OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Meri Roberts Raynhart. Lab bo‘yog‘i (hikoya)

Men tergovdan so‘ng uyga piyoda, ko‘rinishidan ancha cho‘kib qolgan oyim esa mashinada qaytdik.
Xolavachcham Elinor Hammond hayotini baxtli o‘tkazgandi. U har tong bugun qandaydir eng baxtli voqea ro‘y beradi deb uyg‘onar, to‘shakda kerishib yotgancha, kiyinish xonasidagi toliqqan bechora Fredga murojaat qilardi:
– Balki tanishlarimizni biror nima ichishga taklif qilarmiz, Fred?
– Sen nima desang shu, sevgilim,
Elinorning har qanday xohishi Fred uchun qonun edi. Men uning tergovchi oldidagi – chuqur qayg‘uda bo‘lgan, o‘ylashdan tirishib ketgan yuzini esladim. 
– Miss Hammondning o‘z joniga qasd qilishi mumkinligi borasida biror shubha bormi?
– Yo‘q, mutlaqo yo‘q.
– Uning sog‘lig‘ida tashvishli hech narsa yo‘qmidi?
– Yo‘q. U o‘zini o‘ta sog‘lom his etardi.
– U doktor Barklay qabuliga qatnagan ekan-ku.
– Ha, u biroz toliqqandi, – noxushlik bilan dedi Fred.
Lekin Elinor doktor Barklayning ofisidagi o‘ninchi qavatda joylashgan kutish xonasining derazasidan yo itarib yuborilgan, yo o‘zini tashlagandi. Ekspert ham u o‘zini derazadan tashlaganiga aniq ishonardi.
O’sha kuni faqat hamshiragina uni ko‘rgan ekan. 
– O’sha kuni kutish xonasida boshqa hech kim yo‘q edi, – dedi u tergovchiga. – Doktor bir bemorni ko‘rayotgan edi. Miss Hammond deraza yonida o‘tirgandi. Shlyapasini yechib qo‘yib, sigareta tutatdi-da, jurnal varaqlay boshladi. Men esa xonamga kirdim, keyin uni ko‘rmadim...
Hamshira kichkinagina, yoqimtoy qiz bo‘lib, oppoq oqarib ketgan edi.
– Xonasidagi bemor chiqqanidan so‘ng, doktor qo‘ng‘iroq chaldi. Men Miss Hammondni chaqirish uchun kutish xonasiga bordim. U yerda hech kim yo‘q, faqat uning shlyapasi bor edi, lekin sumkasi ko‘rinmasdi. Keyin... – U so‘zlashdan to‘xtadi-da yutinib oldi. – Keyin men odamlar shovqinini eshitib derazadan pastga qaradim.
Tergovchi biroz vaqtdan so‘ng so‘radi: 
– Nima deb o‘ylaysiz, miss Komings, o‘sha kuni Hammond xonim ruhan siqilgan holatda edimi?
– Menimcha, u o‘sha kuni juda xushchaqchaq edi, – dedi u.
– Uning yonidagi deraza ochiqmidi?
– Ha. Lekin u o‘z joniga qasd qilganiga ishonolmayman... 
U yig‘i aralash so‘zlardi va hamma bilgan narsalarini aytib bergani ko‘rinib turardi.
Navbatdagi guvoh hozirgina kelgan doktor Barklay edi. U qirq yoshlar chamasida bo‘lsa-da, o‘z ko‘rinishini yaxshi saqlab qolgan edi. Elinorni juda yaxshi bilganim uchun bu hol meni hayron qoldirmadi. Elinor chiroyli erkaklarni yoqtirardi, unchalik chiroyli bo‘lmagan Fred esa bundan mustasno edi. Yonimda o‘tirgan oyim ham doktorning chiroyli ko‘rinishiga e’tibor qilgan ekan:
– Mana, aslida qanday, – dedi u norozi ovozda. – Elinorning ruhshunosga bo‘lgan ehtiyoji xuddi mening uchinchi oyoqqa bo‘lgan ehtiyojim kabi kuchli ekan.
O’sha kuni ertalab doktor Elinorni hali ko‘rib ulgurmagan ekan. U qo‘ng‘iroqni chalgandan so‘ng hech kim kiravermagach, o‘zi kutish xonasiga chiqibdi. Qarasa, derazadan pastga qarayotgan miss Komings birdan qattiq baqirib yuboripti. Yaxshiyamki Tompson xonim o‘sha payti kelib qolib uni biroz tinchlantiribdi.
Doktordan Elinorning tashrifi haqida so‘ralganda, u shunday javob qildi:
– Mening asabiy va tashvishli bemorlarim juda ko‘p. Miss Hammond ham bu holatda ko‘p yillar bo‘lgan.
– Hammasi shumi? U o‘zini tashvishlantirayotgan biror aniq narsa haqida gapirmaganmidi?
Doktor miyig‘ida jilmayib qo‘ydi: 
– Hammamizning o‘z tashvishimiz bor. Ba’zilari xayoliy, ba’zilari esa haqiqiy. Lekin miss Hammond favqulodda ajoyib ayol edi. Men unga dam olishga borishni maslahat bergandim va bunga amal qilishiga ishonar edim.
Uning ovozi iliq va ta’sirli edi. Fred esa undan ko‘z uzmasdi.
– Siz u o‘z joniga qasd qilishi mumkin deb hisoblaysizmi?
– Yo‘q, hech qachon.
Doktor Elinorning xayollari haqida hech narsa deyolmasdi. Uning bemorlar bilan aloqasi sir saqlanishi kerak edi. Lekin ahamiyatga molik biror gap bo‘lganida, albatta aytgan bo‘lardi.
Doktor bizning yonimizga kelib o‘tirdi va keyingi guvoh chaqirildi. U – hamshirani ovutgan Tompson xonim edi.
– Men doktorning xonasini tozalash uchun haftada bir bor borib turaman, – dedi u. – O’sha kuni menga oldindan pul kerak bo‘lib qolgandi, shuning uchun uning oldiga borgandim.
Xonim kelganidayoq doktorning yoniga kirmagan ekan. U kutish zalida hali bir bemor, Elinor borligini ko‘rgan va kutish uchun boshqa issiqroq zalga kirib o‘tirgan. Birozdan keyin, doktor qabulidagi bemor ayol chiqib, pastga tushib ketganini ko‘rgan. Bir-ikki daqiqa o‘tib-o‘tmay hamshiraning dahshatga tushib baqirganini eshitgan.
– Borsam, hamshira derazadan pastga qarab qichqirayotgan ekan, – dedi u. – Shu payt doktor ham yugurib chiqdi va biz uni stulga o‘tqizdik. "Kimdir derazadan yiqilib tushibdi, – dedi hamshira, u qattiq hayajonda edi: – Kimligini ko‘ra olmadim".
Undan miss Hammond zalda qancha vaqt bo‘lgani haqida so‘rashganda, u chorak soatlar chamasi deb javob qildi. Chunki bu vaqt davomida boshqa hech kim kelmagan edi. Aks holda hamshira kirgan odamni albatta ko‘rgan bo‘lardi.
– Siz kutish xonasida miss Hammondga tegishli biror buyumga duch kelmadingizmi?
– Ha, uning sumkasini topib oldim. Sumka deraza qarshisidagi konditsionerning orqasida turgandi. O’ylashimcha bu sumka uchun juda g‘alati joy edi. Agar rostdan ham u o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan desak, unda sumkani nima qilmoqchi bo‘lgan?! Politsiya kelganda sumkani ularga berdim.
Demak, Elinor o‘zini derazadan tashlashdan oldin shlyapasini stol ustiga va sumkasini konditsioner orqasiga qo‘ygan. Bu juda tushunarsiz, sirli holat edi.
Sud Elinorni o‘z joniga qasd qilgan deb xulosa chiqardi. Hech kim murda haqida boshqa eslamadi. Lekin Tompson xonimning gaplaridan keyin Elinorning o‘limi qandaydir boshqacha sodir bo‘lganini o‘ylab qoldim. Fred uni loqayd tingladi. Uning yonida o‘tirgan opasi Margaret o‘rnidan turib ketdi. Doktor Barklay Fredga boshdan-oyoq qaradi-da, chiqib ketdi.
Uyga piyoda yetib kelganimda, asabiy kayfiyatda edim. Hatto, oyimning ta’biricha u Fredni mendan tortib olgan bo‘lsa ham, Elinorni yaxshi ko‘rar edim. Lekin Fred u bilan birinchi uchrashgandan keyin meni umuman ko‘rmagandi. Fred unga boshdanoq oshig‘u-shaydo bo‘lib qolgandi.
Be’manilik, o‘yladim men. Menimcha, Elinor har qanday muammolar girdobida qolgan taqdirda ham o‘z joniga qasd qilmagan bo‘lardi. Kimdir uni o‘ldirgan bo‘lsa kerak. Lekin kim undan bu darajada nafratlanishi mumkin? Rashkchi xotinmi? Bo‘lishi mumkin. U ko‘p ayollarning erlarini to o‘zi bezor bo‘lmaguncha boshini aylantirib yurardi. Ammo u ko‘pdan beri bu odatini tashlab, tinch yurgandi. Albatta ko‘plar uni yoqtirmasdi. Elinor ularning tuyg‘ularini mensimas, ularning ustidan kulardi. U nimani aytgisi kelsa, nimani o‘ylasa shuni aytaverar va bu har doim ham yoqimli tuyulavermasdi. Hatto Fredga ham bu hol yoqmasa-da, lekin uning bundan hech qachon jahli chiqmasdi.
Men Fredning yolg‘iz qolgani haqida o‘ylardim va bundan xafa edim. Uning uyi biznikidan uncha uzoq emas edi; tushlikdan so‘ng unikiga bordim. Uning uyi biznikiga o‘xshash bog‘ bilan o‘ralgan katta uy edi. Borganimda, darvoza ortida bir erkak uy tomonga qarab turgandi. Erkak birdan ortiga burildi-da meni ko‘rdi. U doktor Barklay ekan.
U meni tanimadi. Meni tergov paytida ko‘rmagan deb o‘yladim. U shlyapasini ushlagancha ko‘chaga chiqdi va shu zahoti mashinasini o‘t oldirgani eshitildi. Mabodo doktor uyga kirgan bo‘lsa ham, Fred bu haqda og‘iz ochmadi. U eshikni ochib, meni ko‘rganida barcha xavotirlari tarqab ketganday ko‘rindi.
– Men yana politsiya kelibdimi deb o‘ylabman, – dedi u.
Biz kutubxonaga kirdik. U yer bir oylardan beri tozalanmay yotganday ko‘rinardi. Elinorning uyi o‘zi har doim shunday: sigaret tutuni, odamlar va yuviqsiz stakanlarga botib yotardi. Lekin shunday bo‘lsa ham bu yerda hayot borligi sezilib turardi. Hozir esa unday emas. Men uning sumkasini stol ustida ko‘rib ajablandim, Fred sumkaga qarayotganimni sezdi:
– Politsiya buni bugun qaytarib berdi, – dedi u. – Biror nima ichasanmi?
– Yo‘q, rahmat. Sumkani ochib ko‘rsam maylimi?
U bosh irg‘adi:
– Buning ichida o‘sha kunga tegishli hech narsa yo‘q.
Men sumkani ochdim. Uning ichi doimgidek to‘la edi: pul, atir-upa, yon daftarcha, lab bo‘yog‘i tekkan ro‘molcha, mato parchalari va ularning ustida "Shularga mos oyoq kiyim" deb yozilgan bir parcha qog‘oz bor edi.
Men sumkaning ichini yana bir bor ko‘zdan kechirdim, ammo u yerda bo‘lishi kerak bo‘lgan yana bir narsa yetishmasdi. Sumkani joyiga qaytarib qo‘ydim.
Fred Elinorning kumush ramkadagi suratiga tikilib turardi:
– U juda maftunkor edi.
– Ha, haqiqatdan ham, – deya ma’qulladim men.
– Margaret esa uni o‘ziga juda ko‘p pul sarflaydigan axmoq ayol deb hisoblardi, – dedi-da, stol ustida to‘lib ketgan ochilmagan to‘lov qog‘ozlariga qaradi. 
U mendan biror nima deyishimni kutayotgandek ko‘rindi va men dedim:
– Sen uni pul bilan o‘zingga qaratib olishing shart emas edi, Fred. U busiz ham seni telbalarcha sevardi. Uning doktorga borib yurganini bilarmiding, Fred?
– Yo‘q, undan to‘lov qog‘ozi kelmaguncha bilmasdim.
Fred baxtsiz hodisadan xursanddek gapirardi. Doktor Elinorni baxtiyor qilgandi. Elinor so‘ramay ketaverardi, ammo har doim Fredning yoniga qaytib kelardi, Fredning fikricha, ekspertlarning hukmi mutlaqo noto‘g‘ri.
– U o‘zi yiqilib ketgan bo‘lsa kerak. U doim balandlikdan qo‘rqardi.
Biz tashqariga chiqayotganimizda, Margaret keldi.
– Men Margaret Hammondni hech qachon yoqtirmaganman. U baland bo‘yli, Freddan ancha katta yoshdagi ayol edi. U men bilan so‘rashgandek bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Men bugun kechga kelaman, sening uyda yolg‘iz qolishingni istamayman va ertaga uyingga kerakli hamma narsani, shuningdek otamning suratini ham olib kelmoqchiman, Fred – dedi u.
Fred buni eshitib, o‘zini noqulay his qildi. Chunki keksa Joy Hammondning surati borasida Elinor hayotligida ko‘p mojarolar bo‘lib o‘tgan. Elinor bu suratga beparvo edi. Margaret esa bu suratning ayni shu uyda saqlanishini istardi. Men Margaret Elinorning umri davomidagi haqiqiy dushmani bo‘lgan ehtimol deb o‘ylab qoldim.
Margaret stol ustidagi bir uyum to‘lov qog‘ozlarini ko‘rib:
– Hali hisobingda qancha puling borligini aniqlashimiz kerak, – dedi.
– Men qancha pulim borligini bilaman, – dedi Fred.
Fred o‘rnidan turdi va stolni xuddi hali-hanuz opasidan Elinorni himoya qilayotgandek, to‘sib olib, unga tikilib qaradi. Ammo men uydan chiqib ketganimdan so‘ng Fred uxlab qolgach, ishonchim komilki, Margaret bu to‘lov qog‘ozlarini chiqarib otib yuboradi.
Meni kimdir kuzatib kelayotganini sezganimda uyga yetib qolgan edim. Men bir oz qo‘rqdim-da, to‘xtab, ortimga burildim. Orqada bir qiz turardi. U mening ismimni aytib murojaat qildi:
– Baring xonim? Men sizni tergovda ko‘rgan edim va ismingizni muxbir yigitdan bilib oldim. Siz Hammondlarnikida bo‘lgansiz, shundaymasmi?
– Ha, shunday. Nima edi?
Qiz juda yosh va bir oz hayajonda edi.
– Siz Hammond xonimning do‘stimidingiz? – so‘radi u.
– Elinor mening xolavachcham edi. Nega so‘rayapsiz?
Qiz sumkasidan sigareta chiqarib, uni yoqdi:
– Chunki men Hammond xonimni kimdir itarib yuborgan deb o‘ylayman. Men ko‘chaning narigi tomonidagi ofisda ishlayman. O’sha kuni derazadan qarab turgandim. Men uni oldin tanimasdim, albatta.
– Siz bu qanday sodir bo‘lganini ko‘rganman demoqchimisiz? – dedim men hayratlanib.
– Yo‘q. Ammo men uni bu hodisa sodir bo‘lishidan bir ozgina oldin ko‘rgan edim va u lab bo‘yog‘i bilan labini bo‘yayotgan edi. Bir ozdan so‘ng qarasam, u deraza oldida emas... pastdagi yo‘lakda yiqilib yotgan edi.
Uning qo‘llari titray boshlagach, sigaretini tashladi.
– Menimcha, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan odam labini bo‘yab o‘tirmasa kerak, shunday emasmi?
– Yo‘q, albatta, – dedim men. – Bu ayol Hammond xonim ekanligiga ishonchingiz komilmi?
– Ha, u yashil ko‘ylakda edi, men uning sochini ham ilg‘agandim. Kechqurun men o‘sha lab bo‘yog‘ini yo‘lakdan izlab ko‘rdim, ammo uch kundan buyon bunday gavjum yo‘lakda uni kimdir topib olgan bo‘lishi ham mumkin. Ishonchim komilki, uni itarib yuborishganda lab bo‘yog‘i qo‘lida bo‘lgan.
Ha, men Fredga aytmay, Elinorning sumkasidan izlab topolmagan narsa ham xuddi shu Elinorning oltin lab bo‘yog‘i edi.
Men soatga qaradim: endi o‘n bir bo‘lgandi.
– Balki biz birgalikda izlab ko‘rarmiz, – dedim.
Qiz menga o‘z ismini aytishni istamadi.
– Meni Smis deb chaqiraqoling. Men sudda guvoh sifatida ishtirok etolmayman. Ishimdan ayrilib qolishni istamayman.
Men o‘sha lab bo‘yog‘ini topdim. Yo‘l chetida yotgan ekan. Aftidan kamida yigirma marta mashina ostida qolgan ko‘rinardi. Loyini artdim, o‘sha mashhur "E" harfi yozilgan lab bo‘yog‘i ekan.
Smis xonim uni ko‘rib:
– To‘g‘ri aytgan ekanmanmi? – dedi. 
Keyin qiz o‘zini avtobusga urdi va uni boshqa ko‘rmadim.
O’sha kecha men yaxshi uxlolmadim va ertasi kuni ertalab doktor Barklayning ishxonasiga borib, Elinorning lab bo‘yog‘ini stol ustiga qo‘yganimda kech tushgandi.
– Men hech narsaga tushunmayapman, – dedi doktor unga angrayib qararkan.
– Hammond xonim yiqilib tushishidan atigi bir daqiqa oldin deraza oldida labini mana shu bilan bo‘yayotgan bo‘lgan.
– Siz u yiqilganida bu narsa uning qo‘lida bo‘lgan demoqchimisiz?
– Yo‘q. Men Elinor agar o‘zini tashlamoqchi bo‘lganida labini bo‘yab, keyin o‘z joniga qasd qilganiga ishonmayman demoqchiman.
U jilmaydi-da:
– Agar siz insonlarning tabiatini hech bo‘lmasa men kabi o‘rganganingizda, bu sizni sirayam ajablantirmagan bo‘lardi, – dedi.
– Demak Elinor qo‘lida lab bo‘yog‘i bilan o‘zini o‘ninchi qavatdan tashlagan. Siz esa kecha Hammondlarnikiga bordingiz va men paydo bo‘lishim bilan shoshib ketib qoldingiz. Bundan kelib chiqadiki...
Doktor gapimni eshitib qotib qoldi. U oldin meni tanimagan ekan.
– Ha, bu sizmisiz? – dedi u kreslosiga yastanarkan. – Sizga rostini aytaqolay. O’sha kuni janob Hammondning ahvoli yomonga o‘xshagandi. U o‘zini otib qo‘ymasin degan tashvishda borgan edim.
– Siz ichkariga kirmay turib uni qanday to‘xtatishingiz mumkin edi?
– Siz kelganingizda qanday kirsam deb o‘ylayotgan edim. Opasi undan xavotir olayotganini aytib, qo‘ng‘iroq qilgan edi.
– Men Margaret Hammondga ishonmayman, Elinorni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi, – dedim-da, lab bo‘yog‘ini qo‘limga oldim.
– Baring xonim, siz yosh va maftunkorsiz. Nega hammasini o‘z holiga qo‘ymaysiz. Endi uni qayta tiriltira olmasligingizni yaxshi bilasiz- ku?
– Men shuni yaxshi bilamanki, u o‘zini o‘ldirmagan.
Doktorning yonidan chiqayotib, Margaretni kutish xonasida ko‘rib hayratlandim. Qizig‘i shundaki, u bir necha soniya o‘zini o‘sha yerdan tashlamoqchi bo‘lgandek tuyulib ketdi.
– Margaret! – dedim to‘satdan. U burilib qaradi, yuzi oqarib ketdi.
– E, bu senmisan, Luiza. 
Margaret o‘tirdi-da yuzini qo‘l ro‘molchasi bilan artdi.
– U sirpanib ketib yiqilib tushgan bo‘lsa kerak. Qaragin, pol juda sirpanchiq ekan, Lui.
Ammo men bosh chayqab rad qildim, ortimda Margaret turgani holda derazadan pastga qarashni istamadim. U doktorning oldiga Fredning Elinor uchun to‘lov qog‘ozlarini topshirishga kelganini aytdi, lekin shu kuni u o‘zini qandaydir g‘alati tutardi. 
Men mashinaga o‘tirdim-da, uning chiqib ketishini kutdim. U chiqdi, Elinor yiqilib tushgan yo‘lakka va yo‘l atrofiga sinchkovlik bilan qaradi. Demak, u Elinorning lab bo‘yog‘i qo‘lida bo‘lganini yoki uning sumkada yo‘qligini biladi. So‘ng u taksida ketdi. Taksi ko‘p yurdi va nihoyat bir uyning eshigining oldiga borib to‘xtadi. Margaret zinadan chiqib uyning qo‘ng‘irog‘ini bosdi. U uy ichida bir soatlar chamasi qolib ketdi. Chiqqanida men hayratdan qotib qoldim, uning yonida tergovda qatnashgan Tompson xonim bor edi. Taksi mening yonginamdan o‘tib ketdi. Men mashinamdan tushib, uning oldiga yugurib borganimda Tompson xonim hali uyga kirib ulgurmagan edi.
– Siz bilan gaplashib olsak maylimi? – dedim.
U ikkilanib qoldi. 
Nima haqda?
– Qotillik haqida, – dedim. 
– Menimcha, siz Hammond xonimning tergovida aytilmagan yana nimalarnidir bilasiz?
Uning yuziga nimadir soya tashlab o‘tdi. 
– Menimcha, uni hech kim o‘ldirmagandi. Hukm...
– Yo‘q, uni kimdir o‘ldirgan. Bo‘lmasa janob Hammondning opasi bu yerda nima qilib yuribdi?
– Men uni oldin hech ham ko‘rmaganman. Bu yerga esa tergovda aytgan so‘zlarim uchun minnatdorchilik bildirgani kelibdi. Chunki mening guvohligim bechora ayol o‘z joniga o‘zi qasd qilganini ochib beribdi.
– Menimcha, u sizga buning uchun pul ham to‘lagandir?
– Menga hech kim pul to‘lagani yo‘q, – dedi u jahl bilan. – Agar kimdir meni sotib olib, yolg‘on gapirishga majbur eta oladi deb o‘ylasangiz, adashasiz.
U uyga kirdi-da, eshikni sharaqlatib yopdi. 
Uning gaplari to‘g‘rimi? Doktor ham tergovda aytganidan ko‘ra ko‘proq narsani biladiganga o‘xshaydi. Lekin nega buni yashirishayapti?
Tushdan keyin sochimni turmaklatish uchun Elinorning sartaroshiga bordim. Qizlar Elinor haqda gaplashar ekanlar, ulardan yangi ma’lumotlar eshitdim.
– O’sha kuni men uni kutayotgan edim, – dedi ulardan biri. – Albatta u kelmadi va ...
– Siz uni o‘sha kuni shu yerda kutgandim, demoqchimisiz?
– Ha, u soat to‘rtga uchrashuv belgilagan edi. Men bu haqida eshitganimda umuman ishonmadim, garchand u so‘nggi haftalarda bir oz o‘zgarib qolgan bo‘lsa-da.
– Undagi o‘zgarishlarni qachon seza boshlagansiz? – so‘radim men.
– Taxminan Pasxadan beri. Esimda, menga uning yangi shlyapasi yoqib qolgandi. U o‘sha shlyapasini menga hadya qildi. Keyin g‘alati bir gap aytdi: "Ba’zan yangi bosh kiyimlar xavfli bo‘lib qoladi", dedi.
O’sha kuni balki soch turmagim har qachongidan chiroyli bo‘lgandir, ammo boshim og‘riqdan g‘uvillab ketgan va men bunga e’tibor beradigan ahvolda emasdim.
Oyim va men Fredni tushlikka chaqirdik. Dasturxon atrofida o‘tirganimizda men undan “Bahor paytlari, taxminan Pasxa arafasida Elinorni xafa qiladigan biror voqea bo‘lganmidi?” deb so‘radim.
– O’sha paytlardan boshlab u psixiatrga qatnay boshlaganini aytmasa, yo‘q.
– Nega u doktorga qatnay boshladi, Fred? – so‘radi oyim.
– O’zingiz ham ko‘rdingizku, – dedi Fred. – Doktor kelishgan, o‘ktam kishi ekan. Unga qarash, u bilan suhbatlashish Elinorga yoqimliroq bo‘lgandir.
Shundan so‘ng u tez ketdi.
Kechasi yomon uxladim, shuning uchun nonushta mahali o‘tib ketguncha turmabman. Oyim gazetasini o‘qib bo‘lgan ekan.
Men gazetani qo‘limga oldim, gazetaning so‘nggi betida o‘tgan kecha Tompson xonimning otib ketilganligi haqida yozilgan ekan.
Men bunga qanday ishonishni ham bilmay qoldim. So‘ng xabarni qaytadan o‘qib chiqdim. U o‘lmay qolgan, ammo og‘ir ahvolda ekan. Bu hodisa ro‘y berganda u uyning tashqarisida yolg‘iz o‘tirgan bo‘lib, hech kim o‘q ovozini eshitmagan ekan. Eri uni kech soat o‘n birlarda uyga qaytganida topib olibdi. 
Demak Tompson xonim uning hayotiga xavf tug‘diradigan nimanidir bilgan. Men Margaret uning uyiga borganini, yo‘lakdan Elinorning lab bo‘yog‘ini izlaganini va birdan Fredning tortmasida turadigan to‘pponchasini esladim.
Bularni o‘ylab, nihoyat, politsiyaga borishga qaror qildim. 
Bo‘lim kapitani e’tibor ham bermadi, lekin keyinroq mening yonimga izquvar keldi.
– Siz Hammond xonim o‘z joniga qasd qilganiga ishonmaysizmi? – dedi.
Men unga lab bo‘yog‘i, Elinorning sartaroshxonadagi uchrashuvi va Tompson xonim tergovda aytilmagan nimalarnidir bilishi haqida farazlarimni gapirib berdim.
– Unda buni kim qilgan?
– Menimcha bu janob Hammondning opasi. Kecha men uni doktorning ofisida ko‘rdim. Elinor itarib yuborilganda ham u o‘sha yerda bo‘lgan bo‘lishi mumkin. U pol sirpanchiq ekanligini va o‘zim buni tekshirib ko‘rishimni aytgandi.
Men bir oz hayajonlanib sigareta tutatdim, qarasam qo‘llarim ham qaltirayapti.
– Margaret lab bo‘yog‘i haqida ham bilgan, chunki men uning yo‘l chetidan nimanidir izlayotganini ko‘rgan edim.
Navbatdagi gumonimni eshitib izquvar bir qimirlab qo‘ydi.
– Menimcha, Elinor o‘ldirilgan kuni u ofisda bo‘lgan, – dedim men. – Yana u Tompson xonimni otgan deb hisoblayman. Chunki Tompson xonim bu haqda bilgan bo‘lsa kerak.
Izquvar menga yaqinroq kelib qaradi:
– Nega siz Hammond xonim uni otgan deb o‘ylaysiz?
– Chunki u kecha ertalab Tompsonlarnikiga borib u bilan gaplashgandi. Ularnikida bir soatcha qolib ketgandi. Men buni bilaman, uni kuzatgan edim.
Izquvar o‘rnidan turdi, uning yuzi ifodasiz edi.
– Baring xonim, sizga bir maslahatim bor, bu yog‘ini o‘zimizga qo‘yib bering, shundagina agar siz haq bo‘lsangiz yaxshi, agar siz nohaq bo‘lib chiqsangiz sizga hech qanday xavf tug‘ilmaydi, – dedi.
O’sha kuni tushda izquvar qo‘ng‘iroq qildi. U hozirgina Tompson xonim ko‘rsatma berganini, uni kim va nega otganini bilmasligini, lekin Margaret uning faqatgina tergovda guvohlik bergani uchun rahmat aytishga borganini aytgan. Unga hech kim pul taklif qilmagan ekan.
Ammo bu kam edi. Tompson xonim so‘roqqacha juda hayajonda bo‘lgan, u Margaret xonimga qo‘ng‘iroq qilib guvohlik berish shartmi, deb so‘ragandek tuyulardi. U zalda bo‘lganida doktorning ofisiga yana kimdir kirgan.
– Hech kim sezmagan bir kishi, – dedi izquvar.
– Pochtachi. Men u bilan gaplashdim. U o‘sha kuni ertalab Hammond xonimni ofisda ko‘rgan. Pochtachi uni yaxshi esladi. Hammond xonimni ko‘rganida shlyapasini yechib, gazeta o‘qib o‘tirgan ekan.
– U Tompson xonimni ham ko‘rgan ekanmi?
– U Tompson xonimni ko‘rmagan ekan, lekin Tompson xonim uni ko‘rgan.
– Demak, o‘sha pochtachi o‘tgan kuni kechasi borib Tompson xonimni otib ketgan!
Izquvar kulib yubordi: 
– Yo‘q, u o‘sha kecha oilasini kinoga olib borgan. Baring xonim, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, hozir ko‘pchilikda to‘pponcha bor, hatto oldin uni ishlatib ko‘rmaganlarda ham.
Demak, Elinor o‘zini-o‘zi yuqoridan tashlagan, Tompson xonimni esa kimdir, shunchaki, to‘pponchasini sinayotib, otib qo‘ygan. Yo‘q, men bunga ishonmadim. Hatto doktor Barklay o‘sha oqshom kelib aytganda ham ishonmadim.
Men radio eshitib, kechki ovqatni yeb bo‘lganimda u keldi. Men politsiyaga hammasini aytib berganimni eshitgach, hayratdan qotib qoldi.
– Politsiyaga bordingizmi? – dedi u.
– Nega bormas ekanman? Sizning ofisingizning derazasidan kimdir itarib yuborilganini boshqalar bilmasligi uchunmi? 
Uning jahli chiqib ketdi:
– Siz o‘zingiz tushunmaydigan narsalarga aralashayapsiz. Bunga aralashmay turolmaysizmi?
Shundan so‘ng men o‘zimni tutib turolmadim. 
– Men siz buni qilmaganingizni qanday bilishim kerak, – deb baqirdim. – Siz yoki pochtachi!
– Pochtachi? – dedi u hayratlanib. – Bu bilan nima demoqchisiz?
Menimcha uning hayratdan qotib qolgan yuzi kulgimni qistatdi. Men kulaverdim, kulaverdim. Keyin yig‘lab yubordim. Men o‘zimni to‘xtata olmasdim. Birdan u, hech qanday ogohlantirishsiz, yuzimga bir tarsaki tushirdi. Bu shu zahoti meni to‘xtatdi.
– Yo‘qoling, bu yerdan, – dedim, ammo u joyidan jilmadi ham. Men bir oz jahldan tushdim, ammo u qilgan ishidan mamnunday ko‘rinardi.
– Bu boshqa gap, – dedi va yelkamga qoqib qo‘ydi. – Men bu yerga sizni urish uchun kelganim yo‘q. Sizdan kechqurun yolg‘iz yurmasligingizni iltimos qilish uchun kelgandim, – dedi.
– Nega endi tunda uydan chiqmasligim kerak ekan?
– Bu siz uchun xatarli bo‘lishi mumkin, – dedi.
U menga oz-moz yoqa boshlagandi. – Ayniqsa men sizning Hammondlar xonadonidan uzoqroq yurishingizni istayman. Menimcha bunday qilishga farosatingiz yetarli deb o‘ylayman, – dedi va eshikni narigi tomonidan yopib ketdi. 
Men hali jahlimdan tushmasimdan telefon jiringlab qoldi.
Bu Margaret ekan!
– Menimcha, biz senga bugun tunda kelgan politsiyachi uchun tashakkur bildirishimiz kerak, – dedi u. – Tashvishimiz sensiz ham yetarlicha edi.
– Juda yaxshi, – dedim g‘azab bilan. – Sizga bitta savolim bor. Nega siz kecha ertalab Tompson xonimni ko‘rgani boruvdingiz? O’tgan kecha uni kim otib ketdi?
U bir pishqirdi-da, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.
Fredning oshxona tomondan kiriladigan eshik oldida charchagan holatda turganini ko‘rganimda, oyimning uxlashga yotganiga bir yarim soat chamasi bo‘lib qolgandi.
– Kirsam bo‘ladimi? – dedi u. – Toza havoda sayr qilib yurgandim, chiroq o‘chmaganini ko‘rib, kelaverdim.
Uning ahvoli oldingiga qaraganda yaxshiroq ko‘rinardi. U Margaret uxlab qolganini va uyda yolg‘iz qolganini aytdi.
– Hech uxlolmadim, – dedi u. – Uy issiq. Ortiqcha latta-puttalar ko‘payib ketgan ekan, yoqib yubordim,
U sigareta chekib, bir finjon qahva ichdi. Keyin u ketayotganida men darvozagacha kuzatib qo‘ydim va u uyiga qarab ketishiga qarab turdim. So‘ng men burilib, endi uyga yetdim deganimda butalar orasida nimadir qimirlaganday tuyuldi. Uning nima ekanligini bilish uchun burildim, umrimda o‘q ovozini eshitmagandim, nimadir boshimga zarb bilan urildi, ko‘z oldim qorong‘ulashib yiqildim.
Men eshitgan keyingi ovoz oyimning ovozi edi. Men o‘zimning karavotimda boshim bint bilan o‘ralgan holatda yotardim.
– Menimcha bu qiz aqldan ozgan, – derdi oyim jahl bilan. – Shuncha ogohlantirishlarga qaramay chiqib ketibdi-ya. 
– Men qo‘limdan kelgancha harakat qildim, Baring xonim, – dedi kimdir muloyim ovozda.
Bu doktor Barklay edi. U karavot yonida turar, ko‘rinishi juda g‘alati. edi. Uning bir ko‘zi yopiq, ko‘ylagining yoqasiga esa qarab bo‘lmasdi.
– Siz birov bilan olishdingizmi? – dedim.
– Ha, – dedi u. – Bu olishuvda boshingizni o‘q salgina yalab o‘tdi. Men sochingizning bir qismini qirqib tashlashga majbur bo‘ldim. Xavotirlanmang, ozgina joyini qirqib tashladim. Ular ham yana o‘sib chiqadi.
– Kim bunday qildi? Kim otdi meni?
– Pochtachi, – dedi u va xonadan chiqib ketdi.
Men esa uxlab qolibman. Menimcha, u menga nimadir berishi kerak edi. Ertasi kuni ertalab, men nima bo‘lganini eshitishimdan oldin keldi. U bir ko‘zi bint bilan yopilgan holda jilmayib kirdi. Keyin hammasini bir boshidan gapirib berdi.
Bahorda Elinor uning yoniga g‘alati gaplar bilan borgan, uning gaplariga qaraganda, uni kimdir kuzatayotgan bo‘lib, kuzatib yurgan odam pochta kiyimida ekan. Bunga ishonish qiyin bo‘lsa-da, Elinor hatto qasam ichgan ekan.
– Siz Tompson xonim ofisingizga kirayotib ko‘rgan pochtachini aytayapsizmi? – dedim.
– Ha, Tompson xonim ham uni tanidi. Lekin haqiqiy pochtachi Tompson xonim kelishidan ancha oldin kelib ketgan bo‘lgan. U Elinorning stulda gazeta o‘qib o‘tirganini ko‘rgan. Tompson xonim ko‘rgan pochtachi esa Elinorni o‘ldirgan kishidir.
– Bu Fred edi, shundaymi? – dedim.
– Ha, bu Fred edi, – deya u qo‘llarimdan tutdi. – Meni kechir, azizam. Men Elinorni undan uzoqlashtirishga harakat qildim, ammo Elinor undan ajralmadi.
– Fred uni telbalarcha sevardi, – dedim.
– Ha u Elinorni qattiq sevardi. Ammo uni yo‘qotib qo‘yishdan juda ham qo‘rqardi va rashk azobi uni qiynardi, – dedi u. – Menimcha, u Elinorni mendan rashk qilardi.
– Ammo u haqiqatdan ham Elinorni sevgan bo‘lsa...
– Muhabbat va nafratning orasi bir qadam bo‘ladi. Fred Elinor o‘ziniki bo‘lmagandan so‘ng boshqaniki bo‘lishini ham istamagan. – U xo‘rsindi-da, davom etdi. – Men sizni qutqarib qolishga juda kech yetib keldim. Men u otganidan keyin uni ushlab oldim va o‘rtamizda juda qattiq olishuv bo‘ldi. Ammo u o‘zini olib qochdi-yu... o‘zini ham otdi.
U bosiq holda hikoyasini davom ettirdi. Tompson xonim Fredning suratini ko‘rib, u o‘sha kuni hamshira baqirishidan sal ilgariroq ko‘rgan pochtachi ekanini aytibdi. Uni otish uchun foydalanilgan o‘q esa Fred to‘pponchasining o‘qi bo‘lib chiqibdi.
Margaret, sho‘rlik Margaret esa uni jinni bo‘lib qolyapti deb o‘ylagan.
– Tompson xonim otib ketilganining ertasi kuni u mening yonimga kelgandi, – dedi doktor. – Margaret Fredni maxsus kasalxonaga qo‘yish kerakligini aytib kelgan edi, ammo mening politsiyaga topshirish haqida maslahatimni eshitgach, uning ham jazavasi tutdi. Men bu ishning dalillari yo‘qolib ketayotganini, ya’ni Tompson xonimning umri oz qolgandek tuyulganini va pochtachi kiyimi yo‘qolganini o‘ylab shunday qilgandim.
– Yo‘qolgan?!
– U kiyimni yoqib yuborgan ekan. O’tgan kecha biz pochta kiyimidan qolgan yagona daliliy ashyo, tugmalarni topgan edik.
– Nega u Tompson xonimni o‘ldirmoqchi bo‘lgan? – dedim men. – U nimani bilgan?
– U o‘sha pochtachini tasvirlashga qodir edi. Margaret pochtachi haqdagi gaplarni eshitgach, uydan pochta kiyimini izlagan va uni topgan. Margaret o‘ylab ish qilishga harakat qilgan, ammo u Fredga barcha gapdan xabardor ekanligini va bundan Tompson xonim ham xabardor bo‘lishi mumkinligini aytib qo‘ygan. U esa mashinaga minib, unga qarshi bo‘lgan barcha guvohlarni o‘ldirmoqchi bo‘lib ketgan. Albatta, sendan tashqari.
– Nega unda meni ham o‘ldirishga harakat qilgan ekan? – dedim.
– Chunki siz hammasini o‘z holiga qo‘ymadingiz. Siz Elinorni kimdir o‘ldirgan deb o‘ylay boshlaganingizdanoq xavf ostida qolgandingiz. Shuningdek o‘tgan kecha Margaretga qo‘ng‘iroq qilib Tompson xonimlarnikiga nega borganini so‘ragansiz.
– U eshitib turgan demoqchimisiz?
– Men uning eshitganini aniq bilaman. 
Doktor Hammondlar uyini kechasi bilan kuzatganini, Fred biznikiga kelganida u tashqarida bo‘lganini tan oldi. Ammo Fred qahvasini tinchgina ichdi. Keyin u uyga tomon ketayotganda doktor buni panjara ortida turib kuzatgan. Fred ortiga qaytib menga to‘pponcha o‘qtalgan. Doktor uni endi tortib olaman deganda Fred menga qaratib o‘q uzgan.
Bu gaplarni eshitayotib, yig‘ladim. Doktor ro‘molchasini olib ko‘zlarimni artdi.
– Bo‘ldi, hammasi ortda qoldi, – dedi u taskin berib. – Siz judayam jasur ayolsiz, Luiza Baring.
Doktor o‘rnidan turdi:
– Menimcha, siz yetarlicha murda va tasodifiy o‘limni ko‘rdingiz. Sizga hozir eng keragi boshingizdagi bintni yangilatishdir. Keyinroq biror kishini boshingizni qaytadan bog‘lab qo‘yish uchun yuboraman.
– Buni o‘zingiz qilib qo‘ya qolmaysizmi?
– Yo‘q. Men bu sohadagi shifokor emasman.
– Men unga yaxshilab qaradim. U toliqqan va ko‘zining atrofi qorayib ketgandi. Lekin u kuchli va jasur ko‘rinar edi. U bilan bo‘lgan odam xavf-xatardan yiroq bo‘ladi deb o‘yladim. – Nega siz o‘zingiz g‘amxo‘rlik qilmas ekansiz? – dedim men. – Agar men hozir kal ekanman, buni boshqa birovdan ko‘ra siz ko‘rganingiz ma’qul. Bo‘laqoling.
U jilmaydi va kutilmaganda yonog‘imdan yengil o‘pich oldi.
– Men buni siz stolimga lab bo‘yog‘ini taqillatib qo‘yganingizdayoq olishni xohlagandim, – dedi u. – Balki endi izquvarlikni yig‘ishtirib, sochingizni o‘stirishning payida bo‘larsiz? Chunki men yoningizda uzoqroq qolmoqchiman.
Tepamga qarasam, oyim eshikka suyanib, jilmayib turardi.

Ingliz tilidan Gulnora MATYAZOVA tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.