Ovqat kirib ovqatdan keyin bir-ikki piyola choyni qaynoq-qaynoq ichganidanmi, asablari joyiga tushganday bo‘ldi. Charchog‘i yozildi. Otasining chehrasi yorishishini kutib turganmidi, yoki bo‘lmasa ertalabki bo‘lho-bo‘lda gaplashib ololmasligiga ko‘zi yetganmi, katta o‘g‘il otaning yonboshiga kelib joylashdi-da, past ovozda sekin shipshidi:
– Og‘a1, o‘qishimning to‘lov puli... qalay bo‘lyapti ekan?
– Bir iloji bo‘lar, bolam. Firma rahbarimizga insof berib qolsa, ikki-uch maoshimni oldindan berar. Esiga solib turibman.
– Og‘a, men kalta kurtkada sovqotib yuribman, – dedi dasturxonini yig‘ishtirayotgan qizi. “Shu arzimni necha aytdim o‘zi” deganday iymanib, yerga qaradi. – Olib bera olasizmi, og‘a?
– Og‘a, mening etigim yo‘q, haliyam yozgi tuflida yuribman, – dedi qayoqdandir yetib kelgan kichkintoyi yig‘lamsirab.
– Aytganday, sen kassaga borib, mahallaqo‘mning yordam pulini olmadingmi? – dedi Satmurod xotiniga yalt etib qarab.
– Oldim. Ro‘zg‘orda hech narsa qolmagan, choy, tuzgacha tugagan edi, og‘asi, shularga xarj qildim, – xotini ayb ish qilgan odamday yerga qaradi. – Ertaga narigi ko‘chadagi o‘rtog‘ingiz Maden kelin tushiryapti, shanbada ovuldagi qarindoshimiz Qurbonniyoz o‘g‘lini uylayapti... Og‘asi, ularga ham quruq qo‘l borolmaymiz...
– To‘yga tovuqlarning bir-ikkovini sotib, tuxumlarini pullab, o‘zing borib qaytasan. Bilasan-ku, mening to‘yga unchalik hushim yo‘q... Qo‘raning ichi issiq shekilli, makiyonlar tuxumlab yurishgandir axir?! – dedi Satmurod qizishib.
– Tuxumlab yuribdi, biroq har kuni pishirib, dasturxonga chiqarayapman-ku, og‘asi, bola-chaqaning og‘zidan ortarmikan? – inqilladi xotini.
– Uch-to‘rt kun tuxum yemasdan turarmiz. To‘ylaringni eplab o‘tkazib ol, – dedi-yu, boshini changallaganicha hovliga chiqib ketdi. Qon bosimi xuruj qilib qoldi.
Tashqariga chiqdi-yu, ko‘z qurg‘ur bir nuqtada turadimi, uyning ikki tarafidagi ikki qo‘shnisining saroyday-saroyday hovlilariga tikilib-tikilib qaradi. Xayolga sig‘maydigan darajada hashamatli, vahimali hovlilar orasida o‘zining uyi tovuqning katagiday kichkinaligini ko‘rib, yuragi qaqshadi. “Bu ikkovining o‘rtasida ko‘zga botgan yaraday yarashmay turar ekan, avvalroq sotib yuborganimda yaxshi bo‘lardi-ya” – ko‘nglidan o‘tkazdi u. Rostdan ham, mana shu qo‘shnilar bundan besh-olti yil avval bir-biri bilan urishib-janjallashib qolgan, “men olaman-a, yo‘q, men olaman”lab, ko‘chaga chiqishgan, so‘ng ikkoviyam Satmurodning uyiga kalondimog‘lik bilan kirib kelishgan edi. “Menga sotasan-a uyingni!” deb, bir-biriga so‘z bermay, ancha talashishdi.
– Nima gap o‘zi? – degandi o‘shanda Samurod.
– Uyingni sotmoqchi ekansan-ku, menga sotib qo‘yaqol! O‘zim olaman! – degan birinchi qo‘shni.
– Qaysi uyni aytayapsan?
– Mana shu uyingni-da, sotadigan bo‘lsang menga sot, ikki hissa ko‘p pul beraman! – chirangan ikkinchi qo‘shni.
– Menga sotsang, uch barobariga olaman! Hovlimni kengaytirishim kerak. Bo‘lmasa sening manavi kulbangga ko‘zim uchib turgani yo‘q. Menga sotsang, tekislatib, hovlimga qo‘shib yuboraman...
O‘shanda ham Satmurodning boshi og‘rib, yiqilib tushishiga bir bahya qolgan edi. “Nega men bexabarman-u, sizlar mening uyimni talashib yuribsizlar! Men sizlarga uy sotaman dedimmi?” deb qo‘shnilariga baqirmoqchi bo‘lgan, biroq ularning haybatlaridan qo‘rqqan. Qasdlashib yurishmasin, bularning qo‘lidan har balo keladi degan.
– Uyimni sotmoqchi emasman. Tug‘ilib-o‘sgan joyim axir! Meni kechirasizlar, – deb qutilgan. Pul havosi odamni bir gangitsa qanaqa bo‘lishini qo‘shnilar timsolida ko‘rib tavbalar qilgan edi o‘shanda Satmurod.
“Bolalarimni o‘qitayapman. Xudo xohlasa, besh-olti yil ichida ulg‘ayishib, ishli bo‘lib, ko‘p pul topib, xo‘jaligimiz ham oyoqqa turib qolar...” – deb o‘zini yupatganlari hozir yana esiga tushdi. Hammamiz ham shunday deymiz-u, biroq hozir, ayni shu lahzalarda Satmurodga (o‘ziga emas, bolalariga!) falon-falondan pul kerak edi. O‘qish uchun to‘lov puli, yo‘l haqi uchun pul, palto, etik uchun pul, oziq-ovqat uchun pul kerak. Har gal yomg‘ir yoqqanda uyning shiftidan chakka o‘tadi, qor suvi o‘tadi – demak, ta’mirlash uchun pul kerak. Shifer qoqtiraman desa, eh-he, necha so‘m ketadi? Shularning bariga pul kerak, pul, pul, pul... “Eski etigimni yamatib kiyishga ham rozi edim, biroq shuning o‘zigayam pul kerak. Buncha pulni qaerdan topaman? Kim beradi?! Hay, Alloh-xudoyim, O‘zing yorlaqa! Qatordan kam qilma!
Kuzning kechki izg‘irin ta’sir etdimi, Satmurod yuragining zirqiraganini sezdi, tavba, xuddi nimadir bo‘ladiganday. Nimayam bo‘lsin, axir...
Shu payt ko‘chadan g‘izillab o‘tayotgan bir mashina g‘iyqillab tormoz bosib kelib, naq Satmurodning paxsa devori tagida to‘xtadi. Mashina eshigining qarsillab ochilgani, haydovchi yigitning mashina tepasiga sakrab chiqib, ko‘cha tomondan Satmurodning hovlisiga alang-jalang qarayotgani ko‘rindi. Keyin yigit Satmurodga ko‘zi tushdi-yu, qo‘lidagi kattagina qopchani hovli ichiga otib yubordi. Voqea shu qadar tezlik bilan ro‘y berdiki, nima bo‘lganini Satmurod anglayolmay ham qoldi. Qopcha uchib kelib, avval Satmurodning boshiga tegdi, keyin oyoqlari ostiga gursillab tushdi. Notanish yigitning ovozi eshitildi.
– Shoshib turibman! Izimdan quvib kelishyapti, og‘a! Pulni tez yashir, bu senga omonat! Bir-ikki kundan keyin kelaman. Kelmasam, ishlataveringlar. Mashina katta tezlik bilan yo‘lga tushdi. Shuning orasida quvishib-haydashib kelayotgan ikki-uch mashina ham ko‘chaning burilish joyida bir sekinlab, keyin zo‘riqqan ovozda chuvillab o‘tib ketdi.Satmurod nimalar yuz berganini anglab yetmasa ham, oyog‘i ostiga tushgan qopchaning ichi to‘la pul ekanligini sezdi. “Tavba, xuddi ertakdagiday bo‘ldi-ku!” deb anchagacha angrayib turdi-da, qopchani qo‘liga olib, uyga kirib ketdi.
Necha chaqirimdan yugurib kelganday, harsillaganicha to‘rdagi xonaga o‘zini urdi. Qopcha og‘zidagi ipni bo‘shatib, ichidagilarni yerga to‘kib tashladi. Bari – beli bukilmagan banknotlar. Sanab oxiriga yetolmaysan. Juda ko‘p!
– “Chin ko‘ngildan yig‘lasa so‘qir ko‘zdan yosh kelar”, deganlari rost keldimi, yoki Satmurod oqko‘krak-pokko‘krak bo‘lib ko‘kka yolvorganining natijasimi, bunisini bir Yaratganing o‘zi baladi, lekin voqeaning bo‘lib o‘tgani aniq edi. Ishonmay desa, mana dasta-dasta sanoqsiz pullar sochilib yotibdi. Ishonay desa... Tavba-e tavba! Satmurod ham, xotini ham tush emasmikan, deganday yonboshlarini chimchilab-chimchilab ko‘rishdi, kaftlarini tishlab ko‘rishdi. Oxiri, shularning bari rost ekaniga ishonishdi. Va...
Oilaning birinchi navbatdagi ehtiyojlariga, institutning to‘lov puliga, yangi palto va etikka, o‘zining yirtiq etigini tiktirishga, to‘yonaga deb, osmondan tushgan puldan qarzga deb olib, ishlatishdi. Qolgan pulga tegishmadi. Pul juda ko‘p edi, tugaydigan emas, shunda ham Satmurod nafsiga hay berib, sabr qildi.
Oradan kunlar o‘taverdi. Qopchani tashlab ketgan yigit qorasini ko‘rsatmadi. Yo birovni yubormadi. O‘n kun, yigirma kun, bir oy... ikki oy... o‘n oy, bir yil o‘tib ketdi. Yigitdan xabar bo‘lmadi. Suvga cho‘kdimi, qumga botdimi, gum bo‘ldi.
“Tirik bo‘lganida, shuncha pulni izlab-surishtirib bir kelardi. O‘sha kuni mashinada qochaman deb ofatga uchrab, qaytish qildimikan? Biroq, qazo topgan bo‘lsa ham shunchalik ko‘p pulni so‘rab-surishtirib kimdir, qachondir shu ko‘chadan o‘tishi kerak edi, axir. So‘roqsiz, xabar-o‘charsiz irg‘ib tushaveradigan pul – pul qanaqa pul ekan u? Balki, kim biladi deysiz, o‘sha yigit tirikdir? Yana bir yil kutayin-chi, shungachayam kelmasa, iloj yo‘q, hukumatga topshirib yuboraman-da”, degan fikrga keldi u.
Noma’lum yigitning kim ekanligini Satmurod juda bilgisi keldi. O‘g‘rimi, kazzobmi, yo‘l to‘sarmi, poraxo‘rmi? Balki uyini yoki mashinasini sotib, kattakon pulga ega bo‘lgan-u, biroq o‘sha lahzaning o‘zida qaroqchilarga uchragan bir peshonasi sho‘r odamdir, kim bilsin?!
“Qayoqdan to‘plangan pul bo‘lsa ham, biroq shu pullar men uchun halol ekanligi aniq, sababi, mening oldimga bu pullar o‘z oyog‘i bilan kelib tushdi...”
Xotini bilan necha marotaba mashvarat qurdi. Oxiri bir qarorga keldilar: yigit kelib, bu pulning qanday pul ekanligini aytmaguncha, xazina topib olganlari haqida hech kimga churq etib og‘iz ochmaslik kerak. Yaqin kunlar ichida qurilish firmasi tashkil qilib, Satmurod oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi, manavi pullarni shunga qo‘shadi – aylantiradi, o‘rgiltiradi, topgan foydasi bilan qopchadagi pulni tiklaydi, agar foyda oshib ketaversa, ana o‘sha foydanigina xarj qiladi.
U ana shunday “taktika” bilan reja tuzib, qopdagi puldan yana “qarz”ga deb pul oldi. Shunday qilib, beliga quvvat enib, “bismilloh” deb yengni shimarib ishga kirishdi.
Satmurod chaqqon, savodli, ishning ko‘zini biladigan tadbirkor chiqib qoldi. Buning ustiga mehnatkashligi ham qo‘l kelib, sal kun ichida ishlari yurishib, cho‘ntaklariga pul kira boshladi. Hozir kim ko‘p – uy quraman, hovli tiklayman, ofis bezataman deb yaxshi usta izlab yurganlar ko‘p. Satmurod mana shunday qurilish-bezaklovchi firma ochib, yosh-yosh, qobiliyatli yigitlardan guruhlar tuzib, ularni ish bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ydi. Pul oqib kela boshladi. Uch-to‘rt yilning ichida katalakdaygina uyining o‘rnida zamonaviy ko‘rinishda tiklangan, qo‘shnilarinikidan ham hashamatli qilib hovli tikladi. Keyin antiqa bir ish qildi: pult bilan ochilib-yopiladigan kattakon darvozasining ustiga yirtiq etigini osib qo‘ydi, qizig‘i, bu etiklarning bir poyi ko‘cha tomonda bo‘lsa, ikkinchisi uy tarafda edi. Albatta, chiroyli qilib tiklangan yevromanzarali uyning bejirim darvozasiga qaqqaygan bir poy etik yarashibgina turgani yo‘q. Uyni tomosha qilgani kelganlar, qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar kulishib, “Satmurod og‘a, manovi etigingni olib tashlasang-chi, sira yarashmayapti” desa, Satmurod ham darrov javob qiladi:
– E, turaversin. Hech bo‘lmasa, men tirik vaqtimda ko‘zim tushib turgani ma’qul. So‘ng, mayli, o‘zlari biladi. “Ayozxon, holingni bil, qumursqa, yo‘lingni bil” degan gap bor-ku, axir. Ertalab o‘g‘illarim, kelinlarim, qizlarim mashinada ishlariga ketayotib, albatta etikka ko‘zi tushadi. Shunda mening ro‘zg‘or tebrataman deb qanday ahvollarga tushganimni ham eslariga olar, axir. Odamzod qiziq, yigitlar-ov, odamzod qiziq, cho‘ntagi sal qappayib, puli ko‘paya boshlasa, kechagi kunini unutadi, qo‘shnilari oldidan kekkayib o‘tadigan bo‘lib qoldi. Shunday paytda darvoza oldida osilib turgan etikka ko‘zi tushsa, ko‘ngliga shayton solgan hovur bosilib, kechmish kunlarini eslay boshlaydi. Ko‘zini bosayotgan yog‘ni artib oladi...
Bu etikning dang‘ara1sining eshitgan odamlar qiziqsinib, Satmurodning ko‘chasidan mashinasini haydab o‘tadigan bo‘lishdi. Ba’zilar kula-kula bosh chayqab ketsa, ba’zilar mashinadan tushib, o‘ylanib ham qolishadi. Satmurodning eski etigini ko‘rib, tavba qilganday, g‘alati bir tusda mashinalarini sekin haydab ketishadi. Ishqilib, etikka ko‘zi tushganlarning hech biri avvalgiday manmansirab, bosar-tusarini bilmay qolayotgani yo‘q. Mendan o‘tadigan boy bormi?! deganlar etikni ko‘rgach, sal dami bosilib, o‘zlariga kelib olishyapti.
Qaysidir bir yili noyabrning izg‘irinli kunlaridan birida Satmurodning darvozasidagi qo‘ng‘iroq jiringladi. Satmurod bir qarashdanoq kelgan mehmonni tanidi.
– Uyga kir, inim! – dedi u salom-alikdan so‘ng. Choy ichgach, Satmurod gavdali yigitning oldiga ikki qopchada pul qo‘ydi.
– Mening pullarim bir qopchada edi-ku, og‘a! – dedi yigit.
– Inim-ay, “qozoning qozon tug‘di”, degan gap bor-ku, axir. Sening pullaring ham pul tug‘di, olaver, bu pullar hammasi seniki!
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.