OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Mrinmoyi (hikoya)

I

Opurba kolledjni bitirib, Kalkuttadan uyiga qaytib kelmoqda edi.
Mana, kichkina soyga ham yetib keldi. Yomg'irlar tinganada bu soy juda kamsuv bo'ladigan edi, biroq hozir, srabon oyining oxiri bo'lsa ham, uning suvi ko'tarilib, qishloq devorlari va bambukzorlar etagigacha chaypalib yotibdi.
Qanchadan beri qovog'i osilib yotgan havo bugun ochilib, birinchi marta oftob ko'rindi. Agar biz shu zumda qayiqda o'tirgan Opurbokrishnaning yuragiga nazar sola olganimizda, unda ham oftob nurlarida charaqlab, shabadada tebranib, toshqin daryo kabi oqqan yoshlik xayollarini payqagan bo'lardik.
Qayiq qishloq pristaniga kelib to'xtadi. Shu qirg'oqdan, daraxt yaproqlari orasidan, kindik qoni to'kilgan uyining tomi ko'rinib turardi. Uning kelishidan uydagilar hali bexabar, shuning uchun pristanda kutuvchilar ham yo'q. Qayiqchi Opurbaning sakvoyajini ko'tarib olmoqchi bo'lganida, yigit uzr aytib, o'zi ko'tarib oldi-da, quvonganidan shoshilgancha qayiqdan sakradi. Sohilning xuddi shu yeri toyg'oq loy edi, Opurba sakrab tushgan hamon sirg'anib ketib, qo'lida sakvoyaji bilan loyga yiqildi. Shu payt qayoqdandir shunday sho'x qahqaha yangrab eshitildiki, bu ovozdan hatto yaqin oradagi daraxtlardan qushlar ham hurkib uchib ketdi. Hijolatda qolgan Opurba darhol uyoq-buyog'ini tozalab, atrofga qaradi. Nariroqda savdogar qayig'i yonida g'isht uyulib yotardi. Yigit ana shu g'isht ustida o'tirib ichagi uzilguday bo'lib kulayotgan bir qizni ko'rib qoldi.
Opurba uni tanidi, u yangi qo'shnilarining qizi Mrinmoyi edi. Ilgari bu qizning oilasi uzoqda, azim bir daryo sohilida yashardi. Toshqindan so'ng u yerdan ko'chishga majbur bo'ldilar. Mana endi ikki-uch yildan buy on shu qishloqda turishadi.
Bu qiz to'g'risida ko'p g'alati gaplar tarqagan edi. Erkaklar oqko'ngillik bilan uni, erkatoy bo'lib o'sgan qiz, desalar, xotinlar uni haddidan oshgan o'zboshimcha, deb malomat qilardilar. U, qishloqdagi hamma o'g'il bolalar bilan inoq, ammo o'z tengi qizlarni o'lguday yomon ko'rardi. Mrinmoyi bolalar olamining kichkina zo'ravoni edi.
Otasining erkatoyi bo'lganidanmi yo boshqa biror sababdanmi, ishqilib, Mrinmoyi juda o'jar edi. Onasi o'z yaqinlariga, qizimni juda ham erkalatib yubordi, deb eridan tez-tez shikoyat qilib turardi. Ammo otaning qiziga bo'lgan cheksiz muhabbatini, Mrinmoyining ko'zyoshlari unga nechog'li qattiq ta'sir qilishini bilib, eri yo'qligida ham qizni uncha xafa qilgisi kelmasdi.
Mrinmoyi kaltagina jingalak sochlari hamisha yelkasiga tushib turadigan qorachagina qiz edi. Uning chehrasi o'g'il bolani eslatardi: qora shahlo ko'zlarida na nozu karashma, na tortinish, na qo'rquv alomati bor; u baland bo'yli, qomati juda kelishgan, sog'lom va kuchga to'lgan payti edi. Ammo uning necha yoshga kirganini hech kim o'ylamasdi ham. Bordi-yu, bu haqda gap ochilguday bo'lsa ham, odamlar uning ota-onasini, shu choqqacha qizni erga berishmabdi, deb ayblay boshlashlari turgan gap edi.
Qishloq pristaniga biror notanish zamindorning qayig'i kelib to'xtaguday bo'lsa, dehqonlarni vahima bosar, xotinlar esa yuzlarini bekitardilar, Mrinmoyi bo'lsa, to'zg'igan sochini ham yig'ishtirmay, bitta-yarimtaning yalang'och bolasini ko'tarib olib, daryo sohiliga qarab chopardi. U xavf-xatarsiz joyda o'sgan yosh kiyikka o'xshardi, sira xadiksiramay, notanish kelgindiga rosa zehn solib, keyin dugonalariga uning yurish-turish, aft-angorini batafsil tavsiflab berardi.
Opurba kanikul vaqtlarida kelib, bu qizni bir necha bor ko'rgan. Bo'sh vaqtlarida, ba'zan esa mashg'ulot ustida ham shu qizni o'ylagani-o'ylagan edi. Har kun son-sanoqsiz odamlarning chehrasiga ko'zimiz tushadi, ammo shularning ba'zi birlarigina ko'nglimizga so'zsiz o'rnashib qoladi. Bu, ularning sohibjamol bo'lgani uchun emas, qandaydir, o'shalaming o'zlarigagina xos bo'lgan fazilatlar tufayli yuz beradi. Nazarimda, bu — har shaxsdagi o'ziga xoslikning ifodasi bo'lsa kerak. Ko'pincha odamning xulqini bir qarashda bilib bo'lmaydi. Ammo kishining ichki olamini yoritib turgan chehrani minglab odamlar orasidan ajratish mumkin va u xotiramizda naqsh bog'lab qoladi. Xuddi kiyikday yovvoyi bu shaddod qizning ko'zlarida, butun qiyofasida cheksiz latofat barq urib turar edi. Binobarin, bu serjilva chehrani bir ko'rgach, esdan chqarish mumkin emas edi.
Mrinmoyining kulgisi qancha yoqimli bo'lmasin, uning Opurbaga malol kelganini o'quvchilarga uqtirishning hojati bo'lmasa kerak. U shoshilgancha narsalarini qayiqchiga tutqazdi-da, xijolatdan qizargan holda, uyiga qarab tez yurib ketdi.
Bu voqea ro'y bergan joyning manzarasi juda go'zal edi: daraxtlar soya solgan soy qirg'og'i, qushchalarning chag'ir-chug'uri, asta bosh ko'tarayotgan quyosh va yigirma yashar navqiron! G'ishtla bu manzaraga bir darajada nuqis bo'lib ko'rinsa ham, unda o'tirgan jonon bu qattiq, o'ng'asiz kresloga ajoyib husn bo'lib turardi...
Birov bu go'zallik olamiga birinchi qadam qo'yganida nozik hislar kulgiga aylantirilsa — bundan ortiq shafqatsizlik bo'larmikin?

II

Opurba, kiyimlari loy, daraxtlar soyasiga yashirinib, qo'lida narsalari va sharfini ushlagancha uyiga yetib kelganida ham quloqlari ostida boyagi quvnoq kulgi eshitilib turardi.
Yolg'iz onasi o'g'lining kutilmaganda kelishidan behad quvonib ketdi. Xizmatchilar o'sha zahotiyoq sutga, nonga, baliqqa yugurdilar, qo'shni uylarda ham tashvish, taraddud boshlandi.
Tushki ovqat mahalida onasi to'ydan gap ochdi. Opurba bu xil suhbatga tayyor edi: uni allaqachon bir qiz bilan unashtirib qo'yishmoqchi edi-yu, lekin davr ruhiga sodiq yigit, san'at bakalavri unvonini olmaguncha uylanmayman, deb turib olgan edi. Onasi bu kunni juda uzoq kutdi, endi har xil bahonalar foydasiz edi.
— Avval kelin topilsin, keyin bir gap bo'lar, — dedi yigit.
— Buning tashvishini qilma, kelin tayyor, — dedi onasi.
Opurba o'zi ham ish shu darajaga yetganini fahmlab:
— Axir, qizni ko'rmasdan uylanib bo'lmaydi-ku! — dedi.
Ona umrida bunaqa gaplarni sira eshitmaganini ko'nglidan o'tkazdi-yu, lekin o'g'liga e'tiroz qilmadi.
Kechasi Opurba chiroqni o'chirib, yolg'iz yotog'ida uzoq vaqtgacha uxlolmadi. Yomg'irli tun sukunatida uning quloqlariga uzoqdan o'sha quvnoq kulgi eshitilganday bo'lardi. U, ertalabki voqeaning og'ir taassurotini bir iloj qilib o'zgartish payida edi.
«Mening uzoq vaqt Kalkuttada yashagan, ko'p narsani biladigan Opurbakrishna ekanligimni bu qiz bilmasdi-da, axir, — dedi yigit o'z-o'ziga, — tasodifan toyib ketib loyga yiqilgan bo'lsam ham, bunday masxarali kulgiga loyiq bir qishloqi bola emasligimni bilmagandir-da».
Opurba ertasiga kelin ko'rgani borishi lozim edi. Yo'l uzoq emas, qiz shu mahallaning o'zidan. Yigit o'ziga juda oro berib kiyindi. Dxoti va chadorni yechib, ipak kashta tikilgan ko'ylagini kiydi, ko'k salla o'radi, yangi tufli kiyib, qo'lida shohi soyabon bilan ertalab yo'lga tushdi.
Bo'lajak qaynota eshigida uni zo'r tantana bilan kutib oldilar. Nihoyat, kelinni kuyov huzuriga olib chiqish payti ham keldi. Upa-elik, zeb-ziynatlar bilan oro berilgan qiz yimgil, guldor liboslarga o'ralib, iymanibgina chiqib keldi. U burchakda siqilib, boshini tizzasiga egib, sas-sadosiz o’taverdi. Uning orqasida yosh xonimga dalda berish uchun keksa xizmatchi xotin tik turardi. Bu orada kelinning o'smir ukasi o'zlariga qarindosh bo'lishni xohlagan janobning sallasiga, soatining zanjiriga va endi sabz urgan mo'yloviga mahliyo bo'lib qarab qolgan edi.
Opurba ancha vaqtgacha mo'ylovini silab, oxiri jiddiy ohangda kelindan so'radi:
— Nimalar o'qiyapsan?
Qat-qat kiyimlarga burkanib o'tirgan uyatchan kelin¬dan hech qanday javob bo'lmadi. Biroq savol yana bir necha marta takrorlangach, shuningdek, orqadan rag'batlantirish turtkilaridan keyin, qiz birato'la sharillatib sanab berdi:
— «Charupatx»ning  ikkinchi qismini, grammatikaning birinchi qismini, jug'rofiyani, hisobni, Hindiston tarixini o'qiyapman.
Shu payt ko'chada shoshqin, qadam tovushi eshitildi, bir lahzadan so'ng, sochlari to'zib yelkasiga tushgan, hansiragan Mrinmoyi kirib keldi. U Opurbakrishnaga zarracha ham e'tibor qilmay, kelinning ukasi yoniga borib, uning yengidan tortdi. Kuyovga mahliyo bo'lib o'tirgan Rakxal o'rnidan turishga sira ko'nmadi. Cho'ri xotin ovozini mumkin qadar muloyimroq qilib Mrinmoyini urishib berdi. Opurbakrishna bor kuchi bilan jid¬diy va sipo bo'lishga urinardi, to'yona sallasi ostida peshonasining biron joyi qimir etmadi, qo'llari esa cho'ntak soatining zanjirini tortardi. Mrinmoyi sherigini olib chiqishga ko'zi yetmagach, uning yelkasiga qarsillatib bitta tushirdi-yu, kelinning yuzidan pardani shartta tortib olib, uydan dovulday chiqib ketdi. Cho'rilar sarosimada qiy-chuv ko'tardilar. Rakxal bo'lsa, shunday bir vaqtda opasining yuzi ochilib qolgani uchun xandon urib kulib yubordi.
Mrinmoyi yelkasiga qattiq urib qochsa ham, Rakxal xafa bo'lmadi, chunki bu xil erkalatishlar ular orasida odat tusiga kirib qolgan. Chunonchi, Mrinmoyining ham soch o'rimi uning aybi bilan tez-tez buzilib, sochlari yelkasida to'zib yurardi. Mana shu bola bir kuni qizning orqasida yashirinib, qaychi bilan uning bir tutam sochini kesib ham tashlagan. O'shanda Mrinmoyining qattiq jahli chiqib, uning qo'lidan qaychini tortib olib, qolgan sochini ham o'zi qirqib tashlagan, turmaklangan sochlari esa uzilgan uzum boshidek yerda sochilib qolgan edi... ular bu xil hazillarga o'rganib qolishgan.
Mrinmoyi ketgach, kelin ko'rish marosimi bo'linib qoldi. G'ujanak bo'lib o'tirgan kelinni bir amallab o'ngladilar, keyin u cho'rilar bilan birga ichkariga kirib ketdi.
Opurba favqulodda jiddiy tusga kirib, endigina sabz urgan mo'ylovini chimdib-chimdib o'rnidan turdi-da, eshik tomon yurdi. Biroq eshik oldiga kelib, ipak bahiya tikilgan yangi tuflisini topolmadi. Hamma urinishlar behuda ketdi — tufli yo'q edi. Mezbonlar g'oyat o'ng'aysiz holda qoldilar, faraz etilgan aybdor (Mrin¬moyi) haqorat va ta'nalar ostida qoldi. Uzoq qidirishlardan so'ng Opurbaga uy egasining eski, yirtiq sandalini kiyib ketishdan o'zga chora qolmadi. Shu ahvolda, ustida qimmatbaho sarpolar, boshida salla, oyog'iga yirtiq sandal kiyib, qishloqning loy ko'chalaridan ehtiyot bilan yurib, uyiga ravona bo'ldi. U kimsasiz tor so'qmoqdan yurib, hovuz bo'yiga yetganda qattiq masxaraomuz kulgi sadosi eshitildi. Go'yo daraxt shoxlarida bekinib o'tirgan o'rmon parisi bu g'alati tuflini ko'rib o'zini tutolmay xandon urmoqda edi.
Opurba beixtiyor to'xtab qoldi, hadiksirab atrofga qaradi. Shu paytda butalar orasidan haligi shaddod masxaraboz paydo bo'lib, Opurbaning oldiga uning yangi tuflisini qo'yib, o'zi qochmoqchi bo'ldi. Ammo yigit uning ketidan quvib, qo'lidan ushlab qoldi. Mrinmoyi qochib qutulaman deb behuda urinardi. Uning kulgidan gul-gul ochilgan, sochlari to'zg'ib tushgan sho'x chehrasiga birdan yarq etib quyosh shu'lasi tushdi. Opurba ham qaynab turgan buloqqa tikilib uning tubini ko'rishga intilgan yo'lovchiday, Mrinmoyining durkun yuziga va tiniq
ko'zlariga tikilar edi. So'ngra o'z murodiga yetmaganday istar-istamas qizning qo'llarini bo'shatib, asirasini qo'yib yubordi. Bordiyu Opurba jahl ustida uni urganida ham, qiz hech bir taajjublanadigan emasdi. Biroq u, kimsasiz so'qmoqdagi bu g'alati — so'zsiz jazoning mohiyatini tushunolmadi. Yoqimli kulgi raqqosa tabiatning bilaguzuk jarangiday havoni to'ldirdi. Xayollarga cho'mgan Opur-bakrishna esa asta-sekin yurib uyiga ketdi.

III

Opurba onasi bilan uchrashmaslik uchun turli bahonalar topib, kuni bilan ichkariga kirmadi. U hatto kechki ovqatni ham qo'shnilarinikida yeb, uyga juda kech qaytdi.
Opurbadek oqil, olim bir kimsaga nodon bir qizcha oldida o'z tabiatidagi olijanoblik va yashirin g'ururni ochish nega bunchalik zarur bo'lib qolganini tushunish ancha qiyin edi. Axir, qandaydir bir qishloqi qiz uni oddiygina odamlardan biri deb o'ylasa nima bo'pti? Mrinmoyi qisqa bir vaqt ichida uni masxaralab, keyin batamom unutgan va Rakxal degan nodon bir bolaga qiziqib qolgan bo'lsa, buning Opurbaga nima daxli bor? Opurbaning «Jahon mash'ali» degan oylik jurnalga uzundan-uzoq taqrizlar yozib turishini yoxud uning chamadonida atir, tufli, rangli qog'oz va «Fisgarmoniya chalish qoidalari» kitobi bilan birga, yarim kechada tongni kutganday burchakka yashirinib o'z tantanasini kutayotgan, bir daftarga zich qilib yozilgan asari ham borligini bu qizchaga tushuntirib o'tirish zarur ekanmi? Biroq ko'n-gilni ko'ndirish qiyin, hurmatli san'at bakalavri Opurbakrishna Ray bu sho'x qizaloq oldidagi mag'lubiyatini sira tan olgisi kelmasdi.
Qosh qorayib, Opurba ichkari kirganda, onasi so'radi:
— Xo'sh, qiz qalay ekan, o'g'lim? Senga yoqdimi?
— Men bir necha qizni ko'rdim, oyi, — dedi xijolat tortib Opurba, — shulardan biri menga yoqdi.
— Shoshma, sen u yerda yana kimni ko'rding? —hayron bo'lib so'radi onasi.
Ko'p sha'mayu ishoralardan so'ng ona fahmladiki, o'g'liga qo'shnilari Shorotning qizi Mrinmoyi yoqib qolgan ekan. O'qimishli o'g'ilning didiga balli-e!
Opurba dastavval bir oz hayiqibroq turdi, ammo onasining qat'iy noroziligini ko'rgach, uning tortinchoqligidan asar ham qolmadi. U Mrinmoyidan boshqa hech kimga uylanmayman, deb qattiq turib oldi. Haligi boshqasini, qo'g'irchoqdek qimir etmay o'tiradigan qizni o'z qallig'i deb ko'z oldiga keltirgan hamono yuragida umuman nikohga qarshi zo'r nafrat uyg'onar edi. Ikki-uch kun janjal, aytishish bilan o'tdi. Yigit bir necha bor ovqatdan voz kechib, kechalari uxlamay, nihoyat, onasini ko'ndirdi.
Shundan so'ng ona o'ziga bunday tasalli beraboshladi: Mrinmoyi hali yosh bola, onasi uni o'qitishga, tarbiya berishga qodir emas, shuning uchun to'ydan keyin qiz erinikiga ko'chib keladi. Ana o'shanda u qaynonaning qo'liga tushib, tez kunda xulqi ham o'zgarib ketadi.
Asta-sekin u Mrinmoyi chiroyli qiz degan fikrga ham o'zini ko'niktira boshladi. Ammo kelinning paxmoq sochlarini ko'z oldiga keltirganida, yuragi yana qayg'u-hasratga to'lardi. Lekin, bu sochlarga yaxshilab yog' surkab, tasma bilan mahkam tortib bog'lansa, borib-borib bu nuq-son ham yo'qoladi, deb umid qilardi.
Opurbaning bu maylini hamma qo'shnilar o'tkinchi havas deb hisoblardilar. Tentak Mrinmoyi ko'plarga ma'qul bo'lsa ham, hech kim o'z o'g'liga munosib qalliq deb o'ylamas edi.
To'y to'g'risida Mrinmoyining otasi Ishan Mojumdarga xabar qildilar. U bir paroxodchilik kampaniyasida xizmat qilar, uzoq pristandagi tunuka tomli katalak bir xonada yuk jo'natish va bilet sotish bilan band edi.
Qizining turmushga chiqishini eshitib Ishan ho'ngrab yig'lab yubordi. Bu ko'zyoshlari alamdanmi, quvonchdanmi — buni hech kim aniq bilmas edi.
Ishan Mrinmoyining to'yi munosabati bilan xo'jayiniga ariza berib otpuska so'radi. Ammo sohib buni arzimagan vaj ekan deb iltimosni rad etdi. Bu ham bo'lmagach, Ishan, to’yni Pudja bayramigacha kechiktiringlar, shundagina men borishim mumkin deb uyiga xat yozdi. Biroq Opurbaning onasi, shu oyda xayrlik kun bor, biz to'yni sira ham kechiktirolmaymiz, deb turib oldi.
Iltimosi ikkinchi marta rad etilgach, Ishan e'tirozni bas qilib, yuragida alam bilan yuk tortish, bilet sotishda davom etdi.
Bu orada Mrinmoyining onasi va qishloqning hamma keksa ayollari qizga bundan so'ng o'zini qanday tutishi kerakligi haqida ming xil pandu nasihat qila boshladilar: bundan keyin o'yinni unut, chopib yurma, qattiq kulma, o'g'il bolalar bilan laqillashma, shirin tomoqlikni esingdan chiqar, degan maslahatlari bilan unga oilaviy hayotni dahshatli bir narsadek ko'rsatib qo'ydilar. Bu nasihatlardan dovdirab, cho'chib qolgan Mrinmoyiga go'yo yoshligi zindonga qamalganday, o'ziga esa o'lim hukmi o'qilganday bo'lib tuyuldi. U sarkash toychoqday boshini egib, orqaga tisarildi-yu, dadillik bilan.
— Erga tegmayman! — dedi.

IV

Shunga qaramay, uni erga berdilar. Keyin tarbiyasiga kirishdilar. Mrinmoyining nazarida, u yayrab yurgan olam bir kunda qaynonasining ichkarisida tutqun bo'ldi-qoldi.
Qaynona kelinini qaytadan tarbiya qilishga astoydil kirishgan edi. U jiddiy qiyofaga kirib, bunday dedi:
— Qizim, esingda tut, sen endi yosh bola emassan. Bizning oilada odobni buzish rasm bo’lgan emas!
Mrinmoyi bu nasihatga boshqacha ma'no berdi. Uning fikricha, erining uyida hamma narsa taqiqlangan bo’lsa-da, boshqa joyda bunga amal qilinmaydi. Kechki paytda u hovlidan g'oyib bo'ldi. Darrov qidira boshladilar: u qaerda, qayoqqa ketdi? Nihoyat, Rakxal sotqinlik qilib, qizni yashiringan joyidan sudrab chiqdi: Radxakanta Txakurning non daraxti soyasida buzilib yotgan aravasi tagiga yashiringan ekan. Bu voqeadan so'ng qaynona, ona va boshqa xayrxoh ayollar Mrinmoyiga nimalar deganini o'quvchilar o'zlari ham tasavvur qila oladilar.
Kechga yaqin osmonni bulut qoplab, sel yog'a boshladi.
Opurba Mrinmoyiga yaqinroq kelib, qulog'iga ohista shivirladi:
— Sen meni yaxshi ko'rasanmi, Mrinmoyi?
— Yo'q! — dedi qizishib qiz. — Men seni hech qachon, hech qachon yaxshi ko'rmayman!
U shu vaqtgacha eshitgan hamma ta'nalari uchun butun qahr-g'azabini Opurbaning boshiga to'kib soldi.
— Nima uchun, axir? Senga nima gunoh qildim? — deb so'radi ko'ngli ozor topgan yigit.
— Nima uchun menga uylandingiz? — deb qichqirdi Mrinmoyi.
Bunaqa aybnomani rad etish qiyin edi. Biroq Opurba bu qaysar qizni qanday qilib bo'lsa ham o'ziga rom qilish fikriga tushdi.
Ertasiga Mrinmoyining avzoyi buzuq ekanini ko'rib, qaynonasi uni uyga qamab, eshigini qulflab qo'ydi. Qiz avval qafasga rushgan qushdek o'zini har tomonga urib ko'rdi. Oxiri, qochish mumkin emasligini payqab, g'azabidan nima qilarini bilmay, joyga yoziqli choyshabni tortib oldi-da, pora-pora qilib yirtib tashladi; so'ngra polga mukka tushib, «dada, dadajon!» deb ho'ngrab yig'lay boshladi.
Shu payt kimdir sekingina uning yoniga kelib o'tirdi-da, peshonasiga tushib turgan chang sochlarini asta silab, tuzatmoqchi bo'ldi. Ammo Mrinmoyi jahl bilan boshqa yoqqa o'girilib, uning qo'lini siltab tashladi. Shunda Opurba egilib uning qulog'iga shivirladi:
— Men sekin eshikni ochib qo'ydim. Yur, uy orqasidagi boqqa qochamiz.
Qiz ko'zyoshlarini to'xtatolmay, bosh silkib:
— Yo'q! — dedi.
— Sen bir qarab qo'y, axir, kirn kelib turibdi! — dedi Opurba va uning iyagidan ushlab, boshini ko'tarishga unndi. Eshik oldida Rakxal turardi. U polda o'tirgan Mrinmoyiga bezovtalik bilan tikilgan edi. Biroq qiz boshi¬ni ko'tarmay, Opurbani turtib yubordi.
— Rakxal seni deb kelibdi, u bilan o'ynagani chiqmaysanmi? — dedi yigit.
— Yo'q, — dedi qiz yana keskin qilib.
Rakxal ortiq bu yerda turish o'ng'aysizligini payqab, yoni bilan xonadan chiqdi-yu, yengil nafas oldi. Opurba bo'lsa, g'iq etmay, Mrinmoyining yonida o'tirib qoldi. Yig'lab charchagan qiz mudrab qolganda, u oyoq uchida yurib uydan chiqdi-da, sekingina eshikni yopib qo'ydi.
Ertasiga Mrinmoyi otasidan xat oldi. Ota, aziz qizining to'yiga kelolmagani uchun taassuf bildirib, kelin bilan kuyovga oq fotiha yo'llagan edi.
Mrinmoyi xatni o'qigandan keyin qaynonasiga:
— Men otamning oldiga boraman, — deb qoldi. Ammo qaynona bu kutilmagan iltimosni eshitib, unga tanbeh bera boshladi.
— Gapini qarang-a! — dedi u. — Otasining qaerda ekani ma'lum emas, hatto adresi ham yo'q! Bu bo'lsa: «Otamning oldiga boraman!», deydi! Juda g'alati nozu firoq-ku!
Qiz indamay o'z uyiga kirib, eshikni bekitib oldi.
— Otajon, meni bu yerdan olib keting! Men yolg'izman, agar bu yerda qolsam — o'laman! — deb yolvorardi Mrinmoyi.
Faqat iztirobga rushgan odamlargina xudoga shu zaylda munojot qiladilar.
Yarim kechada, eri uxlab qolgandan keyin, Mrinmoyi asta eshikni ochib, uydan chiqdi. Osmonda pardadekkina yupqa bulutlar suzib yurar, lekin oy yo'lni yoritib turardi. Otasining oldiga borish uchun qaysi tarafga yurish kerakligini Mrinmoyi bilmasdi. Ammo u, tez yurar pochtalonlar qatnaydigan yo'l bilan borilsa, yer yuzidagi har qanday joyni topish mumkin deb qattiq ishonardi. Shuning uchun qiz pochtaga boradigan so'qmoq bilan yurib ketdi. U uzoq yo'l yurdi, charchab qolganini payqadi. Tong yaqinlashmoqda edi. Daraxtzorda saharxez qushlar uyg'onib qanot qoqdilar, sayrashga ham taraddud qildilar-u, lekin hali barvaqt ekanini payqab, yana jim bo'ldilar...
Mrinmoyi daryo bo'yiga kelib, katta bozor maydoniga o'xshash bir yalanglikka chiqib qoldi. Endi qayoqqa bo-rish kerak, deb xayol surguncha bo'lmay, tanish oyoq tovushiari eshitildi. Bu — yelkasida xat soladigan og'ir sumkasi bilan tez yurib hansiragan pochtalon edi.
Mrinmoyi darrov uning oldiga kelib, yolvorgan ohangda zo'rg'a gapirdi:
— Men Kushigonjga, otamning oldiga boraman. Meni o'zing bilan birga olib ketsang-chi.
— Men Kushigonj qaerdaligini bilmayman, — deb javob berdi pochtalon. So'ngra uxlab qolgan eshkakchini turtib uyg'otdi-yu, shu bilan qayiq sohildan jilib ketdi. Uning qizga achinishga ham, undan xol-ahvol so'rashga ham vaqti yo'q edi, chog'i.
Bu orada pristanda ham, maydonda ham odamlar ko'paya boshladi. Mrinmoyi sohilga tushib, qayiqchilardan biriga:
— Meni Kushingonjga oborib qo'ymaysizmi? — deb qichqirdi.
Bu odam javob qilishga ulgurmay, yonidagi qayiqdan boshqa birov ovoz berdi:
— Hoy, kim bu? Ie, Minu, sen qanday qilib bu yerga kelib qolding?
Mrinmoyining hayajondan nafasi tiqilib qoldi.
— Menga qara, Bonomali, men Kushigonjga, dadamning oldiga ketyapman. Qayig'ingda meni o'sha yerga eltib qo'ysangchi.
Bonomali shu qishloqlik eshkakchi edi. Bu o'zboshimcha qizni juda yaxshi bilgani uchun, u:
— Dadamning oldiga ketyapman degin? Juda soz, unday bo'lsa o'tir, oborib qo'ya qolay, — dedi.
Mrinmoyi qayiqqa o'tirdi. Eshkakchi qayiqni suvga tusmrib, yo'lga ravona bo'ldilar. Biroq kutilmaganda osmonni bulut qoplab, haqiqiy sel boshlandi. Daryoning suvi kuzdagi singari toshib, to'lqinlanib, qayiqni tebrata boshladi. Mrinmoyini mudroq bosdi. U kiyimining peshini ostiga solib, qayiq tubida yonboshlagan edi. Daryoning allalashi bilan tabiatning bu erka, o'jar qizi birpasda oromijon uyquga toldi.
Bir mahal, qiz ko'chini ochib qarasa, erining uyida yotibdi. Cho'ri xotin uning uyg'onganini ko'rib kimnidir chaqirdi. Bu ovozga Opurbaning onasi kirib, Mrinmoyini qarg'ay ketdi. Qiz ko'zlarini katta ochib, qaynonasiga jimgina qarab turardi. Kampir kelinini qo'yib qudasiga yopishganda, uni nodon deb ta'na qila boshlaganda, Mrinmoyi qo'shni xonaga qochib chiqdi-da, eshikni bekitib oldi.
Shunda Opurba onasining oldiga kelib:
— Oyi, keliningizni bir necha kunga otasining oldiga yuborsak nima qiladi? — deb so'radi.
Ona o'g'lini ham «dardisar» deb atadi va qishloqda shuncha qiz turib, shu tirmizakni xotin qilib olgani uchun uni ham rosa urishdi.

V

Kunbo'yi havoning ham, Mrinmoyining ham qovog'i ochilmadi. Yarim kechada Opurba Mrinmoyini asta uyg'otib:
— Otangning oldiga borasanmi? — deb so'radi.
— Boraman, — dedi qiz quvonib va Opurbaning qo'lidan ushlab, o'rnidan turib o'tirdi.
— Unday bo'lsa, tur, sekin qochamiz, — deb shivirladi yigit, — men qayiq topib qo'yganman.
Shunda Mrinmoyi samimiy minnatdorlik bilan eriga nazar soldi. So'ngra tez o'rnidan turib kiyindi. U birpasda tayyor bo'ldi. Opurba onasini xotirjam qilish uchun xat yozib qoldirdi, shundan so'ng ikkalasi uydan chiqishdi. Bu sokin kechada, qishloqning bo'm-bo'sh ko'chasida, Mrinmoyi birinchi daf’a erining qo'liga ishonch bilan suyanib oldi, ana shunda yigit ham mayin qo'llar haro-ratidan yuragining quvonch bilan urishini sezib borardi.
Ular shu kechasiyoq qayiqda yo'lga tushdilar. Kayfi chog' bo'lishiga qaramay, Mrinmoyi darrov uxlab qoldi. Yangi kun uni erkin va baxtiyor holda kutib oldi. Daryoning ikki sohilida qancha-qancha qishloqlar! Yalangliklar, maysazorlar, yaylovlarning poyoni ko'rinmaydi. Qayiqlarchi, qayiqlar! Ular ham son-sanoqsiz, ban bularning yonidan suzib o'tmoqda. Har qanday arzimas narsa ham Mrinmoyining ko'nglida yuzlab savol tug'dirar edi: «Bu qayiqda nima bor? Bu odamlar qaerlik? Bu joyning oti nima?» Albatta, bunday savollarga Opurba ham hech bir kolledjdan javob topolmas, Kalkuttada topgan tajribasi ham bu masalalarni hal qilib berolmasdi. Bu xil so'roqlardan uning do'stlari xijolat tortishlari mumkin edi, lekin u, ba'zilari haqiqatga to'g'ri kelmasa ham, har bir savolga javob berishga urindi. Binobarin, u tortinib o'tirmay, kunjutni zig'ir, Panchber shaharchasini — Raynogor, sud idorasini zamindoming hovlisi deb tushuntira berdi. Lekin bu xatolar olihimmat suhbatdoshining unga bo'lgan e'tiqodini zarracha kamaytirgani yo'q.
Ikkinchi kuni kechki paytda qayiq Kushigonjga yetib keldi. Ishanchondro tunuka tomli tovuq katagidek xonada, govrandan to'qilgan stulda o'tirgan edi. U chiroq yorug'ida, idora daftarlari qalashib yotgan kichkina stolga engashib, hisob-kitoblarni to'g'rilamoqda edi. Shu vaqt ostonada yosh qalliqlar pay do bo'lishdi. — Dada! — deb qichqirdi Mrinmoyi. Bu uychada hech qachon bunday ovoz eshitilgan emas. Ishanning ko'zlaridan tirqirab yosh chiqib, yuzlaridan oqib tushdi. U sarosimada nima qilishini, nima deyishini bilmay qoldi. Unga kuyovi shahzoda-yu, qizi malikaday tuyuldi. Fikrlari chuvalashib, buncha ashqol-dashqol uyulib yotgan xonada ularga ne tariqa taxt qurishni bilmasdi. So'ngra ovqat masalasi, bu xususda ham o'ylashga to'g'ri keladi. Sho'rlik chol o'zi sholi oqlab, o'zi pishirib yer edi. Hozir, bu g'amxonaga quvonch olib kelgan mo'tabar mehmonlarni nima bilan siylash kerak? Chol shu andishada ekan, Mrinmoyi:
-— Bugun hammamiz birgalashib ovqat pishiramiz, — deb qoldi. Opurba bu taklifni mamnuniyat bilan ma'qulladi. Uyda xizmatchilarga o'rin yetishmasdi. Ammo chashma suvi kichik teshikdan ikki chandon kuch bilan otilib chiqqanidek, bu yerda ham qashshoqlikning xira chehrasida quvonch nuri yana ham ravshanroq ko'rinar edi.
Shu tariqa uch kun o'tdi. Odatda, har kun soat ikkida paroxod kelar, undagi odamlar uyoqdan-buyoqqa yugurishib bu yerning tinchligini buzardilar. Kechki paytga borib sohil bo'm-bo'sh bo'lib qolardi. Shunda... shunda ular o'zlarini chinakam erkin his etardilar! Ular uchovlashib masalliq olib kelishar, ovqat pishiramiz deb necha bor buzishar, oxiri amal taqal qilib bir nima pishirishardi. So'ngra Mrinmoyining bilaguzuklar jaranglagan mehribon qo'llari bilan suzib keltirilgan ovqatni ota bilan kuyov o'tirishib yeyishardi. Ro'zg'orning ko'p nuqsonlaridan hammadan ilgari tadbirkor Mrinmoyi kulardi, ammo undagi bu qadar quvonch va bolalarcha g'ururning sababi ham xuddi shu nuqsonlar edi.
Shu tariqa uch kun o'tdi. Nihoyat, Opurba, endi ketmasak bo'lmaydi, deb qoldi. Mrinmoyi, hech bo’lmasa yana bir kun turaylik, deb iltijo qildi, ammo otasi, ketganlaringiz ma'qul deb maslahat berdi.
Jo'nash kuni Ishan qizini bag'riga bosib, boshini silab turib nasihat qildi:
— Qizim, sen, Lakshmidek , qaynonang uyiga baxt olib kirishing kerak. O'zingni shunday tutki, hech kim seni ta'na qilolmasin!
Mrinmoyi yig'lab-siqtab jo'nadi. Ishan bo'lsa, yanada befayz bo'lib qolgan tor kulbasida, ilgarigidek kunlar va oylarni yuk tortish bilan o'tkazish uchun, yana yolg'iz qoldi.

VI

Gunohkor eru xotin uyga qaytib kelganda, Opurbaning onasi qovoqlaridan qor yog'ib, ularni xomushlik bilan kutib oldi: u shunday jazo berishini bilardiki, bundan qochib qutulishning sira iloji yo'q. Bu so'zsiz ta'na, bu tilsiz jazo butun hovlini zahar-zaqqumga to'ldirdi. Toqati toq bo'lgan Opurba bir kuni:
— Oyi, yaqinda kolledjda o'qish boshlanadi. Men borib huquq fanini o'rganishim kerak, — dedi.
— Xotiningni nima qilmoqchisan? — sovuqqina so'radi onasi.
— Xotinim shu yerda qoladi.
— Yo'q, janob, bunaqasi ketmaydi. Uni o'zingiz bilan birga olib keting! — dedi kampir kesatib, Holbuki u o'g'liga odatda «sen»lab gapirardi.
— Yaxshi, — dedi ranjigan Opurba.
Kalkuttaga jo'nash tayyorgarligi tugadi. Oxirgi kuni kechasi Opurba o'rniga kelib qarasa Mrinmoyi yig'layap-ti. Uning yuragi shuv etib ketdi.
— Men bilan birga Kalkuttaga borishni xohlaysanmi, Mrinmoyi? — so'radi yigit xafaxol.
— Yo'q, — dedi qiz.
— Meni yaxshi ko'rmaysanmi?
Ko'pincha bunday savolga javob berish juda oson bo'ladi, biroq, hozirgi vaziyatda bu qiyin edi.
— Rakxaldan ajrash og'ir tuyulyaptimi? — deb so'radi yigit.
— Ha, — dedi qiz soddadillik bilan.
Mushtdek bolaga bo'lgan rashk o'qimishli yosh bakalavrning yuragiga xuddi igna singari sanchildi.
— Men uzoq vaqt uyga kelolmayman, — yana gapirdi Opurba, — ehtimol ikki yilgacha, balki undan ham oshiqroq.
— Uyga qaytganingizda Rakxalga, albatta uch damlik qalamtarosh olib keling, — deb talab qo'ydi Mrinmoyi.
Opurba yotgan joyida bir oz ko'tarilib, xotiniga qaradi:
— Nima qilasan, sen shu uyda qolasanmi?
— Men onamnikida qolaman, — dedi Mrinmoyi.
— Yaxshi, — dedi Opurba xo'rsinib, — ammo shuni bilib qo'yki, to keling deb xat yozmaguningcha qaytib kelmayman. Endi mamnunmisan?
Mrinmoyi bunga javob qaytarishni ortiqcha deb bildi shekilli, mudrab qoldi. ammo Opurba uxlolmadi. U uzoq vaqtgacha yostiqqa tirsaklarini tirab o'tirdi.
Kechasi, allamahal bo'lganda oy chiqib, bexosdan uning yog'dusi bular yotgan o'ringa tushdi. Opurba Mrinmoyiga uzoq tikilib qoldi. Nazarida, bu qiz — kimningdir kumush tayoqchasi tegib sehrlangan malikaday tuyula boshladi. Endilikda faqat oltin tayoqchasi bo'lgan kimsagina uyqudagi bu jononni uyg'otib, unga nikoh gulambari taqa oladi.
Kumush tayoqcha — kulgi, oltin tayoqcha — ko'z-yoshi.
Subhidamda Opurba Mrinmoyini uyg'otdi.
— Men hozir jo'nashim kerak, — dedi u. — Yur, seni uylaringgacha kuzatib qo'yay.
Qiz turgandan so'ng Opurba uning qo'llarini ushlab turib so'z boshladi:
— Senga bir iltimosim bor. Men bir necha bor seni og'ir ahvoldan qutqardim, endi xayr-xo'sh chog'ida sendan kichik bir mukofot so'rayman.
— Qanday mukofot? — dedi qiz.
— O'zing meni o'p, toki sevganingni his qilib ketay. Bunday g'alati iltimosni eshitgach, Opurbaning jiddiy qiyofasini ko'rib, qiz xandon urib kuldi. Nihoyat, o'zini rutib olib, jiddiy tusga kirdi-da, erini o'pishga harakat qilib, yuzini unga yaqinroq olib bordi, ammo yana o'zini tutolmay qah-qah urib kulib yubordi. Oxiri, ikki daf’a muvaffaqiyatsiz urinishdan so'ng, hamon kulishda davom etib, choyshabga o'ralib oldi. Yigit uning quloqlaridan tortib jazo bergan bo'ldi.
Opurba o'z oldiga og'ir vazifa qo'ydi. U majbur etishni, tortib olishni o'ziga munosib ko'rmasdi. Xuddi tangrilarday, hech qanday tashabbus ko'rsatmas, faqat ixtiyoriy qurbgnliknigina talab etib, o'z qo'li bilan biror narsa olishni xohlamas edi.
Mrinmoyi kulishdan to'xtadi.
Opurba azonda jimjit ko'chalar bilan qizni o'z uyiga kuzatib qo'ydi-da, onasining huzuriga qaytdi.
— Men o'ylabo'ylab shu fikrga keldim: agar xotinimni Kalkuttaga olib borsam qiynalib qolaman, — dedi u — Buning ustiga, u yerda uning tanishlari ham yo'q. Siz bo'lsa, uning o'z yonigizda bo'lishini istamaysiz, shuning uchun Mrinmoyni onasining oldiga eltib qo'ydim.
Ona-bola bir-biridan qattiq xafa bo'lib xayirlashdilar.

VII

Mrinmoyi uyiga qaytib keldi, biroq bu yerda uni hech narsa quvontirolmadi. Go'yo uyda hamma narsa o'zgargan edi. Vaqt bir joyda to'xtab qolganday. Qiz nima qilarini, qayerga borarini bilmasdi, hech kimni ko'rishni ista-masdi.
Unga butun uyda, hatto butun qishloqda ham hech kim yo'qday tuyula boshladi. O'ziga ham noma'lum sabab bilan, birdan Kalkuttaga ketgisi kelib qoldi. Holbuki o'tgan kuni kechasi bu fikr uning xayolida ham yo'q edi! Qandaydir sabab bilan kechagina joniga tekkan hayotga qarshi birdaniga tamomila o'zgarib qoldi. O'tmish, go'yo kuzgi so'lg'in yaproq kabi yengil, sezdirmay uchib ketdi.
Rivoyatlarga qaraganda, shunday mohir ustalar bo'larmishki, ular yasagan o'tkir qilich bilan tanani ikki pora qilib tilinsa ham odam sezmasmish, faqat qo'l bilan tekkandagina jasad ikki bo'lak bo'lib yerga tusharmish. Parvardigorning qilichi ham shunday: u Mrinmoyining bolalik yoshini balog'at yoshidan ajratgandi, qiz buni o'zi ham sezmay qoldi. Faqat endi, bu o'zgarishni o'z boshidan kechirgach, u nadomat va hayrat bilan ko'rdiki, bola — Mrinmoyi orqada qolib ketibdi. Ota-ona uyidagi yotog'i ham o'ziga begona tuyuldi, chunki ilgari bu xonada yotib yurgan Mrinmoyi endi yo'q. Uning yuragiga boshqa uyning, boshqa yotoqning naqshi tushgan, u boshqa o'rinni qo'msardi...
Endi Mrinmoyi uydan tashqariga chiqmaydi, xandon urib kulmaydi. Rakxal o'z dugonasidan qo'rqib qoldi, o'ym-kulgi esa qizning xotiriga ham kelmaydi...
— Oyi, o'giingizning oldiga borishga ruxsat be. ring, — dedi bir kuni Mrinmoyi.
Bu orada Opurbaning onasi o'g'lining xayrlashish chog'idagi ma'yus chehrasini eslab, yuragi ezilmoqda edi. Ayniqsa, jahl ustida kelinining ketib qolishiga yo'l qo'ygani unga orom bermasdi.
Qaynona mana shu kayfiyatda ekan, bir kuni Mrinmoyi chodraga o'ralib kirib keldi-da, unga g'amgin ehtirom bilan ta'zim qildi. Qaynona ko'zlariga yosh olib, shoshgancha kelinini ko'tarib bag'riga bosdi. Shu zahotiyoq ular yarashib, apoq-chapoq bo'lib ketishdi. Keliniga nazar solib Opurbaning onasi tamom hayratda qoldi: bu ilgarigi Mrinmoyiga sira ham o'xshamas edi. Oddiy odamning bu zaylda, kishini hayratda qoldiradigan darajada tez o'zgarishi mumkin emas, axir, o'z-o'zingni o'zgartirish uchun zo'r iroda kerak.
Qaynona Mrinmoyi xulqidagi nuqsonlarni asta-sekin o'zgartirmoqchi edi. Biroq qandaydir, ko'zga ko'rinmas murabbiy juda tez ta'sir qiluvchi bir vositani ishga solib, bu qizni go'yoki qaytadan yaratibdi.
Endi Mrinmoyi ham qaynonaning ko'nglini yaxshi bilar, u ham o'z navbatida kelinining gaplariga yaxshiroq tushunadigan bo'ldi. Butun ro'zg'or ishlarini ikkovlashib qilishar, xuddi daraxt bilan shoxdek, bir-birlaridan ajralmas bo'lib qoldilar.
Mrinmoyining chehrasida xotinlik latofati bilan salobat barq urib, butun borlig'ini qamrab rurardi-yu, biroq, yosh juvon nimadandir iztirob chekkanday tuyulardi. Kishini yig'latadigan achchiq bir alam, xuddi asharx  oyidagi qora bulutlar singari, uning yuragiga cho'kib qolgandi. Bu alam uning uzun, qora kipriklari soyasini yana ham quyuqlashtirganday edi.
«Men-ku tentak edim, lekin, nega axir sen tushunmading? — deb fikran eriga murojaat qilardi Mrinmoyi. — Nega menga o'rgatmading? Nega meni quloq solishga majbur etmading? Men yaramas «yo'q» deganimda, nima uchun zo'rlab Kalkuttaga olib ketmading? Nega mening gapimga kirding, nima uchun mening nozu erkaliklarimga toqat qilding?»
So'ngra u o'sha kuni ertalab ko'l bo'yidagi so'qmoqda Opurba uni ushlab olganini, bir og'iz gapirmay, yuziga tikilganini esladi. Mrinmoyi o'sha ko'lni, uning yonidagi daraxtni, ertalabki quyosh nurlarini, Opurbaning yurakka qadaluvchi nigohini ko'z oldiga keltirib, bu qarashning ma'nosini endi tushundi.
Mrinmoyi o'ylab ketdi: agar u o'shanda o'zini boshqacha tutsa, uning birgina savoliga boshqacha javob qaytarsa, u holda nimalar bo'lardi ekan?
Ilgari Opurba, Mrinmoyi meni sira ham tushunmaydi, deb diqqat bo'lardi. Endi Mrinmoyi yolg'iz qolib, Opurba mening haqimda nima deb o'ylagan edi. Eri uni otashin bo'salar bilan muhabbat tashnaligini qondirishga noqobil, tantiq, o'jar, tuturuqsiz va ahmoq qiz degan fikrda ekanini o'ylaganda, unga qattiq alam qilar, xijolatdan yer yorilsa kirgudek bo'lar edi. Nima qilarini bilmay, Opurbaning yostiqlariga harorat va ehtiros to'la bo'salar bag'ishlardi.
Shu tariqa ko'p vaqt o'tdi.
Opurba Mrinmoyidan xat olmaguncha uyga qaytmay-man degan edi. Mana shuni eslab, u bir kuni eriga xat yozishga kirishdi. Mrinmoyi eri berib ketgan zarhal hoshiyali rangdor qog'ozni olib o'yga toldi. So'ngra qunt bilan, lekin elang-bilang qilib qog'ozni chizdi-da, panjasini siyohga botirib, turli hajmdagi harflar bilan, hech qanday murojaatsiz, yozdi: «Nega menga xat yozmaysiz? Ahvolingiz qalay, uyga keling. Yana nimalarni yozish kerakligini bilmayman». U yozmoqchi bo'lgan gap shu bilan tugagan edi, biroq jamiyatda o'ylagan narsangdan tashqari yana nima haqidadir gapirish odati bor. Mrinmoyi buni bilardi. Shuning uchun u bir oz o'ylab, yana bir necha so'z qo'shib qo'ydi: «Endi marhamat qilib, siz menga xat yozing. Ahvolingiz qanday, shu haqda yozib uyga qayting. Onam sog'-salomat, qishloqdagi qizlar va bolalar nam salomat. Bizning qora sigirimiz kecha tug'di». Shu bilan u o'z maktubini tugatdi. So'ngra uni konvertga solib, har harfiga ko'z yoshlarini to'kib, mehr bilan yozdi: «Opurbakrishna Ray janoblariga». Uning muhabbati qan-cha cheksiz bo'lmasin, bari bir harflarni to'g'ri va chiroyli chiqarolmadi. Konvertga ismdan tashqari yana adres ham yozish zarurligini Mrinmoyi bilmasdi. Xatga qaynonasi yoxud boshqa biror kishining ko'zi tushishidan qo'rqib, ishonchli cho'ridan pochtaga yubordi.
Bu maktubdan hech qanday natija chiqmaganini so'zlab o'tirishning hojati yo'q, chunki u Opurbaga tegmagan edi.

VIII

Onasi ko'rdiki, kanikul o'tib ketsa ham Opurba uyga qaytmadi. U, o'g'lim hali ham xafa, deb o'ylardi. Mrinmoyi esa, u mendan ranjigan deb o'zi yozgan maktubdan andisha qilib, yer yorilsa kirgudek bo'lib yurardi. Rostdan ham xat juda ayanchli edi. Unda birorta bama'ni so'z yo'q, u bu xatda hatto o'zi o'ylagan so'zlarni ham ifoda etolmagan edi. Opurba uni o'qib, Mrinmoyini yana yosh bola deb, yanada nodonroq hisoblaydi, de¬gan fikr sho'rlik qizning qalbini o'q tekkandek yaralar edi.
— Sen xatni pochtaga olib borganmiding? — Qayta-qayta so'rardi Mrinmoyi cho'ri xotindan.
— Bo'lmasamchi, men uni o'z qo'lim bilan pochta yashigiga tashladim, — deb ishontirardi cho'ri. — Ehtimol afandim uni allaqachon olgandirlar.
Bir kun Opurbaning onasi Mrinmoyini chaqirib:
— Ona qizim, Opurba qachondan beri uyga kelmay ketdi, men uni ko'rgani Kalkuttaga bormoqchiman. Sen ham bormaysanmi? — deb so'radi.
Mrinmoyi ma'qullab bosh silkib qo'ydi. Ma'qulladi-yu, chopgancha uyiga kirib eshikni bekitib oldi, o'zini karavotga tashlab, yostiqni quchoqladi-da, quvonchi ichiga sig'may xandon urib kulib yubordi. Anchadan so'ng kulgidan to'xtadi-yu, birdan, har xil xavflarni o'ylab, ko'ngli toiib yig'ladi.
O'zlarining borishlaridan Opurbani xabardor ham qil-may, gunohkor ona-kelin undan uzr so'rash uchun Kalkuttaga jo'nashdi. Kalkuttada ona o'z kuyovining uyiga tushdi.
Bu orada Opurba Mrinmoyidan xat kelishini kutmay, o'z ahdini buzib, bir kun kechasi o'tirib xat yoza boshladi. Biroq u hech bir munosib ta'bir topolmadi. Yigit ham muhabbat, ham alam aks etadigan murojaat shaklini qidirardi. Ammo muvofiq ifoda topolmaganidan ona tiliga bo'lgan hurmatsizligi yana ham kuchaydi. Shu paytda unga pochchasidan maktub keltirishdi, unda onasi kelgan-ligi xabar qilinib, uni ham tushki ovqatga yetib kelishi so'ralgan edi. Xatning oxirida uyda tinchlik deb aytilgan bo'lsa ham, Opurbaning ko'nglidan har xil xayollar o'tib, ta'bi xira bo'ldi. U darrov singlisinikiga qarab jo'nadi.
— Uylar tinchmi, oyi? — deb so'radi onasini ko'rgan hamon.
— Uydagilar hammasi sihat-salomat, bolam, — dedi ona, — ko'pdan beri uyda bo'lmaganing, kanikulda ham bormaganing uchun seni olib ketgani keldim.
—Bekorga ovora bo'libsiz, —dedi Opurba, — men huquqdan imtihon berishga tayyorlanishim lozim... Ovqat ustida singlisi Opurbaga qarab:
— Aka, nega siz xotiningizni birga olib kelmadingiz? — deb so'radi. Yigit jiddiy qiyofada gap boshladi:
— Huquq fani bilan shug'ullanish...
— Bo'lmag'ur gapni qo'yib, to'g'risini aytavering, — deb kuldi pochchasi, — uni bizga ko'rsatishga qo'rqyapsiz.
— Rostdan ham ehtiyot bo'lish kerak, — uning so'zini bo'ldi xotini, — agar yosh bolaning ko'zi sizga tushsa, albatta qo'rqadi-da.
Suhbat shunday hazilkashlik bilan davom etsa ham, Opurbaning qovog'i ochilmadi. Hazillar qaytaga uni asabiylashtirardi. Agar istasa Mrinmoyi ham kelardi, deb ko'nglidan kechirdi u. Ehtimol onam uni olib kelishga unmb ham ko'rgandir, lekin u ko'nmagan bo'lsa kerak, deb o'ylardi. Ming xil xayollarga borib turgan bo'lsa ham
onasidan so'rab-surishtirishga botinmadi. Inson hayoti va butun borliq unga nuqul yolg'ondan iborat bo'lib ko'rinib ketdi.
Kechki ovqat tugay deganda, kuchli shamol qo'zg'alib, sel quya boshladi.
— Aka, bugun biznikida qoling, — iltimos qildi singlisi Opurbaga. 
— Yo'q, uyga ketishim kerak, ishim bor, — dedi yigit.
— Kechasi qanday ish bo'lardi? — e'tiroz bildirdi pochchasi,— axir biznikida yotib qolganingiz uchun birovga hisob bermaysiz-ku. Nimaning tashvishini qilyapsiz?
Ko'p munozaradan so'ng, Opurba nochor qolib, shu yerda tunashga rozi bo'ldi.
— Juda charchagan ko'rinasiz, aka, borib yotgadingiz ma'qul emasmikan? — dedi singlisi.
Bu taklif Opurbaning ko'nglidagiday bo'ldi. U, qorong'i uyda tanho qolsam tashvishlarim bir daraja kamayar, degan umidda edi... Suhbatga qo'shilishni istamadi.
— Chiroqni shamol o'chiribdi, yoqib beraymi? — so'radi singlisi.
— Yo'q, kerak emas, — dedi Opurba, — men yorug'da yotolmayman.
Singlisi ketdi, Opurba astagina o'rniga yaqinlashdi. Endi yotay deb turganida, birdan bilaguzuklarning jaranglagani eshitildi, ikki nozik qo'l uni ushlab mahkam bag'riga bosdi, kimningdir gul barglarini eslatuvchi lablari bexosdan uning yuzlariga tegdi, ko'zyoshlari aralash haroratli bo'salar yigitga o'z hayratini bayon qilishga xalaqit berardi.
Opurba dastlab hang-mang bo'lib qoldi keyin fahmlasa: bir vaqt kulgi xalaqit bergan iltimosning bajarilishiga bugun ko'zyoshlari yordam beribdi.

1893-yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.