OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'Genri. Kishanlangan “qo‘llar” (hikoya)

Denverda Baltimor yo‘nalishidagi ekspressga yo‘lovchilar bir-biriga navbat bermay, shoshilgancha chiqishardi. Odatdagi shinam vagonlarning biriga nozik did bilan kiyingan, xushro‘ygina qiz ham joylashdi. Endigina poyezdga o‘tirganlar orasida ikkita yosh yigit ham bo‘lib, biri – kelishgan, dadil, ochiq yuzli; ikkinchisi – nimadandir tashvishlanayotgani yuzidan bilinib turgan, badqovoq, beso‘naqay, oddiy kiyimda edi. Birining o‘ng qo‘li ikkinchisining chap bilagiga kishanlangan holda turardi.
Ikkovlon sohibjamolning ro‘parasidagi bo‘sh o‘rindiqlarga duch kelmagunlaricha vagon bo‘ylab yurishdi. Ajralmas do‘stlar qizning ro‘parasiga, poyezd yo‘nalishiga qarama-qarshi tarzda o‘tirishdi. Qizning yotsiragan, loqayd nigohi ular tomonga sirg‘aldi, birdan uning chehrasida go‘zal tabassum jilvalandi, yumaloq yonoqlariga qizillik yugurdi, kulrang qo‘lqopdagi nozikkina qo‘lini oldinga cho‘zdi. Uning yoqimli va qat’iy ovozi kishini o‘ziga rom qilar va barcha uni jimgina tinglardi, qiz ham bunga odatlanib qolgandi.
– Xo‘sh, janob Iston, ruxsatingiz bilan birinchi bo‘lib so‘z boshlasam. Agar siz eski do‘stlaringizni G’arb tomonlarda uchratib qolsangiz, ularni atay tanimaganlikka olasizmi?
Uning bu gapidan yigitlarning yoshrog‘i seskanib tushdi, sarosimadan bir zum qotib qoldi, biroq o‘sha zahoti o‘zini qo‘lga oldi va qizning qo‘lini chap qo‘li bilan ushlab so‘rashdi.
– Qanday tanimay, –dedi u tirjayib. – Miss Ferchayld! Chap qo‘lim bilan so‘rashayotganligim uchun ma’zur tuting, o‘ng qo‘lim ayni damda band.
U hamrohining chap bilagiga ajoyib “bilaguzuk” bilan kishanlangan o‘ng qo‘lini salgina ko‘tarib qo‘ydi.Qizning ko‘zlaridagi quvonch kuchli hayrat bilan almashdi. Yonoqlaridagi qizillik ham qochdi. Lablari pirpirab ketdi. Iston qiziq holatni ko‘rganday miyig‘ida kulib qo‘ydi, endi gap boshlamoqchi edi, sherigi uning so‘zini og‘zidan oldi. Shu paytgacha badqovoq yo‘lovchining o‘tkir, ziyrak ko‘zlari qizning yuz ifidasini zimdan kuzatib kelardi.
– Avf etasiz, miss, ko‘rib turibmanki, siz sherif bilan tanish ekansiz. Balki, undan qamoqxonaga yetib borganimizda men uchun yengillik berishlarini so‘rab ko‘rarsiz. U iltimosingizni rad etmaydi. Axir, u meni Livenuord qamog‘iga olib ketyapti. Yetti yilga, firibgarlik uchun.
– Ha, gap bu yoqda ekan-da!- dedi qiz chuqur tin olib, uning yuzi biroz qizardi.- Mana nimalar bilan mashg‘ul ekansiz! Sherif bo‘libsiz-da?
– Miss Ferchayld, azizam, nimadir qilishim kerak-ku,- dedi Iston xotirjam.- Pullarni havoga sovurish juda ham oson. Vashingtonda siz va men kabilarni aqchasiz biror nimaga erishishi dargumon. G’arbda shunday tasodiflar yuz berdi-ki, mana men bu yerda…albatta, oddiy sherif uchun bular…eh-he…lekin, har holda…
– Buning bizga keragi ham yo‘q.-tezda javob qaytardi qiz. – Bularni bilishingiz kerak edi. Demak, endi siz yovvoyi G’arbning chinakam qahramoni, ot choptirasiz, o‘q uzasiz va har bir qadamda sizni xavf-xatar kutib yotadi. Ha, Vashingtonda hayot o‘zgacha. Eski tanishlar orasida faqat siz yetishmayapsiz.
Qiz yana sehrlangandek yarqirayotgan kishanga tikildi.
– Siz bu kishanlar haqida o‘ylamay qo‘ya qoling, miss, -dedi Istonning hamrohi.- Sheriflar doim hibsga olinganlarni qochib ketmasliklari uchun o‘zlari bilan kishanlab yurishadi. Mister Iston o‘z ishining ustasi.
– Vashingtonga qachon qaytasiz?- so‘radi qiz.
– Tez orada emas, deb qo‘rqaman,- dedi Iston.- Ko‘rib turibsizki, betashvish hayot men uchun tugadi.
– G’arb menga juda yoqadi – dedi qiz. Uning ko‘zlari muloyim yiltiradi. Qiz nigohini vagon oynasiga qaratdi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri, soda va ravon ohangda so‘zlay boshladi: – Bu yozni oyim bilan Denverda o‘tkazdik. Bir hafta avval oyim uyga qaytib ketdi, chunki, otamning toblari qochib qoldi. G’arbda maza qilib yashashim mumkin edi. Menimcha, bu yerning havosi sog‘liq uchun juda foydali. Qolaversa, ba’zi odamlar shunchalik ahmoqki, ular noto‘g‘ri o‘ylashadi…
– Quloq soling, bu insofdan emas, sherif, – to‘ng‘illadi maxbus, – Tomog‘im qurib ketdi, buning ustiga ertalabdan beri chekkim kelyapti. Nahot, suhbatlaring hali-beri tugamaydi. Meni chekuvchilar vagoniga olib o‘tsangiz bo‘lardi. Tamakisiz o‘lib qolaman.
Bir-biriga kishanlangan hamrohlar o‘rnilaridan turishdi. Istonning yuzida avvalgidek yengil tabassum paydo bo‘ldi.
– Bunday iltimosni rad etish gunoh,- dedi u beparvo.- Barcha narsadan mahrum bo‘lganlar uchun tamakidan yaxshi do‘st topilmaydi. Ko‘rishguncha, miss Ferchayld. Nima ham qilardik, xizmatchilik.
U xayrlashish uchun qo‘lini uzatdi.
– Afsus, yo‘lingiz Sharq tomonga emas ekan, – dedi qiz muloyimlik bilan.- Lekin, siz, albatta, Livenuortga borishingiz shartmi?
– Ha, – dedi Iston,- borishim shart.
Ikkovlon yelkadosh bo‘lib kashandalar vagoniga o‘ta boshlashdi.
Orqa o‘rindiqdagi ikki yo‘lovchi suhbatni deyarli boshdan-oyoq eshitib o‘tirishardi. Ulardan biri dedi:
– Bu sherif juda samimiy ekan. Bu yerlarda – G’arbda yaxshi odamlarni ko‘plab uchratish mumkin.
– Bunday lavozim uchun yoshlik qilmasmikan?- so‘radi ikkinchisi.
– Nima uchun yoshlik qilar ekan?- ovozini balandlatdi sherigi. – Menimcha…To‘xtang, siz nahot tushunmadingiz? O’zingiz o‘ylab ko‘ring, qaysi sherif mahbusni o‘zining o‘ng qo‘liga kishanlaydi? 

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.