Bu bino mamlakatimizning suyagi va asabi bo‘lgan Texas nashriga tegishli. Chunki bu yerda eng shov-shuvli maqolalar tayyorlanadi. Muharrir o‘zining yozuv stolida boshini changallab, g‘amgin qiyofada xat o‘qirdi. Bu xat qarzga qog‘oz bergan firmadan kelgan bo‘lib, qog‘oz puli undirilmaganda sudga murojaat qilishga majbur bo‘linishi ham aytilgandi. Muharrir xatga takror ko‘z yugurtirarkan, stoliga yana ham yaxshiroq o‘rnashdi. Shu payt xonaga eskidan odati ma’lum bo‘lgan bir mijg‘ov shikoyatchi, ikki qo‘ltig‘ida baayni o‘tin qo‘ltiqlagandek qilib, og‘ir qo‘lyozmani ko‘tarib kirdi va muharrirning stoli ustiga birin-ketin qo‘ydi.
— Nima bu? — so‘radi muharrir qovog‘i uyulib.
— Men bu qo‘lyozma ustida uzoq vaqt ishladim. Mana, marhamat, tayyor. Nihoyat bitdi.
— Xo‘sh, nima bu?
— Bu, janob prezidentning yolg‘ondakam bergan va’dalariga javob.
— Sizningcha buning og‘irligi qancha? — so‘radi muharrir o‘ychan holatda qog‘ozlarga qararkan.
— Besh yuzu yigirma yetti varaq, janob va...
— Varaqning ikki tomoniga ham qalam bilan yozganmisiz? — so‘radi muharrir ko‘zlari g‘alati tarzda yaltirab.
— Ha.
— Qo‘lyozmani qo‘yib ketishingiz mumkin. O‘ylaymanki, biz ularni kerakli maqsadlarda ishlata olamiz, — dedi muharrir kreslosidan qo‘zg‘alarkan...
Shikoyatchi o‘n daqiqacha qo‘lyozmasidan ko‘z uzolmay, mamnun qiyofada tikilib turdi. U o‘zicha yuqoridagilarga kerakli musht tushirganiga ishonchi komil edi. Va shu kayfiyatda tahririyatni tark etdi.
Butun tahririyat xodimlari qo‘lyozma ustida “ish” boshlab yuborishdi. Tahririyat gazeta uchun aynan shunday qog‘ozga ehtiyojmand edi.
Va gazetaning yangi, o‘ta muhim soni kam nusxada bo‘lsa-da chop etildi. Ertasigayoq o‘z o‘quvchilari qo‘liga yetib bordi. Xullas, gazeta kechikmadi.
Yelkasidan tog‘ ag‘darilgan muharrir qog‘oz uchun ketadigan pul qiymatiga nazar tashlar ekan:
— Hozircha hammasi yaxshi, — deb qo‘ydi. — Ammo kelasi sonni yana nimaga bosib chiqarishni bilishni juda-juda istardim.
Muharrirning yelkasiga yana shunday yuk tushdi. U yozuv stoliga cho‘kib, yangi muammoni qanday yechish kerakligi ustida bosh qotirardi.
Ingliz tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi.