Rashod Nuri Guntekin (1892, Istanbul — 1956, London) — turk yozuvchisi, dramaturg, tarjimon, adabiyotshunos. Istanbul universitetini tugatgan (1912). Dastlabki asarlari («Eski oshna», 1917; «Xanjar», 1918; «Sirli qo‘l», 1921 va b.)da kiborlar jamiyatiga xos illatlar fosh etilgan. Yozuvchining mashhur asarlaridan biri «Choliqushi» (1922) romanida turk qishloqlarining yorqin manzarasi chizilgan, asar qahramonlari hayoti, sarguzashtlari tasvirlangan. «Tamg‘a» (1925), «Shafqat qiling», «Yashil tun» (1928), «Xazonrezgi» (1930) romanlarida zamonasining o‘tkir ijtimoiy masalalari, inson va jamiyat, yashashning ma’nosi kabi muammolarni ko‘tarib chiqadi. Guntekin 24 roman, 7 hikoyalar to‘plami, qator pesalar yozgan, 24 jildli asarlar to‘plami nashr etilgan (1958 — 61). U «Lev Tolstoy» monografiyasi (1933) muallifi. Guntekin asarlari ko‘p tillarga tarjima qilingan. «Choliqushi» (1959, 1965, 1968, 1988, 1999, Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi) va boshqa romanlari o‘zbek tilida nashr etilgan.