Aziz bolalar!
Men barchangizni birdek yaxshi ko‘raman, barchangiz azizsiz menga. Sizlar ham bilar kabi katta-kichik odamlarsiz. Har bir avlod, har bir nasl o‘ziga xos. Mening sizlarga aytadigan gaplarim ko‘p.
Hech vaqt suvni bekordan bekorga isrof qilmangiz. Xuddi shu damlarda sahrolarda kimdir suvsizlikdan jon berayotganini unutmang. Zinhor kalta o‘ylamangki, men suv to‘kkan o‘sha odamga, o‘sha cho‘lga yetib borarmidi deb. Suv yetib bormasa ham, o‘sha kimsa xuddi shu suvni ichmasa ham, dunyoda yana bitta qonunlarda yozilmagan jinoyat kamayadi.
Hech qachon nonni yerga tashlamang, urvog‘ini ham. Uvoli tutmasin. Qaerda ko‘rib qolsangiz, yerdami, oyoq ostidami, qo‘lingizga olib, qo‘l yetadigan, ko‘z tushadigan joyga qo‘ying. Bu dunyoda tashnalikdan madori quriyotganlar bilan birga burda nonga zorlar ham bor. Har qalay, tuproqqa, changga, loyga botib, qorishib yotgan nonni olib yetgandan ko‘ra balandroq joydagi toza nonni olib yeyish qulayroq, yegani o‘ziga botadi. Sizni bilmasa ham duo qiladi. Savobga qolasiz.
Hech qachon telba odamlardan qo‘rqmang. Ularga duchlan-sangiz, dardiga sherik bo‘ling. Balkim shunda o‘zingiz ham bilmagan holda uni shu darddan bolalarcha soddaligingiz, samimiyatingiz, beg‘uborligingiz, ta’masizligingiz bilan forig‘ etarsiz. Uni dilidagini topishga urining, nimani istaydi o‘zi, so‘rab biling, so‘rab ko‘ring. Odam taftini odam ko‘taradi, axir. Bundaylarning ustidan aslo kulmang! Boshqalar ham kulayaptilar-ku, gapirishayapti-ku, deb gunohingizni boshqalarga ag‘darmang, O‘zingizga o‘zingiz loyqayd bo‘lmang, o‘zingizga o‘zingiz ma’sul bo‘ling. Erkin, mustaqil fikrlashga o‘rganing.
Ota-onangizni ranjitmang. Ulardan bo‘lar-bo‘lmasga arazlamang, Unutmangki, ular ham sizdek qachonlardir bola bo‘lishgan, vaqti-soati yetib, siz ham ulardek keksayasiz. Ota-onalaringizni erta qarishlariga, bu dunyodan bevaqt ko‘z yumishlariga sababchi bo‘lib qolishdan saqlaning. Ularni yerni tepib yurishlarining o‘zi katta bebaho davlat, suyanchiq.
Yo‘lingizda tosh ko‘rinsa, olib tashlang. Faraz qilingki, siz chopib ketayapsiz, ko‘rmay-bilmay shu toshga surinib ketdingiz. Burnimiz qonadi, shikastlandingiz. Hech bo‘lmasa, o‘zingiz uchun shu toshni yo‘ldan chetga olib qo‘ying.
Odamlar orasida, transportlarda o‘zingizdan kattaga joy berishdan uyalmang, aksincha, bermasangiz uyaling! Moddiy tomondan ustunligingizni hech vaqt ko‘z-ko‘zlamang.
Raqibingiz, dushmaningizni yengsangiz, g‘ururlanmang. G‘oliblik nashidasini ichdan anglab yetishning, sezishning o‘zi-kifoya. Birovning ortidan mazax qilib kulmang, hattoki aybini, kamchiliklarini bilsangiz ham. Ayniqsa, sizni gij-gijlaganlardan qoching, ular sizni gij-gijlab qochib ketishadi.
Sinalmagan otning yonidan o‘tmang. O‘z uyinggizga tosh otmang, bu uy siz bilan qoladi, o‘zgalar uyiga sizni baribir kiritishmaydi, sig‘maysiz, ortiqchasiz ularga.
Kitobni varaqlaganda, varaqni yuqori qismidagi uchidan ochib boring.
Nega deysizmi? Chunki kitob o‘qilganda pastdan yuqoriga emas, yuqoridan pastga qarab o‘qiladi.
Tamaddi qilayotib, likopchangizni o‘zingizga yaqinroq, qulayroq qo‘ying. Bexosdaan dasturxongami, qarshingizdagi kishigami, tizzangizgami to‘kilib ketmasin.
Maboda, sizga bularning bari romantika deyishsa, ulardan so‘rab ko‘ring: “Romantika nima o‘zi?” Shunda ular tilini tishlab qolishadi, ilmsizliklarini bildirib qo‘yishadi. Faqat fikrlay olmaydigan odamlargina shunday savol berishadi. Siz ularga Jukovskiyning o‘lmas, buyuk so‘zlari bilan javob bering: “Romantika - bu yurak”.
Tarjimondan: Hassos rus shoirasi Marina Svetayeva qoldirgan boy adabiy merosida uning maktublari alohida e’tiborga molik. E’tiboringizga havola qilinayotgan maktub aslida 1937-38 yillar, may oylarida yozilgan bo‘lib, 1969 yilda «Yangi dunyo» (Nov?y mir) jurnalining 4-sonida bosilgan. U bolalarga atab yozilgan. Maktub, uning g‘oyasi va samimiyati sizni loqayd qoldirmaydi, degan umiddamiz.