Sopi ismli boshpanasiz daydi Nyu-Yorkdagi Medison maydonida o‘tirib osmonga boqdi. Qo‘liga xazon bo‘lgan yaproq kelib tushdi. Qish ham yaqinlashib qoldi. Sopi reja tuzib olishi kerak. U erinib joyidan qo‘zg‘aldi. Sopi ana shu uch oy qishni issiqqina qamoqda, tekin ovqat va yaxshi do‘stlar bilan o‘tkazishni niyat qildi. Odatda u doim shunaqa qiladi. Hozir qamoqqa jo‘nashning ayni vaqti chunki tunda maydonda yotsa sovuq qotib chiqadi. Shu sababli Sopi qamalish rejasini amalga oshirishga kirishdi. Bu juda oson. U qimmat bir restoranda ovqatlanadi. Keyin esa to‘lashga puli yo‘qligini aytadi va restoran xodimlari politsiyani chaqirishadi. Tamom-vassalom.
Sopi o‘rnidan turib sekinlik bilan ko‘cha bo‘ylab keta boshladi. Biroz o‘tib u Brodveydagi xashamatli restoranga yetib keldi.Ammo Sopi ichkariga kirishi bilan ofitsant uning kir bo‘lib ketgan, eski ust-boshi va oyoq kiyimini ko‘rib uni ko‘chaga uloqtirdi. Sopi endi boshqa reja tuzib yo‘lida davom etdi. Brodveydan ozgina yurganidan so‘ng oltinchi Avenyuga yetib keldi. U bir do‘konning derazasi oldiga kelib to‘xtadi. Uning miyasiga bir fikr keldi. Qo‘liga katta toshni olib uni do‘kon derazasiga qarab otdi. Deraza sinib chil-parchin bo‘ldi. Odamlar vaximaga tushib to‘rt tomonga qochishdi. Sopi esa pinagini buzmay o‘tiraverdi. “Ana endi politsiya kelib meni qamoqqa oladi” deb ichida sevindi. Uning oldiga bir politsiyachi keldi.
– Buni kim qildi? deb so‘radi u.
– Ehtimol men qilgandirman dedi Sopi tirjayib. Biroq politsiyachi biror ayb qilgan odam xech qachon to‘xtab o‘tirmay qochib qolishini yaxshi bilardi. Shu sababli u Sopiga ishonmadi. Aksincha avtobusga minish uchun yugirib ketayotgan bir kimsani ko‘rib qoldi va o‘shaning orqasidan yugirib ketdi.
– Ex! Yana omadim kelmadi! dedi Sopi jaxl bilan va yana yo‘lini davom ettirdi. Bir joyga borib yo‘l chetidagi kichik qahvaxonaga ko‘zi tushdi. “Mana bunisi soz bo‘ldi” deb o‘yladi va qahvaxonaga bordi. Bu yerda uning juldur ust-boshiga xech kim etibor bermadi. Sopi maza qilib ovqatlandi.Keyin ofittsantga qarab tirjaydi va - afsuski sizga to‘lashga pulim yo‘q, qani politsiyani chaqiring, tezroq bo‘ling men juda charchadim dedi.
– Politsiyani ovora qilishning keragi yo‘q! dedi ofitsant.
– Xey! Jo! deb sherigini chaqirdi. Ikkalasi Sopini ko‘chaga uloqtirishdi. Sopi jahl bilan yerga yotib oldi. Issiqqqina qamoq xaqidagi hayollari bir zumda puchga chiqdi. Keyin o‘rnidan turib tez tez yurib ketdi. Sopi uzoq yo‘l yurib xoldan toydi. Bir joyda to‘xtab atrofga alangladi. Bir do‘konning oldida bir yoshgina ayol turardi. Uning yaqinida politsiyachi xam bor edi. Sopi ayolga yaqinroq bordi. U politsiyachi uni kuzatib turganini ko‘rdi.
– Men bilan ketmaysanmi, jonginam? deb ayolga ataylab xiralik qila boshladi. Ayol undan ozgina uzoqlashib do‘kon derazasiga qaradi. Sopi politsiyachiga qaradi. U xanuz ularni kuzatib turgandi. Sopi esa yana ayolga gap otdi.
– Mayli dedi ayol kutilmaganda.
– Faqat Politsiya bizni ko‘rib qolmasidan bu yerdan tezroq ketaylik dedi u. Bechora Sopi ayolning qo‘lidan tutib bir chekkaga chiqdi-da uni siltab tashlab orqasiga qaramay qochdi. – Xech qachon qamoqqa tushmasam kerak deb o‘yladi u. Ko‘plab teatrlari bor ko‘chadan sekinlik bilan ketayotib Sopi bashang kiyingan boy odamlarni ko‘rib qoldi. U qamalish uchun baribir nimadir qilishi kerak. Medison maydonida tunni sovuq qotib o‘tkazishni istamaydi. U yaqin atrofda yurgan politsiyachini ko‘rdi va baqirib qo‘shiq kuylab shovqin sola boshladi. Endi uni xibsga olishlari aniq. Biroq politsiyachi yonidagi bir erkakka – bu kimsa bugun ko‘p ichib yuboribdi lekin u xavfli emas shuning uchun unga tegmayman dedi.
– Bugun politsiyachilarga nima bo‘lgan o‘zi? deb dodlab yuborayozdi Sopi.
– Qamoqqa tushishim uchun yana nima qilishim kerak? Endi ketmoqchi bo‘lib turganida do‘kon ichida qimmat soyabon ushlab olgan bir odamni ko‘rib qoldi. U kishi soyabonini eshik yaqiniga qo‘yib sigaretasini chiqardi. Sopi do‘konga kirib soyabonni oldi va sekinlik bilan yura boshladi. Soyabonning egasi tezlik bilan uning ortidan bordi.
– Bu mening soyabonim dedi u.
– E, shundaymi? dedi Sopi.
– Nega unda politsiyani chaqirmayapsiz? Qani politsiyani chaqiring! Ana bittasi to‘g‘rimizda o‘tiribdi. Soyabonning egasi birdan xomush tortib qoldi.
– Mayli. Men adashdim shekilli. Men soyabonni bugun ertalab bir restorandan topib olgandim. Agar u sizniki bo‘lsa meni kechiring...
– Albatta bu mening soyabonim dedi Sopi.
Soyabonning egasi jo‘nab ketdi. Sopi yig‘lashini xam kulishini xam bilmay qoldi. Jahl bilan soyabonni otib yubordi va politsiyachilarni rosa xaqorat qildi. Chunki u chindan xam qamalishni istagandi. Politsiyachilar esa uni qamashmadi.U noiloj yana Medison maydoniga qaytib bormoqchi bo‘ldi. Yo‘lda ketayotib Sopi bir burchakda birdan to‘xtab qoldi. Bu yerda yani shaxar markazida go‘zal bir eski cherkov bor edi. Cherkovning yarim ochiq derazalaridan yorqin nur chiqib turar ichkaridan esa yoqimli musiqa eshitilardi. Bu cherkov baxtli kunlarini Sopining yodiga solib yubordi. U onasini, do‘stlarini va xayotidagi boshqa go‘zal kunlarini esladi. Keyin xozirgi maqsadsiz, rutubatli xayoti xaqida o‘ylab qoldi. Sopi xayotini o‘zgartirishga va yangi inson bo‘lishga qaror qildi.
– Ertaga dedi u o‘ziga o‘zi.
– Shaxardan biror bir ish topaman. Hayotimni yaxshi tomonga o‘zgartiraman. Jamiyatga foydasi tegadigan odamga aylanaman. Endi hamma narsa o‘zgaradi. Men... Sopi yelkasiga kimdir qo‘lini qo‘yganini sezdi. U o‘rnidan sakrab turdi va oldida turgan politsiyachini ko‘rdi.
– Bu yerda nima qilyapsan? deb so‘radi politsiyachi.
– Hech narsa deb javob qildi Sopi.
– Men bilan ketasan dedi politsiyachi.Shu tariqa ular politsiya maxkamasiga yo‘l olishdi.
– Uch oylik qamoq jazosi! - deyishdi Sopiga politsiyadagilar keyingi kuni.
Ingliz tilidan Feruz Ziyodullayev tarjimasi
"7x7" gazetasi 2015-yil, 21-may soni