1
Hozir katta shaharlardagi tug‘ruqxonalarda doyalar, hamshiralar va ayollar doktorlari ishlashi odat tusiga kirgan, lekin qishloq tug‘ruqxonalari hali ham bhangiy* xotinlar tasarrufida va yaqin orada bu masalada biron-bir o‘zgarish qilinishiga hech qanaqa umid yo‘q. Babu Maheshnath o‘z qishlog‘ida katta yer egasi, o‘qimishli odam, tug‘ruqxonalardagi ahvolni tubdan yaxshilash zarurligini allaqachon anglagan. Biroq bu yo‘ldagi to‘siqlarni u qanday qilib yengsin? Yaqinda shu masalada shaharga borib keluvdi. Qishloqda hamshira bo‘lib ishlayman, degan bir zot topilmadi. Qancha yalinib-yolvorgandan keyin bittasi rozi bo‘luvdi, lekin evaziga shunday katta pul talab qildiki, Babu sohib lom-mim deyolmadi, boshini egib chiqib ketishdan o‘zga chorasi qolmadi. Shu gapdan keyin ayollar doktori bilan gaplashishga yuragi dob bermadi. Ehtimol, unga maosh berish uchun Bobu sohib yarim davlatini sotishga majbur bo‘lardi. Shuning uchun uch qizdan keyin, nihoyat, to‘rtinchisiga o‘g‘il ko‘rganida, kuniga yana o‘sha Gudar bilan uning xotini yaradi.
Bolalar, odatda, ko‘proq kechasi tug‘iladi. Bir kuni kechasi tug‘ruqxona malayi kelib Gudarning eshigini shunaqangi taraqlatdiki, butun qo‘ni-qo‘shni uyg‘onib ketdi. Taraqlatadi-da! Qiz tug‘ilibdimiki, o‘limtik ovozda chaqirsa!
Gudarning oilasi bu qutlug‘ ayomga bir necha oydan beri tayyorgarlik ko‘rmoqda edi. Ular faqat bir narsadan cho‘chirdi — u ham bo‘lsa, ishqilib qiz tug‘ilib qolmasin, unda suyunchiga atab qo‘yilgan bir rupiya pul va bitta sariy o‘shandoqligicha qolib ketadi, deyishardi.
Shuni deb er-xotin necha marta jiqillashib ham olishgandi. Hatto bir gal garov ham o‘ynashgan edi.
— Agar o‘g‘il bo‘lmasa, — derdi xotini, — mening betimga qaramay qo‘ya qoling. Ha, ha, rostimni aytayapman — betimga qaramay qo‘ya qoling. Butun belgilari shundoqqina o‘g‘il bolaniki.
Eri esa derdi:
— Meni aytdi dersan, qiz bo‘ladi. Ha, qiz bo‘ladi. O‘g‘il bo‘lsa-chi, ho‘v xotin, naq mo‘ylovimni olib tashlayman. Bildingmi?
Ehtimol shunday deb Gudar xotinining o‘g‘il tug‘ishiga bo‘lgan havasini kuchaytirgan va go‘yo shu tariqa o‘g‘il tug‘ilishiga zamin hozirlagandir...
— Mana endi mo‘ylovingizni olib tashlayvering, — dedi Bhungiy eriga qarab. — O‘g‘il bo‘ladi desam ishonmasdingiz, gapimni eshitgingiz ham kelmasdi. Nuqul o‘zingiznikini ma’qullab yotardingiz. Mana endi mo‘ylovingizni men o‘zimoq olib tashlayman, bitta ham qo‘ymay olib tashlayman.
— Olsang olaqol, xotin, — dedi Gudar muloyimlik bilan. — Mo‘ylov juda qaytib chiqmaydigan narsamidi? Bugun olsang, uch kunda qarabsanki, yana boyagi-boyagi o‘sib turibdi-da! Lekin menga qara, narigi xonadondan sut haqiga tegadigan pul-mulning yarmini ishlatmay yig‘ib qo‘yamiz. Xo‘pmi?
Bhungiy, yo‘q, deb qo‘lidagi chaqalog‘ini eriga tutqazdi-da, Maheshnathnikidan kelgan odamning oldiga tushib keta boshladi.
— Hoy, menga qara, — dedi Gudar. — Namuncha chopmasang? Men ham chaqaloq muborak bo‘lsin deb birrov borib kelmasam bo‘lmaydi. Bolaga kim qaraydi axir?!
Bhungiy uzoqdan turib dedi:
— O‘sha yerga yotqizib qo‘ya qoling. Kelib, keyin emizaman.
2
Maheshnathning uyida Bhungiyning izzat-hurmatini juda joyiga qo‘yishardi — yegani oldida, yemagani ketida edi. Kuniga bir emas, to‘rt mahal ovqat bilan siylashardi — hammasi bir-biridan tansiq, emizikli xotinga sut bo‘ladigan ovqatlar. Faqat Bhungiyning emas, Gudarning ham qorni shu yerdan to‘yardi. Bhungiy bolasini bir kunda emizsa bir-ikki mahal emizardi, bo‘lmasa shu ham yo‘q. Bolaga asosan ko‘chaning sutini ichirishardi. Bhungiyning ko‘krak sutini Maheshnath sohibning peshonasi yarqiragan arzandasi emardi.
Sohibning xotini to‘ladan kelgan, sog‘lom juvon edi, biroq negadir bu gal ko‘kragiga sut kelmadi. Oldingi uchala qizini tuqqanida ham suti juda serob bo‘luvdi. Lekin bu gal ko‘kragida bir tomchi ham sut yo‘q. Sohibning bolasiga Bhungiy ham doya edi, ham enaga.
— Bhungiy, — derdi sohibning xotini, — shu bolamizni katta qilib bersang bo‘ldi, undan keyin umringning oxirigacha rohatda yashayverasan. Xo‘jayinga aytib, besh bigha yer ham oldirib beraman. Nevara-chevarang ham g‘am-tashvish nimaligini bilmay yashaydi.
Bu yoqda esa Bhungiyning erkatoyiga ko‘chaning suti to‘g‘ri kelmasdi, ichgan suti badaniga singmasdi. Natijada bola kun sayin ozib-to‘zib ketmoqda edi.
— Kennoyijon, aytib qo‘yay, bolangizning sochini oldirish marosimida menga bir juft bilaguzuk hadya qilasiz. Xo‘pmi? — dedi bir kuni Bhungiy.
— Voy, voy, singiljon, bilaguzuk sendan aylansin. Bor-yo‘g‘i shumi? Axir shunga shuncha do‘qmi? Qanaqasidan bo‘lsin: kumushidanmi yo tillasidanmi? — dedi kulib beka.
— Voy, kennoyijonim-ey! Qaysi yuz bilan kumush bilaguzuk taqaman. El-yurtga kulgi bo‘lmaymanmi?
— Ha, bo‘pti, bo‘pti. Tillasidan berganim bo‘lsin. Buyog‘iga xotirjam bo‘laver.
— O‘g‘lingizni uylantirganda-chi, menga bir shoda marjon sovg‘a qilasiz, kuyovingiz (ya’ni Gudar)ning qo‘llariga esa bittagina tilla bilaguzuk taqib qo‘yasiz-da.
— Jonim bilan. Xudo o‘sha kunlarga yetkazsin.
Maheshnathning uyida bekadan keyin Bhungiyning hukmi o‘tardi. Butun oqsoch, oshpaz xotinu xizmatkor-malaylarning hammasi uning buyrug‘ini so‘zsiz bajo keltirardi. Hatto bekaning o‘zi ham undan hayiqib turardi. Bir marta Bhungiy hatto Maheshnath sohibning o‘ziga ham tikka gapirgan edi. Lekin o‘shanda u kishi kulib yengib ketgan edi. Bhungiylar toifasi haqida gapira turib sohib: «Dunyo yuz o‘zgarsin, ming o‘zgarsin, bu bhangiylar o‘zgarmaydi, o‘sha-o‘shaligicha qoladi. Bularni odam qilish qiyin» degan edi.
Uning bu gapiga Bhungiy bunday deb javob beruvdi:
— Taqsir, bhangiylarni odam qilishning hojati yo‘q. Ularning o‘zi manamen deganlarni ham odam qilib qo‘yadi.
Bhungiy shu gapini boshqa paytda aytganida, taqsir uni sog‘ qo‘yarmidi? Lekin Maheshnath sohib xoxolab kuldi-da: «Obbo sen-ey! Shunaqa degin? Gapingdan jon bor», deb qo‘ya qoldi.
3
Biroq Bhungiyning bu uydagi hukmronligi bir yildan nari o‘tmadi. Qishloqdagi arkoni din, kazo-kazolar bolaning bhangiy ayolning sutini emayotganiga qattiq norozilik bildirdi. Hatto Mo‘teram Shastriy jiy kutilmaganda «bular bu qilmishi uchun gunohini yuvsin» deb taklif qilib qoldi. Shu gaplardan keyin bolani-ku sutdan ajratib olindi, lekin gunohni yuvish to‘g‘risidagi gapni hech kim qattiq turib talab qilmadi. Bir kuni Maheshnath sohib Shastriy jiyga bunday dedi:
— Taqsir, gunohni yuvish kerak, deb zap gapni aytdingiz-da! Kuni kechagina-ku o‘zingiz bhangiyning qonini ichardingiz. Endi u harom bo‘lib qoldimi? E, qoyil qoldim sizning o‘sha mazhabingizga!
Shastriy jiy kokilini selkillatib dedi:
— Ha, gapingiz to‘g‘ri, kuni kechagacha bhangiyning qonini ichdik. Go‘sht yeganimiz ham rost. Lekin bu gaplarning bari kechagi gaplar, hammasi o‘tib ketgan gaplar. Muqaddas shahar Jagannathpuriyda past tabaqa odamlari bilan oliy tabaqa odamlari yonma-yon o‘tirib bir idishdan ovqat yeydi. Ovqat yeyishdan oldin toza kiyim kiyish kerak, ya’ni pok bo‘lish kerak, degan aqidamiz bor. Lekin betoblikda, mana, o‘zimiz ham shu narsaga amal qilmaymiz. Salomatlik uchun zarur bo‘lsa bo‘tqa ham yeyaveramiz, taqsir. Biroq tuzalib ketgandan so‘ng yana eski holga tushamiz, ya’ni, aqidalarga amal qila boshlaymiz.
— Ya’ni, din hali unaqa, hali bunaqa bo‘lib turlanib turarkan-da?
— Bo‘lmasam-chi?! Podsho-rojalarning dini boshqa, fuqaroning dini boshqa. Xuddi shuningdek, boy-boyonlarning dini o‘zga-yu g‘arib-g‘uraboniki o‘zga ekan. Roja-maharojalar nima ovqat yeydi, kim bilan o‘tirib yeydi, kimga uylanadiyu kimga erga tegadi, buni hech kim surishtirib o‘tirmaydi. To‘siq-g‘ovlarning hammasi faqat o‘rta tabaqadagilar uchun yaratilgan.
Ish gunohni yuvish darajasiga-ku yetib bormadi, lekin Bhungiy taxtdan tushishga majbur bo‘ldi. Xizmati evaziga unga shu qadar ko‘p sovg‘a-salom tortiq qilindiki, bir o‘zi ko‘tarib ketolmadi. Va’da qilingan tilla bilaguzuk ham berildi. Bir emas, bir juft sariy sovg‘a qilindi. Sariy bo‘lganda ham unaqa-bunaqasi emas, qizlarning sepiga qo‘yiladigan quling o‘rgilsin sariylar.
4
O‘sha yili vabo tarqaldiyu birinchilardan bo‘lib Gudarni o‘z domiga oldi. Bhungiy bir o‘zi qoldi. Ro‘zg‘orni amal-taqal qilib tebratib turdi. Ozib-to‘zib o‘lar holatga tushib qoldi. Odamlar Bhungiy ana ketadi-mana ketadi, deb ko‘z tikib turdi. Lekin oradan besh yil o‘tdi hamki, u o‘lmadi. Bu orada Bhungiyning cho‘pday ozg‘in, kasalmand o‘g‘li Mangal ham chopqillab ketdi. Maheshnathning o‘g‘li Sureshning oldida u xuddi chumchuqqa o‘xshardi.
Maheshnathning uyidagi ariq necha vaqtlardan beri qarovsiz yotardi. Bir kuni Bhungiy shu ariqqa yotqizilgan quvurni tozalashga tutindi. Quvurga uzun yo‘g‘on bambukni tiqib, bor kuchi bilan silkita boshladi. O‘ng qo‘lini bor bo‘yi quvurga tiqdiyu chinqirgancha qo‘lini sug‘urib oldi. Quvurdan bir qora ilon chiqib, bir tomonga qarab o‘rmalab ketdi. Bhungiyning chinqirganini eshitib, odamlar yugurib keldi. Ular darhol ilonni yanchib tashladi, lekin Bhungiyning jonini saqlab qolisholmadi. Chunki hamma ilonni suv ilon, deb o‘ylagandi. Shu sababli biron bir chora ko‘rishga kechikishdi. Zahar Bhungiyning butun badaniga tarqab ketdi. Birpasda oyoq-qo‘li changak bo‘lib tortishdiyu, bechora jon berdi-qo‘ydi.
Mangal endi butunlay yetim bo‘lib qoldi. Uzzukun Maheshbabuning uyi atrofida sandiroqlab yurardi. Sohibning uyidan har kuni shunchalik ko‘p sarqit chiqardiki, Mangalga o‘xshagan bir emas, besh-o‘nta bolaning qorni bemalol to‘yardi. Xullas, bu uydagilar ovqatdan siqilish nimaligini bilmasdi. Xizmatkor Mangalga ovqat berayotganida idishda bermasdi, taqsimda opkelardi-da, sopol idishiga ag‘darib ketardi. Shunda Mangal juda bir xil bo‘lib ketardi. Nega endi hamma yaxshi-yaxshi idishlarda ovqat yeydiyu, men sopol idishda ovqat yeyman, deb o‘ylardi u.
Aslida-ku, u past toifa, oliy toifa, degan narsalarni uncha tushunmasdi. Lekin qishloqning bolalari qachon qarasa uning jig‘iga tegar, haqorat qilgani qilgan edi. Past toifa bilan oliy toifa o‘rtasidagi tafovut shu darajada ediki, hatto Mangal yotadigan sholcha ham harom hisoblanardi, unga qo‘l tegizib bo‘lmasdi. Maheshnathning uyi ro‘parasida Mangalning bir chaylasi bor edi. Chaylaning bor-yo‘q jihozi bittagina yirtiq sholcha, ikki dona sopol tovog‘u Maheshnath babuning bitta eski dho‘tiysidan iborat edi. Ayozda ham, saratonu yomg‘ir mavsumida ham bu chayla unga bir xilda qulay oshyon vazifasini o‘tardi. Shunday azob-uqubatlarga qaramay taqdir qurboni bo‘lmish Mangal hamon tirik edi, salomatligi ham chakki emas edi. Unda o‘ziga qarashli birgina narsasi bor edi — u ham bo‘lsa hamjinslarining jabr-zulmiga chidolmay Mangalning panohiga kelib qolgan shu qishloqning bir iti edi. Ikkovining yeydigan ovqati bir xil edi, ikkovi bitta sholchada yotib uxlardi. Ular juda bir-biriga mos tushgan edi, ikkovining orasida nizo-janjal degan narsa bo‘lmasdi.
Qishloqning din ahli Maheshnath babuning bu saxovatiga lol qolardi. «YO tavba! — derdi ular. — Shundoqqina tumshug‘ining tagida, yigirma qadam ham chiqmaydigan joyda Mangalning yotishi qaysi dinu mazhabga to‘g‘ri keladi? Tavba? Agar shu ahvol davom etaversa, yaqinda din ham adoi tamom bo‘ladi, deyaver. To‘g‘ri, bhangiyni ham xudo yaratgan. Buni biz ham yaxshi bilamiz. Ularga nisbatan adolatli bo‘lish kerakligini kim bilmaydi, deysiz?! Xudoning nomini o‘zi «osiylarning dardiga malham bo‘luvchi» , lekin jamiyatning qonun-qoidalari, degan narsa ham bor-ku. O‘sha Maheshnathning uyiga borishga hech oyoq tortmaydi, biroq nima bo‘lganda ham qishloqning kattasi, noiloj borasan. Odam borishga boradi-yu, lekin irganadi.
Mangal bilan Tamiy (kuchukning oti shunday edi) juda bir-birining ko‘nglini tushunardi. Mangal itga qarab:
— Hoy, o‘rtoq, sal nariroq surilsang-chi, men qaerda yotaman? Butun sholchani o‘zing egallab olibsanku, — derdi.
Tamiy ing-ing qilib dumini likillatardi-da, nari surilish o‘rniga yuqoriroq surilib, Mangalning yuz-ko‘zlarini yalab-yulqashga tushardi.
Mangal har kuni kechqurun o‘zining sobiq uyiga borishni kanda qilmas, o‘sha yerga borib yig‘lab-yig‘lab xumordan chiqardi-da, yana chaylasiga qaytib kelardi.
Onasi o‘lgan yili uyning poxol tomi bosib tushgan edi. Kelasi yili devorning yarmi qulagandi. Devorning butun qolgan qismi kungurador bo‘lib qolgan edi. Mangal mehr va qadrni shu yerda topgan edi. O‘sha kunlar xotirasi, jozibasi va o‘sha paytlar mehr-muhabbati uni shu yerga yetaklab kelar, har gal Tamiy unga hamroh bo‘lar edi. Mangal kungurador devorga chiqib o‘tirib olardi-da, o‘tgan kunlar va kelajak haqida xayol surib ketardi. U shu alpozda o‘y surar, kuchuk esa hadeb Mangalga qarab talpinar edi.
5
Bir kuni shunday voqea yuz berdi: ko‘chada uch-to‘rtta bola o‘ynamoqda edi. Mangal ham keldi-da, nariroqda turib o‘yinni tomosha qila boshladi. Sureshning unga rahmi keldimi yo o‘yin o‘ynashga odam yetmay qoldimi, har qalay, o‘rtoqlariga taklif qildi:
— Kelinglar, bugun Mangal ham biz bilan o‘ynay qolsin. Bu yerda bizni kim ko‘rib o‘tiripti. Mangal, o‘ynaysan-a?
— Yo‘q, birodar, o‘ynamayman, — javob berdi Mangal, — Taqsir ko‘rib qolsalar bormi, naq terimni shilib oladilar. Senga nima? Senga hech balo bo‘lmaydi.
Suresh dedi:
— E-e, kalla, bu yerda seni kim ko‘rib o‘tiripti? Ke, ot-ot o‘ynaymiz. Sen ot bo‘lasan, biz seni minamiz. Sen chopasan.
— Hadeb men ot bo‘laveramanmi yo men ham minamanmi? Qani, shuni aytchi, — shubha bildirdi Mangal.
Bu juda qaltis savol edi. Buni hech kim o‘ylab ko‘rmagan edi. Chunonchi Suresh birpas turib, dedi:
— Sen o‘zing bir o‘ylab ko‘r: sen o‘zi bhangiymisan yo nimasan? Gapingni o‘ylab gapiryapsanmi?
Mangal ham bo‘sh kelmadi:
— Men senga «men bhangiy emasman» deyapmanmi? Lekin bir gapni bilib qo‘y: seni mening onam sut berib boqqan. Agar men ham minadigan bo‘lsam, o‘ynayman. Bo‘lmasam, o‘ynamayman, o‘yinlaring o‘zlaringga siylov! Juda ustasanlar-a, bular mazza qilib minib yurarmish-da, men nuqul ot bo‘larmishman. Ha, yoqmay qolsin!
Suresh «ot bo‘lmaganingga qo‘ymayman», deb o‘shqirdi-da, unga qarab otildi. Mangal qochdi, u quvlay boshladi. Mangal qadamini tezlashtirdi. Suresh bo‘kib ovqat yeyaverib, po‘k bo‘lib qolmaganmi, chunonchi bir zumda nafasi bo‘g‘ziga tiqildiyu, chopolmay qoldi. To‘xtab qoldi-da, baqirdi.
— Ho‘ Mangal, ot bo‘l deyapman senga. Bo‘lmasa, qo‘lga tushsang, naq o‘lasi qilib uraman.
— Men ot bo‘lsam, unda sen ham bo‘lasan.
— Bo‘pti, ke, men ham ot bo‘laman.
— Shunaqa deysan-da, bo‘lmaysan. Avval sen ot bo‘lasan, men minaman. Ana undan keyin men ot bo‘laman.
Suresh rostdan ham uni laqillatmoqchi edi. Mangalning talabini eshitdiyu o‘rtoqlariga qarab dedi:
— Ana, eshitdinglarmi bu yaramasning gapini? Bhangiy-da, bhangiy!
Uchala o‘rtoq Mangalni tutib oldi-da, ot bo‘lishga majbur qildi. Suresh Mangalning ustiga o‘rnashib o‘tirib oldi-da, «Chu, chu, otginam, qani yuraqol» dedi.
Mangal ozgina joygacha yurib bordi, lekin Suresh shu qadar zil-zambil ediki, bechora Mangalning beli chiqib ketay dedi. Shunda u sekingina engashdi-da, Sureshning oyoqlari orasidan sirg‘alib chiqib ketdi. Suresh «gurs» etib yerga tushib, arillay boshladi.
Uning yig‘isini onasi eshitdi. Suresh qaerda yig‘lamasin, onasining o‘tkir qulog‘i arzandasining ovozini darrov ilg‘ab olardi, chunki u juda boshqacha yig‘lardi — tovushi xuddi parovozning chinqirig‘ini eslatardi.
Beka xizmatkor ayolga qarab buyurdi:
— Sureshning yig‘isi eshitilyapti. Chiqib qara-chi, kim urishtiykin?
Shu payt ko‘zini ishqalab Sureshning o‘zi kirib keldi. U qachon yig‘lasa, albatta, yig‘isini oyisining oldiga opkelardi. Oyisi darrov aylanib-o‘rgilar, qo‘liga biron shirinlikmi, meva-chevami tutqazib ovutardi. U kishining yoshlari sakkizda ediyu, lekin aql degan narsadan tariqcha ham yo‘q edi. Haddan ziyod osh-ovqat tanasini qay ahvolga solgan bo‘lsa, behad erkalash ham uning aqlini shu ko‘yga solib qo‘ygan edi.
— Ha, Sureshginam, nega yig‘layapsan? Kim urdi?
— Mangal tegib ketdi, — dedi yig‘lab turib.
Mangal shunchalik yuvosh ediki, undan biron-bir shumlik chiqadi, deb hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Shuning uchun onasi avvaliga o‘g‘lining gapiga ishonmadi. Lekin Suresh hadeb qaytaraverganidan keyin ishonmaslikka iloji qolmadi. O‘sha zahoti Mangalni toptirib keldi-da, koyiy boshladi:
— Ha, Mangal, juda qilig‘ing chiqib qoliptimi? Senga ming marta aytganman, Sureshning u yer-bu yeriga tegib ketma, deb, yo esingdan chiqdimi?
— Yo‘q, esimdan chiqqani yo‘q, — javob berdi Mangal eshitilar-eshitilmas qilib.
— Unday bo‘lsa, nega qo‘ling tegib ketdi?
— Mening qo‘lim tegmadi.
— Qo‘ling tegmagan bo‘lsa, bu nega yig‘layapti?
— Yiqilib tushdi, shuning uchun yig‘layapti.
Ana surligu mana surbetlik! Bekaning a’zoyi badaniga o‘t tutashib ketdi, lekin tishini tishiga qo‘ydi. Qo‘li bilan ursa, harom bo‘ladiyu, o‘sha zamoni boshdan-oyoq yuvinishga to‘g‘ri keladi. Kaltak olib ursa ham harom, shu kaltakdan o‘tib, uning butun badaniga tarqaydi. U bisotidagi bor qarg‘ishlarini ishlatish bilan cheklanib qo‘ya qoldi.
— Qani, hoziroq chiqib ket bu yerdan, — deb o‘shqirdi u Mangalga. — Ikkinchi shu yerda qorangni ko‘rsam, xuddi qoningni ichaman! Tekin tomoqni yeb-eb, juda pishqirib ketibsan-da, a?
Mangal-ku uyat-puyat degan narsani bilmasdi. Lekin qo‘rquv degan narsa bor edi. U indamaygina sopol tovoqlarini oldi, yotadigan bir bo‘lak sholchasini qo‘ltig‘iga qistirdi-da, yelkasiga dho‘tiysini tashlab, yum-yum yig‘lagancha yo‘lga tushdi. U endi hech ham bu yerga qaytib kelmaydi. Nima bo‘lardi, ochdan o‘lib ketadi-da. O‘lsa o‘lar! Bunaqa hayotdan o‘lgani yaxshi emasmi? Endi qishloqda panoh izlab qayga boradi? Kim ham bhangiyga boshpana beraman, deb turipti? Mangal shu gaplarni xayolidan o‘tkazdi-da, o‘zining tashlandiq uyiga borishga qaror qildi. Shu yerda o‘tgan yaxshi kunlar xotirasigina uning dardiga malham bo‘lishi mumkin. Ahvolini o‘ylab, Mangal o‘kirib-o‘kirib yig‘lay boshladi.
Shu topda kuchuk ham uning oldiga yetib keldi. Ikkovi yana birga, ikki g‘arib bir-biriga hamdam, go‘yo g‘am-alamlar unutilganday edi...
6
Kun botib, qosh qoraygan sari Mangalning g‘am-g‘ussasi ham tarqay bordi. Ko‘nglini behuzur qilib yuboradigan ochlik badanidagi qonni so‘ra-so‘ra tobora kuchga kirmoqda edi. Mangal o‘qtin-o‘qtin sopol tovog‘iga qarab-qarab qo‘yardi. «U yoqda bo‘lganimda, hozir Sureshning sarqitlarini yeb o‘tirardim, — deb ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Bu yerda-chi? Ochimdan o‘laman shekilli».
Mangal kuchugidan maslahat so‘raganday dedi:
— Tamiy, men och yotaveraman. Sen nima yeysan?
Bunga javoban it ing-ing qilib qo‘ydi. Hoynahoy, u o‘zining tilida bunday demoqchi bo‘lsa kerak:
— Bunaqa xo‘rlikni ikkimizning peshonamizga yozib qo‘yibdi. Endi o‘lguncha shundoq bo‘ladi. Halitdan ruhing tushsa, bu yog‘i nima bo‘ladi? Mana, meni qara: hali birov kaltak bilan urgan, hali birov so‘kib haydagan, lekin oradan birpas o‘tmay men yana dumimni likillatib o‘sha odamning oldiga boraveraman. Ikkalamiz ham shuning uchun yaratilganmiz. Tushundingmi, birodar?..
— Bo‘pti, endi sen bor-da, u-bu narsa yeb kel. Meni qo‘yaver, — dedi Mangal.
— Bitta o‘zim bormayman. Borsam sen bilan birga boraman, — dedi go‘yo it o‘zining soqov tilida.
— Unda men ham bormayman.
— Ochingdan o‘lasan-ku.
— Sen-chi? Sen o‘zing tirik qolasanmi?
— Mening birovim bormidiki, menga kuyib yig‘laydigan. Mening ahvolim senikidan yaxshi emas,— degandek bo‘ldi it Mangalga qarab. — Qishloqning chetida bir qanjiq bilan tanishgan edim. O‘sha endi bevafolik qildi — meni tashlab boshqasi bilan ketib qoldi. Yaxshiyamki, bolalarini o‘zi bilan olib ketdi. Bo‘lmasa, boshim azobdan chiqmay qolardi. Bir emas, besh bolani kim boqardi, deysan?
Birpasdan keyin ochlik navbatdagi hiylani o‘ylab chiqardi:
— Beka hozir bizni qidirayotgan bo‘lsa kerak. Sen nima deysan, Tamiy, — dedi Mangal.
— Bo‘lmasam-chi! Babujiy bilan Suresh hozir ovqatlanib bo‘lishgan. Xizmatkor ulardan qolgan ovqatni yig‘ishtirib olib, bizni chaqirishayotgandir.
— Babujiy bilan Sureshning taqsimidagi ovqat juda yog‘li bo‘ladi-da. Anovi mazali narsa boru, oti nimaydi, ha topdim — qaymoq! Biram mazali, biram shirinki o‘sha!
— Ular hamma ovqatni shundoq axlatga tashlab yuborgan bo‘lsa kerak.
— Qani ko‘ramiz, bizni bitta-yarimta odam yo‘qlab kelarmikin.
— Kim yo‘qlab kelardi seni? Sen oliy tabaqali barahmanmiding, seni birov so‘rab kelsa. Bir martagina «Mangal» deb chiqirgan bo‘lsa, chaqirgandir. Undan keyin ovqatni axlatga ag‘darib, qaytib kirib ketaveradi.
— Bo‘pti, yur, borib ko‘ramiz, lekin men bir chekkada bekinib turaman. Aytib qo‘yay, agarda birov mening otimni atab chaqirsa chaqirgani, chaqirmasa, men shartta qaytib kelaveraman.
Ikkovi yotgan joyidan turdi-da, Maheshnathning uyiga yaqinlashdi, eshikning tagida biqinib turib olishdi. Lekin Tamiy chidab tura olarmidi? Sekingina ichkariga kirib ketdi. Qarasa, Maheshnath bilan o‘g‘li ovqatni paqqos tushirib yotishibdi. Tamiy dahlizga kirib o‘tirib oldi, lekin bitta-yarimtasi tayoq bilan solib qolmasin degan xavotirda edi.
Ikkita xizmatkor o‘zaro suhbatlashmoqda edi:
— Bugun Mangal ko‘rinmayapti. Hali beka rosa urushuvdi, ketib qolgan bo‘lsa kerak.
— Juda ko‘ngildagidek bo‘ldi-da o‘shaning daf bo‘lgani. Kallai saharlab bhangiyga ko‘zing tushardi, keyin kun bo‘yi odamning ko‘ngli xijil bo‘lib yurardi.
Bu gapni eshitib, Mangal turgan yerida yana ham biqinib oldi. Butun orzu-umidlari puchga chiqdi.
Maheshnath ovqatini yeb, o‘rnidan turdi. Xizmatkor uning qo‘liga suv qo‘ya boshladi. Endi chilimini chekadiyu uyquga ketadi. Hozir Sureshga oyisi ertak aytib beradi. Keyin u ham uxlaydi. Sho‘rlik Mangal bilan kimning necha pullik ishi bor? Mana shuncha paytdan beri turipti, bir inson uning nomini tilga olgani yo‘q.
Mangal yana birpas umidsizlanib turdi. Chuqur bir xo‘rsindi-da, endi ketmoqchi bo‘lib turuvdi, xizmatkorning taqsimda ovqat opkelayotganini ko‘rib qoldi.
Mangal endi chidab turolmadi. Shartta bekingan joyidan yoruqqa chiqdi.
— Ie, Mangal, qayoqda yuruvding? Biz seni ketib qoldi, deb o‘ylovdik. Axlatga tashlagani opketayotuvdim. Ma, yeb olaqol.
— Men qachondan beri shu yerda turipman, — dedi Mangal nihoyatda itoatkorlik bilan.
— Nega bir og‘iz indamading?
— Indagani qo‘rqdim.
— Ha, bo‘pti, ol, yevol.
Shunday deb xizmatkor qo‘lidagi taqsimni ko‘tarib, sarqitni Mangalning hovuchiga ag‘dardi. Mangal unga o‘ta minnatdor nigoh bilan qaradi.
Bu orada Tamiy ham ichkaridan chiqib kelib qoldi. Ikkovi yana o‘sha naym daraxtining tagiga o‘tirib, birga ovqat yeya boshlashdi.
— Ko‘rdingmi endi qorin balosi qanaqa bo‘lishini? — dedi Mangal bir qo‘li bilan ovqat yeb, ikkinchi qo‘li bilan itning boshini silab turib. — Agar shu sarqit ovqat ham bo‘lmaganda, unda nima qilarding, a, Tamiy?
Tamiy dumini likillatib qo‘ydi.
— Sureshni mening oyim sut berib boqqan.
Tamiy tag‘in dumini likillatdi.
— Odamlar aytadiki, sut haqini hech qachon ado etib bo‘lmas ekan. Mana, menga tegayotgan sut haqi!
Tamiy yana dumini likillatib qo‘ydi.
Hind tilidan Ansoriddin Ibrohimov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 1-son