OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'Genri. Xotira yo‘qolganda (hikoya)

O‘sha kuni ertalab xotinim bilan odatdagidek xayrlashdik. U qo‘lidagi choyini ichib bo‘lmasdanoq, meni eshik oldigacha kuzatib qo‘yishga shoshildi.U paltomning qaytarma yoqasidan ko‘zga ko‘rinmas qilni qoqib tushirganicha (bu uning «Sen faqat o‘zimga tegishlisan!» degan barcha ayollarga xos tantiqligining ifodasi edi) shamollab qolganimni unutib qo‘ymasligimni so‘radi. To‘g‘risi, men shamollagan emasdim. Keyin sevimli ayollargina xayrlashayotganlarida eriga tortiq qiladigan bo‘sa almashuv yuz berdi. Keyin xotinim ko‘p yillik tajribasiga asoslangan sinchkovlik bilan bo‘yinbog‘imning to‘g‘nog‘ichini to‘g‘rilab qo‘ydi. Eshikni tashqaridan yopayotib, u uy shippagini shappillatganicha choy ichishini davom ettirish uchun oshxonaga kirib ketayotganini eshitdim.
Uydan chiqqanimda ham men bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan biror g‘ayritabiiy holatni his qilmadim. Hammasi to‘satdan boshlandi.
Nihoyat bir necha oy davomida kunu-tun qattiq ishlashga majbur qilgan temir yo‘l kompaniyasining shov-shuvli tergov ishini muvaffaqiyat bilan yakuniga yetkazib, yengil nafas ola boshlagandim. Sirasini aytganda, bir necha yillardan beri dam olmasdan ishlaganimni tan olaman. Mening qadrdon do‘stim va davolovchi shifokorim Volni bu haqda bir necha bor ogohlantirgani ham rost.
— O‘zingni ehtiyot qil, Belford, agar biroz nafasingni rostlab olmasang, bu sen uchun ayanchli tugashi mumkin. Mana ko‘rasan, sening yo asabing, yo miyang pand berib qo‘yadi. Ehtimol gazetalardan o‘qigandirsan, qarib, har hafta amneziya holatiga tushgan odamlar haqida yozishyapti, odam uyidan chiqadi-yu, dom-daraksiz yo‘qoladi, qaerlarda daydib yurganini o‘zi ham bilmaydi, o‘zi kim, qaerda yashagani-yu ismi nima ekanligini ham xotirasidan o‘chib ketadi. Bularning barchasiga sabab toliqish va haddan tashqari his-hayajonga berilish. Natijada miya tomirlarida kichik qon tiqilish yuz beradi.
— Men bunday hollarda qon tiqilishni reportyorlarning miyasidan qidirish kerak, deb o‘ylayman, — e’tiroz bildirdim.
Shifokor Volni boshini irg‘ab qo‘ydi.
— Yo‘q, og‘ayni, bu kasallik bilan hazillashib bo‘lmaydi. Sen dam olish va muhit almashtirishga juda muhtojsan. Axir, o‘ylab ko‘r, har kuni bir aylana bo‘yicha yelib-yugurasan: sud, idora, uy. Dam olmoqchi bo‘lsang, qonunlar majmuasini o‘qiysan. Vaqting borida maslahatimga amal qil.
— Nega dam olmas ekanman? Payshanba kunlari xotinim bilan qarta o‘ynayman. Yakshanba kunlari u onasidan kelgan xatni o‘qib beradi. Qaynonam har hafta kanda qilmay bitta xat yozib turadi. Qonunlar majmuasini o‘qish — bu dam olish emas, bu murakkab masalani yechish degani! — o‘zimnikini ma’qullardim.
O‘sha kuni ertalab ko‘cha bo‘ylab borarkanman, shifokor Volnining yuqoridagi gaplarini esladim. O‘zimni doimgidan uncha yomon ham sezmasdim, kayfiyatim har doimgidan ham yaxshiroq edi.
Uyqudan uyg‘onganimda butun a’zoi-badanim uyushib, qaqshab og‘rirdi. Axir, temir yo‘l vagonida uzoq soatlar davomida o‘tirgan holda uxlashning o‘zi bo‘ladimi? O‘tirg‘ich suyanchig‘iga yelkamni tirab, fikrimni jamlashga urindim. O‘ylayverib, o‘ylayverib, nihoyat o‘zimdan-o‘zim «har holda mening biror ismim bo‘lishi kerak-ku!» — deb so‘radim. Cho‘ntaklarimni kavlashtirdim. Hech voqa yo‘q. Na birorta xat, na birorta vizit kartochkasi yoki hujjat yo‘q edi. Ularning o‘rniga ichki cho‘ntagimdan yirik pullar bilan uch ming dollar topib oldim. «Baribir, men o‘zi kimman?» Kallamda faqat shu savol takrorlanar va tinimsiz o‘ylanardim.
Vagon odamlar bilan to‘la va hamma o‘zaro betakalluf suhbatlashar, shod -xurram va a’lo kayfiyatda edi. Demak, ularni qandaydir umumiy bir manfaat birlashtirib turipti. Yo‘lovchilardan biri, ust-boshlaridan dolchin va aloe hidi anqib turgan basavlat erkak, menga do‘stona bosh silkib, yonimga kelib o‘tirdi va gazeta o‘qiy boshladi. Ahyon-ahyonda u o‘qishdan to‘xtar va biz safar chog‘ida ro‘y beradigan odatga ko‘ra u yoq, buyoqdan gap sotishardik. Ma’lum bo‘lishicha, men bunday suhbatga bemalol kirisha olarkanman va bu holatda xotiram menga hech ham pand bermayotgandek edi.
— Siz ham ko‘rinishingizdan o‘zimizning odamlarga o‘xshaysiz, — dedi yangi tanishim. — Bu safar g‘arbdan saralangan vakillar kelishayapti. Kongres Nyu-Yorkda bo‘lishligidan juda xursandman. Men hali sharqiy shtatlarda biror marta ham bo‘lmaganman. O‘zimni tanishtirishga ruxsat bering. Men R.P.Bolderman. Missuri shtatidagi Xikori-Grouv shaharchasidagi «Bolder va o‘g‘li» firmasining vakiliman.
Bunday tanishuvga tayyor bo‘lmasam-da, og‘ir vaqtlarda erkak kishiga xos vazminlik bilan, dovdirab qolmay, har holda o‘zimni tutdim. Miyam juda sekin ishlar, biroq, nima bo‘lsa-da, hislarim yordamga yetib kelgandi. Yangi tanishimdan anqiyotgan o‘tkir dori-darmon hidlari ham fikrlashimga yordam berib yubordi.
— Mening ismu-sharifim Edvard Pinkxammer, — dedim tutilmasdan. — Men dorishunosman, Kanzas shtatidagi Kornopolisda yashayman.
— Siz dorishunos ekanligingizni darrov payqagandim, — javob berdi tanishim iltifot bilan. — O‘ng qo‘lingizning ko‘rsatkich barmog‘ida o‘g‘irdan hosil bo‘lgan qadoq borligiga darrov e’tibor berdim. Biz, dorishunoslarda hammaning qo‘lida shunaqa qadoq bo‘ladi. Chamamda, siz ham bizning umumamerika kongresiga delegat bo‘lsangiz kerak?
— Nima, vagondagi barcha yo‘lovchilar dorishunoslarmi? — hayratlanib so‘radim men.
— Albatta. Bu vagon to‘ppa-to‘g‘ri g‘arbdan kelyapti. Faqat patentlangan tabletkalar-u ampulalardan tashqari hech narsani bilmaydigan, o‘zlari esa dori tayyorlashni bilmaydigan hozirgi dorishunoslardan farqli o‘laroq, yo‘lovchilarning hammasi pixini yorgan eski dorishunoslar. Ha, biz har qanday dorini o‘z qo‘llarimiz bilan tayyorlaydigan dorishunoslardanmiz. Biz bahor oylarida o‘z tomorqalarimizda yetishtirgan dorivor o‘simliklar uruQlaridan, ayni paytda shirinliklar va hatto oyoq kiyimlari bilan savdo qilishdan tortinmaydigan dorishunoslardanmiz. Sizga to‘g‘risini aytaman, bu kengresda men ayrim yangi fikrlarni aytmoqchiman. Odamlarga yangi g‘oyalar kerak. Mana masalan, qayd qildiradigan kukun va segnet tuzi solingan shishachalarni olaylik. Ayrim hollarda u uzum sirkasi va surmadan tayyorlanadi, boshqa hollarda natriydan tayyorlanadi. Birinchisi, buni o‘zingiz ham bilasiz, qip-qizil zahar, ikkinchisi hech qanday zararsiz dori . Biroq shishachalarga yozilgan qog‘ozni osongina adashtirib yuborish mumkin. Odatda dorishunoslar bu shishachalarni qanday joylashtirilishini bilsangiz kerak? Ha, iloji boricha bir-birlaridan uzoqda, turli joylarda saqlashadi. Aynan mana shuni men noto‘g‘ri hisoblayan. Men ularni har qanday vaziyatda adashib ketmaslik uchun yonma-yon qo‘yish tarafdoriman. Mening fikrimni tushunayapsizmi?
— Nazarimda, gaplaringizda jon bordek, — dedim men.
— Ana ko‘rdingizmi! Demak, bu fikrni kongressda aytaman, siz meni qo‘llab-quvvatlaysiz, kelishdikmi? Har xil kremlar-u kosmetik vositalar ishlab chiqarishga ustasi farang bo‘lib ketgan sharqlik dorishunoslar o‘zlarini hammadan ustun sezishadi. Mana ko‘rasiz, biz ularni tabletkalariyu, pipetkalari bilan yarim yo‘lda qoldirib ketamiz.
— Sizga foydam tegishi mumkinligidan xursanman, — dedim ruhlanib. — Demak, shishachalardagi... haligi.
— Uzum sirka plyus surmali tuz va uzim sirka plyus natriy tuzli shishachalar.
— ...bitta polkada yonma-yon turishi kerak, — jiddiy ohangda gapni tugalladim men.
— Yana bir gap, — davom etdi mister Bolder, — Siz tabletka tayyorlashda yordamchi vosita sifatida nimadan foydalanasiz, magneziyadanmi, uglekisliy tuzdanmi, yoki kukunlangan glitsroz rediksdanmi?
— Menmi, e-e.. magneziyadan, — dedim men, har holda talaffuzi osonroq so‘zni tanlab.
Bodler ko‘zoynagi ortidan menga ishonqiramay tikildi.
— Men esa glitsiroz rediksni afzal ko‘raman, chunki magneziya tez qotib qoladi.
O‘rtaga bir zumlik sukunat cho‘kdi.
— Buni qarang, yana amneziya bilan bog‘liq hodisa, — dedi u gazetani menga uzatib, undagi maqolani ko‘rsatib. — Men bunday voqealarga mutlaqo ishonmayman. O‘ndan to‘qqiz holatda bu qip-qizil mug‘ombirlik. Bu ishdagi va oiladagi bir xillik joniga tegib ketgan odamning boshqacha yashashga intilishi xolos. Shunday qilib, u uyidan qochib ketadi va uni nihoyat topib olishsalar, u o‘zini xotirasi yo‘qotganga soladi. Go‘yoki o‘z ismini bilmaydi, chap yelkasida xoli bo‘lgan o‘z xotinini ham tanimaganga oladi. Xotira yo‘qotish emish! Nega ular o‘z xotiralarini o‘z uylarida yo‘qotishmaydi?
Men gazetani olib, jarangdor sarlavhali quyidagi maqolani o‘qiy boshladim:
«Denver, 12 iyun. Mashhur advokat Elvin S.Belford bundan uch kun oldin sirli ravishda o‘z uyidan chiqib ketgan va uni izlab topish borasidagi barcha sa’y-harakatlar samarasiz yakunlanmoqda. Mister Belford bizning shahrimizdagi mashhur kishilardan va jamiyatimizning yuqori tabaqasiga mansub, o‘z ishini ustasi bo‘lgan advokatlardan. Sirli ravishda yo‘qolish arafasida u bankdagi hisobidan yirik miqdordagi pul olgan. Shundan buyon uni hech kim, hech joydan topolmayapti. Mister Belford kam topiladigan vazmin fe’lli, xonanishin va o‘z oilasidan, ishidan ko‘ngli to‘q kishilardan edi.Uning uydan Qayri tabiiy holatda chiqib ketishini faqat birgina sabab bilan izohlash mumkin: u bir necha oy jarayonida N. temir yo‘l kompaniyasining murakkab sudida haddan tashqari berilib ishladi. Holdan toydiradigan darajadagi ish uning xotirasiga salbiy ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda g‘oyib bo‘lgan advokatni qidirib topish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda».
— Siz aftidan uncha-muncha narsalarga ishonmaydigan kishilardan o‘xshaysiz, mister Bolder, — dedim men maqolani o‘qib chiqib. — Menimcha bularning hammasi haqiqat. Turmushda barcha sohalarda muvaffaqiyat qozonayotgan, hurmat-e’tiborli, oilaviy hayotda baxtini topgan odam qanday qilib to‘satdan barchasidan voz kechadi-yu, Qoyib bo‘ladi? Men bilaman, xotira yo‘qotish degani, rostdan ham bor gap. Unday kishi qayoqqa borayotganini, ismi-sharifi nima ekanligini, na o‘tgan hayotini, na o‘z xonadonini eslay olmaydi.
— Hammasi uydirma va yolg‘on! — e’tiroz bildirdi mister Bolder. — To‘g‘risi, ular barcha hayot tashvishlariga qo‘l siltab, biroz o‘ynab kelishni xohlashadilar. Hozirgi odamlarni bilasiz-ku, hamma juda aqlli bo‘lib ketgan. Erkaklar ana shu amneziya degan narsadan boxabar bo‘lib olishib, endi o‘z istak-mayllarini shu bilan xaspo‘shlamoqchi bo‘ladilar. Qolaversa ayollar ham. Nihoyat bir kun kelib hammasi aniq bo‘lgach, ko‘zlarini sizga lo‘q qilishib, ilmiy dalillarni ro‘kach qilishib: «Meni kimdir gipnoz qilib qo‘ygan!» — deyishadi.
Mister Bolder meni o‘zining ana shunday xulosasi-yu falsafasi bilan ishontirmoqchi bo‘ldi. Biroq, bu gaplarga negadir ishongim kelmadi…
Poezdimiz Nyu-Yorkka kechqurun soat to‘qqizlarda yetib keldik. Izvoshga o‘tirib mehmonxonaga keldim va mehmonxona daftariga o‘z ismimni Edvard Pinkxammer deb yozdirdim. Bu payt mening butun vujudimni g‘aroyib, tushunib bo‘lmaydigan, mast qilg‘uvchi bir yengillik, chek-chegarasi yo‘q ozodlik hissi, barcha imkoniyatlar eshigini lang ochayotgan totli bir hissiyot qamrab olgandek bo‘ldi. Xuddi bu yorug‘ olamga endigina kelayotganimdek his qilardim o‘zimni. Ilgari mening oyoq-qo‘llarimni bog‘lab tashlagan allaqanday zanjirlar birdaniga parcha-parcha bo‘lib uzilib ketgandek. Kelajak ko‘z oldimda xuddi begunoh bolakay ko‘ziga ko‘rinayotgandek to‘ppa-to‘g‘ri va tep-tekis bo‘lib yaslanib yotar va men unga hayotiy tajribalarim, bilimlarim bilan qadam tashlashga hozirlanayotgandek edim.
Mehmonxona xodimi menga haddan tashqari sinchkovlik bilan tikilayotgandek tuyuldi. Chunki qo‘limda hech qanday yukim yo‘g‘ligi gumonsirashlariga asos bo‘lishi mumkin.
— Dorishunoslar kongressiga keldim, — tushuntirdim men. — Jamadonim qaerdadir ushlanib qolgan shekilli.
Shunday deb cho‘ntagimdan bir dasta pul chiqardim.
— Albatta, albatta, — dedi mehmonxona xodimi tilla tishlarini yaltiratib. — Bugun bizga g‘arbiy shtatlardan anchagina delegatlar joylashishdi.
Shunday deb u qo‘ng‘iroq chalib, dastyor bolani chaqirdi.
Men o‘z rolimni yanada ishonchliroq o‘ynashga kirishdim:
— Hozir bizning Qarbimizda yangi bir yo‘nalish paydo bo‘lgan. Biz kongressga uzumsirkali kaliyli surmali shishachalarni uzumsirkali kaliyli natriyli shishachalar bilan yonma-yon, bir polkada saqlashni taklif qilmoqchimiz.
— Jentelmenni uch yuz o‘n to‘rtinchi xonaga boshlab bor, — buyurdi yugurdak bolaga, mehmonxona xodimi shoshilib.
Va meni o‘sha zahotiyoq o‘z nomerimga boshlab borishdi.
Bu kunisiga jamadon va u-bu kiyimlar sotib olib, Edvard Pinkxammer nomi bilan yashashni boshlab yubordim. O‘tmish hayotim muammolari haqida bosh qotirib o‘tirishni ham istamadim.
Orollarda joylashgan ulkan shahar mening lablarimga yaltiroq qadahlarga to‘lg‘azilgan shirin hayot sharbatini tutqazdi. Va men bu qadahni minnatdorchilik bilan simira boshladim. Edvard Pinkxammerga, u olamga bor-yo‘g‘i bir necha soat oldin kelgan bo‘lsa ham, insoniyat tomonidan yaratilgan va hech kimga bog‘liq bo‘lmagan mana shu rang-barang qiziqarli hayot zavqidan rohatlanish baxti nasib qildi. Men odamni sehr-jodulab, xuddi ertakdagi uchar gilam singari ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan o‘lkalarga olib ketadigan, shodon musiqa yangrayotgan, sho‘x jononlar raqsga tushayotgan va va bandasini g‘aroyib, kulguli ahvolga soladigan teatrlarda, tom ustida qurilgan restoranlarda bo‘ldim. Oyog‘im qayoqqa boshlasa, shu tomonga ketaverdim. Eng qiziQi — hech kim menga buyruq bermas, hech narsa: na atrof muhit, na vaqt, na odob qonun-qoidalari menga xalaqit bermasdi. Men Qalati kabachkalarda ovqatlanar, lo‘lilar orkestri musiqasi, musavvir va haykaltaroshlarning tinimsiz hayqiriqlari sadolari ostida g‘alati noz-ne’matlardan tatib ko‘rardim. Men elektr nurlari ostida tungi hayot xuddi kino lentadagidek qaynayotgan, u yerda turli-tuman bantik va shlyapalar, olamda mavjud barcha taqinchoqlar yaltur-yultir qiladigan joylarda ham bo‘ldim. Bularning hammasidan o‘zimga saboq olishga urindim. Va tushundimki, erkin hayotning kaliti na axloqsizlikda, na rasm-rusmlarga rioya qilishda ekan. Sertakaluflikka hamma joyda boj to‘lash shart ekan, bo‘lmasa Ozodlik deya atalmish mamlakat sarhadlariga qadam qo‘ya olmas ekansan. Tashqi hashamat va ko‘zga tashlanadigan tartibsizliklar, usti yaltiroqlik va betakallufsizlik ortida, u unchalik ko‘zga tashlanmasa ham, ana shunday temir qonun hukmron ekanligini payqadim. Demak, Manxetten ko‘chalarini kezar ekansan, ana shu yozilmagan qonun-qoidalarga rioya qilsang, sen dunyodagi ozod kishilarning eng ozodisan! Bu qonun-qoidalarga buysunmas ekansan, oyoq-qo‘llaringga kishan uriladi!
Gohida kayfiyatimga qarab burchaklariga palma daraxtlari ekilgan ulug‘vor restoranlarga ovqatlanishga kirardim. U yerda hamma yarim ovozda gaplashadi, atrof-muhitdan ?odagonlik, yasama nazokatlilik va sipolik yog‘ilib turadi.
Gohida esa, baqiroq xizmatchilar va hech kimdan tortinmasdan o‘pishib, quchoqlashayotgan yoshlar, yasama taqinchoqlar sotuvchi ayollar bilan to‘lib toshgan kemachada sayr qilardim. Odamlar arzon-garov va qo‘pol ko‘ngilxushliklar qilishlari uchun begona sohillar tomon oshiqishardi. Va har doim, barcha tomonlardan nuru-yog‘dularga ko‘milgan, hashamatli, makkor, bevafo, lekin yo‘ldan ozdiruvchi, diltortar Brodvey, xuddi afyun kabi o‘ziga tortadigan Brodvey ko‘chasi ko‘rinib turardi.
Bir kun kunduz mehmonxonaga qaytayotsam, yo‘lakda miqtidan kelgan, burundor, mo‘ylabli bir kishi yo‘limni to‘sdi. Men uni chekkalab o‘tib ketmoqchi bo‘ldim. Biroq u ko‘ngil og‘ritar darajada takallufsizlik bilan menga murojaat qildi:
— Xello, Belford! Nyu-Yorkda nima qilib yuribsiz, jin ursin? Sizni o‘z kitoblaringizdan ajratib, uyangizdan chiqishga nima majbur qildi? Rafiqangiz ham o‘zingiz bilanmi? Yoki bu yerda, xi-xi-xi , boshqasi ham bormi?
— Siz adashdingiz, ser, — dedim, sovuqlik bilan qo‘limni uning qo‘llaridan tortib olib. — Men Pinkxammerman. Uzr, men juda shoshilyapman.
U o‘zini chetga oldi, basharasida hayrat alomatlari ko‘rindi. Nomerimning kalitini olish uchun mehmonxona xodimi oldiga borayotib mo‘ylabli kishi dastyor bolani chaqirib, telegraf blankalari haqida surishtirayotganligini eshitdim.
— Menga hisob-kitobni tayyorlang, — dedim mehmonxona xodimiga. — Keyin yarim soat ichida narsalarimni yig‘ishtirib, pastga olib tushishsin. Har xil qalanQi-qasang‘ilar xiralik qiladigan bu mehmonxonada qolishni istamayman.
O‘sha kuniyoq boshqa mehmonxonaga, Beshinchi avenyu boshidagi tinchgina, eski rusumdagi otelga ko‘chib o‘tdim.
Brodvey ko‘chasidan sal narida tashqi olamdan tropik o‘simliklar bilan ihotalangan, ochiq havoda ovqatlanish imkoniyati mavjud restoran joylashgan. Hamma tomoni go‘zal va osuda bu restoranda ajoyib xizmat qilishadi, shu sababli bu yerda nonushta va tushlik qilish judayam yoqimli. Bir kun shu restoranga kelib endigina paporotniklar orasidagi bo‘sh stol tomon borayotgandim, to‘satdan kimdir yengimdan tortdi.
— Mister Belford! — haddan tashqari yoqimli bu tovushni eshitib to‘xtashga majbur bo‘ldim.
O‘girilib qarab, o‘ttiz yoshlardan oshgan, g‘ayri tabiiy go‘zal ko‘zlari bilan menga xuddi qadrdon, sevimli do‘stidek tikilayotgan ayolga ko‘zim tushdi.
— To‘xtatmasam, qaramay ham o‘tib ketasiz shekilli, — dedi u gina bilan. — Faqat «payqamabman», deya ishontirishga urinmang. Oradan o‘n besh yil o‘tgach, o‘zaro bir qo‘l qisishsak nima bo‘libdi?
Men darrov uning qo‘lini qisishga shoshildim. Keyin uning ro‘parasiga o‘tirib oldim. Boshim bilan imo qilib ofitsiantni chaqirdim. Xonim beparvogina apelsinli muzqaymoqni chuqalardi. Darrov yalpizli likyor buyurdim. Uning sochlari qizQish bronza rangda edi. Biroq ularga tikilishga ulgurmasdim, chunki uning ko‘zlaridan nigohimni uzishning iloji yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, uning sochlari aynan mening oldimda qizQish tusga kirayotganidek, o‘rmon ichkarisidan turib quyosh botishini kuzatsang, xuddi shunday manzarani ko‘rasan, degan g‘alati bir hissiyot meni bir lahza ham tark etmasdi.
— Meni tanishligingizga ishonchingiz komilmi? — so‘radim men.
— Yo‘q, — shiringina kulib javob berdi u. — Bunga mening hech qachon ishonchim komil bo‘lmagan.
— Sizga mening ismu sharifim Edvard Pinkxammer ekanligini, Kanzas shtatidagi Kornopolisdan kelganligimni aytsam, nima deysiz? — so‘radim bezovtalanib.
— Nima derdim? — takrorladi u ko‘zlari shodon charaqlab. — Birinchi galda Nyu-Yorkka rafiqangiz miss Belfordni olib kelmagansiz deb o‘ylardim. Albatta bu juda achinarli. Men Merian bilan bajonidil uchrashgan bo‘lardim.
U birozgina ovozini pasaytirib qo‘shib qo‘ydi:
— Siz hamon o‘sha-o‘shasiz, Elvin.
Uning shahlo ko‘zlari sinovchan boqib, mening nigohimni ovlay boshladi.
— Yo‘q, siz ancha o‘zgaribsiz, — gapida davom etdi ayol.
Uning ovozidan endi yengilgina quvnoqlik ohangini seza boshladim.
— Mana, endi ko‘ryapman. Siz unutmabsiz. Siz meni yillar davomida bir kun ham, bir soat ham unutmaganingizni ko‘ryapman. Men sizga, meni hech qachon unutolmaysiz, degandim-ku.
Men xijolatlanib samon naycha bilan likyorimni qo‘zg‘ay boshladim.
— Xudo haqi, meni kechiring, — dedim uning tikilib qarashlaridan o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay. — Gap shundaki, men hammasini unutib yuborganman. Birortasi esimda yo‘q.
Ayol mening gapimga kulganicha qo‘l siltadi. Yuzimdan nimanidir payqab, maftunkorona ho-holab kula boshladi.
— Siz haqingizdagi yangiliklardan doimo xabardorman, — davom etdi u. Endi siz g‘arbda, Denver shahrida shekilli, mashhur advokatsiz. Yo Los-Anjelosdami? Bilishimcha, rafiqangiz Merian siz bilan juda faxrlanadi. Ehtimol eshitgandirsiz, sizlarning to‘ylaringizdan keyin yarim yil o‘tgach, men ham erga tegdim. Bu haqda gazetalarda ham yozishdi. Faqat gullar uchun ikki ming dollar sarflashdi.
U o‘n besh yil ilgari uchrashganmiz degandimi? Ha, o‘n besh yil, bu juda katta muddat.
— Sizni tabriklab qo‘ysam, unchalik kech bo‘lmasmikan? — dedim hadiksirab.
— Yo‘q, agar siz bunga jur’at qilibsizki, unchalik kech bo‘lmaydi, — dedi u qoyilmaqom ochiq ko‘ngillik bilan.
Uning bu gapini eshitib, jim bo‘lib qoldim va tirnog‘im bilan dasturxonni chiza boshladim.
— Menga faqat bir narsani ayting, Elvin, — iltimos qildi u, men tomonga shiddat bilan egilib. — Men buni ko‘p yillardan beri bilishni istayman. Bu bor-yo‘g‘i ayollarga xos bir qiziqish xolos. O‘sha oqshomdan keyin umringizda biror marta oppoq atirgulga qo‘l tekkazishga yoki hidlab ko‘rishga… boringki, shabnam va yomg‘irdan namiqib qolgan oq atirgullarga qarashga jur’at qiloldingizmi?
Men nima deyishimni bilmay, ichimlikdan yutindim.
— Sizga takrorlab aytishim joizmikan, men bularni birortasini eslolmayapman, — dedim chuqur uh tortib. — Mening xotiram hech narsaga yaramay qolgan. Bundan qanchalik afsusda ekanligimni, aytmasam ham bo‘lar, — dedim xijolatlanib.
Ayol stolga tirsaklab oldi va uning nigohi mening so‘zlarimni e’tiborga olmagani holda sirli ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri mening qalbimni paypaslay boshladi. U muloyimgina kulib qo‘ydi, uning kulgusi ham qandaydir Qalati tuyuldi. Bu, menimcha, baxtdan masrur kulgu edi, unda ham qanoatlanish, ham nadomat ohanglari sezilardi. Men ko‘zlarimni olib qochishga urindim.
— Siz aldayapsiz, Elvin Belford! Ha-ha, men sezyapman, siz aldayapsiz, — dedi u ishonch blan shivirlab.
Men paporotniklar tomonga anqovsirab tikildim.
— Mening ismim Edvard Pinkxammer, — dedim men. — Men bu yerga dorishunoslarning butunamerika kongressiga delegat bo‘lib keldim. Hozir bizning Qarbda yangi bir yo‘nalish paydo bo‘ldi. Biz sirkasurmanatriy tuzi va sirkakaliy natriy tuzlari solingan shishachalarni polkalarda boshqacha tartibda saqlashni taklif qilmoqchimiz. Ehtimol, bu sizga unchalik qiziq tuyulmas…
Restoran ro‘parasiga hashamatli kolyaska kelib to‘xtadi. Ayol o‘rnidan turdi. Men uning uzatilgan qo‘lini olib qisib, ta’zim bajo keltirdim.
— Xotiram menga pand berganidan juda-juda xijolatdaman, — dedim. — Sizga barchasini aytib berishim mumkin edi, biroq tushunmaysizmi deb qo‘rqaman. Siz mening Pinkxammer ekanligimga ishonmadingiz, men esa, to‘g‘risi, anavu oq atirgullarni…
— Yaxshi qoling, mister Belford, — javob berdi ayol, hamon o‘sha ham g‘amgin, ham baxtli kulgusi bilan va kolyaskaga o‘tirdi.
O‘sha kuni kechqurun teatrga bordim. Mehmonxonaga qaytib kelsam, xuddi ertaklardagidek, ko‘rinishidan juda kamtar, qora kiyimdagi bir kishiga ko‘zim tushdi. U tirnoqlarini shohi dastro‘molchasi ila yaltiratish bilan band bo‘lib, bu ishiga butunlay berilib ketgandek edi.
— Mister Pinkxammer, — dedi u beparvolik bilan, butun diqqat e’tiborini ko‘rsatkich barmog‘iga qaratib, — menga bir necha daqiqa vaqtingizni ajrata olasizmi? Ehtimol xonaga kirib gaplasharmiz?
— Marhamat, — dedim men.
U meni kichik xonaga boshlab kirdi. U yerda bir juft er-xotinlar o‘tirardi. Agar xonimning yuzidagi tashvish va charchoq alomatlarini hisobga olmasak, u judayam go‘zal ayol edi. Uning kelishgan qomati, yuz tuzilishi, sochlarining rangi va ko‘zlari ayni mening didimga mos edi. Safar kiyimidagi bu ayol, g‘ayri tabiiy hayajon bilan menga tikildi va qaltiroq qo‘llarini ko‘ksiga bosdi. U hozir xuddi men tomonga o‘zini otishga tayyordek edi, biroq, uning yonida o‘tirgan erkak qo‘lini buyrug‘omuz silkitib, uni to‘xtatib qoldi. Keyin erkak menga Higrildi. U qirq yoshlarda bo‘lib, qulog‘i ostidagi sochlariga oq tushgan, yuzi mardonavor, ko‘rinishidan jiddiy odamga o‘xshardi.
— Belford, qadrdonim, men seni yana qayta ko‘rayotganimdan behad xursandman! — dedi u samimiy ohangda. — Albatta sen soQ-salomat ekanligingga ishonchimiz komil edi. Seni haddan tashqari holdan toyganliging haqida ogohlantirgandim-ku, axir. Endi sen biz bilan uyingga ketasan va darrov o‘zingga kelasan.
Men masxaraomuz kulimsiradim.
— Meni tez-tez Belford deb chaqirishadigan bo‘lishdi, to‘g‘risi bunga ko‘nikib ham qolayapman shekilli, endi unchalik ajablanmayapman ham. Biroq bu nihoyat jonga tegadi axir! Marhamat qilib meni eshiting, men Edvard Pinkxammerman va sizni umrimda birinchi bor ko‘rib turibman.
Erkak kishi javob berishga ulgurmasdan ayol ayanchli ingrab yubordi. Bu menga fig‘on singari eshitildi. Ayol o‘rnidan sakrab turib, men tomonga otildi. Erkaklar uni to‘xtatib qolishga behuda urinishdi.
— Elvin! Elvin! Mening yuragimni yorma! Men sening xotiningman, axir! Eng qursa ismimni ayt! Bu ahvolga tushganingdan, o‘lib ketsang ham mayli edi!
Ayol shunday deb hiqqillaganicha meni mahkam bag‘riga bosa boshladi.
Men qat’iy ravishda, hurmat-ehtirom bilan o‘zimni uning qo‘llaridan xalos qildim.
— Xonim, — dedim jiddiy ohangda, — meni ma’zur tutasiz. Siz meni tashqi o‘xshashligimga uchib, katta xatoga yo‘l qo‘yayapsiz. Juda afsusdaman…-shunday deb kulib yubordim. — Meni qandaydir Belford bilan xuddi sirkasurmanatriy tuzli shishachani sirkasurmanatriy tuzli shishacha bilan adashib ketmaslik uchun bir polkada qo‘yish mumkin emas. Agar bu gaplarim sizga kulguli tuyulayotgan bo‘lsa ham aytay, biz g‘arblik dorishunoslar aynan mana shu fikrni dorishunoslarning umumamerika kongressida aytish uchun kelganmiz.
Xonim nima deyishini bilmay sherigiga o‘girilib, oh-voh qila boshladi:
— Bu nima degan gap, shifokor Volni, oh, endi nima bo‘ladi?
— Hozircha xonangizga kirib turing, — dedi hamrohi va uni eshik tomon boshladi. — Men u bilan qolaman va yana gaplashib ko‘raman. Uning es-hushimi? Yo‘q, unday bo‘lmasa kerak… Ehtimol miyasining kichik bir bo‘lagi…ha, ha, u albatta tuzalib ketadi. Siz xonangizga borib turing, bizlarni yolg‘iz qoldiring.
Xonim chiqib ketdi. Qora kiyimli kishi ham tirnoqlarini yaltiratishda davom etganicha chiqib ketdi. Biroq u yo‘lakda poylab turganini sezdim.
— Siz bilan gaplashib olishim kerak, albatta ruxsatingiz bilan, mister Pinkxammar, — dedi men bilan yolg‘iz qolgan kishi.
— Marhamat, ser, agar bunga juda ishtiyoqmand bo‘lsangiz. Biroq, ma’zur tutasiz, men qulayroq joylashib olay, juda charchadim, — dedim.
Shunday deb deraza oldidagi kushetkaga yotib olib, sigareta tutatdim. U kursini mening yonimga surib, o‘tirib oldi.
— Keling, gapni cho‘zmaylik, — dedi u muloyimlik bilan. — Siz mutlaqo Pinkxammer emassiz.
— Buni sizdan yaxshiroq bilaman, — dedim xotirjamlik bilan. — Biroq odam biror familiya ostida yashashi kerak-ku! Sizni ishontirib aytamanki, o‘zim ham bu familiyadan unchalik xursand emasman. Ammo, bir lahzaning o‘zida o‘zingga familiya o‘ylab topishga to‘g‘ri kelib qolsa, har doim ham negadir kallangga chiroyli ismu-shariflar kelavermas ekan. Har holda.. nega o‘zimga Sheringxauzer yoki Skroggins degan familiyalarni tanlamadim ekan-a! Menimcha Pinkxammer familiyasi ham unchalik yomon emas.
— Sizning ismu-sharifingiz Elvin Belford, — judayam xotirjamlik bilan davom etdi shifokor. — Siz Denverdagi eng zo‘r advokatlardan birisiz. Siz amneziya kasaliga yo‘liqqansiz va vaqtinchalik o‘zingizning kim ekanligingizni unutgansiz. Buning sababi — haddan tashqari toliqish, ehtimol, doimiy bir xil hayot tarzi va ko‘ngilxushliklarga vaqt topolmaganingiz ham bo‘lgandir. Bu yerdan hozirgina chiqib ketgan ayol — sizning rafiqangiz.
— Tan olish kerak, chiroyli ayol ekan, — dedim men biroz o‘ylanib turgach. — Ayniqsa uning kashtan rangli sochlari menga juda yoqdi.
— Bunday ayol bilan faqat faxrlanish lozim. Siz g‘oyib bo‘lganingizdan beri u ikki hafta davomida, aytish mumkinki, uyqu nima ekanligini bilmadi. Sizning Nyu-Yorkda ekanligingizni Aysidor Nyumenning telegrammasidan bildik. U bizning Denverlik kommivoyajerlardan biri. U sizni mehmonxonada uchratganini va uni siz tanimaganligingizni ma’lum qildi.
— Ha, shunday voqea ro‘y bergandek edi, — dedim men. U meni adashmasam, Belford deb atadi. Ammo tanishib olishimizga vaqt yetmadimikan?
— Mening ismim Robet Volni, shifokor Volni. Men sizning yigirma yillik qadrdon do‘stingizman va ulardan o‘n besh yilini — sizning shaxsiy vrachingiz bo‘lib o‘tkazdim. Biz telegramma olishimiz bilanoq missis Belford bilan sizni qidirib bu yerga keldik. Qani Elvin, qadrdon, eslashga urin, esla!
— Uringanimdan nima foyda? — e’tiroz bildirdim men qovog‘imni uyub. — Siz o‘zingizni vrachman dedingiz. Bo‘lmasa ayting-chi, amneziyani davolab bo‘ladimi? Agar odam xotirasini yo‘qotsa, u asta-sekinlik bilan tiklanadimi, yoki birdanmi?
— Ba’zan asta-sekinlik bilan, lekin butunlay emas. Ba’zan esa qanday yo‘qolgan bo‘lsa, birdan, to‘satdan tiklanadi.
— Meni davolay olasizmi?
— Aziz do‘stim, — javob berdi u, — seni davolash uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qilaman!
— Bo‘pti! — dedim men. — Meni o‘zingizni bemoringiz deb hisoblayvering. Biroq, shunday bo‘lsa, vrach sifatida sir saqlashingiz lozimligini ham unutib qo‘ymaysizmi?
— Gap yo‘q! — javob berdi doktor Volni.
Men kushetkadan turdim. Stol ustiga kimdir oq atirgullar, bir dasta oq atirgul, hidi yoqimli anqib turgan, yaqindagina suv purkalgan atirgul guldoni qo‘yganligini ko‘rdim. Men uni olib deraza orqali iloji boricha uzoqroqqa irg‘itdim va yana kushetkaga yotib oldim.
— Gap bunday, — dedim shundan keyin, — yaxshisi men birdaniga tuzalay. Bularning barchasidan charchab ketdim. Endi esa, Merianni chaqir. Eh, agar bilsayding, — dedim uning biqiniga barmog‘imni niqtab, — oh, bu ikki hafta ichida qanday zavqli va baxtli yashaganimni bilsayding!

Abdumurod Ko‘chiboyev tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.