Amerikalik ilmiy-fantastik yozuvchi va ssenarist Richard Barton Metison 1926 yil 20 fevralda, Nyu Jersi shtatining Alyendeyl shahrida, norvegiyalik muhojirlar Bertolf va Fenni Metisonlar oilasida tug’ilgan. Richard Metison o‘smirligida yozuvchi Kennet Robertsning katta romanlarini o‘qib adabiyotga qiziqishi yanada ortadi. Bruklin Texnika maktabini tamomlagach, AQSh armiyasiga chaqiriladi va Yevropada II jahon urushida qatnashadi. Urush xotiralari asosida keyinchalik “Soqolsiz jangchi” (The Beardless Warrior) romanini yozadi. Urushdan so‘ng, 1949 yilda Metison Missuri Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlaydi.
Metisonning ilk romani “Ochlik va tashnalik” (Hunger and Thirst) yillab nashr etilmaydi. Faqat 1950 yilga kelib uning “Erkak va ayolning tug’ilishi”( Born of Man and Woman) nomli dastlabki hikoyasi nashr etiladi. Bir maxluqni dunyoga keltirib, uni yerto‘lada saqlagan er-xotinlar hayoti aks ettirilgan ushbu hikoya katta shov-shuvga sabab bo‘ladi.
O‘quvchilar Metisonning atrof-muhit, borliq bilan bog’liq ijod namunalarini yuqori baholaydi. Adib hikoyalar yozishda davom etib, 1950 yilda “Uchinchi Sayyora” (Third from the Sun), 1953 yilda “Gunohkor” (Trespass) va 1954 yilda “Sinov” (The Test) kabi to‘plamlarini nashr ettiradi.Ammo bu Metisonga moliyaviy foyda keltirmadi. Hattoki “Men afsonaman”(I Am Legend) fantastik asari chop etilganidan so‘ng ham yozuvchining moddiy ahvoli yaxshilanmadi.
“Men afsonaman”(I Am Legend) asari asosida uchta film – 1964 yilda “Yerdagi so‘nggi odam” (The Last Man on Earth), 1971 yilda “Omega odam” (The Omega Man) va 2007 yilda “Men afsonaman” (I Am Legend) filmlari ishlangan. Bu asar Metisonning eng mashhur asari deb e’tirof etilsa-da, uning 1956 yilda yozgan “Kichrayotgan odam” (The Shrinking Man) romani yozuvchini mashhurlik cho‘qqisiga olib chiqqan asar sifatida baholanadi. Roman shu qadar shuhratga erishdiki bir necha yil o‘tib, unga asoslangan “Tobora kichrayotgan odam” (The Incredible Shrinking Man) filmi ishlandi. Metisonning 1971 yilda nashr etilgan “Duel” (Duel) nomli hikoyalar to‘plami asosida mashhur kinorejissor va produsser Stiven Spilberg o‘zining ilk uzun metrajli filmlari – “Aks-sado hayqirig’i” (Stir of Echoes) (1999 yil), Somewhere in Time (1980yil) va What Dreams May Come (1998 yil)ni suratga oldi.
Metison ijodining yuksalgan vaqtida 1959 yilda suratga olingan “Shafaq ko‘ringan hudud” (The Twilight Zone) nomli ilmiy-fantastik janridagi teleserial uchun ssenariylar ham yozgan. U Rod Syorling bilan birgalikda serialning o‘n ikkita qismi uchun ssenariy yozgan. Shuningdek uning “Po‘lat odam” (Steel), va“Falokat dastagi” (Button, Button) hikoyalari 2011 yilda “Sof po‘lat” (Real Steel) va 2009 yilda “Jo‘natma” (The Box) nomlari ostida film bo‘lib katta ekranlarga chiqdi.
Richard Metison ilmiy-fantastika janridan boshqa janrda ham ijod qilib, bir qator romanlar yozdi. Xususan 1993 yilda uning fantastika janriga oid bo‘lmagan “Yo‘lak” (The Path) romani chop etildi. Qariyib o‘n yil o‘tib, yani 2002 yilda esa “Abu va Yetti mo‘jiza” (Abu and the Seven Marvels) nomli bolalar uchun mo‘ljallangan kitobi nashrdan chiqdi.
Metison garchi o‘z davrining mashhur ilmiy-fantast yozuvchisi bo‘lmagan bo‘lsa ham ko‘plab mashhur yozuvchilar uning yozuvchilik mahoratiga tan berishgan. Mashhur dahshatli va fantastik hikoyalar yozuvchisi Stiven King Metisonni o‘zining ma’naviy ustozi deb biladi.
Richard Metison 2013 yil, 23 iyunda Kalabasas (Kaliforniya)da vafot etgan.