OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Najoti Jumali. Jo‘xorizorda (hikoya)

Agar qishloqqa borganingizda Xalildan yangiliklarni so‘raydigan bo‘lsangiz, qishloqda hech narsa o‘zgarmaganini, hatto odamlari ham bundan ikki yil avval qanday bo‘lsalar shundayliklaricha qolganlarini aytadi: yaxshilar — yaxshiligicha, yomonlar — yomonli-gicha, ishyoqmaslar — ishyoqmasligicha, mehnatsevarlar — mehnatkashligicha, firibgarlar — firibgarligicha, halollar — halolligicha. Lekin agar mulladan eshitadigan bo‘lsak, ishlar Xalilning aytganlarining butunlay teskarisi bo‘lib chiqadi. Uningcha, qishloq aholisi — yoppasiga gunohkor. Necha yillardan beri ollo taoloni eslashmaydi, xudodan qo‘rqmay gunohga botib ketishgan, machitga borishmaydi. Ulardan birortasi beshvaqt namozini o‘qimaydi, o‘lganlarga duoyi fotiha qilib, qur’on buyurishmaydi. Xotinlari hamda qizlariga bosh yalang, yuzlarini ochib, shuningdek, qo‘l va oyoqlarini berkitmay yurishga ruxsat berishadi.
Hammalarining bog‘ va tomorqalari bor, ular dehqonchilik qilib bug‘doy o‘stirishadi, lekin birortalarining aqliga o‘z xo‘jaligi bo‘lmagan, butun hayotini ollo taologa beminnat xizmat qilishu birovlarning gunohlarini so‘rab olish, ya’ni umumbaxtiga bag‘ishlagan mullalariga bir savat uzummi, meva-chevami yoki bir g‘alvir-yarim g‘alvir bug‘doymi olib kelish kelmaydi.
Ammo-lekin yangi mulla bunday hol bilan murosa qilib ketaveradiganlardan emas, odamlar undan mol-dunyolarini yashirishga qanchalik urinmasinlar, duch kelib qolganlarida ko‘zlarini olib qochmasinlar — uning nazaridan hech nima qochib qutulmasdi. U kimning uyida nimasi bor-yo‘qligiyu maxfiy fikrlarigacha, shuningdek, kimning qo‘shnining qizi yoki xotiniga qaysi ko‘z bilan qarashigacha besh barmoqday bilardi. Haqiqatanam hamma qishloqilar janjalkash odamlar; bo‘lar-bo‘lmasga shunaqangi shovqin-suron ko‘tarishadiki, asti qo‘yaverasiz. Hammalari birday xudosiz, xasis, ayyor, suyak-suyagigacha qurumsoq, qisqasi — gunohkorgina bo‘lib qolmay, barcha qilayotgan ishlari ham nahsli. Albatta, bularning hammasi yaxshilikka olib bormaydi. Shundan keyin mulla hammani ogohlantirib, tahdid ham qila boshladi. Masalan, agar yomg‘ir kam yog‘ib, yoz quruq keladigan bo‘lsa, mullaga xudo berardi: «Ha, yomg‘ir kam yog‘yaptimi? Sizlarday gunohga botgan xudo-bexabarlarga shuyam ko‘p! Faqat shu yo‘l bilangina jazolagani uchun xudoga shukur qilinglar!» Bunday tahdidlar, albatta, dehqonlarning diliga g‘ulg‘ula solardi va ular xuddi qo‘y podasidek mullaning atrofiga yig‘ilib, rahm qilib, o‘z himoyasiga olishini yalinib-yolvorishardi.
Bu orada havo o‘zgarib, yomg‘ir yog‘a boshlardi, lekin bu hol mullani qittayam xijolat qilmas, aksincha, u mash’um avliyolik qilib: «Yomg‘ir shu yoqqanicha. tinmay yog‘averadi, naq qiyomat kunigacha to‘xtamaydi. Suyaklaringizgacha ivib ketasizlar, shundayam xudoning qah» ridan qochib qutulolmaysizlar!»—derdi.
Dehqonlar qo‘rquv-tahlikaga tushishardi, shunda mulla mana hozir ular mening etagimga yopishib:
«Endi nima qilamiz, hoji afandi? Endi nima qilish kerakligini o‘rgat?»—deb yalinib-yolvorishadi deb o‘ylab, huzur qilardi.
Lekin yomg‘ir o‘z-o‘zidan tinardi, norozi bo‘lgan mulla yesa: «Shoshmay turinglar, bu gal oson qutulgan bo‘lsanglar ham kelgusida qutulolmaysizlar. Bu yil bo‘lmasa, kelasi yili o‘z jazolaringni olasizlar!»—deb vaysagani-vaysagan edi.
Sekin-asta dehqonlar unga quloq soladigan, machitga boradigan, uzum, meva-cheva hamda sabzavot olib keladigan bo‘lishdi, lekin mullaning hamon ko‘ziyam, o‘ziyam to‘ymasdi. Tund holda, qo‘lini orqasiga qilib yoki qahrabo tasbeh donalarini o‘girgancha, o‘zining ro‘dapo qora jubbasida qishloq bo‘ylab hammaga yemoqda-ichmoqda bo‘lib qarab yurardi.
Odamlar nima qilishmasin, hatto unga murojaat qilib, maslahat so‘rashganda ham, kasal bolalarni, zuryodsiz ayollarni qaytariq qilib bug‘lashga olib kelishsa ham bari bir uning ko‘ngli tinchimasdi. Agar bitta-yarimta betob bo‘lib qolsa-yu, lekin mullaga murojaat qilishga shoshilmasa, uning o‘zi hoziru nozir bo‘lib, barmog‘i bilan bola yoki bemorga niqtagancha: «Olib bor»—deb tahdid qilardi.
Dehqonlarning qalbiga qo‘rquv chuqurroq o‘rnasha borgani sari ularning o‘zlari ham o‘zgarib, xudojo‘y, riyokor, birovlarning gunohiyu kamchiliklarini topishdan boshqa ishi yo‘q ayg‘oqchilarga aylanib borishardi.

* * *

Xalil — anchayin kambag‘allardan bo‘lib peshanasida bir parchagina yeriyu bir etak yeyman-ichaman, deb turgan mayda-chuyda bolalari bor edi, xolos. Mullaga nazr qilishga na sabzavoti-yu, na meva-chevasi yo‘q. Xalil xo‘rozlar qichqirib tongdan xabar berganidan to qorong‘i kechgacha dalasida yoki tomorqasida ishlab, tinkasi qurib burnidan tortsa yiqilgudek bo‘lib kelar, shuning uchun ham machitga borishga vaqti yo‘q edi. O‘lganlarga obidiyda qilib, qur’on buyurtirganidan ko‘ra tiriklarni bir amallab boqib tursa bas!
Mullaning yolg‘on-yashiqlariga uchgan hamqishloqlari Xalilga, xuddi hamma baxtsizliklarining aybdoridek yomon ko‘z bilan qaray boshlashdi. Xalil dehqonlarga, agar u dalasida ertadan-kechgacha ishlamay, yana boz ustiga, mullaga nazr-niyoz tashiydigan bo‘lsa oilasi ochidan xarob bo‘lishini aytib, qancha tushuntirmasin bari bir ular quloq tutib eshitishni xohlashmasdi: «Hammaniyam oilasi bor, sening ham bolalaring biznikicha yesa bir yeri kamayib qolmaydi. Sen avval ollo taolo-yu hoji oldidagi qarzingni uzib qo‘y!»—deb o‘zlarinikini ma’qullashardi.
Mulla Xalilning haq taolo yo‘liga yurishni xohlamayotganini ko‘rib, dehqonlarni battar unga qarshi gijgijlardi. Har juma namozida bitta dahriyning kasri, hatto ular begunoh bo‘lsalar ham minglab xudojo‘yga urishini uqtirgani-uqtirgan edi.
Dehqonlar Xalilga yomon munosabatda bo‘la borganlari sari, u o‘zining yolg‘izligini ko‘proq his qilardi, ich-etini yeb, adoyi tamom bo‘lay dedi! Uning qalbi g‘am-anduhdan tars yorilay derdi: «Bizning ona qishlog‘imizga nima jin urdi-ya? Avvallari, xoh kambag‘al, xoh boy bo‘lsin, doim shod-xurram bo‘lib, hayotni jonidan ortiq sevardi. Hech kim odamlarni dahriyu taqvodor, deb guruhlarga bo‘lmas edi. Hech qachon birov-birovni qoralashga jur’at etmasdi. Har kimniyam o‘ziga yarasha kamchiligi bo‘ladi-ku, axir, ilgarilari biz bir-birimizning ko‘zimizni o‘yishga harakat qilmasdik-ku? Yemg‘irlar ham, esimni tanibmanki, bir me’yorda yoqqan emas. Har doim yo judayam ko‘p, yoki judayam kam yog‘ardi. O‘sha vaqtda ham hozirgidek kasallanardik: kimdir tuzalib ketardi, agar kimning vaqt-soati yetgan bo‘lsa narigi dunyoga ravona bo‘lardi. Misol uchun, o‘zim ham qanday bo‘lsam, shundayligimcha qoldim, na ozdimu na semirdim, gunohim hamda savobli ishlarim na kamaydi-yu, na ko‘paydi.»
Uzoq mulohazalardan keyin hammasiga yangi mulla
aybdor ekanligini tushunib qoldi. Uning sa’y-harakatlari orqasida qishloq ko‘ki zulmatga chulg‘andi-qo‘ydi. U sobiq do‘stlarni bir-biriga dushman qilib qo‘ygani mayli-ya, Xalilni butun qishloq oldida aybdorga chiqarib, uning qalbini g‘am-anduhga to‘ldirdi. Dehqonlar mulla siyosatining tub mohiyatini tushunmay, ko‘rmay va hatto namoyishkorona ravishda ko‘rishni istamayotgan bir vaqtlarida Xalil uning asil basharasini bilib oldi: qishloqda mulladan ham buzuqi, ikkiyuzlamachi va ochko‘z odam yo‘q ekan.
Shu taxlit ikki yil ham o‘tdi. Iyulning o‘rtalarida Xalil shaharga bir savat nok olib borib sotib kelayotgan edi. U otda qishloq yo‘lidan, ikki tomonida yastanib yotgan bug‘doy hamda jo‘xori dalalarini zavq bilan tomosha qilib kelardi. Bug‘doy halitdan belga urib qolgan, jo‘hori esa ba’zi joylarda hatto odam bo‘yi bo‘lib qolgandi. O‘rim-yig‘im pallasi yaqinlashib qolganidan dalada odam zoti ko‘zga chalinmasdi. Sukunatni faqat chumchuqlarning chirqillashi buzib turardi. Otliqning yaqinlashayotganini ko‘rib ular qo‘rqqancha yo‘ldan havoga ko‘tarilib, samoda charx urishardi.
Xalil qishloq qorovuliga tegishli dalaning yonidan o‘tib ketayotganida, birdan jo‘xorizorda qandaydir harakatni sezib qoldi. Undan o‘n besh-yigirma qadamcha naridagi bir nechta jo‘xori poyasi bir me’yorda tebranib turardi. U sergaklandi. Bu nima bo‘ldiykin? Balki quyonmikin, balki ilon mushuk yoki kuchukni bo‘g‘ayotganmikin? Yoki bo‘lmasa ilon uloqchani tutib oldimikin?
Xalil otini to‘xtatib, tevarak-atrofga qaray boshladi. Qilt etgan shamol yo‘q dalada jo‘xori poyalari avvalgidek faqat bir joydagina tebranib turardi. Voajabo, u yerda nima bo‘lishi mumkin axir?
Xalil shosha-pisha cho‘ntagidan kattakon pichog‘ini oldi-da, ehtiyotla ekinzor oralab yurib ketdi, Jo‘xori poyalari aro ko‘rgan birinchi narsasi kattakon qora dog‘ bo‘ldi. «Yo echki, yo sigir, yoki mullamizning jubbasi»,deb o‘yladi u. Har ehtimolga qarshi pichoqni yana cho‘ntagiga solib qo‘ydida, o‘zi esa pisgancha yaqinlasha boshladi. Mana shunda uning ko‘z oldida g‘aroyib manzara namoyon bo‘ldi: podasidan adashgan echki ustida dam-badam qanot qoqib turgan burgutga o‘xshab, mulla o‘zining kengmo‘l qora jubbasi bilan yerga cho‘zilgan qorovulning hotini — yoshgina Xanifaning ustida javlon urmoqda edi. Xanifaning cholvori to‘pig‘igacha sirg‘alib tushgan. Yerda ayol ro‘moli yotardi. Jubbaning cho‘ntagidan mullaning tasbehining kahrabo donalari osilib turardi. Xalil shu zahotiyoq qat’iy qarorga keldi-da, yugurib borib ro‘mol bilan tasbehni changallab oldi. Uni ko‘rishi bilan Xanifa: «Voy, sho‘rim quridi!»—deya baqirib, yuzini qo‘llari bilan to‘sib oldi. Bu qo‘qqis tasodifdan tili kalimaga kelmay qolgan mulla shosha-pisha ishtonini ko‘targancha, o‘rnidan turishga harakat qilardi.
Bir og‘iz ham gapirmay, Xalil qo‘lida ro‘mol bilan tasbehni ushlagancha tezda otining oldiga qaytib keldida, orqasiga qiyo ham boqmay qishloqqa ot choptirib ketdi.
Kechasi Xalilning eshigini taqillatib kelishdi. U eshikni ochib, xuddi o‘zi o‘ylagandek mullaga ko‘zi tushdi, Rangi devor bo‘lib ketgan mulla qo‘li titragancha, shayton yo‘ldan ozdirib zinoga mayl bildirganini tutila-tutila gapira boshladi. «Nima xohlasang, hammasini bajo keltiraman,— deya yalinib-yolvorardi u Xalilga,— faqat bu mashmasha qorovulning qulog‘iga yetmasa, qishloqdagilar bilib qolishmasa bo‘lgani.»
Necha oylardan beri birinchi marta Xalil yengil nafas olgandek bo‘ldi. U mullaning gaplariga quloq solgancha jilmayardi.
— Men uning eriga aytib ahmoq bo‘libmanmi, hoji afandi.
Mullaning ko‘zlarida umid uchquni porladi:
— Agar Xanifa senga yoqsa, u senga ham yo‘q demaydi. Shu daqiqadan boshlab Xanifa seniki,. Menga kelsak, men bundan buyon unga qo‘l tegizsam.
Xalil indamay turardi. Shunda mulla g‘ijimlangan o‘n liralik qog‘oz pulni uzatdi.
— Manavini olginda, savob ish qilgin: tasbehimni ber.
Xalil hatto joyidan qimirlamadi ham. Mulla titroq qo‘llarini qo‘yniga tiqdi. 
— Agar bu kam bo‘lsa, men yana o‘n lira qo‘shib beraman.
Xalil qovog‘ini uyib oldi.
— Menga Xanifangam, pulingam kerak emas. Mulla titrab-qaqshay boshladi.
— Bo‘lmasa nima qilmoqchisan?
— Nima qilishni o‘zim bilaman.
— Axir, sen, har holda, uning eriga aytmassan?
— Aytib o‘libmanmi!
— Nima qilmoqchiligingni ayta qolsangchi, nima qilasan meni qiynab?
Xalil shuncha yillar badalida yig‘ilib qolgan g‘azab nafratini jilovlagancha, tishini girih qilib:
— Men uzoq vaqt sukut qildim, hoji afandi, mana, nihoyat, mening navbatim keldi,— dedi.
Hoji Xalilning oyog‘iga yiqilib, uning qo‘lini ushladi.
— Meni nima qilsang ham roziman, bir umrga quling bo‘lay, faqat hech kimga aytmasang bo‘lgani.
Xalil qo‘llarini tortib oldida, mullani itarib yubordi.
— Men hali esimni yeganimcha yo‘q, hoji afandi! Uning eriga aytishdan nima foyda? U ichiga yutib, indamay qo‘ya qoladi, shu bilan yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolaveradi. Undan ko‘ra, men, yaxshisi, juma kuni machitga borib butun jamoaga aytaman. Agar xohlasang, tasbehingni ham o‘sha yerda olasan. Ro‘molniyam qorovulga butun jamoaning oldida beraman.
— Senga q-q-qancha kerak?—duduqlangancha g‘o‘ldiradi mulla.— X-x-xohlasang ellik lira beraman.
— Ellik lirang boshingda qolsin, yo‘qol bu yerdan!
— Yu-yu-yuz lira beraman!
Xalil o‘zini tutolmay baqirib yuberdi:
— Bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat! Men musulmonman, qachon xohlasam, o‘shanda machitga boraman Agar vijdoning sof bo‘lsa, agar hech narsadan qo‘rqmasang, demak, juma kuni machitga kelasan.
U naq mullaning burni tagida eshiknn taraqlatib yopdi.
Bu voqea dushanbada bo‘lgandi. Ertasiga, qishloqda mulla kasal bo‘lib qolibdi, degan ovoza tarqaldi. Chorshanba, payshanba o‘tdi, u bo‘lsa hanuz qorasini ko‘rsatmasdi. Jumada, namozxonlar machitga yig‘ilishganda, namoz boshlanishiga bir soat qolganda hoji afandining yuragi yorilib o‘lganligini xabar qilishdi.

Hikoyat Mahmudova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.