlari, kasblarini aniqlashga urindim, lekin qo‘limdan kelmadi. Ayol u qadar chiroyli emas, chehrasi xotirjam, bug‘doyrang edi. Kalta qo‘ng‘ir sochlari xuddi bolalarnikidek shundoqqina yelkasida osilib turardi. Uning harakatlari, mo‘‘jaz oyoqlari, tizzasi ayniqsa nafosatli edi. Ammo, boshqa bir narsa, nazarimda, boshini quyi solib turishi hamda qo‘llari yetuklik, aql-zakovat va dard-alamga to‘la edi. Yigirma sakkiz yoshlarda bo‘lsa kerak, o‘yladim men, balki bundan ham yoshdir. Hanuz bilagidan tutib turgan erkakning qo‘li ustiga qo‘lini qo‘yib ko‘zlarini yumganida uning yoshi menga kattaroq tuyuldi. O‘ttiz-o‘ttiz uchlarda, deb gumon qildim. Boshqa bir payt, u erkakning bir gapidan kulib yuborganida, yigirma uch yoshda, deya fikrimni yana o‘zgartirdim. Baribir aniq bir xulosaga kelolmadim.
Erkak-chi? Avvaliga u ko‘zimga yoshroq ko‘rindi. Biroq uning qo‘llariga ko‘zim tushdi! Shu qadar azob-uqubat tortgan, shunchalar oqil, shunchalar mehribon. Butun bir olam edi ular!
Uning ko‘zlari qora edi. Gohida u ayolga nigoh tash­lab qo‘yardi, hatto unga qaramagan paytlarida ham uning ko‘zlarida sadoqat aks etib turardi. Men buni tasvirlashga ojizman, hatto musavvir ham buning uddasidan chiqolmasa kerak. Ehtimol musiqada ifodalash mumkindir buni. U ayolni qay darajada sevishini ko‘rib turardim.
Ikkovlari ham, hozirgi paytda ko‘pincha uchrab tur­ganidek, ortiqcha e’tibor bilan, o‘ta did bilan bo‘lmasa-da, har holda ancha bejirim kiyinishgan edi. Aytish mumkin ediki, ular yasan-tusanga u qadar diqqat qilib, behuda vaqt sarflab o‘tirmaydigan kishilarga o‘xshashardi. Ayolning chap qo‘lidagi katta kumush uzukkina e’tiborni jalb qilardi, uzuk uning kichkina qo‘liga og‘irlik qilayotgan bo‘lsa-da, unga yarashib turardi.
Bularning qarshisida bir umr o‘tirsam ham gap nimadaligini baribir bilolmasam kerak, degan fikr xayolimdan kechdi. Shunisi qiziqki, bu narsa go‘yo menga ham tegishlidek edi. Negaligini oldin anglayolmadim. Keyinroq tushundim: ular qalban shu qadar yaqin edilarki, odatda biz buni xayolan faqat orzu qilamiz. Ular bir-birlarini ana shu orzudagi muhabbat bilan sevardilar. Men bilishni istagan narsa shu ediki, ular adashmayaptimikan, xayoliy hislarga berilishmayaptimikan, o‘z-o‘zlarini aldamayaptilarmikan, yoki shunaqasi ham bo‘larmikan? Shunaqa sevgi ham bormikan?
Ular kam so‘zlashishardi. Ahyon-ahyonda bir-bir­lariga qarab qo‘yishardi. Ikki narsa: iztirob va baxt yonma-yon edi. Shu taxlit uzoq yo‘l bosdik. Chiroqni o‘chirib qo‘ydik, tungi ko‘k chiroq nuri ta’sirida kupe nimqorong‘i edi. Ammo men ularning yuzlarini aniq ko‘rib turardim. Yorug‘ nur ayolni ortiq yoritmay qo‘ygach, uning yuz ifodasi yanada o‘tkirlashgandek tuyuldi. Poezd zulmatni yorib olg‘a yugurardi. Uning og‘ir uzuk taqqan qo‘li hamrohining qo‘li ustida shunday yotardiki, faqat barmoqlarining uchigina unga tegib turardi. Gaplashganlarida men ularning so‘zlariga e’tibor qilmasdim, balki tovushlarigagina quloq tutardim. Erkakning tovushi xotirjam, bo‘g‘iqroq bo‘lib, “r”ni qattiq talaffuz qilardi. Ayolniki esa, uning tizzalari, harakatlari singari qizlarga xos edi.
Nogahon ular soatga qarashdi. Erkak: “Bilaman” dedi. Ayol keskin burilib, manglayini uning kiftiga qo‘ydi. Keyin ilg‘oqdan koftasini oldi, erkak esa to‘rdan jomadonni olib berdi. Ayol unga qo‘lini uzatdi, so‘ngra eshikka tomon yo‘naldi.
Poezd bu yerda to‘xtamaydi-ku, xayoldan kechirdim men. U qaerga borarkin? Nega yolg‘iz o‘zi?
U eshikni ochishdan oldin, – shunisi qiziqki, eshikni unga erkak ochib bermadi, aksincha, u orqada turardi – erkakka burilib qaradi.
– Mayli, Mariya, boraver. Sen uxlashing kerak. Uyquga to‘ymasang, ertaga qiynalib qolasan, – dedi u.
– Ha, – javob berdi ayol. So‘ngra boshini burdi-da, yarim egilib, peshanasi bilan uning yuzini tag‘in bir siladi.
U ayolni o‘padi, o‘ylardim men. Munosabatlariga ko‘ra u hozir ayolni o‘pishi kerak. Lekin u qimir etmasdan qaqqayib turardi. Men ularning ko‘zlarini ko‘rmasdim, biroq u ko‘zlarda nima kechayotganini sezib turardim.
 – Uxla, eshitayapsanmi? Endi borib uxla, – dedi u yana. Ayol bosh irg‘adi, keyin eshikni ochdi-da, chiqib ketdi.
Erkak o‘sha holatda turib qoldi. So‘ngra sekin burildi-da, joyiga kelib o‘tirdi. Boshini orqa suyan­chiqqa tashladi. Uning lablari ochiq, qunishib olgandi. Aniq bildim: ular xayrlashishdi.
Men o‘z-o‘zim bilan kurashardim. Ikki kishining shunchalar yakdilligi hech qachon bo‘lganmi, deya fikr­lardim. Bu qadar yakdillik! Bundaylar xayrlashmasliklari kerak. Nima uchun? Ayniqsa hozirgi davrda kishilarni bir-biridan ayirishga qodir qanday kuch bo‘lishi mumkin? Qanday kuch?! Qanday sabab bo‘lishi mumkin?
To‘lqinlanib ketdim. O‘zimni yupatishga urindim: ehtimol men adashayotgandirman. U bor-yo‘g‘i yumshoq vagonga o‘tgandir. Ertaga tongda, Berlinga yetib borgach, ular yana birga ketaverishadi. Lekin uning yuziga qarab bildimki, ular haqiqatan ham xayrlashishgan edi.
U chalishtirilgan qo‘llarini yon suyanchiqqa tirab, gavdasini hozirgina hamrohi o‘tirgan tomonga burib olgancha, poezd maromiga qarab chayqalib borardi.
Men o‘z-o‘zimdan so‘rardim: Bu qanaqasi? Bu meni buncha hayajonga solyapti? Bizning tezkor zamonimizda ham ikki kishi birga qolishi kerakmi yoki yo‘qmi, degan masalaning shu qadar muhimlik kasb etishiga hojat bormi? Yoki bo‘lmasa: inson umid-intilishlari o‘rtasidagi ziddiyatlar keskinlashgan hozirgidek bir davrda yashab turib, biror kishining o‘z sevgilisi bilan xayrlashishiga shunchalik ahamiyat berishga haqqi bormikin? Ko‘plab yurtlarda kishilar o‘z ozodliklari uchun jon olib, jon berayotgan bir paytda, hamma xalqlar yangi, baxtli hayot bilan bir qatorda insoniyatning umuman hayotini saqlab qolish uchun tinmay kurashayotgan bir paytda uning shunday qilishga haqqi bormi? “Men seni sevaman” degan tushuncha shunchalik ahamiyat kasb etishi joizmi? Ishxonamizda chizmalar ustida bosh qotirishimizni o‘ylab ketdim: turar joy mavzelari, garajlar, maktablar, kasalxona, sport maydonlari, teatr, stadionlar loyihalari, reja va hisoblashlarimiz bilan tungacha band bo‘lamiz. Bularning qay darajada ahamiyati borligini bilamiz. Hozir kishini ish tamoman band etishi zarur emasmikan? – so‘rayman o‘z-o‘zimdan. Mana shu xayrlashishga o‘xshagan narsalar kishiga shunchalik muhim tuyulishi mumkinmi, zarurmikan? Shu taxlit o‘zimni so‘roqqa tutarkanman, javobni ham topdim: biz bajarayotgan ishlarning birortasi ham – ezilgan xalqlarning ozodlik uchun kurashlariyu shaharlarning bunyod etilishi ham, xalqlar osoyishtaligi uchun og‘ishmay intilayotgan yirik davlat arboblarining nutqlari hamda kengashlariyu atom urushlari xavfiga qarshi norozilik namoyishlari ham – asl maqsad emas. Bularning barchasi insoniyat hayoti davomida bo‘laveradigan ishlar. Shular ichida muhabbat eng qimmatlisidir. Agar biz uni qurbon bersak, o‘ylardim endi, biz amalga oshirayotgan ishlarning hammasi ma’nosiz bo‘lib qolgan bo‘lardi.
Endi boshqa narsani, o‘zimning xayrlashganimni o‘ylab ketdim. Men sevgan kishi shoshma-shosharlik qilib, behuda o‘limga jo‘nab ketdi. Uni olib qolish qo‘limdan kelmagandi. Uning qiyofasi hozir ham ko‘z o‘ngimda: yuzi qo‘rquv va hayajondan oqarib ketgan edi. U ketdi va ortiga burilib ham qaramadi. Ikkalamiz ham, u haqiqatni himoya qilishga ketdimi yoki nohaq­liknimi, bilmasdik. Bu so‘nggi urushning oxirgi yilida sodir bo‘lgandi. O‘shandan buyon hayotimni darz ketgan chinni idishga o‘xshataman, uning uvalanib tushishidan cho‘chib yashayman. Men mana shu erkak qarshisida o‘tirarkanman, buni anglab yetdim.
Biroq o‘z-o‘zimdan so‘rardim: hozir, shu lahzada, bu qadar azob bilan xayrlashishning ma’nosi nima ekan? U buni mendan yashirolmaydi, axir men uning qanchalik o‘rtanayotganini ko‘rib turibman. Uning qo‘llari ham buni aytib turipti. Men buni ayolda ham payqagandim. Ko‘ryapman-u, o‘zim bundan o‘rtanib ketyapman. Ularning iztiroblari meni larzaga solyapti. Ko‘zlarimga yosh qalqqanini sezdim-da, achchig‘im chiqdi. Nega? Nima uchun? Bunga qanday sabab bo‘lishi mumkin?
Ehtimol u mening kuzatib turganimni payqa­gan­dir. Menga burilib qaradi.
– Kechirasiz, – dedi-da, jilmayishga urindi. Uning oldida noqulay ahvolda qoldim. Chunki ulardagi holatga men guvoh edim. Buni hatto yanada chuqur bilishga ham harakat qildim. Ammo men ular uchun bor-yo‘qligi farqsiz, jonsiz bir jism bo‘lib qolaverdim.
Keyin u so‘nik tovush bilan: “Juda og‘ir”, dedi.
Yuragimni ochsam, yengil tortaman, deb o‘ylagandir balki. Kishi o‘z boshidan kechirgan voqealarni boshqa hech kim boshdan kechirolmaydi, deb o‘ylagani sababli o‘z kechinmalarini mutlaqo begona bir kishiga to‘kib solishni istab qolishi mumkin.
Men bosh irg‘adim, o‘zimni qo‘lga oldim-da, so‘­rashga jur’at qildim.
– Nega axir? Nega shunday bo‘lishi kerak? Menga ishonavering, mening yoshim Sizdan ko‘ra ulug‘roq. Men hamisha shunday sevgini orzu qilardim. Tushunayapsizmi? Lekin hech qachon shunday bo‘lmagan. Bunaqasi har doim ham bo‘lavermaydi, menga ishoning, – dedim.
– Bilaman, – javob berdi u, – ehtimol gapirsam durust bo‘lar. Bir boshdan so‘zlab bergandagina ko‘p narsa birmuncha oydinlashadi. Istasangiz, so‘zlab berishim mukin...
U hikoyani shu zahotiyoq boshlamadi. Biz xiyla muddat jim qoldik. Poezd dala bo‘ylab tun qo‘ynida yelib borardi. Kupe nimqorong‘i va issiq edi. Vaqtimiz ko‘p, Berlingacha hali ancha yo‘l bor. Biz chuqur pastqamlikda joylashgan bir qishloq yonidan o‘tdik. Ba’zi uylarda hali chiroqlar ko‘rinardi. Tor, uzun bir binoning derazalari qandaydir qizg‘ish nur taratib turardi.
– Qarang, inkubator, – dedi, u endi ochilib gapirardi. – U yerda hamma narsa kun sayin o‘zgarib turadi. Biz buni ko‘ramiz-da, ha, bu tabiiy hol, deb qo‘yaveramiz. Hatto buning yanada tezroq, tubdan o‘z­garishini xohlaymiz. Buni mutlaqo yangilashni istaymiz va shunga intilamiz. Faqat bizning o‘zimiz, qalbimiz, demoqchiman, ya’ni insonlar orasidagi munosabatlar qanday bo‘lsa shundayligicha qolaversa kerak, deb o‘ylaymiz. Ular bir-birlarini azaldagidek sevaveradilar va birga qola oladilarmi-yo‘qmi, degan masala ham nazarimizda allaqachon hal etilgan. Lekin keyin nima bo‘ladi, bu haqiqiy sevgimi? – bu haqda so‘rab ham o‘tirmaymiz.
– U qay darajada yuksak yoki kamroq qadrlanadi, demoqchimisiz?
– Yo‘q, – dedi u, – buni men u qadar oddiy tasavvur qilmayman.
Uning chehrasi ham endi boshqacha edi, u menga kattaroq, shu bilan birga, qat’iyroq ko‘rindi. Tovushi ham bir oz ravshanroq tuyuldi.
– U qadar oddiy emas, – takrorladi u. – Men uch yillik armiya xizmati davomida mudom bir qizni o‘ylardim. Buning nimaligini o‘zingiz tushunasiz: kishi hamisha – kechasi ham, biror yoqqa borayotganida ham yoki postda turganida ham, xullas, o‘zi xoli qoldimi, bas, xayol surishga tushadi. Xizmat orasida ta’tilga kelganim zahotiyoq uning huzuriga shoshilardim. Xizmat muddatim tugagach, nimalar qilishimiz haqida shirin orzular qilardik. Bugun bir narsani xayol qilsak, ertasiga boshqasini o‘ylab topardik, qisqasi, birgalikdagi hayotimizning qanday bo‘lishi xususida xayol surishdan charchamasdik.
Bir-birimizni ko‘pdan bilardik. Hunar maktabida o‘qib yurgan paytimizda tanishgandik. Men mexaniklikka o‘qirdim, u esa slesarlikka. O‘qishni tugatganimdan keyin ancha vaqt bir korxonada ishladik. U qizlar ichida eng chiroylisi edi. Bu maqtov emas, aslida shunday edi. Shunday qiz meni yoqtirganidan benihoya baxtli edim. Hammaning menga havasi kelardi.
U oqishdan kelgan, sochlari uzun qiz edi. Usta hamisha undan sochini qirqtirib tashlashni talab qilardi. Rostdan ham shunday qilmasa edi, deb xavotirlanardim. Chunki uning sochlari ro‘mol ichiga sig‘­masdi. Bilasizmi, ayniqsa u ishga tamoman berilib ketgan paytlarda yo‘g‘on soch o‘rimlari tushib ketaverardi. U sochlarini qirqtirmadi, chunki men unga, sochlaringni o‘quvchi qizlardek ikkita qilib o‘rib qo‘ysang menga yoqadi, degandim. Didi ham baland edi, aytgancha, uning ismi Vera. Chiroyli ism-a, shunday emasmi? Bir korxonada ishlagan kezlarimizda uyga ham ko‘pincha birga qaytardik. Avtobusda qatnardik, deyarli yarim soatlik yo‘l edi. Ertalab tag‘in uchrashardik.
Bir kuni ishdan keyin kinoga bordik. Men endigina o‘qishimni tugatgan, u haliyam o‘qirdi. U mendan bir yosh kichik. Ekranda nimalar bo‘lganini bilmayman, uning yonida o‘tirganimni eslayman, xolos. Uning jiddiy tomosha qilishini kuzatardim, his-tuyg‘ulari yuzida aks etardi. Shu paytgacha u menga yoqardi, xolos. Endi esa qandaydir bir iliqlikni his etdim, suyanchiqda mening qo‘lim yonida turgan qo‘lini ohista silagim keldi. Uyga qaytishda yelkasiga qo‘limni qo‘y­dim, u qarshilik qilmadi. Ilgari men uni uyigacha ku­zatmasdim. Bu safar birga bordim. Darvoza oldida u menga qo‘lini uzatdi, keyin darhol yugurib ketdi. Biz go‘daklarga o‘xshardik. Men ham baxtli, ham mag‘rur edim. Keyinroq, armiya xizmatida bo‘lgan paytimda biz o‘pishdik. Hammaning menga havasi kelardi: shahrimizdagilar uni bilganlari uchun, xizmatdosh do‘st­larim suratini ko‘rganlari uchun. Tez-tez yozishib turardik. Ta’tillar orasidagi kunlarni sanab o‘t­kazardik. Bir kuni yaqin joyda mashq o‘tayotganimizda kech­qurun bir soatga yashiriqcha keldim. Xizmatim tugashini orziqib kutardik.
U jim bo‘lib qoldi va derazadan tashqariga nazar tashladi. Men endi uning yuzini yon tomondan ko‘rib turardim. U xotirjam, o‘zini tutib olgan, bir oz jonlangan edi.
– O‘sha kunlar hozir menga uzoq o‘tmishdek tuyuladi, – so‘zida davom etdi u nihoyat, – vaholanki bu o‘tgan yilgi voqea. Biz uzzukun birga bo‘lardik. U hali ham o‘sha korxonada ishlardi. Ustalar tayyorlaydigan kurs­da o‘qimoqchi edi. Armiyadan qaytgach, men mashinasozlik sohasini tanladim va payvandchi bo‘lib ishga joylashdim. Mening ham o‘z rejalarim bor edi: xizmat davrida kursda o‘qib attestat olgandim. Endi sirtdan o‘qiy boshladim. Mashinasozlikka, tushunayapsizmi?
Men bosh irg‘adim. Meni qandaydir quvonch chulg‘ab olgandi. U hikoya qilar ekan, menga ilgarigidan ko‘ra boshqacha bir tarzda sirdosh, yaqin bo‘lib qolgandi. Shu lahzada undagi turli-tuman xislatlarning bir-biriga qo‘shilib ketganini payqadim: u yosh, kelajakka ishongan, kuchga to‘liq edi. Unda oldin kuzatganim mehribonlik, yetuklik, muloyimlik va sezgirlik xususiyatlari endi uni yanada kuchli va quvnoq ko‘rsatardi.
U nazarini mendan olib, yana tashqariga – lipillab o‘tayotgan zulmatga tikilgancha so‘zida davom etdi.
– Vera ikkimiz anchagacha “keyin, keyin” deb yurdik. Nihoyat mana shu keyin ham yetib keldi. Gohida shunday tuyulardiki, go‘yo bizning bunga jur’atimiz yetmasdi. Biz yonma-yon o‘tirardik-da, nimanidir kutardik. Xiyla vaqt buni unutib yuborardik, ammo keyinroq kutish hissi borgan sari kuchayib bordi. Hali yoshmiz, deya o‘zimizni ovutardik. Biroq bu ham sabab emasligini bilardik. Vera yigirma birda edi. Bizga yetishmagan narsa faqatgina bizni ulg‘aytirayotgan vaqtning o‘tishi emas edi. Ba’zan o‘zim yolg‘iz qolgan chog‘larimda vaqtning o‘tishidan qo‘rqib ketardim. Mana biz birgamiz, biroq shunday payt keladiki, bu birgalikning boshlanishi emas, balki nihoyasi bo‘ladi va vaqt hamma chiziqlarni o‘chirib tashlaydi, deb xayol qilardim.
Biz yana “keyin” deya boshladik. “Keyin, o‘z boshpanamizga ega bo‘lganimizdan so‘ng”, “undan keyin bolalarimiz bo‘ladi”, deyardik. Biroq bu ham garchi dastlab bizni birmuncha ovutgan bo‘lsa-da, umuman hech narsani o‘zgartirolmasligidan qo‘rqardik. Shu sababli gohida kelajak haqida so‘zlashadigan bo‘lsak, u qadar shoshilmasdik ham. Ko‘nglimizning notinchligini, tushkunlikka tushishimizni bir-birimizdan yashirishga urinardik va bu holatni yo xafagarchilikka, biror ko‘ngilsizlikka yoki bo‘lmasa shunga o‘xshash narsalarga ag‘darardik.
Yozda birga ta’tilga chiqdik. Chodir sotib oldik-da, men bolaligimdan bilgan ko‘l bo‘yiga jo‘nab ketdik. Maktabda o‘qib yurganimizda uch haftani u yerda rosa mazza qilib o‘tkazgandik. Bu haqda o‘ylaganimda ko‘z oldimga lojuvard osmon hamda suvning oyoqlarim ostida yoqimli to‘lqinlanib qirg‘oq toshlariga urilishi kelardi. Vera ikkimiz bir necha hafta davomida nuqul shu haqda gaplashdik. Jo‘naydigan kun yetib kelgach, azonlab mototsiklga o‘tirdik. Biz quvonch va sabrsizlikdan toshib borardik. Tush bo‘lmay yetib keldik, chodirni tikdik va yukxaltalardagi narsalarni chiqardik. Undan keyin suv bo‘yiga, qo‘ng‘ir xarsang toshlar ustiga o‘tirdik. Keyin o‘rmonga yugurib ketdik, bizdan boshqa jon zoti yo‘q edi. Kunlarimizni rosa gashtli o‘tkazamiz, deb o‘ylagandik.
Dastlab hammasi kutganimizdek bo‘ldi. Biz quyoshda toblanib yotgancha daraxtlarni tomosha qi­lar­dik. Ayniqsa kechqurunlari suv havodan ko‘ra iliq­roq bo‘lgan paytlarda uzoq-uzoqlarga suzib ketardik. O‘t bosib ketgan egri-bugri so‘qmoqlar bo‘ylab miriqib kezardik. Qushlarning sayrashiga quloq tutardik va ularning nomlarini bir-birimizga aytardik.
Biz hanuz kutayotganimizga iqror bo‘lishdan tortinardik.
U bir zum jim bo‘lib qoldi. Keyin izoh berdi:
– To‘g‘risi buni o‘zimiz ham anglab yetmasdik. Buning hammasi ko‘proq notinchlik edi chamamda. Rost. Bizning birgalikdagi hayotimiz hech qachon shu ko‘ra­yot­ganimizdan ortiq narsa berolmas edi. Biz bir-birimizni tushunardik, yashiradigan sirlarimiz ham yo‘q edi. Hamma narsa haqida bir-birimiz bilan o‘r­toqlashardik. Bizga nimadir yetishmasligini hech tan olmasdik. Baxtli ekanimizga iqror bo‘lardik. Vera juda go‘zal, kelishgan, sarvqomat edi.
U burchakka suyanib olgandi. Men uning chehrasi­da­gi nurni ko‘rib turardim, xolos. So‘ng anavi, boshqasi kelgan, xayoldan kechirdim men.
U yana oldinga egildi-da, yuzini qo‘llari bilan bekitdi. U shu qadar sekin gapirardiki, men uni ang­lab olishga zo‘r berib urinardim. Darvoqe, u menga gapirardimi?
– Keyin Mariya keldi. Ikki chodir to‘la o‘g‘il va qiz bolalar kelishdi. Ular ikki ayol – bir muallima va bolalardan birining onasi boshchiligida edi. Ular chodirlarini yalanglikning narigi chetiga tikishdi. Biz ularni suvdagina ko‘rardik. Vera ikkimiz kun bo‘yi yashil soyabon ostida yonma-yon, bir-birimizning taftimizni, tomir urishimizni his etib so‘zlashmasdan yotardik. Veraning yelkalari, soni va uzun jigarrang oyoqlari menga tegib turardi. Men Verani mehr va shu bilan birga, allaqanday achinish bilan kuzatardim. Biz tez-tez bir-birimizni, o‘tlarni, gullarni, suv ustiga egilgan daraxtlarni suratga tushirardik, go‘yo shu bilan o‘tkinchi narsani tutib qolmoqchi bo‘lardik.
Bir kuni kechqurun Mariya bizning oldimizga keldi. Ular gugurt sotib olishni unutishgan ekan. Bolalar uxlagach, muallima bilan ikkovlari kelishdi. Negadir men aksincha o‘ylabman: Mariyani muallima, anavi malla sochli ayolni esa bolalardan birining onasi debman. Mariya o‘g‘li haqida so‘zlab bergachgina buni bildim.
Bu menga g‘alati ta’sir qildi. Uning o‘g‘li haqida gapirishi g‘alati ta’sir qildi. So‘zlash ohangi ham g‘alati ta’sir qildi. Hayotida qandaydir baxtsizlik bo‘lganini darhol anglab yetdim.
Biz bolalar haqida so‘zlashdik. Men maktabda o‘qib yurganimda, xuddi shu tarzda, mana shu yerlarda bo‘lganimni gapirib berdim. O‘quvchilik davrimizda bo‘lgan qiziq voqealar, sho‘xliklarimiz haqida hikoya qildik. Suhbat chog‘ida malla sochli muallima suv ustiga egilgan daraxtga suyanib o‘tirar, Vera ikkovimiz hali quyosh tafti ketmagan toshlar ustida o‘tirardik. Mariya bo‘lsa salgina chetroqda, bizning qarshimizdagi biz yasagan toshkursida, suvga qarab o‘ti­rar, faqat gapirgandagina biz tomonga burilardi.
Men uni allaqachon sevib qolganmidim-yo‘qmi, bilmayman. Ammo u bizga burilganda, go‘yo men qo‘limni Veraning yelkasidan olishim kerakdek tuyulardi. Men bunday qilmasdim. Aksincha, uni o‘zimga yanada yaqinroq tortardim. Go‘yo shu bilan Veranimi yoki har ikkimiznimi, nimadandir himoya qilmoqchidek bo‘lardim.
Shu kundan so‘ng men Mariyani axtaradigan bo‘lib qoldim, avvaliga buni anglab yetmadim. Biroq uni ko‘rsam yoki ovozini eshitsam, allanechuk titrab ketardim. Bir necha kundan keyin o‘zimcha pinhona uning har lahza qaerdaligini belgilab yuradigan odat chiqardim. U hozir chodirda. Endi bolalar bilan koptok o‘ynayapti. Endi yoy otishni mashq qilishayapti. Hozir yolg‘iz o‘zi cho‘milishga ketdi. Yoki bo‘lmasa: hozir qishloqqa xarid qilishga ketdi. Bir kuni tushdan keyin uning qaerdaligini anchagacha bilolmadim. Qancha kuzatgan bo‘lmayin, uning biror yoqqa chiqqanini ko‘r­magandim. Men uni bilmayman-ku, axir, derdim o‘z-o‘zimga. Men nima istayman o‘zi? Birortasi uni yo‘q­lab kelgan bo‘lishi ham mumkin-ku. Ular hozir sha­harda, biror kafeda birga o‘tirishgandir ehtimol, nega bo‘lmasin. Buning menga nima aloqasi bor? Biroq Mariya haqida xayol surishdan endi o‘zimni tiyolmasdim. Vera buni sezardimi-yo‘qmi, bilmayman. Biz cho‘milib chiqib quyoshda toblanardik. Vera bilagini mening boshim ostidan o‘tkazib olgandi. Boshimni burib, uning bilagini yuzimda his etdim. Qalban u bilan emasligimni sezib qolishidan qo‘rqardim. O‘zimni qo‘lga olishga urinardim. Lablarim bilan bilagini siladim. Bu axir yolg‘on-ku, deb o‘yladim-da, titrab ketdim. Vera turib o‘tirdi-da, menga qaradi.
– Nima bo‘ldi – so‘radi u, – sovqotayapsanmi?
Men bosh irg‘adim.
Mariya haqida so‘z ochish uchun gap aylantirib, hozir yodimda yo‘q, qandaydir bir bahona topdim.
– U menga yoqadi, – dedi Vera. – U ba’zi ayollardan ko‘ra mustaqilroq, qat’iyroq. Mana shu xususiyat menga yoqadi. Didi ham chakki emas.
Biz uning kim bo‘lib ishlashi xususida bahs­lash­dik, taxmin qildik.
– U vrach, – dedi Vera.
– Rassommi yoki shunga o‘xshash biror kasbdadir, – dedim men.
Bari bir aniq bir fikrga kelolmadik. Ancha tortishdik. Mariya haqida so‘zlashish menga xush yoqardi. Kechqurun Mariyaning o‘zidan kasbini so‘rab olishga kelishdik. Vera, kechqurun, dedi, men kechqurun Mariyaning bu yerda aniq bo‘lishiga gumon qilsam-da, mayli, kechqurun, deb qo‘yaqoldim.
Men kech tushishini kuta boshladim. Chunonam kutdimki, hatto u kelganda, – go‘yo u mening sabrsizlik bilan, yana yasanib kutib turishimni biladigandek – tamoman holdan toygandim. Men unga qaradim, nazarimda u yasharib ketgandek edi. Uni sevib qolganimga endi imonim komil edi. Biroq oxiri nima bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmasdim. Men uning yonida bo‘lishim kerak – faqat shugina muhim edi. Biz rostdan ham uning kasbini so‘radik. U nazariy fizika ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim ekanligini aytganida men uncha ajablanmadim. Bu unga mos kelardi. Undagi ayrim xususiyatlar buni aytib turardi. Tushdan keyin qaerda bo‘lganini so‘rashga, shubhasiz, botinolmadim.
Bu paytlar Vera ikkimizning vaqtimiz ko‘ngil­liroq o‘tardi. Kun bo‘yi deyarli bolalar bilan bo‘­lardik. Ular ham bizga o‘rganishib, gapimizga bo‘y­sunadigan bo‘lib qolishgandi. Bolalar bilan oson til topishadigan Vera kichik qizchalarni suzishga o‘rgatardi. Katta bolalar men bilan edi.
Men ularga ichi kovak daraxtlarni, g‘orlarni va o‘zim ilgaridan biladigan boshqa xilvat joylarni ko‘rsatardim. Biz tevarak-atrof bilan tanishish maqsadida uzoq-uzoq kezardik. Notanish joyni taxminlab topishga o‘rgatadigan turli o‘yinlar tashkil etar, qizg‘in kurash tushardik. Ba’zan Mariya ham biz bilan birga kelardi. Lekin u bunda bo‘lmagan paytlarda ham men uni yonimda his etardim. Ayniqsa, uning o‘g‘li – onasiga hecham o‘xshamaydigan, jasur, pishiqqina, uzun bo‘yli, sariq sochli bola yonimdaligidan shunday bo‘lardi. Gohida men bolada onasiga xos biror xislatni topardim: boshini burishi yoki yerda o‘tirganida qo‘llari bilan tizzasini quchoqlab o‘tirishi, biror kishi gapirayotganda quloq solishi unga o‘xshab ketardi. Chunki biz yomg‘ir yoqqan paytlarda biror g‘ordami yo daraxtlar ostidagi quruq joydami yashirinib olib hikoya aytishardik. Menga Mariyani yaqinlashtirgan mana shu lahzalar tufayli bolani yaxshi ko‘rib qoldim.
Kunlar shu taxlit o‘tardi.
Tunlar ham boshqacha bo‘lib qoldi. Bizdagi tuy­g‘uning hijroni ham bor edi. Yo‘q, biz buni bilmasdik. Buni men endi anglayapman. Mendagi o‘zgarishni Vera sezganmidi-yo‘qmi, menga qorong‘i. Bu haqda gap ochmasdik. Bir-birimiz bilan ilgarigidek muomala qilardik. Biroq biz aldash uchun emas, balki bir-birimizni ranjitmaslik maqsadida shunday qilardik nazarimda va buni ikkimiz ham bilardik.
Faqat oxirgi kuni kechqurun ahvol o‘zgardi. To‘rttovimiz bizning chodirimiz oldida, ko‘l bo‘yida o‘tirdik. Gulxan yoqdik va qo‘rga kartoshka ko‘mdik. Issiq kartoshkalarni qo‘rdan chiqarib olish uchun Vera cho‘p yasab keldi. Biz yonma-yon o‘tirardik, oldimizda likopchada tuz hamda bir idishchada yog‘ turardi. Xayrlashuvga atalgan vino suvga tashlab qo‘yilgandi. Havo iliq, tinch va osuda edi. Biroq meni, yana birozdan keyin Mariyadan ayrilish va uni balki bir umr ko‘rolmaslik dahshati qiynardi. Men qandaydir qulay bir yo‘l qidirardim. Vaqt o‘tgani sari qiynoq tobora kuchayar va xayolimni chuvalashtirardi. Men uni qayta ko‘rishim lozimligini unga bildirishim kerak edi.
Lekin qanday qilib? Suvdan vinoni keltirdim. Vera quvnoq edi, ehtimol biz ketayotganimiz uchundir. Shishani ochib hammaga vino quydim. Ichdik. Bu italyan vinosi edi. Olovga tikilib o‘tirardik. Yolqinga tikilib, uning harakatini, turfa shakllarda tovlanishini kuzatish zavqli edi. Men Mariyaning yonida o‘tirardim. U stakanlarni yana to‘ldirdi. Unga stakanni uzatayotib qo‘lini sekin siladim. Buning ataylab qilinganini u payqadi va menga qo‘rquv bilan nazar tashladi. Uning bilagini ohista siladim. Bu harakatimni sezdirmaslik uchun nimadir, qanaqadir tushuniksiz bir narsa dedim.
U ham mendek qiynalayotganini bildim, faqat endigina bildim. Buni og‘zidan sezdim. Og‘zi biroz ochilib, lablari titrab turardi.
Tag‘in bir shisha vinomiz bor edi. Uni suvga tash­lamayoq ichdik. Biz bir-birimizdan ko‘zimizni uz­­­masdik. Men Verani unutgan edim. Kechasi tar­qa­layotganimizda uning qo‘lini qayta siladim.
Vera bilan tong g‘ira-shirasida jo‘nab ketdik. Ular hali uyquda edi. Vera hech narsa so‘ramadi. Yakshanba tongi edi. Dushanba kuni biz ishda bo‘lishimiz lozim. Uyga yetib kelgach:
– Men qaytib ketishim kerak, – dedim.
Vera shunda ham lom-mim deb og‘iz ochmadi. Charm kurtkamni yechmasdan buyumlarni kiritishga ko‘mak­lashdim.
– Ertaga azonlab kelaman, – dedim, – boshqa ilojim yo‘q, borishim kerak. U eshikka suyanib turardi, men jo‘nab ketganimda ham o‘sha holatda qoldi. Men yo‘limdan qayta olishim, uni o‘pib, uzr so‘ray olishim mumkin edi. Biroq ketishim ham kerak edi.
U yerga kechga yaqin yetib bordim. Bolalar ov­qat­la­ni­shardi. Qayinlar orasidagi uzun stolda bolalar bilan o‘tirgan Mariya o‘rnidan otilib turib menga tomon yugurdi. Birga o‘rmonga ketdik. Lagerdan ancha uzoqlashgach, to‘xtadik. U peshanasini yuzimga qo‘ydi.
– Nima qilamiz? Nima qilishimiz kerak? – shivirladi u.
Uning rangi oqarib ketgan edi. Men nima deb javob berishimni bilmasdim. Ko‘zlarimdan o‘t chaqnardi, ehtimol jadal yo‘l bosib kelganimdandir yoki shu qadar baxtli, yo bo‘lmasa shu qadar baxtsiz ekanligimdandir. Shu alfozda uzoq turib qoldik. O‘pishishga jur’at qilolmasdik. Undan keyin hamma narsaning hal bo‘lishini bilardik. Men uning yuzini siladim. Biz orqaga qaytdik. Chodir oldida unga qo‘limni uzatdim, shundan so‘ng qaytib ketdim.
Veraning yuzi, oppoq yuzi, uning ko‘z yoshlari – bular hammasi hozir menga xuddi yarq etgan chaqmoqdek tuyuladi.
– Oqibati nima bo‘ladi, bilmayman. To‘g‘risi buni bilmayman, Vera. Gapning rostini aytish kerak-ku axir, tushunasanmi? – deyman unga.
Eng dahshatlisi shu ediki, men baxtli edim. Hayotimda ilk bor baxtli edim. Hech qachon bu qadar baxtli bo‘lmagandim. Hamma yerda, har on Mariyaning chehrasini ko‘rardim. U tabiat qo‘ynida, dalalarda, qirlarda, o‘rmonlarda, men yurgan yo‘llarda, shahrimizdagi qator uylar uzra suzib yurardi. Payvandlayotganimda eriyotgan metallning tovlanishida ko‘rinardi. Tunda esa tinch va osuda chehrasi yumuq ko‘zlarim tubida turardi. Hamma joyda u edi, men esa unga ergashib yurardim. Tongda bo‘lsa boshqacha holatda, ilgari mutlaqo his etmagan quvonch bilan uyg‘onardim. Bugun payshanba, ertaga juma, shanba kuni uni ko‘raman, deb xayolan shoshilardim.
Verani har kuni ko‘rardim. U bilan hamishagidek muomala qilardim. Birga ovqatlanishga borardik, ilgarigidek hazil-mutoyiba qilardik. O‘shanda u katta frezer stanogida ishlardi. Men uni ishdan so‘ng olib ketardim, birga bekatga borardik. Yonimda borarkan, u qo‘liga krem surtardi.
– G‘adir-budir bo‘lib qolmasin, deyman-da, bildingmi? – derdi keyin.
U o‘zini go‘yo hech gap bo‘lmagandek tutar, bu bilan menga yengillik tug‘dirardi. Bizga odamlarning hamishagidek havaslari kelardi. Men unga mehr bilan boqar va yordami uchun undan minnatdor edim. Shu bilan birga uning oldida xijolat tortardim. Biroq mana shu xijolatlikda ham soxtalik borligini bilardim.
To‘g‘risi, men hali bo‘layotgan voqealarni to‘liq tushunib yetmasdim. Buning oxiri nima bilan hal bo‘­lishini ham bilmasdim. Navbatdagi shanba kuni u:
– Bugun men ketyapman. S. da maktabdosh dugonam bor. O‘sha yoqqa bormoqchiman, – dedi.
Buning uchun undan minnatdor bo‘ldim. Shunday bo‘lsa-da, men uning o‘zi haqida emas, balki ketsa yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylardim. Tushdan keyin men Mariya yoniga ketdim.
U jim bo‘lib qoldi. Chehrasi sokin edi. Men unga qaradim. Uni tushuna olamanmi-yo‘qmi, hali bilmasdim. Men sho‘rlik Vera haqida o‘ylamoqchi bo‘l­dim. Biroq u qolib, Mariya haqida xayol surib ketdim. U borgach Mariyaning naqadar quvonishi, nima qilishni bilmasdan dovdirab qolishi, keyin uning istiqboliga yugurishini ko‘z oldimga keltirardim. Go‘yo hech gap bo‘lmagandek ular salomlashishadi. Ularning ko‘zlarigina yurakdagi gapni aytib turadi, xolos. Ke­yin u muallima bilan so‘rashadi. Bolalar bilan ham salomlashadi, ular uni go‘yo o‘zlarini yo‘qlab kelgan, deb o‘ylashadi. U bolalarga birga bekinmachoq o‘ynashga va’da beradi. Ehtimol yo‘lda ko‘rganlarini so‘zlab berar. Shunda Mariyaning ko‘zlarini uchratadi.
Bolalar uxlashgach, ular ko‘l bo‘yiga ketishadi. Tosh ustiga o‘tirishadi. Allaqachon qorong‘i tushgan bo‘ladi. Men ularning ovozlarini eshityapman, ularning yaqinligini, yurak urishlarini sezyapman. Keyin chodirga kirib yotishadi. Tongda uyqudan turganlarida ularning ixtiyorlarida yana butun bir kun bo‘ladi. Birinchi kun. Ularning haqiqiy birinchi kunlari, o‘y­layman men.
O‘zi hamma narsa endi boshlanadi-da, xayol suraman yana. Ularning birga qolishga umid bog‘lashdan o‘zga o‘ylari bo‘lmaydi, deyman ichimda. Shunda qo‘rqib ketdim: u hikoya qilayotganda tashlandiq qiz (Verani o‘zimcha shunday atadim) tomonda edim, endi esa nuqul Mariya haqida xayol surardim. Men Mariyani boyagina shu yerda, uning yonida o‘tirganini, manglayini uning bilagiga bosganini va qay tarzda chiqib ketganini qayta ko‘z oldimga keltirdim. Agar hozir u: bu oddiy adashish, hozirgisi ham shunchaki amalga oshmaydigan qandaydir bir xayoldan boshqa narsa emas, desa, naqadar dahshat bo‘lardi, degan fikr kechdi miyamdan. Bu – bunday hollar hamisha yolg‘on, sarob, degani bo‘ladi-ku. Yuragim qattiq urardi. U hikoyasini davom ettirishini istardim. Biroq u uzoq sukut saqladi. Ko‘zlari menga tikilgan, ammo meni ko‘rmasdi. So‘ngra mening so‘zsiz, talabchan savolimga javob qaytardi:
– Mariya ikkimizning o‘rtamizda keyin nima bo‘l­ganini tasvirlash juda og‘ir.
Biz qayiqqa o‘tirib ko‘lning narigi qirg‘og‘iga ketdik, u yer bizning qirg‘oqdan ko‘ra boshqacha, ancha tikroq edi. U yerdagi tekis tosh ustida uzoq o‘tirdik-da, sokin, tubida rang-barang toshlar ko‘rinib turgan tip-tiniq suvni kuzata boshladik. Gohida Mariya oyog‘ining uchi bilan suvni harakatga keltirar, shunda suv tubidagi toshlar jilolanardi.
Bizning sevgimiz ham ana shunday.
Men o‘z-o‘zimdan shunday fikrga kelganim yo‘q, biz yonma-yon yotgan birinchi kechada men shunday tush ko‘rdim: tushimga tip-tiniq suv kirganmish, uning tubidagi toshlar quyosh nurida tovlanarmish. Uyg‘onganimdan so‘ng, bizning sevgimiz ham ana shunday deb xayoldan kechirdim. Mariyani eslaganimda ham u menga o‘shanday: tiniqlik, sokinlik, soflik, bebaholik timsoli, qo‘yingchi, butun borlig‘i bilan benihoya shodlik manbai bo‘lib tuyuladi. Ilgarilari ham shodlik nimaligini bilaman, deb yurarkanman. Lekin bu, shodlik haqidagi tasavvurdan bo‘lak narsa emas ekan. Ajo­yib kun nimaligini bilaman, deb o‘ylarkanman. Daraxt, maysa nima, bulutlarning suzishi-yu o‘rmon oralab ketgan so‘qmoq yo‘l nima – bularni bilaman, deb o‘ylarkanman. Keyin anglasam, men shu paytgacha hech narsani ravshan ko‘rmagan, hech narsani bilmagan va his etmagan ekanman. Go‘yo bularning barchasi qiya ochiq eshik ortida edi-yu, mening ularga tasodifan birgina nazar tashlashim kifoya edi. Yo‘limda quyosh nurining jilvasini ko‘rarkanman, bir kun keladiki, uni chinakam ko‘raman, degan umidnigina his etib yurgan ekanman. Daraxtni, uning bo‘yini, shox-butoqlarini, yaproqlarini ko‘rardim-da, o‘zimcha, bu daraxt, deb qo‘yaqolardim. Qushlarning uchishini ko‘rardim – qanoti bor, uchadi. Ammo o‘zim anglab, his etgachgina haqiqiy parvoz nimaligini ko‘rdim, bularning barchasini men shu paytgacha bilmasdim. Kishilarga munosabatim ham shunday edi. Birov chiroylimi yoki xunukmi, aqllimi yoki aqlsizmi, harqalay, ajrata olaman, deb o‘ylardim. Biroq o‘sha odamning o‘zini – na aqlli yo aqlsiz, na chiroyli yo xunuk, balki mudom tinib-tinchimaydigan, goh aqlli, goh aqlsiz, goh xunuk, gohida chiroyli shaxsiyatini ko‘rmas ekanman. Men uning his-tuyg‘ularini, uning intilishlarini, zehnini, uning fikrlashini bilmaganman. Hatto Verani ham bilmas ekanman. Eng yomoni shu bo‘ldiki, odamlarga ham shunday ko‘z bilan qaraganman. Men... – u biroz to‘xtab olib so‘zida davom etdi, – xuddi qadam tashlasa ham oyoqlari ostidagi yerni his etmaydigan kishidek yashaganman. Zaminda mahkamroq turish uchun nima qilish lozimligini bilmaganman.
Mana shularning barchasini endi boshqacha nazar bilan kuzatadigan bo‘ldim. To‘g‘rirog‘i, biz bunga ikkovimiz birgalashib erishdik. Chunki Mariyaning ham holati menikidek bo‘lgan. Oldiniga buni payqamay yurdim. Meni atrofga boshqacha nazar bilan qarashga, hayotni chuqur tushunib yetishga, undagi buyuk haqiqat ichiga kirib borishga o‘rgatgan narsa undagi yetuklik, shaxsiyatidagi qudrat, kuch, deb o‘yladim. Lekin u ham xuddi mendek ekan. Biz birga go‘yo bir odam edik. Bir-birimizni yanada yetuk qilib, to‘ldirib turardik.
Dastlabki kezlarda Mariyasiz yolg‘iz qolga­nim­danoq o‘zimdagi yangicha his-tuyg‘uni tag‘in yo‘qotib qo‘yardim. Dushanba kuni ertalab ishga kelib, parishon holda nima qilishimni bilmay turardim. Eriyotgan metallning jilolanishi meni qiynar, toliqtirar, tsexdagi mashinalarning shovqini g‘ashimga tegardi. Kechqurunlari kitob o‘qirkanman, fikrlarim chalkashib ketar, ularni bir joyga to‘playolmasdim. Ochiq sahifaga tikilgancha Mariyani o‘ylab ketardim. Men uning yoniga, o‘zimni yangicha his qila oladigan o‘sha birdan-bir joyga ketishni orzu qilardim. Anchadan keyingina o‘zimni bir oz tutib oldim. Bunday holat hech narsadan hayron qolmaydigan bo‘lganimdan so‘ng yuz berdi va mendagi bu yangi o‘zgarish zilol suv tubidagi yaltiroq toshlarga o‘xshar edi. Shu paytlar ishim ham endi boshqacha bo‘ldi.
U ilk marta yodga olinayotgan voqea haqida gapirayotgandek tutilib-tutilib so‘zlardi.
– Qanday maqsadni ko‘zlashimni ilgaridan ham bilardim, albatta. Odamlarning ishini yengillatadigan, hatto ularni og‘ir ishdan ozod qiladigan mashinalar yaratishni istardim. Biroq, avvalo inson nimaligini bilmaganman. Rost. Men buni bilmagan ekanman. Men undagi qudratning naqadar ulug‘ligini bilmagan ekanman. Hatto o‘zimni ham anglab yetmagan ekanman-da. Qanday tushuntirsam ekan? Mariya meni sevganidan buyon, meni sevuvchi inson u bo‘lgani uchun o‘zimni yuksaklikda tasavvur etaman. U...
Erkak jim bo‘lib qoldi. Meni unutib qo‘ydi, deb o‘yladim. Qimirlashga jur’at qilmasdim. Bir ozdan so‘ng dedi:
– Tushunasizmi? So‘zlash og‘ir. Ehtimol meni tushunarsiz.
Ular ko‘l bo‘yidan allaqachon ketishgan, biz goh mening, goh uning shahrida uchrasha boshladik. Uchrashuvlarimiz orasidagi vaqtni zo‘rg‘a o‘tkazardik. Mariya o‘zini tuta biladigan, mulohazaliroq bo‘lsa-da, men “biz” deyapman. Biz iloji boricha shanba kunlari uchrashishga kelishgan bo‘lsak-da, men oraliqda, chorshanba yoki juma kunlari ham borardim-da, ertasiga azonda ishga yetib kelardim. Borgan sari ahvol qiyinlashar, bir-birimizga yanada qattiqroq bog‘lanib borardik. Biz birga bo‘lishga, hech bo‘lmasa bir shaharda yashashga qaror qildik. Buning uchun men ishimdan bo‘shashim kerak edi. Mariya institutdan ketolmasdi. Oldin bu shunchaki jo‘n ishdek tuyuldi. Men Mariyaga yaqin joydan ish axtardim.
Endi Vera haqida gapiraman. Men Verani unutgandim. Uni har kuni ko‘rsam-da, unutgandim. Unga duch kelish menga hatto malol kelaboshladi. Ba’zan chidayolmasdan: “Nima istaysan mendan? Ahvolni ko‘ryapsan-ku!” deb yuborgim kelardi. Shunday bo‘lsa-da, u bilan yaxshi munosabatda bo‘lardim va unga yuragimni ochmaganimdan o‘zimni gunohkor sezardim. Shu boisdan men korxonadan va shahrimdan ketganimdan afsuslanmadim.
Vera zarracha qarshilik qilmadi. Aynan shu narsa meni qo‘rqitdi. Yo‘q, hayajonga soldi. Biroq buni yuzaga chiqarishni istamasdim. Ehtimol haddan ortiq band bo‘lganimdanmi, bu holatni o‘zimdan nari quvardim. Keyinroq Vera Yurgen ismli muhandisimiz bilan uchrashadigan bo‘ldi. Men ularni tez-tez, ko‘chada, kinoda birga ko‘rardim. Hammasi tinchgina hal bo‘ldi, u ham boshqa birovni topdi, endi yolg‘iz emas. U haqda qayg‘urmasam ham bo‘ladi, deya o‘zimni yupata boshladim.
Mariya mendan Verani so‘raganda unga muhandis haqida so‘zlab berdim. U menga savol nazari bilan qaradi. Men bosh chayqadim: qo‘yaver, shunday bo‘lgani yaxshi. Shu bilan birga buning yaxshi emasligini ham bilardim. Vera Yurgen bilan ataylab meni uchratadigan joyga borishini bilib turardim. Yurgen unga butunlay boshqa maqsadda, ya’ni meni kutmayotganligini, ruhan tetikligini isbotlash uchun kerakligini payqash qiyin emasdi. Bu shundoq ko‘rinib turardi. Bunday bo‘lishi mumkin emasligini, Yurgenni ham o‘ylash lozimligini anglardim. Bu ham o‘z-o‘zimni aldashdan boshqa narsa emas edi. Ammo xuddi shu narsa – Veraning ahvolini ko‘rib turishim, lekin buning oldini ololmasligim meni iloji boricha tezroq ko‘chib ketishga undadi.
Men Mariyaga yaqin joydagi vagon zavodida ishlay boshladim. Biz har kuni ko‘rishib turardik. Verani deyarli ortiq o‘ylamay qo‘ydim.
Yakshanba kunlaridan birida Paula bilan Irmgard mening oldimga kelishdi. Ular Veraning brigadasidan edi. Qizlar mendan gina qilishdi.
– U bunga chidayolmaydi, – deyishdi.
– Nega u Yurgen bilan qolavermaydi? – deb so‘­radim.
Ularning yuzlariga qarayolmasdim.
– U faqat Yurgen bilan emas, bugun bittasi, ertaga boshqasi bilan uchrashadi. Bunga sen aybdorsan, – javob berishdi ular.
G‘azabim qaynab ketdi. Ularning aralashishga ni­ma haqlari bor? Ular hech narsani bilishmaydi-ku. Birovning shaxsiy ishiga nega boshqalar aralashadi? Birov birovga qarammi? Ular mendan nima istaydilar? Eng asosiy narsa to‘g‘rilik. Men vijdonsizlik qilganim yo‘q. Nima o‘ylagan bo‘lsam, qizlarning betiga aytdim. Xafa bo‘lib jo‘nab ketishdi.
Ularning kelishganini Mariyaga aytolmadim. Nimadir meni tutib qoldi. Biroq o‘z-o‘zimga yakkash, buning boshqalarga aloqasi yo‘q, derdim. Ular nimani bilishadi? Bir narsaga aqllari yetsa, boshqasiga yetmaydi. Ular Mariyani bilishmaydi. To‘g‘risi, meni ham yaxshi bilishmaydi. Ular meni zangori ko‘zoynakda ish ustida egilib turganimni ko‘rishgan, xolos. Yuzimni yoritgan nur meni faqatgina tashqi tomondan ularga ko‘rsatgan. Ishdan qaytayotganimda esa, ular mening hali yosh bo‘lsam-da, bukilgan yelkamnigina ko‘rishgan. Ular meni oshxonada, Vera bilan shoshib-pishib ovqatlanayotganimda ko‘rishgan. Bunda ko‘radigan hech vaqo yo‘q. Goho majlislarda so‘zga chiqardim, bu juda kamdan-kam bo‘lib, diqqatni ham tortmasdi. Shuning uchun ularning aralashishga haqlari yo‘q, deb o‘yladim.
Lekin o‘sha kundan so‘ng Veraning chehrasi ko‘z o‘n­gimdan ketmay qoldi. Uni xayolimdan quvolmasdim. Uni unutmaganimni, u hali qalbimda ekanini angladim. Uning kulishini tasavvurimda jonlantirardim, lekin bu uning kulgisiga o‘xshamasdi.
Ko‘nglimdagi notinchlikni Mariyaga sezdirmas­dim. Bunga chek qo‘yishim lozim, deyardim. Xato qi­layotganimni bilardim. Ammo, uni ranjitmasligim lozim, deb o‘ylardim. U o‘shanda murakkab bir masala ustida bosh qotirardi, – u hayajon ichida oldinga egildi, – mikroskopik jismlarning harakat qonunlari ustida. Eynshteyn yaratgan yagona maydon nazariyasining oxirgi variantlaridan kelib chiqadigan turli xil nazariyalar mavjud. U mikroskopik jismlarning to‘g‘ri chiziq bo‘ylab emas, balki Eynshteyn ko‘rsatganidek egri chiziq bo‘ylab harakat qilishini isbotlashga urinardi... Bu biz tasavvur qilganchalik og‘ir masala emas. Buni har tomonlama chuqur o‘ylab, mag‘ziga kirib borsangiz, ancha qiziq. Men hali bu haqda uncha ko‘p narsa bilmayman. O‘shanda Mariya katta anjumanga tayyorlanayotgan edi. Institutdan kech qaytar va yarim kechagacha hisoblab o‘tirardi. Men darhol biror yegulik tayyorlab, yozuv stoliga qo‘yardim. Boshini ko‘targanda unga ko‘zim tushsin uchun ro‘parasiga o‘tirib olib kitob o‘qishni yaxshi ko‘rardim. Uni endi avvalgidan ham ortiqroq sevaman, deb o‘ylardim.
Hayotim tushga o‘xshardi. Mariya bilan hamisha shu taxlit yashayveraman, deb xayol qilardim, shundoq jo‘ngina xayol qilardim. Birimiz ikkinchimizga tirgak bo‘lib, shirin, musaffo bir butunlikni tashkil qilib yashayveramiz, deb o‘ylardim. Bu yana o‘sha zilol suvni va uning tubidagi yaltiroq toshlarni eslatardi. Keyin xayolim Veraga ketardi. Nazarimda biz hamma narsani endigina boshlaganmiz-u, go‘yo bir qarorga kelingan-u, biron narsa oxiriga yetkazilmagan edi. Bu daraxtlar orasidan jimirlab ko‘rinayotgan zangor dengizdek xayoliy, bajarib bo‘lmaydigan va’daga o‘xshardi. Ko‘z oldimda noma’lum, sovuq, qup-quruq kelajak gavdalanardi.
Mariyani ish ezib tashladi. Nafaqat ish. Azoblanayotgani qo‘llaridanoq ko‘rinib turardi. Buni ko‘rib yuragim ezilib ketardi. Men uni benihoya sevardim. U menga qarasa, men boshimni chetga burardim. O‘zim, yolg‘iz o‘zim bor muammoni hal qilaman, deb o‘ylardim...
Suhbatdoshim yana o‘zini orqaga tashladi. Yuzi aniq ko‘rinmasdi, ammo tizzasida yotgan qo‘llarini aniq ko‘rib turardim.
– Keyin Mariyaga buni aytdingizmi? – so‘radim men.
– Yo‘q, – deya boshini chayqadi u. – U allaqachon o‘zi sezgan edi. U menga: “Veraning oldiga bor. Uning ahvolidan xabar ol. U bilan so‘zlash” dedi. Ishning nima bilan hal bo‘lishini u bilardi, lekin bu haqda og‘iz ochmasdi. “Avval u yoqqa bor” dedi.
– Siz bordingizmi?
– Ha, o‘sha shanba kuniyoq bordim. Verani ko‘chada uchratdim. U yoshgina bir askar yigit bilan kulishib turardi. Meni ko‘rgach, hamrohini ko‘chaning narigi tomoniga yetakladi. Bu vitrinalarga boy gavjum ko‘cha edi. U yasanib-tusangan, buning ustiga nihoyatda go‘zal edi. Men ketidan bordim. U begona kishi bilan turgan bo‘lsa-da, unga murojaat qildim:
– Vera, sen bilan gaplashmoqchiydim, – dedim.
– Marhamat, – javob berdi u va go‘yo men u bilan o‘sha yerda, anavi yigit oldida gaplashaveradigandek. – Aximga keyin baribir hammasini aytib berishim kerak, – deb qo‘shib qo‘ydi-da, qah-qah otib kuldi. Bu dahshatli edi. Javob tariqasida nimadir dedim-da, burilib ketdim. Kechqurun uyiga bordim. U haliyam o‘sha eski joyda yashardi. U kechqurun ancha bosilib qolgan edi. Go‘yo men ma’lum bir muddatga ta’tilgami yoki shunga o‘xshash biror yoqqami ketib, yo davolanib qaytib kelgandek uning o‘qishi, korxona haqida gaplashib o‘tirdik. Men unikidan tezda ketdim va uyga kechasi yetib bordim.
– Mariya-chi? U nima qildi?
– U hammasini bilardi. Hech narsa so‘ramadi ham.
– Siz ketishga astoydil qaror qilganingizni hammi?
– Biz ikkimiz shunday qarorga kelgandik. Mariya ikkimiz.
– Endi-chi? Bugun, demoqchiman.
– Ertaga Mariya anjumanda bo‘ladi. Men ketyapman. Vokzalda meni Vera kutib oladi.
– Shu ishingizdan xursandmisiz?
U menga tikilib qaradi.
– Ha, – dedi u, – bilasizmi, biz qat’iy qarorga kelganmiz.
– Shunday qilganlaringiz Mariya uchun ham to‘g‘ri bo‘lgan, deb o‘ylaysizmi? – so‘radim men, – meni ke­chiring-u, ikkingizning munosabatingizni hozirgina ko‘rdim-ku.
Men hayajonlanardim.
– Ha, uning uchun ham shunday qilganimiz to‘g‘ri.
Bu odamning go‘zalligini endigina payqadimmi yoki bo‘lmasa u hozir avvalgidan ham go‘zallashib ketdimi, bilmayman. U oldinga engashdi.
– Agar biz hech gap bo‘lmagandek birga qola­ver­ganimizda, – dedi u xotirjam ohangda, – hamma narsani buzgan bo‘lardik, bir-birimizni aldagan, chal­g‘itgan bo‘lardik. Biz, men va Mariya, ikkimiz bir odammiz. Qalban yagonamiz.
Biz uzoq jim qoldik. Keyin u yoq-bu yoqdan gaplashib ketdik. U to‘g‘ri yo‘l tutganmi-yo‘qmi, bilmasdim. Buni men faqat keyinroq, uyda yolg‘iz qolganimdagina tushunib yetdim.

Nemis tilidan Yanglish Egamova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 7-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.