Kunlardan birida bog‘bon ibodatxona oldiga kelib, uning eshigini taqillata boshladi. Ko‘p o‘tmay, eshik ochilib, bo‘sag‘ada taqvodor erkak ko‘rindi. Bog‘bon unga salom berib, qo‘lidagi bir bosh uzumni uzatib, dedi:
- Birodar, mana bu uzumzorimdan sizga bir tuhfa. Sizga atab olib keldim. Qo‘limni qaytarmang.
-Rahmat,-dedi xudojo‘y erkak,-Buni zudlik bilan ustozimga eltib beraman. U, albatta, xursand bo‘ladi.
-Yo‘q, Men bu mevani siz uchun olib keldim,-e’tiroz bildirdi bog‘bon.
- Menga? Nahotki? Buni tanovul qilishga mendanda loyiq isnon turganda-ya?
- Har doim mana shu yerga kelganimda dastavval eshikni siz ochasiz. Keyin menga qilgan yaxshiligingiz hech esimdan chiqmaydi.
-Qanday yaxshilik?-hayron bo‘ldi taqvodor erkak.
-Esingizdami? Bir yili qurg‘oqchilik kelib, hosilim nest-nobdu bo‘lgan edi. Ochlik tinka-madorimni quritib, o‘lim changal solganida har kun menga non va sharbat keltirar edingiz. Mana shu bir bosh uzum sizga quyosh mehri, yomg‘ir tarovatini ham baxsh etadi.
Taqvodor kishi bog‘bonning so‘zlaridan ta’sirlanib, oxiri uning qo‘lidan uzumni oldi va hujrasiga olib kirib, bir chetga qo‘ydi. Mevani yeyish istagi qanchalar kuchli bo‘lmasin, ertalab xudojo‘y uzumni ustozi oldiga olib bordi.
Ustoz shogirdidan bag‘oyat mamnun bo‘lib, uning qo‘lidan mevani oldi, biroq shu dam ko‘ngliga bir o‘y keldi:
«Necha kundan beri bir birodarim bemor yotibdi. Uzumni shunga olib borib beraman».
Shu tariqa bemor honasida uzum paydo bo‘ldi. Ammo u mevani yeyishga shoshilmadi.
«Oshpaz menga g‘amxo‘rlik qiladi. Mazali taomlar pishirib beradi. Ko‘nglimni ko‘tarishga urinadi. Kelsa, uzumni unga beraman...»
Oshpaz tushlik mahali bir kosa ovqat ko‘tarib kelganida bemor minnatdorchilik bildirib, bir chetda turgan mevaga ishora qildi:
«Mana shuni olib keting, sizga olib qo‘ygandim. Tomog‘imdan hech o‘tmayapti. Shirin taomlaringiz bilan har kuni meni xursand etasiz. Men ham bir marotaba sizning ko‘nglingizni shod etay».
Oshpaz g‘arq pishgan uzumga qarab ko‘zlari quvnadi. Uning yorqin rangi, shiraga to‘lib turgan dona-dona «sharcha»lardan tamshanib qo‘ydi. Mevani olib, ko‘chaga chiqdiyu, birdan rizaxona mudiri yodiga keldi. U bilan necha yillardan beri do‘st edi. U ham o‘z navbatida tuhfalar berib turar edi. Oshpaz uzumni shu do‘stiga tortiq qilishni ko‘ngliga tugdi.
Rizaxona mudiri uzumni olgach, darhol shogirdini chaqirdi. U ibodatxonaga kelgan o‘spirin bola. Yaratganning insoniyatga bergan ne’mati mo‘l va rang-barang, uzum shulardan biri ekanligini uqdirmoqchi, shu bilan uning ko‘nglida Tangriga nisbatan muhabbatni kuchaytirmoqchi bo‘ldi.
Shogird uzumga ega bo‘ldiyu, tuyqus xayoliga ibodatxona kalitboni keldi. Bu odam mendan ko‘ra shu mevani yeyishga haqli, chunki bu yerga kelganimda menga eshikni ochgan edi va mehr ko‘rgazgan edi,-ko‘nglidan o‘y o‘tdi va darhol ishga kirishdi. Shogird kechqurun kalitbonning oldiga borib, rizoxona mudiri hadya etgan mevani unga tutqazarkan, dedi:
-Buni sizga olib keldim. Bu yerda hammamizdan ko‘ra uzoq vaqt xizmat qilib kelyapsiz. Siz hurmatga loyiq odamsiz.
Kalitbon uzumga qaragan on tanidi. Mevani kecha bog‘bon berib ketgan edi. Bir kecha-kunduzda nechta odam qo‘lidan o‘tib, aylanib-aylanib, yana o‘ziga keldi. Uzum o‘ziga taqdir qilganini tushundi va uzviy davom etayotgan muhabbat rishtasi mustahkamligiga iqror bo‘ldi.
Umid Ali tarjimasi