OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Oltin sarob (hikoya)

Adenatx bilan Boydenatx bir-birlariga amakivachcha bo'lishadi, ularning familiyalari ham bir xil: Chokroborti. Ammo Boydenatxning ahvoli tangroq. Buning sababi shuki, otasi uquvsizlik qilib, akasi Shibonatxga mute bo'lib qolgan. Amakisi esa, Boydenatx juda yaxshi ko'rardi. Shunday bo'lsa ham, bu olijanob amaki, uyalmay-netmay, bolaning ota merosidan katta bir qismini o'zlashtirib, Boydenatxga «chiqma jonim» uchun andak pul qoldirdi, xolos.
O'g'lini uylantirish uchun shaharda Shibonatx bormagan xonadon qolmadi. Oxiri o'g'lini bir boyning qiziga uylantirib, davlatiga yana davlat qo'shildi. Moxemchondro bo'lsa, yetti qizli kambag'al bir braxmanga rahmi kelib, sepini ham talab qilmay, o'g'lini shu xonadonning to'ng'ich qiziga uylantirdi. Bu odamga qolsa, braxmanning yetti qizini ham o'z uyiga olib kelardi. Lekin bunday qilolmadi, chunki uning birgina o'g'li bor edi, so'ngra, braxman ham bunday talab qo'ymadi.
Otasining vafotidan so'ng Boydenatx ozgina merosga qanoat qilib, biror ish qilishni xayoliga ham keltirmay tinchgina, xotirjam yashay berdi. Boshqalar tirikchilik uchun bir ishning boshini tutganda, bu daraxt novdalarini kesib kelib guldor tayoqchalar yasashga kirishdi. Qo'shni bolalar shu tayoqchalarni deb kelib, uni o'rab olishar, u esa mamnuniyat bilan tayoqchalarni ularga taqdim etardi. Bundan tashqari, Boydenatx qarmoq, qog'ozdan varrak va yog'ochdan g'altak yasashga ham juda usta edi. U mana shu ishlarga juda ko'p vaqt sarf etib, bu san'atini qunt bilan kamolotga yetkazardi. U shunday sermehnat va nozik buyumlar yasash imkoni tug'ilganda o'zidan juda ham mamnun bo'lardi. Bu xil ishlar undan ko'p vaqt talab etar, lekin uning oilasi uchun bir chaqa ham daromad keltirmas, binobarin, bunchalar mehnatga arzimasdi.
Deyarli har kun ertalab, shu yaqindagi Durga ibodatxonasi ustidan tuman ko'tarilmay turib, Boydenatxni qo'lida pichoq, qo'ltig'ida yog'och, gavronlar bilan ko'rish mumkin edi. U qosh qorayguncha eshigi oldida yolg'iz o'tirib, shu sevimli mashg'uloti bilan band bo'lar edi.
Ma'buda Durganing marhamati bilan Boydenatx dushmanlarning ko'zini kuydirib, ikki o'g'il va bir qiz ko'rdi. Shunga qaramay xotini Mokxodaning noroziligi tobora kuchayardi. Adenatxning uyida hamma narsa to'kin-sochin, Boydenatxning uyida qashshoqlik. Adenatxning xotini Bindebashining bo'y-basti kelishgan, bo'yni, qulog'ida qimmatbaho zeb-ziynatlar, egnida banoras soriysi; boyoqish Mokxodada esa bunday narsalar sira ham bo'lmagan. Bundan ham xunuk, kelishmagan narsa bormi? Yana ikkalasi qarindosh bo'lsa? Kibr-havoni qarang-a! Adenatx amakivachchasining mol-mulkini o'ziniki qilib, kerilib yuribdi-da! Mana shuni o'ylaganda Mokxodaning yuragi qahr-g'azab bilan to'lar, erini ham, uning amakivachchasi Adenatxni ham yamlab yutgisi kelardi. Mokxodaga uyidagi narsalar ham yoqmay qoldi. Hamma narsa unga bachkana, yaroqsizday tuyula boshladi. Karavotni aytmaysizmi — o'lik yotsa xo'rligi keladi! Hech kirn bunchalik qashshoqlikda yashamas! Bu cholde-vor kulbada boshpanasiz ko'rshapalak ham turmaydi, tarki dunyo qilgan qalandar bo'lsa, bu oilani ko'rib ko'ziga yosh olardi. Bunday mubolag'alarga qo'rqoq erkakning e'tiroz qilishi qiyin, shuning uchun Boydenatx eshigining oldida odatdagidan ham xomushroq o'tirib, tayoqchalar' tarashlar edi.
«G' ing demayman» deb qasam ichgan bilan xavf-xatardan qutulib bo'ladimi. Bir kuni xotini Boydenatxni sevimli mashg'ulotidan to'xtatib, o'z xonasiga chaqirdi. U eriga tik qaramay, xotirjamlik bilan gapirdi:
— Ayting, bundan keyin sut keltirmasinlar!
— Sut keltirmasa, bolalar nimani ichadi?
— Suyuq shavla yeyishar — deb javob berdi Mokxoda.
Bir necha kundan keyin xotin yana Boydenatxni chaqirdi:
— Men bilmayman, ammo siz biror chora ko'ring, axir!
— Nima qilay? — horg'inlik bilan so'radi eri.
— Yarmarkaga borib biror oyga yetarli oziq-ovqat olib keling.
Shundan keyin xarid qilinishi lozim bo'lgan narsalarning ro'yxatini topshirdi. Bu masalliq bir rojaning katta dabdaba bilan qurbonlik qilishiga yetardi. Shunda Boydenatx, misli ko'rilmagan bir jasorat bilan norozilik bildirdi:
— Buncha narsaning nima hojati bor? Javob o'rnida u mana bu so'zlarni eshitdi:
— Unday bo'lsa qo'y, bolalar ochdan o'lsin, men ham o'laman, bir o'zing qolib, bilganingcha ro'zg'orni tebrat.
Boydenatx foydasiz vaqt o'tkazishni yig'ishtirib qo'yib, jiddiy bir ish bilan shug'ullanish payti kelganini payqadi. Ammo biror joyda ishlashga ham, savdo-tijorat bilan shug'ullanishga ham bo'yni yor bermasdi, shuning uchun u boylik tangrisi Kuberaning xazinasiga yangi yo'l axtara boshladi. Bir kun yostiqqa bosh qo'yib ma'buda Durgaga munojot qildi:
— Ey, ma'buda Durga! Menga odamlarni og'ir kasallikdan davolaydigan bir dori yasash yo'lini o'rgat! Men bu xususda gazetga e'lon berib, shu bilan boyib ketay...
O'sha kechasi tush ko'rsa, xotini undan juda norozi emish, beva qolgan hamono boshqaga tegib ketaman, deb ahd qilganmish. Boydenatx: erga chiqsang to'yga zeb-ziynat topish qiyin, bunga pul yo'q, deb e'tiroz qilarmish. Mokxoda bo'lsa, turning erga chiqishi uchun bunday narsalar hojat emas, dermish. Boydenatx bundan ko'ra kuchliroq dalillar topish mumkinligini bilsa ham, bu dalillar nimadan iborat ekani o'sha paytda xotiriga kelmasmish... Ana shunda birdan uyg'onsa, vaqt allamahal bo'lib, kun yorishib ketibdi. Qo'rqinchli tush, xotinining do'qlari esiga kelib, sho'rlikning juda ruhi tushdi.
Ertangi ibodatdan so'ng Boydenatx odatdagicha eshigi oldida o'tirib, qog'ozdan varrak yasamoqda edi. Birdan baland ovoz bilan salom qilib bir sanniasi (qalandar) kelib qoldi. Shu zahotiyoq go'yo chaqmoq Boydenatxning miyasini yoritdi-yu, bo'lajak davlatning muborak darakchisini ko'rganday bo'ldi. U sanniasini zo'r ehtirom bilan qarshi oldi. Mehmonni tag-tugini surishtirib bilsa, u odam oltin yasashning maxfiy yo'llaridan voqif bo'lib, bu hunarni Boydenatxga o'rgatishi mumkin ekan. Bu xushxabardan Mokxoda shunday quvondiki, buni tasvir qilishga til lol, qalam ojizdir... Sariq kasalga mubtalo bo'lgan odamlarga hamma narsa sariq ko'ringanday, shu ondan e'tiboran, bu ayol ham butun olamni faqat oltin bilan to'lgan deb tasavvur eta boshladi. Xayolida uydagi hamma narsani — karavotdan tortib devorlargacha, barini oltin bilan qoplab chiqdi. U fikran, Bindebashinini uyiga taklif qilib, davlatini ko'z-ko'z ham qildi.
Bu orada sanniasi kuniga bir yarim ser  puding yeb, ikki serdan sut ichib turdi. Bundan tashqari, u uy egasining pulini ishga solib, undan o'ziga foyda undirishni ham eplardi. Bu vaqtda tayoqcha, g'altak, varrak ishqibozlari Boydenatx eshigini qoqib ovora bo’lardilar. Holbuki er-xotin oltin vasvasasiga tushib, o'z bolalariga ham qaramay qo'yishgan edi. Sho'rlik bolalar och qolishar, dodu faryodlari ko'kka ko'tarilardi. Ammo ota-onalari ularning ahvoliga nazar-e'tibor qilishmas edi. Ular sas-sadosiz, jid-diy qiyofada, gulxan cho'g'lariga termilib o'tirardilar. Eru xotin ochko'zlik bilan gulxan alangasining cho'ziq tillaridan ko'z uzmay, oltin paydo boiishini kutar edilar. Alanga bo'lsa, xuddi botayotgan quyoshday goh lovillar, goh qizg'ish tusga kirib so'nardi.
Bir kuni, o'tdan oltin chiqarish umidida Boydenatx¬ning pullaridan alangaga ancha sadaqa qurbon etilgach, sanniasini:
— Ertaga sof oltin olasizlar, — deb qoldi.
Shu kechasi eru xotin mijja qoqmay chiqdilar. O'z xayollarida oltin qasrlar barpo etdilar. Ba'zan bir fikrga kelolmay, o'zaro janjallashardilar ham, lekin cheksiz shodlikdan bu nizolar uzoqqa cho'zilmadi. Oilada ajib bir ahillik ro'y berib, hammayoq sizu bizga aylanadi.
Ertasiga sanniasi bexosdan g'oyib bo'ldi. Shu bilan oltinning yarqirashi ham yo'qoldi quyosh nurlari ham qorayganday bo'lib tuyuldi. Qashshoqlik va muhtojlik esa uyda to'rt chandon kuchaydi.
Endi agar Boydenatx uy-ro'zg'or haqida miq etguday bo'lsa, xotini jahl bilan uning gapini bo'ladi:
— Bas qil, bas! Sening aqling bilan ish qilib bo’ldik. Endi hech bo'lmasa jag'ingni tiy!
Boydenatx butunlay dovdirab qoldi. Mokxoda esa, shunday kerilardiki, go'yo haligi oltin sarobga u bir lahza ham ishonmaganday.
O'zini qattiq gunohkor deb sezgan Boydenatx xotiniga tasalli berish yo'lini qidirardi. Bir kuni keltirgan sovg'asini yashirdi-da, xotinini chaqirib, sirli bir tabassum bilan so'radi:
— Qani, ayt-chi, senga qanday sovg'a olib keldim? Xotini kunjikovlik hissini bir dam tiyib:
— Qayoqdan bilay? Men folbin bo'lmasam, — dedi. Boydenatx sekin kanopni yechdi, o'ralgan qog'ozning changlarini artdi va ma'buda Durganing o'n qiyofasini birdan ko'rsatuvchi rangli suratni olib yoruqqa tutdi-da. Mokxodaning oldiga qo'ydi. Ayol shu zahotiyoq Bindebashinining yotog'ida osig'liq Angliyadan olib kelingan, toza bo'yoq bilan ishlangan katta suratni esladi. Esladiyu cheksiz bir nafrat bilan eriga hujum qildi:
— Buni o'z xonangga osib qo'yib, o'zing tomosha qilishing mumkin. Menga keragi yo'q!
Ruhi tushgan Boydenatx, xudoning xotin kishiga shunchalar o'tkir aqlu iroda ato qilib, erni bundan mahrum etganiga qattiq xafa bo'ldi.
Bu orada Mokxoda vaqtni behuda o'tkazmadi. U folbinlar va munajjimlarning oldiga borib, taqdirini oldindan bilish niyatida qoilarini ko'rsatdi. Ular hammasi bir og'izdan eringdan oldin o'lasan, deb ta'kidlashdi. Ammo u bunaqangi baxtga unchalik shoshilmas edi, u taqdirini yana ham chuqurroq bilishga intildi. Folbinlar uning serchik o'g'lini ko'tardi, kattasini yetaklab xotinining oldiga kirdi.
Hali qorong'i tushmagan bo'lsa ham bu xonada chiroq yonardi, bu tunday qorong'i, sas-sadosiz shomig'aribon edi. Boydenatx anchagacha miq etolmay o'tirdi, so'ngra muloyimlik bilan so'radi:
— Qalay, salomatliging yaxshimi?
Xotini, boshqa so'z qurib ketganday savol so'radi:
— Xo'sh, ishlar qalay?
Boydenatx javob o'rniga o'z peshonasiga urdi. Mokxodaning aft-angori o'zgardi. Bolalar ham bir baxtsizlik ro'y bergan bo'lsa kerak, deb cho'ri xotin oldiga chiqib yotdilar va undan sartarosh haqidagi ertakni aytib berishni so'radilar.
Kechasi allamahal bo'ldi, ammo eru xotin bir-birlariga lorn demay, jim o'tiraverdilar. Har ikkalasi ham qandaydir og'ir bir vaziyatning tazyiqi ostida ezilardi. Mokxodaning lablari qahr-g'azabdan qattiq qisilgan... Og'ir sukunat uzoq davom etdi. Nihoyat, xotin bir og'iz gap aytmay, o'z yotog'iga ketdi va eshikni ichkaridan bekitib oldi. Boydenatx eshik orqasida ma'yus o'tirib qola berdi. Kecha qorovuli vaqtni e'lon qilib baqirib o'tib ketdi. Horg'in zamin shirin uyquga toldi. Ammo yerdagi qarindosh-urug'dan tortib, poyonsiz osmondagi yulduzlargacha, olamda hech bir zot xo'rlangan Boydenatxning baxtsizligi haqida o'ylamas edi.
Kechasi allamahal bo'lganda Boydenatxning katta o'g'li uyg'ondi. U yugurib ayvonga chiqdi-da, otasini chaqirdi, lekin hech kim javob bermadi. Bola yana qattiqroq chaqirdi:
— Dada!
Yana hech qanday javob bo'lmadi. Obinash borib uyquga toldi. Erta bilan Mokxoda, odati bo'yicha trub-kasiga tamaki bosib, erini yo'qladi, lekin u hech qaerda yo'q edi. Kunduzi Boydenatxni ko'rish uchun qo'shnilar chiqishdi, biroq u g'oyib bo'lgan edi.

1892-yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.