OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikolay Gogol. Burun (qissa)

I

Mart oyining yigirma beshinchi kuni favqulodda g‘aroyib hodisa ro‘y berdi. Voznesensk ko‘chasida yashovchi sartarosh Ivan Yakovlevich (uning familiyasini biror kimsa bilmasdi, hatto sartaroshxona eshigidagi yuziga sovun ko‘pigi surtilgan janob tasviri tushirilgan hamda “harom qondan xalos etadi” degan yozuv bitilgan taxta lavhada ham hech vaqo ko‘rsatilmagan edi) odatdagidan barvaqtroq uyg‘ondiyu dimog‘iga issiq non hidi urildi. Karavotidan sal qad rostlab, rafiqasi – o‘ziga yetguncha kayvoni, yana deng rosa kofiyxo‘r xonim qip-qizil so‘lqillama nonlarni pechdan uzayotganini ko‘rdi.
– Praskovya Osipovna, men bugun kofiy ichmayman, – dedi Ivan Yakovlevich, – uning o‘rniga issiq nonga piyoz qo‘shib yegim kelyapti.
(Ivan Yakovlevich unisiga ham, bunisiga ham yo‘q demasdi-ya, ammo birvarakay har ikkalasini so‘ramoq odobdan emasligini, zero, Praskovya Osipovnaning bunaqa xurmacha qiliqlarga aslo toqati yo‘qligini yaxshi bilardi.) “Mayli, bu ahmoq non yeb qo‘yaqolsin, – deb o‘yladi xotini, – o‘zimga yaxshi – bir finjon kofiy yonga qoladi”. U stolga bitta non tashlab ketdi.
Ivan Yakovlevich, azbaroyi sipogarchilik, ko‘ylak ustidan frak kiydi, so‘ng stol qoshiga kelib o‘tirdi-da, ikki bosh piyozni archib tuz sepdi va hafsala bilan non kesishga kirishdi. Uni ikkiga bo‘larkan, o‘rtasida bir nima oqarib turganini ko‘rib hayron bo‘ldi. Pichoq bilan sekin kavladi, barmoq uchini tekkizdi. “Qattiqqina! – dedi o‘zicha. – Nima bo‘lsa ekan-a bu?”
Keyin barmog‘ini tiqib tortib oldi – burun ekan!.. Ivan Yakovlevich ko‘zlarini ishqalab, ser solib qaradi: burun, burunning o‘zginasi! Boz ustiga, qaysidir tanishining burni. Ivan Yakovlevichning yuzini dahshat alomati qopladi. Ammo bu dahshat xotini ko‘targan vahima oldida hech gap bo‘lmay qoldi.
– Burunni qay go‘rdan kesib olding, vahshiy?! – deb qichqirdi u jahldan ko‘karib. – Yaramas! Piyonista! Seni o‘zim politsiyaga topshiraman. Qirchang‘i ho‘kiz! Eshitdim, bir emas, uch kishi aytdi menga, soqolini olayotganingda burnidan changallab tortqilashingga mijozlaring arang chidar ekan.
Biroq Ivan Yakovlevich serrayib qolgan edi. U bildi, bu – har chorshanba va yakshanba kunlari soqol oldiradigan kollej asessori Kovalyovning burni.
– Sabr qil, Praskovya Osipovna! Buni lattaga o‘rab bir chekkaga qo‘yib qo‘yay, shu yerda turatursin, keyin olib ketaman.
– Bo‘lmag‘ur gapni yig‘ishtir! Bir kamim uyda kesilgan burunni saqlash edi o‘zi! Qiltiriq, qashqataroq! Qarang-a, bu kishim ustarani qayishga ishqashni biladi, xolos, yaqin orada shuni ham eplayolmay qoladi yaramas, go‘rso‘xta! Seni deb politsiyama-politsiya chopaymi endi? Voy isqirt, isliqi-ey! Yo‘qot buni! Daf qil! Qayoqqa bo‘lsa ham olib ket! Ko‘zimdan yo‘qot!
Ivan Yakovlevich bir ahvolda qaqqayib turdi-turdi, o‘ylay-o‘ylay boshi shishdi.
– Jin ursin, bu qanaqasi? – dedi nihoyat qulog‘i orqasini qashib. – Kechasi mast bo‘lib kelganmidim yoki aqlu hushim joyidamidi, o‘zim ham bilmayman. Hecham aqlga sig‘maydi: axir non deganlari pechda pishsa, burun uning ichida... Boshim qotib qoldi!..
Ivan Yakovlevichning birdan dami ichiga tushib ketdi. Politsiya burunni qidirib topib, uni aybdor qilishini o‘ylab aqldan ozayozdi. Halitdan ko‘ziga zarrin hoshiyador qizil yoqa, shpaga... ko‘rinib, butun vujudini titroq bosdi... Nihoyat, almisoqdan qolgan ko‘ylagi va etigini sandiqdan oldi, shu uvadalarni egniga ilib, Praskovya Osipovnaning ayovsiz qarg‘ishlari ostida burunni lattaga o‘rab, ko‘chaga chiqdi.
Bu dardisarni u biron yerga daf qilishni o‘ylardi: yo darvoza ortidagi temir ustuncha orasiga tiqib yuboradi, yoxud, bilmagan kishi bo‘lib, u yer-bu yerga tushirib qo‘yadi-da, o‘zi duch kelgan ko‘chaga kirib ketadi. Baxtga qarshi, ro‘parasidan tanish-bilishlari chiqib qolar va “Yo‘l bo‘lsin!” yoki “Tong saharlab kimning soqolini qirtishlagani shaylanib qolding?” deya savolga tutar edi – shu asno Ivan Yakovlevich qulay fursat topa olmadi. Bir vaqt burunni tushirib qo‘ygan kishi bo‘lib ketayotgan edi, budkada o‘tirgan qorovul uzoqdan oyboltasini o‘qtalgancha, “Bir nimangni tushirib qo‘yding! Qani, ol-chi!” deb baqirib qoldi. Ivan Yakovlevich burunni olib cho‘ntagiga tiqishga majbur bo‘ldi. Birdan umidsizlikka tushdi, boz ustiga, do‘konu rastalar ochilayotgan mahal emasmi, ko‘cha borgan sari gavjumlashmoqda edi.
U Isakievsk ko‘prigiga borishga qaror qildi: balki bu savil qolgurni Nevaga uloqtirib yuborar?.. Ammo men sal-pal hurmatga sazovor jihatlari ham bo‘lgan Ivan Yakovlevich haqida hanuzgacha biron bir tayinli gap aytmaganim uchun oldingizda andak aybdorman, muhtaram kitobxon.
Har qanday rus hunarmandiga o‘xshab Ivan Yakovlevich ham g‘irt piyonista edi. Xudoning bergan kuni mijozlari soqolini qirtishlasa-da, o‘zining soqoli umri bino bo‘lib ustara ko‘rmasdi. Sira egnidan tushmaydigan fraki (u hech qachon syurtuk kiymasdi) esa olachipor tusdami-ey: ya’ni, aslida qora bo‘lib, hammayog‘ini jigarrang-sariq va kulrang dog‘-dug‘ bosgan, yoqasining ham yag‘iri chiqib yaltirab ketgan, uchta tugma o‘rnida faqat ipi osilib turar edi. U o‘taketgan surbet bo‘lib, kollej asessori1 Kovalyov har soqol oldirayotganida “Ivan Yakovlevich, qachon qarama, qo‘llaring sasiydi-ya!” desa, sartarosh uning o‘ziga “Nimadan sasirkan-a?” deya savol qotardi. “Bilmadim, otaginam, shu – sasigani sasigan-da”, derdi kollej asessori. Ivan Yakovlevich esa tamakisini bir hidlab olardi-da, bu gapi uchun uning iyaklariyu burni osti, quloqlari ortiyu tomoqlariga – bir so‘z bilan aytganda, qaeriga surtgisi kelsa, ayamay sovun ko‘pigini chaplab tashlardi.
Ana shu muhtaram fuqaro Isakievsk ko‘prigiga yetib keldi. Tevarak-atrofga alang-jalang boqib, keyin ko‘prik ostiga qaramoqchi bo‘lgan kishi misol to‘siq ustiga engashdi, go‘yo baliqlar g‘ujg‘on o‘ynab yurganmikan deya kuzatayotgandek turdi-turdi-da, lattaga o‘ralgan burunni astagina suvga otib yubordi. Birdan yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortdi-qoldi. O‘zicha jilmayib ham qo‘ydi. Chinovniklarning soch-soqolini olgani borish o‘rniga, qanshariga “Yegulik va choy” deb yozib qo‘yilgan yemakxonaga kirib bir stakan punsh2 ichaman, deya chog‘langan ham ediki, birdan ko‘prik adog‘ida o‘zi tomon tikilib turgan sersalobat, endor chakkasoqolli, uchburchak shlyapa kiygan, shpaga taqqan kvartal noziriga ko‘zi tushdi. Sartarosh joyidan qimirlayolmay qoldi, nozir esa barmog‘i bilan imlab uni chaqirmoqda edi:
– Qani, bu yoqqa kel-chi, azizim!
Ivan Yakovlevich mulozamat yo‘rig‘ini bilgani uchun uzoqdanoq bosh kiyimini yechib qulluq qildi-da, zipillab uning oldiga bordi.
– Oliyhimmat janoblari, salomat bo‘lgaylar! – dedi yaltoqlanib.
– E-e, birodar, oliyhimmating nimasi?! Xo‘sh, ko‘prik ustida nima qilib turgan eding?
– Xudo haqqi, janob, soqol olgani ketayotib o‘zim shunchaki, daryo tez oqyaptimikan deb bir qaradim-da.
– Qo‘y yolg‘oningni! Shu bilan qutulib ketaman deb o‘ylama! To‘g‘risini ayt!
– Men, oliyhimmat janoblari, haftada ikki marta yoki hatto uch marta bepul soqol olaman, – dedi Ivan Yakovlevich.
– Be-e, shuyam gap bo‘ptimi, og‘ayni?! Bilsang, mening soqolimni uchta sartarosh oladi, ular tag‘in buni o‘zi uchun sharaf deb biladi! Qani, endi gapir-chi, ko‘prik ustida nima qilib turgan eding?
Ivan Yakovlevichning rangi oqarib ketdi... Ammo shu o‘rinda mazkur voqeani butkul tuman chulg‘aydi va undan so‘ng nima bo‘lgani xususida mutlaqo hech narsa ma’lum emas.

II

Kollej asessori Kovalyov ancha barvaqt uyg‘ondi va lablari orasidan “brr...” degan ovoz chiqardi – uyg‘onganida u doim shunday qiladi-yu, buning sababini o‘zi ham bilmaydi. Kovalyov bir kerishib oldi-da, xizmatkoriga stol ustida turgan chog‘roq toshoynani olib kelishni buyurdi. U kecha burnida paydo bo‘lgan g‘o‘ddaga bir ko‘z tashlab qo‘ymoqchi edi; biroq – afsus-nadomatlar bo‘lsinkim, burni o‘rni tep-tekis, hech vaqo yo‘q! Yurak-puragi chiqib ketgan Kovalyov “Suv ber!” deb baqirdi. Ko‘zlarini sochiq bilan arta-arta yana oynaga qaradi: ha, burni yo‘q! Tush ko‘rayotgandirman deb u yoq-bu yog‘ini chimchilab ko‘rdi, uxlayotgani yo‘q shekilli. U karavotidan sapchib turib, bir silkinib qo‘ydi: yo‘q, burni yo‘q!.. Darhol ko‘chalik liboslarini so‘radi va kiyiniboq to‘ppa-to‘g‘ri ober-politsmeyster huzuriga ravona bo‘ldi. 
Darvoqe, shu o‘rinda kitobxon Kovalyov kollej asessorlarining qandayin turiga mansub ekanini tasavvur qilmog‘i uchun u haqda bir-ikki og‘iz gapirib berishga to‘g‘ri keladi. Bunday unvonga ilmiy attestat yordamida erishgan kollej asessorlarini Kavkazda shu unvonga sazovor bo‘lgan kollej asessorlari bilan sirayam tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki bular mutlaqo alohida-alohida tur hisoblanadi. O‘qimishli kollej asessorlari... Biroq Rossiya shundayin g‘aroyib o‘lkaki, agar bironta kollej asessori haqida bir og‘iz so‘z aytsangiz, bas, Rigadan Kamchatkagacha bo‘lgan hamma hududlarning kollej asessorlari buni albatta o‘zi haqda deb o‘ylaydi. Koshki barcha unvonu mansablarni nazarda tutib bo‘lsa! Kovalyov kavkazlik kollej asessori edi. Bu unvonga erishganiga bor-yo‘g‘i ikki yil bo‘lgan, shu bois buni bir lahzayam xayolidan chiqarmaydi; o‘zini olijanob va salobatli ko‘rsatmoq uchun esa kollej asessori emas, hammaga mayor deb tanishtirardi. “Quloq sol, azizam, – deya gap boshlardi u odatda ko‘cha-ko‘yda manishka3 sotib yurgan xotinni uchratib qolsa, – sen, yaxshisi, uyimga kel, kvartiram Sadovaya ko‘chasida, mayor Kovalyov qaerda turadi deb so‘rasang, duch kelgan odam ko‘rsatib qo‘yadi”. Bordiyu ayol yoqimtoyroq bo‘lsa, unga maxfiy topshiriq ham berardi-da, “Jonginam, sen mayor Kovalyovning kvartirasini so‘ra”, der edi. Biz ham bundan keyin bu kollej asessorini mayor deb ataymiz.
Mayor Kovalyovning har kuni Neva prospektida sayr qilish odati bor edi. Uning manishkasi yoqasi doimo top-toza va ohorlangan bo‘lardi. Bakenbardi esa, hozir ham guberniya va uezd tanobchilari, me’morlar va polk doktorlari, shuningdek, politsiya xizmatchilari, qo‘yingki, go‘shtdor yonoqlari qip-qizil, boston4 o‘yinini qotirib o‘ynaydigan hamma erkaklar qo‘yib yuradigan ko‘rinishda edi. Bunday chakkasoqol yonoqlarning qoq o‘rtasidan cho‘zilib borib to‘ppa-to‘g‘ri burunga taqaladi. Mayor Kovalyov qimmatbaho toshdan yasalgan turli-tuman tamg‘ali muhrlarni yonida olib yurar, ular orasida hatto “dushanba”, “chorshanba”, “juma” va boshqa so‘zlar o‘yib yozilganlari ham bor edi. U Peterburgga faoliyat yuzasidan, aniqroq qilib aytganda, unvoniga yarasha durustroq mansab egallash ilinjida kelgan: iloji topilsa, vitse-gubernatorlikka o‘tsam, yo‘qsa, biror kattaroq departamentga ekzekutor5 bo‘lib joylashib olsam, deb mo‘ljallardi. Mayorimizning uylanish niyati ham yo‘q emas, agar bisoti ikki yuz ming aqchalik qayliq uchrab qolgudek bo‘lsa, ko‘zini chirt yumib uylanib yuborishi turgan gap. Ana endi, tuppa-tuzuk, o‘rtamiyona burni o‘rnida mayor o‘ta bema’ni, sip-sillig‘u tep-tekis joyni ko‘rib qay ahvolga tushganini kitobxonning o‘zi faraz qilaversin.
Baxtga qarshi, ko‘chada bironta izvosh ko‘rinmasdi. Mayor plashiga o‘ranib, go‘yo burnidan qon ketayotgandek tus bermoq uchun yuzini dastro‘moli bilan bekitib yayov ketishga majbur bo‘ldi. “Hoynahoy menga shunday tuyulgandir, he yo‘q-be yo‘q, burnim g‘oyib bo‘lib qolishi mumkin emas-ku?!”, deb o‘yladi u va yana oynaga qarash ilinjida qandolat do‘koniga kirdi. Yaxshiyamki, do‘kon bo‘m-bo‘sh ekan; faqat yugurdak bolalar xonalarni supurib-sidirib, kursilarni joy-joyiga qo‘ymoqda, ba’zilari uyqusiragancha patnisda qaynoq go‘mma olib chiqayotir; stol-stullar ustida kofiy to‘kilgan kechagi gazetalar qalashib yotibdi. “Xayriyat, hech zog‘ yo‘q, – dedi u o‘ziga o‘zi, – bemalol oynaga qarab olsam bo‘ladi”. Yuragi betlamaygina oynaga yaqinlashdi va tikilib qaradi. “Jin ursin, bu nima ko‘rgilik! – dedi tupurib. – Burun o‘rnida bir nima qaqqayib tursa ham go‘rga edi, hech vaqo yo‘g‘-a!..”
U alamdan labini tishlab do‘kondan chiqdi va doimiy odatiga xilof ravishda hech kimga qaramay, hech kimga jilmayib boqmay tez-tez keta boshladi. Ammo to‘satdan bir uy oldida qoqqan qoziqdek to‘xtadi-qoldi – ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqea ro‘y bergan edi: yo‘lak ostonasiga kareta kelib to‘xtadiyu undan mundirli bir janob sakrab tushdi-da, engashgancha zinadan chaqqon-chaqqon chiqib ketdi. Bu o‘zining burni ekanini ko‘rgan Kovalyov qanday dahshatu hayratga tushganini ta’riflashga til ojiz! Uning ko‘z o‘ngida hammasi ayqash-uyqash bo‘lib ketdi, u arang oyoqda turardi, biroq talvasada titragancha qanday bo‘lmasin o‘sha janobni kutmoqqa qaror qildi. Chindan ham ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas burun qaytib chiqdi. Kattakon tik yoqali, zarrin hoshiyador mundir va takaki charm pantalon kiyib olgan, shpagasi ham bor. Ukparli shlyapasiga qarab, kamida statskiy sovetnik bo‘lsa kerak, deya xulosa qilish mumkin. Turishidan kimnikigadir tashrif buyurish niyatida. U yon-veriga nazar tashlab oldi-da, aravakashga “Qani, ketdik!” deya baqirdi va karetaga o‘tirdiyu jo‘navordi.
Bechora Kovalyov aqldan ozishiga bir bahya qoldi. U hozirgina o‘zi guvoh bo‘lgan voqeadan hangu mang: yo tavba-a, qanday qilib kechagina uning yuzida turgan burun bugun oyoq chiqarib, mundir kiyib bemalol ko‘chada yuradi?! Mayor karetaning ketidan chopdi, xayriyatki, u uzoqqa bormay Qozon cherkovi oldida to‘xtadi. Kovalyov ham shosha-pisha o‘sha tomon yugurdi, ko‘z o‘rnida ikkita teshikcha ochib qo‘yilganu beti-boshini chirmab olgan tilanchi kampirlar orasidan o‘tib cherkovga kirdi. Ibodatchilar siyrakroq – ular faqat eshik oldida uymalashib turardi. Kovalyov ayni tobda ibodat qiladigan ahvolda emas, alanglab har burchakdan boyagi mundirli janobni izlardi. Nihoyat, uni topdi. Burun bir chekkada, aftini kattakon tik yoqasi bilan bekitgancha o‘taketgan taqvodorlardek berilib ibodat qilmoqda edi.
“Uning oldiga qanday boraman-a? – deb o‘yladi Kovalyov. – Savlat-salobati, mundiriyu shlyapasidan statskiy sovetnik6 ekani ko‘rinib turibdi. Jin ursin, qandoq qildim endi!”
Yaqinrog‘iga borib ustma-ust yo‘taldi; lekin burun sira ibodatdan chalg‘imay, qayta-qayta ta’zimga egilar edi.
– Oliyhimmat janobim... – dedi Kovalyov o‘zini dadil tutishga urinib, – oliyhimmat janobim...
– Nima deysiz? – dedi burun unga o‘girilib.
– Men taajjubdaman, oliyhimmat janobim... Menimcha... siz o‘z o‘rningizni bilmog‘ingiz kerak. Axiyri sizni topdim-a, yana qaerdan deng? Cherkovdan! Shuni tan olgaysizkim...
– Ma’zur tutasiz, fahmim yetmayroq turibdi, nima demoqchisiz o‘zi... durustroq tushuntirsangiz-chi.
“Qanday tushuntirsam bo‘larkan bunga?” deb o‘yladi Kovalyov va o‘zini qo‘lga olib, gap boshladi:
– Men, albatta... Ha, aytgandek, men mayorman. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, mendek odamning burunsiz yurishim uyatdir axir. Voskresensk ko‘prigida archilgan apelsin sotib o‘tiradigan juldurvoqi xotinning burni bo‘lmasa hech bokisi yo‘qdir, biroq men... nufuzli lavozimga muyassar bo‘lishim nazarda tutilsa... buning ustiga, ko‘pgina e’tiborli xonimlar, deylik, statskiy sovetnik Chextaryova va boshqalar bilan tanishman... Tanangizga bir o‘ylab ko‘rsangiz... Nima deyishgayam hayronman, oliyhimmat janoblari... (Shu yerga kelganda u yelkasini qisib qo‘ydi.) Ma’zur tutgaysiz... agar bunga burch va nomus talabi deb qaraladigan bo‘lsa... o‘zingiz tushunsangiz kerak...
– Mutlaqo hech nimani tushunmayapman, – dedi burun. – Ochiqroq gapiring.
– Oliyhimmat janobim, – dedi Kovalyov ich-etini yegudek bo‘lib. – Taajjubdaman, tushunmaydigan gapning o‘zi yo‘q-ku... Yoki siz... Axir – siz mening burnimsiz!
Burun mayorga tik qaradi, uning qoshlari chimirilib ketdi.
– Yanglishasiz, muhtaram janob. Men, bu – menman. Boz ustiga, bizning o‘rtamizda hech qanday yaqinlik bo‘lmog‘i mumkin emas. Vitsmundiringiz7 tugmalariga qaraganda, siz boshqa bir mahkamada xizmat qilasiz chog‘i.
Burun shunday dediyu o‘girilib ibodatini davom ettiraverdi.
Kovalyov nima qilishni, nima deyishni bilolmay esankirab qoldi. Shu payt zaifona liboslarning yoqimli shitir-shitiri eshitildi, boshdan-oyoq to‘rsimon matoga burkangan keksa bir xonim bilan oq ko‘ylagi xushbichim qomatiga chippa yopishgan, boshiga sarg‘ish shlyapa qo‘ndirgan noziknihol, ukpardek yengil, boldek shirin qiz paydo bo‘ldi. Ularning ortidan chakkasoqoli endor, qat-qat yoqali novcha malayi ham kirib, tamakidonini ochdi.
Kovalyov ularga yaqinroq borib, manishkasining batis yoqalarini chiqarib qo‘ydi, tilla zanjirga osig‘liq muhrlarini tuzatib-to‘g‘rilagan bo‘ldi, so‘ng yonveridagilarga jilmayib qaradi-da, nozik barmoqchalarini peshonasiga tekkizgancha salgina egilib turgan ko‘klam chechagidek noziknihol xonimga tikilib qoldi. Qizning shlyapa ostidan xiyol ko‘zga chalinayotgan oppoq iyagi va ko‘klam atirguli misol nimpushti yonoqlarini ko‘rgan Kovalyovning basharasi tabassumdan battar yoyildi. Ammo birdan ustiga qaynoq suv quyilgandek bo‘ldi. Burni yo‘qligi esiga tushib, ko‘zidan yosh chiqib ketdi. Shunda u mundirli janobga: o‘zingizni statskiy sovetnik qilib ko‘rsatishga urinayotirsiz, aslida esa lo‘ttiboz bir ablahsiz, mening burnimsiz, xolos, boshqa hech balo emassiz, deb dangal aytmoqqa chog‘langan edi, ammo burun allaqachon juftakni rostlab qolibdi. Hoynahoy yana kimnikigadir tashrif buyurishni ko‘zlab jo‘navorgan bo‘lsa kerak.
Kovalyov battar ruhi tushib, kelgan yo‘lidan iziga qaytarkan, burun u yer-bu yerda ko‘rinib qolmasmikan, degan ilinjda tevarak-atrofga sinchkov alanglagancha kolonnadalar8 ostida bir fursat to‘xtab qoldi. Shlyapasi ukparli, mundiri esa zarrin hoshiyador edi – bunisi-ku shundoqqina ko‘z o‘ngida, ammo shinelini, karetasining tusiyu unga qo‘shilgan otlarni, hattoki kareta ortida malayi bormi, bo‘lsa u qanday livreyada9 edi, afsuski eslab qolmagan ekan-da. Boz ustiga, u yoqdan-bu yoqqa g‘iz-g‘iz qatnayotgan kareta shu qadar ko‘p ediki, qidirayotgan kishingizni ilg‘ab olish oson emasdi; ilg‘ab qolganingizda ham uni to‘xtatolmasdingiz. Ajoyib, quyosh charaqlab turgan kun edi. Neva prospekti nihoyatda gavjum, xonimlar anvoyi gullar sharsharasi misol Politseyskdan to Anichkin ko‘prigigacha butun yo‘lkalarni to‘ldirib yuborgan. Ana, uning tanishi – o‘zgalar oldida u atayin podpolkovnik deb ataydigan nadvorn?y sovetnik10 kelayotir. Huv anavisi esa – senatda bo‘lim boshlig‘i, boston o‘yinida sakkizlikka o‘ynaganda doim oshig‘i olchi turadigan yaqin do‘sti Yarigin. Ana, Kavkazda asessor unvoniga sazovor bo‘lgan boshqa bir mayor qo‘l to‘lg‘ab uni chorlamoqda...
– He, jin ursin hammangni! – dedi Kovalyov. – Hoy izvoshchi, meni hoziroq oberpolitsmeyster huzuriga olib bor!
Kovalyov usti ochiq yengil aravaga o‘tirdiyu bora-borguncha izvoshchiga “Qani, aravangni yeldek uchir, uchiraver!” deya baqirib ketdi.
– Ober-politsmeyster shu yerdami? – deb qichqirdi u dahlizga kirar-kirmas.
– Yo‘q edi-ya, – dedi darbon, – hozirgina jo‘nab ketuvdi.
– Ana xolos!
– Ha-ya, – dedi darbon, – ketganiga hech qancha bo‘lgani yo‘q, biron daqiqa oldinroq kelganingizda uni uchratgan bo‘lardingiz.
Kovalyov dastro‘moli bilan yuzini bekitgan ko‘yi aravaga o‘tirdi-da, umidsiz bir ohangda qichqirdi:
– Hayda!
– Qayoqqa?
– To‘g‘riga hayda!
– To‘g‘riga? Axir u yog‘i muyulish-ku, o‘ngga buraymi, chapgami?
Bu savol Kovalyovni nogoh sergaklantirdi va yana o‘ylab ko‘rishga undadi. Uning ahvoliga tushgan odam avvalo Axloq boshqarmasiga11 murojaat qilishi lozim – boshqarma to‘g‘ridan-to‘g‘ri politsiyaga aloqador bo‘lgani uchun emas, boshqalardan ko‘ra buyruqlari tezroq bajarilishi uchun. Burun xizmat qilaman deb aytgan mahkama boshliqlaridan najot kutish-ku aqlsizlik bo‘lur edi, chunki burunning gap-so‘ziyu o‘zini tutishidanoq ma’lum – unga muqaddas narsaning o‘zi yo‘q. Mana, Kovalyov bilan hech qachon uchrashmaganman deb imonini yutib turibdiki, yana shunga o‘xshash yolg‘on to‘qib suvdan quruq chiqmaydi deb kim ayta oladi?! Alqissa, Kovalyov izvoshchiga, Axloq boshqarmasiga hayda, deb buyurmoqchi bo‘lib turganida birdan xayoliga ilk uchrashuvning o‘zidayoq yuzsizlik qilgan bu nayrangboz va qallob qulay fursatdan foydalanib, ustomonlik bilan shahardan qochib qolsa-ya, degan o‘y keldi – ana unda qancha qidirmang befoyda, yoyinki qidirish ishlari, xudo ko‘rsatmasin, biror oyga cho‘zilib ketishi ham hech gap emas. Nihoyat, Egamning o‘zi unga yo‘l ko‘rsatdi chog‘i, u burunning barcha belgi-sifatlarini batafsil ta’riflab e’lon berish uchun gazeta ekspeditsiyasiga murojaat qilish kerak degan qarorga keldi. Ana shunda ko‘rgan-bilgan odam uni o‘sha zahotiyoq tutib beradi yoxud, juda bo‘lmaganda, yashash joyini ma’lum qiladi. Xullas, shu to‘xtamga kelib, izvoshchiga gazeta ekspeditsiyasiga hayda, dedi va yo‘l bo‘yi “Bo‘l, ablah! Tezroq hayda, muttaham!” deb uning biqiniga mushtlab bordi. “Eh, to‘ram!” deya izvoshchi ham bosh chayqagancha bolonka itlarnikidek uzun yolli otining jiloviga mahkam yopishib, unga ustma-ust qamchi bosaverdi. Arava manzilga yetib to‘xtadi, Kovalyov halloslagancha chog‘roq qabulxonaga bostirib kirdi, stol qoshida eski frak kiygan, ko‘zoynakli keksa chinovnik qalamini labiga qistirib, chaqa-chuqa sanab o‘tirgan ekan.
– E’lonni kim qabul qiladi? – deb shang‘illadi Kovalyov. – E, salom!
– Salom, – deya chinovnik unga bir nazar tashladiyu yana oldida uyulib yotgan pulini sanayverdi.
– Men e’lon bermoqchiydim...
– Mumkin bo‘lsa, bir oz sabr qilib tursangiz, – dedi chinovnik va o‘ng qo‘li bilan qog‘ozga allaqanday raqamni yozib, chap qo‘li bilan cho‘tga ikki soqqa tashladi.
Uqali ko‘ylak kiygan qaysidir oqsuyak xonadon malayi qo‘lida xat bilan stol oldida turar va o‘zining kirishimli ekanini namoyish etmoqqa xo‘b urinar edi:
– Bilasizmi, janob, kuchukcha aslida to‘rt tangaga arzimaydi, men uni sariq chaqaga ham olmagan bo‘lardim, grafinya esa uni naq qo‘ynidagi bolasidek ko‘radi – buni qarangki, topib bergan odamga 100 rubl va’da qilingan! Sirasini aytganda, mana shunaqa – odamlarning didi hecham bir-biriga sig‘ishmas ekan; aytaylik, zo‘r ovchimisan – iskovuch iting yoki pudeling bo‘lsin, ana unda besh yuzni, mingniyam ayama, chunki iting shunga arziydi-da!
Chinovnik malayning safsatasini go‘yo diqqat bilan tinglayotir va ayni choqda o‘zining hisob-kitobi bilan ham mashg‘ul: qo‘lidagi xatda qancha harf borligini sanamoqda. E’lon ko‘tarib kelgan kampirlar, savdogaru farroshlar atrofini o‘rab olgan. E’lonlarning mazmuni ham turfa xil: ichkilikka ruju qo‘ymagan aravakash xizmatga yollanmoqchi; obdon kir yuvish mashqini olgan, har qanday yumushni bajarib ketaveradigan o‘n to‘qqiz yashar cho‘ri qiz xizmatga kirmoqchi; 1814 yili Parijdan keltirilgan, uncha ko‘p ishlatilmagan bolalar aravachasi, bitta ressori yo‘q usti ochiq yengil izvosh, o‘n yetti yashar bo‘zrang, gijinglagan chavkar tulpor, turp va rediskaning Londondan olib kelingan yangi nav urug‘i, ikki bo‘lmali otxona hamda ajoyib qayinu qarag‘ayzor bog‘ qilsa arzigulik yer-suvli dala hovlining sotilishi; eski tagcharm olmoqchi bo‘lganlarni har kuni soat sakkizdan ertalabki uchga qadar chayqov bozoriga taklif qiluvchi chaqiriq deysizmi – hamma-hammasidan bor. Ana shunday olaquroq to‘da to‘plangan xona choqqina bo‘lib, havosi nihoyatda og‘ir – badbo‘y edi; biroq kollej asessori Kovalyov hid sezmasdi, negaki, dastro‘moli bilan yuzini bekitib olgan, burni shu tobda qaerlarda izg‘ib yurgani esa yolg‘iz xudoga ayon.
– Ijozatingiz bilan sizdan bir narsani so‘rasam, muhtaram janob. Men judayam... – deb so‘z boshladi u bir mahal besabrlik bilan.
– Hozir, hozir! Ikki so‘mu qirq uch tiyin. Bir daqiqa! Bir so‘mu oltmish to‘rt tiyin, – derdi chinovnik kampirlaru farroshlar qo‘lidagi xatlarga parishonhol ko‘z tashlab. – Xo‘sh, qulog‘im sizda? – dedi u nihoyat Kovalyovga yuzlanib.
– Iltimosim shuki... – dedi Kovalyov, – bilasizmi, men haliyam tagiga yetolmayapman, firibgarlikmi-ey, nayrangbozlikmi-ey sodir bo‘ldi-da. Sizdan iltimos, o‘sha ablahni tutib bergan kishi mo‘maygina mukofot olishi haqida gazetangizda e’lon bosib chiqarsangiz.
– Xo‘sh, familiyangizni bilsak bo‘ladimi?
– Familiyamni nima qilasiz? Yo‘q, aytolmayman. Tanish-bilishlarim juda ko‘p: statskiy sovetnik Chextaryova, shtab-ofitser Pelageya Grigorevna... Xudo asrasin, tanib qolishsa-ya! Siz shunchaki, kollej asessori yoki yaxshisi, mayor mansabiga ega bir janob deb yozib qo‘yaqoling.
– Qochib yurgan odam – qarolingizmi?
– Qarol deysizmi? Qarolim qochsa mayli edi-ya, firibgarlikka kirmasdi bu! Qochib ketgan – burnim...
– Hm! G‘alati familiya ekan-a! Xo‘sh, o‘sha Burunov katta mablag‘ingizni o‘marib ketdimi?
– Burun deganda... siz boshqacha tushundingiz! Burnim, mening burnim qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Xudo uraman desa shu-da!
– Qanday qilib g‘oyib bo‘ladi? Hech nimani tushunolmayapman.
– Qanday g‘oyib bo‘lib qolganini o‘zim ham bilmayman, ammo u hozir shahar kezib yuribdi, o‘zini statskiy sovetnik deb tanishtiradi hammaga. Shuning uchun uni qo‘lga tushirgan kishi zudlik bilan menga topshirishi lozimligi to‘g‘risida e’lon berishingizni so‘rayman. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, yuzimda burun bo‘lmasa, men nima degan odam bo‘laman? Oyog‘imning jimjilog‘i emas¬ki, etikka tiqsamu hech kim ko‘rmaydiyam-bilmaydiyam desam! Axir men har payshanba statskiy sovetnik Chextaryova huzurida bo‘laman; shtab-ofitser Podtochina Pelageya Grigorevnaning ham yoqimtoygina qizi bor, ular ham yaqin tanishim; xo‘sh, ayting-chi, men endi nima qilay?! Shu tasqara ahvolda ularga qanday ko‘rinish beraman?!
Chinovnik labini qattiq qimtib qoldi, bu uning chuqur o‘yga tolganini anglatardi.
– Yo‘q, bunaqa e’lonni gazetada chiqarolmayman, – dedi u uzoq sukutdan so‘ng.
– Nega? Nega chiqarolmaysiz?
– Shunday. Gazetaning obro‘yiga futur yetadi. Bunaqa, duch kelgan odam burnim qochib ketdi, deb yozaversa, unda... O‘zi shusiz ham gazetada bo‘lmag‘ur va yolg‘on mishmishlar chop etilyapti, degan gaplar yuribdi.
– Axir, buning nimasi bo‘lmag‘ur gap ekan? Kechirasiz-u, mish-mish emasligi shundoqqina ko‘rinib turibdi, chamamda!
– E, siz shunday deysiz-da. Ana, o‘tgan hafta ham xuddi shunaqa ish bo‘lgan edi. Sizga o‘xshab bir chinovnik arz bilan keldi, e’loni hisob-kitob bo‘yicha bir so‘mu yetmish uch tiyinga baholandi; u qora yungli pudelning qochib ketgani haqida edi. Bunday olib qaralsa, oddiy bir e’lon, to‘g‘rimi? Keyin ma’lum bo‘ldiki, bari qip-qizil haqorat, ya’ni o‘sha pudel, hozir esimda yo‘q, qaysidir bir idoraning g‘aznachisi ekan.
– Axir, men allaqanday pudel haqida emas, shaxsan o‘z burnim haqida e’lon bermoqchiman, demakki, o‘zim haqimda desa ham bo‘ladi.
– Yo‘q, bunaqa e’lonni berolmayman, hech iloji yo‘q.
– Ha unda, burnimdan ayrilib qolaverar ekanman-da?!
– Bu vaziyatda do‘xtirga borganingiz ma’qul. Aytishlaricha, o‘zingiz xohlagan burunni yopishtirib qo‘yish ham qo‘lidan keladigan do‘xtirlar bor emish. Ammo-lekin-chi, siz juda xushchaqchaq, hazilni qiyib qo‘yadigan odam ekansiz.
– Xudoni o‘rtaga qo‘yib ont ichaman! Hamonki, menga ishonmayotgan ekansiz – ochib ko‘rsatishim mumkin.
– Ovora bo‘lishga ne hojat! – dedi chinovnik tamakisini hidlab. – Biroq malol kelmasa, – deya qiziquvchanlik bilan qo‘shib qo‘ydi keyin: – bir ko‘rib qo‘ysak ziyon qilmasdi...
Kollej asessori yuzidan dastro‘molini oldi.
– Yo, tavba! – deb yubordi chinovnik. – Chindan ham burun o‘rni tep-tekis-a, go‘yoki hozirgina pishirilgan quymoqqa o‘xshaydi. Sip-silliq!
– Xo‘sh, endi nima deysiz? O‘zingiz ko‘rib turibsiz, e’lonni chop etmasangiz bo‘lmaydi. Men sizdan bag‘oyat minnatdor bo‘lardim, shu bahona siz bilan tanishganimdan ham behad xursandman...
Qarangki, mayor bir oz laganbardorlik qilib ham ko‘rdi.
– Chop etish-ku qiyin ish emas, – dedi chinovnik, – ammo bundan sizga biron naf chiqishiga ko‘zim yetmayapti-da. Agar juda ko‘nglingiz to‘lavermasa, buni biror o‘tkirroq qalamkashga so‘zlab bering – tabiatning noyob hodisasi sifatida tasvirlab maqola yozsin, keyin uni o‘smirlar (u burnini artib qo‘ydi) yoxud anchayin sinchkov, qiziquvchan omma e’tiboriga havola etish uchun “Severnaya pchela”da12 (u yana bir marta tamaki hidlab oldi) chop ettiring.
Hafsalasi pir bo‘lib, kollej asessori boshini quyi solib oldi. Shunda u gazetaning spektakllar haqida axborot bosiladigan pastki qismida o‘ziga tanish dilbargina aktrisaning nomini o‘qib qoldiyu yuziga tabassum yuguray dedi va yonimda ko‘k qog‘oz puldan bormikan, degan o‘yda darhol qo‘lini cho‘ntagiga tiqdi; Kovalyovning fikricha, teatrga kirganda shtab-ofitserlar kresloda o‘tirishi shart – lekin burni esiga tushib, shirin xayollari bir zumda tumtaraqay bo‘lib ketdi!
Chinovnik ham Kovalyovning ahvoliga kuyinayotganga o‘xshardi. Mulozamat yuzasidan unga ikki og‘iz yupanch so‘z aytgisi keldi:
– Sirasini aytganda, boshingizga shunday g‘alati savdo tushgani ko‘p achinarli ish bo‘pti. Tamaki hidlaysizmi? U bosh og‘rig‘ini, qayg‘uni ko‘tarib tashlaydi, hatto bavosilga ham davo deyishadi buni.
Chinovnik shunday deya tamakidonining shlyapali bir xonim suvrati chizilgan qopqog‘ini g‘oyat abjirlik bilan ochib, Kovalyovga tutdi.
Noo‘rin bu mulozamatdan Kovalyovning naqd qoni qaynab ketdi.
– Hazil qilmoqqa qanday haddingiz sig‘di, hayronman, – dedi u jahl bilan, – aynan hid bilish a’zom yo‘qligini bilaturib-a? Jin ursin tamakingizni! Ko‘rarga ko‘zim yo‘q! Badbo‘y, xashaki tamakingiz tugul bundan yuz chandon alomatiga ham tupurgan bo‘lardim!
Qattiq ranjigan Kovalyov achchiq-achchiq gapirib gazeta ekspeditsiyasidan chiqdi va to‘ppa-to‘g‘ri qand yig‘ishga mukkasidan ketgan uchastka noziri huzuriga yo‘l oldi. Nozir uyining dahliziga – yemakxonasi ham shu yer – savdogar do‘stlari tortiq qilgan katta-katta kallaqandlar13 terib qo‘yilgan edi. Ayni tobda oshpaz ayol nozirning botfortini14 yechish bilan ovora; shpaga va boshqa harbiy aslahalari allaqachon joy-joyiga ilingan, uch yashar o‘g‘li vahimali uchburchak shlyapasini ushlab-ushlab qo‘yardi; nozir janjalu talash-tortishuvlarga qozilik bilan o‘tgan sertashvish kun yakunida dunyo lazzatlaridan bir totinish niyatida edi.
U maza qilib kerishib, tomoq qirib, “Eh, ikki soatgina miriqib uxlab olaman!” deb turgan paytda Kovalyov kirib keldi. O‘z-o‘zidan ayonki, Kovalyovning tashrifi mutlaqo bemavrid edi; bilmadim, shu kelishida u, juda bo‘lmaganda, bir necha funt choy yoki movut ko‘tarib kelgan taqdirda ham iltifot bilan kutib olinishi dargumon edi. Nozir san’atning barcha turlari va sanoatning barcha mahsulotlariga zo‘r rag‘bat bilan qarardi, lekin har narsadan qog‘oz pulni afzal ko‘rardi. “Dunyoda bundan yaxshi yana nima bor ekan?! – derdi u odatda. – Osh-non so‘ramasa, ko‘p joy egallamasa, cho‘ntakka sig‘ib ketaveradi, qo‘ldan tushirib yuborsang – shikast yemaydi”.
Nozir Kovalyovni sovuq qarshi oldi va tushlikdan so‘ng tergov ishlari yuritilmasligi, insonning mijozi taom tanovvulidan so‘ng jindak orom olishni taqozo etishi (bundan kollej asessori uchastka nozirining qadim donishmandlar bisotidan boxabar ekanini bildi), andishali, halol odamning burnini hech kim yulib olmasligiyu dunyoda ichki-yimining yag‘iri chiqib ketgan, har xil bo‘lmag‘ur joylarda sanqib yuradigan qalang‘i-qasang‘i ma¬yorlar urchigandan-urchib yotgani haqida so‘zladi.
Yuzingda ko‘zing bormi ham demadi-ya! Kovalyov sirkasi suv ko‘tarmaydigan, ta’bi nozik mardum ekanini alohida ta’kidlab o‘tmog‘imiz joiz. U o‘zi haqida aytilgan har qanday noxush gapni unutishi mumkin-u, o‘sha gap mansab va unvoniga tegishli bo‘lsa aslo kechirmasdi. U hatto teatr pesalarida ober-ofitserni har qancha masxaralash mumkindir, ammo shtab-ofitserlarga til tekkizib bo‘lmaydi deb hisoblardi. Nozirning qabulidan u shunaqangi izza bo‘ldiki, bosh tebratdi-da, sha’nini yerga urmagan holda, qo‘llarini kergancha, “Ochiq gap, sizning bunaqa haqoratomuz so‘zlaringizdan keyin men bir narsa deyolmayman...”, dedi va eshikka yo‘naldi.
U yurdi-yu, yer bosmadi – shu ko‘yi uyiga yetib keldi. Oqshom kirib qolgan edi. Shuncha yelib-yugurishlari behuda ketganidan kvartirasi ham ko‘ziga qorong‘i bir zulmatdek ko‘rindi. Dahlizga kiriboq yag‘iri chiqib ketgan charm divanda yastanib yotgan xizmatkori Ivanga ko‘zi tushdi: u shiftga qarab tuflar va har safar mo‘ljalga bexato tekkizmoqda edi. Bu betamizlikni ko‘rib mayorning battar fig‘oni chiqdi; Ivanning peshonasiga shlyapasi bilan bir tushirib, “Sen, to‘ng‘izning boshqa qilar ishing yo‘qmi?!” deb qichqirdi.
Ivan o‘rnidan sapchib turib, uning plashini yechmoqqa tutindi.
Toliqqan, dardi dunyosi zim-ziyo bo‘lgan mayor bo‘lmasiga kirib o‘zini kresloga tashladiyu chuqur-chuqur nafas olib beixtiyor nola qila ketdi:
– Ey, Xudoyim! Ey, Xudoyim! Nega menga buncha azob berasan? Bundan ko‘ra qo‘lsiz yoki oyoqsiz qolsam bo‘lmasmidi?! Qulog‘imdan ayrilsam ham yomon-u, unga chidasa bo‘lardi, ammo burunsiz odamni, qurib ketsin, nima deyish mumkin? Qush bo‘lib qush emas, fuqaro bo‘lib fuqaro – shunchaki keraksiz matohdek derazadan uloqtiru yubor! Urush yoxud dueldami, yoki o‘zim sabab biron kor-hol oqibatida burundan ajragan bo‘lsam ham mayli edi, he yo‘q-be yo‘q, o‘z-o‘zidan yo‘qoldi-qoldi, bekor-behuda, sariq chaqachalik qadri yo‘qdek!.. Yo‘q, bu qandayin gap, – dedi u o‘ziga o‘zi, bir dam o‘y surib, – odamning burni ham dabdurustdan yo‘q bo‘lib qolarkanmi?! Hoynahoy tush ko‘ryapman yoki xayol surayotirman, balki soqol oldirgach yuzga surtadigan araqni bilmay ichib yuborgandirman. Ahmoq Ivan, darhol yig‘ishtirib qo‘ymagan-da, suv deb simirganman-yuborganman.
Mast emasligiga ishonch hosil qilish uchun u o‘zini chunonam chimchiladiki, og‘riqqa chidayolmay dodlab yubordi. Kovalyov tush ko‘rmayotgani, bu mashmashalar o‘ngida sodir bo‘layotganini angladi. Sekingina ko‘zguga yaqinlashdi, zora burnim o‘z o‘rnida bo‘lsa degan o‘yda ko‘zlarini qisinqirab qaradi-yu, shu zahoti ortiga tisarildi:
– Buncha tasqara bo‘lmasam!
Hech ham aql bovar qilmaydi. Agar tugmachami, kumush qoshiqmi, soat yoki shunga o‘xshash biror narsa yo‘qolsa boshqa gap edi, lekin burun g‘oyib bo‘lib turibdi! Qayoqqa gum bo‘ldi? Qanday qilib?.. Ustiga-ustak, o‘z uyimda yo‘qolsa-ya!.. Mayor Kovalyov har tomonini o‘ylab ko‘rib, bu meni kuyov qilmoqchi bo‘lib yurgan shtab-ofitser Podtochinaning qilmishi bo‘lsa kerak, degan taxminga bordi. Aynan shu taxmini haqiqatga yaqinroqqa o‘xshayapti. To‘g‘ri, o‘zi ham qizning ko‘nglini ovlashga ishtiyoqmand edi-yu, ammo uylanishdan qochib yurardi. Shtab-ofitser uni kuyov qilish niyatida ekanini dangal aytganida, hali yoshman, yana besh yillarcha ishlashim kerak, ana o‘shanda roppa-rosa qirq ikkiga kiraman deya, sekingina qizga xushomadlarini yig‘ishtirib qo‘yaqoldi. Shu sababdan ham shtab-ofitser o‘ch olish maqsadida afsungaru jodugar xotinlarni yollab, uning “basharasini buzish”ga qaror qilgan, negaki burun kesib olinganga o‘xshamaydi, buning iloji ham yo‘q: xonasiga hech kim kirmagan bo‘lsa, sartarosh Ivan Yakovlevichga esa chorshanba kuni soqol oldirgan, o‘sha kun va hatto payshanba kuni ham burni joyida edi – shunisi aniq esida. Boz ustiga, u og‘riqni sezgan bo‘lardi va shubhasizki, jarohat bu qadar tez bitib, o‘rni tep-tekis, quymoqdek silliq narsaga aylanib qolmasdi. U xayolan rejalar tuza boshladi: shtab-ofitserni rasman sudga chaqirtirsinmi yoki oldiga borib jinoyatini fosh etsinmi?! Eshik tirqishidan sizib kirgan shu’la uning xayolini bo‘lib yubordi – dahlizda xizmatkori sham yoqqan edi. Bir ozdan so‘ng xona butkul yorishib ketdi: qo‘lida shamdon bilan ostonada Ivanning o‘zi ham paydo bo‘ldi. Kovalyov bu valakisalang ahvolimni ko‘rib rostakamiga esi og‘ib qolmasin deya darhol dastro‘molini olib yuzini bekitdi.
Ivan o‘z hujrasiga kirib ketar-ketmas, dahlizda notanish ovoz eshitildi:
– Kollej asessori Kovalyov shu yerda yashaydimi?
– Kiravering, mayor Kovalyov shu yerda, – deya kollej asessori irg‘ib o‘rnidan turdi-da, eshikni ochdi.
Xonaga qaddi-basti raso, chakka¬soqollari uncha malla ham, qop-qora ham emas, yuzi go‘shtdor, huv o‘sha, qissamiz avvalida Isakievsk ko‘prigi adog‘ida uchratganimiz politsiya chinovnigi kirib keldi.
– Burni yo‘qolgan sizmisiz?
– Xuddi shunday.
– Burun topildi.
– Rostdanmi?! – deb qichqirib yubordi Kovalyov.
Sevinganidan bir on tili kalimaga kelmay, qarshisidagi qalin lablari va go‘shtdor yuzida shamning nuri lipillab turgan kvartal noziriga tikilib qoldi. So‘ng:
– Qanday qilib? – deb so‘radi.
– U g‘alati bir vaziyatda, safarga otlanish chog‘ida qo‘lga olindi. Dilijansga15 o‘tirib, Rigaga jo‘navormoqchi ekan. Boshpurti ham bir chinovnikning nomida. Avvaliga men uni rasmona janob deb o‘ylabman. Yaxshiyam, ko‘zoynagim yonimda ekan, o‘sha zahoti uning burun ekanini bildim. O‘zi yaqinni ravshan ko‘rolmayman-da men; mana, siz qarshimda turibsiz, faqat yuzingizni ko‘ryapman, biroq burningiz, soqolingiz, ko‘zingizni, qo‘ying-chi, aftingizdagi boshqa a’zolarning birortasini farqlay olmayman. Qaynonam, ya’ni rafiqamning onasi ham hech baloni ko‘rmaydi.
Kovalyov o‘zida yo‘q, hovliqib:
– Qani u? Qaerda, ayting, hoziroq uchib boraman, – dedi.
– Hech tashvishlanmang, uni olib keldim. Bilasizmi, bu ishda Voznesensk ko‘chasidagi qallob sartaroshning qo‘li bor ekan, mana endi o‘zi politsiya mahkamasida o‘tiribdi. Men uni azaldan beri piyonista, o‘g‘ri deb shubha qilib yurardim, bundan uch kun avval rastalarning biridan bir quti tugmani o‘marib ketibdi. Mana burningiz, sog‘-salomat holda keltirdik sizga!
Kvartal noziri cho‘ntagiga qo‘l solib qog‘ozga o‘ralgan burunni oldi.
– Xuddi shu! – deya qichqirib yubordi Kovalyov. – Ha, mening burnim shu! Keling, bugun sizni mehmon qilay.
– Taklifingizdan boshim ko‘kka yetdi, biroq buning sira iloji yo‘q. Men hozir bu yerdan chiqiboq jinnixonaga borishim kerak... Bilasiz, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi osmonda... O‘zimiz jo‘jabirdek jonmiz, qaynonam, ya’ni rafiqamning onasi ham biz bilan yashaydi. To‘ng‘ich o‘g‘limizdan ayniqsa umidimiz katta-yu... juda kallali bola-da, ammo shu, ta’lim-tarbiyasiga qo‘limiz kaltalik qilib turibdi...
Kovalyov shamani darrov fahmladi va stol tortmasidan bitta qizil o‘ntalik olib nozirning qo‘liga qistirdi; u astoydil ta’zim qilgancha chiqib ketdi. Shu zahotiyoq uning aravasi bilan xiyobonni payhon qilgan bir befarosat mujikni bo‘ralab so‘kayotgani eshitildi.
Kvartal noziri ketgandan so‘ng kollej asessori nima qilarini bilmay kalovlanib qoldi, bir fursat o‘tgachgina arang o‘ziga keldi – ko‘rish va his etish qobiliyati tiklandi. Kutilmagan quvonch uni ana shunday karaxt ahvolga solib qo‘ygan edi. U izlay-izlay topilgan arzandasi – burnini ehtiyotlik bilan ikki kaftiga oldi, sinchkovlik bilan ko‘zdan kechira boshladi.
– Ha, shu! O‘zginamning burnim! – derdi nuqul mayor Kovalyov. – Ana, kecha chap tomonidan chiqqan g‘o‘ddasigacha turibdi.
Mayor xursandligidan bor ovozda xoxolab yuborishiga sal qoldi.
Biroq bu noraso dunyoda abadiy nima bor?! Mana shu quvonch ham sal o‘tib xira tortadi-da, keyin-keyin yo‘qola borib, nihoyat, o‘zingiz sezmagan holda odatiy kayfiyatingizga aylanadi-qoladi – xuddi suvga tosh otganda hosil bo‘lgan halqachalar sekin-asta silliq sathga quyishib ketgandek.
Kovalyov mulohaza qila-qila birdan sergak tortdi: bu hali ish bitdi degani emas, burun topilishga topildi-ya, biroq uni o‘rniga yopishtirib qo‘yish ham kerak-ku, axir!
– Yopishmasa-chi, unda nima bo‘ladi? – dedi o‘ziga o‘zi.
Miyasida yarq etgan bu savoldan mayorning yuragi shuv etib ketdi.
Jonholatda stol sari otildi, burnini qiyshiq o‘rnatib qo‘ymaslik uchun toshoynani o‘ziga yaqinroq surib oldi. Diqqatini bir yerga jamlab, ehtiyotkorlik bilan uni joyiga qo‘ndirmoqchi bo‘ldi. Uv, sho‘rim qursin! Joyiga tushmayapti-ku!.. Keyin burunni og‘ziga tutib dami bilan bir oz ilitdi-da, yana eski joyi – ikki yonog‘ining o‘rtasiga yopishtirishga urindi, ammo burun yopishmadi.
– Qani! Qani, bo‘laqol! Yopishsang-chi endi, kasofat! – derdi u bo‘g‘ilib. Ammo burun xuddi yog‘ochdan yasalganga o‘xshardi, bexos qo‘lidan tushirib yuborgan edi, u po‘kak tiqin misol stolga “taq” etib tushdi. Mayorning afti bujmayib ketdi. – Endi nima bo‘ladi? Nahotki!.. – dedi u battar sarosimada qolib.
Burunni o‘rnashtirishga har qancha harakat qilmasin, urinishlaridan bir ish chiqmadi.
U Ivanni chaqirib, binoning yuqori qavatidagi eng hashamdor kvartirada yashovchi doktorni aytib kelishni buyurdi. Doktor bag‘oyat savlatli, o‘ktam kishi edi, qatrondek timqora chakkasoqollari o‘ziga rosa yarashib turar, mudom archilgan tuxumdek ozoda yurar, yuzlari tiniq, sog‘lom, ertalab yangi uzilgan olma yeyishni kanda etmas, ayniqsa, tish tozaligiga qat’iy rioya qilar, har tong chorak soatlab og‘zini chayar, tishlarini besh xil cho‘tka bilan tozalar edi. Doktor shu zahotiyoq keldi. Bu ko‘rgilik qachon yuz berganini so‘ragach, u burun o‘rnini shunaqayam chertdiki, mayor jonhalpida boshini orqaga tashlagan bo‘lsa kerak, ensasi bilan devorga urildi. Doktor bunisi hali holva, dedi va devordan beriroq turishni so‘radi; avval boshini o‘ngga burib, burun o‘rnini paypaslab ko‘rdi-da, “Hm!” deb qo‘ydi. Keyin boshini chap tomonga burishni buyurdi va tag‘in “Hm!” deb, oxirida yana bir chertgan edi, tishlarini ko‘rmoqchi bo‘lganingizda ot qanday siltanib-sapchisa, mayor ana shunday kallasini siltab-sapchidi. Doktor shu tajribani o‘tkazgach, bosh chayqab qo‘ydi:
– Yo‘q, iloji yo‘q. Yaxshisi, siz shunday yuravering, chunki bundan battar bo‘lishi ham hech gap emas. Albatta, burunni joyiga o‘rnatsa bo‘ladi, men uni hoziroq o‘rnatib qo‘yardim-u, lekin ishontirib aytamanki, o‘zingizga yomon bo‘ladi.
– Qarang-a! Nima, burunsiz yur demoqchimisiz? – dedi Kovalyov tutoqib. – Hozirgi ahvolimdan battari bo‘lmasa kerak. Jin ursin, bu ne kulfat-a?! Shu ajuvai taraqqos basharam bilan odamlarning ko‘ziga qanday ko‘rinaman? Obro‘li-obro‘li tanishlarim bor axir! Mana, bugun ham ikkita xonadonga ziyofatga borishim kerak. Meni ko‘pchilik biladi: statskiy sovetnik Chextaryova, shtab-ofitser Podtochina... ha, aytgandek, uning bu qilmishidan so‘ng o‘rtamizdagi munosabatga chek qo‘yaman. Endi u bilan faqat politsiya orqali gaplashaman. Menga rahmingiz kelsin, doktor, – deya iltijo qila ketdi Kovalyov, – biron chorasi bordir axir? Bir balo qilib o‘rnatib qo‘ying, juda risoladagidek bo‘lmasa ham, shunchaki osilib tursin, mayli, qaltis vaziyatlarda uni o‘zim qo‘lim bilan ushlab turaman. Biron bir ehtiyotsiz harakat qilib ziyon yetkazib qo‘ymasman – men raqs tushmayman-ku, axir. Ko‘nglingiz to‘q bo‘laversin, tashrifingiz uchun minnatdorlik ham hamyon ko‘targancha bo‘ladi.
– Ishonsangiz, – dedi doktor baland ham, past ham emas, lekin yoqimli, ta’sirli ovozda, – men bemorimni hech qachon tama ilinjida davolamayman. Tamagirlik mening insoniy aqidalarim va vrachlik sha’nimga mutlaqo zid. To‘g‘ri, xizmatga haq olaman, buning birdan-bir sababi – rad etib mijozlarimni ranjitib qo‘ymaslik. Burningizni-ku joyiga keltirib qo‘yardim, ammo gapimga ishonmasangiz vijdonimni kafil qilay, qiyofangiz bundan-da tasqararoq bo‘lib qoladi. Nachora, endi peshonada borini ko‘raverasiz-da. Tez-tez sovuq suvda yuvib turing, ishonchingiz komil bo‘lsinkim, burningiz borligida qanday bo‘lsangiz, burunsiz ham xuddi shunday soppa-sog‘ yuraverasiz. Burunni esa spirtli bankada saqlaganingiz ma’qul yoki, yaxshisi, spirt o‘rniga ikki oshqoshiq o‘tkir araq va isitilgan sirka quying – ana shunda burun evaziga mo‘maygina mablag‘li bo‘lishingiz ham mumkin. Agar qimmat so‘ramasangiz uni o‘zimoq sotib olaman.
– Yo‘q, yo‘q! Sotish niyatim yo‘q! – deya qichqirib yubordi Kovalyov alamidan. – Undan ko‘ra yo‘q bo‘lib ketsin!
– Ma’zur tutasiz! – dedi doktor tavoze bilan. – Mushkulingizni oson qilish niyatida edim, xolos... Nachora! Harqalay, qancha uringanimni o‘zingiz ko‘rdingiz.
Shu gaplarni aytib doktor qaddini g‘oz tutgancha xonani tark etdi. Kovalyov uning yuziga ham boqmadi, karaxt ahvolda emasmi, faqat qora frakining yengidan chiqib turgan oppoq ko‘ylagi manjeti ko‘z oldidan lip etib o‘tdi, xolos.
Ertasi kuniyoq u mahkamaga shikoyatnoma bitishdan avval shtab-ofitser Podtochinaga, kaminaga tegishli tana a’zosini urish-janjalsiz o‘z holiga qaytarib bersangiz, degan mazmunda xat yozishga qaror qildi.
“Muhtarama
Aleksandra Grigorevna xonim!
Siz tomoningizdan qilingan g‘alati ishlarga hech tushunolmayapman. Xotirjam bo‘lingkim, bu yo‘l bilan biror nimaga erisholmaysiz, ya’ni meni qizingizga uylanishga majbur etolmaysiz. Shunga amin bo‘lingkim, burnim bilan bog‘liq voqea menga kundek ayon, bunga boshqa birov emas, aynan siz sababchi ekaningizni ham aniq bilaman. Burnimning to‘satdan g‘oyib bo‘lib qolishi, qochib ketishiyu har xil tuslarga kirishi, deylik, avvaliga chinovnik qiyofasida savlat to‘kib yurishi va nihoyat yana o‘z holiga qaytishi – sizning sehru jodularingiz oqibati yoxud sizga o‘xshab mana shunaqa “olijanob mashg‘ulotlar” bilan shug‘ullanuvchi kimsalarning kirdikoridir. Men o‘z nomimdan sizni ogohlantirib qo‘yishni burchim deb bilaman. Basharti, yuqorida aytib o‘tganimdek, burnim bugunoq o‘z o‘rniga qaytmas ekan, u holda men tegishli qonun himoyasi va homiyligiga tayanishga majbur bo‘laman.
Shoyon hurmat ila ta’zimda
Kamina qulingiz Platon Kovalyov”.
“Muhtaram janob
Platon Kuzmich!
Maktubingiz meni g‘oyat hayratga soldi. E’tirof etmog‘im lozim, sizdan bunaqa nohaq gina-kuduratlarni aslo kutmagan edim. Oldindan shuni ma’lum qilamankim, siz tilga olgan chinovnikni yasama qiyofada ham, o‘z qiyofasida ham uyimda qabul qilmaganman. To‘g‘ri, xonadonimga Filipp Ivanovich Potanchikov kelib turadi. Garchi u qizimning qo‘lini so‘rash ilinjida yurgan bo‘lsa-da, bu boadab, o‘ta madaniyatli insonni hech qachon umidvor qilgan emasman. Siz yana allaqanday burun haqida so‘z yuritibsiz. Agar bu gaplaringiz bilan men ikki qo‘limni burnimga tiqib qolaman, degan xayolga borgan, ya’ni rasman rad javobini olaman, deya tashvishlanayotgan bo‘lsangiz, buni sizning o‘zingizdan eshitish meni juda taajjubga qo‘ydi. Negaki, men mutlaqo boshqacha fikrdaman. Bordiyu endilikda siz qizim bilan qonuniy unashish niyatida bo‘lsangiz, bu istagingizni men hozirning o‘zidayoq ma’qullashga tayyorman. Zero, bu mening eng katta tilagim. Ana shunday umid bilan – mudom xizmatingizga tayyor
Aleksandra Podtochina”.
“Yo‘q, – dedi Kovalyov xatni o‘qib chiqqach. – Uning bu ishga daxli yo‘q. Ko‘rinib turibdi! Jinoyatda ayblanayotgan odam bunday xat yozmaydi. – Kollej asessori Kavkaz viloyatida bir necha bor tergovga jalb etilgani bois bunday ishlardan durustgina xabardor edi. – Qanday qilib, qay yo‘sin bu savdo boshimga tushdi?! Bunisi endi yolg‘iz xudoga ayon!” dedi u nihoyat taqdirga tan bergandek.
Bu yog‘ini so‘rasangiz, mazkur g‘aroyib hodisaga doir mishmishlar, tabiiyki, oshirib-toshirilib butun poytaxtga tarqab ketdi. O‘sha kezlar barcha hovliqma kishilar aynan g‘ayrioddiy voqealarga o‘ch bo‘lib qolgan edi. Bundan sal avval faqat magnetizmga oid tajribalar jamoatning og‘zida edi. Boz ustiga, Konyushen ko‘chasidan chiqqan raqs tushuvchi stullar hangomasi ham hali eskirmagan edi, shuning uchun hamma tez orada kollej asessori Kovalyovning burni Neva prospektida roppa-rosa uch soat sayr qilganmish, deya gap boshlagani hech ajablanarli emas. Tekin tomoshabinlar oqimi kun sayin ortib borardi. Kimdir o‘sha burun Yunker do‘konida16 ekan, deya gap tarqatibdi. Yunker oldiga tumonat odam yig‘ilib, shunaqayam ur-yiqit bo‘ptiki, bu janjal-suronni politsiya aralashib bazo‘r tinchitibdi. Teatrga kiraverishda qandolat-pandolat sotib o‘tiradigan, ko‘rinishidan tuppa-tuzuk, chakkasoqolli bir chayqovchi yog‘ochdan bejirim, pishiqqina kursilar yasab, ishqibozlarni taklif etibdi – kishi boshiga sakson tiyindan olib kursi osha tomosha uyushtiribdi. Bir faxriy polkovnik ataylab uyidan barvaqt chiqib, bir amallab olomonni yorib o‘tibdi, biroq do‘kon oynasidan burunni emas, oddiy jun fufaykayu paypog‘ini tuzatayotgan qiz va daraxt ortidan unga mo‘ralab qarayotgan qaytarma nimchali, bir tutamgina soqolchasi bor olifta yigit tasvirlangan litografik suvratni ko‘ribdi, xolos; suvrat bu yerda osig‘liq turganiga o‘n yildan oshgan edi. Polkovnik turtina-surtina bir chetga chiqib olgach, “Shunaqa yolg‘on va to‘mtoq mishmishlar bilan odamlarni mayna qilishning nima keragi bor-a?” deb rosa darg‘azab bo‘libdi.
Keyin – mayor Kovalyovning burni Neva prospektida emas, qachondan beri Tavriya bog‘ida sayr qilib yurganmish, u Xisrav Mirza17 yashagan vaqtlardan buyon o‘sha yerda emish, shahzoda ham tabiatning bu g‘aroyib o‘yinidan g‘oyat hayratlanibdi, degan gaplar tarqaldi. Jarrohlik akademiyasining ba’zi talabalari o‘sha yoqqa yo‘l olibdi. Taniqli va nufuzli bir xonim esa bog‘ nazoratchisi nomiga maktub bitib, tabiatning bu noyob hodisasini bolalarga ko‘rsatishni, agar iloji bo‘lsa, ibratli va nasihatomuz izohlar bilan o‘smirlar o‘rtasida tushuntirishlar olib borilishini so‘rabdi.
Bo‘lib o‘tmish ushbu voqealar barcha kiborlarga, ayniqsa, xonimlar dimog‘ini chog‘ qilishni xush ko‘radigan, tantanali qabul marosimlarini kanda etmaydigan oliftalarga juda qo‘l keldi – zaxiradagi qiziqarli latifalarining tagi ko‘rinib qolgan edi-da. Bir necha nufuzli, xolis niyatli kishilar esa bu holdan o‘ta norozi edi. Bir janob hozirgi ma’rifatli asrimizda qanday qilib mana shunaqa kurakda turmaydigan uydirmalar tarqalishi mumkin, hech tushunolmayman, nega bunga hukumat beparvo qarayotir, deya jig‘ibiyron bo‘lib gapirdi. Bu janob, aftidan, hukumatni hamma narsaga, hatto er-xotin o‘rtasidagi kundalik mojaroga ham aralashtirishga urinadiganlar xilidan bo‘lsa kerak. Shundan keyin... shu yerga yetganda yana voqeani butkul tuman chulg‘aydi va u yog‘iga nima bo‘lgani mutlaqo ma’lum emas.

III

Dunyoda o‘ta bema’ni ishlar ham ko‘p-da. Ba’zida haqiqatga yaqin ham yo‘lamaydigan voqealarga guvoh bo‘lamiz. Statskiy sovetnik mansabida har yerda sayr qilib yurgan va shaharda shuncha shov-shuv chiqargan o‘sha burun go‘yo hech nima ko‘rmagandek, kutilmaganda o‘z joyi, ya’ni mayor Kovalyovning ikki yonog‘i o‘rtasida paydo bo‘ldi-qoldi. Bu voqea aprel oyining yettinchi kuni ro‘y berdi. Kovalyov uyg‘onib, bexosdan ko‘zguga qarasa – burni joyida! Shosha-pisha ushlab ko‘rdi – o‘zining burni! “Ie, ie!” deya qiyqirib yubordi u va quvonchi ichiga sig‘may xonani oyoqyalang gir aylanib yugurmoqchi edi, qo‘qqisdan kirib kelgan Ivan xalaqit berdi. Mayor unga yuvingani suv keltir, deb buyurdi va yuz-qo‘lini chayarkan, yana bir marta oynaga qaradi: burni o‘z o‘rnida! Sochiqqa artinarkan, tag‘in qaradi: burun o‘sha-o‘sha!
– Ivan, qara-chi, burnimga g‘o‘dda chiqqanga o‘xshaydi, – dedi u va “Agar Ivan: e, janob, g‘o‘dda qayoqda, burunning o‘zi yo‘q-ku, desa xudo urdi deyaver!” degan gap o‘tdi xayolidan.
Biroq Ivan:
– Yo‘g‘-e, hech qanday g‘o‘dda-po‘dda chiqmagan burningizga! – dedi.
“Ana-a, zo‘r-ku!” dedi o‘zicha mayor ich-ichidan sevinib va barmoqlarini qirsillatib qo‘ydi. Shu payt qo‘lga tushayozgan o‘g‘ri mushukdek qo‘rqa-pisa sartarosh Ivan Yakovlevich eshikdan mo‘raladi.
– Avval menga shuni ayt-chi, qo‘lingni yuvganmisan? – deb qichqirdi Kovalyov unga ko‘zi tushiboq.
– Ha, qo‘lim toza.
– Aldama!
– Xudo haqqi, janob, top-toza.
– Bo‘pti, bo‘pti, ko‘ramiz hali...
Kovalyov kursiga joylashdi. Ivan Yakovlevich uning yelkasiga sochiq yopib, cho‘tkasi bilan bir lahzada soqoliyu yonoqlariga noyob, xushbo‘y sovun ko‘pigini chaplab tashladi.
“Buni ko‘ring-a! – dedi o‘ziga o‘zi Ivan Yakovlevich uning burniga qarab, keyin boshini egib, yon tomondan boqdi. – Bor, yo‘qol-e!”, deb qo‘ydi-da, yana burunga tikilib qoldi. Keyin iloji boricha ayab-avaylab, uning uchidan ushlamoq bo‘lib barmoq chog‘ladi – Ivan Yakovlevichning soqol olish usuli shunaqa edi.
– Ey, ey, ko‘zingga qara! – deb qichqirdi Kovalyov.
Sartarosh taraddud aralash dovdirab qoldi, uni shunday hayajon bosdiki, bunaqasi sira bo‘lmagan edi. Nihoyat, ehtiyotkorlik bilan ustarasini gird aylantirib, mijozining iyaklarini asta qirtishlay boshladi. Garchi hid bilish a’zosini ushlamasdan soqol olish xiyla noqulay bo‘lsa-da, dag‘al barmoqlarini bet va pastki jaqqa tirab, bir amallab ishini tugatdi.
Soqol oldirib bo‘lgan zahoti Kovalyov kiyinib, izvoshga o‘tirdiyu to‘ppa-to‘g‘ri qandolatxonaga jo‘nadi. Do‘kon eshigidan hatlaboq, “Bolakay, bir finjon shokolad keltir!” deb buyurdi, o‘zi esa toshoynaga yugurdi; burni o‘z joyida! So‘ngra og‘zining tanobi qochib orqasiga o‘girildi va birovining burni nimcha tugmasidek keladigan ikki harbiyga ko‘zini qisibroq masxaraomuz qarab qo‘ydi. Do‘kondan chiqqach, vitse-gubernator lavozimiga, bordiyu omad chopmasa, ekzekutor mansabiga erishaman deb obdon ostonasini changitgani departament devonxonasiga yo‘l oldi. Qabulxonadan o‘tib borarkan, oynaga ko‘z tashlab oldi: burun joyida turibdi! Bu yerda u boshqa bir kollej asessori, ya’ni o‘ziga o‘xshagan mayorni ziyorat qilmoqchi edi; hamkasabasi o‘ta hazilkash, birovning ustidan kulishga suyagi yo‘q bo‘lib, uning ilmoqli gaplariga Kovalyov “Ey, qo‘ysang-chi, seni bilaman-ku, zaharsan!” deb qutulardi. Yo‘lakda u o‘zicha, “Agar shu mayorki meni ko‘rib kulgidan tars yorilmasa, demak, hech bir xavotirga o‘rin qolmaydi”, deb o‘yladi. Kollej asessori esa kulmoqni xayoliga ham keltirmadi. “Jin ursin, ishlar besh!” dedi Kovalyov o‘ziga o‘zi. Qaytayotib u ko‘chada shtab-ofitser Podtochina bilan qizini uchratib qoldi. Ular Kovalyov bilan iliqqina, o‘zaro ta’zim ado etib salom-alik qilishdi. Bundan chiqdi, ko‘rinishi bippa-binoyi, yuzida hech bir kemtiklik yo‘q! Kovalyov ular bilan uzoq so‘zlashdi, atayin tamakidonini ochib, burnining har ikkala teshigiga bosib-bosib hidladi. “He, tovuqmiyalar-ey, qarab turlaring hali! Qizingga uylanib bo‘pman! Shunchaki par amour18 uylanadigan ahmog‘ing yo‘q – xomxayol bo‘lma!” derdi ichida.
O‘shandan beri mayor Kovalyov, go‘yo hech nima ko‘rmagandek, Neva prospektida, teatru boshqa joylarda bemalol sayr qilib yuradi. Burni ham to‘satdan g‘oyib bo‘lib qolganidan bexabar, hech gap bo‘lmagandek, mana, joyginasida qaqqayib turibdi! Keyinchalik ham mayor Kovalyovning mudom hazil-mutoyiba qilib xushvaqt yurganini, xushsuvrat xonimlarning deyarli barchasini zimdan kuzatishini va hatto bir gal Gosti¬n?y dvorga19 kirib, qandaydir rasta oldida to‘xtagani, nima uchun ekani noma’lum-u, orden taqiladigan tasma sotib olganini ko‘rganlar bor, vaholanki, u hech qanday orden sohibi emas edi.
Bepoyon mamlakatimizning shimoliy poytaxtida ana shunday voqea sodir bo‘ldi! Biroq endi, hammasini mulohaza qilib ko‘rgachgina bu hangomaning haqiqatdan yiroq jihatlari ko‘p ekanini anglab turibmiz. Kovalyov yo‘qolgan burun haqida gazetada e’lon bermoq kulgili ish ekanini tushunmaganidek, burunning basharadan uzilib chiqishiyu, kam emas, ko‘p emas, statskiy sovetnik qiyofasida har joyda paydo bo‘lishi ham aql bovar qilmas hodisa ekanini gapirib o‘tirmoqqa hojat bo‘lmasa kerak. Kamina e’lon chop ettirish juda qimmatga tushajagini nazarda tutayotganim yo‘q, albatta, bu g‘irt maydakashlik bo‘lardiki, men aslo manfaatparastlar sirasiga kiradigan kimsa emasman. Lekin baribir nimasidir noqulay, nodurust-da, shundoq emasmi? Yana o‘sha gap – mardumning yuzidagi burun qay tariqa endigina pechdan chiqqan qaynoq non ichida paydo bo‘lib qolganu Ivan Yakovlevichning o‘zi qay tariqa?.. Yo‘q, men buni hazm qilolmayman, mutlaqo! Ammo qiziq, yozuvchilar shunaqa syujetlarni qanday qalamga olar ekan-a? Tan olaman, bunisiga endi sira aqlim yetmaydi, ha, shunday... vassalom. Birinchidan, buning xalqqa hech keragi yo‘q; ikkinchidan... ikkinchidan ham befoyda. Bilmayman, bilmayman...
Lekin baribir undoq ham, bundoq ham, boshqacha ham bo‘lishi mumkin... Bunday olib qaraganda, shunga o‘xshash bema’ni, quyushqonga sig‘maydigan voqealar yo‘q deb kim kafolat bera oladi?.. Nafsilamri, yaxshiroq o‘ylab ko‘rilsa, bu xil hangomalarning zamirida ozmi-ko‘pmi haqiqat borga o‘xshaydi. Kim nima desa desin, dunyoda shu kabi hodisalar ham bo‘lib turadi – onda-sonda bo‘lsa ham.

Farhod FAYZIY tarjimasi

"Tafakkur" jurnalidan olindi

 

TAHRIRIYATDAN


Ulug‘ rus yozuvchisi N. V. Gogolning “Burun” qissasi (1836) hozirgi adabiy tanqidchilik “fusunkor realizm” deya atayotgan ijodiy usulga mansub asardir. Unda qalamga olingan voqealar, taajjubki, bir qarashda batamom hayotiy, bir qarashda esa mutlaqo xayo¬liy tuyu-ladi. Har qanday yuz-xotirni chetga surib aytganda, mazkur qissa fabulaviy jihatdan chandon fazilatli ham emasdek: Kovalyov degan o‘rtacharoq bir amaldorning yuzidan burni avval qanday sirli g‘oyib bo‘lsa, ba’zi sarguzashtlar osha keyin yana xuddi shunday sirli tarzda paydo bo‘lib qoladi. Anchayin latifabop bir gap, to‘g‘ri emasmi? Unda nega qissa salkam ikki yuz yildan buyon kitobxonni hayajonga solib kelmoqda? Bunga sabab – asarda turli tabaqa kishilarining fe’l-atvori bemisl aniqlik va teranlik bilan tasvirlab berilganida. Faqat shugina emas, bunday qiyofalarni bugun ham har joydan istalgancha topish mumkinligida! Agar so‘zimizni lofga yo‘ysangiz, mayli, qissani o‘qing-da, tevarakka nazar soling – shundoq yonginangizda ularni ko‘rishingiz turgan gap. Darvoqe, Gogolgagina xos bo‘lgan halim istehzo bu qiyofalarni, badiiy-estetik ma’noda, yanayam jozibador etib yuborgan.
Mashhur “O‘lik jonlar” muallifining deyarli barcha asosiy asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Ammo “Burun” qissasidek badiiy durdona mutarjimlar e’tiboridan chetda qolib kelayotgani, rosti, bizni taajjubga solar edi. Mana, nihoyat, tarjimon Farhod Fayziyning jur’ati va zahmati bilan asarning o‘zbekcha tarjimasi dunyo yuzini ko‘ribdi. Uni siz, muhtaram jurnalxonlar e’tiboriga havola etar ekanmiz, tarjimada ayrim xiraroq o‘rinlar uchrasa ma’zur tutarsiz deb ishonamiz. Zero, Gogol kabi daho san’atkorni o‘zbekchada asliyatga monand yuksak pardada so‘zlata olish oson ish emas.

__________________
Izohlar
1 Kollej asessori – Pyotr Birinchining tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Unvonlar jadvali”ga ko‘ra, sakkizinchi klass chinovnigi harbiy mayorga tenglashtirilgan. Kavkazda ma’murlar mansabini bemalol suiiste’mol qilganidan bu unvonga erishish oson bo‘lgan.
2 Punsh – rom vinosiga suv, shakar, meva sharbati hamda xushbo‘y ziravorlar qo‘shib-qaynatib tayyorlanadigan spirtli ichimlik
3 Manishka – ko‘ylakning qadama ko‘krak qismi
4 Boston – qarta o‘yinining bir turi
5 Ekzekutor – Chor Rusiyasida idora va muassasalarning xo‘jalik ishlarini boshqaruvchi amaldor
6 Statskiy sovetnik – Chor Rusiyasida 5-darajali martaba
7 Vitsmundir – chinovniklarning maxsus kiyimi
8 Kolonnada – qator ustunlar
9 Livreya – malaylar kiyadigan zarrin uqali libos
10 Nadvorn?y sovetnik – Chor Rusiyasida 7-darajali martaba
11 Axloq boshqarmasi (Uprava blagochiniya) – ayrim sud ishlarini ham tasarrufiga olgan politsiya boshqarmasi
12 “Severnaya pchela” – 1838 yildan 1866 yilgacha Rusiyada nashr etilgan siyosiy-adabiy gazeta
13 Biz bilgan kallaqanddan hajman ancha katta.
14 Botfort – qo‘nji tizzadan baland etik
15 Dilijans – passajir va pochta tashiydigan arava
16 Yunker do‘koni – Neva prospekti va Bolshoy Morskoy ko‘chalari muyulishidagi modalar do‘koni
17 Xisrav Mirza – fors shahzodasi; 1829 yilda Peterburgdagi Eron elchixonasini boshqargan.
18 Par amour – sevgi tufayli (fr.)
19 Gostin?y dvor – Peterburgdagi yirik savdo markazi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.