OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Prishvin. O‘rmon tomchilari (esdaliklar)

Esimda, biz bolalikda o‘yinchoqlarimizni, sovg‘alarni, hatto soatlarni ham albatta buzib ko‘rardik. Ichida nima borligini bilgimiz kelardi—da. Eski zamonlarda maktabdayoq bizni tabiat bilan xuddi shu yo‘sinda kirishishga, uni ichiga kirib borishga o‘rgatishardi. Dalaga olib chiqishardi, biz gullarni yulishga tushardik. Gulning barglari, g‘unchalari, tugunchalarini ham birma—bir erinmay yulib tashlardik, so‘ngra endi bizga keraksizday otib tashlardik. Axir, o‘yinchoqlar bilan ham shunday bo‘lmaganmidi—na o‘yinchoq bor, na gullar...
Biz endi tabiatni boshqacha o‘rganamiz — uni buzmasdan, hech narsani yulmasdan, toptamasdan, qanday bo‘lsa, shundayligicha sevib, katta—kichik har bir tirik jon, toshlarga ham inson ko‘zi bilan qarab, uni to‘ldiramiz.
Men buni o‘zim o‘rgandim, har bir qadamimda yozib bordim, kuzatdim. Bu yo‘llarda qo‘lingizdagi «O‘rmon tomchilari» nomli kitobim bitildi. Bu—mening shoir ko‘zim, shoir qalamim bilan ko‘rganlarim, bilganlarim, his etganlarim, anglaganlarimdir. Ularda tabiat bilan inson, butun borliq, mavjudotning uyg‘unligini Sizga ham yetkazmoqchi bo‘ldim.

1. BORLIQ BAHORI

Tabiatdagi o‘zgarishlarning har bir kunini kuzatib boruvchilar— fenologlar tili bilan aytganda, bahor bir qatim quyosh nurining tushishi, qo‘shilishi bilan boshlanadi. Xalq esa ayiq uyasida u yonidan bu yoniga ag‘darilayotganda quyoshning nurlari yoz tomonga buriladi, o‘sha damda qish ayozi charsillab tursa—da, lo‘li po‘stinini sotadi, deydi.
Yanvar, fevral, martning boshi — barisi borliqqa bahorning kirib kelishidir. Osmondagi muzlarning erishi biz yashayotgan katta shahardagi baland ulkan tosh uylardan yaqqol ko‘rinadi. Bu vaqtda men shaharda bitta o‘y bilan yashayman — ko‘proq pul topishga kirishaman. Buning uchun do‘zax azobiga kirib ishlashga ham tayyor turaman. Atrofdagilarim bilan urushib—talashib bo‘lsa ham, mo‘ljalimdagi pulni yig‘aman.Shundan so‘ng pul ishlash mumkin bo‘lmagan yerlarga chiqishga hozirlik ko‘raman, o‘zimni baxtiyor sezaman.
Ha, borliqqa bahor kelishini shahardayoq sezib, ko‘rib, so‘ngra uni— tabiatda, borliqda suvlar,maysalar, o‘rmonlar, ehtimol , inson bahorini ham ona yer quchog‘ida , tuproq hidlarini sezib ko‘rishni, kutib olishni istagan odam chindan ham baxtli.
Qorli qishdan so‘ng butun yer yuziga lopillab bahor kirib kelar ekan, odamlar uylaridan tashqariga, tabiat bag‘riga chiqadilar.Atrofga boqib, hayajonlanadilar, ularning har birini bitta savol qiziqtiradi— bu yil bahor qanday kelar ekan? Bahor esa hech qachon bir—birini takrorlamaydi, har biri —betakror. Bu yilgi bahor hech qachon bulturgisiga o‘xshamaydi.
Bu yil bahor bizni kuttirib qo‘ydi, qorning yarqirashidan ko‘z tinib ketadi, atrofda esa bitta sado yangraydi:
—Bu tezda o‘tib ketadi!
Chanalarda uzoqlarga yo‘l olishgan odamlarda xavotir bor— ishqilib, chanalarni biron—bir joyga tashlab ketishga, otlarni yetaklab, ortga qaytishga to‘g‘ri kelmasin—da. 
Yaxshiyamki, yangi bahor hech qachon eskisiga o‘xshamaydi.Shundandir chiroyli yashaging keladi bahorday ,bahorni hayajon bilan, ilhom bilan kutib olging keladi, uning qanotida xush kunlarni ko‘rging keladi.

2. BAHORNING BOSHLANISHI

Erta tongda havo harorati minus 20 gradus bo‘lsa-da, kunning o‘rtasiga kelib, tomdan tomchilar tusha boshladi. Bu kun ertalabdan to tungacha billurday yaltirab gulladi, yoshardi. Qayinlar go‘yoki qor bilan naqshlanganday kechgacha goh binafsharang, goh moviy ranglarda nurlanib turdi. Osmonda oqish oyning o‘rog‘i uzoq vaqtgacha qalqib turdi, ufqda esa ranglar parchalanib-parchalanib ketdi. Borliqqa kirib kelgan bahorning birinchi kunida hammasi ajoyib edi. Biz bu kunni ovda o‘tkazdik. Kuchli ayoz bo‘lishiga qaramay, quyonlar ko‘p edi. Ularni nafaqat botqoqliklarda (odatda,ular qattiq sovuqlarda botqoqliklarda jon saqlashadi), balki dalalarda , butoqlarda, orol etaklarida ham uchratish mumkin edi.

3. YOQUT KO‘Z

Achchiq ayoz jimligi. Kech tushmoqda. Yalang‘och o‘rmonning butoqlari qorayib ko‘rinadi. O‘rmon tun ichiga butun fikru xayollarini, o‘ylarini bir joyga jamlab kirmoqchiday salobatli. Butoqlar orasidan quyoshning yoqut ko‘zlari — nurlari yonib o‘tardi, yarqirab—yarqirab ketayotgan bu ko‘zlar odamnikidan katta emas.

4. BAHORGI AYOZ

Ayoz va shimol bo‘roni quyoshning bor urinishlarini, kun bo‘yi ter to‘kib qilgan mehnatini bir pasda chippakka chiqarishdi va hammasi ayqash—chuyqash bo‘lib ketdi: hatto moviyrang gunafshalar ham billur qorga burkanib, ushlasang, sinib ketguday, quyosh ham bu holatdan uyalganidan turolmay, qo‘zg‘alolmay qolganga o‘xshardi.

5. MOVIY SOYALAR

Borliqqa ayozli va yorug‘ sukunat cho‘qdi. Kechagi kungi birinchi qor yupqa muz ustida mayin upaday sepilib, yarqirab yotardi. Muzlar esa hali—veri eriy demas, aksincha, dalada ham, quyosh nurlarida ham soyadagidan ko‘ra yaxshiroq, tiniqroq jilvalanardi. Har bir eski shuvoq, maysa, qariqiz, o‘tpoyalar bu yarqirab turgan birinchi qorga— oynaga qaraganday qarashardi. O‘zlarini shu ko‘zguga solishardi, yanada moviy, yanada go‘zal ko‘rinishardi.

6. SHOSHILMAY KELAR BAHOR

Tunda ayoz turmadi. Kulrang kun, havo ham iliq emas. Bahor sekin—astalik bilan siljimoqda: hali muzlari erib bitmagan hovuzlarda baqalar boshini ko‘tarishib, yarim ovozda vaq—vaqlashadi. Bu xuddi olislarda katta yo‘lda biz tomonga qarab kelayotgan aravalarning shovqiniga o‘xshab ketadi. Yer haydash davom etmoqda. Qorning so‘nggi bo‘laklari ham eriydi. Ammo hali tuproqdan issiq hovur ko‘tarilganicha yo‘q. Suvlar iliqlashmadi hali. Bahor erta kelgan bo‘lib ko‘rinsa—da, u shoshilmay kelardi. Borliqda noqulaylik mavjudday .Qor yaqindagina yog‘di, qish bo‘yi yog‘madi hisob.Endilikda esa vaqtidan oldin haydalgan yerlar ham bevaqt muzladi. Yong‘oq gulladi, ammo hali changlanmagan. Qushchalar qor uchqunlarini cho‘qilab ko‘radi, hali iliqlik sezilmaydi. Qorga burkanib olgan yaproqlar qalin, kulrang.
Kecha valdshpen mana shu barglarga tumshug‘ini tiqib, undan urug‘liklarni olmoqchi bo‘ldi; shu payt biz kelib qoldik. U uchmoqqa chog‘landi, ammo tumshug‘idagi bargga o‘ralgan eski ari uyasidagi mayda meva urug‘larini esa tashlab yuborishni istamadi. Men uni urib tushirdim, uning tumshug‘ida esa o‘ntacha eski ari uyasidagi barg parchalari osilib turardi.

7. MART OXIRIDAGI YO‘L

Kunduz kunlari bahor yo‘llarida yemak istab barcha bahor qushlari uchib o‘tadilar; tunda esa qulog‘iga qadar qotib qolmaslik uchun shu yo‘ldan hayvonlar ham o‘tishadi. Bu kulrang va mallarang yo‘llarda muzlarda toyib, ag‘anab ketmay deb chanalarda yuk ortib odamlar ham o‘tishadi. 
Bu yo‘l asta—sekin bahor irmoqlari to‘lib borayotgan to‘g‘onga aylanib boradi. Odamlar yoniga bolalarini olib, chanalarda o‘tib ketishdi, xuddi shu payt irmoqlar birlashdi — yo‘lning bir tomoniga butun boshli ko‘l oqib ketganday bo‘ldi. Suv to‘g‘onni bor kuchi bilan bosib kela boshladi, suvning oqimi kuchaydi — to‘g‘on bardosh berolmay, parchalanib ketdi va shovqinli oqim chanada ketayotganlarning yo‘lini kesib o‘tdi.

8. BAHOR IRMOQLARI

Suvning tortilib—tortilib oqayotganini tingladim. Jilvagar o‘tloqdan suv ovozsiz oqmoqda.Ahyon—ahyonda oqayotgan suvning ko‘rinmas to‘lqinlari bir—biri bilan to‘qnashib, chayqalib ketadi. Men suvning oqishini tinglay turib, kelayotgan chayqalishini kuzatarkanman, o‘ylayman—nega bunday? Osmondagi , balanddagi qorlardanmi bu, shu qorlarning ostidagi irmoqlardanmi bu... Ag‘darilib—ag‘darilib tushaveradi suvlar, bu hodisa irmoqlar hayotidagi oqimlarning to‘qnashuviga olib keladi. Nimalar bo‘lmaydi deysiz bu hayotda! Agar hayotimizga bittagina bo‘lsa ham bahor irmog‘ini kiritsak, biz uni mukammal deb qarasak, shu mukammallikda hayotni anglashni urinsak, unda hayotni boricha borliq bilan birgalikda, avvalo,ruhimizdan,yuragimizdan o‘tkazib ko‘rishimiz lozim. 
 
9. BIRINCHI JILG‘ALAR

Men yengilgina, qushlar qanotidan uchgan tovushlarni eshitdim va itimga qaradim—ko‘rib, bilib kel-chi, chindan ham valdshpenlar uchib ketishdi-mikan? Ammo Kenta xotirjamlik bilan chopib borardi. Men yana suvning oqishini kuzatish zavqiga oshno bo‘lish istagida orqaga qaytdim, qaytayotib, yo‘l—yo‘lakay yana o‘sha — qushlar qanotidan uchgan tovushlarni eshitdim, yana va yana...
Nihoyat, men bu tovushlarning to‘xtab—to‘xtab qolish sirini angladim. Yana tovushni eshitdim. Bu tovush borgan sari kuchaydi, tinmadi, shunda tushundimki, qaerdadir qorlar ostida eng kichik jilg‘alar shunday kuylashadi. Bu menga shunday yoqib tushdiki, men erinmay boshqa irmoqlarga ham quloq tutdim, hayratlandim — ular bir—biriga o‘xshamas tovushlarda kuylashardi.

10. MAY IZG‘IRINI

Tunda kuchli izg‘irin bo‘lishi kutilmoqda. Oy ko‘ringan vaqtda men emanzorli o‘tloqqa keldim—bu yerda mayda, kichik—kichik qushchalar va birinchi bo‘lib ochiladigan gullar ko‘p. Bu ajib go‘shaga shuning uchun ham mitti qushlar va binafsha gullar mamlakati deb nom qo‘ydim.
Tez orada g‘arb tomonni ham tong egallay boshladi, sharq tomon yorishdi. Tonggi shafaq enib kelar, ufqning ko‘zga ilg‘anmas chiziqlari o‘ziga ohangraboday tortardi. Ketayotgan tun jozibali edi. Men qadamimni tezlatdim, shu qadar qizib ketdimki, kuchli ayoz maysalar va bahorning birinchi gullarini muzlatib qo‘yganini sezmay qolibman. Tongga yaqin soatlarda esa ayoz yanada kuchlandi. Men bir dona binafsha gulni qo‘limga olib, kaftlarimda isitmoqchi bo‘ldim.Ammo sovuqda muzlab, qotib qolgan gul qo‘llarimda sinib ketdi.

* * *

Limonzor, Tillarang kapalak buta barglarining ustida qanotlarini yig‘ib o‘tiribdi. Endi u quyosh isitmaguncha qimirlamaydi, uchmaydi, uchib ketolmaydi. Unga tegay—tegay deb turgan barmoqlarimdan ham himoyalanishni, o‘zini saqlab qolishni istamaydi.

* * *

Qachonlardir qaerdadir o‘tloqda quyosh nurlarida eriyotgan muzni ko‘rganmisiz? Kechagina juda boy edi bu irmoq: shundoqqini o‘tloqdan ko‘rinib turardi. Tun iliq, u tonggacha irmoqdagi bor suvni katta suvga qo‘shishga ulguribdi. Qolib ketgan suvlarni tongga yaqin ayoz ushlab qoldi. Ulardan yaltiroq oynalar yasadi. Ko‘p o‘tmay chiqib kelgan quyoshning oltin nurlari bu muz oynalarni parchalab tashladi, parchalaganda ham har birini erinmay parchaladi.

11. KECHIKKAN IRMOQLAR

O‘rmonda mayin havo. Maysalar yashillanmoqda, kulrang butoqlar yarqirab turibdi.Na sokin so‘qmoqlar! Na dilbar sukunat, o‘ychanlik! Kakku birinchi may kunini boshlab berishga jazm ayladi. Teterovkalar ham kechki shafaq oldidan o‘z tillarida nimalardir deb g‘uldirashadi.Bahor irmoqlari har qancha yugurib, yelishmasin, baribir kechikib kelishdi. Endi ular yashil maysalar bo‘ylab oqishmoqda. Irmoqqa qayinlarning sindirilgan butoqlaridan oqayotgan sharbatlari tomchilaydi.

12. SUVLAR BAHORI

Qor hali qalin, qattiq, ammo dona—dona bo‘lib turganidan yumshoq tuyuladi. Hatto quyonlar ham bemalol ag‘anab, yergacha kirib boradilar, qorinlari, qo‘l—oyoqlari bilan qorni yuqoriga titib olib chiqadilar. Mazza!
Uzoq yo‘l bosib kelgan qushlar yemak istab, dalalarning qorayib—qorayib ko‘ringan ochiq joylariga uchib borib qo‘nadilar. Qayinlar yomg‘ir ostida shodlikdan yig‘layotganga o‘xshashadi — pastga enib tushadi tiniq tomchilar. So‘ngra bu tomchilar qorga singib ketadi va qor yanada qattiqlashib boraveradi. 
Yo‘ldagi so‘nggi muzlar charsillaydi, billurday tovlanadi — ular bosh suyaklariga o‘xshab yotibdi. Muzli ko‘lmak ham yuvilib ketdi. Mana shu ko‘lmakdan narigi tomonga sakrab o‘tgan quyonning izlari aniq—tiniq ko‘zga tashlanadi.

13. JILG‘ALAR VA SO‘QMOQ

Qarag‘ayzor yoqalab o‘tgan so‘qmoqda qorlar, muzlar erimoqda. Shovullab irmoq oqmoqda. Olislarda oftobning issiq nurida o‘rmon etagidagi irmoqlar va so‘qmoqlar yuguradi. Irmoq orqasida — shimoliy qiyalikda ninabargli daraxtlar orasida esa Sibir taygasining qo‘l urilmagan, iz bosilmagan, buzilmagan qorlari yarqiraydi. 

14. TINIQ TOMCHI

Quyosh va shamol. Bahorgi yorug‘lik. Chittaklar va klestlar oshiqona ohangda kuylashadi. Chang‘ilarda qolgan muz qobig‘i oyna kabi yaltirab, jaranglab uchib ketadi. O‘rmon etagida qorayib ko‘ringan yosh, mayda qayinlar quyosh nurida binafsha rangda jilolanadi. Temir tomlarda tog‘ muzliklariga o‘xshab ko‘ringan qotib qolgan qorlar quyosh nurida yaltirar, bu nurlar tagidan haqiqiy muzliklardagiday suvlar daryosi oqib o‘tar, oqibatda muzlik ortga tislanardi. Muzlik va tom chetidagi tobora qizib kelayotgan temir tasma yanada kengayib, qorayib borardi. Ayozda yarqirab turgan sumalakka tomdan tomchilar oqib tushadi. Bu suv tomchilari sumalakka urilib, yaxlab qoladi. Sumalak tonggacha yaxlab qolgan tomchilar sharofati bilan to‘lishib boradi. 
Quyosh chiqdi. Tomdan oshib tushgan quyosh nurlari sumalakka yetgach, ayoz chekindi. Muz eriy boshladi, eriyotgan sumalakdan esa oltin tomchilar yarqirab yerga tusha boshladi. Kuzatsangiz, butun boshli shaharning har bir tomidan oqib tushayotgan oltin tomchilarni ko‘rasiz.
Hali shom pardasi borliqni butunlay qamrab olmasidanoq, muzlash, ayoz achchig‘i sezila boshladi. Tom ustidagi sumalakdagi muzlar sezilarli darajada erigan bo‘lsa—da, ayoz eriyotgan tomchilarni sumalakka yetar—etmas, yoki oqib tushishiga qo‘ymay, yarim yo‘lda, sumalakning uch—uchlarida muzlatib qo‘ymoqda edi.Sumalakning bo‘yi kechgacha ancha o‘sdi. Yangi kunda esa quyosh chiqadi, yana muzlar eriydi. Sumalak ertalablari eniga, kechga borib esa bo‘yiga o‘sib, to‘lishib, go‘zallashib ko‘rinadi.

15. QUYUQ ILIQ YOMG‘IR

Derazam oldida arg‘uvon daraxti yashillanmoqda. Uning kattta-katta kurtaklarida shu kurtaklarday katta—katta tiniq tomchilar tovlanadi. Bir kurtakdan ikkinchi kurtakka urilib—urilib ketayotgan tomchilar, yerga tushadi. Daraxtning ulkan butog‘i po‘stlog‘idan balandda daryo o‘zanidan toshib ketganday butun boshli suv ko‘zga ko‘rinar—ko‘rinmas bo‘lib qalqib turibdi. Har qalqiganda mayda—mayda tomchilarga bo‘linib, novdalarga tushadi, yerga to‘kilayotgan tomchilar o‘rnini egallaydi. Go‘yo butun boshli daraxt tomchilar qurshovida — butun boshli daraxt tomchilayapti. 
Bir yarim kun, bir yarim kunduz tinimsiz yomg‘ir yog‘di. Ko‘chalarda loygarchilik boshlandi.Men shu yo‘llarni suratga oldim. Yo‘l boshida yarqirab turgan tomchilarni suratga tushirdim: tomchilar gullayotganday ko‘rindi. Men ularda osmonni ko‘rdim. Yerga tushayotgan tomchilarni esa qalin o‘rmon fonida oldim, shunday qorong‘ulikda ham tomchilar jilolanib ko‘rinardi.Bu —bahorgi quyuq iliq yomg‘irning mitti mo‘‘jizalari. 

16. SUVLAR QO‘SHIG‘I

Suvlar bahori bir—biriga qon—qarindosh tovushlarni bir joyga yig‘adi, ba’zan bularning barini birdaniga ilg‘ab ololmaysan— bu nima? Suv biqirlayaptimi, yoki baqalar vaq—vaqlashayaptimi... Hammasi suvlar qo‘shig‘iga qo‘shilib ketadi. Bu qo‘shiqqa hamohang bekas oqarib ko‘rinadi, sollanadi. Shu qo‘shiq ohangiga valdshpen xirgoyisi ham qo‘shiladi, sirli ravishda ko‘lbaqa qushlari avjga chiqadi. Qushlarning bunday g‘aroyib kuylashi, avvalo, suvlar qo‘shig‘idan tug‘iladi, chamamda. 

17. TOSH ASRI ARFASI

Jarlik tubidagi daraxtlrning osilib turgn bo‘lak - bo‘lak uzun ildizlari, tomirlari qirg‘oqning quyuq gumbazlri ostida sumalaklarga o‘xshab ko‘rinadi, tobora o‘sib, suvlikni qamrab olishadi. Shamol esadi, bahorgi mayin shamollar suvni to‘lqinlantiradi. Mayda - mayda to‘lqinlar jarlik tubidagi sumalakning so‘nggi uchigacha yetib boradi. Sumalaklar esa tebranishadi, bir-biriga xabar berayotgandek bir - biriga urilib, jaranglab ketishadi. Bu jarang bahorning ilk jaranggi - tosh asri arfasining ohanglaridir.

18. BIRINCHI GUL

Sargashta shabada eski barglarni yengilgina silkib o‘tdimi desam, birinchi kapalak uchib ketgan ekan. Ko‘zim oldi nega mavjlanadi desam, bu boychechak— birinchi gulning qulf urib ochilishi ekan.

19 SUVLAR QO‘SHIG‘INING BOSHLANISHI

Men shahardan unchalik uzoqlab ketganim yo‘q edi: hammasi eshitilib turibdi. Elektrovozlarning ovozi, turli - tuman taqir - tuqurlar, ammo muhimi bu emas. Chunki o‘rmonning o‘ziga xos sukunati bor. Bu sukunat juda harakatchan, butun diqqat-e’tiborimni o‘zini qilib olgan. Shahar shovqinini menga umuman eshittirmaydi. 
Men ketib borardim. Yomg‘ir yonginamda bo‘lsa-da, uni sezmasdim. Men birinchi marta yomg‘irni yosh qayinning oldiga kelganimda ilg‘adim. U samoviy ranglar bilan birinchi bor uchrashayotgandek qizarinib borar, rangsiz katta - katta tomchilar qayin butoqlarida osilib turar, bu butoqlarning kattaligi sambittollarnikiday ko‘rinardi. 
Qora ko‘prikkacha yurib bordim. U yerda irmoqlar hali qalin qor uyumlari ostida jimirlayotganini ko‘rdim. Faqat qaerlardadir suvga to‘lgan chuqurliklar ko‘zga tashlanib qolardi. Men bugun bahor suvlarining birinchi qo‘shiqlarini tingladim.

20. YO‘L

Muzli, zahmatli, otlar tuyog‘i va chanalar izlaridan to‘liqqan, yangilanib borayotgan yo‘l tiniq suvlar dengizi tomon shoshadi. Dengiz tomondan qarasangiz, bahor bulutlari tiniqlashib, yo‘l tobora yangi, tobora go‘zal ko‘rinadi.

21. TOMCHILAR NURI

Tunda o‘rmondan qaytish qiyin kechdi. Ammo hech qanday charchoqlik ko‘tarinki ruhimni — ichimdagi tuyg‘ularni sindirolmadi. Negaki, men bugun gullar bo‘yi va qushlar qo‘shig‘i qanotida shiddat bilan kirib kelayotgan qaynoq qonli bahorni ko‘rdim.
Hali yashillanib ulgurmagan o‘rmonda yosh, ertagi majnuntollar billur qandillar singari gul xayollarga o‘ranib tebranadi. Novdalarda esa zamburug‘lar, navro‘zgullar, anemonlar, bo‘ri po‘stlog‘i, kurtaklar nurlanadi, tomchilar tovlanib turibdi.

22. SHOM

Kunning o‘rtasi. Issiq shamoldan hammayoq iliqlashdi. Kechga borib, kunning yelkasida bahorning yangi davri boshlandi. Ertagi tollar gulladi, sayroqi drozd - o‘rmon qushi bor ovozi bilan kuylab yubordi. Qurbaqalar shovqinidan hovuzning yuzasi to‘lqinlandi. Shom havosi turli-tuman ovozlar bilan to‘lib toshdi. Kech tushib kelishi bilan uzunburunchalar - sichqonsifat hashoratho‘rlar yerga kirib ketishdi. Osina daraxtining barglaridagi tabiiylik shu qadar jozibali ediki, xuddi suvga tushib ketgan baliqdek uzatsak, qo‘limiz yetmasdi.

23. MUZ OYNA

Yana quyoshli izg‘irin bilan keldi chehrasi ochiq kun. Yo‘llarda irmoqlar o‘z izlariga tushib olishdi. Qor bosib yotgan o‘rmonlarning qorli uyumlarida qizg‘in palla.O‘rmon yalangliklaridagi qor uyumlariga kirib, kechib, sevimli irmog‘im oqib o‘tadigan joygacha bordim. Men qayinnning shundoq yonginasida tobora ochilib borayotgan suvlikni ko‘rdim. Uni suratga oldim. U bahorning boshlanayotgan qo‘shig‘i singari edi. 
Tunda sovuq shunchalik kuchli bo‘ldiki, muz hech qaerda sinmadi, yorilmadi. Ammo toyinib ketsang bormi, uning zarbini hech qachon unutolmaysan. Hozir ertalablari muzlarning ustidan yurib, o‘rmonning ichkarisigacha borsa bo‘ladi. Kunning yarmiga kelib esa o‘rmonda qolib ketishingga to‘g‘ri keladi. Chunki eriyotgan muzlar ichidan kechib ham chiqib ketishing mushkul. Xullas, tungi sovuqdan muzlarning yana qotishini kutishingga to‘g‘ri keladi.

24.BAHORGI YIG‘IM – TERIM

Bir necha kun, bir necha haftalar o‘tib, o‘rmonda aql bovar qilmas darajada ko‘plar yumushlar boshlanib ketadi.Tabiat gullar, maysalar, hashoratlar, yangi nozik novdalar bilan o‘rmon yuzasini berkitadi. Buni kuzatishning o‘zi zavqli Tabiat yilida ikki marta g‘amho‘r onaday o‘rmondagi Sarg‘aygan, qurib, qotib qolgan suyaklarini yig‘ib oladi. Birinchi marta -bahorda. Tabiat uni hali ko‘zimiz tushib ulgurmagan gullar, o‘t-o‘lanlar bilan o‘raydi.chor-atrofni, Ikkinchi marta -kuzda qorlar bilan qoplaydi. 
Tez orada yong‘oqlar va zirk daraxtlar - olxalar gullaydi. Ularning oltin baldoqlari hozirdanoq qushlarning nafasi, qanotlari tegib-tegmas potrab ketmoqchiday. Ammo hozir gap bunda ham emas. Ayni paytda bizni yam - yashil yulduzchali gullarning go‘zalligi hayratlantiradi bizni. Ahyon - ahyonda bo‘ri po‘stloqlari ko‘zga tashlanib qoladi, havasingizni keltiradi. 
O‘rmon yo‘llarida muzlar eridi. Faqat chirigan go‘nglar qoldi, xolos. Shu go‘nglar ustiga joyini topganday archa va qarag‘ay yong‘oqlarida qolib ketgan ko‘plab Urug‘ donachalari uchib tusha boshlashdi.

25. YONG‘OQ DUDLARI

Barometr pastlab bormoqda. Xushbo‘y iliq yomg‘ir ortidan sovuq shamol ham sezinadi. Nima bo‘lganda ham bahor qadamlari siljimoqda. Ko‘lmaklar, irmoqlar yoqasi yashillandi. Bu yashillik qirg‘oq qiyaliklari, yo‘l chetlariga ko‘chdi. Kechga borib, yer yuzini butkul yashillik qoplaganday. Haydalayotgan dalalardagi qatorlar to‘lqinlanib turibdi - naqadar go‘zal! - qop - qora tuproq bilan yashil rang qorishib ketgan. Bugun shumurt - oq gulli xushbo‘y daraxt kurtaklari yashil libosga burkanishdi. Yong‘oq daraxtining baldoqlari po‘stini yorib, chiqishmoqdi. Har bir yorilishda dud hosil bo‘lib, bu dudlar qushchalar kabi to‘rt tomonga uchib ketishdi. 

26. SEVINCH YOSHLARI

Tunda Teribrovaga ketdik. Karqushlar makoniga tungi soat birlarda yetib bordik. O‘rmonda to‘xtamay yoqqan yomg‘ir ostida ertalabgi soat sakkizgacha yo‘l bosdik. Biron - bir qushning ovozi eshitilmadi. Qaytayotganda osina daraxtida bo‘rtib turgan to‘liq kurtaklarni ko‘rdim. Ular avvalgi tunda ko‘rganim kabi izg‘irinda ham shunday xushbo‘y taratib turardiki!... Yomg‘ir esa ertalabgacha yog‘di.
Kulrang tong turdi.O‘rmonni yuvgan sevinch yoshlarimi, g‘am yoshlarimi edi- bilolmadik. Ammo devorlar ortidan ham qushlar ovozi eshitildi. Angladikki, deraza ortidagi qayin daraxtlarida g‘am ko‘z yoshlari emas, sevinch tovlanib turardi.

27. TIRIK TUNLAR

Uch - to‘rt kun avval bahor qadamlarida ulkan va so‘nggi ko‘tarilish ro‘y berdi. Havo iliqlashdi, yomg‘irlar ham. Teraklar, qayinlar va gullayotgan qayinlarning yosh, chayir barglarining hidlari bilan to‘lib-toshdi o‘rmon quchog‘i. Chinakamiga haqiqiy tirik tunlar davri boshlandi. Bunday tunlarning baland qoyasidan turib, ortga qarash zavqlantirdi kishini. Shunda xayolingdagi noxush kunlar kunlar xotirasi o‘chadi, o‘ylaringda ajoyib tunlar dunyoga keladi.

38. QUYON PO‘STINI

Endi qor noyob narsaday ko‘zga tashlanadi. Bahor yo‘llarida oppoq, tullangan, uzuq-yuluq quyon po‘stini qop-qora yerga to‘shalib yotibdi.. Bu qishda quyonlar serob bo‘ldi. Ularni hamma yerda osina daraxtlarining kulrang barglarida ham oq quyon po‘stinining parchalarini ko‘rish mumkin edi. Yashil tusga kirib borayotgan maysalar buralib - buralib , osina daraxtzorlari, uzun Sarg‘ish salomalaykum va oqburunlarning supurgilarini oralab, yugurib kelmoqda edi. Mana shu birinchi bo‘lib ochilgan yashil yo‘llarda rangi-ro‘yi o‘chgan, ammo hali ham oppoq, parchalanib ketgan quyon po‘stinlari ko‘rinib qolardi.

29.BAHORNING SILJISHI

Ninabarglilardan so‘ng osina daraxtlari urug‘lashdi. Yalangliklar, o‘tloqlar ularning kapalak qurtlari bilan to‘lib - toshgan. Maysalar bulturgi poxol va g‘aramlardan qanday qilib chiqib kelayotganini , yam - yashil gilamlar qanday to‘qilayotganini kuzataman. O‘rmonda turli hashoratlar va qushlarning ovozi balandlab borayotganini ilg‘ayman.

30.QAYINLAR GULLAMOQDA

Keksa qayinlar gullashsa, ularning oltin baldoqlari yuqorida nish urib, ochilgan kichkina barglar ichiga yashirinishsa, pastdagi manzara butunlay boshqacha - yomg‘ir tomchilari kattaligidagi yosh, navqiron , tiniq barglarga ko‘zingiz tushadi. Ammo o‘rmon haliyam kulrang yoki to‘q mallarangda. Yo‘llaringizdan chiqib qolgan shumurt daraxtlari sizni hayratga solishadi. Ularning katta-katta kulrang barglari juda toza va beg‘ubor! Shumurt daraxtlari shonaladi. Kakku to‘lib kuylaydi. Bulbullar sayrashga chog‘lanadi. Hatto «Shayton qaynona»day yovvoyi gul ham ajoyib ko‘rinishda - chunki u hali tikonlarini ko‘targanicha yo‘q. Yerda katta yulduzga o‘xshab yoyilib yotibdi. O‘rmon tubidan loyqa qora suvlar potrab chiqadi va shu ondayoq suv ustida zaharli yovvoyi sarg‘ish gullar ochilib ketadi...

31.BAHORGI BURILISH

Kunduz. Osmonning bir chetida «mushuk dumi» ko‘rinsa, ikkinchi burchida ulkan, son-sanoqsiz bulutlar suzmoqda. Oldindan nima bo‘lishi noma’lum - kelayotgan tsiklonmi, antitsiklon?
Kechga borib barisi oydinlashdi. Aynan shu oqshomda hali butunlay kiyinib olmagan bahor yashillanib borayotgan bahorga aylandi, ya’ni uzoq kutilgan burilish ko‘z o‘ngimizda ro‘y berdi.
Biz yovvoyi o‘rmonni ko‘rish, tekshirish maqsadida ichkariladik. Archalar va qayinlar orasida, do‘ngliklarda yotgan qamishlar, qo‘g‘alarning qoldiq-larini ko‘rdik. Ular bizga nimalar quyosh nurlariga chidamli ekanligini ko‘rsatdi. O‘rmonda o‘tib bo‘lmas xilvat go‘shalar yoz va kuzda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ammo bu xilvat go‘shalar nimasi bilandir dilga yaqin, yoqimli tuyuladi.O‘rmon iliqlashib borar, butun borliqda bahor nafasi seziladi. Birdan suv yuzasi yarqirab ketdi. Quvonib ketdik.Qirg‘oqqa yo‘l oldik.O‘zimizni butunlay boshqa mamlakat, boshqa iqlimga tushib qolganday his etdik.
Bu yerda hayot qaynar, botqoqlik qushlari avj bilan charx urar, bekas, dupel singari o‘rmon qushlari daraxt tanalarini do‘qillatib, go‘yo hozir Bukur ot yelib kelayotganini bildirmoqqa urinishar, teterevkalar ham ularga jo‘rovoz bo‘lishar, hammayoqni turnalarning «qur-qur»lari bosib ketgan. Bu manzara bizga naqadar qadrdon va sevimli! Qushlar shundoq ro‘paramizda oqayotgan tiniq suv bo‘yiga tizilib olishdi.Na hushtak, na motorning g‘uvillashi, hatto inson tovushi eshitilmasdi. 
Xuddi shu daqiqada burilish ro‘y berdi,hamma-hamma narsaning o‘sish va ochilish pallasi boshlandi.

32. BIRINCHI YASHIL G‘ULUV

Kechga borib g‘arb tomonni quyoshning tiniq nurlari yorishtirib yubordi. Boshqa tomondan esa qora bulutlar bostirib kelar, tobora kuchlanib, bug‘lanib borardi. Bulutlar ko‘chib ketarmikan yoxud chaqmoqli tunga aylanarmikan - buni anglash qiyin edi. Bug‘lanish chog‘ida xuddi arslonning ko‘m-ko‘k bo‘g‘izlariday ko‘plab shakllar gullab chiqadi. O‘rmonda quyon karamlari va xushbo‘y no‘xatlar qulf urib ochilgan. Smolaning xushbo‘y hidi singib ketgan qayin barglari shom nurlarida yanada yarqirab ko‘rinadi. Hammayoqda oq gulli daraxtning hidi anqiydi. Cho‘ponlar va turnalarning ovozi to‘rt tarafni bosib ketganday. Lyosh va karas baliqlari qirg‘oqqa yaqinlashadi...
Biz tomondan ko‘rinib turgan yolqinga boqib, o‘yladik: «Bu yong‘in bizda emasmikan?» Ammo bu yong‘in emas edi, hayotda ko‘rib turgan narsangni nima ekanligini tushunmaganingda, o‘zingdan qayta-qayta so‘raganing kabi biz ham bir-birimizdan so‘rardik: « Agar bu yong‘in bo‘lmasa, unda nima?» Nihoyat o‘sha yallig‘lanib turgan aylana aniq-tiniq ko‘rinish oldi. Bildikki, bu - qizil oy ekan. Uning shu’lasi ko‘l ortida uzoq yarqirab turdi. Yengil shabadadan barglari shovullab turgan o‘rmonda birinchi marta yashil g‘uluv eshitildi.

33. BIRINCHI KU–KULASH

Ochiq ko‘l. Uning yonida turib,ko‘nglimdan faqat bir o‘y o‘tadi - suv yoqalab, o‘rmonga kirish. O‘rmon ichidagi Usole qishlog‘ida qayiq ustalari yashashadi. Ularning oldiga borishim kerak.
Ko‘lning o‘ng tomonida baland qarag‘ayzor shovullaydi, chap tomonda yovvoyi botqoqli o‘rmon yoyilib ketgan. Atrofni katta-katta botqoqlik kengliklari qamrab olgan. Qarag‘ayzor. Quyosh nurining yuqlari o‘rnashib qolgan brusnikalar- mayda mevali buta o‘simliklari bo‘ylab ketarkanman, ko‘zimga harakatlanayotgan allaqanday soyalar chalinadi. Boshimni baland ko‘tarib qarasam, ular - u qarag‘aydan bu qarag‘ayga ovoz chiqarmay uchayotgan kalxatlar ekan.
- Ertalabki sovuq havo kechga borib o‘tib ketdi.- dedi bizga o‘rmonchi.
- Ha,tong, -dedim.- anchagina salqin edi.
 -Tonglanoq qushlar qanday gumburlatib kuylaganini ko‘rsangiz edi!
Xuddi shu damda qichqiriq yangradi, Shunda biz yiqilib tushgan qayinning ustiga o‘tirib dam oldik. Qarshimdagi ulkan shumurt daraxtiga qaradim. Ku-kulashni zo‘rg‘a ilg‘ab oldik. Bu ovoz gumburlab qarag‘ayzor bo‘ylab, suzib ketdi. Sayroqi qizilishtonlar, kichik-kichik qushlar ham sayrab, yayrab ketishdi - gumburlashtishdi. Butun qarag‘ayzor gumburladi. Ammo hech kimning ko‘zi tushmas baland-balandlarda u shoxdan bu shoxga uchib qo‘nayotgan vahshiy qushlar -kalxatlar qanotlarining soyalari hamon butoqlarga,maysa yuzlariga kelib urilardi.

34. SHUMURT DARAXTI
(oq gulli xushbo‘y daraxt)

Yiqilib tushgan qayin daraxtining ustiga chiqib, dam oldim. Qarshimda - ulkan shumurt daraxti. Uni hayratlanib qarayman, xayolga cho‘maman. Shumurt - oq xushbo‘y gulli daraxt ko‘z o‘ngimda yam-yashil g‘uluvdan tug‘ilganday shaffof libosga burkandi. Atrofida esa hali yashillanib ulgurmagan, kulrang barglari shovullab turgan o‘rmon daraxtlari unga havas bilan qarayotganday. Uning ortidami, oraliqlaridami ko‘zimga oq qayinlar ham ko‘ringanday bo‘ldi. Yam-yashil shumurt bilan xayrlashmoqchi bo‘lib o‘rnimdan turdim. Biroq bu daraxtning ortidan ko‘ringanday bo‘lgan oq qayinlarni ko‘rmadim. Bu qanday hodisot? Balki bu tasavvurimda paydo bo‘lgandir? Yoki shumurt ayni men dam olayotgan damda menga bildirmay kiyinib oldimikan...

* * *

Kecha shumurt gulladi, butun shahar uyiga o‘rmondan oq xushbo‘y gullar bilan qaytdi. Men o‘rmondagi bir daraxtni bilaman: necha yildirki, yashash uchun kurashadi. Balandga intiladi. Sindiruvchilar, o‘rmon kesuvchilar qo‘lidan omon qoldi. U uzoq yashashni uddaladi. Hozir shumurt butkul yalang‘och.- palmaday..Bittayam novdasi qolmadi. Unga endi chirmashib ham, tirmashib ham chiqib bo‘lmaydi. Qo‘l yetmas eng balanddagi novdalari esa qiyg‘os gulladi. Uning yonidagi boshqa daraxtlar esa bu ishni eplay olishmadi- zaiflashishdi. Endilikda ulardan faqat qurigan shoxlar qoldi, xolos.

35.TASMADAGI HAYOT

Biz o‘tgan yili o‘yilib qolgan joyni belgilab qo‘yish uchun bittagina qobiq tasmasiga osilib, yiqilay-yiqilay deb turgan yoshgina qayinni ag‘darib tashlagan edik. Men bu yil yana o‘sha joyga bordim. Hayratdan qotib qoldim. Ag‘darib tashlangan qayin daraxti yam-yashil, yashnab turardi. O‘yladimki, ehtimol, uzilib tushmagan qobiq tasmasi qurib bitayotgan novda, butoqlarga sharbat - jon yetkazib turgan ko‘rinadi.

36.ZARG‘ALDOQLAR

Qarag‘aylardagi yorug‘lik uzoq-uzoqlardan ham ko‘rinib turardi. Javdari bug‘doylar tizzaga uradi. Daraxtlar, baland bo‘yli o‘t-o‘lanlar, gullar yastanib olishgan. Erta bahorning qushlari ham jim qotib turishibdi: ota qushlar erinchoqlik bilan o‘zlariga qulay joy tanlashmoqda, ona qushlar esa uyalarida ro‘za tutmoqdalar. O‘rmon hayvonlari bolalariga yemak axtarib topish g‘amida. Dehqonning o‘yida esa - bahor yumushlari, yer haydash, Urug‘ qadash. 
Zarg‘aldoqlar uchib kelishdi, uzunqanot qushlar, qirg‘oq bo‘yi qaldirg‘ochlari sayray boshlashdi. Tungi yomg‘irdan so‘ng tongni qalin tuman qopladi. Birozdan so‘ng quyosh chiqdi, tiniq havo yoyildi. Quyosh botish oldidan yana tog‘dan ko‘lga havo o‘zgarib, oqib keldi. Ko‘l hamon mavjlanib turardi. Quyosh moviy bulutlar ortiga yashirindi, o‘rmon uzra osilib turgan ulkan yoyiq nursiz sharga aylandi.
Zarg‘aldoqlar o‘zgaruvchan, beqaror havoni yaxshi ko‘rishadi. Ular quyosh goh charaqlab, goh bulutlar orasiga yashirinib olishidan, shamol barglarni to‘lqinlatib o‘ynatayotganidan zavqlanishadi. Zarg‘aldoqlar, qaldirg‘ochlar, uzunqanot qushlar, baliqchi qushlar shamol bilan qon-qarindoshday.
G‘ira-shira tong.Birdan havo dimib ketdi. Katta-katta qora bulutlar bosib kela boshlashdi. Shamol turdi. Zarg‘aldoqlarning nay navolari va qaldirg‘ochlarning qiy-chuvi ostida bulutlar parchalanib ketdi. Zazerening ortigami, o‘rmongami ko‘chishdi, ammo tezda yana kuchayishib, shamolga qarshi qop-qora, ulkan va shiddatli bulutlar qaytib kelishdi.
Ko‘l hayajonlandi. Shamol shamolga, to‘lqin-to‘lqinga urilib, qushlar qanotining soyasiday qop-qora dog‘lar ko‘lning u uchidan bu uchiga shitob bilan borib kelishardi. Qirg‘oqda chaqmoq chaqnadi, momoqaldiroq gumburladi. Zarg‘aldoq kuylashni to‘xtatdi, uzunqanotlar ham qo‘nishib olishdi. Faqatgina bulbullar bo‘g‘ziga katta-katta iliq tomchilar urilmaguncha sayrashdi. Osmondan chelaklab suv quyila boshlashdi.

37.ASAL

May oyining sovuq havolari iliqlashdi. Shumurt daraxtlari tovlana boshladi. O‘rmon anjirlari g‘unchaladi, nastarinlar gulladi. Anjirlar gullasa, bahor, qizil tusga kirsa, yoz tugashidan nishona. Shunda kuz bo‘yi ov mavsumi ochiladi va biz qishgacha o‘rmon anjirlarining qirmizi mevalaridan bahramand bo‘lamiz.
Shumurt daraxtining hidi qanday ekanligini birdan bilish juda qiyin. Uni hech narsa bilan qiyoslab ham, tenglab ham bo‘lmaydi. Bahor chog‘larida birinchi marta uni hidlaganimda, bolaligim yodimga tushib ketdi. Qadrdonlarim, qarindoshlarimni esladim. Nazarimda, ular ham men kabi bu daraxtni hidlab ko‘rishganu, undan nima anqiyotganini bilishmagan. Bobolarim,bobokalonlarim, hamma-hammasi - Igor jangi haqida kuylagan-lar ham, uni yaratib o‘tganlar ham, undan oldin yashaganlar ham, hatto esimizdan chiqib ketgan qadim zamonlarda ham shumurt daraxtlari bo‘lgan, bulbullar sayrashgan, turli-tuman o‘t-o‘lanlar o‘sgan, turfa qushlar turli tomonlarga uchishgan. Ularning hammasida o‘ziga xoslik, o‘ziga xos ovoz va rang, tuyg‘u va mazmun bo‘lgan. Mana shular birlashib, uyg‘unlashib, Vatan hissini uyg‘otgan qalbimizda. 
Mana u gullab bo‘ldi. Men so‘nggi bora uning gullarini o‘zim uchun olib ketayapman. Shunda ham so‘nggsiz o‘ylar qurshovidanman - bu daraxtdan nimaning hidi keladi o‘zi?!Nihoyat, birdan anglab yetaman, hayratlanib, his etamanki, uning gullaridan asal hidi anqirdi. Ha, mana shu so‘nggi daqiqalarda tushunib yetdimki, biz o‘rganib qolganimizdek, shumurt daraxti o‘zi bilan o‘zi anqimaydi, aksincha, undan asl hidi keladi. Buni menga uning gullari aytdi. Mayli, ular endi to‘kilsa to‘kilsin, evaziga qanchadan-qancha asal yig‘iladi-ku!
 
38. DARAXT TEPASIDAGI G‘O‘SHSHA
( go‘shsha - o‘simlikning tepasida bir joyda to‘p -to‘p bo‘lib o‘sgan barglar, gullar yoki novdalar)

Kechagi qor tongda ham oqarib turardi. Quyosh ko‘rindi. Shimoldan esgan sovuq shamolda kun bo‘yi og‘ir bulutlar osilib turdi. Ular quyosh yuzini goh bekitishadi, goh ochishadi, goh po‘pisa qilishadi.
Bag‘ri shamolga to‘la o‘rmonda hech narsa bo‘lmaganday bahor hayoti davom etadi. O‘rmonda qanday ertaklar bo‘lmaydi deysiz! - ular o‘rmonning hamma qavatlarida osilib, tortilib turishadi, bir-biriga duchlanishadi, chirmashishadi, bir-biri bilan do‘stlashishadi. Hali yashil libosga burkanishmagan, to‘la g‘unchalab ulgurishmagan bo‘lishsa-da, tizilib turgan qator-qator kurtaklar ko‘zni quvontiradi.
Yam-yashil shumurt daraxtlarining xipchinlari, marjon daraxtlarining to‘lqin-to‘lqin novdalari soch kabi yoyilib yotibdi. Ertagi tolning to‘lqin-to‘lqinli po‘stloqlari orasidan mayda Sarg‘ish gullar bo‘rtib chiqmoqda. Ular borgan sari to‘q sariq rangga kirib, hozirgina tuxumdan chiqqan jo‘jalarga o‘xshab ketishadi. 
Hali unchalik qarimagan archalarning tanasi ham yashil ninabarglar - po‘stinga o‘randi. Daraxtlarning eng yuqori qismida joylashgan go‘shshada esa yangi tug‘ilib kelayotgan go‘shshalarning bo‘g‘in-bo‘g‘inlari yaqqol ko‘rinib turadi. 
So‘z bizlar - katta, murakkab odamlar bolalikka qaytganimiz haqida emas. Aksincha, o‘zimizni shu daraxtlarga o‘xshatgim, ulardan o‘rnak olishishimiz zarurligini aytgim keldi. Shu daraxtlar kabi har bir bolamizni avaylab saqlashimiz, ular haqda hamisha o‘ylashimiz, ular o‘z yo‘lini topib olishlarida yelkadosh bo‘lishimiz lozim, demoqchiman. Daraxtlarning eng yuqori qismida joylashib olgan go‘shshalar go‘dakday quyoshga yaqin, nurga intiladi. Daraxt esa unga kuch-qudrat bag‘ishlaydi. Daraxtlar - aslida, bizlar - katta odamlar emasmi!

39.UCHRASHUV VA XAYRLASHUV

Men katta ichki hayajon bilan oqimning boshlanishini kuzatdim. Qarshimdagi qirda juda baland bo‘yli archa turardi. Yomg‘ir tomchilari butoqlarda yig‘ilib, daraxt tanasiga tushar, u yerda mustahkam joylashib olib, yana yo‘lida davom etar, daraxt tanasidagi g‘adur-budurlardan sirg‘alib tushib, tanani o‘rab olgan qalin tiniq yashil rangdagi qurbaqa o‘tlariga singib ketardi. Daraxtning eng pastki qismi egilgan, qayrilgan bo‘lib, yomg‘ir tomchilari qurbaqa o‘tlarning orasidan sizib chiqib, shu yerdan to‘ppa-to‘g‘ri xotirjamlik bilan pufakchalari jimirlab turgan ko‘lga yo‘l olishardi. 
Ko‘z oldimda daraxt tagidagi bu kichkina ko‘l parchalanib ketdi. Qor tagidagi oqim uni yo‘lga olib chiqdi. U to‘g‘onga aylandi. Yangi oqim shunday kuchga to‘ldiki, yo‘l - to‘g‘onni bo‘lib tashladi. Suv pastga - zag‘izg‘onlar o‘lkasi bo‘ylab daryoga yugurdi. Daryo bo‘yidagi zirk daraxtzorlarini suv bosdi. Har bir shoxdan aylanmaga tomchilar tushar, ular son-sanoqsiz pufakchalarga aylanishar, pufakchalar asta-sekinlik bilan aylanma bo‘ylab, oqim tomon suzar, u yerda har bittasi har tomonga sochilib, daryo bo‘ylab to‘ngaklar bilan birga suza boshlashardi. 
Tumanda qandaydir qushlar uchib o‘tganday bo‘lishdi, Men ularning qaysi qushlar ekanligini bilolmadim. Qushlarning qiy-chuvi daryoning shovqinlariga qo‘shilib ketdi. Ularning qichqiriqlarini to‘liq anglay olmadim. Ular daryo bo‘yidagi qatorlashib, uyulishib turgan daraxtlarga qo‘nishdi. Men ham o‘sha tomonga yo‘l oldim. Biz tomonlarga issiq o‘lkalardan shunchalik erta tashrif buyurgan qushlarni bilgim, ko‘rgim keldi. 
Oqim shovqini va tomchilar ohanggi ostida men insoniyat musiqasini tinglagan kezlarimdagi kabi o‘zim haqida o‘yladim. Yuragimning og‘riqlarini sezdim. Qadrdon joylarimni qo‘msadim...Men qizilto‘shlar - o‘rmonning sayroqi qushlarining ovozidan o‘zimga keldim. Quloqlarimga ishonmadim, ammo tezda shuni angladimki, tumanning ichidan uchib, erta tashrif buyurgan mehmonlarning hammasi - qizilto‘shlar edi. Minglab qizilto‘shlar charx urib uchishar, tinmay sayrashar, daraxtlarga qo‘nishar, to‘p-to‘p bo‘lib kuzda shudgorlangan yerga yoyilib ketishardi. Shunda men birinchi marta tushundimki, bu qushlarning nomi «zyablik»(ruschasi.-tarj.) - «zyabi» («kuz hayda» - tarj.) so‘zidan olingan. Qizig‘i, men bu ajoyib qushlar bilan uchrashganimda salgina qo‘rqdim ham. Yana o‘yladimki, agar ular ozchilik bo‘lishganida, ularni qo‘yib yubormasmidim... 
Shunday bo‘ldi - bugun men qizilto‘shlarni qo‘yib yubordim. Deylik, ertaga qarshimdan qushlar emas, balki yaxshi bir odam chiqib qolsa-chi? Uni ham qo‘yib yuborsam, mening e’tiborimdan chetda qolsa, ko‘mak berolmasam yo bermasam, halok bo‘lib ketishi ham mumkin-ku. Nima bo‘lsa hamki, ruhimda turli o‘ylar bir-biri bilan bahs boylashardi.U holat qizilto‘shlarning, minglab qizilto‘shlarning to‘xtatib bo‘lmas chug‘ur-chug‘urlariga o‘xshab ketardi...

40.NOMA’LUM DO‘STGA

Nurli,shabnamli tong.Bu xuddi ochilmagan yerga o‘xshaydi. Osmonning ko‘z ilg‘amas parchasiday, bu tong - butunlik. Hali hech kim uyg‘onmagan, o‘rnidan turmagan. Hech kim hech narsani ko‘rib ulgurmagan. Faqat sen hammasini birinchi bo‘lib ko‘rib turibsan. 
Bulbullar bahor qo‘shiqlarini boshlab yuborishgan. Xilvat go‘shalarda momoqaymoqlar barq urib turishibdi. Qaydadir namxush qora soyalar ostida marvaridgullar oqarib ko‘rinadi. Bulbullarga jasur yoz qushlari -podkravniklar qo‘shilishdi, Ayniqsa, zarg‘aldoqlarning nay ohanglari borliqni eritib yubordi. Atrofni betoqat o‘rmon qushlari - drozdavkalarning shovqin-suroni tutib ketdi. Qizilishtonlar ham o‘z polaponlariga yemak tashishdan charchashdi, shekilli, biroz dam olish uchun ulardan uzoqroqdagi butalarga o‘tirib olishdi. 
O‘rningdan tur, do‘stim! Taram-taram bo‘lib turgan baxting nurlarini terib ol, dadilroq bo‘l, kurashni boshla! Quyoshga ko‘maklash! Eshit, kakku ham senga yordamga shoshilmoqda. Qara, bo‘ktargi - yirtqich qush ham suvda suzmoqda. U oddiy qush emas. Bu tongda u birinchi bo‘lib suvda suzmoqda. Mana, zag‘izg‘onlar ham shudringlarda yaltirab, yo‘lga chiqishdi. Ertaga ular xuddi bugungiday tovlana olishmaydi, ertangi kun ham bugungiga o‘xshab kelmaydi. Ertaga bu zag‘izg‘onlar butunlay boshqa joylarda bo‘lishadi. Bu tong - yagona. Uni hali yer yuzi bo‘ylab biron-bir kishi ko‘rmadi -faqat sen va sening noma’lum do‘sting ko‘rib turibdi. 
Insonlar yer yuzida o‘n ming yillab yashashdi, uni qazib, boyliklar izlashdi, boyliklar to‘plashdi. Bir-biriga quvonchlar ulashishdi. Sen ham bir kuni dunyoga kelishing, shu baxtni ko‘rishing, shu nurlarni terib olishing va quvonishing uchun qilishdi bularning hammasini. Dadil bo‘l,do‘stim!
Yurak kengayib ketdi - archalar, qayinlar na ajib! Men qo‘zlarimni qarag‘aylarda tovlanib turgan yashil nurlardan va archalarning qizil g‘uddalaridan uzolmayman. Archalar, qayinlar - mukammal go‘zallik!

41. BIRINCHI BULBUL

Daryodan ko‘lga ko‘chib o‘tishda, bu g‘uvillashda, bu novda-butoqlarda birdan suv buqasi bor ovozi bilan qattiq bo‘kirib yubordi. Bu - katta kulrang qush hayvon kabi butun tanasi bilan bo‘kirardi. Gippopotomaga o‘xshab ketadi. Ko‘l yana butunlay tinchlandi, tiniqlashdi. Shamol kun bo‘yi ko‘l suvini yuvib chiqdi. Suvdagi eng nozik tovush ham olislarga eshitilardi.
Suv buqasi o‘zini suv ichiga tortdi. So‘ng butun sukunatni buzib, «Ux! « tortib yubordi. Bir, ikki, uch, o‘n daqiqalardan so‘ng yana o‘sha - «Ux!» Har bir «Ux!» uch martadan olti martagacha takrorlandi.
Usole qishlog‘ida eshitgan hikoyalarimni esladim. Bir baliqchi ko‘l bo‘ylab suzganida uni to‘lqinlar aylantirib, vodiy bo‘yidagi soyning girdobiga tortib ketibdi. Men qirg‘oq soyalari tushib turgan joylar yoqalab suza boshladim. U yerda bulbullar sayrashardi. Uzoqlardan turnalar ovozi keldi. Ko‘ldagi tiq etgan tovush ham qayig‘imizga eshitiladigan darajada atrofni sukunat bosdi. Kutilmaganda bir tomondan hushtakchi qushlar shovqin solishar, bir tomondan, qoraliklar - o‘rmon qushlari bir-biri bilan urishishar, bir tomondan turli-tuman o‘rdaklarning xori boshlangan edi.
U yerda ham, bu yerda ham xuddi har joyga qoqiladigan qoziqday suvda gagarlar - katta suv qushlari va baliqchi o‘rdaklarning bo‘yinlari yuzaga qalqib chiqar, zum o‘tmay sho‘ng‘ib ketishardi. Binafsharang suvning mavjlarida mayda cho‘rtanbaliqlarning oppoq qorinlari ko‘rinib ketar, kata-katta boshlari ularni yanada ulkanlashtirib ko‘rsatardi. 
Osmonni bulutlar qopladi. Men qorayib turgan chap tomondagi qirg‘oqqa qarab suza boshladim. Suv buqasi har gal «Ux!» tortganida bu tovushdan sehrlanganday u necha marta «Ux!» lashini sanay boshladik. Bu tovushni ikki chaqirim naridan ham eshitish mumkinligi hayratlanarli edi. So‘ngra uch, hatto yetti chaqirimgacha bu tovush eshitilib turdi. Nihoyat, Gremyachiy tog‘lariga yaqinlashganimizda atrofni son-sanoqsiz bulbullar qo‘shig‘i bosib ketdi.

42. MAY QO‘NG‘IZLARI - BUZOQBOSHI QO‘NG‘IZLAR

Hali shumurt daraxtlari butunlay gullab, gulini to‘kishmadi. Ertagi tollarning kurtaklari ham butkul ochilganicha yo‘q. Ammo bu bahorda bir-birini quvib yetishga ahd qilishganday bab-baravariga olmalar, akatsiyalar va chetan daraxtlari gullashdi. 
May qo‘ng‘izlarining gala-gala uchishi boshlandi.
Erta tongdan sokin ko‘l gullayotgan daraxt va maysalardan sochilib tushgan Urug‘liklar bilan to‘lib-toshgan. Men qayiqda suzib ketayapman. Qayig‘imning izlaridan ko‘lda yo‘l ochilganday ko‘rinadi. Bu yo‘ldan o‘rdak o‘tsa, aylana, baliq suzib, sho‘ng‘igan bo‘lsa, teshikcha paydo bo‘lardi. 
O‘rmon va suvlik bir-birini quchishdi.
Men smolali daraxtlarning hididan huzurlayin deb qirg‘oqqa chiqdim. Qirg‘oqda boshdan-oyoq tozalab tashlangan katta qarag‘ay daraxti yotibdi. Biron-bir shox, butog‘i qolmagan. Shoxlari har tomonga sochilib ketgan. Ularning ustida zirk va osina daraxtlarining shox-butoqlari, barglari ham aralashib yotibdi. Mana shularning hammasi - daraxtlarning bo‘lak-bo‘laklari bilinar-bilinmas chiriyotgan, ich-ichidan tutayotgan bo‘lsa-da, o‘zidan shunday hid taratardiki, yashaganda ham, o‘layotganda ham hushbo‘y hid taratish qandayligini, nimaligini tirik, vahshiy va beozor jonivorlar ularchalik bilishmas, tushunishmas, chamamda...

43.MOMOQALDIROQ

Tushga borib, kuchli shamol ko‘tarildi. Hali yashillanib ulgurmagan osina daraxtlarining tanalari bir-biriga urilib ketguday qasirlardi.Buni eshitish juda hayajonli edi. Kechga borib kuchli momoqaldiroq boshlandi. Lada - sadoqatli itim yonimga yugurib kelib, krovatim tagiga kirib oldi. U juda qo‘rqib ketdi. Bu qo‘rquv dahshati uni tonggacha tark etmadi. Momoqaldiroq tingan bo‘lsa-da, u butun vujudi bilan qaltirardi. Ertalab soat oltilarda men uni hovliga olib chiqdim. Qanday toza tong havosi! It birdan o‘ziga keldi.

44. SHUMURT DARAXTINING GULI TO‘KILDI

Qariqizlar, qichitqi o‘tlar, yam-yashil o‘t-o‘lanlar ustini oppoq gulbarglar qoplagan. Shumurt daraxtining guli to‘kildi. Marjon daraxtlari, undan pastroqlarda zemlyankalar ( qulupnayga o‘xshash o‘simlik mevasi.-tarj.) gulladi, momoqaymoqlar, osina daraxtining qoramtir barglari tiniq yashil tusga kira boshladi. Qoramtir dalaga mayin junli qo‘ylar tarqalishdi. Botqoqliklarda baland qiyoqlar qad kerishdi, ular tim qorong‘u tubsizlikka yashil soya solib turishardi. Qop-qora suv ustida qo‘ng‘izchalar - maynavozlar gir aylanishar, yashil qiyoqlar orolida u yoqdan bu yoqqa moviy ninachilar uchib yurishardi.
Oppoq qichitqizorlar bo‘ylab ketayapman. Dimog‘imga ularning o‘tkir hidi uriladi. Badanlarim qichishib ketadi. Drozdlar - o‘rmon qushlarining bezovta qichqiriqlari olislarga ketadi, hatto vahshiy qarg‘alarning uyasigacha borib yetadi. Bu yerda ming-minglab o‘t-o‘lanlarning hayotidagi har bir daqiqa butun yer yuzidagi doimiy harakatning uyg‘unligini anglatib turadi.

45. SHOX-SHABBALI XODA

O‘rmon daryosini gullayotgan o‘t-o‘lanlarning changlari shunday tutib ketdiki, hatto qirg‘oqdagi baland daraxtlar va bulutlar ham ko‘rinmay qoldi. U qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa olib o‘tuvchi shox-shabbali xoda balandlikda osilib turardiki, unga tirmashsang, shu onda yiqilib, jarohatlanishing hech gap emas. 
Bu xoda - dolon hozir hech kimga kerak emas. Daryoni oddiy, katta, mayda qayroq toshlar ustidan yurib ham kechib o‘tish mumkin. Shu payt olmaxon o‘sha tomonga yugurdi. Og‘zida uzunchoq nimadir bor. Yemagidir balkim... U xodaning eng oxirgi uchiga yetib keldi. Men uni cho‘chitsam, u yemagini tashlab qochar deb o‘yladim. Qarasam, u osina daraxtiga sakrab chiqib oldi. Hurkib ketgan olmaxon tishidagi o‘ljasini mahkam qisib, balandroqqa sakradi. U yerda ham uzoq turib qolmadi. Bor kuchi bilan otilib, eng baland shoxdan o‘ljasini tashlab yubormay, archaga uchib o‘tdi va uning qalin barglari orasiga yashirindi.

46.OSINA DARAXTINING PARLARI

Osina daraxtining xipchinlari daraxt tanasida yoyilib ketadigan parlarni uchirib yubordi. Quyosh, shamolga peshvoz chiqib uchayotgan arilar momiq qor parchalariga o‘xshab ketadi. Uzoq kuzatib tursang, ularni nimaga o‘xshatishga ham qiynalib qolasan - parlarmi bu yoki arilar? Bo‘y cho‘zayotgan Urug‘likmi yoxud uchayotgan maysami? Yo hashoratlar yemak istab charx urishmoqdami?
Atrof tinch. Tun bo‘yi osina daraxtining uchayotgan parlari yo‘llarni, zavodlarni, xullas, bari-barini oppoq qor bilan qoplab olganday.Ko‘z oldimda osina daraxtzorlari, o‘tloqzorlari, u yerlarda yotgan qalinq-qalin par qatlamlari yastandi. Biz ularni yoqib yubordik. Olov o‘tloqzor bo‘ylab yallig‘landi. Parlar kuya-kuya qoraydi.
Osina daraxtining parlari - bahorning ulkan hodisasi. Bu paytda bulbullar, kakkular va zarg‘aldoqlar sayrashadi. Ular yoz qushlari - podkravniklar jo‘r bo‘lishadi. 
Har bahorda har gal osina daraxtining parlari uchayotganda yuragimni nimadir tirnab o‘tadi. Bu yerga to‘kilgan - urug‘lar. Ular baliqlarda urug‘ ochish mavsumidan ham ko‘p yerga to‘kiladi, isrof bo‘ladi. Shu meni tashvishga soladi. 
Keksa osina daraxtlaridan parlar uchayotgan damlarda yosh daraxtlar bolalikdagi mallarang liboslarini yashiliga almashtiradilar. Ular bu davrda yilda bir marta bo‘ladigan bayramga, sayilga chiqqan qishloq qizlari kabi hali u ko‘ylagini, hali bu ko‘ylagini ko‘z-ko‘zlayotganday.
Yomg‘irdan so‘ng chiqqan quyoshning qaynoq nurlari o‘rmonni qizitib yubordi. U go‘yoki ulkan issiqxonaga aylandi.Unda insonni aqldan ozdiradigan darajada hidlarning burqsishi va sekin yonishi boshlandi. Bir tomonda qayin kurtaklamoqda, yosh maysalar, xushbo‘y o‘t-o‘lanlar bo‘y cho‘zmoqda. Boshqa tomonda esa - bulturgi barglarning chirishi, ulardan kelayotgan hid. Eski pichan, poxollar, pushtadagi Sarg‘ish po‘stloq tolalari yashil maysalarga chirmashib ketgan, go‘yoki u bilan o‘sayotganday. Qayin daraxtlarining baldoqlari ham yashillandi. 
Osina daraxtidan urug‘lik - g‘umbaklar uchib tushishar, duch kelgan narsaga yopishib qolishardi. Bu yerda o‘tgan yilgi baland bo‘yli qalin oqburunning tolalari osilib turardi; ular ehtimol, tebrana-tebrana quyon va qushlarni ham cho‘chitib yuborgandir. Osina daraxtining kapalak qurti bu tolalar ustiga tushib, ularni butunlay parchalab tashladi. Ular esa to‘g‘ri yashil maysalarning ustiga borib tushishadi, yashil maysalar esa ularni ko‘rinmas narsaga aylantirib qo‘yishdi. Ammo bungacha hali ancha bor. Bu keksa sariq daraxt tanasi shoshilmay uzoq kiyinadi. Yangi bahorning yashil ranglarini erinmay terib oladi.
 Uch kundirki, shamol osina daraxtining Urug‘larini sochib chiqmoqda, yer esa charchamasdan ko‘proq talab etmoqda. Shamol kuchaydi. Osina daraxtining Urug‘lari yanada mo‘lroq sochildi. Yer yuzi osina daraxtining chuvanchang qurtlari bilan qoplandi. Yerda millionlab Urug‘lar yotibdi, shu millionlar orasidan judayam ozginasi unib chiqadi. Yosh va navqiron osina daraxtlari shunday qalin shox-shabbali bo‘lib o‘sib chiqadiki, uni yo‘lida uchratib qolgan har qanday quyon qochib ketadi.
Mayda bargli quyuq osina daraxtlari orasida ko‘p o‘tmay hayot uchun kurash boshlanadi: tomirlar chuqurroq borish uchun yerga, shoxlar esa balandroq o‘sish uchun nurga talashadilar. Yosh osina daraxtlari siyraklashib boradi. Endi quyonlar bemalol ularning po‘stloqlarini kemira boshlaydilar. Nurlarni sevguvchi osina daraxtzorlari, o‘rmonlari o‘sib borar ekan, uning soyasida bag‘riga kirguday bo‘lib, quyuq soyali archalar o‘sadi. Bilib-bildirmay osina daraxtlariga bo‘ylashib olishadi. Ular osina daraxtlarini hamisha titrab turuvchi barglari, soyalari bilan goh ajib hidga to‘ldiradi, goh bo‘g‘ib tashlaydi ...
Osina daraxtlarining guli va barglari butkul to‘kilib, sibir shamollari archa taygalarida hukmronlikni boshlashganida yolg‘izgina osina daraxti vodiydan uzoqdan yaxlit ko‘rniib turardi. Uning tanasidagi ko‘plab tugunlar, kovaklar yaqqol ko‘zga tashlanadi, qizilishtonlar uni taqillata boshlashadi, ular teshgan kovaklarga chug‘urchiqlar, yovvoyi kaptarlar, ko‘k qushlar o‘rnashib oladilar. Olmaxon va savsarlar u yoqdan bu yoqqa yelib-yugurishadi. Qachonkim, bu ulkan daraxt yiqilib tushsa, shu yerlik quyonlarga uning po‘stlog‘i qishdan omon olib chiqquvchi oziqqa aylanadi. Quyonlar ortidan esa tulkilar izg‘iydi. Shu osina daraxtiga tikilib, uni kuzatib, butun o‘rmon olami bir-biri bilan nechog‘li uzviy bog‘langanligini tasavvur qilish, idrok etish qiyin emas..

47.NIMADANDIR NOROZI QURBAQA

Suvlar ham hayajonlanib ketishdi - qurbaqalar to‘lqinlandi. So‘ngra suvdan chiqishdi va turli tomonga tarqab ketishdi. Kech tushdi. Qadam bossang, oyoq ostingda - qurbaqalar. 
Bu iliq tunda hamma qurbaqalar, hatto nimadandir norozi qurbaqalar ham bir maromda sekingina qurillashdi. Tunning ajibligi nimadandir hamisha ko‘ngli to‘lmay yuradigan qurbaqaga ham zavq bag‘ishladi chog‘i, o‘zini unutgan ko‘yi bor ovozi bilan qurillab yubordi. 

48.BIRINCHI QISQICHBAQA

Momoqaldiroq gumburladi, yomg‘ir quyib berdi. Yomg‘ir tomchilarida quyosh nurlandi. Osmonning u uchi bilan bu uchigacha kamalak belbog‘i bog‘landi.Shumurt daraxtlari xushbo‘ylandi, quloch yozib, kerishdi. Yovvoyi qorag‘atlarning yam-yashil shoxlari suv ustida sollandi. Shunda qisqichbaqalar o‘chog‘idan boshini ko‘tarib, mo‘ylovini qimirlatib, birinchi qisqichbaqa o‘zini ko‘rsatdi.

49.QUVNOQ TONG

Jarangdor, xushnud tong. Ilk haqiqiy shudring. Baliq bir sakrab, yana suvga sho‘ng‘idi. Tog‘ tomondan ikkita bedor xo‘rozning qattiq ovozi eshitildi. Ularga oltita teterovkalar qo‘shilishdi. Jayronlar sardori o‘z mulkini aylanib chiqqanday birinchi xo‘roz aylanib yurdi. Yo‘lidan chiqqan ikkinchi xo‘rozni quvib yubordi. Yana aylanib chiqdi, yana urishishdi. Kulrang o‘rmonlarda ertagi tollar kurtakladi - tollarki, gullari sariq rangli momiq jo‘jalarday, hididan asl ta’mi keladi. 

50.GULLAR DARYOSI

Kechagina bahorgi oqimlar yugurib-elib yurgan joylarda bugun gullar oqmoqda. Bu gulga to‘la 
o‘tloqzorlardan aylanib o‘tarkanman, yayrab ketaman. O‘ylayman: «Demak, bahorgi loyqa suvlar bejizga emas ekan».

51.O‘RMONNING QUYOSHLI ETAGI

Tong yorishgan chog‘larda ham, yilning ayni gullagan davrida ham o‘rmonning quyoshli etagi hayot uchun muhim makon hisoblanadi. 
Quyosh ko‘tariladi, uning nurlari qaerga tushmasin, o‘sha yerda hamma narsa uyg‘onadi, pastlikda, qop-qorong‘u,tubsiz jarliklardagilar, nazarimda, soat yettigacha uxlashadi.
O‘rmon etagining chetida baland bo‘yli zig‘irpoyalar ko‘rinadi, poyada - qirqbo‘g‘inlar. Mana buni sharqona mo‘‘jiza desa bo‘ladi - qirqbo‘g‘in - minora! U shudringlarda, ko‘tarilayotgan quyosh nurida tovlanib turibdi.

* * *
Qirqbo‘g‘inlar qurib bitganda esa ninachilar minoraning soqchilariga aylanishadi, aytganday, ular soyalardan judayam qo‘rqishadi.

52.O‘RMON IRMOQLARI

Agar o‘rmonning yuragini tushunmoqchi bo‘lsang, uning irmoqlarini topib ol va irmoqlar qirg‘og‘i bo‘ylab, past yoki balandliklarga yo‘l ol. 
Men o‘zimning sevimli irmog‘im bo‘ylab, erta bahordan yo‘lga tushaman. Qarang, nimalarni ko‘rayapman, eshitayapman, tinglayapman va o‘ylayapman! 
Ko‘rayapman - oqib ketayotgan suv kichkina joylarda archa ildizlarining to‘siqlariga duch keladi, shu topdayoq ildizlar haqida shivirlaydi. Bu shivirlar pufakchalarga aylanadi, so‘ngra yoyilib ketadi. Ammo ularning hammasi ham birdan yo‘qolib, yoyilib ketmaydi. Oldga intiladi, olislarda ko‘rinib turgan oppoq qorli uyumga yetib olish uchun yo‘lidagi to‘siqlarni oshib o‘tadi. 
Suvning yo‘lida yangidan-yangi to‘siqlar paydo bo‘laveradi, ammo bu unga hech kor qilmaydi, irodasini sindirmaydi. Aksincha, jilg‘alarga aylanib, muskullarini qisib olganday, bu kurashda nima bo‘lsa ham yengib chiqmoqchiday oqaveradi. 
Suv tomchilaridagi titroq quyoshda yarqirab, archaning soyalarida akslanadi, maysalarda yarqiraydi. Soyalar daraxt tanalari, poyalari bo‘ylab yuguradi, bu titroqlarda jarang tug‘iladi va tuyuladiki, maysalar mana shu musiqa sadolari ostida o‘smoqda, soyalar ham uyg‘unlashmoqda. 
Suv mayda-maydalab, ammo keng quloch yozib jilvalanadi, torgina jarliklarga singib ketadi. Mana shu shovqinsiz yugurishda, talpinishda suvning muskullari qattiqroq qisilganday ko‘rinadi. Quyosh esa uni ushlab oladi, tarang tortilgan irmoqlar soyasi daraxt tanalari va maysalar bo‘ylab yuguradi-eladi.
Bu esa - katta uyum, tiqin. Suv go‘yoki zorlanadi, Bu nola - shildirash uzoq-uzoqLarga ham eshitiladi. Ammo bu zaiflik emas, Suv bunday insoniy his-tuyg‘ulardan yiroq. Har bir irmoq katta va erkin oqayotgan suvga albatta yetishishiga ishonadi, agar uning yo‘lini tog‘lar, aytaylik, Elburs tog‘lari to‘ssa ham, tog‘ni ikkiga bo‘lib yuborib, ertami-kechmi o‘z manziliga yetib oladi.
Suv quyosh nurida jimirlab ketdi, soyalar esa tutunday daraxtlar va maysalar bo‘ylab yugurgilab o‘tadi. Irmoqlar jaranggi ostida kurtaklar xushbo‘ylanib ochiladi, qirg‘oqlarga yoyilib ketadi. 
Ko‘rinishidan tinch tuyulgan girdob yiqilib tushgan daraxtlarning ich-ichida aylanadi, shu yerda ham satang qo‘ng‘izboshilar suv yuzini to‘lqinlatib o‘tadilar. Xotirjam oqayotgan irmoqchalar sobitlik bilan jildiraydi va bunday quvonchni ular qo‘yib yuborishmoqchi emas. Ular o‘z quvonchlariga befarq emaslar: katta-kichik jilg‘alar bir-biriga qo‘shiladilar, bir-biriga urilayotib, tillashadilar va bir-birlarini chorlaydilar. Bu chorlovlar kelayotgan va ketayotgan barcha jilg‘alarga tegishlidir. 
Suv yangi tug‘ilayotgan sariq gullarning kurtaklariga, butoqlariga tegib o‘tadi. Suvda gullardan sachragan titroq paydo bo‘ladi. Shu tariqa irmoqlar hayoti pufakchalar va kundalar , quvonchli chorlar, gullar, raqs tushayotgan soyalar ichida kechadi. 
Bu daraxt qachonlardir irmoq yo‘liga g‘ov bo‘lib yotib olgan, ko‘karib ham ketibdi. Ammo irmoqcha daraxt tagidan o‘ziga yo‘l ochib, ildam oyoqlari bilan titranayotgan soyalar qurshovida oldga intiladi, shildirab oqadi. 
Maysalar allaqachon suvdan boshlarini chiqarib olishibdi, ular endi oqimga egilib qaraydilar. Hammasi bir bo‘lib, soyalar titrog‘i va jilg‘alar oqishiga javob qaytaradilar. 
Mayli, yo‘llar to‘la tiqin bo‘lsin, uyum bo‘lsin! To‘siqlarni hayotning o‘zi qo‘yadi: agar ular bo‘lmaganda edi, suv his-tuyg‘siz, o‘likday ummonga borib qo‘shilgan bo‘lardi - o‘lik tanadan mavhum hayot o‘tib ketganday.
Yo‘lda keng , chuqur pastqamlik paydo bo‘ldi. Irmoqlar qizg‘onmasdan u yerni ham suvga to‘ldirdilar va yana oldga intildilar. Ortda qolgan ko‘lmakni esa o‘z hayoti bilan yashashi uchun qo‘yib berdilar - tashlab ketdilar. 
Keng qulochli butoq qish qorlari og‘irligini ko‘tarolmay, egilib, qayrilib tushdi. U hozir irmoqchaga o‘zining ko‘plab shoxlarini tashlab yuborgan, xuddi o‘rgimchakka o‘xshab yotibdi. Buning ustiga, u kulrang, irmoqchaning ustiga o‘zining uzun oyoqlari - shoxlarini bemalol silkitib yotibdi.Archalar va tog‘teraklarining urug‘lari ham suzib o‘tmoqda. O‘rmon oralab o‘tayotgan irmoqning yo‘li uzoq davom etadigan kurash yo‘lidir. Shu yo‘lda bu yerda vaqt tug‘iladi. Bu kurash davom etar ekan, bu davomiylik hayotni tug‘diradi, ongimizga singib boradi.
Ha, agar mana shu to‘siqlar bo‘lmaganida edi, suv o‘sha zahotiyoq oqib ketar, va umuman, vaqt-hayot tushunchalari ham dunyoga kelmagan bo‘larmidi…
Irmoqlar kuch bilan, ishtiyoq bilan kurashadilar, oqimlar xuddi muskullarday eshilib-eshilib oqadi. Bu oqimlar qachondir vaqti kelib, ertami-kechmi ummoning erkin suvlariga qo‘shilishiga shubha yo‘q. Xuddi mana shu «ertami-kechmi» - Vaqtning, Hayotning o‘zginasi emasmikan! Oqimlar bir-birini chorlayotib, siqiq qirg‘oqlardan oshib o‘tadilar, o‘zlarining qadimiy - «ertami-kechmi» qo‘shiqlarini tinmay takrorlaydilar. Kun bo‘yi, tun bo‘yi mana shu qo‘shiqni shivirlab aytishadi. So‘nggi tomchi oqib o‘tmaguncha, bahorgi irmoqlar qurib bitmaguncha suv toliqish nimaligini bilmay : « Ertami-kechmi biz ham ummon suvlari bilan qo‘shilamiz! - deya ta’kidlayveradi, ta’kidlayveradi…Qirg‘oq orti bo‘ylab oqayotgan bahor suvlarini kema borti bo‘lib yuborgan, bu yerda esa bo‘g‘ozdagi cho‘rtanbaliq asirga tushibdi.
Shunday tinch va osoyishta joylarga kelib qolsang, butun o‘rmon bo‘ylab snegir ( chumchuqsimon o‘rmon qushlari)larning qurillashini va qizilto‘shlar cho‘qilayotgan eski barglarning shildirashini eshitasan. Ulkan oqimlar , qiya burchaklar bo‘ylab chopayotgan juft-juft oqimlar irmoqda birlashib, qo‘shilib ketadilar. Ular butun kuchlari bilan tikkalikka, jarlikka uriladilar, jarlik esa ko‘plab, balki asrlar bo‘yi yerga tomir otib ketgan archalarning ildizlari bilan mustahkamlanib yotibdi. 
Men shu tomirlar ustiga o‘tirib oldim-da, rohatlandim - pastlikda, jarlikda bir-biriga urilib, bir-birini chorlashib, o‘zlarining « ertami-kechmi» qo‘shig‘ini aytib, otilayotgan ulkan oqimlar qanday zavqli, ularni ko‘rib turish, tinglash, eshitish undan-da zavqli edi!...
Tog‘teraklar atrofida suv raqsga tushib oqardi, u bora-bora ko‘lga aylandi, bir burchakka yig‘ildi. Jarlikdan bir metrlar balandlikdan pastga oqib tusha boshladi, uning ovozasi olis-olislarga tarqalib ketdi. Suvning qattiq shildirashi oshgandan oshdi. Ko‘l yuzasi esa jimirlar, mayda-mayda jimirlar, bir-biriga zich joylashgan tog‘teraklar esa suv bilan qurshab olinib, ilonday to‘lg‘onishar, ammo o‘zlaridan - o‘zlari hech qayoqqa ketisholmasdilar. 
Irmoq meni bog‘lab oldi. Men hech qayoqqa ketolmayman, ketsam, nimanidir yo‘qotib qo‘yaman go‘yo…
O‘rmonning qaysidir yo‘lidan chiqdim, ko‘zim kichkina, endi nish urayotgan yam-yashil maysaga tushdi. Deylik, zaharli bo‘lishi ham mumkin. Uning yonginasiga ikkita g‘ildirak izi tushgan, izlar ham suvga to‘lgan. 
Eng yosh qayinlar yashillanmoqda, tiniq rangda tovlanayotgan kurtaklardan xushbo‘y hid taraladi, ammo o‘rmon hali yashil libosga burkanmagan. Yalang‘och o‘rmonga kakkuning uchib kelishi yaxshilik alomati emas. O‘n ikki yildirki, men ertagi, hali kiyinishga ulgurmagan bahor bilan birgaman. Endigina bo‘ri po‘stloqlari, anemonlar, navro‘zgullar gullayotir, kovaklarga qarab o‘taman. Butoqlar, daraxtlar, hatto kundalar menga shunday tanishki, yovvoyi kovaklar ham menga bog‘day ko‘rinib ketdi: har bir butoq, har bir qayrag‘och, har bir archani mehr g‘ilan silab o‘taman, ularning hammasi - meniki bo‘ldi, ular men ekkan, o‘stirgan boqqa aylandi. 
«Bog‘im»dan yana irmog‘imga qaytib keldim. O‘rmonda ro‘y bergan ulkan voqealarga guvoh bo‘ldim: katta, ulug‘ yoshli archa, uning atrofidan irmoq oqib o‘tmoqda. Irmoq ustiga o‘zining barcha - eski va yangi g‘uddalarini sochib yuborgan, ko‘plab shoxlari irmoq yoqasida sollanib turibdi. Har bir shoxning yonidan oqimlar shildirab oqayotib, bir-birini chaqirib o‘tardilar: «Ertami-kechmi…». 
Irmoqlar o‘rmon ichkarisidan yalangliklarga chiqib ketishar, bu yerda ularni ochiq, iliq quyosh nurlari kutib olar, beminnat to‘kilar, bundan ular tobora jilvalanib, mavjlanib borardi. Shu yerda birinchi sariq gul suvdan qalqib chiqdi. Suv yuzasida xuddi asalari iniday qurbaqa urug‘lari sochilib yotar, ularning hali ko‘zi ochilmagan , yaltiroq tuxumlaridan qora boshchalari yaltirab ko‘rinib turardi. 
Shu yerning o‘zida - suvning tubida kattaligi xuddi mayda hashorotlarnikiday keladigan ko‘plab ko‘m-ko‘k pashshalar osilib turardi. Ular, nazarimda, qaylardandir uchib kelib, suvga tushib qolishgan, shu bilan o‘zlarining qisqa umrlariga nuqta qo‘yishgan edi. Suv yuzasida misday yarqirab qo‘ng‘izlar aylanib yurishar, bu chavandozlar har tomonga ot choptirishar, ammo suvning yuziga qanotlarini ham tegizishmas, uni qo‘zg‘atishmas edi. Katta va tiniq rangli limon kapalagi tinch oqayotgan suv bo‘ylab uchib o‘tdi. Suvning burilish joylaridagi kichik ko‘lmakchalar atrofi maysalar va gullar bilan burkangan, ertagi tolda esa muloyim tizimgullar gullamoqda. Ular uzoqdan ko‘zga sariq momiq kichkina jo‘jachalarga o‘xshab ko‘rinadi. 
Irmoqqa nima bo‘ldi? Suvi ikkiga bo‘linib, ikkita oqimga ajralib, ikkisi ikki tomonga ketishdi. Ehtimol, birinchisi o‘z e’tiqodi - «ertami-kechmi»ga sodiq qolib, bu kurash yo‘lini tutgandir, u shu yo‘l to‘g‘ri maqsadga olib boradi, deb o‘ylagan bo‘lsa, ajab emas.Ikkinchi oqim esa qisqa yo‘lni ko‘rib, o‘z yo‘lini tanlagandir. Oqibatda, ular ajralishdi va aylanani aylanib o‘tib, oraliqlarida katta orol paydo qildilar. Yana birlashib, quvlashib, anglab yetdilarki, suvlar uchun ayri yo‘llar bo‘lmaydi.Hamma yo‘llar – ertami-kechmi albatta ummonga olib keladi. 
Ko‘zlarim yashnab ketdi, quloqlarimga aniq chalinmoqda: « ertami-kechmi» kuyi, tollar va qayin kurtaklaridan anqiyotgan xushbo‘ylik birlashdi. Men shunday rohatlandimki, shu yerdan boshqa joyga ketgim, siljigim kelmasdi. Men tomirlab ketgan daraxtlarni oralab, pastga tushdim, daraxtlarga suyandim va yuzimni quyosh tomonga burdim - saodatli onlarnimni tuydim.
Mening irmog‘im ummonga qo‘shildi.

53. MOYCHECHAK

Naqadar ajoyib! O‘rmondagi o‘tloqzorda yo‘limdan moychechak chiqdi, juda oddiy va sodda moychechak - «sevadi-sevmaydi». Bu quvonchi uchrashuvdan shuni angladimki, o‘rmon unga qondosh-qarindoshday bo‘lganlargagina bag‘rini ochadi, o‘zi-da ochiladi. Bu ilk moychechek ham o‘tayotganlarga razm solib, o‘z savoliga o‘zi javob topishga harakat qiladi, izlaydi: «sevadi-sevmaydi?» 
«Ko‘rmay o‘tdi, ko‘rmasdan o‘tib ketdi, demak, faqat o‘zini sevadi. Yoki ko‘rdimikan-a… Qanday yaxshi ! U sevadi! Bu chindan ham yaxhi, hamishadagiday yaxshi: «sevsa, meni qo‘liga oladi, axir. Shunday emasmi!»

54.QIRMIZI G‘UDDALAR

Muzday shudringlar va tiniq shamol yozning qaynoq taftini bosadi. Faqat shu paytlardagina o‘rmonni kezsa bo‘ladi, aks holda, issiq. Dim kunda ertalabdan uyg‘ongan va kechgacha tinmaydigan chivinlar sizni tinch qo‘yishmaydi. Butun borliqni unutib, ot choptirib yelsang, chinakamiga huzur qilasan. 
Tiniq quyoshli tongda men dalalar oralab, o‘rmonga kiraman. Hali ishchilar xotirjamlik bilan dam olishmoqda. O‘rmondagi ko‘lmak muzday shudringlar bilan to‘lib-toshgan, hashoratlar uyquda, hali ko‘plab gullar lab ochishmagan. Faqatgina tog‘terak barglari shitirlaydi, balanddagi yaproqlari esa qurib boshlagan, pastlaridagi baxmal shudringlar mayda taqinchoqlarday yaltiraydi. 
- Assalom, ey, qadrdon archalarim, qanday yashayapsizlar ? Olamda nima gaplar?
Ular hammasi judayam yaxshi deb javob qaytarishadi. Bu paytda qirmizi g‘uddalar chinakamiga to‘lib, butun daraxt tanalarini bezab borishardi. Eskirgan bo‘m-bo‘sh g‘uddalar yonida yosh, to‘liq g‘uddalar yashnab turishibdi. 
Archazorlarni oralab, quyoshli o‘rmon etagiga o‘taman. Yo‘lda - ko‘zga ko‘rinmas joyda marvaridgullarga ko‘zim tushadi, ular hamon jozibali, faqatgina biroz sarg‘ayishibdi, ular endi xushbo‘y hid taratishmas edi. 

55.GULLAYOTGAN MAYSALAR

Dalalardagi, o‘tloqzorlardagi kuzgi javdari bug‘doylar kabi barcha boshoqli don o‘simliklari ham gulladi. Ularni turli hashoratlar silkitib o‘tishar, shunda ular tillarang bulutday changlarga burkanishardi. Hamma-hamma gullar, hatto otquloqlar ham gulga kirdi - oppoq taqinchoqlarini taqib olishdi. 
Yupqa poyalardagi qisqichbaqa bo‘yinlari, medunitsalar, turli-tuman boshoqchalar, tugmagullar, g‘uddalar qarshilamoqda edi bizlarni. Ularning qanchadan-qanchasi qurib bitgan, bilmadim, buni bilib ham bo‘lmas. Nazarimda, ular - o‘sha eski va qadrdon do‘stlarim edi - o‘sha bo‘yinlar, o‘sha boshoqchalar, o‘sha g‘uddalar. Assalom, azizlarim!

56. NA’MATAKNING GUL CHEHRASI

Na’matak, balkim bahor kelishi bilan yoshgina tog‘terakning tanasiga chirmashib bordi, mana hozir tog‘terak o‘zining yangi tug‘ilgan farzandini - na’matakni tug‘ilgan kuni bilan qutlamoqchi bo‘ldi, shekilli, hammayoqni qip-qizil , xushbo‘y yovvoyi atirgullar bosib ketdi. Asalari va arilar g‘o‘ng‘illaydi, shovqin solishadi, tukli arilar do‘rillaydi. Hamma na’matakning tug‘ilgan kuni bilan tabriklashga, shunday kunda shudringlardan to‘yib-to‘yib ichmakka, uyiga asal bilan qaytmoqqa shoshiladi. 

57. ARCHA VA QAYIN

Archa faqat kuchli quyosh nurlarida yanada go‘zallashib ketadi. Shunda uning odatdagi qora tanasi eng quyuq, juda ko‘plab yashil ranglar bilan tovlanib ketadi. Qayin esa quyosh nurida ham, kulrang kunlarda ham, yomg‘ir ostida ham hamisha yoqimli va jozibasini yo‘qotmaydi. 

58. MENING QO‘ZIQORINIM

Qo‘ziqorinli o‘rmonda bir yalanglik ikkinchisiga butoqlar orqali qo‘l berib ko‘rishishadi, mana shu butoqlardan o‘tsang, yalanglikda seni qo‘ziqorining kutib oladi. Uni izlab yurma: u hamisha senga qarab turadi. 

59. ANYUTKANING KO‘ZLARI

Qanotlari qop-qora, yengil nafis oq hoshiyali kapalak o‘tiradi-da, to‘xtab qoladi - uchburchak deysiz. Manna shunday kichkina kapalaklar orasida hammaga juda tanish bo‘lib qolgan ko‘m-ko‘k kapalak bor. Agar u cho‘pga o‘tirsa, gulga o‘xshab qoladi. Kapalakning yonginasidan o‘tib ketasan, uni kapalak deb o‘ylamaysan ham: gul bu, gul - Anyutkaning ko‘zlari.

60. IVAN CHOY

Mana, yoz ham keldi. Salqin o‘rmonda oppoq chinniday tun go‘zali xushbo‘y taratadi. Kundaning oldida oftob tig‘ida o‘rmonlarimizning xushsurat, xushqomat Ivan choyi o‘zining bor mahobati bilan qaddini kerdi.

61.YIRTQICH JONIVORLAR

Yirtqichlardan kim qo‘rqmaydi, deysiz. Ularni hammayam birdek suymaydi ham Hatto El orasida»u - haqiqIy yirtqich» degan ibora ham yuradi. Lekin manna shu yirtqich jonivorlarda ham tubsiz, hadsiz mehr tuyg‘usi yashirinib yotibdi. Tabiatda qancha mehr-muhabbat borligi onasidan ayrilgan yirtqich bolalarini ko‘rganda,ularning yashash joyi o‘zgarganda ko‘rinadi. 
Kichkina, hali ko‘zi ochilmagan tulki bolasini uyasidan olib chiqishdi-da, uni yaqinda bolalagan ona mushuk tarbiyasiga berishdi. Mushuk uni beqiyos darajada yaxshi ko‘rib qoldi, u ham mushukka erkalanar, xuddi onasiday ko‘rardi. 
Mushuk yana bolaladi, bolalarini olib qo‘yishdi. Boshqa mushuk o‘sha yerda - qo‘lsavatda tezda bolaladi, unga bitta bolasini qoldirishdi. Shunda ikki ona mushuk bitta mushuk bolasiga onalik qila boshlashdi. Bittasi ketsa, ikkinchisi sakrab, savatga chiqib oladi-da, onalik tuyg‘usi bilan mushuk bolasini erkalaydi, to‘yg‘azadi. Nafaqat bo‘rilar, hatto yo‘lbarslar ham odamning ko‘ziga shunday mehr bilan qaray oladiki, qachonkim, unga kichikligidan inson ham onasi kabi tarbiyalagan, mehr-muhabbat berolgan bo‘lsa, bu - haqiqat. 
Itlarda esa barcha yirtqich jonivorlardan farqli o‘laroq insonga mehr-muhabbat juda kuchli bo‘ladi. Bu muhabbat ularning qoni, xarakteriga hali ko‘zlari ochilmasidan, tug‘ilganlari zahotiyoq kiradi, namoyon bo‘ladi. Yovvoyi tabiat bag‘ridan olingan itlar, balkim ona-tabiatga bo‘lgan his-tuyg‘uni unutganu, insonga xudi onasiday yaqinlashib, singishib, butun sadoqatini baxshida etadi. Itlarda hamma jonivorlarda va yovvoyi tabiatda mavjud bo‘lgan neki muhabbat bor bo‘lsa, barisi yaqqol ko‘rinib turadi. 

62. O‘RMON QABRISTONI

O‘rmonning bir pallasini o‘tin uchun kesishga kesishdi-yu, nimagadir hammasini ham olib ketishmadi; kesilgan bo‘lak-bo‘lak daraxtlar qolib ketdi. Ayrim-ayrim joylarda yosh tog‘teraklarning barglari yoki archalarning bir qismigina ko‘rinib turardi. Kimki o‘rmon hayotini yaxshi bilsa, tushnsa, bunday kesishdan ham qiziqarliroq narsa yo‘qligiga amin bo‘ladi. Chunki o‘rmon - urug‘lar, donlar muhrlangan kitobdir, kesish esa - kitobning ochilgan sahifasi. Qayrag‘ochlarni qirqishgach, o‘rmonga quyosh bor nurlari bilan otilib kirdi, xiyol o‘tmay, ulkan o‘t-o‘lanlar bo‘y ko‘rsatdi. Shu paytgacha ularni qayrag‘och va archalar quyosh nuridan to‘sib turar, o‘sishiga yo‘l qaymasdi. Mayda, quyuq va shalpangquloq tog‘teraklar yo‘lidagi har bir maysa, o‘t-o‘lanlarni yengib, hech narsaga qaramay, avj olib o‘saveradilar. Tog‘teraklar maysalarni qurshab olishganida, soyaparvar archa tog‘teraklar qurshovida o‘sa boshlaydi, undan ham balandlab boraevardi, shuning uchun ham odatda archalar qayrag‘ochlarning o‘rnini bosa oladi.
Bu kesishdan so‘ng o‘rmon aralash-quralash bo‘lib ketganday ko‘rinadi ko‘zga. Ammo eng muhimi, bu yerda botqoqlangan mog‘or, po‘papaklar bosgan dog‘lar paydo bo‘lib, ular tezda jonlanib ketishadi, ular shu yerni kesishga qadar quvnoq hayot kechirishdi.
Shu kesilgan o‘rmonda hamma narsani o‘qib-uqib olsa bo‘ladi, uning turli - tumanligi yaqqol ko‘rinadi: bu yerda o‘zining ko‘m-ko‘k va qip-qizil mevali moxlar, qizil va kichik yulduzchali moxlar, qip-qizil burusnikalarga sepilgan kam uchraydigan oq dog‘li yagenlar va yerniklar…
Hammayoqda qari to‘nkalarning qorong‘u joylarida ham quyosh nuri yarqirab ketdi, yosh qayrag‘ochlar, qayinlar, archalar yayradi. Urug‘larning jo‘shqin hayoti umidlarga to‘ldi, qop-qora kundalar - qachonlardir baland va navqiron bo‘lgan daraxtlarning yalang‘och qabristonlari o‘z ko‘rinishlarini zarracha o‘zgartirishmadi, ular xuddi odamlarning qabristoniga o‘xshab turishadi. 
Daraxtlar turlicha - har biri o‘ziga xos o‘ladi. Qayin ichidan yemrilib boradi, shuning uchun uzoq vaqtgacha , qulab tushmagunicha uni oq daraxtga o‘xshatib yuramiz. Uning ichidan esa faqat chirindidarni topasiz, xolos. Bu yog‘och labigacha suv bilan to‘lgan, og‘ir.Bu daraxtni qo‘zg‘atmoqchi yoki yonboshga yotqizmoqchi bo‘lsang, balanddagi qurib qolgan daraxt bo‘laklari - shoxlari pastga qulab tushib, senga jarohat yetkazishi, hatto o‘ldirishi ham mumkin. Ko‘p hollarda qayin kundalari guldastaga o‘xshab turadi: faqat yolg‘iz qayin po‘stlog‘igina oq yoqaga o‘xshab ketadi, faqat ugina chirimaydi, daraxt ichida - chirindilar ichidan gullar va yangi butalar o‘sib chiqadi. Archa va qayrag‘ochlar qurib bitishgandan so‘ng , eng avvalo, po‘stloqlarini tushirib yuboradilar, ular pastga parcha-parcha bo‘lib tusha boshlaydilar, xuddi ko‘ylaklarday, daraxt bag‘rini to‘ldirib yotadilar. So‘ngra daraxtning uch-uchlari , novdalar, va nihoyat kundaning o‘zi ham qulab tushadi. 
Ko‘plab gullar, qo‘ziqorinlar, qirqquloqlar qachonlardir ulkan bo‘lgan daraxtlarning qulashi - yo‘q bo‘lib ketishiga tovon to‘lashga shoshiladilar go‘yo - uni chir aylantirib o‘rab oladilar. Ammo ulardan ham avval daraxtning o‘zi shundoq kundaning yonida yosh daraxtga aylanib, o‘sishda davom etadi. Tiniq yashil rangli , katta-katta yulduzchali , bo‘laklarga bo‘lingan shoxlar daraxtning yalang‘och tizzalarini yopmoq bo‘ladi, daraxt bu tizzalari Bilan qachonlardir yerga mahkam chirmashib olgan edi; manna shu shoxlar ichidan ko‘pincha qo‘ziqorinlar ko‘rinib qolardi. Och yashil qirqquloqlar , qip-qizil zemlyanka, brusnika , ko‘m- ko‘k brusnikalar bu xaroba joyni qurshab oladilar. Ba’zan chirmoviqday klyukvalar ham shu kundani oralab o‘tishga harakat qiladilar, uning to‘q qizil rang olgan mevalari ingichka novdalaridagi mayda-mayda barglarga osilib, qulab tushgan to‘nkaning atrofini yanada go‘zallashtirib yuboradi. 

63. QORONG‘U O‘RMON

Qorong‘u o‘rmon kuyoshli yorug‘ kunda chiroy ochadi. Salqin havo, ranglar jilosi, mo‘‘jizasi. Drozd yoki o‘rmon to‘rg‘aylari jannat qo‘shiklarini aytishadi. Ular quyosh nurlarida qanotlarini yarqiratib, nurlarni kesib o‘tib, soddagina chetan daraxtlarini yashil ranglar bilan purkab o‘tishayotganda Shahrizoda ertaklari yodga tushadi .O‘rmon chakalakzorlaridan pastga enib, daryo tomon tushganing sari o‘rmon qalinlashib boradi, salqin havo quyuqlashadi.Zarang daraxtlarning hidlari bilan to‘lgan yo‘llar oralab suv yarqirab ko‘rinmaguncha, qirg‘oqda namxush qumlarni ko‘rmaguningcha yullar ochib boraverasan. Yulda jimgina ketishing kerak,.chunki suv ichayotgan musichalarni cho‘chitib yuboroshing mumkin. Qumlarda oyoqchalardan qolgan mitti chuqur- chuqur izlarni ko‘rib zavqlanasan. Yonginangdan uchib, o‘rmon ertakchilaridan biri - tulki o‘tib ketdi…
Shuning uchun ham bu o‘rmon qorong‘u o‘rmon deb ataladi,chunki quyosh unga derazaga qaraganday qaraydi. Hamma narsalar ham birday ko‘rinmaydi. Bu yerdagi bo‘rsiqlar uyasi va uya oldida qattiq qo‘milgan qumni maydalashib ,maydon qilib yuborishadi. Shundan bo‘rsiqlar ham tezda ko‘zga tashlanmaydi .Bu yerda ularning uyasi judayam ko‘p,buni tulkilar kovlab tashlashgan ko‘rinadi. Ular shu uyalarga joylashib , oladilar – da, o‘zlarining badbo‘y hidlari va isqirtligi bilan bo‘rsiqlarni siqib chiqaradilar.Ammo bu yer ajoyib,uni o‘zgartirishni hech kim istamaydi. Qumli qirlar,har tomonda jarliklar, ular shu qadar quchoq chakalakzorga aylanganki, hatto uni quyosh o‘zining kichkina oynasidan ham ko‘rolmaydi.

64. CHUMOLI KUNDASI

O‘rmonda eski shunday kundalar borki,ular Shveytsariya qishloqlaridagi teshik-teshikli toshday o‘zlarining ko‘rinishini saqlab qolgan. Biroq bunday kundalar ustida o‘tirib qolsang ,teshiklarini o‘rab turgan qalin devorlar buzilib ketadi.O‘zingni kunda ustida osilib turganday his qilasan.Shunda asta -sekinlik bilan o‘rningdan tur, .har bir teshikning ichidan ko‘plab chumolilar chiqib kelishini ko‘rasan.Kavakli kunda boshdan - oyoq chumoli uyasi -chumoli kundasiga aylanib qolishiga guvoh bo‘lasan .


65. O‘SAYOTGAN O‘TLOQ

O‘rmon o‘tloqlari.Qayinlar tagiga cho‘kdim - nimalar ko‘rinmadi ,deysiz.Bir- biriga yondoshgan archalar shu qadar qalinlashibdiki,kutilmaganda qamishli katta o‘tloqni qoplab olishibdi. O‘tloqlarning boshqa tomonida ham shunday manzara. Archalar bir joyga to‘planib olishib,boshqa joyga siljishni ham o‘ylayotgani yo‘q. Xullas , o‘tloqlarni qalin baland bo‘yli archalar o‘rab olishgan ,har bir archazor oldida -qayinlar .Katta o‘tloqlar yam-yashil do‘ngliklar bilan qoplangan . Bu yerlar qachonlardir ko‘rsichqonlar tomonidan qazib chiqilgan,o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan. Ko‘rsichqonlar haydab ketishgan qirlarga urug‘lar sepilib, qayinlar o‘sib chiqqan. Qayinlar ostida esa soyasevar archalar o‘sib ketmoqda. Ularni qayinlar onalik mehri bilan ayoz va jaziramadan saqlab boradi. Baland bo‘yli archalar o‘zlarining farzandlari - archalarni ochiq holda o‘tloqzorlarga qo‘yib yubormay ,qayinlar qurshovida olib chiqdilar va aynan qayinlar himoyasida o‘tloqlarini yetishtiradilar.

66.O‘RMON O‘YLARI

Biz eski qizilishton uyasi bor tog‘terakni topdik. Unda bir juft maynalar uya qurishibdi. Yana bitta eski kvadrat shaklidagi kavakni ko‘rdik. Bu daraxtda uzun bo‘yli yirtqichga ko‘zimiz tushdi,u otilib chiqdi.
Archalarda ikkita olmaxon uyasini ko‘rdik. Gullar pastga shu qadar chirmashib ketishganki,hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi. Ikkita olmaxon uyasi ham archaning o‘rtasida joylashgan,shundan bilsa bo‘ladiki, olmaxonlar – o‘rmonning o‘rta qavatlarida. Olmaxonni pastda ham ko‘rib qoldik, unchalik baland bo‘lmagan daraxtga chiqishini kuzatdik.Olmaxon qish libosda edi. 
Daraxt tanasida chigirtkalar ,qumursqalar aylanishar, aftidan ,bu yerda ularning uyasi bor edi. Qorovul qoraqarg‘a o‘z uyasidan yarim kilometr narida qichqirib, aylanib uchib yubordi. Shitob bilan uchayotgan teterka uning izidan kelayotgan qirg‘iy yo‘lini kesib o‘tdi. Yo‘ldan adashdi ,shekilli ,noxush kayfiyatda daraxtning quruq shoxlariga o‘rnashib oldi. U boshi oppoq edi. 
Qizilishtonlar uyasini qo‘ziqorinlarni izlagandek izlashga to‘g‘ri keldi. Ko‘zing,ko‘z qiring yetgan joylargacha butun etiboring bilan qaraysan,hamma yoqni diqqat bilan kuzatasan- pastga va balandga. .Albatta, qizilishtonlar uyasi hamisha balandda bo‘ladi.Pastdan ham qizilishtonni izlash sababi -xuddi shu paytda qizilishtonlar o‘zlariga uya yasashga kirishadilar. O‘t- o‘sayotgan yerdan ko‘rinib , yuzaga chiqib turgan ochiq daraxtlarning tomirlarini cho‘qilab ko‘rib boshlaydilar - shundan qizilishton o‘zi uchun qayin daraxtini tanlab olganini bilib olish mumkin.Qizilishton o‘ziga kerakli bo‘lgan daraxtni darrov topolmaydi, mashaqqat chekadi. Biz uchratgan bu uyalar bir -biridan katta bo‘lib,ular tog‘terak ostida, qo‘ziqorinlar mo‘l-ko‘l joyda bo‘lardi .Buning qizilishtonga qanday foydasi bor - uni yomg‘irdan saqlaydimi yoki qo‘ziqorinlar ustida daraxtni teshishi, cho‘qillashi osonmi, bunisini bilolmadik hali.
Unchalik katta bo‘lmagan ,qulayotgan ,chiriyotgan qayinlarning tanasidagi uyani ko‘rish yanada qiziqroq tuyuladi. Uyaning balandligi to‘rt metrcha bor. Bittasi - eng tepalikda , ikkinchisi - pastroqda, qo‘ziqorinlardan sal balandda edi . Bu daraxt tanasi yonida uning qulab tushgan eng baland qismi - qurigan , chirigan. Uning ichiga suv to‘libdi .Uyani ushlab turgan daraxt tanasi mustahkam edi.Lekin silkitsang, qulab tushadiganday. Qizilishton uni uya, yashash uchun teshmagandir, ehtimol…

67. XO‘JAYIN

Momoqaldiroqdan so‘ng kutilmaganda havo sovib ketdi. Kuchli shamol boshlandi. Qaldirg‘och va uzun qanotli qushlar uchmay qo‘yishdi ,qaylargadir gala -gala tarqalib ketishdi.
Olislarda ,turnalar balandlab -balandlab uchayotgan joyda odamsiz,eshkaksiz va yelkansiz qayiq suzib yurardi .Bittagina qayiq-kimsasiz,shu qadar vahimali ko‘rinardiki , jilovdorsiz ot jarlikka borayotganday. Biz uchun xatarli ko‘rinsa-da , o‘sha yerga borishga qaror qildik,. Nima ro‘y berishini bilishga oshiqdik. Unga yaqinlashganimizda esa qayiqning ichidan bizga ko‘rinmay turgan xo‘jayin - qayiqchi o‘rnidan turdi-da ,eshagini eshib ,to‘lqinlarni kesib suzib ketdi. 
Biz xursandchiligimizdan qichqirib yuborishimizga oz qoldi. Shunday to‘lqinli dunyoda bizdan boshqa odam ham borligiga quvondik.Bu -toliqqan baliqchi edi.Uning kimligi biz uchun ahamiyatsiz, muhimi,uni ko‘rish edi. Biz bunga erishdik.

68. KAKKU

Qulab tushgan qayin ustida dam olib o‘tirgan paytlarda mening borligimni bilmay,menga yaqin joyga,kakku kelib o‘tirdi. Biroz g‘uldirib oldi-da: «Qani ,urishib ko‘ray-chi,nima chiqarkin?»-deganday, ku-kullashga tushdi.
-Bir! - eski odatimga ko‘ra,yana necha yil yashashimni bilmoqchiday sanay ketdim.
-Ikki!
U o‘zining ikkisini aytdi-yu, men o‘zimning «Uch»imni aytishga endi chog‘langan ham edimki:
-Kuk! - dedi-yu,uchdi-ketdi.
O‘zimning «Uch!»imni aytolmadim - nasib qilmadi. Yaxshiga oz vaqt ajratilganday tuyuldi menga. Ammo bundan xafa emasman,men yetarlicha yashadim.Achinarlisi shuki,qandaydir yillarni o‘zida qamrab turgan mana shu «Ikki»da katta,ulkan ishlarni boshlasang-u,birdan , «Kuk» - kesib yuborsa…Hammasi tugaydi! Shuning uchun yangi ish boshlash shartmikin? «Shart emas!» - deb o‘yladim hatto…
Ammo o‘rnimdan turib,qayinlarga qaradim. Ko‘nglim birdan yorishib ketdi. Qulab tushgan bu ajoyib qayin umrida so‘nggi yangi bahor uchun kurtaklarini gullata boshladi.

69. O‘RMON MALIKASI

Shamolli, salqin va ochiq kun.O‘rmonda «o‘rmon g‘uvillaydi». Bu shovqin -suronda pastlab, balandlab uchayotgan qushlarning o‘tli, toshqin yozgi qo‘shiqlari aniq eshitiladi.
O‘rmonning faqat yuqorisi g‘uvillaydi. O‘rtalikda esa yosh tog‘terakzorlardan yaproqlar to‘kiladi. Mayin Yum-yumaloq barglar titraydi, shitirlaydi.Maysalar jim, atrofda - sukunat, faqatgina tukli arilar g‘o‘ng‘illaydi.

70. QURG‘OQCHILIK

Katta qurg‘oqchilik davri davom etmoqda.Daryo butunlay qurib bitgan.Qachonlardir suvga qulab tushgan, suv ustidagi ko‘priklarga aylangan daraxtlar qotib qolishgan. Qirg‘oqbo‘yida o‘rdak ovlovchilar ko‘rinishmaydi. Qumlarda qush va jonivorlarning yangi izlari ko‘zga tashlanadi,ular bu yerga suv izlab kelishgan. Topisholmasa,boshqa joydan albatta suv topishadi.

71. JAVDAR TO‘LISHMOQDA

Javdar to‘lishmoqda..Jazirama. Kechga borib , quyosh nurining tolim - tolim sochlari javdarga yoyilib ketadi. Shunda har bir javdar etatlari par to‘shaklarga o‘xshab ketadi. Buning sababi -egatlarni oralab o‘tayotgan suv yo‘li tekis,ravon bo‘lib ,suv hamisha mavjlanib suzardi.Shunday par to‘shakli javdarlar qiyalikda yanayam jozibali ko‘rinadi.
Ko‘tarilib kelayotgan quyosh nurida etatlar - par to‘shaklar shu qadar ajib ediki ,uning har biriga yetib olsang ,unga o‘xshab, mavjlanging kelardi.

72. MUSICHA

 G‘uldirayotgan musichaning sokin tovushlari o‘rmon ahliga - yaxshilikdan alomat. Hayot davom etmoqda.

73. YIL OXIRI

Yoz endigina boshlandi, bizda esa - yil oxiri. Agar javdar gullagan ,pishayotgan bo‘lsa,o‘rim-yig‘im davri qachon boshlanishini aytish qiyin emas.
Tonggi quyosh nurlarida oq qayinlarning ko‘zni qamashtiruvchi qomatlari marmar ustunlaridan ham chiroyli , oppoq ko‘rinadi.Qayinlar ostida itshumurt o‘zining berakror gullarini ko‘z-ko‘z qilib turadi. Chetan daraxtlari chalkashib yotibdi. Malina, smorodina-qorag‘atning barglari kuchli ,to‘liq, katta -katta yashil mevalar bilan to‘lib turadi. 
Kundan -kunga o‘rmonda «ku-ku»ovozi kamroq, yanada kamroq eshitilib bormoqda .Yozning xotirjam va osoyishta sukunati ko‘proq va yanada ko‘proq onalar va bolalarni chaqirishlariga ,chorlashlariga to‘ladi. Eng kamyob hodisa - qizilishtonning gumbur -gumbur qo‘shig‘i. Uni yaqindan eshitsang qalqib tushasan va o‘ylaysan «Kimdir bormikin?» Butun o‘rmondagi yashil g‘uluv ichida drozddan o‘tadigan sayroqi qush topilmaydi. U shunday ajoyib kuylaydiki ,u shu qadar yolg‘izki…Ha u hamisha butun dunyoni unutib,bir o‘zi kuylaydi. Uning qo‘shiqlari yanada jarangdor eshitiladi bizga, hammaga,borliqqa - chunki oldinda ajib kunlar ,yozning boshlanishi kutib turibdi. Biroq baribir nimalardir yo‘qday va ularni izlab topolmaysan ham. O‘tgani o‘tdi, axir,yil tugab bormoqda.

74. JUNJIKKAN TOG‘TERAKLAR

Kuzning quyoshli kunida archazorlar etagida yosh va navqiron tog‘teraklar to‘planishdi.Ular bir-biriga shunday yaqin, shunday qalin edilarki ,go‘yo archazorda sovqotib qolishganday. Shuning uchun ham o‘rmon etagiga chiqib,isinishardi - qishloq odamlari quyosh chiqqan kunlarda nurab tushgan joylarda isinishga chiqqanlari kabi!

75. KUZGI SHUDRINGLAR

Kuz kirib keldi.Pashshalar shiftga uriladi.Chumchuqlar gala-galashadi.Bo‘m–bo‘sh dalalarda - quzg‘unlar.Zag‘izg‘onlar yurgan yo‘llariga urug‘ qadab ketishmoqda. Shudringlar muzday,kulrang.Boshqacha ko‘ringan bu shudring kun bo‘yi bir yaproqning bo‘m- bo‘sh bargida yarqirab turadi. 

76. KUZ

Erta tongdan quvonchlari ichiga sig‘may g‘ozlar tumshuqlarini taqillata boshlashadi - daraxt po‘stloqlaridan paypoqlar to‘qiy boshlashadi.
Qo‘ziqorin balandlagandan balandlaydi.

78. XAZONBARGLAR

Quyuq archazor ichidan qayin tagida turgan quyon chiqib ketdi va to‘xtadi, u katta o‘tloqzorni ko‘rib qoldi. U tomonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borishga jurat etolmadi, butun o‘tloqzorni aylanib ,qayindan- qayinga o‘tib bordi.Mana u yana to‘xtadi,quloq soldi…Kimki o‘rmonga kirishdan qo‘rqib tursa, yaxshisi kirmasin, ayniqsa, barglar to‘lishib,bir-biriga shivirlayotgan damlarda.Quyon tinglamoqda. Albatta ,qo‘rqoq quyon ham o‘zida kuch topib ,orqaga qaramaslikka harakat qiladi, ammo bu yerda boshqacha hodisa ro‘y berishi ham mumkin. Demak,sen qo‘rqmading, to‘kilayotgan yaproqlar aldoviga uchmading,ishonmading. Xuddi shundan foydalanib, kimdir orqangdan keladi-da,shovqin ichida seni tishlari bilan mahkam ushlab oladiganday...

78. KETAYOTGAN KUZ

Kelayotganimizda javdar tillanayotganini ko‘rdim.Ortga qaytayapman. Javdar pishib, odamlar dasturxonini to‘ldirdi .Yangilari esa yashillanib kelmoqda.O‘shanda o‘rmon daraxtlari yam-yashil rangga kirgan bo‘lsa,endi har biri o‘zga olamga aylangan. Ha,kuz hamisha shunday.U hamma daraxtlardan birdaniga emas,birma bir yaproqlarini terib oladi. Har biriga biroz bo‘lsa-da, o‘zi bilan o‘zi qolishga ,o‘zi bilan o‘zi zavqlanishga imkon beradi.

79. SHUDRING

Dalalar, o‘tloqlar, suvlardan tuman ko‘tarildi va samoviy ranglar suzib o‘tdi,biroq o‘rmonda tuman uzoq vaqt ushlanib qoldi.Quyosh balandlab boradi,uning nurlari o‘rmon tumanlari ichidan changalzorlarning eng qalin, eng olis joylariga ham kirib boradi.Ular shu chakalakzorlardan aniq ko‘rinib turadi,ularga tik qarash ham mumkin. 
Tuman o‘rmonning yashil so‘qmoqlarida dadil suzmoqda, tuman hamma yerda kezmoqda.Suv pufakchalari barglarga, ,archa ninabarglariga,o‘rgimchak uyasiga,gelegraf simlariga o‘rnashib olgan.Quyosh ko‘tarilib borgan sari havo iliqlashadi va telegraf simlaridagi tomchilar birdan sizib tushib ketmaydi.Daraxtlardan tomchilar sizib tushmoqda.
Nihoyat ,quyosh telegraf simlarini qizdira boshlaydi. Katta-katta kamalak tomchilar yerga tushadi. O‘rmonda ham shunday bo‘ldi - yomg‘ir emas, balki sevinch yoshlari shovullab to‘kilyapti.Ayniqsa, tog‘teraklarning hayajoni o‘zgacha - balanddan tushayotgan har bir tomchi barglarda jaranglab ketar, pastga tushgan sari tovlanib,shamolsiz kunda ham tog‘teraklar titranib-titranib ketishadi.
Baland - balandda o‘rgimchak uyalari ko‘rinadi, o‘rgimchaklar o‘zlarining so‘nggi signal beruvchi iplarini sudrashadi.Qizilishton archani taqillata boshlaydi,drozd esa chetan daraxtlarini cho‘qilaydi.

80. SHAMOLLI KUN

Mayin shamol ovchilar bilan tillashishni qiyinlashtiradi. Ovchilar bir-biri bilan quvonchli voqealarni sezib yashayotganday suhbatlashishadi. Gapirsa ham, sukut saqlasa ham bo‘ladi: suhbat va sukut ovchilarda yengil kechadi. Ba’zan ovchi nimanidir hayajonlanib so‘zlab ketayotganida osmonda nimadir yilt etib ko‘rinadi va ovchining xayoli o‘sha tomonga ketadi.So‘ngra : «Men nima haqda so‘zlayotgandim?» -deydi. Hech narsa esiga kelmaydi. Hechqisi yo‘q, boshqasidan boshlasa bo‘ladi. Kuzgi shamoli ham shunday-doimo nimanidir shivirlab boshlaydi-da, oxiriga yetkazmay turib,yangisidan so‘z ochadi. Yosh teterevkalarning g‘uldirashi eshitildi-yu, tindi. Turnalar qur -qurlari avjiga chiqdi. 

81. YANGI MAYSALAR

Osmon ikki tusga kirdi, bulutlar turli tomonga tarqalib, ikki kunlik yomg‘irga aylandi .Biroq quyosh ertalabdan nur socha boshladi.U osmonning bunday qiliqlariga parvo ham qilmaydi.Men ovga kamera bilan chiqdim, yerdan chiqqan javdarning maysalari askardek tizilib turardi. Har bir askar boshdan-oyoq qirmizi rangda, qo‘lidagi qalqoni - yashil, har bir qalqonda yum-yumaloq tomchilar tovlanar, ular quyoshda kamalak tus olar, olmosdek yarqirardi .Men kamerani olib,olis - olislarni,har bir askar maysani kuzata boshladim.Ko‘z oldimda yashil qalqonli qirmizi ko‘ylakli askarlar quyoshga tik qarab turishar,ulardan ko‘z uzolmadim-naqadar ajoyib manzara! Zavqim oshib,erga yonboshlab oldim-da, maysalarni suratga ola boshladim.
Biroq suratga olish ko‘ngildagidek chiqmayotgan edi.Axir ,qizil ko‘ylakli askarlar to‘q rangda chiqishi, yer bilan uyg‘unlashib ketishi,brusnikadagi shudringlar esa oxirgi planga turishi kerak edi. Men yerga yotib, yonboshlab suratga olmaganimda, yangi maysalar - yashil qalqon qirmizi ko‘ylakli askarlarni ko‘rmagan bo‘lardim.

82. ENG SO‘NGGI GULLAR

Ayozli tun. Tongda dalada omon qolgan qo‘ng‘iroq gullar uyumini ko‘rdim. Ularning birini ustida tukli ari o‘tirardi.Men qo‘ng‘iroqgulni sug‘urib oldim,ari uchib ketmadi.Arini silkitgan edim ,u yerga tushdi.Men uni quyosh nuri tushib turgan ochiq yerga qo‘ydim,jonlandi O‘zini o‘nglab oldi – da, .uchib ketdi.Qisqichbaqa bo‘ynida ham o‘sha tunda qizil ninachi yopishib qolgan ekan. Mening ko‘z o‘ngimda quyosh nurlaridan jonlanib,o‘ziga kelib, uchib ketdi.Oyoq ostidan ko‘plab chigirtkalar o‘rmalab chiqa boshlashdi,ular orasida ko‘ringan treskunalar moviy va och-qizil ranglarda tovlanib,shiddat bilan osmonga ko‘tarildi.

83. PAHLAVON

Chumolilar haydab tashlagan yerning yuzasi brusnikalar bilan qoplangan, o‘t-o‘lanlar orasida qo‘ziqorin tug‘ildi.U yumshoq shlyapasini boshiga qo‘ndirib,boshi uzra bir o‘ram brusnikani ozod ko‘tardi va yorug‘likda oppoq bo‘lib ko‘rindi.

84. QAYINLAR

Qishda qayinlar ninabargli o‘rmonlarda chirib ketishadi.Bahorda esa barglari yashnab, shitirlab, qorong‘u o‘rmondan o‘rmon etagiga chiqishadi.Bu manzara qayin barglari qoraymaguncha davom yetadi va nina barglilar bilan rang talashmaydi.Kuzda qayinlar biz bilan tilla ranglarda xayrlashadi.

85. PARASHUT

Sukunat.Maysalarga chiqolmagan chigirtkalar bir-birlarining quloqlariga tanbur chertishmoqda: Baland archalarning oldini kesib o‘tgan qayinlardan sap-sariq yaproq uchib tushdi.U sukunat ichidan sirg‘alib tushdi,holbuki,tog‘terak barglari qimirlamay turishardi. Nazarimda,bargning shitirlashi hammaning etiborini o‘ziga tortdi va archalar, qayinlar va qayrog‘ochlarning barglari, shox-shabbalari, butoqlari ostidagi o‘t-o‘lanlar ham hayratga tushib ,so‘rashdi: «Shunday sukunatda u qanday qilib joyidan qo‘zg‘aldi va uchib tushdi?» Barg o‘zi istab qo‘zg‘aldimi - yo‘qmi bilish uchun bargning yoniga bordim va bilib oldim. Yo‘q, u o‘zidan-o‘zi uchib tushmagan ekan. O‘rgimchak pastga tushib unga yopishib olibdi-da, parashyutiga aylantiribdi. Ko‘p o‘tmay, unchalik katta bo‘lmagan o‘rgimchak uyasi osilib tushdi.

86. QIZARAYOTGAN CHETAN DARAXTI

Shudringlari siyrak tong. Kesilgan daraxtlarda o‘rgimchak uyalari ko‘rinmaydi. Jimjitlik. Drozdlar, jelkalar ,to‘rg‘aylar ovozi keladi.Chetan daraxtlari toboro qizarib ,qayinlar sarg‘ish tus olmoqda. Maysalar uzra oppoq,kichkina kapalaklar uchib yuribdi.

87. ILK YOZ

Tiniq oy nurlariga cho‘milib,tun ham o‘tdi. Tongning ilk ayozi boshlandi.Hamma yoq kulrang,ammo ko‘lmaklar hali muzlamagan.Quyosh chiqib,chor - atrofni isitgandek daraxtlar va maysalarga shudringlar shiraday qalin yog‘ildi. Qorong‘u o‘rmondagi archalarning shoxlari ham yarqirab ko‘rinar ,bunday olmoslarni yer yuzidan topish amri maholday.Ayniqsa, malika qayrog‘och boshdan-oyoq olmoslarga ko‘milib turibdi.Bunday go‘zallikdan borlig‘imga zavq yoyildi.Sadoqatli itim ham bag‘rimga otildi-sevinchdanmi,hayratdan….

88. HAYOT UCHUN KURASH

Qayinlar so‘nggi oltin barglarini archalar ustiga ko‘mayotgan payt.Men so‘qmoqlarda oqayotgan xazonlar ovozini ham kuzataman ,ularni quyosh nuri erkalab o‘tmoqda.Zavqlanib, adog‘i yo‘qday ko‘ringan o‘rmon so‘qmog‘idan ketaveraman.Shunda o‘rmon menga -dengizday, etaklari - qirg‘oqday,o‘tloqzorlari –orolday bo‘lib tuyuladi.Shu orolda bir-biriga yaqin o‘sayotgan archalarning butun hayoti,nazarimda,yuqorida kechmoqda edi.U yerda - g‘uddalarga ko‘milib,olmaxonlar, klestlar davr surishmoqda, Yana menga nomalum qanchadan-qancha jonivorlar ham g‘imirlab yurishibdi. Archa tagida - pastda esa qorong‘u yo‘laklar,zim-ziyo.Yursangiz,faqat po‘stloqlar ichini ko‘rasiz.
Har bir jonivorga mehr hissi bilan boqsang,bu yerda qiziqarli kitobni o‘qishing mumkin.Hech bo‘lmaganda, klestlar va olmaxonlar tishlarida pastga olib tushayotgan archa urug‘larini oling.Qachonlardir shunday urug‘lardan biri qayin va ulkan yalang‘och ildizlar orasiga to‘lish qolgan. Archa qayinlar qurshovida quyosh olovi va ayozlardan o‘zini saqlab,o‘sa boshladi.Qayin ildizlarini oralab,pastga tushib bordim.U yerda yangi qayin ildizlariga duch keldim, qarasam,uning o‘sishi uchun joy qolmabdi.Shunda u o‘zining tomirchalarini qayin ildizlaridan ham balandga ko‘taribdi va ulardan o‘zib ketibdi. Boshqa tomirdan o‘tib,bo‘y cho‘zibdi.Hozir bu archa qayinlarni ham ortda qoldirib, u bilan yonma-yon ildizlarga chirmashib ketib turibdi.

89. OLMAXONLAR

Tongdan archalarning turli tomonlaridan chiqib kelayotgan olmaxonlarni izlaymiz.Osmon shu qadar og‘ir va pastki,go‘yoki ularni shu archalar ushlab turganday.Yashillik o‘rmonni, g‘uddalarni egallab olgan, agar ularda hosil mo‘lmi ,demak, olmaxonlar ham yo‘q.
Archazorda shunday archalar ham borki,go‘yo ularning tojlarini kimdir ataylab tarab qo‘yganday,jingalak sochlilari ham uchraydi. Navqiron va yosh archalar yonida keksayib qolganlari soqollarini silkitib turishibdi. Judayam qartayib ketgan bu archa joyidan qimirlamaydi.Har bir shoxida och yashil rangli soqoli bor ,ammo uning tepasidagi mevalarga butun bir ombor to‘ladi. Uning bir shoxi titrab ketdi.Olmaxon meni ko‘rdi,shekilli ,qotib qoldi.Men kuzayotgan ,yonida turganim-qari daraxtning bir tomoni kuyib ketgan, chuqur idishday keng Yum-yumaloq o‘rada turibdi.Men parli barglarni qazib oldim. Qop-qora ,kuya bosgan yer ko‘rinib qoldi.Men shunda daraxt tomirlarining pastki qismi kuyib ketganini angladim va men o‘ra -idishning kelib chiqish sabablarini tushundim.O‘tgan yili qishda bu o‘rmonda ovchi suvsar izidan yo‘lga tushgan.Suvsar esa balandda yurganga o‘xshab,daraxtlarni tagiga sakrab o‘tgan,o‘zidan shoxlarida qorli izlar qoldirgan. Qimmatbaho suvsarni ovlash ishtiyoqi ovchini tinch qo‘ymadi,kech tushdi va ovchi o‘rmonda tunashga qaror qildi.
Men hozir yonida turgan daraxt tagida ulkan chumoli uyasi bo‘lgan,ehtimol ,shu o‘rmondagi eng boy chumolilar saltanati ham shu uya bo‘lgandir.Ovchi daraxt tagini qorlardan yaxshilab tozalagan va o‘t yoqqan. Undan issiq kul qolgan.Ovchi shu issiq joyiga o‘rnashib olibdi-da,uyquga ketibdi va tong bilan yana suvsarning izidan yo‘lga tushibdi.
Bahorda bu chuqurlikka suv, qayinlardan uchib tushgan yaproqlar to‘ldirgan. Ustidan olmaxon 
g‘uddalarining urug‘lari unib chiqqan. Men ana o‘sha olmaxonni izlab keldim.
Olmaxonning chiqishini kutarkanman,kitobimga chumolilar uyasi haqida nimadir yozmoqchi bo‘ldim.Ovoz chiqarmay ,asta-sekinlik bilan sumkamdan kitob va qalamimni oldim .Bu chumolilar uyasi shu o‘rmondagi eng katta saltanat - xuddi Xitoy singari! - bo‘lganini yoza boshladim. «Xitoy»so‘zini yozishim bilan kitob ustiga balanddan g‘uddalar urug‘i sochilib tushdi.Yuqorida -boshim uzra archa g‘uddalari ustida olmaxon turardi.U yashirinib olgan, men tirikmanmi -o‘likmi bilish ishtiyoqi qiynardi uni.Men go‘yo daraxtga o‘xshab qimirlamay turar,unga xavfsizday edim.Ehtimol, u urug‘larni men tomonga ataylabdan otib yuborgandir.Uning qiziqishi ortib borar , hech narsani bilmas,hech qayoqqa ketmasligi aniq. Men o‘sha ulkan saltanat haqida yozishni davom ettirardim, bu saltanat chumolilarning katta mehnati tufayli yuzaga kelgan edi,axir! Nima bo‘ldi?Katta maxluq keldi-yu, hammasi tugadi va butun saltanat kulga aylandi. Shu payt olmaxon men tomonga g‘uddalarni otib yubordi. Qo‘limdagi kitobni tushirib yuborishiga sal qoldi.Men olmaxonni ko‘z qirim bilan kuzata boshladim.U asta - sekin shoxlardan - shoxlarga tushar ,menga tobora yaqinlashar ,elkam osha qarab turganday, nima qilayotganimni ko‘rmoqchiday.Jinnivoy, mening satrlarimda bir maxluq chumolilar saltanatini siqib yuborib ,ustiga tuproq tortib, butun bir saltanatni yo‘q qilib yubordi-ku!
O‘tgan safar ham men olmaxonga qarab o‘q uzganimda yonma-yon turgan uchta archalardan g‘uddalar shovdirab yerga tushgan edi, natijada olmaxonlar o‘zlarining qaerda ekanliklarini sezdirib qo‘yishganini anglash qiyin emas edi.
Biz «Moskva chekkalaridagi tayga»da olmaxonlar ortidan noyabr oyida soat ikkidan to kech tushgacha o‘n bir kun davomida quvib yuramiz. Bu soatlarda ular daraxtdan - daraxtlarga ko‘chishadi, sakrashadi.Soat ikkiga qadar esa olmaxon shoxlarga yaxshilab o‘rnashib oladi - da ,bizga ko‘rinmas qalin joyda qo‘llari bilan o‘zini yuvadi, tozalaydi.Bu paytda biz ovga chiqmaymiz.

90. ODAM SOYASI

G‘ira -shira tong. Oy atrofni yorishtirib turibdi.Hali Sharq qorong‘u.Baribir,quyosh nurlari ko‘tarilib ketgani sari oy ostida moviyrang yalangliklar yoyilib ketadi.
Ko‘l muzlik bilan qoplanganday,ammo g‘alati va asabiy ruhda tarqaldi tuman.Qishloq tomonlarda xo‘rozlar va oqqushlarning qiyqiriqlari eshitiladi.
Men uquvsiz musiqachiman, ammo ,nazarimda, oqqushlar ovozi baland oq tovus, baland uchgan turnalar qiyqiriqlariga juda o‘xshadi.Ular tong yorishishi bilan botqiqliklarga ham nur chorlashayotgandek. Oq tovusniki pastroq, g‘ozlarnikidek -g‘uldir-g‘uldir,g‘ala-g‘ovur.
Ehtimol,oy nuridan yoki tong yog‘dularidandir,moviy yalangliklarda, balandda butun osmonni qoplab olgan quzg‘unlar va zag‘chalarni ko‘rdim.Quzg‘unlar oldindan mo‘ljalni olib borishar, zag‘chalar ularning izidan qolishmasdi.Nima uchun zag‘chalar quzg‘unlar izidan qolmay uchishlarini qanday bilsa bo‘ladi? Men dunyodagi hamma narsa aslida malum -u,faqat men bechora hech narsani bilmayman,deb o‘ylagan paytlarim ham bo‘lgan.Keyinroq anglashimcha, tirik tabiatning eng oddiy sirini olimlar ham bilmasligi mumkin ekan. 
Biz yaqindagina bildikki,bizning ayrim qora qarg‘alar ham ko‘chmanchi ekan. Nima uchun zag‘chalarning ayrimlari quzg‘unlar bilan birga uchib ketisholmaydi? – deb o‘ylayman hamon… 
Tonggi shamol turdi va u mening archamni yiqitdi. U dalaning o‘rtasida bo‘lib, u orqali g‘ozlar suzib o‘tishi mumkin edi. Men archani yana tiklab qo‘ymoqchi bo‘ldim, ammo shu payt - men ishimni tugatdim hamki, g‘ozlar ko‘rindi. Men archani aylanib o‘tdim-da, g‘ozlardan berkindim. Biroq ular bir necha marta aylanib o‘tdilar-da, archaga shubha bilan qarashganday yaqin kelishmadi. Uzoqqa uchib ketishdi. Dubovets yaqiniga o‘rnashib olishdi. Men ularga dala o‘rtasidagi tolning katta-katta butoqlari oralab, yaqinlashmoqchi bo‘ldim. O‘rim-yig‘imdan bo‘shagan dalada oppoq ayoz hukmron, mening soyam shu yupqa muzliklarga tushib, mendan oldinga siljir, men esa buni ancha vaqtgacha sezmabman ham. Birdan mendan oldinda ketayotgan ulkan, qo‘rqinchli nimadir g‘ozlarga yaqinlashib borardi. Odamning qo‘rqinchli soyasi oppoq ayozda - muzlikda titrab ketdi, g‘ozlarda sarosimalik boshlandi. Kutilmaganda ular - ikki yuzta ovoz - Urra! dan kam emas! - hujumga otilganday men o‘tirgan butoqqa tashlanishdi. Men butoqning ichiga kirib olishga, o‘zimni yonimda turgan daraxt tanasi bilan yashirishga zo‘rg‘a ulgurdim…

91. BO‘RSIQ

O‘tgan yili shu paytlar yer oppoq edi, bu yil esa kuz uzoq turib qoldi. Qop-qora tuproqda oppoq quyonlarning yurgani, yotganlari uzoqlardan ham ko‘rinib turadi. Mana, hozir kimlarga og‘ir! Faqat kulrang bo‘rsiq hech nimadan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Nazarimda, bo‘rsiqlar shu atrofda yurishibdi.Ular qanday semirib ketganini ko‘rsangiz edi! Ularning uyalarini kuzatishga harakat qilaman. Bunday qorong‘u damlar archazorlarda hamisha ham o‘zing istagan sukunat va oromni topa olmaysan. Bizning devor bilan o‘ralgan xonalarimizda topilmaydigan goho g‘amg‘in , goho zavqli mavsumlar bu yerda tinim bilmay harakatlanadi. Bu harakat borliqqa rang va quvonchlar olib keladi. 
Bo‘rsiqlar yashaydigan chuqur jarlik shu qadar tikki, u yerga chiqmoqchi bo‘lsang, qumliklardagi bo‘rsiq izlari yonida sening ham qo‘llaring izlari qolishi aniq. Men eski archaning tanasida o‘tirgan kuyi asosiy uyani kuzata boshlayman. Olmaxon qishga tayyorgarlikni boshlab, daraxt po‘stlarini taxlamloqda. Shu payt atrofni sukunat qopladi. Bu sukunatni eshitgan har qanday ovchi bo‘rsiqlar uyasini soatlab kuzatib o‘tirishdan zerikmaydi, aksincha, ishtiyoqi oshadi. 
Archalarga osilib turganday ko‘ringan bu og‘ir osmonda quyosh hali-veri chiqay demaydi. Biroq bo‘rsiqlar quyosh qachon chiqib, qachon botishini uyasida o‘tirib, uyasidan chiqmay ham biladi. Ular quyosh botgach, o‘zining qorong‘u uyasidan chiqib, atrofga qaraydi va o‘ta ehtiyotkorlik bilan tungi ovga chiqadi. Bir necha bor atrofni hidlab, pishqirib, birdan yashirinib oladi va odamni hayratga soluvchi epchillik , chaqqonlik bilan sakrab, oldga intiladi. Ovchi uni ilg‘ab ham qololmaydi. Shuning uchun tong otishi oldidan chiqqan ma’qul - bo‘rsiq ovdan qaytmoqda. Bunday paytda u shunchaki yurib keladi, shovqin-suron ko‘tarmaydi. Biroq qish yaqinlashib kelayotgan paytda bo‘rsiqni har doim ham ko‘rib, tutib bo‘lmaydi. Negaki, u har kuni chiqmaydi. Kechasi bilan behuda kutganing, kun bo‘yi uyquga ketganing qoladi, xolos.
Daraxtlar tanasi yumshoq emas, o‘tiraverib, oyoqlaring, tanang qotib qoladi. Biroq bo‘rsiq ko‘rinishi bilan barcha og‘riqlaring unutiladi, atrof yorishib ketganday tuyuladi. Uning tumshuqlari bir ko‘rindi-yu, yana yashirinib oldi. Yarim soatdan so‘ng yana chiqdi va o‘ylab ko‘rdi-da, uyasiga butunlay kirib oldi. 
Shu kirganicha qaytib chiqmadi. Men o‘rmonchinikiga yetmay turib, oq pashshalar uchib o‘tishdi. Nahotki bo‘rsiq uyasidan chiqmay ham, faqatgina tumshug‘ini chiqaribgina ularni hidini olgan bo‘lsa?! Ishonging kelmaydi, lekin bu -haqiqat.

92. IVAN VA MARIYA

Kech kuz havosi ba’zan ertagi bahorga o‘xshab ketadi: bir tomon - oppoq qor, bir tomon - qoraygan tuproq. Faqat bahorda hammayoqdan tuproq hidi, kuzda esa qor hidi ufuradi. Bu o‘zgarishlarga biz birdan va tabiiy ko‘nikamiz, shunday bo‘lishi kerakday- qishda-qorga, bahorda - yer hidiga, yozda - tuproq taftiga, kuzda - yana qor hidiga. 
Quyosh har zamonda bir ko‘rinib, shunday zavqli onlarni in’om qilib ketadiki, tasavvur qilish qiyin! Shunda ko‘zlarimizga shamollardan omon qolgan tol barglari yoki shundoq oyog‘imiz ostida jilmayib turgan ko‘m-ko‘k gullar urinadi,dilimizni nurlantirib yuboradi. 
Ko‘m-ko‘k gulga qarab, hayratlanaman. Unda Ivanni ko‘raman. Yolg‘iz shu Ivangina tirik qolibdi. Bu bizning ma’lum va mashhur gulimiz - Ivan va Mariya! 
To‘g‘risini aytsam, Ivan haqiqiy gul emas. U juda ko‘plab mayda-mayda jingala bargchalardan iborat.Haqiqiy gul bu - onalik va otalik gullari sarg‘ish tus olib, tovlanib turgan oltinrang Mariya. Bu aynan Mariyadan tushgan kuzgi urug‘lar, ular yana yil bo‘yi yerni qoplab olishadi. Mariyaning yumushi og‘irroq. Shuning uchun ham u Ivandan avvalroq yerga tushadi. 
Menga esa Ivanning ayozlarga dosh berib, ko‘m-ko‘klashib ketgani yoqadi. Kech kuzning moviyrang gulini nigohlarim bilan kuzatar ekanman, ohista so‘rayman:
- Ivan, hoy, Ivan! Mariyang qaerda?

93. TUMAN

 Yulduzli va kamdan-kam uchraydigan iliq tun. Tong yorishay-yorishay deganda eshik oldidagi zinapoyaga chiqdim. Yolg‘iz tomchini tomdan yerga tushganini eshitdim. Quyosh nurlari chiqar-chiqmas hammayoqni tuman bosdi va biz cheki yo‘q tuman dengizining qirg‘oqlariga kelib qoldik. 
Ilk yorug‘lik nurlari tarqalishining bebaho va sirli damlarida bargsiz daraxtlar taram-taram bo‘lib turishadi, qayinlar boshdan-oyoq, tog‘terak va zarang daraxtlarining eng baland joylari taralganday. Men ayozning tug‘ilishiga guvoh bo‘ldim. U qanday qilib sarg‘aygan, qurigan daraxtlarni sovurib, oppoq rangga bo‘yaganini, ko‘lmaklar yuziga yupqa oynalar tortganini ko‘rdim. 
Quyoshning chiqib kelishida bulutlarda o‘sha qirg‘oq qiyofasi ko‘rindi va osmonda osilib qoldi. Quyosh nurlarida tumanni sizib o‘tib, nihoyat ko‘l ko‘rindi. Nur bilan to‘lib turgan tumanda hamma narsa bo‘rtgan holda ko‘rinardi: yovvoyi o‘rdaklar hujumga shaylangan armiyaday saf tortib, oqqushlar esa ertaklardan chiqqan suv ichidagi oppoq toshli shaharga o‘xshab to‘planib turishardi. 
Uyasidan chiqib, balandlarga muhim ishi borday sayroqi qush uchib keldi, bu tasodif emas ekan. Boshqa tomonlardan ham shu yo‘nalishda qator-qator yo‘ldoshlari kelib boshladi. Men ko‘lning yonidagi botqoqlikka yetganimda ularning katta galasini ko‘rdim. Ba’zilari daraxtlarda o‘tirar, ko‘pchiligi do‘ngliklarda yugurar, sakrashar, bahordagiday bir-birlarini chaqirishardi. 
Faqat mana shunday tiniq ko‘m-ko‘k ayozli kundagina erta bahorning ilk kunlarini farqlay olish mumkin edi. Yuragingning tub-tubida hali bahorgacha uzoqligini his etib turasan, uning sevinchlarini xotirjamlik bilan kutasan. Nimadir yuragingni, ruhingni, borlig‘ingni og‘ritib o‘tsa-da, bu og‘riqlar seni quvontiradi - o‘tib ketdi-ku, deysan! Shunda g‘amg‘in o‘ylarga botasan. Axir dard emas, hayot, Vaqt o‘tib ketdi-ku…
Kirib kelayotgan ulkan ayozli kunda ko‘l butunlay muzli oynaga aylandi. Har kun oynadagi qora suvlar siqilib-siqilib, oppoq qirg‘oqlarga singib bordi. Endi ko‘l tip-tiniq, o‘zi-da bundan quvondi. Tog‘lardan bahordagiday oqimlar shovqin-suron solib tushishdi. Biroq quyosh yuzini bulutlar to‘sgach, uning nurlari tufayligina suv ham, yovvoyi o‘rdaklar ham armiyasi ham , oqqushlar shahari ham yaqqol ko‘rindi. Tuman yana hamma narsani yopib tashladi, ko‘l ham ko‘rinmay qoldi. Yana osmonda osilib turgan oqimlar qoldi, xolos. 

94. KUZGI YAPROQLAR

Quyosh chiqishi oldidan o‘tloqzorga birinchi ayoz tushdi. Yashirinib, bir chekkadan kuzatsang, nimalar ro‘y bermaydi o‘tloqzorda! G‘ira-shira tongda bu yerga ko‘zga ko‘rinmas o‘rmon jonzotlari kelishadi va butun o‘tloqzor bo‘ylab oppoq bo‘z matolarni yoyib chiqishadi. Quyoshning ilk nurlari bu matolarni yig‘ib oladi va oppoq ranglarni yashillik egallaydi. Oqlik asta-sekinlik bilan yo‘qola boshlaydi, faqat daraxtlar soyasida va do‘ngliklardagina bu oppoq qiyiqlar ancha vaqtgacha saqlanib turadi. 
Moviy osmon bilan oltinrang daraxtlar o‘rtasida nimalar ro‘y berayotganiga tushunmaysan. Shamol barglarni olis-olislarga olib ketadi yoki mayda qushchalar gala-gala yig‘ilishadi-da, uzoqdagi issiq o‘lkalarga yo‘l olishadi.
Shamol - g‘amho‘r xo‘jayin. Yoz bo‘yi tinmaydi - hamma joyni kezib, ko‘rib chiqadi. U tanimagan, bilmagan bargning o‘zi qolmaydi. Kuzda esa bu g‘amho‘r xo‘jayin hammasini yig‘ib oladi. 
Barglar to‘kiladi. Shivir-shivirlarida - vido, abadiy vido. Ularning hayoti shunday qurilgan: qadrdon, tug‘ilgan makoningdan ayrildingmi, vidolash, jon bermoqdasan, axir!...

95. KECHIKKAN KUZ

Buralib-buralib borayotgan tor yo‘lday kuz uzayib bordi. Hali ayoz, hali yomg‘ir. Birdaniga qishdagiday qor, ortidan izg‘irin hammayoqni supurib, muzlatib ketadi. Yana quyosh, yana iliqlik va yashillim boshlanadi. Olislarda, o‘rmonning chetida qayin oltin barglarini tovlantirib turibdi. U muzlab qolgan, shu ko‘yi qimirlamaydi. Shamol uning barglarini bitta qo‘ymay yulib olibdi. 
Kechikkan kuz. Chetan daraxtlari ayozdan tirishib turishibdi - «shirinlashib ketishgan».Kechikkan kuz erta kelgan bahorga shu qadar o‘xshashib ketadiki, ularning farqini bilib olgach, o‘ylayman: «Bu qishdan chiqsam, ko‘klamga yetsam, armonim qolmasdi».
Shunda hayotda hammasi qanday bo‘lsa, shunday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylab qolasan; o‘zingni o‘zing anglab, toblab borishing, ter to‘kishing , shundan so‘nggina quvonishga haqli ekanligingni sezishing, his qilishing kerak. « Ninachi va chumoli» masali esga tushadi, chumolining qat’iyatli so‘zlari jaranglaydi quloqlaring ostida: « Qilgan ishing kuylash, endi borib, o‘z kuyingga o‘zing raqsga tush». Erta bahorda ham yana shunday beminnat quvonchlar kutasan; bahor kelib, u bilan birga tirilasan, ninachiday chumoli haqida, aytganlari haqida o‘ylab ham o‘tirmaysan.

96. ILDAM OYOQ

Ikki soy oralig‘idagi bu yalanglikda yaqindagina oppoq qo‘ziqorinlarni ko‘rgan edim. U hozir oppoq. Har kuni ustiga oppoq dasturxon yoziladi; hattoki qip-qizil chetan daraxti ham ayoz bilan qoplangan. Katta sokin irmoqlar muzlagan, kichkina ildam oyoq irmoqchalar esa tinim bilmaydi.

97. O‘RMON DARAXTLARI

Birinchi qor. O‘rmon qanchalik tinch va iliq bo‘lmasin, erimaydi. Daraxtlar oppoq qor bilan burkangan, qo‘llari osilib turibdi. Qayinlar qaddini bukib, yerga qadar egilib turishibdi va yumaloq arklarga o‘xshab qolishgan. Daraxtlar ham odamlarga o‘xshaydi. Archa qancha og‘irlik bo‘lsa, sinib ketsa ketadiki, ko‘taradi, ammo egilmaydi; qayinlar yelkasiga og‘irlik tushdimi, tamom, darrov qadlarini bukishadi. Archa boshida savlat to‘kib turgan g‘o‘shshalari bilan o‘zini shohday sezsa, qayin ko‘z yosh to‘kadi. 
O‘rmondagi qorli sukunatda qor ichidan ko‘rinib turgan figuralar shunday aniq ko‘zga tashlanadiki, g‘alati bo‘lib ketasan: « Nimaga ular bir-biriga hech narsa deyishmaydi, faqat meni ko‘rib, mendan tortinib turishibdimi?» Qor uchqunlayotganda qorli uchqunlarning shiviri eshitasan, ular o‘sha g‘aroyib figuralar bilan sirlashayotganday…

98. ASIR TUSHGAN DARAXTLAR

Daraxt boshidagi g‘o‘shshalar kaftday ochilib, yog‘ayotgan qorlarni terib olardi, shundan shunday guvala paydo bo‘ladiki, qayin tepasi mayisha boshlaydi. Iliq havoda ham qor yog‘di, hammayoqqa singdi. Boshida g‘uvala ko‘tarib, daraxtlar arklari bilan enkayib qolishdi. Guvalalar qor bilan shu qadar qalin qoplanishdiki, qor yer bilan bitta bo‘lib, bahor kelgungacha qimirlamadi. Bu arklar tagiga ham qish bo‘yi jonivorlar va ahyon-ahyon chang‘idagi odamlar kelib-ketib turishardi. Mag‘rur archalar yonidagi boshlari egilib turgan qayinlarga odamlarga o‘xshab, qo‘l ostidagilarga buyruq bermoqchiday qarab turadi. 
Bahorda qishdan omon chiqqan qayinlar yana archalar bilan yonma-yon tik turishar, qaddi bukchayib qolganlari qishda ham , yozda ham archalar orasida qolaversa bo‘lardi-yu ammo bukildingmi, hammasi tamom! Yengilgina qorga ham dosh berolmay, yildan-yilga arklari kichrayib, yerga tortib, maysalar ustiga qulab tushib boradi.
Qorli qishda yosh o‘rmonga kirib borish vahimali; kirib ham bo‘lmaydi. Yozda men yurgan o‘sha keng yo‘llarga egilgan daraxtlar yotib olishgan, ular shu qadar pastki, u yerdan faqat quyonlar chopib o‘ta olishadi. Biroq men bu yerdan o‘tishning oddiy va ajoyib yo‘lini bilaman, shunda bemalol belni bukmasdan ham o‘tsa bo‘ladi. Qo‘limga mustahkam xipchinni olaman-da, u bilan qarsillatib, egilib turgan daraxt shoxlarini uraman. Shoxlardagi qorlar to‘kilib, shoxlar birdan ko‘tariladi, daraxt menga yo‘l beradi. Asta-sekin qadam tashlab ketarkanman, ko‘plab daraxtlarni sehrli tayoqcham bilan yuklaridan xalos etaman.

99.OLMAXONNING QISHKI G‘AMI

Olmaxonlarni o‘ylayman: agar qishga yig‘ib qo‘yganlari yetib ortsa, yaxshi - yengil tortasan, ammo hozir biz izma-iz borayotgan olmaxon qor oralab shoxning ichiga kirdi. U yerdan kuzda yashirib qo‘ygan ikkita yong‘og‘ini topdi. O‘sha zahotiyoq yedi-qo‘ydi. O‘n metrlarcha yugurib bordi-da, yana bir shoxni qazib ko‘rdi: Yana yeb qo‘ydi. Bu holat uchinchi marta yana takrorlandi. Albatta, uni qor ostida yerga ko‘milgan yong‘oqlarning hidi olib kelgan deb o‘ylash xato. Demak, u kuzda o‘zi qo‘yib, shoxlar ichiga yashirib ketgan yong‘oqlarini, yemaklarini archalardan qancha-qancha masofa narida qo‘yib ketganini eslagan, demak, olmaxonlar ham o‘z xotirasiga ishonib, qish g‘amini yeydilar, yashaydilar. U har bir yemak ko‘milgan joyni ko‘zi bilan shunday aniq qo‘yganki, oraliqdagi masofalar tengligi odamni xayron qoldiradi, hayratga soladi.

100. OYNING TUG‘ILISHI

Tiniq ko‘k. Kun chiqar tomon sukunat ichida yanayam mahobatli, hashamatli. Havo harorati - minus 12. Karnaychi qush qorli so‘qmoqda yengil kayfiyatda yelib bormoqda. 
O‘rmon kun bo‘yi tillolaib turdi, kechga borib , osmonning bir chetida shafaq yallig‘landi. Bu - shimol shafag‘i edi - qirmizi-olovrang, archalarga osilgan o‘yinchoqlarday. Toza qog‘ozday. U orqali dunyoga qarasang, chor-atrof ol rangga bo‘yalganday. Biroq osmonda bitta ham qizillik ko‘rinmaydi: osmon o‘rtasida qalin moviy kamonli yo‘l, qizil shafaq ustiga zanjirday o‘ralgan; chetlariga turli-tuman nozik chiziqlar tortilganday, ular asosiy rangni to‘ldirib turishibdi. 
Tong chinakamiga yallig‘lanib, ochilguncha qadar chorakam soat o‘tdi. Yangi oy moviy osmonda qizil shafaq ro‘parasida turar, u bunday manzarani birinchi marta ko‘rayotganday hayratga tushdi… 

Oygul Suyundiqova tarjimasi


Tarjimondan: «Tabiat tilga kirib, uning sirli hayotiga kirib borgan, go‘zalligini kuylay olgan insonga o‘z minnatdorchiligini bildira olganida, avvalo, bu baxtga M.M.Prishvinga sazovor bo‘lgan bo‘lardi». -deb yozgan edi Konstantin Paustovskiy.
M.M.Prishvin hayotining yo‘li ikkiga bo‘lindi-birinchisi, boy savdogar oilasida kechgan bolaligi, yoshligi, muhit, gimnaziya, oliy tahsil, Klin va Lugadagi agronomlik faoliyati, shu sohaga oid birinchi kitobi va... u kutilmaganda ikkinchi yo‘lni tanladi. Prishvin xizmatdan bo‘shadi-yu, butun Shimol va Kareliyani qo‘lida ov quroli, qalam va daftarlar bilan piyoda aylandi. Shimol taassurotlaridan «Yovvoyi qushlar o‘lkasi» nomli kitobi dunyoga keldi va Prishvin yozuvchi sifatida tilga olindi. U sayohatini davom ettirib, butun O‘rta Rossiya, Shimol, Qozog‘iston va Uzoq Sharqni kezib chiqdi. 
Prishvin tabiatni juda sevdi, ardoqladi. Har bir zarradan tortib, ulkan hodisalargacha uni hayratga soladi. Yozuvchi ijodida tabiat jonli, aziz, sevimliki, uni kuylaganda, shunday samimiy, shunday sodda va shirali tilda dilidagi, ko‘rganlarini, bilganlarini xalqqa yetkaza olganki, oqibatda uning barcha asarlari bugungi kunda ham sevilib o‘qilmoqda.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.