OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodar Dumbadze. Qon (hikoya)

Qo‘lidagi novdaga baliqlarni tizib olgan taqirbosh bolakay arg‘uvon daraxti tagida boshini quyi egganicha balchiqqa belangan oyoqlariga g‘amgin tikilib o‘ylardi: «Bu chol mening otamga shunaqayam o‘xshaydiki!.. Oppoq sochlari... Qop-qora qoshlar... Enli burun... Chiroyli ko‘zlar... Ovozi ham mayin va yoqimli ekan, Agar ko‘zimni yumsam, uni otam deb o‘ylashim mumkin».
Bolakay shu zahoti ko‘zlarini yumib oldi.
— Sizni shuning uchun chorladim-da, muhtaram Kishvardi!.. Ortiq toqatim qolmadi! Sira eplayolmayapman bu shumtakani!.. Hamma bolalar ham bola — qo‘llaridan kitob tushmaydi, bu bo‘lsa tunu kun baliq tutish bilan ovora! Kelganiga uch kun bo‘lmay nima qildi deng? Qudug‘imizga kattakon tarvuzni tashlab yuborsa bo‘ladimi! Tarvuz yorilib, mana bir haftadan beri ikki xonadon suv o‘rniga kompot ichamiz!..
— Rosa xudo uribdi-ku! Hov bola, shu gaplar to‘g‘rimi? Mayli, endi, tashvish chekavermang, Yuliya xonim. Uni Guriyaga olib borgan zahotim naq oyog‘idan chinorga osib qo‘yay, ana o‘shanda tipirchilashini ko‘ramiz!
— Uni qaeridan osish kerakligini bilmadim-u, ochig‘ini aytganda, onasi bechora tag‘in ham baxtli ekan, uning bu ko‘rgiliklarini ko‘rmay ketdi. Darvoqe, otasi sho‘rlik ham shu azoblardan qutildi.
— Sizning fikringiz qanday? Uni epga keltirish qiyindir-ov?
— Bilmadim, hech narsani bilmayman. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: yaqinda men uni tegirmonga jo‘natdim. Bir pud sara jo‘xori olib ketgan zumrasha bor-yo‘g‘i besh qadoq un ko‘tarib kelsa-ya! Qolganini Valiko Kuxalashvilining sayoqlariga tashlab kelibdi. «Ular ko‘pchilik, ochin-to‘qin yashaydi», emish! Bu nimasi, a?!
— Rosa xudo uribdi-ku! Hov bola, shu to‘g‘rimi?
— Buyam holva! O‘tgan kuni Kukuri Ugulava degan yalangoyoq o‘rtog‘i ikkalasi, buni qarang-a, o‘zining geografiya o‘qituvchisi Datiko Sveravaning bog‘idan shaftoli o‘g‘irlab tamakiga almashtirishibdi! Bu qanaqasi?!
— Voy yaramas-ey, hov bola! Shu to‘g‘rimi?
— E, namuncha bir gapni takrorlaysiz — «to‘g‘rimi?» «to‘g‘rimi?» Nima, sizningcha, men yolg‘on. gapiryapmanmi?
— Yo‘g‘-e, muhtarama Yuliya! Uni nahotki qaytarib bo‘lmasa, nahotki butunlay sondan chiqdi ekan, deb aytayapman buny.
— Nega endi. Uni qutqarish mumkin, albatta. Lekin mening kuchim yetmaydi-da. Buning uchun baquvvat erkak qo‘li kerak. Ustiga-ustak menda bunaqalardan yana ikkitasi bor — o‘zimning Kolamdan tug‘ilgan bolalar. Yaylovdan kelsin, o‘zingiz ko‘rasiz: ular bundan ham battar.
— Xo‘-o‘-sh-sh... Sizga nima desamikin, muhtarama Yuliya... Ota-onasi tirik paytlarida-ku, meni bolaning yaqinigayam yo‘latmasdi. Endi nima qilsam ekan-a?.. Uning ko‘nglini qanday ovlashniyam bilmayman. Men unga begonalashib qolganman, tushunyapsizmi? Begona!
— Unday demang, muhtaram Kishvardi! Nima bo‘lganda ham u o‘g‘il bola. Sizlar tez til topishib ketasizlar. Ustiga-ustak, u avlodingiz davomchisi...
— To‘g‘ri-ku, o‘qishga ko‘ngli qalay, muhtarama Yuliya?
— Him-m... O‘z o‘qituvchisining shaftolisini o‘g‘irlasa... Qandaydir bir «Dekameron» degan kitob uchun o‘z buvisining kumush qoshiqlarini olib sotsa... O‘zingiz ayting, muhtaram Kishvardi, shunaqa bola dars haqida bosh qotirarmidi?!
— Hov bola, shu to‘g‘rimi? Masala hal! Uni Guriyaga olib boramanu oyog‘idan chinorga osaman-qo‘yaman!
— Ana unga bir qarang, biz o‘lib-tirilyapmiz-ku, bu kishining parvoyi falak. Bir tuki qimir etmaydi-ya...
Bola esa arg‘uvon daraxti tagida ko‘zlarini yumgancha xayol surardi:
«Yuliya buvim bechora obdan charchabdi. Ilgarilari ovozi naqadar yoqimli edi, endi bo‘lsa odamni naq chaqib olay deyapti. Balki, menga shunday tuyulayotgandir. Anovi odam chindan ham buvammikin-a? Shunchalik osoyishta va yoqimli gapirar ekanki!.. Ha, buvim charchaganga o‘xshaydi. Ishqilib, manavi cholga qo‘shib jo‘natib yubormasa go‘rgaydi. Bundan keyin sirayam uni xafa qilmasdim! Jo‘natmasa, jo‘natib yubormasa mayliydi...»
— Yetim-ku, muhtarama Yuliya, g‘azabdan tashqari unga mehr ham kerak, axir!
— Yetim ko‘nglini yetim biladi! Mehr nimaligini biladimi u? Mehr emish...
— Hov bola, shu to‘g‘rimi? Uni Guriyaga olib boramanu oyog‘idan chinorga osib qo‘yaman! Qachon olib ketay, muhtarama Yuliya?
— Menga desa, hozirning o‘zidayoq! U yo‘lga shay bo‘lib turibdi.
— Qanday qilib axir? Bolakayning ust-boshi yupun-ku...
— O‘tgan yili uni Avchaldan men ham shu ahvolda olib kelganman, muhtaram Kishvardi. Yoki zarjiyakli ishton-ko‘ylak tiktirib berishim kerakmi?
— Bechora bolaginam!
— Yo‘l oldidan ovqatlanib olsangiz bo‘lardi, muhtaram Kishvardi.
— E, yo‘q, tashvishlanmang muhtarama Yuliya, Samtrediada tamaddi qilib olamiz. U yerdan uyimizgacha bir qadam yo‘l.
— Ixtiyoringiz... Eson-omon yetib oling. Avliyo Georgiy sizni o‘z panohida asrasin!..
— Omon bo‘ling, muhtarama Yuliya!..
— Mana bularni olib keting, muhtaram Kishvardi!
— Nima bu?
— Uning turli hujjatlari-da... Sentyabrda maktabga yuborishingizga to‘g‘ri keladi. O‘shanda asqotadi. To‘rtinchi sinfga ko‘chgan. To‘g‘ri, spravkada bir chatoq joyi bor: Lomjariya Nodari o‘rniga Lomjariya Nadiri* deb yozilgan... Lekin, menimcha, unchalik xato emas, uning o‘zi asli shunaqaroq shekilli.
— Hov bola, shu to‘g‘rimi? Nima ham derdim, uni Guriyaga olib boramanu oyog‘idan chinorga osib qo‘yaman.
— Xohlagan joyingizga osing, faqat endi uni bu yerda ko‘rmasam bas.
— Oyog‘idan, oyog‘idan osaman!
— Omad yor bo‘lsin.
— Agar u ham yordam bermasa, boshqacha yo‘l bilan shunday ta’zirini beramanki, hatto toshlar ham yig‘laydi.
— Xo‘p bo‘lmasa, ko‘rishguncha muhtaram Kishvardi.
— Yaxshi qoling, muhtarama Yuliya!
Mazkur oldi-berdi mojarosi 1938 yil avgust kunlarining birida qoq peshin chog‘i Xoni qishlog‘ida, Nodar Lomjariyaning imeretiyalik buvisi, aniqrog‘i — onasining onasi muhtarama Yuliya Mikeladze va bolaning guriyalik bobosi, aniqrog‘i — otasining otasi muhtaram Kishvardi Lomjariya o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Oradan bir soatcha o‘tib, bolakay — 1928 yilning 14 iyulida Tbilisi shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan Nodar Lomjariya buvasining ortidan bo‘yniga arqon solingan buzoqdek boshini egib, qizigan tuproq yo‘ldan yurib borar edi...
Xonidan Kuleshigacha bobo bilan nabira to‘rt g‘ildirakli yengil aravada, Kuleshidan Samtrediagacha katta aravada borishdi. Bu yerdan biron narsa tamaddi qilmay, choy fabrikasining Choxatauriga ketayotgan og‘ir yuk mashinasiga o‘tirishdi. So‘ng Intabueti qishlog‘iga yo‘l olishdi.
Bobo oldinda, nabira uning ortida borar edilar. Keksalik qiynab qo‘ygan bobo og‘ir nafas olar, inqillardi. Qarshidan kelayotgan yo‘lovchiga ko‘zi tushsa, u jim egilib ta’zim qilgan ko‘yi salomlashar, so‘ng bir oz jim turib, yana inqillagancha yo‘lga tushardi. Goho bolaga unsiz ko‘z tashlab qo‘yardi. Qari ot ortda qolayotgan toychog‘i—supraqoqdisiga shunday qaraydi.
Bola esa o‘y o‘ylab borardi:
«Mana, oldimda keksa, kasalmand, inqillab-sinqillagan, boshida rangi uniqib ketgan shlyapali chol boryapti... U meni daraxtga oyog‘imdan osib qo‘ymoqchi... Chol mening bobom... Otamning otasi... Bobo! Uning ketidan ergashishga meni nima majbur qilyapti? Nima uchun xuddi quldek itoat bilan shu chang yo‘ldan sudralib ketyapman: ikki qadam chetga chiqsam bas, to‘rt tomonim qibla, ketaveraman!.. Lekin unday qilolmayman! Qila olmayman! Meni qandaydir bir kuch majbur qilib olib ketyapti, cholning ketidan borasan-vassalom, deyapti! Bu qanday kuch o‘zi? Nima uchun men — charchab holdan toygan, och, issiq va tashnalikdan behol bo‘lgan bola shartta ortimga qaytib keta olmayapman? Nega? Bu qanday kuch o‘zi?»
— Nimalarni o‘ylayapsan, bolaginam? — birdan o‘girildi chol.
— Hech nimani, — o‘ylab o‘tirmay javob berdi shoshib qolgan bola. U hamma narsani kutsa-da, bunday savol tushishi xayoliga kelmagan edi.
Chol yo‘l chetiga chiqib o‘tirdi. Oq-uh qilib nafasini rostlab, bolaga qaradi-da, barmoqlarini bukib sanay boshladi: «28, 29, 30, 31... 38».
— Sen bolam 28-yilda tug‘ilgansan, hozir 38-yil, demak 11 ga ketyapsan. Katta yigit bo‘lib qolibsan. Hech narsa haqida o‘ylamaslikka qanday haqqing bor, a? Yoki bobongdan yashiryapsanmi?
— Yo‘q, bobo, hech narsani o‘ylaganim yo‘q! — aldadi bola.
— Lekin, endi o‘ylashga o‘rganadigan payting keldi, allaqachon kelgan.
Mo‘ysafid yana «oh-uh»lab o‘rnidan turdi-da, yo‘lida davom etdi. Bolakay, go‘yo arqonlangan buzoqdek itoat bilan unga ergashdi...

* * *

Oftobda qoraygan, sochlari paxmoq bola endi chinor tagida belkurakka tayanib, loy bo‘lib ketgan yalangoyoqlariga g‘amgin qarab turar va o‘ylardi: «Bir yilda u shunchalar qarib, buchayib qolibdi. Yuzi to‘la ajin... Ovozi qandaydir bo‘g‘iq... Lekin, baribir, u mening onamga — yosh, chiroyli, yoqimtoy, quralayko‘z, mehribon onamga o‘xshaydi. Sochlari ham, yurishi ham o‘xshaydi. Agar ko‘zimni yumib tursam uni o‘z onam deb o‘ylashim mumkin.»
Lekin bola ko‘zlarini yummadi, qo‘rqdi.
— Tinchimni yo‘qotdim, muhtaram Kishvardi! Onasining arvohi meni tushimda ham, o‘ngimda ham qo‘ymayapti... O‘z vijdonim ham qiynayapti meni... Uni olib ketganingizdan beri, ko‘kragimdan yuragim sug‘urilib qetgandek, qaddimni ko‘tarolmayapman... Bolani menga qaytarib bering, muhtaram Kishvardi.
— Shunaqa deng, uni siznikidan olib ketayotganimda bola edi. Endi katta yigit bo‘lib qoldi, men qarshilik qilmayman.
— U mendan xafa bo‘lgan. Yarashtirish faqat syzning qo‘lingizdan keladi, muhtaram Kishvardi. Siz dono odamsiz.
— Axir sizda bunaqadan yana ikkitasi bor-ku, muhtarama Yuliya. Menga juda bo‘lmasa bittasini qoldiring!
— Gap sonda ekanmi! Iqkitami, o‘ntami, yuztami — hammasi bir. Hamma nabira ham buvi uchun bab-baravar, muhtaram Kishvardi.
— Shundaylikka shundayku-ya, lekin men nima qilay? Mendan keyin Lomjariya avlodini davom ettiradigay shu bola-ku!
— Men familiyasini o‘zgartirmayman. Xohlasangiz, anovi ikkoviniyam familiyangizga o‘tkazdirib beraman, bir tilagim — bolani menga bering.
— Demak, bolani mendan tortib olgani kelibsiz-da, muhtarama Yuliya?
— Meni narigi dunyoga armon bilan jo‘natmang! Axir u dunyoda onasiningch ko‘ziga qanday qarayman?!
— Ey, muhtarama Yuliya, u dunyoga kim oldinroq borishi ma’lum emas-ku. Agar sizdan oldin men ketsam, uning otasi bilan onasining yuziga qandoq qarayman?!
— Siz yuraturing, muhtaram Kishvardi.
— Bu bola — mening dalam, uzumzorim, tegirmonim, qabrim, qabr toshim ham. Yo‘q, o‘ldirsangiz ham uni bermayman!
— Unday bo‘lsa, men xuddi shu yerda o‘zimni o‘zim o‘ldiraman! Naq ko‘z oldingizda...
— Xudo xayringizni bersin, muhtarama Yuliya, nimalar deyapsiz?.. Buving bilan ketasanmi, bolaginam?
— U aytarmidi? Sizdan uyaladi-ku!
— Shundaymi, bolam?
— Unga ona mehri kerak, muhtaram Kishvardi! Yuvib-tarash, cho‘myltirish... Axir siz ona o‘rnini bosa olmaysiz-ku!
— Endi bunday deb ham bo‘lmaydi. Shu mahalgacha yomon qaramadim. Harholda sizdan yordam so‘raganim yo‘q...
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, muhtaram Kishvardi, lekin baribir... Yotishdan oldin bolaning oyog‘ini yuvish, maktabidan xabar olib turish kerak. Bu erkak kishining ishi emas!
— U bizning maktabdan xafa emas. Sizning maktabingizda uni hayvon deyishdi, yodingizda bo‘lsa. Siz ham... U esa binoyidek odam. O‘qituvchisining shaftolisini ham o‘g‘irlagani yo‘q.
— Nega o‘shanda tilim tanglayimda qotmadi-ya!..
— Lekin u endi mo‘min-qobil bo‘lib qolgan-u, shaftoli o‘g‘irlamaydi desangiz yanglishasiz.
— Nima qilsayam mayli.
— Unni boshqalarga in’om etmaydi, deb kim kafolat bera oladi?
— In’om etsa etar. Topganim shuniki. Istasa — yoqib yuborsin, sira qarshiligim yo‘q.
— Chekadigan qiliq ham chiqardi...
— Shu to‘g‘rimi, bolam?
— Siz mendan so‘rang, cho‘ntagimni qoqishtirib olyapti...
— Cheksa chekar, o‘zingiz aytdingiz-ku, erkak kishi deb!
— Yana bir oy sabr qiling. Qurt tutganimga mukofot chiqadi, boshdan-oyoq kiyintiraman, shu holda chuvrindi bo‘lib ketmaydi-ku.
— Faqat javob bersangiz bo‘ldi, uni kiyintirish — mening ishim. O‘z ko‘ylagimdan bo‘lsa ham kiyim-bosh tikib beraman.
— Lekin unga judayam yarashib tushsa kerak-da!
— Sizga hazil bo‘lsa, mening esa yuragim laxta qon...
— Aytdim-ku, muhtarama Yuliya, u katta yigit, bu masalani o‘zi hal qilsin.
— Unga siz dindor uchun xochdek bir gapsiz. Har bir so‘zingiz go‘yo yaratganning hukmidek. Ayta qoling, muhtaram Kishvardi!
— Xudodan qo‘rqsangiz-chi, muhtarama Yuliya! Kim o‘z jonu jahonini uyimdan ket, deydi.
— Nima, men begonamanmi unga? Mening jonu jahonim emasmi? Bor-yo‘g‘i bir yillik umrim qoldi. O‘tinib so‘rayman sizdan, ajalimdan besh kun burun o‘ldirmang, shu bolani bechora kampirga sovg‘a qila qoling.
— Muhtarama Yuliya!
— Istasangiz qarshingizda tiz cho‘kaman, mana, tiz cho‘kaman!
— E, qo‘ysangiz-chi? O‘rningizdan turing, tavba! Mayli, siz istagancha bo‘laqolsin.
— E, yaratgan egam, shu bolaga baxt va shodlik ato qil!
— Endi menga bu dunyoda ortiq quvonch yo‘q! Buving bilan boraqol, bolaginam...
Bunday aytishuv yuqorida tasvirlangan voqealardan naq bir yil keyin, yana bolaning guriyalik bobosi va imeretiyalik buvisi o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Lekin endi bu oldi-berdi mojarosi emas, qaynab turgan ikki qonning tortishuvi, talpinayotgan ikki yurakning faryodi edi. Mehr- ehtiroslarning bunchalik tortishuvidan bolada yurak urishi kuchaydi, tomog‘iga sho‘r bir narsa tiqildi, muzdek ter, qattiq isitma, titroq va ko‘kragida og‘riq paydo bo‘ldi. Notanish zo‘r bir kuch uni goh buvisiga tortar, goh qattiq zarb bilan buvasiga itqitar edi. Bola go‘yo badaniga bir necha marta qizigan temir sanchilgandek achchiq og‘riq his etdi. Chol bilan kampir o‘rtasida bu g‘alati, alamli aytishuv davom etar ekan, boladan anglab bo‘lmas bir qo‘rquv, tahlika va nimanidir kutish tuyg‘usi arimasdi.
Buvisi o‘rnidan turdi, bolaning yoniga qeldi, uni quchoqladi.
— Sen mening sevinchimsan, ko‘zimning nuri, yur, men bilan. Menga ikki kun bo‘lsayam umr hadya et!
Buvisi yig‘lar, bolaning boshiga qaynoq tomchilar tomardi. Yig‘lab bo‘lib, u bolani asta bag‘riga oldi. Lekin bola qimir etmay temir tayoqdek, yerga chuqur ildiz otgan daraxtdek turaverdi.
— U bilan boraqol, bolam! Buving bechora bilan boraqol... U senga to‘yib olsin, keyin menga qaytarib beradi. Ungacha seni men sog‘inib qolaman. Sen nima deb o‘ylovding? Nabira bo‘lish oson ish emas. Qiyin, juda qiyin. Ayniqsa, men va sening buvingga o‘xshash, sharti ketib parti qolgan chol-kampirlarning nabirasi bo‘lish osonmas... Boraqol, jon bolam... Boltang, omoching, belkuraging, savating, sigir bilan buzog‘ing, echki bilan cho‘chqang hech qayoqqa ketmaydi, ular seni kutib turishadi.
Bobo esa davom etdi:
— Mana, papkang, kitoblaring, gruzin tili, tarix... Yana nimang bor edi? Hammasi shu shekilli. Shiming, ko‘ylaging, shippagingni kiyib olgansan. Qishloqqa yetguningcha oyoqyalang ketaver. Bo‘lmasa shippaging dosh berolmaydi, Ana bo‘ldi... Qani bor!
Kishvardi Lomjariya hozir nabirasi sehr og‘ushida ekanini, ikki qonning tortish kuchi uni zo‘r berib ikki tomonga tortayotganini tushundi. Uning qay biri g‘olib chiqar ekan? Qaysi qon yengadi? Bu kurashning nihoyasini kutish mumkin emas.
Shunda Kishvardi Lomjariya kampirdan oldin gap boshladi:
— Xo‘sh, nimani kutib turibsan? Sen bilan pachakilashib charchadim.
Bola cho‘chib bobosiga qaradi.
— Bor, qaytishni xayolingga ham keltirma! Tushundingmi?
Bir paytning o‘zida bolaning yuragida bobosiga nisbatan achchiq alam, buvisiga nisbatan iliq mehr uyg‘ondi. Oqib chiqqan ko‘zyoshidan nigohlari xiralashdi. Boshi o‘z-o‘zidan ko‘ksiga egilib tushdi. So‘ng u bir og‘iz ham so‘z qotmay, arqonlangan buzoqdek, Choxataurining chang yo‘llarida o‘zining qari, bukchaygan, boshdan-oyoq qora kiyingan buvisiga ergashib keta boshladi.
Kishvardi Lomjariya kamin oldida o‘tirar va mis qozondagi suv qaynashini kutardi. Kishvardi Lomjariya olovga tikilar va o‘ylar edi. O‘ylar va, shu bilan bir paytda, o‘zining ezgin xayollaridan qochishga urinar edi. Ammo odam bolasi o‘zidan o‘zi qayoqqa ham qochib qutulardi. «Bolani yubormasligim kerak edi. Lekin kampirning nolalariga chiday olmadim-da. Endi o‘zim uning ahvoliga tushib o‘tiribman. Yanagi hafta boraman-da, bolani qaytib berishni iltimos qilaman. Bermasa tortib olaman. «O‘z qonimni, o‘z jonimni mendan tortib olishga nima haqqing bor, axir sen xudo emassan-ku», deyman. Lekin u ham menga xuddi shunday javob qilishi mumkin-da. Axir men ham bor-yo‘g‘i bir bandaman. Bola menga qanday bo‘lsa, unga ham shunday-da. Shunday ekan-da, odamzod naqadar ojiz! Keyingi hafta boraman-da, kampirning oyog‘iga yiqilaman. Yo‘q, bir hafta chiday olmayman, indingayoq boraman... Yo‘q, ertaga! Erta saharlab, tong otishi bilan yo‘lga chiqaman. Tezroq tong otaqolsaydi...»
Kishvardi Lomjariya kamin oldida, mis qozondagi suv qaynashini poylab o‘tirib shularni o‘ylar ekan, birdan eshik ochilib, ostonada boshi egik, shippaklarini bog‘lab yelkasiga xashlab olgan bola ko‘rindi.
— O‘zingga shukr! — deb yubordi bobo.
— Qaytib keldim, — shivirladi nabira.
— Qaytib kelishingni bilardim, — dedi bobo.
Keyin Kishvardi Lomjariya mis tog‘oraga mis qozondan issiq suv quyib, nabirasining toliqqan oyoqlarini uzoq yuvdi. Uning uchun yog‘och karavotga o‘rin soldi-da, o‘zi tashqarida, hujrada yotish uchun chiqib ketdi.
Yarim kechada mo‘ysafidni bolaning ovozi uyg‘otdi:
— Bobo, ikkimiz birga yotsak bo‘lmaydimi?
— Kelaqol, bolaginam, — chol shunday deb devor tomonga surildi.
Bola bobosining bag‘riga kirdi.
«Buvam bechora obdan sovqotibdi-ya», — o‘yladi bola.
«Qanday qaynoqqina!» — o‘yladi bobo.
Oradan biroz daqiqa o‘tgach, bobo so‘radi:
— Mening oldimga nega qaytib kelganingni bilasanmi?
— Yo‘q!
— Unday bo‘lsa bilib qo‘y, seni qon surib keldi. Ana ko‘rdingmi, qon — buyuk kuch, bolaginam!
Bu tun ular ortiq so‘zlashmadilar. Hech narsa haqida o‘ylamadilar, gaplashmadilar ham. Bobo ham, nabira ham shirin tush og‘ushida uyquga ketdilar.

Sh. Yusupova tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 6-son.
______________
* So‘z o‘yini: Nodari — erkakcha ism, nadiri — hayvon.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.