– Ertaga qiyomat bo‘lishini bilsang nima qilarding?
– Nima qilar edim?.. Hazillashyapsanmi?
– Yo‘q.
– Bilmadim… hech o‘ylamagan ekanman.
U o‘ziga qahva quydi. Bir chetdagi gilam ustida, yoruq yashiltob chiroq yog‘dusida ikkala qizi kubiklardan nimadir yasab o‘tiribdi. Mehmonxonada hozirgina qaynagan qahvaning yoqimli hidi taralmoqda.
– O‘ylab ko‘radigan vaqt keldi, chamamda, – dedi u.
– Jiddiy aytyapsanmi?
U bosh irg‘adi.
– Urush boshlandimi?
U boshi bilan “yo‘q” ishorasini qildi.
– Atommi yoki vodorod bombasimi?
– Yo‘q.
– Bakteriologik urushmi?
– Ey yo‘q, bunaqa narsalar emas, – dedi u qoshiq bilan qahvani aralashtirar ekan. – Shunchaki, nima desa bo‘ladi, oxirgi nuqtani qo‘yadigan vaqt yetdi.
– Nima demoqchi bo‘layotganingni tushuna olmayapman.
– To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham tushunganim yo‘q, men hozir shuni his qilayapmanki, bir qattiq qo‘rquv bosadi, bir ozdan so‘ng qo‘rquv chekinib, ko‘nglim xotirjam tortib qoladi. – u qizlari tomonga qaradi, ularning tillarang sochlari chiroq sho‘‘lasida yaltirar edi. – Men boshida senga aytmagan edim. Bu to‘rt kun burun boshlangan edi.
– Nima?
– Men bir tush ko‘rdim. Tushimda “Yaqinda hammasi tugaydi” dedi bir ovoz eshitdim. Butunlay notanish, boshqacha ovoz. U aytdiki, bizning Yer sharimizda hayot nihoyasiga yetibdi. Ertalab bu haqda deyarli unutib, ishga jo‘nadim, ishxonada Sten Uillis deraza rafida o‘yga botib o‘tirganiga to‘satdan ko‘zim tushib qoldi. “Nimalarni orzu qilib qolding, Sten?” dedim unga. U javob berib aytdiki, “Mening tushimda…”, o‘sha zahoti qanday tush ekanini fahmladim. Unga tushida nima ko‘rganini aytib berishim mumkin edi, ammo Sten tushini birinchi bo‘lib gapirib berdi, men tingladim.
– O‘sha tushmi?
– Xuddi o‘sha. Stenga men ham shunday tush ko‘rganimni aytdim. U hayron bo‘lmaganga o‘xshadi, hatto bir oz xotirjam tortdi. Keyin biz qiziquvchanlik qilib butun idorani aylanib chiqdik. Bu o‘z-o‘zidan yuz berdi. Biz yur bir qarab kelaylik, nima gap, nima so‘z deganimiz yo‘q. Shunchaki borib ko‘rdik, birov stoliga, birov qo‘llariga, yana birov derazaga boqib jim o‘tiribdi. Biri bilan men, boshqasi bilan Sten gaplashdi.
– Hamma shu tushni ko‘ribdimi?
– Hamma-hamma, nuqta, verguligacha o‘sha tushning o‘zginasi.
– Sen bunga ishonasanmi?
– Ishonaman. Tug‘ilganimdan beri biror narsaga bunchalik ishonmagan edim.
– Qachon bu hodisa yuz beradi? Qachon hammasi tugaydi?
– Biz uchun – bugun tunda, soat nechada bo‘lishini bilmayman, keyin esa qaysi joydi kechasining qay vaqtda kirishiga qarab – yer aylanadi-ku. Bir kecha-kunduzda hammasi tugaydi.
Ular qahvaga qo‘l tekkizmasdan bir oz o‘tirdi. Keyin bir-biriga qarab shoshmasdan qahva ho‘plashdi.
– Qaysi gunohimiz uchun? – dedi ayol.
– Gunoh qildikmi, yo‘qmi, gap unda emas, faqat hech narsa chiqmadi. Sen bahslashmading ham, nima uchun?
– Buning sababi bor, albatta.
– Bizning ishxonamizdagining o‘zginasimi?
Ayol tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Keyin:
– Men senga aytmoqchi emas edim. Butun kun davomida dahamizdagi ayollar shuni muhokama qildi. Ular ham aynan shu tushni ko‘rishgan. Men bu shunchaki o‘xshashlik bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edim, – deya stoldan kechagi gazetani oldi. – Bu yerda esa hech narsa yozilmabdi.
– Shunday ham hamma biladi. – U xotiniga yuzlanib, unga sinovchan nigoh bilan qaradi.
– Qo‘rqayapsanmi?
– Yo‘q. Har doim juda qo‘rqinchli bo‘lsa kerak deb o‘ylar edim, lekin, qo‘rqmayapman.
– Bizga mudom o‘z jonini saqlashga intilish tuyg‘usini uqtirishar edi – nega o‘sha tuyg‘u jim turibdi?
– Bilmadim. Hammasi to‘g‘ri ekanini bilgandan so‘ng o‘zingni yo‘qotmaysan chog‘i. Bu yerda hammasi to‘g‘ri. Agar bizning qanday yashaganimizni o‘ylasak, shunday tugashi kerak edi.
– Biz shunchalik yomonmidik?
– Yo‘q. Lekin juda yaxshi ham emas edik. Ehtimol, asosiy fojea shundadir – bizda ko‘zga tashlanadigan hech narsa yo‘q edi, biz shunchaki o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib qolgan edik, ammo dunyodagi juda ko‘pchilik odamlar quturib ketgan edi, kim biladi ular nimalarni o‘ylab topishmagan.
Mehmonxonadan qizlarning kulgusi eshitildi.
– Men mudom ana shu fursat kelganda hamma ko‘chaga chopib chiqadi deb o‘ylar edim.
– Menimcha yo‘q. Chunki hech narsani o‘zgartirib bo‘lmagandan keyin baqir-chaqirning nima keragi bor.
– Bilasanmi, men faqat sendan va qizlarimdan ajralayotganimga achinaman. Men hech qachon shahar hayotini va kasbimni yaxshi ko‘rmaganman, umuman, siz uchalangizdan boshqa hech narsani sevmaganman. Men hech narsaga achinmayman, ammo issiq havoda bir qultum suv ichib, so‘ng bir oz mizg‘ib oladigan shunga o‘xshagan yana bir kunni ko‘rsak yomon bo‘lmas edi. Qiziq, qanday qilib biz shu holatda bu mavzuda bemalol gaplashib o‘tiribmiz?
– Qo‘limizdan boshqa nima ham kelardi.
– Ha, to‘g‘ri aytasan, agar qilish mumkin bo‘lganda biz nimadir qilar edik-da. Menimcha, bu tarixda bugun har bir odam ertaga o‘ziga nima bo‘lishini biladigan birinchi hodisa bo‘lsa kerak.
– Ajabo, hozir, kechqurun, yaqin soatlarda odamlar nima qilar ekan.
– Odatdagidek, kinoga boradi, radio eshitadi, televizor ko‘radi, bolalarini uxlatadi va o‘zlari ham uxlagani yotadi.
– Bundan g‘ururlanish kerak, shekilli – hamma, hamma vaqtdagidek.
Ular bir daqiqa jim qolishdi, keyin erkak o‘ziga yana qahva qo‘ydi.
– Sen nima deb o‘ylaysan, nima uchun aynan bugun?
– Shuning uchun.
– Nega boshqa biror kun, o‘tgan asrda yoki besh yuz, ming yil burun emas?
– Ehtimol, shu vaqtgacha bunday kun – bir ming to‘qqiz yuz oltmish to‘qqizinchi yilning o‘n to‘qqizinchi oktyabri bo‘lmagandir, endi esa o‘sha kun keldi, ana shu bilan tamom. Bugun alohida kun, chunki bu yil dunyoda vaziyat shu qadar tarangki, boshqacha bo‘lishi mumkin emas – shuning uchun oxirgi zamon keldi.
– Bugun ummoning ikki tomonida bombardimonchi samolyotlar uchishga tayyorlanmoqda, ular endi hech qachon yerga qo‘na olmaydi.
– Ana shularning ham “hissasi” bor.
– Nachora, – dedi u o‘rnidan turar ekan. – Nima qilamiz? Idish-tovoq yuvamizmi?
Ular idishlarni yuvib, oshxonani odatdagidek batartib qilib qo‘ydi. Sakkiz yarimda bolalarini uxlagani yotqizdi, ularni o‘pib qo‘ydi, krovati tepasidagi tungi chiroqchalarni yoqib, xona eshigini qiya ochiq qoldirdi.
– Bilmadim… – dedi chiqayotib, qo‘lini eshik dastagidan olmay erkak.
– Nima aytayapsan?
– Eshikni zich yopsammikan yoki yorug‘lik tushib tursin uchun qiyaroq ochiq tursinmi…
– Balki bolalar bilishar?
– Yo‘q, albatta, yo‘q.
Ular o‘tirib gazeta o‘qidi, suhbatlashdi, radio tingladi, so‘ng esa jimgina kaminda (uy pechkasi) ko‘mirdan paydo bo‘lgan qip-qizil cho‘qqa tikilib o‘tirdi, soat millari o‘n yarimni ko‘rsatdi, o‘n bir bo‘ldi, keyin o‘n bir yarim bo‘ldi. Ular dunyodagi odamlar haqida o‘ylashdi, bu tunni kim qanday o‘tkazadi – har biri o‘z holicha.
– Nima bo‘lsa, peshonanadan, – dedi u nihoyat. O‘rnidan turib xotinini uzoq vaqt o‘pdi.
– Birgalikda yomon yashamadik, har holda.
– Yig‘laging kelayaptimi? – so‘radi u.
– Yo‘q, albatta.
Ular hamma xonalarni aylanib chiqdi va chiroqlarni o‘chirdi, yotoqxonaga kirib tashqi kiyimlarini yechdi, xona salqin bo‘lsa ham pechkani yoqmadi, ko‘rpani ham olib tashladi.
– Qanday ajoyib, choyshab biram bahri dilni ochadigan…
– Men charchadim.
– Hammamiz charchadik.
Ular yotdi.
– Bir daqiqa, – dedi ayol.
O‘rnidan turib oshxonaga chiqib ketdi. Bir zumda ortiga qaytdi.
– Jo‘mrakni burab qo‘yishni unutibman, – dedi ayol.
Bu erkakning kulgisini qistadi va beixtiyor kulib yubordi.
Ayol ham kuldi, – rostdan ham kulgili edi! Keyin ular kulishdan to‘xtadi va bir-birining qo‘llarini tutib, yuzini yuziga bosib sovuq choyshabda yonma-yon yotishdi.
– Xayrli tun, – dedi u bir necha daqiqadan so‘ng.
– Xayrli tun.
Abdumalik Jo‘raqul tarjimasi