Apelsinlarni o‘ynatayotgan jonglyor
Jonglyor tsirk maydoni o‘rtasiga kelib, to‘xtadi-da, qo‘lidagi uch apelsinni havoga irg‘itib, ularni chaqqonlik bilan o‘ynay ketdi. Son-sanoqsiz tomoshabinlar kiprik qoqmay, hayrat ichida jonglyorni kuzata boshladilar.
Jonglyorning ko‘rsatayotgan o‘yini ham xuddi hayotga o‘xshaydi: gohi kam, gohida ko‘p... Masalan, har birimizning qo‘limizda mana shunday uch dona apelsin bor, deb tasavvur qilaylik. Jonglyor kabi apelsinlarni birin-ketin havoga irg‘itsak, ulardan ikkitasi qo‘limizda, qolgan bittasi havoda qoladi. Ana shu havoda umbaloq oshib tushayotgani rang-baranglashib boraveradi. Deylik, biz chaqqonlik bilan irg‘itmaylik, u o‘z «xohishicha» «qanot qoqadi». Jonglyor singari orzu-umidalarimiz ko‘kka parvoz qiladi, ammo ko‘p hollarda «ko‘kka» singib ketadi. Negaki, jonglyor kabi nazorat qilishni bilmaymiz va bu orzu-umidlarga erishish uchun muttasil kurashmaymiz.
Orzuga erishish uchun jonglyor kabi muttasil kurashish lozim.
Buning iloji yo‘q
-Qachonki o‘z yo‘lingni o‘tab bo‘lsang, adog‘ida sirtida ibora bitilgan eshikka duch kelasan,-ta’kidladi ustoz shogirdini safarga otlantirayotib,-qaytib kelgach, menga hammasini so‘zlab berasan.
-Xo‘p, bo‘ladi ustoz,-deya shogird yo‘lga tushdi. U ustozi aytganidek, o‘ziga atalgan yo‘ldan uzoq vaqt yurib, oxiri yetib borgach, eshikka duch keldi va unda yozilgan iborani o‘qib, iziga qaytdi.
-Eshikda «buning iloji yo‘q» degan yozuv bor ekan,-dedi shogid ustozi oldiga kelgan zamon.
-Bu bitik devorda yozilganmidi yo eshikda?-aniqlik kiritish uchun so‘radi ustoz.
-Eshikda.
-Yaxshi. Endi borib o‘sha eshikni tutqichidan tortib, och va ichkariga kirgin,-buyurdi ustoz.
Shogird tag‘in ustozining amriga itoat etdi. U yetib kelgach, sirtiga «Buning iloji yo‘q» deb yozilgan eshikni ochdi. Eshik ochilgan zahot undagi yozuv eshikning narigi tarafida qoldi va endi shubhaga o‘rin qolmay, shogird ichkariga yo‘l oldi.
Bu kungacha eshikni hech bir shogird ocha olmagan va ichkariga kirolmagan edi. Negaki, «buning iloji yo‘q» bitigi muhrlangan eshikni ko‘rgan zahot shogirdlar ustoz oldiga boshqa qaytib bormagan edilar.
Umid Ali tarjimasi