OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Zoshchenko. Hajvchi (hajviya)

Yaqinda menga telefondan qo‘ng‘iroq qilishdi. 
Kimdir muloyim, yumshoq ovozda so‘radi:
– O‘rtoq Zoshchenkomisiz?
– Ha.
– Gap shundaki, biz kuchaytirgich ustida tajriba o‘tkazyapmiz. Birorta hikoyangizdan uch-to‘rt satr o‘qib berishingizni o‘tinib so‘raymiz.
Kechiktirib bo‘lmaydigan muhim yumushim bor edi. Uni to‘xtatishni hecham xohlamasdim. Lekin men ko‘ngilchan odamman. Kamina, bundan tash-qari, har xil yangi ixtirolarni hurmat qilaman.
Telefon go‘shagiga bir necha satrni o‘qib berdim.
– Juda soz, – dedi muloyim ovoz. – Minnatdorman. Jarangdorlik a’lo darajada. Endi eshittirishimizni tinglab ko‘rishingizni iltimos qilamiz. Marhamat, xonaning burchagiga borib turing. Va quloq tuting.
Go‘shakni stol ustiga qo‘ydim-da, o‘n qadamcha yurib to‘xtadim. Ikki daqiqalar chamasi tentakday g‘o‘dayib turdim. Keyin qaytib keldim.
– Qalay?
– Hech narsa eshitmadim.
– Unda besh qadamcha yuring va shu taxlit o‘tiringki, qulog‘ingiz go‘shak bilan bir cathda bo‘lsin. 
Uzoqlashdim va o‘tirib oldim.
– Qalay?
– Xudo haqqi, hech nimani eshitmayapman! – dedim jahl bilan. 
– Unda, – dedi hamsuhbatim kula-kula, – go‘shakni qo‘ying va yotib uxlang.
Haligi odam yayrab, miriqib, entikib xoxolab kulardi.
Nimasini aytasiz, chindan ham juda xunobim chiqdi. Go‘shakni uzib olishimga sal qoldi. Qarang-a, allaqanday yaramas meni o‘n daqiqacha laqillatsa-ya. Hatto o‘tirishga ham majburladi. 
Keyin o‘zimni bosib oldim. Hatto tirjayib qo‘ydim. Nima bo‘pti? Hammasi joyida. Syujet tayyor, yozsa bo‘ladi. Dolzarb mavzu – telefon bezorilari haqida mo‘‘jazgina hajviy hikoya qoralash ham mumkin. Mana shu bo‘lmag‘ur ishda yigirma rublni halol ishlab oldim. 
Har bir bema’nigarchilikning tagida hikmat bor, deb shuni aytsalar kerak-da.

Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.