OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mehmon Baxtiy. Xubon (qissa)

Aziz hamqishloqlarim hurmati va otamning yorqin xotirasiga bag‘ishlayman
 
1

Oftob hali qiyomga yetmagan edi. Tog‘ yonbag‘ridagi haydalib, tekislab qo‘yilgan yer tomondan hofizning yakka nolishi qishloq osmoniga arang-arang o‘rlardi. Bu tepalikdan Sholon, Qal’acha va Chashmador qishloqlari, ekin yerlari va yam-yashil bog‘lari ko‘zga tashla-nardi.
Bu qishloqlarni qurshab olgan tog‘larni kuzatgan inson qachonlardir mo‘‘jizali tabiat o‘zining bor mahoratini ishga solib, bu yerdagi tepalik va tog‘lar atrofiga ulkan bir taqa qo‘ygan deya o‘yga borardi. Bu tepalik va tog‘lar yonbag‘rida hamda dara va sel yo‘l-lari o‘rtasida g‘allazor maydonlar sap-sariq rangda tovlanardi…
Bug‘doyzor yonida to‘rt hofiz jarangli, baland ovozda qo‘shiq kuylardi.

 Unib-o‘sgan bug‘doyni o‘ramiz-ey-o‘ramiz,
 Yor olisda, holini so‘raymiz-ey-so‘raymiz.


O‘roqchilar bug‘doyni qabzalagancha, berilib-berilib o‘roq tortishardi.
Ovozlari tomoqlarida qotib qoldimi, qo‘shiq ayni avjiga chiqqan mahal bir-daniga hofizlar kuylashdan to‘xtashdi. Katta yo‘lda ko‘ringan otliq Sholon qishlog‘iga yeldek kirib keldi. Uch-to‘rt o‘roqchi yelkaga o‘roq tashlab yerga o‘tirishdi va yana bir necha o‘roqchi, birining qo‘lida bug‘doy bog‘lami, ikkinchisi bug‘doy tutamini tutgancha turgan joyida qotib qoldi. Balanddan ko‘zga kichik ko‘rinayotgan otliq qishloqning quyuq daraxtzorlari orasida bir ko‘rinib-bir ko‘rinmay shitob bilan ot qamchilab borardi.
Otliqning paydo bo‘lishi bug‘doy o‘rayotgan odamlar ruhida bir yengillik va quvonch uyg‘otdi. O‘roqchilarning iliq, ma’noli nigohlarida bu hissiyot ifodasini sezish qiyin emasdi. Ularning har biri otliqning bir xushxabar bilan kelayotganiga ko‘z tutardi. Bu yerlarning odatiga ko‘ra chopar hammadan avval askar oilasiga xushxabar yetkazishi va bu epchilligi, chekkan zahmati evaziga suyunchi olishi zarur. Lekin bu quvonch, bu ulug‘ baxt qaysi bir xonadonga nasib bo‘lishini hali hech kim bilmasdi…
Urush tugaganiga bir yarim oy vaqt o‘tdi. Qishloqning kamdan-kam yigitlari urushdan qaytib, bobo kasblari – dehqonchilikka kirishib ketishdi. To‘rt yildan ko‘p cho‘zilgan urush davomida keti ko‘rinmagan qoraxat, uyma-uy oralab yurgan motam yig‘i-sig‘isi bora-bora qishloq odamlari ko‘zidagi yoshni quritdi. Urushdan biron askar qaytib kelgan hovli ostonasidan odamlar oyog‘i hafta-haftalab uzilmasdi. Askar diydorini ko‘rish uchun kelgan odamlar bu mo‘‘jizaga – uning tirik qaytib kelganiga shukronalik qilishardi. Birinchi kuni dutor va doira navosi, qo‘shiq va raqs jozibasi askar hovli-sini sururga ko‘mardi. Shu yo‘sin oldingi g‘am va aza qishloqdan uzoqlashganday bo‘lardi. Lekin frontdan qaytmagan askar ota-onasi, xotini va farzandlari uchun hali urush tuga-gan emas edi. Ayriliq dardi yosh bolalarning mitti qalbini ham qattiq o‘rtardi. Bolalar onalarining qo‘llarini tutgancha otalarini sog‘inganlarini aytib, uning qachon kelishi-ni so‘rashardi. Biroz ulg‘ayib, uncha-munchani tushunib qolgan bolalar esa, onalarining umid to‘la alamli ko‘zlaridan og‘ir azob hissini sezishardi.
Otliq Sholon qishlog‘idan o‘tib, yo‘ldan chetga chiqdi-da, sel yo‘lini yonlab Qal’acha tomonga ot surdi. Anchadan beri tik turgancha qolgan bug‘doy o‘ruvchilar quyosh ko‘zni qamashtirmasligi uchun qo‘llarini peshonalariga tutib, chopar qaysi bir eshikka Kirishi-ni sabrsizlik bilan kutishardi.
Otliq otni ayovsiz choptirgancha qishloqqa kirib keldi. Bir to‘da bola qiyqirgancha ko‘cha changini osmonga ko‘tarib uning ortidan chopishdi. Otliq yo‘l chetidagi masjid yoni-dan o‘tib, ot jilovini chap tomonga burdi va ikki tavaqali o‘ymakor darvoza yonida otdan sakrab tushdi…
 - Sohib kelibdi, Sohib rais! – o‘roqchilar orasidagi ozg‘in odam sevinganicha qo‘l-larini osmonga ko‘tarib qichqirdi. 
 - Yaxshi bo‘ldi-da, bechora Salima kampir egilib-bukilib qolayotgandi, - dedi o‘rta yashar ayol hasrat aralash ko‘z yoshlarini ro‘moli uchi bilan artgancha.
- Muborak bo‘lsin, birgad! – har tarafdan ovozlar eshitildi va hammaning nigohi yigirma to‘rt-yigirma besh yoshlardagi bug‘doyrang ayolga yo‘naldi.
Xubonning quyoshda qoraygan, uringan chehrasi odamlar tomonga o‘girildi-da, so‘ng Sholon qishlog‘iga kiradigan katta yo‘l tomon burildi. Yo‘lda hech kim ko‘rinmasdi. Xubon bir zum goh odamlarga, goh yo‘lga tikilar ekan, birdaniga har yer-har yerida bug‘doy bog‘-lamlari g‘aramlangan bug‘doylar orasidan asta qadam tashlab pastlikka ena ketdi. Marzaga yetgach, ilkis qomatini tiklab, bor ixtiyorini ildam oyoqlariga berdi. U tog‘dan otilgan tosh misol mayda toshlar va butalar ustidan chopib borib, ilonizi yo‘lga yetgachgina sekin-lashdi. Anbargulli ro‘molini boshidan oldi-da, xuddi qanot chiqargan kabi uchganicha pastga otildi. U bir yiqilib, bir sirg‘anib, yulg‘un va itburun butalarini tutgancha dara tubiga qulamaslik uchun intilardi. 
Xubonning qadamlari ostidan havoga ko‘tarilayotgan chang ilonizi yo‘l yonidagi yerga qo‘nmasidan burun u dasht tomon yurdi. Tosh ustiga o‘tirib nafas rostlamoqchi bo‘ldi. Yurak urishi va tez-tez nafas olishidan ko‘krak qafasi yongandek bo‘lardi.
Xubon yo‘ldan ko‘z uza olmasdi. Qariya, oldinda bir yigit qishloq tomon kelishar-di. Xubonning oyoqlariga og‘riq kirdi, tizzasi titradi. U kechikmasligi shart. Hademay, Sohib yo‘ldan o‘tib ketadi. Xubon o‘rnidan sachrab turgancha ko‘ylak etagi va lozimiga yopishgan dumaloq tikanlarni terib tashlab, yana katta yo‘l tomon chopdi.
Ayni shu dam baland tog‘dagi o‘roqchilar qo‘lida anbargulli ro‘mol, boshyalang Xubonning yo‘l chetidagi qo‘raga uchgancha kirganini ko‘rishdi.
Qo‘rada hech kim yo‘q edi. O‘rikning bir shoxidan ikkinchi shoxiga uchib-qo‘nayotgan hakka birday xunuk sayrardi. Qo‘ra etagidan ariq suvining mayin shildirashi quloqqa chalinardi.
Xubon ko‘ylagi va lozimiga yopishgan chang-tuproqni qattiq-qattiq qoqib, yuz-qo‘lini yuvdi, to‘zg‘igan sochini qo‘li bilan tarab, tartibga keltirdi, ro‘molini boshiga o‘rab, qamishdevor ortidagi tut to‘nkasiga o‘tirib, yo‘l tomon tikildi. U hali o‘ziga kel-masidan, yo‘lda uch otliq erkak ko‘rindi.
Xubon to‘nka ustidan sachrab turdi va pana yerga o‘tgancha cho‘kkaladi. Nafas olishi tezlashib, yurak urishi qaytadan kuchaydi. U na’matakning qalin shoxlarini bir tomon tortib, yo‘l tomon diqqat bilan tikildi va o‘rtadagi otliqni tezda tanidi: Sohib! U bilan birga «Zafar» kolxozi raisi Anvar Nazarov va viloyat vakili Ravshan Hakim ot yo‘rttirib kelishardi.
 Bir lahzada Xubonning boshidan ming fikru xayol o‘tdi. «Yo‘lga chiqsammi, chiqma-sammi? Bordi-yu, Sohib yaxshi gapirmasa, nima qilaman? G‘azablanib, biron bo‘lmag‘ur gap aytib qo‘ysa, ahvolimga voy keyin. Yo‘q, yaxshisi, sabr qilaman. Ilohim, gap chiqargan uyga o‘t tushsin. Chorasiz azobga uchrasin».
Xubon Sohibni yaxshiroq ko‘rish uchun ko‘z yoshlarini ro‘moli uchiga tezda artdi. Ot-liqlar Xubon turgan yerga yaqinlashishdi. Xubon Sohibning oppoq, uringanmisol chehra-sini aniq ko‘rdi. «Sochlari o‘ziga biram yarashibdi», - ko‘nglidan o‘tkazdi u. Sohib askar-likka ketganicha soch qo‘ymasdi. U askarlikka boshiga Xubon tikib bergan gullik do‘ppi-ni kiyib ketgandi.
Quyosh nurida Sohibning orden-medallari yaltirardi. Ko‘ylagi ustidan kamzul, sarg‘ishrang galife shim kiygan, xrom etikli, orden-medallari jiringlayotgan Sohib Xubonning ko‘ziga allanechuk bir vajohatli ko‘rindi. Xubonning chetan ortidan o‘tib, yo‘lga otilishiga bir bahya qoldi. Lekin noiloj nafasini ichiga yutib, jonini uzgudek hasrat-alamda Sohibdan ko‘z uzolmay qoldi.
Shu lahza Xubon o‘zini sevgan kishisini yaqindan ko‘rayotgan, lekin bir og‘izgina so‘z qotish huquqiga ega bo‘lmagan va unga yaqin borishga jur’ati yetmagan panjara orti-dagi asir insonga o‘xshatdi.
 - Urushning shum nafasi bu yerlarga ham ta’sir ko‘rsatibdi-da, Anvarsho. Mevazor bog‘larimiz ham kamayib ketibdi, unda-bunda daraxtlarga ko‘zim tushyapti. Nazarimda yo‘l ham ilgarigi o‘rnida emasday. Qing‘ir-qiyshiqmi-ey, - Sohib shunday deya ikki oyog‘i bilan uzangida tik turib atrofni tomosha qildi. Uning bu holati jang maydonida olis-olis-larga nazar tashlayotgan, yangi kurashlar rejasini tuzayotgan lashkarboshiga o‘xshardi.
- O‘tgan yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ldi. Sel qancha obod joylarni buzib tashlab, yalan-g‘och toshloqqa aylantirdi. Sel bir ofat bo‘lsa, chang yana bir ofat, Sohib. Biri tabiat ishi bo‘lsa, ikkinchisi odamning kasofati – farqi shu – otini niqtalarkan Anvar Ravshan Hakimga ma’noli ko‘z tashladi.
Otliqlar qo‘ra yonidan uzoqlashib, yo‘l yoqasidagi uylarga yetmaslaridan bir guruh bola qichqirib-qiyqirib ko‘chani to‘sib olishdi. Xubon o‘rnidan qo‘zg‘alib, o‘rikning egik tanasini quchoqladi va bir «oh» tortdi-da, xuddi yo‘li ochilgan dimiqib yotgan suv ariq qirg‘oqlaridan to‘lib-toshib shitob bilan oqqandayin yuragidagi tugun yechilib ketib, u bor ovozi bilan o‘krak tortdi. U to‘lib-to‘lib yig‘lar va hozir quchoqlab turgani qaddi egik o‘rik daraxtidan o‘zga uning g‘amiga sherik bo‘ladigan va suyanadigani yo‘qligini o‘ylardi. U yig‘lardi va fitnachi odamlarga la’nat o‘qirdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.