Bir necha yillar avval Nyu-Yorkdagi Salamanka shaharchasiga keldim. Bu yerda men poyezdni almashtirishim va uxlab ketiladigan vagonga chiqishim kerak edi. Platforma odamlar bilan gavjum, ularning bari allaqachon liq to‘lib bo‘lgan uzun vagonga chiqib olishga urinishardi. Men chipta sotiladigan kassada o‘tirgan kishidan: “Yotib ketish uchun joy ololamanmi, yo‘qmi?” deb so‘ragan edim, qat’iy “Yo‘q!” degan javob oldim. Nariroq borib boshqa bir mahalliy xodimdan vagondan hech bo‘lmaganda torgina bir burchak topib berishini iltimos qildim. U esa g‘azab bilan gapimni bo‘ldi:
— Iloji yo‘q! Hamma burchaklar liq to‘lgan! Endi meni ortiq bezovta qilmang, — U ortiga qaramay yurib ketdi. Juda dilim og‘ridi. Hamrohimga:
— Agar bu odamlar kimligimni bilsalar edi... — dedim.
Baxtga qarshi hamrohim ham meni eshitishni istamadi.
— Bo‘lmag‘ur gaplarni qo‘y. Bunga ko‘nikishimiz kerak, — dedi u. — Nima, ular sening kimligingni bilishsa, hech qanday bo‘sh joyi bo‘lmagan vagondan biror bo‘sh o‘rin topib beradilar, deb o‘ylaysanmi?
Biroq uning so‘zlari zarracha ham ahvolimni yaxshilamadi. Lekin shu payt vagon kuzatuvchisining menga qarab turganini sezib qoldim. Birdan uning yuzidagi ifoda o‘zgardi. Yonidagi hamkasbiga meni ko‘rsatib nimalardir deb shivirladi. Sezdimki, ular men haqimda so‘zlashmoqdalar. So‘ng kuzatuvchi ochiq chehra bilan biz tomon yurib kela boshladi.
— Biron xizmatlari bormi, ser? — dedi u xushmuomalalik bilan. — Bo‘sh o‘rin kerakmi?
— Ha, — dedim men, — topib berolsangiz behad mamnun bo‘lar edim. Boshqa hech narsa kerak emas.
— Bizda oilaga mo‘ljallangan kupe qoldi, xolos. Unda ikki kishilik o‘rin hamda bir juft yumshoq o‘rindiq bor. Kupe butkul sizning ixtiyoringizda, ser. Tom, bu yoqqa qarab yubor, mana bu jomadonlarni vagonga olib chiq.
Biz platforma bo‘ylab xush kayfiyatda yurib ketdik. Hamrohimga bir nimani -aytishga shaylandimu, lekin fikrimdan qaytdim. Vagon kuzatuvchisi kupeda bizga qulayliklar yaratib berdi, tavoze va tabassum bilan dedi:
— Boshqa biron nima istamaydilarmi, ser? Aytganingizni bajo keltiramiz.
— Issiq suv keltirib bera olasizmi? — so‘radim men.
— Albatta. Hozir keltiraman.
— Yaxshi, krovat ustidagi chiroq juda ham yuqori ilinibdi. Boshqa bir yorug‘roq chiroq topib, boshimga yaqinroq qilib o‘rnatib bersangiz.... Qulayroq o‘qishim uchun...
— Albatta, janob. Siz xohlagan chiroq qo‘shni xonaga o‘rnatilmoqda. Hozir uni olib kelib, shu yerga o‘rnatib beraman, u butun kecha yoniq turadi. Yana istagan narsangizni so‘rashingiz mumkin. Butun yo‘l davomida nimaga ehtiyoj sezsangiz, tortinmay aytavering, ser.
So‘ng u chiqib ketdi. Men hamrohimga qarab jilmaydim:
— Xo‘sh, endi nima deysan? Ko‘rdingmi, ular mening Mark Tven ekanimni bilishgach munosabatlarini o‘zgartirishdi.
Hamrohim jim edi.
— Senga shunday xizmat ko‘rsatilishini xohlamasmiding? Tag‘in chipta narxi bir xil bo‘lsa, — qo‘shib qo‘ydim men.
Shu payt yo‘lakda kulib turgan kuzatuvchining chehrasi ko‘rindi:
— Ser, men sizni bir ko‘rishdayoq tanigan edim.
— Shundaymi, bo‘talog‘im? Xo‘sh, kim ekanman men? — so‘radim unga -yaxshigina choychaqa berayotib.
— Janob Maklellan — Nyu-York meri! — dedi u.
Ingliz tilidan Munira Norova tarjimasi.