Rus yozuvchisi. Akademik (1939), Mehnat Qahramoni (1967). Fuqarolar urushida ishtirok etgan. 1922 yilda Moskvaga kelib, «qora» mehnat orqasida kun kechirgan. So‘ng «Yosh gvardiya» adabiy guruhiga qatnashib, dastlab «Yunosheskaya pravda», «Komsomoliya» gazetalari, «Projektor», «Smena», «Ogonyok» va boshqalar jurnallarda dastlabki hikoyalarini e’lon qilgan (1924—26).
Keyinchalik bu asarlar Sholoxovning «Don hikoyalari» va «Lojuvard biyobon» (1926) to‘plamlariga kirgan. Don daryosi bo‘ylarida shafqatsiz to‘qnashuv va kurashlar bilan kechgan fuqarolar urushi — Sholoxov ijodining bosh mavzui («Tirrancha», «Cho‘pon», 1925; «Xundor dushman», 1926 va boshqalar).
Sholoxov 1928 yilda Donga, Vyoshenskaya stanitsaga ko‘chib borib, fuqarolar urushi mavzuiga bag‘ishlangan «Tinch oqar Don» (1—4-kitoblar, 1928—40) romanini yozgan va unda ikki olam o‘rtasidagi shafqatsiz kurashni barcha tafsilotlari bilan tasvirlagan. Asarda ayrim kishilar yoki guruhlarning manfaatlari taqozosi bilan boshlangan urush va inqiloblar xalq hayotini izdan chiqaradi, unga faqat jabrsitam keltiradi, degan g‘oya ilgari surilgan.
«Ochilgan qo‘riq» (1—2-kitoblar, 1932—60) romanida rus qishlog‘ining 30-yillardagi hayoti o‘zining barcha ziddiyatli tomonlari bilan tasvir etilgan. Romanning 1-kitobida Gremyachiy qishlog‘ida jamoa xo‘jaligining tashkil topish tarixi Davidov — Nagulnov, Davidov — Ostrovnov, Nagulnov — Razmetnyov va boshqalar asosiy qahramonlarning o‘zaro munosabatlari, ikkinchi tomondan, Don kazaklarining sovet davlati olib borayotgan jamoalashtirish siyosatiga munosabatini tasvirlash orqali haqqoniy yoritilgan.
Sholoxov «Tinch oqar Don» da ham, bu asarda ham Don kazaklarining sovet davrida kechgan mashaqqatli hayotini, davrning o‘ta murakkab va ziddiyatli tomonlarini, shuningdek, qahramonlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik va keskin kurashni, ular ruhiyatida ro‘y bergan o‘zgarishlarni ro‘yrost tasvirlagan. Romanning rus adabiyotida sotsialistik realizm uzil-kesil qaror topgan davrda yozilgan 2-kitobida Sholoxov jamoa xo‘jaligidagi ijtimoiy masalalardan ko‘ra, ma’naviy va ruhiy masalalar tasviriga ko‘proq e’tibor bergan.
Sholoxov 2-jahon urushi yillarida «Pravda» gazetasining harbiy muxbiri bo‘lgan. Xalq va armiyaning urush yillarida chekkan uqubatlari, matonati va jasoratini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Sholoxov so‘nggi yirik asari — «Ular Vatan uchun jang qildilar» romanini yoza boshladi. Dastlabki sahifalari 1943—44 yillarda «Pravda» va «Krasnaya zvezda» gazetalarida bosila boshlagan bu romanini Sholoxov 1960 yilda tugatgan. Mazkur roman (K.Simonovning «Tiriklar va o‘liklar» epopeyasi bilan birga) urush haqidagi haqiqat ilk bor to‘la yuzaga chiqqan asardir. Sholoxovning so‘nggi asarlaridan biri — «Inson taqdiri» (1957) hikoyasida urush dahshatlarini boshidan kechirgan kishining boy va go‘zal ruhiy olami katta mahorat bilan ifodalangan.
Sholoxov ijodi qardosh xalqlar, shu jumladan, o‘zbek adabiyotida realistik tasvir metodining qaror topishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Sholoxovning roman va hikoyalari asosida ko‘plab teatr va kino asarlari yaratilgan. Sholoxovning qariyb barcha asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Nobel mukofoti laureati (1965).
Naim Karimov