OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Lakerbay. Jigargo‘shalar (hikoya)

Bu voqea sodir bo‘lgan kun ertalabdan yomg‘ir yog‘di. Tog‘larni o‘rab olgan bulutlar kechga boribgina tarqaldi.
Yomg‘irdan so‘ng atrof shunday tiniqlashdiki, uzoqdagi toqqa qo‘l cho‘zsang, yetgudek. Havo toza va shaffof. Bunday paytda tog‘dagi har bir jonzot zavqqa to‘ladi, kiyiklar o‘zlarining ko‘z ilg‘amas go‘shalarini tark etib, pastda yastangan vodiyga ko‘z tashlash ilinjida baland-baland qoyalar tomon shoshadilar. Bundan xabardor ovchilar ham vaqtni boy bermaslikka harakat qilishadi.
Uzoq-yaqinga dong‘i ketgan ovchi og‘a-inilar Kozim bilan Sharax ko‘k yuzini so‘nggi bulut parchasi tark etmasidanoq yelkalariga miltiqlarini ilib, yo‘lga ravona bo‘ldilar.
— Uzoqqa ketib qolmanglar, nan* , kech tushib qoldi! — deya qichqirib qoldi ona o‘g‘illari ortidan.
Ammo ovchi zoti qancha vaqtga ketishi va qaysi yo‘l bilan qaytishini bilar ekanmi?
— Biz sizga eng semiz kiyikni otib kelamiz, onajon, bizga omad tilab qoling! — deb javob qildi kichik o‘g‘li Sharax, muyulish ortida qorasi o‘char ekan.
— Omad sizlarga yor bo‘lsin, nan! — degan onaning so‘zlari o‘g‘illari qulog‘iga yetib bormadi. Ular ancha yiroqlab ketib qolishgan edi.
Og‘a-inilar o‘rmon oralab o‘tgan yo‘ldan Abxaz o‘lkasining eng baland va tikka tog‘laridan bo‘lmish Qonachxir tomon borishardi. U yer qushga mo‘l, ammo shu bilan birga xatarli joy sanalardi.
Ovchilar tog‘ etagiga tez yetib kelishdi. Aylanma va ancha uzoq, ammo bexatar yo‘ldan yurmay, tikka yo‘ldan toqqa ko‘tarila boshlashdi. Bir necha bor xatarli so‘qmoq uzilib, qoyadan-qoyaga sakrashga to‘g‘ri keldi. Tez orada ovchilar inson oyog‘i tegmagan, parqu bulutlar o‘ziga makon qurgan baland qoyaga yetishdi.
Vahimali qoyalar yana ham balandga viqor bilan bo‘y cho‘zgan, oyoq ostida esa dahshatli jarlik yastanib yotardi. Ovchilar ensizgina so‘qmoq bo‘ylab ehtiyotkorlik bilan o‘ta boshlashdi. Oyoqlari ostidan sirpanib chiqib, jar tubiga o‘qday uchgan toshlar besas va beiz yo‘qolardi. Axiyri ular tosh ko‘chish natijasida paydo bo‘lgan kichik maydonchaga yetib kelishdi. Tikka qoya bo‘ylab o‘tgan tor so‘qmoq yo‘l bu maydonchani kiyiklarning sevimli manzilgohi — tog‘ yonbag‘ridagi o‘rmon bilan tutashtirib turardi.
— Toshda izlar ko‘rinmaydi, — dedi Sharax oldinga qarab. — Demak, kiyiklar hali kelishmabdi.
— Sen haqsan, — dedi Kozim. — Ammo ular tez orada kelib qolishadi.
— O’rmondan chiqishsa kerak, — dedi Sharax va yana bir bor yuqoriga ko‘z tashladi.
Ammo oldinda ko‘m-ko‘k baland tog‘ archalaridan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Sharax boshini ko‘targanida so‘qmoq yo‘l uzra qoya izining ba’zi bir joylarida elas-elas ko‘ringan qirrador toshlarni, pastga qaraganida esa uzoq-uzoqda Qonachxir qoyalarining etagini yuvib o‘tayotgan Kadar daryosining oppoq bulutni eslatuvchi suvlarini ko‘rdi. Ovchilar turgan maydoncha dahshatli jarlik ustida osilib turardi”.
“Xuddi shu yerda Shoua Maf halok bo‘lgan edi, — xayolidan o‘tkazdi Sharax. — U kiyik ortidan quvib, xuddi shu tor so‘qmoqdan jarga qulab tushgan, shu bilan nom-nishonsiz ketgandi”.
Aka-uka enkayganicha jarni kuzata boshladilar.
— Jim! — hushyor tortdi Kozim.
Shamolning guvillashiyu kaltakesaklarning shitirlashi bilan birga kiyiklarning asta yurib kelayotgan tovushi eshitilganday bo‘ldi. Kozim qulog‘ini yerga berib, bir daqiqa jim qoldi.
— Kelishyapti! — shivirladi u o‘rmon tomonga imo qilib.
Ovchilar qoyatosh ortiga bekinishdi. Bir necha daqiqa oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. Ov oldidan bo‘ladigan bunday bir lahzalik sukunat qaysi ovchining yuragida hayajon uyg‘otmagan deysiz?! Shunday vaqtda tomirdagi qon qaynab, yurakning zarbi miyada aks-sado beradi, ovchi o‘zini ortiqcha harakatdan arang tiyadi...
Shu lahza maydonchada bir-biridan ko‘rkam besh nafar kiyik paydo bo‘ldi. Ular oftobda tovlanayotgan jigarrang terilari bilan yelkalaridagi oq dog‘larini osmonga ko‘z-ko‘z qilishayotganday edi.
Bir payt kiyiklar maydonning bir chetida g‘uj bo‘lib yig‘ilib olishdi.
U yerga yaqinroq bo‘lgan Sharax o‘q uzib yuborishdan o‘zini arang tiydi. Chunki abxaz odatiga ko‘ra birinchi o‘qni yoshi katta odam otishi kerakligini u yaxshi bilardi.
Kozim o‘zining birinchi o‘qini ukasi Sharax mo‘ljalga olib turgan kiyikka qarab otdi. Kiyik bir sakradiyu jar yoqasidan g‘oyib bo‘ldi. Sharax otgan o‘q ham mo‘ljalga tegmadi — kiyiklar o‘zlarini o‘rmonga urishdi.
Kozim o‘zi urolmagan kiyik ortidan chopib ketdi. Bir ozdan keyin kiyiklar to‘g‘ri yo‘l qolib, yovvoyi echkilar singari tikka qoyaga qarab chopishdi. Kozim ham ularning izidan yugurdi. Boshqalardan orqada qola boshlagan kiyikka yetay deganida, Sharax kunning botib, tog‘larga xos zimiston kechaning yaqinlashib kelayotganini payqab:
 — Kozim, orqaga qayt, kech tushyapti! — deya ogohlantirdi.
Ammo akasi uning so‘zlariga e’tibor bermay kiyikni quvishda davom etdi.
— Qayt, Kozim! — yana qichqirdi Sharax. — Uyga qaytish vaqti bo‘ldi.
Yana javob bo‘lmadi.
Lekin uzoqdan akasining:
— La’nati kiyik, shaytonga o‘xshab ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-ya, – degan so‘zlari qulog‘iga chalindi.
Tovush uzoqdan kelar, Sharax yiroqdagi ko‘lankani bazo‘r ko‘rayotgan edi. Bir ozdan so‘ng u ham ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi — ko‘tarilgan tuman bir lahzada qoyalar uzra o‘zining sirli choyshabini to‘shadi.
— Shoshmay tur, Kozim! — tovushining boricha qichqirdi Sharax. — Tuman tarqashini kut. Yo‘qsa, toyib ketish hech gap emas.
U qoya uzra akasi oxirgi marta ko‘ringan joy tomon asta-asta yura boshladi. Tepadan mayda toshlar tushayotganini sezib to‘xtadi... Tuman tarqala boshladi chog‘i, boshlari uzra yulduzlar ko‘rindi. Ammo ko‘zlarining oldi hamon qorong‘u, hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi.
— Kozim, hoy Kozim! Oyoq qo‘yishga joy bormi? — deb qichqirdi Sharax.
— Hech narsa ko‘rmayapman... — degan javob keldi.
— Endi nima qildik?
Javob bo‘lmadi.
— Qanday qilib pastga tushasan? — yana ham balandroq tovushda qichqirdi Sharax.
— Bilmadim.
Sharaxning yuragiga qo‘rquv oraladi.
— Mahkam turibsanmi? — qichqirdi u, qo‘rquv va hayajon uning tovushida yaqqol aks etardi.
Oraga yana uzoq jimlik cho‘kdi. Sharax so‘zlarini shamol uchirib ketdi degan xayolga kelgan ham ediki, tepadan Kozimning tovushi keldi:
— Oyoq ostida kichik bir do‘nglik... faqat bitta oyoqni qo‘yish mumkin... ikkinchisi osilib turibdi.
So‘zlar uzuq-yuluq holda yetib kelardi. Ularni ham bir-biridan tubsiz jar ajratib turganday.
— Qo‘llaring-chi? — so‘radi Sharax. — Mahkam ushlab turibsanmi?
— Faqat bir qo‘l bilan...
Shu zahoti Sharax akasining og‘ir nafasini his qilganday bo‘ldi.
— Kozim! — qichqirdi u. — Ertalabgacha turib berasanmi?
— Bilmadim... kuchim yetarmikin...
— Kuch topish kerak, aks holda...
Sharax gapini tugatish uchun o‘zida mador topmadi.
— Harakat qilaman, — dedi akasi. — Faqat qo‘shiq aytib bersang... Mening sevimli qo‘shig‘imni...
Sharax uni tushundi. Kozim hayoti qil ustida turgan bir vaqtda ko‘ngli o‘zining sevimli ashulasi — omadli ovchi O’zbakya haqidagi qo‘shiqni tusagan edi. Qo‘shiqda aytilishicha, kunlardan bir kun omad ovchidan yuz o‘girdi. U otib o‘ldirgan o‘n olti shoxli bug‘u qoyadan yiqila turib, O’zbakyani ham o‘zi bilan birga tubsiz jarga tortib ketadi. Ovga qiziqib ketgan ovchi yigit o‘limni xayolga ham keltirishga ulgurmagan edi.
Bu qo‘shiq bilan Kozim o‘z ruhini ko‘tarmoqchi edi. Sharax qo‘shiqni ayta boshlashi bilan akasi unga jo‘r bo‘ldi.
Aka-ukalar qo‘shiq aytar ekanlar, Qonachxir tog‘i ustidan tun qushi uchib o‘tdi. Ovchilarning tovushini eshitgan qush bir lahza to‘xtab, g‘aroyib manzaraning guvohi bo‘ldi: tubsiz jarlik uzra qad ko‘targan tog‘ning eng baland yerida ikki kishi bag‘rini qoyaga berib yotadi. Biri qoya turtib chiqqan ensizgina yolg‘izoyoq so‘qmoqda turibdi, ikkinchisi esa xuddi uning tepasida toshni mahkam ushlaganicha osilib qolgan. Kichigi xavotirli ko‘zlarini tepaga tikkanicha, kattasi esa qoya toshiga betini erkalangandek bosib, ikkisi ham qo‘shiq aytish bilan band. Shamol kiyimlarini tortqilab, qo‘shiqlarini uzoq-uzoqlarga olib ketmoqda.
Sharax qo‘shiqni uzoq aytdi. Bir mahal Kozim jimib qolgan edi, Sharax qahramonlar qo‘shig‘ini boshlab yubordi.
Kozim unga yana jo‘r bo‘ldi, ammo avvalgidan ham tezroq jimib qoldi. Sharax akasidagi charchoq va orom olish istagini sezdi — bu o‘lim bilan barobar edi.
— Kozim, yana bir qo‘shiq aytmaymizmi? — akasini chalg‘itmoqchi bo‘ldi u, ammo javob bo‘lmadi.
Sharaxning butun vujudi quloqqa aylanib, uzoq javob kutdi. Oxir-oqibatda tepadan madorsiz, ko‘proq ingroqni eslatuvchi tovush keldi:
— Sharax! Sharax... Agar men halok bo‘lsam, onamizni ehtiyot qil... ancha munkayib qolgan... Endi yolg‘iz sen ularga suyanchiq bo‘lasan...
— Kozim, sen bo‘sh kelmasliging kerak! — gapni bo‘ldi ukasi. — Hamma kuch va irodani to‘plab, albatta, eshityapsanmi, albatta, tonggacha chidashing kerak. Tong otishi bilan men novda kesib kelib, senga uzataman.
— Eh, qaniydi... Qo‘llarim qotib qoldi, hatto oyoqlarimni ham almashtirishga majolim yo‘q.
— Chidash kerak!.. Ana tong yulduzi ham ko‘rindi! Bardam bo‘l, Kozim!
Shu vaqtda tun qushi ikkinchi bor Qonachxir tog‘i ustidan uchib o‘tdi. Bu o‘lim darakchisi bo‘lajak mudhish fojia haqida atrofga xabar berayotgan edi. Birinchi marta uni aka-ukaning qo‘shig‘i bosib ketgandi. Endi esa uning tovushida oxirgi ogohlantirish ohanglari yaqqol sezilib turardi.
Sharaxning tungi qush haqidagi o‘ylarini Kozimning tovushi bo‘ldi:
— Tamom, Sharax, hammasi tugadi!.. Boshqa kuchim qolmadi. Ikki barmog‘imda osilib turibman... Endi foydasi yo‘q...
Shunda Sharaxda qanday o‘zgarish yuz berganini kim bilsin deysiz. O’zganing ko‘nglidagini uqish qiyin. Nima bo‘lganda ham, Sharax o‘zgardi-qoldi.
— Shu gap rostmi? — qichqirdi u. — Xudoga ming qatla shukur. Demak, sen jarga qulab tushasanu suyaklaringni ham topa olishmaydi! Juda soz. Endi baxtimga erishadigan bo‘ldim.
— Hoy, to‘xta, bu nima deganing? Aqldan ozdingmi? Nimaga xursand bo‘lasan?
— Nimaga deysanmi? Sening o‘limingga! Endi umidim ro‘yobga chiqadigan bo‘ldi. O’zing kuchim qolmadi deding-ku, demak, yashirishga hojat yo‘q. Sen halok bo‘lsang, Habiba meniki bo‘ladi, ha, meniki!..
— Nima?! — qichqirib yubordi Kozim. — Nima deding? Qani qaytar-chi! Men yanglish eshitganga o‘xshayman.
— Yo‘q, hammasini to‘g‘ri eshitding. Qallig‘ing Habiba mening xotinim bo‘ladi, Sen doimo oramizda g‘ov bo‘lib turarding. Katta bo‘lganing sababli, muhabbatimni yashirishga to‘g‘ri kelardi. Mana endi umidlarim ro‘yobga chiqadigan bo‘ldi...
— Jim bo‘l! — hayqirib yubordi Kozim. — Bir kechada aqldan ozganga o‘xshaysan.
Shu tariqa aka-uka tongga qadar so‘kishib chiqishdi. Tuman tarqab, tog‘dagi so‘qmoqlar ko‘rina boshlagach, Kozim ukasining:
— Ushla, Kozim! — degan tovushini eshitdi.
Boshini ko‘tarib, Sharaxni ko‘rdi: ukasi so‘qmoq yo‘ldan yuqoriga ko‘tarilib, xavfsiz yerda turib, bir uchi katta toshga bog‘langan uzun novdani akasiga uzatardi.
Kozim novdani itarib yuborib, boshqa yo‘l qidira boshladi. Ammo boshqa yo‘l yo‘q edi.
— Ushla, Kozim! — qaytardi Sharax.
Ikkinchi marta ham rad javobi bo‘ldi. Sharax uchinchi bor novdani uzatganidagina Kozim unga tirmashib, yuqoriga chiqib oldi.
Aka-uka yuzma-yuz kelganida Sharax akasiga shunday dedi:
— Kozim, gaplarimni to‘g‘ri tushungandirsan. Madorsiz qolayotganingni ko‘rib, Adzin Hojarot aytgan so‘zlar yodimga tushdi. Jahlingni chiqarish kerakligini tushundim...
Ammo Kozim ukasining gaplariga quloq solmadi — uning nazarida izzat-nafsi qattiq haqoratlangan edi.
— Insofing yo‘q ekan! — dedi u. — Jim bo‘l! Gaplaringni tushunishni ham istamayman! Tushingni suvga ayt.
— Yaxshi, yaxshi, jim bo‘ldim, — og‘ir tin oldi Sharax.
Kozim so‘qmoq bo‘ylab pastga tusha boshladi. Sharax uning ortidan ergashdi. Kozim to‘xtab, oyog‘iga botayotgan mayda toshlarni olib tashlash uchun chorig‘ini yechishga tutindi. Sharax oldinga o‘tib, yo‘lida davom etdi. U pastga yastanib yotgan qishlog‘ini, qadrdon uyi uzra ko‘tarilayotgan tutunni, hovlisidagi katta chinor daraxtini ko‘rdi. Shu chinor ostida yoshlik chog‘larida aka-uka o‘yin bilan o‘tkazgan vaqtlari ko‘z oldiga keldi. Quyoshning ilk nurlari ko‘zlarini qamashtirib, dilini yayratdi. Sharax qayrilib, akasiga qaradi.
Kozim uning chehrasidagi quvonchni o‘zicha yo‘yib, kechasi ro‘y bergan voqeani esladi. Qahr va g‘azabdan bo‘g‘ilayozdi... bir daqiqada miltig‘ini o‘qlab, ukasiga to‘g‘irladi... Tutun tarqalgach, Sharaxning yuragini changallaganicha jarga qulaganini ko‘rdi.
“Hayot bo‘htondan iborat, — deb o‘yladi Kozim uyi tomon yo‘l olar ekan. — Habiba sevaman derdi — aldadi. Ukam bor edi, endi yo‘q. O’zim ham nobud bo‘lishimga oz qoldi. Hayot deganlari shu ekan”.
Uy ostonasini hatlab o‘tishga Kozimning yuragi dov bermadi.
— Kozim, nega uyga kirmay turib qolding? — dedi uni ko‘rgan onasi.
Bu so‘zlardan Kozim seskanib ketdi. Og‘ir qadamlar bilan u uyga kirdi.
— Sharax qani? Birga emasmidinglar? — so‘radi ona.
Kozim boshini qo‘yi solganicha jim turib qoldi. Onaning har bir so‘zi yuragini xanjardek tilardi.
— Unga nima bo‘ldi? Nobud bo‘ldimi? Gapirsang-chi!
— U haromi ko‘rnamak ekan! Men uni o‘ldirdim.
Ona yuzlarini timdalab faryod chekdi. Uning ovoziga qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilishdi. Habiba ham keldi.
Kozim kechasi bo‘lib o‘tgan voqeani ro‘y-rost gapirib berdi.
— Sharax nima sababdan bunday deganini bilmayman-ku, — dedi Habiba, — ammo men haqimda yomon fikrda ekansan. Endi to‘yimiz bo‘lmaydi!
U shunday dedi-yu, hovlidan yugurib chiqib ketdi.
— Sen o‘zing haromi ko‘rnamaksan! Qotil! Yo‘qol bu yerdan! — dedi g‘azabdan bo‘g‘ilgan ona. Uning ko‘z oldi qorong‘ilashib, hushidan ayrildi.
Shunda Kozimning ko‘zi tumonat ichida turgan Adzin Hojarotga tushdi. Uning esiga Sharaxning oxirgi so‘zlari kelib, “Ukam nima uchun uning nomini esladi ekan?” — deb o‘yladi.
Shu zahoti mo‘ysafid Adzin Hojarot odamlar orasidan ajralib chiqib, shunday dedi:
— Bechora Xanjak! Sho‘ring qurib qolibdi. — Keyin hammaga yuzlanib, Sharax nazarda tutgan maqolni qaytardi: “Katta qayg‘u odamni kuchdan qoldirsa, g‘azab unga tengsiz kuch baxsh etadi”.
Bu so‘zlardan Kozim seskanib ketdi. Haqiqatan u endigina tushunib yetgandi. Kozim o‘rnidan turib, hovlidan chiqib ketdi. Uni hech kim kuzatib qolmadi.
Shu ketganicha u toqqa, Sharax halok bo‘lgan joyga bordi.
Shu atrofda echki boqib yurgan cho‘ponlar o‘q tovushini eshitib, tepadan nimadir qulaganini ko‘rishdi. Yugurib kelishganida Kozim jonsiz yotar, yonidagi miltiq esa hali sovib ulgurmagandi.
 

Ruschadan Rustam Sharipov tarjimasi
 «Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

_________________ 
*    Nan — bolam (Abxaz ayollari o‘zidan yosh erkaklarga shunday murojaat etadilar)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.