OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Roald Dal. Teri (hikoya)

O’sha 1946 yilda qish juda cho’zilib ketdi. Aprel kelgan bo’lsa-da, shahar ko’chalarida sovuq shamol izg’ir, osmonda esa qorli bulutlar suzib yurardi.
Drioli ismli qariya Rivoli ko’chasi bo’ylab og’ir qadam tashlab borardi. U sovuqdan qaltirar, ko’rinishi ayanchli edi; kir bo’lib ketgan qora paltosida u jayrani eslatar, ko’tarilgan yoqasi ustidan esa ko’zlarigina ko’rinib turardi. Qandaydir qahvaxonaning eshigi ochildi va qovurilgan jo’janing hididan uning ochlikdan tirishgan qornida og’riq turdi. U ko’rgazmaga qo’yilgan buyumlar - atirlar, ipak bo’yinbog’ va ko’ylaklar, taqinchoqlar, idishlar, mebel, kitoblarni tomosha qilganicha yo’lida davom etdi. Bir ozdan so’ng u suratlar ko’rgazmasi oldiga yetib keldi. Ilgarilari u suratlar ko’rgazmasini tomosha qilardi. Peshoynada u birgina suratni ko’rdi. U suratni tomosha qilish uchun to’xtadi. So’ngra yana yo’lida davom etish uchun o’girildi, biroq shu zahoti to’xtadi va yana suratga tikildi. Birdan uning qalbida yengil titroq turdi, xotirasi ishga tushdi. U suratga yana qaradi. Unda tabiat manzarasi aks etgandi - shamoldan daraxtlar bir tomonga qiyshayib ketgan, samoda esa qora bulut to’plangandi. Surat ostida: «Xaim Sutin (1894-1943)» degan yozuv bor edi.
Drioli suratdan o’ziga tanish narsani topish uchun unga qattiq tikildi. Vahimali surat, o’yladi u. Qandaydir g’alati va vahimali... Lekin menga yoqdi... Xaim Sutin... Sutin... «Yo, Xudoyim! - bexosdan xitob qildi u. - Bu mening kichkintoy qalmig’im-ku! Mening kichkina qalmig’imning surati. Parijning eng yaxshi ko’rgazmalaridan biriga qo’yilgan ekan! Buni qara-ya!».
Qariya ko’rgazma oynasiga yaqinlashdi. U bu yigitchani aniq-ravshan esladi - ha, uni endi esladi. Bu qachon bo’lgan edi? Qolgan narsalarni eslash oson emasdi. Bunga ancha bo’ldi. Qachon edi? Yigirma - yo’q, o’ttiz yildan ham oshdi. Ha, bu birinchi jahon urushidan bir yil ilgari, 1913 yilda sodir bo’lgandi. Xuddi shunday. U Sutinni, g’amgin, doim o’ychan yuradigan bu qalmiq yigitini o’shanda uchratgan edi.
U qanday zo’r surat chizardi! U endi aniq esladi - ko’chalar, axlat to’la idishlar, loy hidi, axlat titayotgan mushuklar va ostonada oyoqlarini ko’z-ko’z qilib turgan semiz ayollar - hamma-hammasi yodiga tushdi. Bu ko’chaning nomi nima edi? U qaerda yashardi?
Site-Falgyuyerda, mana qaerda! Qariya ko’cha nomini eslay olganidan ko’ngli to’lib boshini silkitdi. Yigitchaning birgina kursi va karavot joylashgan ustaxonasi shu ko’chada edi.
Qiziq, o’yladi Drioli,  qanday qilib hamma narsa, har bir mayda-chuyda ipidan ignasigacha osonlik bilan yodiga tushdi? 
Mana, masalan, tatuirovka voqeasini olaylik. Qanday bema’ni voqea bo’lgandi. Nimadan boshlangan edi? Ha, u boyib ketgan va vino sotib olgandi. U qo’ltig’iga shisha solingan xaltani qistirib ustaxonaga kirib kelganida yigitcha surat chizayotgan, Driolining xotini esa xona o’rtasida o’tirgan kun yodiga tushdi.
- Bugun bayram qilamiz, - dedi u. - Uchovimiz kichkinagina bayram qilamiz.
- Nimani bayram qilamiz? - so’radi yigitcha unga qaramasdan. - Balki, xotining menga turmushga chiqishi uchun u bilan ajrashishga qaror qilganingnimi?
- Yo’q, - dedi Drioli. - Bugun pul ishlaganimni bayram qilamiz.
- Men esa pul topmadim. Buniyam nishonlasa bo’ladi.
- Albatta, agar istasang.
Drioli stol yonida tugunni yechardi. U o’zini charchagan sezdi va tezroq vino ichgisi keldi. Bir kunda to’qqizta mijoz - bu juda yaxshi, lekin ko’zni rasvo qiladi. Ilgari hech qachon bir kunda to’qqizta mijoz kelmagandi. To’qqiz nafar mast askar, ular naqd pul to’lashdi. Natijada u boyib ketdi. Lekin qattiq zo’riqib ishladi. Drioli charchoqdan qizarib ketgan, og’riyotgan ko’zlarini qisdi. U shishalarni ochishga kirishdi. Qopqoqlar paqillab ochildi. Yigitcha mo’yqalamini qo’ydi.
- Yo, Xudoyim! - dedi u. - Bunaqa shovqinda ishlab bo’ladimi, axir? 
Ayol suratga yaqinlashdi. Drioli ham bir qo’lida shisha, bir qo’lida qadah ushlaganicha uning yoniga yaqinlashdi.
- Yo’q! - qichqirdi yigitcha kutilmaganda qoni qaynab. - Iltimos, bormang! - U suratni devor tomonga o’girib qo’ydi. Biroq Drioli uni ko’rishga ulgurdi.
- Menga yoqdi.
- Dahshat.
- Ajoyib. Sen chizgan suratlar ajoyib chiqadi. Menga ularning barchasi yoqadi.
- Hamma balo shundaki, - dedi yigitcha qovog’ini uyib, - ular yeyishga yaroqsiz. Ularni yeya olmayman.
- Baribir ular ajoyib. - Drioli unga vino t›o’la qadahni uzatdi. - Ich, - dedi u. - Bu senga quvvat bo’ladi.
Hech qachon, o’yladi u, bunchalik baxtsiz yoki qayg’uli qiyofani umrida ko’rmagan. U yigitchani yetti oy ilgari qahvaxonada ko’rgandi. U yolg’iz o’zi o’tirar va ko’rinishidan rus yoki osiyolikka o’xshagani uchun Drioli uning yoniga o’tirib gap qotdi:
- Siz rusmisiz?
- Ha.
- Qaerdansiz?
- Minskdan.
Drioli o’rnidan sapchib turib uni quchoqlarkan, o’zi ham Minskdan ekanligini aytib qichqirdi.
- Umuman olganda, men  Minskdan emasman, - degandi o’smir o’shanda, - u yerdan uncha uzoq bo’lmagan joyda tug’ilganman.
- Qaerda?
- Smilovichida, Minskdan o’n ikki mil uzoqda.
- Smilovichi! - xitob qildi Drioli uni quchoqlaganicha. - Bolaligimda u yerda ko’p bora bo’lganman. - Keyin u joyiga o’tirib suhbatdoshining yuziga mehr bilan tikildi. - Bilasanmi, - dedi u, - sen Farbda yashaydigan ruslarga o’xshamaysan. Sen ko’proq tatar yoki qalmiqqa o’xshaysan. Sen haqiqiy qalmiqsan.
Endi esa ustaxonada Drioli vino to’la qadahni bir ko’tarishda bo’shatgan yigitchaga tikilib turardi. Ha, uning yuzi xuddi qalmiqlarnikidek - keng yonoqli, burni katta. Uning quloqlari ham katta-katta edi. Bundan tashqari, ko’zlari qisiq, sochlari qora, lablari qalin, qo’llari  esa - bu qo’llar uni doimo hayratga solardi, xuddi ayollarnikidek nozik va oppoq, barmoqlari ingichka edi.
- Yana quy, - dedi yigitcha. - Bayram bayramdek bo’lsin.
Drioli vinoni qadahlarga bo’ldi va kursiga o’tirdi. Yigitcha Driolining xotini o’tirgan siniq karavotga o’tirdi.
- Bugun to’ygunimizcha ichamiz, - dedi Drioli. - Men boyman. Yana vino olib kelaman. Necha shisha olib kelay?
- Yana oltita, - dedi yigitcha. - har birimizga ikkitadan.
- Yaxshi. Hozir olib kelaman.
- Men sen bilan boraman.
Drioli qahvaxonadan olti shisha oq vino sotib oldi va ular ustaxonaga qaytib kelishdi. Ular shishalarni polga ikki qator qilib terishdi va Drioli ularning qopqog’ini ochgach, maishatni boshlab yuborishdi.
- Faqat juda boy odamlargina, - dedi Drioli, - mana shunday bayram qilishlari mumkin.
- To’g’ri, - dedi yigitcha. - Sen ham shunday deb o’ylaysanmi, Jozi?
- Shunaqa.
- Tuzukmisan, Jozi?
- Ha.
- Driolini tashlab, menga tegmaysanmi?
- Yo’q.
- Zo’r vino, - dedi Drioli. - Ichib rohat qilasan.
Ular shoshmasdan ichishardi. Ular har xil mavzuda suhbatlashishar, so’ngra vinoni maqtashar, keyin esa yana suhbatni davom ettirishardi. Bir ozdan so’ng Drioli chiroqni yoqish uchun o’rnidan turdi. U o’zini xuddi havoda suzib ketayotgandek his qildi.
- Menga qara, - dedi Drioli. - Menda bir fikr bor. - U karavot yonida chayqalib turardi. - Menga qara, kichkina qalmig’im.
- Nima?
- Menda zo’r fikr bor. Eshityapsanmi?
- Men Jozini eshityapman.
- Iltimos, gapimga quloq sol. Sen mening do’stimsan va menimcha, sen shunday zo’r rassomsan-ki, men ajoyib bir rasmga ega bo’lmoqchiydim...
- Hammasini ol. Faqat xotining bilan gaplashishimga xalaqit berma.
- Yo’q-yo’q, gapimni eshit. Menda shunday rasm bo’lsinki, men qaerda bo’lmay, sen chizgan rasm men bilan bo’lsin. - U cho’kkaladi va yigitchaning tizzasidan ushladi. - Iltimos, quloq sol.
- Gapini eshit, - dedi xotini.
- Gap bunday. Sen mening orqamga, terimga rasm chizasan. Keyin esa bu rasm hech qachon o’chmasligi uchun unga igna yurgizib chiqasan.
- Kallangdan o’rgildim!
- Ignani qanday yurgizishni o’rgataman. Bu juda oson. Yosh bola ham eplaydi.
- Men yosh bola emasman.
- Iltimos...
- Butunlay aqldan ozibsan. Buning nima keragi bor senga? - Rassom uning ko’zlariga tikildi. - Xudo haqqi, ayt-chi, buning nima keragi bor?
- Bu qiyin emas-ku! Oson-ku! Oson!
- Igna yurgizishni aytyapsanmi?
- Ha! Birpasda o’rgatib qo’yaman!
- Bu qiyin ish!
- Nima deyayotganini bilmayapti, deb o’ylayapsanmi?
- Sen mast bo’lib qolibsan.
- Jozining suratini chizarding. Xotinimning suratini orqamga chizdirishga haqqim yo’qmi?
- Jozining?
- Ha. - Xotinining ismini eslatishi bilan yigitchaning lablari osilishini Drioli bilardi.
- Yo’q, - dedi xotini.
- Azizam Jozi, iltimos. Mana bu shishadagini tugat, o’shanda yanada jozibali ko’rinasan. Bu qoyilmaqom fikr-ku. Umrimda bunaqangi fikrni xayolimga keltirmaganman.
- Qanaqa fikr?
- Sening rasmingni orqamga chizdirishni. Bunga haqqim yo’qmi?
- Mening rasmimni? Bema’ni fikr.
- Yaxshi fikr, - dedi yigitcha. - Buning uchun ichsa bo’ladi.
Ular yana bitta shishani bo’shatishdi. Keyin esa yigitcha gap qotdi:
- Hech narsa chiqmaydi. Tatuirovkani eplolmayman. Kel, yaxshisi orqangga surat chizaman va u sen cho’milmaguningcha o’chmaydi. Agar hech qachon cho’milmasang, umringning oxirigacha qoladi.
- Yo’q, - dedi Drioli.
- Ha. Agar cho’milsang, men chizgan suratni qadrlamagan bo’lasan. Bu senga imtihon bo’ladi - mening san’atimni qadrlarmikansan.
- Bu menga yoqmayapti, - dedi Driolining xotini. - U sening san’atingni shunchalik qadrlaydiki, bir umr cho’milmay o’tib ketadi. Undan ko’ra tatuirovka bo’la qolsin.
- Buni eplolmayman.
- Bu juda oson. Senga ikki daqiqada o’rgatib qo’yaman. Ko’rasan. Hozir asboblarni olib kelaman. Igna va bo’yoq - bori shu. Menda har xil ranglar bor.
- Bo’lmaydi.
- Ko’rasan, - dedi Drioli. - Hozir olib kelaman. - U o’rnidan turdi va xonadan chiqib ketdi.
Yarim soatdan so’ng Drioli qaytib kirdi.
- Hamma kerakli narsalarni olib keldim! - xitob qildi u jigarrang chamadonni silkitib. - Tatuirovkachi uchun kerakli hamma narsa shuning ichida.
U chamadonni stol ustiga qo’yib ochdi va uning ichidan elektr ignalar va turli rangdagi bo’yoqlar solingan idishchalarni oldi. U elektr ignaning tugmachasini bosdi. Vijillagan ovoz eshitildi va ignaning uchi titray boshladi. Drioli yengini shimardi.
- Endi qarab tur. Buning qanchalik osonligini ko’rasan. Qo’limga biror narsani chizaman.
Uning qo’li tirsagigacha har xil suratlar bilan qoplangandi, lekin u o’z san’atini namoyish etish uchun qo’lidan uncha katta bo’lmagan joy topa oldi.
- Avvalo rang tanlayman - mana bu ko’kini... igna uchini rangga botiraman... Xo’sh,... ignani tik holda ushlab uni ehtiyotkorlik bilan teri ustida yurgizaman... mana... kichkinagina motor va elektr yordamida igna terini teshadi, bo’yoq esa uning ostiga kiradi. Ko’rdingmi, juda oson... qara, qo’limga itning rasmini chizdim.
Yigitcha qiziqib qoldi.
- Kel, men ham sinab ko’ray. Senda.
U vijillayotgan igna bilan Driolining qo’liga ko’k chiziq chizishga kirishdi.
- Ha, rostdan ham oson ekan.
- Jozi, bu yoqqa kel! - qichqirdi Drioli. U xuddi juda zo’r o’yinga tayyorlanayotgan boladek tipirchilardi. - U qaerda turadi?
- Stol yonida tursin. Sochlarini tarab olsin. U sochlarini yoyib tarasin - uni ana shu holida chizaman.
- Zo’r, sen dahosan.
Ayol qo’lida qadahni ushlaganicha istamaygina stol yoniga keldi.
Drioli ko’ylagini yechib tashladi. U joyida turganicha chayqalardi. Uning badani oq, deyarli tuksiz edi.
- Xo’sh, - dedi u, - men qaerga turaman?
- Kursiga o’tir. Bo’l tezroq, ishni boshlayman.
- Men tayyorman.
- Avval, - dedi yigitcha, - rasm chizaman. Agar yaxshi chiqsa, tatuirovka bilan shug’ullanaman. - U Driolining orqasiga cho’tkasini yurgizdi.
- Ey! Ey! - qichqirdi Drioli. - Orqamda qirqoyoq yuribdi!
- Jim o’tir! Qimirlama!
Yigitcha tezda ishga kirishdi. U yarim soatdayoq ishini tugatdi.
- Mana, bo’ldi, - dedi u Joziga va Jozi shu zahoti karavotga o’zini  tashlab uxlab qoldi.
Drioli esa uxlamasdi. U yigitcha ignani olib uni bo’yoqqa botirishini kuzatib turdi, keyin esa yelkasida achishishni tuydi. Noxush, lekin chidasa b›o’ladigan og’riq uning uyqusini qochirdi. Yigitcha g’ayritabiiy zavq bilan ishlardi. U o’z ishiga berilib ketgandi.
Yarim tun bo’lganda ham yigitcha ishlayotgandi. Drioli rassom bir qadam ortga chekinib «Bo’ldi» deganida tong otib, ko’chada odamlar paydo bo’la boshlaganini xotirladi.
- Suratni ko’rmoqchiman, - dedi Drioli.
Yigitcha oyna olib uni qiyshaytirdi va Drioli boshini burdi.
- Yo, Xudo! - xitob qildi u.
Uning butun badani, yelkasidan beligacha turfa rang b›o’yoqlarga to’lib ketgandi. Igna izlari shunchalik qalin ediki, surat xuddi moybo’yoqda chizilgandek edi. Yigitcha zo’r ishlagandi. Surat xuddi tirikdek edi.
- Zo’r!
- O’zimga ham yoqyapti. - Yigitcha orqaga qadam tashlab ishiga tanqidiy nazar tashladi. - Bilasanmi, - dedi u, - uning ostiga imzo cheksam yaxshi bo’ladi. - U vijillaydigan ignani olib, Driolining buyragi joylashgan yerga imzosini qo’ydi.
Qariya Drioli peshoynadagi suratga tikilganicha toshdek qotib turardi. U eslayotgan voqealar ancha yillar burun bo’lgan, xuddi uning ilgarigi hayotida yuz bergandek edi.
Yigitcha-chi? Unga nima bo’lgandi? U urushdan keliboq Jozidan uni so’raganini esladi:
- Mening kichkina qalmig’im qani?
- Ketdi, - degandi u o’shanda. - Qayoqqa ketganini bilmayman-u, lekin eshitishimcha, uni qandaydir boyvachcha ishga yollabdi va surat chizdirish uchun Serega olib ketibdi.
- Balki, u qaytib kelar?
- Balki. Kim biladi deysan?
O’shanda u haqda so’nggi marta eslashgandi. Shundan so’ng ular tez orada dengizchilar va ish ko’p Gavr shahriga ko’chib ketishdi. Qariya Gavrni eslab jilmaydi. Urushlar o’rtasidagi bu yillar zo’r o’tgandi: port yaqinida uning ustaxonasi, shinam uyi bor edi va har kuni qo’liga surat chizdirmoqchi bo’lgan dengizchilar uning oldiga kelib turishardi. O’sha davr haqiqatan ham zo’r edi.
Keyin esa urush boshlandi, nemislar paydo bo’lishdi, Jozi halok bo’ldi va hammasi tugadi. Endi uning suratlari hech kimga kerak bo’lmay qolgandi. Boshqa ish qilishga esa u ancha qarib qolgandi. U tushkun kayfiyatda omadi kelishiga umid qilib Parijga qaytdi. Ammo omadi kelmadi.
Mana, urush ham tugadi va eski hunarini yana davom ettirishga uning na puli, na kuchi bor. Tilanchilik qilishni yoqtirmaydigan qariya nima bilan shug’ullanishi mumkin? Ochlikdan o’lmaslik uchun yana nima qilsa bo’ladi?
Xo’sh-xo’sh, o’yladi u suratga tikilganicha. Demak, bu mening kichkina qalmig’imning ishi. Bir necha daqiqa ilgari orqasida surat borligi uning esida ham yo’q edi. U buni allaqachon unutib yuborgandi. U peshoynaga yaqinroq borib ichkariga mo’raladi. Devorga ko’plab suratlar osilgan va chamasi, ularning hammasi bitta rassom tomonidan chizilgan edi. Ko’rgazmani tomosha qilayotganlar ko’p edi. Tushunarli, bu shaxsiy ko’rgazma. Ichki tug’yonga bo’ysungan Drioli eshikni ochdi va ichkariga kirdi.
Bu qizil gilam to’shalgan uzun bino edi va - Yo, Tangrim - bu yer qanday chiroyli va issiq! Odamlar suratlarni tomosha qilib yurishardi. Drioli ostonada turgancha ularga aralashib ketishni o’ylay boshladi. Lekin u qadam tashlashga ulgurmay kimningdir ovozi yangradi:
- Sizga nima kerak?
Gapirgan kishi qora kostyum-shimda edi. U oq yuzli, to’ladan kelgan edi. Uning yuzi shunday semiz ediki, yonoqlari xuddi spaniel zotli itning quloqlaridek osilib tushgandi. U Drioliga yaqinlashdi va yana so’radi:
 - Sizga nima kerak?
Drioli jim turardi.
- Marhamat qilib chiqib ketsangiz.
- Suratlarni tomosha qilsam bo’lmaydimi?
- Chiqib keting.
Drioli joyidan qo’zg’almadi. Birdan u o’zining qahrga to’layotganini his qildi.
- Keling, janjal ko’tarmaylik, - dedi haligi kishi. - Marhamat, bu yoqqa. - U semiz qo’li bilan Driolining qo’lidan ushlab eshik tomon tortdi.
U bunga chidab turolmadi.
- Iflos qo’llaringni tort! - qichqirdi Drioli.
Uning ovozi ko’rgazmaning uzun zali bo’ylab taraldi va hamma u tomonga qaradi. Xizmatchilardan biri yordamga shoshildi va endi Driolini ikki kishi bo’lib eshik tomon sudray boshlashdi. Odamlar ularning kurashini jimgina kuzatishardi.
- Menda ham, - qichqirdi Drioli, - menda ham bu rassomning asari bor! U mening do’stim edi, u menga surat sovg’a qilgan!
- Jinni.
- Telba. Aqldan ozgan.
- Politsiyani chaqirish kerak.
Keskin harakat qilgan Drioli kutilmaganda ularning qo’lidan chiqib ketdi va ko’rgazma zali bo’ylab yugurarkan, qichqirdi:
- Hozir ko’rsataman! Ko’rasizlar! - U paltosini yechdi, keyin kostyum va ko’ylagini uloqtirdi va odamlarga orqasini o’girdi. - Xo’sh? Ko’ryapsizlarmi? Mana!
Birdan atrofga jimlik cho’kdi, hamma joyida qotib qoldi. Yig’ilganlar tatuirovkaga qarab turishardi. U o’chib ketmagan, ranglar hali ham yorqin turar, lekin qariya ozib ketgani uchun surat g’ijimlangandek ko’rinardi.
Kimdir xitob qildi:
- Gapi rost ekan!
Shu zahoti hamma harakatga keldi, qariyani o’rab olishdi.
- Bunga shubha yo’q!
- Uning dastlabki paytlardagi uslubi, shunday emasmi?
- Ajoyib!
- Qarang, imzosi ham bor ekan!
- Sal egiling, surat tekisroq bo’lsin.
- Juda eskiga o’xshaydi, qachon chizilgan?
- Bir ming to’qqiz yuz o’n uchinchi yilda, - javob qildi Drioli. - Kuzda.
- Sutinga tatuirovka qilishni kim o’rgatgan?
- Men.
- Bu ayol kim?
- Xotinim.
Ko’rgazma xo’jayini odamlar orasidan o’tib Driolining yoniga keldi.
- Janob, - dedi u. - Men uni sotib olaman.
Drioli uning baqbaqalari qanday silkinganini ko’rdi.
- Men uni sotib olaman, deyapman.
- Uni qanday qilib sotib olasiz? - so’radi Drioli.
- Bu surat uchun ikki yuz ming frank beraman.
- Rozi bo’lmang! - dedi kimdir orqadan uning qulog’iga pichirlab. - U yigirma barobar qimmat turadi.
Drioli nimadir deyish uchun og’iz juftlagan edi. Lekin hech narsa deya olmay og’zini yumdi, keyin yana ochdi:
- Lekin uni qanday sota olaman? - Uning ovozida qayg’u ohangi bor edi.
- Ha! - deyishdi yig’ilganlar. - Uni qanday sotadi? Surat uning bo’lagi-ku!
- Menga qarang, - dedi xo’jayin. - Sizga yordam beraman. Sizni boy qilaman. Ikkalamiz kelishib olishimiz mumkin.
Ko’ngli noxush narsani sezgan Drioli unga qaradi.
- Lekin uni qanday qilib sotib olasiz, janob? Uni sotib olib nima qilasiz? Qaerda saqlaysiz? Uni qaerga qo’yasiz?
- Qaerda saqlayman? Qaerga qo’yaman? Xo’sh... - Xo’jayin burnini qashladi. - Menimcha, - dedi u, - agar suratni sotib olsam, sizni ham sotib olaman. Hamma balo mana shunda. - U jim bo’lib qoldi va yana burnini qashladi.
- Siz tirik ekansiz, suratning hech qanday qiymati yo’q. Yoshingiz nechada, do’stim?
- Oltmish birda.
- Sog’ligingiz unchalik yaxshimasdir, a? - Xo’jayin Drioliga xuddi qari otni baholayotganday nazar tashladi.
- Bu menga yoqmayapti, - dedi Drioli tisarilarkan. - To’g’risi, bu menga yoqmayapti.
U ortiga tisarilarkan, bo’yi baland kishiga urildi. Drioli o’girildi va uzr so’radi. Kishi esa jilmaydi va qo’lqop taqilgan qo’li bilan qariyaning yalang’och yelkasiga shapatiladi.
- Menga qarang, do’stim, - dedi u jilmayganicha. - Siz cho’milishni va oftobda toblanishni yoqtirasizmi?
Drioli unga qo’rquv bilan nazar tashladi.
- Lazzatli taomlarni va Bordoning mashhur qizil vinosini yaxshi ko’rasizmi? - Kishi oppoq tishlarini ko’rsatib iljaydi. Uning qo’li hali ham Driolining yelkasida turardi. - Yoqadimi?
- Hm... ha, - javob qaytardi Drioli. - Albatta.
- Go’zal ayollar-chi?
- Albatta.
- Siz uchun maxsus tikilgan kostyum va ko’ylaklar-chi? Sizga kiyim lozimga o’xshaydi.
Drioli uning taklifini kutib turardi.
- Oyog’ingizga mos poyafzalni oxirgi marta qachon kiyganingizni eslay olasizmi?
- Yo’q.
- Kiyishni istarmidingiz?
- Bilasizmi...
- Har kuni ertalab soqolingizni olishni-chi?
Drioli uning ko’zlariga boqdi va hech nima demadi.
- Yotoqxonangizda nonushtangizni olib keladigan xizmatkorni chaqirish uchun qo’ng’irog’ingiz bo’lishini-chi? Shularning hammasiga ega bo’lishni istarmidingiz?
Drioli unga jim qarab turardi.
- Bilasizmi, men Kanndagi «Bristol» mehmonxonasining xo’jayiniman. Sizga o’sha yerda umringizning oxirigacha mening mehmonim sifatida yashashni taklif qilaman. - U suhbatdoshiga bunday yorqin kelajakni tasavvur qilib rohatlanishi uchun imkoniyat berish maqsadida bir oz jim turdi. - Sizning yagona majburiyatingiz - buni rohat desam ham bo’ladi - sohilda birgina ich kiyimda yurish, cho’milish bo’ladi. Xohlaysizmi?
Hech qanday javob bo’lmadi.
- Tushunyapsizmi - barcha mehmonlar shu tarzda Sutinning ajoyib asarini ko’rishlari mumkin bo’ladi. Siz mashhur bo’lib ketasiz va siz haqingizda: «Anovi kishini qara, orqasida o’n million frank bilan yuribdi» deyishadi. Qalay, yoqadimi?
Drioli qo’lqopli kishi hazillashmayaptimikin, deganday qaradi.
- Fikringiz zo’r, - dedi u. - Lekin jiddiy aytyapsizmi?
- Albatta.
- To’xtang, - gapga aralashdi ko’rgazma xo’jayini. - Menga qarang, qariya. Mana, nima qilamiz. Men suratni sotib olaman va jarroh sizning teringizni shilib oladi. Siz men bergan pulni olib istagan tarafingizga ketaverasiz.
- Orqam shilingan holda-ya?
- Yo’q-yo’q, nima deyapsiz? Meni noto’g’ri tushundingiz. Jarroh sizga yangi teri qo’yadi. Bu oson.
- Buni qila oladimi?
- Buning qiyin joyi yo’q.
- Buning iloji yo’q! - dedi qo’lqop taqqan kishi. - U terini almashtirish uchun o’ta qari. U o’lishi mumkin. O’lib qolishingiz mumkin, do’stim.
- Rostdan-a?
- Tabiiy. Siz operatsiyani ko’tara olmaysiz. Suratga esa hech narsa bo’lmaydi.
- E, Xudoyim! - qichqirdi Drioli.
U dahshatga tushdi, u atrofini o’rab turgan odamlarga bir-bir qarab chiqdi va kimningdir ovozini eshitdi:
- Agar bu qariyaga yaxshi pul taklif qilsak, ehtimol, u shu yerning o’zida o’zini-o’zi o’ldirishga rozi bo’lar. Nima deysizlar?
Bir necha kishi hiringladi. Qo’lqopli kishi yana Driolining yelkasiga qo’lini qo’ydi.
- O’zingiz hal qiling, - dedi u oppoq tishlarini ko’rsatganicha iljayib. - Yuring, ovqatlanib gaplashamiz. Qorningiz ochdir?
Drioli unga qovog’ini uyib qaradi. Unga bu kishi yoqmayotgandi.
- Qovurilgan o’rdak va bir shisha «Shamberten»ga tobingiz qalay? - so’radi u kishi. - Yoki shirinliklarga.
Drioli shiftga tikildi, uning og’zidan suv oqib ketdi.
- Qanaqa o’rdakni yoqtirasiz? - davom etdi kishi. - Yaxshi qovurilganini yo...
- Ketdik, - dedi Drioli. U ko’ylagini olib tezda kiydi. - Ketdik, janob.
Bir daqiqadan so’ng u yangi xo’jayini bilan ko’rgazmani tark etdi.
Bir necha haftadan keyin Sutinning dastlabki paytlarda teriga chizgan ayol kishi surati Buenos-Ayresda sotuvga qo’yildi. Yana bir narsa. Kannda «Bristol» nomli mehmonxonaning yo’qligi kishini xavotirga soladi. Ishqilib, qariya omon bo’lsin-da.

Dilshodbek Asqarov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.