Baland-balandda: tog‘lardan ham yuksakda, yulduzlarning naq ostida, daryolar, dengizlar, yo‘llar ustidan Sesi uchib boradi. Erta bahor yellari kabi nozik, kechki o‘tloqdagi maysaning xushbo‘y isi kabi mayin Sesi...
U oppoq va momiqday yumshoq parlarga o‘tirgancha parvoz qildi, yo‘l-yo‘lakay daraxtlarga qo‘nib, xordiq chiqardi, gullar ichiga kirdi, yengilgina shabadani bahona qilib, gul yaproqchalarini o‘zi bilan olib qochdi. Yiltillab turgan ko‘lmak yonidagi yalpizdek sovuq, badbashara, yam-yashil baqa ichida ham bo‘ldi. Baroq it bilan birga yugurib, vovilladi, omborxonalar oralig‘ida aks sado ketidan quvalashdi. Charchaganida nozik maysalar ichidan oshiyon topdi, mushki anbar taratayotgan tuproqdan chiqqan, ko‘z yoshlaridek tiniq shudringdan makon izladi.
“Bahor... – o‘yladi Sesi. – Shu tunda borliq mavjudot ichiga kirib chiqaman.”
U, saqichi erib, ola-chalpoq bo‘lib yotgan yo‘l ustidagi po‘rim chigirtka vujudida bo‘ldi, temir panjaraga qo‘ngan shabnam tomchisida cho‘mildi. Bu kecha qiz roppa-raso o‘n yettiga to‘ldi. Uning ruhi daqiqa sayin tuslanib, Illinoys shamollarida hech kimga ko‘rinmay uchib yuribdi.
– Sevib qolgim kelyapti, – dedi u.
Qiz bu gapni kechki ovqat vaqtidayoq aytgandi. Ota-onasi bir-biriga hayron qarab, qovoq uyishdi.
– Sabr qilish kerak, – deyishdi ular. – Esingdan chiqmasin, sen boshqalarga o‘xshamaysan. Bizning oila o‘zgacha, boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Biz oddiy odamlar bilan qo‘shilib ketishimiz mumkin emas, ular bilan turmush qurish esa – aslo! Yo‘qsa, biz sehrli kuchimizdan ayrilib qolamiz. Qani, o‘zing ayt-chi, mo‘‘jizaviy sayohatlar qilish tuhfasidan voz kechishni istaysanmi? Ha, indamaysan-a? Shuning uchun ehtiyot bo‘lib yur. Qadamingni o‘ylab bos!
Sesi o‘z yotog‘iga chiqib, kechki pardozini qildi, yuragi dirillab, hayajonlanib, to‘shagiga yotdi. Illinoys dalalari osmoniga esa sutdek oymuma suzib chiqib, daryolarni qaymoqqa, yo‘llarni kumush tasmaga aylantirib yubordi.
– Ha, – deb xo‘rsindi qiz, – men o‘zgacha oiladanman. Biz kunduzi uxlab, tunlari qora qog‘ozdan yasalgan varrak kabi shamolga erkimizni beramiz. Agar xohlasak, ko‘rsichqon bag‘riga joylashgancha, issiqqina yer quchog‘ida qishlay olamiz. Men har narsaning ichida, maydagina toshdayam, kukundayam yoki beshiktervatarda ham yashay olaman. Mana, shu yerda jismim qobig‘ini qoldirib, ruhimni uzoq-uzoqlarga, sarguzasht izlab, uchirib yubora olaman. Ke-etdi-im!
Shamol uni dalalar va o‘tloqlar ustidan uchirib ketdi. Pastdagi uylar bahorning erkalatuvchi yog‘dusi bilan shu’lalanib, darchalar qizg‘ish tus oldi.
“Modomiki, men shunaqa g‘alati va ko‘z ilg‘amas mavjudotman, o‘zim sevishim mumkin emas ekan, unda boshqa birov orqali sevganim bo‘lsin!” – dedi u o‘zicha.
Bahorning g‘ira-shira oqshomida o‘n to‘qqiz yoshlardagi, qopqora sochli bir qiz, ferma oldidagi cho‘nqir tosh quduqdan suv olgani keldi. U qo‘shiq aytardi.
Sesi yam-yashil yaproq qiyofasida quduqqa tushib ketdi. Yumshoqqina yo‘sin ustida cho‘zilib, muzdek quduq ichidan tepaga qaradi. Bir zumda u ko‘zga ko‘rinmas, tinib-tinchimas amyoba ichiga joylashib oldi va yana bir ondan so‘ng tomchi suvga qo‘shilib ketdi! Ana, muzdek yog‘log‘i uni qizning qaynoq lablari tomon olib borayapti! Sokin oqshom havosida yumshoqqina “qult-qult” etgan tovush taraldi.
Endi, Sesi tevarakni qizning ko‘zlari bilan ko‘ra boshladi. Tim qora sochlar bilan burkangan boshga o‘tdi va uning charaqlagan ko‘zlari yordamida dag‘al arqonni tortayotgan nozik qo‘llarga tikildi. Qulog‘ining nozik, qizg‘ish chanoqlari bilan qiz atrofidagi borliqni eshitdi. Nozik burni orqali notanish muhit hidini tuydi. Yosh yurak qanchalik tekis va kuchli urib turishini, begona ovozda kuylash qanaqa bo‘lishini his qildi.
“Men bu yerdaligimni bilarmikin?” – o‘yladi Sesi.
Qiz og‘zini ochgancha, qop-qora o‘tloqqa tikilib qoldi.
– Kim?
Javob yo‘q.
– Bu, bor-yo‘g‘i shamol, – shivirladi Sesi.
– Bor-yo‘g‘i shamol. – qiz sekingina kuldi, lekin uni vahima bosayotgandi.
Qizning badani ajoyib ekan! Nozik qobirg‘alarni mayin jism o‘rab olgan. Bosh miyasi, misoli zulmatda yashnab turgan yorqin atirgul, og‘zidan yengil sharobning muattar bo‘yi taraladi. Tarang lablari ostidagi tishlari oppoq, qoshlari qayrilma, muloyim sochlari sutdek oq bo‘ynini erkalab siypalaydi. Burni g‘urur bilan tepaga – Oyga qaraydi, yonoqlari bir juft tandir singari lovillaydi. Yurganida badani nozik dirkillab, o‘zicha qandaydir qo‘shiq aytayotgandek bo‘ladi. Ana shunday badan ichida, bosh ichida yurish – issiqqina tanchaga burkanib o‘tirish, shiringina uxlab yotgan mushukning “xur-xur”iga qo‘shilib ketish yoki dengizga oshiqayotgan irmoqning iliqqina suvini shaloplatib cho‘milishdek yoqimli.
“Men juda yaxshi o‘rnashib oldim” – o‘yladi Sesi.
– Nima? – dedi qiz, xuddi tovushni eshitgandek.
– Isming nima? – ehtiyotkorlik bilan so‘radi Sesi.
– Enn Liri, – qiz seskanib ketdi. – Nega men tovush chiqarib aytdim?
– Enn, Enn, – shivirladi Sesi. – Enn, sen sevib qolasan!
Xuddi uning so‘ziga javob bergandek, yo‘ldan ot tuyog‘ining dupuri va g‘ildiraklarning shag‘alga tegib g‘ijirlashi eshitildi. Arava ko‘rindi, ustida gavdali yigit, kuchli qo‘llari jilovni mahkam tutgan, jilmayishi esa hamma yoqni yoritib yuborgandek bo‘ldi.
– Enn!
– Senmisan, Tom?
– Men bo‘lmay, kim bo‘lardi? – U sakrab tushib, jilovni panjaraga bog‘ladi.
– Men senga aytmayapman! – Enn keskin teskari qarab olganidan chelakdagi suv chayqalib ketdi.
– Yo‘q! – xitob qildi Sesi.
Enn shoshib qoldi. U uzoqdagi tepaliklarga, birinchi bahor yulduzlariga, so‘ngra Tom ismli erkakka tikildi, Sesi chelakni tushirib yuborishga majbur qildi.
– Qara, nima qilib qo‘yding!
Tom yugurib keldi.
– Qara, seni deb bo‘ldi!
Yigit kulganicha qizning tuflisini dastro‘moli bilan arta boshladi.
– Nari tur!
Qiz oyog‘i bilan yigitning qo‘llarini turtib yubordi, u bo‘lsa, hamon kulardi. Sesi o‘rnashib olgan joyidan turib yigitning kattakon boshini, keng peshonasini, qirg‘iy burnini, charaqlagan ko‘zlarini, keng yag‘rini va tuflini artayotgan kuchli qo‘llarini ko‘rdi.
Chiroyli boshchaning chordog‘idan turib pastga qararkan, Sesi qiz qalbining yashiriqcha torlarini chertdi, shu zahoti lablar ochilib, o‘z-o‘zidan so‘zga keldi:
– Rahmat.
– Ie, muloyim bo‘lib qolibsanmi?
Yigitning qo‘llaridan ko‘tarilayotgan egar-jabduq isi, kiyimlariga singib ketgan otxona hidi nozik dimoqqa urilganda, Sesining vujudi – uzoq-uzoqlarda, qorong‘i dalalar va gullagan o‘tloqlar ortidagi o‘rnida yotgan jismi tush ko‘rayotgandek bezovtalanib qo‘ydi.
– Faqat, sen bilan emas! – javob qildi Enn.
– I-i, muloyimroq gapir, – dedi Sesi. Enning barmoqlari o‘z-o‘zidan tomning sochlari orasiga kirdi.
Enn qo‘lini tortib oldi:
– Esimni yeb qo‘yibman!
– To‘g‘ri! – yigit jilmayib ham hayron bo‘lib bosh irg‘adi. – Boshimni silab qo‘ymoqchimiding?
– Bilmayman! Ket, ket! – qizning yonoqlari laxcha cho‘g‘ bo‘lib yonardi.
– Nega qochib ketmayapsan? Men ushlab turganim yo‘q-ku! – Tom o‘rnidan turdi. – Aynadingmi? Bugun men bilan raqsga bormaysanmi? Zarur gapim bor, keyin aytaman.
– Yo‘q, – dedi Enn.
– Ha! – xitob qildi Sesi. – Men hech qachon raqs tushmaganman, lekin istayapman! Men hech qachon uzun, yaltiroq ko‘ylak kiymaganman. Shunday ko‘ylagim bo‘lishini juda istayman! Tun bo‘yi raqs tushgim kelyapti. Men hech qachon o‘yinga tushgan ayol jismida bo‘lmaganman, oyim va dadam bir marta ham ruxsat berishmagan. It, mushuk, chigirtka, yaproqlar – hammasida bir-bir bo‘lganman, lekin bahor oqshomida, mana shunday oqshomda, ayol qiyofasiga kirmaganman. O‘tinaman, raqsga boraylik!
Qizning fikri oydinlashib, yuzlari yorishdi, tarang tortildi.
– Yaxshi, – dedi Enn Liri. – Sen bilan raqsga boraman, Tom.
– Endi, uyga! Yugur! – xitob qildi Sesi. – Hali, ota-onangdan ruxsat so‘rashing, cho‘milib olishing, kiyimlaringni dazmollashing kerak. Qani, bo‘laqol tezroq!
– Oyi, – dedi Enn, – men o‘ylab ko‘rdim.
Arava yo‘l bo‘ylab uchib ketdi, ferma atrofidagi uy bekalari g‘imirlab qolishdi, cho‘milishga tayyorlangan suv qaynab, pech ustidagi dazmol qizib ketdi. Qizning onasi lablariga soch to‘g‘nag‘ichlarni qistirib olib, u yoqdan bu yoqqa yuguradi.
– Nima balo, bir pasda o‘zgarib qolding, Enn? Tomni yoqtirmasding-ku!
– To‘g‘ri. – Shuncha tayyorgarlikni qilib qo‘yib, Enn birdaniga joyida qotib qoldi.
“Bahor keldi-ku!” – o‘yladi Sesi.
– Bahor keldi, – dedi Enn, sekingina.
“Raqsga tushadigan mo‘‘jizaviy oqshom”, – o‘yladi Sesi.
– Raqsga tushadigan... – g‘o‘ldiradi Enn Liri.
Endi, qiz tog‘ora ichida, lo‘ppi sovun uning oppoq yelkasida o‘ynab ko‘piradi, qo‘ltiqchalariga kirib olib, chiqqisi kelmaydi, iliqqina siynasi kaftlari orasida sirpanib, qitig‘ini keltiradi. Sesi ham tinch turmay, lablarni pichirlashga majbur qiladi.
Qiz sovun surib bo‘lib, ishqalandi, yuvindi, chayindi. Endi yetar, tur! Sochiqni ol, artin! Atir!... Upa!...
– Hoy qiz! – dedi Enn katta ko‘zgudan qarab turgan chinniday oqbadan, guldek yashnab turgan qizga. – Sen bu oqshom kimsan, o‘zi?
– O‘n yetti yoshli qiz, – dedi Sesi qizning binafsha ko‘zlaridan mo‘ralab. – Sen meni ko‘rmayapsan. Men bu yerdaligimni bilasanmi?
Enn Liri bosh chayqadi.
– Ichimga bahor sehrgari kirib olganga o‘xshaydi.
– Qaynoq! Ehtirosli! – deb kuldi Sesi. – Endi kiyin!
Hayot nafasi ufurib turgan badanni chiroyli kiyimlar o‘rab olishi qanday yaxshi-ya! Ana, chaqirib kelishdi...
– Enn, Tom keldi.
– Ayting, kutib tursin. – Enn birdaniga o‘tirvoldi. – Aytib qo‘yinglar, men raqsga bormayman.
– Nimalar deyapsan? – dedi onasi ostonada qotib.
Shu onda Sesi joyini egalladi. U xatarli bir lahzagagina Enning jismini tark qilgan edi. Uzoqdagi tuyoq tovushlarini, oydin yo‘ldagi g‘ildiraklarning g‘irchillashini eshitib: “Qani, Tomning diliga kirib ko‘ray-chi, yigirma ikki yashar yigit bunday oqshomda nimalarni o‘ylayotganiykin?” degandi. Shunday deb, u supirgizor ustidan uchib ketdi, lekin shu zahoti qaytib, o‘z oshiyoniga kirgan qushdek, Enn Lirining diliga tipirchilab, o‘rnashib oldi.
– Enn!
– Ketaversin!
– Enn! – Sesi yanayam yaxshiroq o‘rnashib oldi va butun fikri-zikrini ishga soldi.
Biroq Enn o‘jarlik qilgancha turib oldi.
– Yo‘q, yo‘q, men uni yomon ko‘raman!
Qizni bir onga ham tashlab ketmaslik kerak edi. Sesi avval uning qo‘llarini o‘ziga bo‘ysundirdi, keyin – yuragini, boshini... sekin-asta: “Tur o‘rningdan!” – o‘yladi u.
Enn turdi.
“Egningni kiy!”
Enn kiyindi.
“Endi, yur!”
“Yo‘q!” – o‘yladi Enn Liri.
“Yur, deyapman!”
– Enn, – dedi jimgina kuzatib turgan oyisi. – Tomni zoriqtirib qo‘yma. Qiliq qilmay, hoziroq chiq! Senga nima bo‘lgan, o‘zi?
– Hech narsa, oyi. Yaxshi qoling. Biz kechroq qaytamiz.
Enn va Sesi bahor oqshomi qo‘yniga otilib chiqishdi.
* * *
Raqs maydoni gavjum. Bunda ulug‘vor, serhasham qanotlari qatini asta yoyib yuborgan kabutarlar, tovuslar o‘ynaydi, ko‘zni quvontiruvchi rango-rang shu’la, bari jam bo‘lgan... Shularning ichida Enn Liri sarmast bo‘lib, gir aylanadi...
– Qanday mo‘‘jizali oqshom-a! – o‘yladi Sesi.
– Mo‘‘jizali oqshom! – dedi Enn.
– Juda g‘alatisan-a, – dedi Tom.
Musiqa sadolari ularni tumanli girdobi-la chulg‘ab olib, qo‘shiq ohangi ichida oqizib ketdi. Ular chayqalib-chayqalib suzishdi, bir cho‘kib, bir ko‘rinib, har ko‘ringanda bir qultum nafas olib, bir-birlariga yopishib oqishdi va yana, “Go‘zal Ogayo”ning ohanglariga cho‘mib, shivirlashib, xo‘rsinishib, girdikapalak bo‘lishdi.
Sesi hirgoyi qildi. Enn dudoqlarini ochganda, ohang quyilib keldi.
– Ha, men g‘alatiman, – javob qildi Sesi.
– Sen o‘zingga o‘xshamaysan, – dedi Tom.
– Bugun shunaqaman.
– Sen ilgarigi, men bilgan Enn Liri emassan.
– Ha, ha, butunlay boshqaman, – shipshidi olis-olisdagi Sesi.
– Butunlay boshqa, – beixtiyor takrorladi Enning lablari.
– Men ham o‘zimni g‘alati sezyapman, – dedi Tom.
– Nega?
– Seni aytaman-da, – yigit o‘zini salgina orqaga tashladi va qizni aylantirgancha, qizarib, bo‘rsillab turgan yuziga qattiq tikildi. – Ko‘zlaring... tushunolmay qoldim.
– Meni ko‘rayapsanmi? – dedi Sesi.
– Sen go‘yo shu yerdasan, ayni vaqtda qaerdadir, juda olisdasan, – Tom tashvishga tushib, qizni avaylab aylantirdi.
– Ha.
– Nega men bilan kelding?
– Kelmoqchi emasdim, – javob qildi Enn.
– Nega endi?
– Nimadir meni majbur qildi.
– Nima?
– Bilmayman, – dedi Enn yig‘lamsirab.
– Tinchlan, tinchlan... – shivirladi Sesi. – Mana shunday, aylan, aylanaver.
Ular nimqorong‘i maydonchada shitirlab, shipillab parvoz qilishdi, yana qo‘nishdi, yana musiqaga burkangancha chirpirak bo‘lishdi.
– Shunday bo‘lsayam sen raqsga kelding, – dedi Tom.
– Keldim, – dedi Sesi.
– Endi, bo‘ldi, – yigit aylangancha qizni chetga, eshik tomonga surib bordi, hech kimga sezdirmasdan uni raqs maydonchasidan, musiqadan va odamlardan tezgina nari olib ketdi.
Ular aravaga chiqib, yonma-yon o‘tirishdi.
– Enn! – dedi yigit va titroq qo‘llari bilan qizning qo‘llarini tutdi. – Enn!
Lekin u qizning ismini shunday aytdiki, go‘yo bu ism uniki emasdi. Yigit qizning oqarib ketgan yuziga tikilib qaradi.
– Enn, o‘zing bilasan, men seni sevardim, – dedi u.
– Bilaman,
– Lekin, sen doim shunaqa beqarorliging sababli kuyib qolishni istamasdim.
– Hechqisi yo‘q, bizlar hali yoshmiz, – dedi Enn.
– Yo‘q. Yo‘q! Men “Meni kechir”, demoqchiydim, – dedi Sesi shoshib.
– Nimani kechiraman? – Tom uning qo‘llarini qo‘yib yubordi va sergak tortdi.
Tun iliq. Har tarafdan yerning titroq nafasi ufurib turibdi, ko‘karib qolgan daraxtlar shitirlayotgan yaproqlari ila sokin nafas olayapti.
– Bilmadim, – dedi Enn.
– Yo‘q, bilaman! – dedi Sesi. – Sen dunyoda eng baland, eng chiroyli yigitsan. Bugungi kecha ajoyib bo‘ldi, meni uni sen bilan o‘tkazganimni bir umr eslab qolaman, – dedi Sesi va birovning sovuq qo‘llarini yigitning qarshilik ko‘rsatayotgan qo‘llariga uzatdi, ularni mahkam tutib siqdi, isitdi.
– Senga bugun nima bo‘ldi? – dedi Tom tushunolmay. – Hali undoq deysan, hali bundoq, o‘zing o‘zingga o‘xshamaysan. Men seni, eski tanishligimiz hurmati, raqsga taklif qiluvdim. Avvaliga shunchaki aytdim. Keyin, quduq oldida turganimizda, sen o‘zgarganingni, judayam o‘zgarganingni sezib qoldim. Boshqacha bo‘lib qolganding. Nimangdir o‘zgacha, yangi... muloyimlikmi... – U so‘z axtarib topolmadi. – Bilmadim, aytolmayapman. Nigohing boshqacha edi, ovozing ham. Bildimki, men seni yana sevib qoldim.
“Uni emas, – dedi Sesi, – meni!”
– Men seni sevishdan qo‘rqaman, – davom etdi yigit. – Yana azob berasan.
– Ehtimol, – dedi Enn.
“Yo‘q, yo‘q, men butun qalbim bilan sevaman! – o‘yladi Sesi. – Enn, unga ayt, men uchun ayt. Ayt, butun qalbim bilan sevaman, de!”
Enn hech nima demadi.
Tom qiz tomonga sekingina surildi, uning dahanini muloyimlik bilan tutdi.
– Men ketayapman. Ishga joylashdim, bu yerdan yuz mil narida. Meni sog‘inasanmi?
– Ha! – deyishdi Enn va Sesi birgalashib.
– Xayrlashuv oldidan seni o‘psam bo‘ladimi?
– Ha! – dedi Sesi “birov”lardan oldinroq.
Yigit lablarini begona lablarga bosdi. Qaltirab, begona lablardan bo‘sa oldi. Enn bo‘lsa, oppoq haykaldek o‘tirardi.
– Enn! – qichqirdi Sesi. – Qo‘llaringni ko‘tar, uni quchoqla!
Qiz oy shu’lasida yog‘och qo‘g‘irchoq kabi o‘tirardi. Yigit uning lablaridan yana o‘pdi.
– Sevaman! – shivirladi Sesi. – Bu yerda menman, uning ko‘zlari ichida ko‘rganing men edim, men! U seni hech qachon sevmagandayam, men sevaman!
Yigit nari surildi va qizning yonida, allaqayoqlardan yugurib kelgandek, hansirab o‘tirardi.
– Tushunolmayapman, nimalar bo‘lyapti, o‘zi?... Hozirgina...
– Ha? – so‘radi Sesi.
– Hozir, menga tuyulgandek... – U ko‘zlarini ishqaladi. – Mayli, ahamiyati yo‘q. Uyingga oborib qo‘yaymi?
– Marhamat, – dedi Enn Liri.
Yigit otlarni “chuh”lab, jilovni holsizgina tortdi.
Arava yurib ketdi. G‘ildiraklar shildirab, tasmalar shapillab, oydin arava g‘izillab bormoqda, tevarakda esa erta bahor oqshomi, hali yarim kecha ham bo‘lgani yo‘q. Yo‘lning ikki chetidagi bedaning yoqimli isi anqib turgan dalalar va o‘tloqlar milt-milt ortda qolib ketmoqda.
Sesi dalalar va o‘tloqlarga qarab, o‘ylanib qoldi: “Shu kechadan boshlab, bir umrga u bilan birga bo‘lish uchun hamma narsadan voz kechaman, hech narsani ayamayman!” Uzoqdan qulog‘iga ota-onasining so‘zlari chalindi:
“Ehtiyot bo‘l. Nahotki, sehr kuchingdan ayrilib qolishni xohlasang? Oddiy odamlarga turmushga chiqsang, bu kuchingni yo‘qotasan. O‘ylab ish qil. Sen shuni istaysanmi, axir?”
“Ha, istayman, – o‘yladi Sesi. – Men unga kerak bo‘lsam, hoziroq sehr kuchimdan ayrilishga tayyorman. Bundan keyin bahor oqshomlari o‘zimni har yonga urib, dunyo kezib, hali qarasang qushlar, hali itlar, mushuklar, tulkilar ichiga kirib yurmayman, men u bilan bo‘lsam bas! Faqat u bilan. U bilan.”
Yo‘l arava ostida shildirab, hamon ortga ketmoqda.
– Tom, – nihoyat, jimlikni buzdi Enn.
– Ha? – dedi yigit yo‘lga, daraxtlarga, osmon va yulduzlarga o‘ychan qarab borarkan.
– Agar sen bundan keyin, qachon bo‘lmasin, Illinoysdagi Grintaunga borib qolsang (uzoq emas, bor-yo‘g‘i bir necha mil, xolos), men uchun bir iltifot qila olasanmi?
– Iloji bo‘lib qolar.
– U yerdagi bir dugonamnikiga kirib chiqa olasanmi?
Enn Liri bu gapni tutilib, qat’iyatsizlik bilan aytdi.
– Nimaga?
– U mening eng yaxshi dugonam. Men unga sen to‘g‘ringda aytgandim. Manzilini hozir aytaman.
Arava Enning uyi oldida to‘xtadi, qiz sumkasidan qalam-qog‘oz oldi va tizzasiga qo‘yib, oy nurida yoza boshladi.
– Mana, o‘qiy olasanmi?
Yigit qog‘ozga qaradi va hayron bo‘lib bosh irg‘adi.
– “Sesi Eliot. Terakzor ko‘chasi, 12. Grintaun, Illinoys”, – deb o‘qidi u.
– Unikiga kirib o‘tarsan? – dedi Enn.
– Ko‘raman, – javob qildi yigit.
– Va’da berasanmi?
– Uning bizga nima aloqasi bor? – jerkib berdi yigit. – Bu qog‘oz, manzil, ismning menga nima keragi bor?
U qog‘ozni g‘ijimlab, dum-dumaloq shaklga kelganda cho‘ntagiga tiqdi.
– Iltimos, va’da ber! – yalinib-yolvordi Sesi.
– ... va’da... ber... – dedi Enn.
– Bo‘pti, bo‘pti, faqat sen qistayverma! – jerkidi yigit.
“Charchadim, – o‘yladi Sesi.– Boshqa holim kelmaydi. Uyga qaytishim kerak. Kuchim tugab borayapti. Tunlari mana shunaqa izg‘ib yurganimda, kuchim bir necha soatga yetadi, xolos... Xayrlashuv oldidan...”
Qiz Tomning lablaridan o‘pdi.
– Seni o‘payotgan men! – dedi Sesi.
Tom Enn Lirini o‘zidan nari surib, unga shunday tikildiki, go‘yo ichida nima borligini ko‘rayotgandek. U hech nima demadi, lekin yuzlari asta yorishdi, ajinlari tarqab, taranglashdi, toshdek lablari muloyimlashib, qizning oy nuriga cho‘mgan oppoq yuziga yana bir marta tikildi. Keyin aravadan tushishga yordam berdi-da, “xayr-ma’zur”ni nasiya qilib, tezgina jo‘nab qoldi.
Sesi Enni tark etdi.
Enn Liri qafasdan ozod bo‘lgan qush kabi qichqirib yubordi va kumush yo‘ldan uyga yugurib kirib, eshikni sharaqlatib yopdi.
Sesi ozgina imillab qoldi. Chirildoqning ko‘zlari bilan bahor tunida dunyo qanaqa bo‘lishini ko‘rdi. Ko‘p emas, bir daqiqaga, hovuz labida qotib turgan baqaning ko‘zlari orqali, yolg‘iz o‘tirib, tomosha qildi. Tungi qushning ko‘zlari yordamida oy nuriga cho‘mgan baland qayrag‘ochdan turib, pastga qaradi va ikkita uyda – biri yaqinginada, ikkinchisi – yarim mil narida, chiroqlar o‘chganini ko‘rdi.
U o‘zi haqida, qarindosh-urug‘lari haqida, nodir qobiliyatiyu, mana shu ulkan dunyodagi tepaliklar ortida yashovchi odamga, o‘z avlodidan bironta qiz turmushga chiqa olmasligi haqida o‘ yladi.
“Tom, – uning ruhi holsizlanib, tungi qush ichida daraxtlar orasidan, yovvoyi xantal o‘sib yotgan dala ustidan uchib borardi. – Tom, qog‘ozni tashlab yubormadingmi? Qachon bo‘lsa ham, bir ilojini topib, meni ko‘rgani kirasanmi? Meni taniy olarmikinsan? Yuzlarimga qarab turib, meni qaerdadir ko‘rganingni eslay olasanmi, meni sevishingni, men ham seni butun borlig‘im bilan bir umrga sevishimni seza olasanmi?”
U to‘xtadi. Tun havosi muzdek! Shaharlar va odamlar millionlab mil olisda, uzoq-uzoqda, pastda – dalalar, fermalar, daryolar, tepaliklar...
Tom uxlab yotibdi. Tun allamahal. Yigitning kiyimlari tartib bilan stulga, karavot suyanchig‘iga terilgan. Qo‘lini boshi uzra, oppoq yostig‘i ustiga tashlagan, kaftida bir parcha qog‘oz, harflari ko‘rinadi. Barmoqlar sekin-sekin yopilib, qog‘ozni mahkam siqdi.
Tom qimirlamadi, oy yog‘dusida tovlanib turgan darchaga qora mayna bir zum sekin va yumshoqqina suykanganini, keyin unsiz parillab, bir joyda turib qolganini va uxlab yotgan zamin bo‘ylab kunchiqar tomonga uchib ketganini ham sezmadi.
“Sirli olam” jurnali, 1991 yil, 2-son.
Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi