OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Robert Shekli. Shakl (hikoya)

Uchuvchi Pid tezlikni qariyb nolga tushirdi. U hayajon ila moviy sayyoraga tikilardi. Uskunalar ko‘rsatkichlarisiz ham bunga shubha qolmagandi. Quyosh tizimida uchinchisi hisoblangan bu sayyora yashash uchun yagona yaroqlisi edi. Sayyorani tinchgina suzayotgan bulutlar o‘rab olgan.
Sayyora juda beozordek tuyulardi. Ammo unda Glom sayyorasidan yuborilgan barcha ekspeditsiya a’zolari umriga zomin bo‘lgan nimadir bordek edi go‘yo. Pid uzil-kesil pastga sho‘ng‘ishdan oldin qandaydir lahzalarga taraddudlanib qoldi. O‘zi va yana ikki sherigi har qachongidan ham ko‘proq bu ishga tayyor edi. Har birining tanasidagi cho‘ntakda ho-zircha harakatsiz, ammo ishlatishga shay, ixchamgina Ko‘chirgich solingan.
Pid ekipajga nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, biroq gapni nimadan boshlashni bilmay turardi. Ekipaj kutmoqda. Aloqachi Ilg Glom sayyorasiga so‘nggi xabarni jo‘natib bo‘lgan. Indikator Jer esa bir yo‘la o‘n olti uskunaning ko‘rsatkichlaridan ko‘z uzmay turibdi. «Dushmanlik ruhi alomatlari mavjud emas», deya ma’lumot berdi u beparvo tarzda. 
Pid ushbu xotirjamlikni ichida qayd qilib qo‘ydi. Endi nima haqida gapirishni biladi. Ekspeditsiya Glom sayyorasini tark etgandan buyon Shakl Intizomiga rioya qilish salbiy tomonga o‘zgargan. Hujum Qo‘mondoni uni ogohlantirgandi-ya. Lekin nimadir qilish ham kerak. Bu Uchuvchining burchi, negaki, Aloqachi va Indikatorlar chiqqan quyi tabaqalar Shaklsizlikka intiluvchilar sifatida yomonotliqqa chiqib bo‘lishgan.
– Ekspeditsiyamizga juda katta umid bog‘langan, – sekin gap boshladi Pid. – Biz endi vatandan yiroqdamiz.
Indikator Jer bosh irg‘adi. Aloqachi Ilg esa unga buyurilgan Shakldan oqib chiqib, qulay tarzda yalpayib oldi.
– Biroq, – dedi qattiqqo‘llik bilan Pid, – masofa beaxloq Shaklsizlikni oqlash uchun xizmat qilmaydi.
Ilg darrov Aloqachiga mos bo‘lgan Shaklga aylandi.
– Bizga, so‘zsiz, Ekzotik Shakllarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi, – davom etdi Pid. – Bunday holatlar uchun alohida ruxsatnoma bor. Ammo unutmang: xizmat zaruratisiz qabul qilingan har qanday shakl aynan Shaklsizlikning nayrangidir.
Jer darhol tanasi yuzasidagi oqma o‘yinlarini to‘xtatdi.
– Gapim tamom, – deya xotima yasadi Pid va yana diqqatini boshqaruv pultiga qaratdi.
Kema juda ohistalik bilan pastlab borar, ekipaj esa shunchalik bir-biriga uyg‘un harakat qilardiki, bundan Pid beixtiyor g‘ururlanish hissini tuydi.
«Yaxshi ishchilar, – o‘yladi u. – Oxir-oqibat ulardagi Shaklning o‘z o‘rnini bilish hissi oliy tabaqadan bo‘lgan Uchuvchiniki kabi rivojlanishiga ishonsa bo‘ladi». Hujum Qo‘mondoni ham xuddi shu so‘zlarni aytgandi.
– Pid, – degandi Hujum Qo‘mondoni so‘nggi suhbat chog‘i, – bu sayyora bizga judayam kerak.
– Ha, janob, – deya javob bergandi Pid qaddini g‘oz tutgancha, arzimas harakat bilan ham o‘zidagi Uchuvchining Bayramona Shaklini buzmaslikka intilib.
– Orangizdan bittangiz u yerga kirib, atom quvvati manbai yaqiniga Ko‘chirgichni o‘rnatishi kerak. Biz tomonda esa qo‘shin sakrashga shay turadi.
– Buni uddalaymiz, janob.
– Ekspeditsiya maqsadga erishishi lozim, – dedi Qo‘mondon. Kuchli charchoq sabablimi uning chehrasi bir zumgagina qiyshayib ketdi. – Gap faqat ikkimizning o‘rtamizda qolsin: Glom hozir juda notinch. Konchilar ish tashlagan. Ular yer ishlari uchun yangi shakllarni talab qilishmoqda. Aytishlaricha, eskisi noqulay emish!
Pid kerakli bo‘lgan qahr-g‘azabni ifoda qildi. Konchilar shakli, xuddi boshqa asosiy shakllar kabi juda qadimda o‘rnatilgan. Endi esa bu kallavaramlar uni o‘zgartirishmoqchimi?!
– Bu hali hammasi emas, – davom etdi Qo‘mondon. – Biz Shaklsizlikning yana bir ko‘rinishiga to‘qnash keldik. Uning ta’siriga tushib qolgan glomlardan sakkiz mingtachasini qo‘lga oldik ham, ammo hali yana qanchasi ozodlikda yurgani noma’lum.
Pid gap Glom aholisi tasavvuriga ham sig‘dira olmaydigan juda xavfli iblis, Buyuk Shaklsizlik vasvasasi haqida ketayotganini angladi. Ammo glomlarning qanday qilib bu vasvasa qutqusiga tushib qolayotganiga o‘ziyam hayron edi.
Qo‘mondon Pidning ko‘ngliga qanday gap kelganini va uni tiliga chiqara olmay turganini darrov tushundi.
– Pid, – dedi u, – sen, aftidan, tushunmayotgan bo‘lsang kerak. Ayt-chi, senga Uchuvchi bo‘lish yoqadimi?
– Ha, janob, – oddiygina javob berdi Pid. – Parvoz qilish yoqadimi, deysiz. Axir bu hayotim mazmuni-ku?! Men kemasiz – hech kimman.
– Ammo hamma glomlar ham shunday, deb ayta olmaydi. Mening o‘zimgayam bu tushunarsiz. Vaqtning boshlanishidan beri barcha ajdodlarim Hujumlar Qo‘mondonlari bo‘lishgan. Shu bois o‘z-o‘zidan tushunarliki, men ham Hujumlar Qo‘mondoni bo‘lishni istayman. Bu nafaqat tabiiy, balki qonuniy ham. Biroq quyi tabaqalar butunlay boshqa hissiyotlarni tuyadilar, – Qo‘mondon g‘amnok alpozda tanasini qimirlatib qo‘ydi. – Senga bu haqda bekorga gapirganim yo‘q. Biz glomlarga katta makonlar kerak. Sayyoradagi nizolar, tartibsizliklar aholining ko‘payib ketgani bilan izohlanadi. Psixologlar shunday deyishmoqda. Agar boshqa sayyorada rivojlanish imkoniyatini qo‘lga kiritsak – barcha yaralar tuzalib ketgan bo‘lardi. Shu bois senga umid bog‘layapmiz.
– Ha, janob, – faxrlanganday javob berdi Pid.
Suhbat tugaganiga ishora qilgandek, Qo‘mondon joyidan turmoqchi bo‘ldi-yu, kutilmaganda yana qaytib o‘tirdi.
– Ekipajga ko‘z-quloq bo‘lib turish kerak. Sodiq yigitlar, bunga gap bo‘lishi mumkin emas. Ammo ular baribir quyi tabaqadan. Quyi tabaqaning qanaqaligini esa o‘zing yaxshi bilasan.
Ha, Pid buni bilardi.
– Ekipajdagi Indikator Jerning Islohotchilikka yashirincha moyilligi bor, deyishadi. Bir safar uni noqonuniy tarzda Ovchi shakliga kirgani uchun jarimaga ham tortishgan. Ilgga qarshi biror aniq ayblov yo‘q. Biroq menga ma’lumot berishlaricha, u shubhali tarzda uzoq vaqt harakatsiz holatda qolar ekan. O‘zini Mutafakkir deb o‘ylayotgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
– Biroq, janob, – jur’at etib Qo‘mondonning gapini bo‘ldi Pid, – agar ularning nomiga Islohotchilik yoki Shaklsizlik borasida ozgina dog‘ tushgan bo‘lsa ham bunday ekspeditsiyaga jo‘natish to‘g‘ri bo‘larmikan?
Biroz taraddudlangandan so‘ng Qo‘mondon xo‘rsinib qo‘ydi: 
– Men ishonsam bo‘ladigan glomlar birtalay. Biroq bu ikkovida tasavvur va topag‘onlik kuchliroq, ya’ni ular mazkur ekspeditsiya chog‘i asqotadigan alohida sifatlarga ega. Ularga ko‘z-quloq bo‘lib turish kerak.
– Ha, janob, – dedi Pid va suhbat tugaganini anglab, salyut berdi.
Pid tanasining ichki cho‘ntagida ayni damda mudroq holdagi, lekin zarur paytda dushmanning atom energiyasini Glomning yengilmas qo‘shinini olib o‘tadigan samoviy ko‘prikka aylantirib bera oladigan Ko‘chirgichning og‘irligini his qildi.
– Omadingizni bersin, – dedi Qo‘mondon. – Uning sizga kerak bo‘lishiga ishonchim komil.

Kema biror tovush chiqarmay, dushman sayyorasi tomon pastlab bormoqda. Indikator Jer pastda suzib yurgan bulutlarni tadqiq etdi va olingan ma’lumotlarni Niqoblovchi blokka kiritdi. U esa darhol ishga kirishdi va tez orada kema patsimon bulut shaklini oldi.
Pid kemaning sirli sayyora uzra ohista parvoz qilishiga qo‘yib berdi. Endi u Uchuvchining Bayram Shaklida, ya’ni Uchuvchilar tabaqasi uchun mo‘ljallangan to‘rt shaklning eng samarali va eng qulayida edi. Hozir u gung, ko‘r va soqovga, yanayam to‘g‘rirog‘i, boshqaruv pultining ajralmas qismiga aylangan. Butun diqqat-e’tibori qat-qat bulutlardan o‘zib ketmaslikka va ular bilan uyg‘unlashib ketishga qaratilgan edi.
Jer esa Indikatorlar uchun ruxsat etilgan shakllardan biriga kirib olgan va zo‘r berib uni saqlab qolishga intilardi. U ma’lumotlarni Niqoblovchi blokka kiritgach, pastlayotgan kema to‘p-to‘p bulutlardan biriga o‘xshab qoldi. Dushman sayyorasida esa hech qanday hayot alomatlari zohir bo‘lmasdi.
Ilg atom quvvati manbai joyini aniqladi va bu haqda Pidga xabar berdi. Uchuvchi yo‘nalishni o‘zgartirdi. U eng pastdagi bulutlargacha tushib bordi. Sayyoragacha bir mil masofa qolgandi. Biroq xavf signalidan darak yo‘q. O‘zlaridan oldin jo‘natilgan yigirmata ekspeditsiyaning qismati nima bo‘lgani ham jumboqligiicha qolmoqda edi.
Pid atom elektr stantsiyasi uzra parvoz qilayotganida sayyora yuzini g‘ira-shiralik qoplay boshladi. Atrofdagi binolardan uzoqroq bo‘lishga intilgan kema endi o‘rmon uzra parvoz qilishga o‘tdi. Chor-atrofda qorong‘ilik borgan sari quyuqlashib bormoqda. Moviy sayyoraning yagona Oyi qalin bulutlar pardasi ortiga bekindi. Bulutlardan biri tobora pastlab, pastlab… oxiri yerga qo‘ndi.
– Tezda kemani tark eting! – qichqirdi Pid boshqaruv pultidan ajralayotib. 
U endi yugurish uchun eng qulay bo‘lgan shaklga o‘tib olib, otilib lyukdan chiqdi. Jer va Ilglar ham uning ketidan oshiqdilar. Kemadan ellik metrlar nariga yugurib borishgach, taqqa to‘xtab, kuta boshlashdi.
Kema ichidagi qaysidir zanjirda qisqa tutashuv yuz berdi. Kema ovozsiz bir titrab oldi-da, ularning ko‘z o‘ngida eriy boshladi. Plastmassa havoga singib, metall asoslar burishib, kichraya boshladi. Ko‘p o‘tmay, kema bir uyum lash-lushga aylandi, biroq jarayon hali davom etmoqda edi. Yirik metall bo‘laklari kichkinalariga aylanar, mayda siniqlar yana va yana bo‘linardi. Kemaning o‘z-o‘zini yo‘q qilishini kuzatib turgan Pidni kutilmaganda chorasizlik hissi chulg‘ab oldi. U Uchuvchilar tabaqasidan chiqqan edi. Uning otasi, otasining otasi, xullas, o‘sha tumanli davrlardan, Glomda ilk samoviy kemalar paydo bo‘lgan paytlardan boshlab barcha ajdodlari Uchuvchilar bo‘lishgan. Uning butun bolaligi kemalar orasida o‘tdi, voyaga yetgach, o‘zi ham Uchuvchiga aylandi. Ayni damda esa begona olamda kemasidan ajralgach, chorasiz va ilojsizdek sezardi o‘zini.
Bir necha daqiqadan so‘ng kema qo‘ngan joyda bir uyum changgina qoldi. Tungi esgan shamol esa bu changni butun o‘rmonga sochib, tarqatib yubordi.
Ular kutishardi. Biroq hech nima sodir bo‘lmadi. Shamol g‘uvillar, daraxtlar qisirlardi. Olmaxonlar inlarida qasir-qusur qilishar, qushlar esa daraxt shoxlarida o‘tirib olib, vaqti-vaqti bilan qanotlarini potirlatib-potirlatib qoqib qo‘yishardi. Cho‘chqayong‘oq qisqagina bo‘g‘iq qarsillagan tovush chiqarib, yerga tushdi. Shunday qilib, Glomning yigirma birinchi ekspeditsiyasi Yerga omadli qo‘ngandi.
Ertalabgacha hech bir ishni qilib bo‘lmasdi, shu bois Pid reja tuza boshladi. Ular atom elektr stantsiyasining juda yaqiniga qo‘nishgan. Shunchalik yaqinki, bu o‘ziga xos jasurlik ham edi. Endi esa yanayam yaqinroq borishlari kerak. Ulardan biri atom reaktori binosigacha yetib borishi va Ko‘chirgichni ishga tushirishi lozim. Bu qiyin. Ammo Pid bunga erishishiga shubha qilmasdi. Axir topqirlikda Glom aholisining oldiga tushadigani yo‘q.
«Topqirlikka juda topqirlarku-ya, – achchiq o‘yga toldi u, – ammo ularga radioaktiv unsurlar dahshatli tarzda yetishmaydi-da!» Bu mazkur ekspeditsiyaning o‘ta muhim hisoblanishiga sabablardan yana biri. Glomliklar o‘zlariga buysindirgan sayyoralarda radioaktiv yoqilg‘i deyarli qolmagan.
Yangi tarix boshlanishidayoq qo‘shni olamlarni o‘zlashtirish, yashashga yaroqlilariga ko‘chib o‘tish uchun o‘zining barcha radioaktiv moddalar zahirasini sarflab bo‘lgan Glomga hamisha yangi-yangi olamlar zarur edi.
Yaqinda razvedka ekspeditsiyalaridan biri tomonidan topilgan bu sayyora ham glomliklarga kerak. U glomliklarning barcha talablariga javob berardi, ammo ancha olis masofada joylashgan. Harbiy-fazoviy flotni jo‘natishga esa yoqilg‘i yetishmasdi. Ammo glomliklarning baxtlariga maqsadga yetishishning boshqa, undan-da qulayroq yo‘li topildi.
Qachonlardir juda qadimda Glom olimlari Ko‘chirgichni yaratishgan. Bu o‘sha davrlarda Ayniyatlar Texnikasida chinakam g‘alaba bo‘lgandi. U ma’lum yo‘l bilan o‘zaro bog‘langan ikki nuqta o‘rtasidagi massani lahzalar ichida bir nuqtadan ikkinchisiga ko‘chiradi. Bittasi ko‘chmas hisoblanib, uchi Glomdagi yagona atom energostantsiyasida joylashgan. Ikkinchi uchini esa istalgan yadroviy quvvat manbai yoniga joylashtirib, harakatga keltirish kerak bo‘lardi. Ajratilgan quvvat ikki nuqta orasida harakatlanib, ikki bor o‘z shaklini o‘zgartiradi. Ayniyatlar Texnikasi mo‘‘jizasi tufayli glomliklar sayyoradan sayyoraga sakrashlari, ularga quyunday yopirilishlari mumkin edi.
Bu juda sodda usulda amalga oshirilardi. Biroq shunga qaramay, yigirmata ekspeditsiyadan birortasi Yerdagi nuqtaga Ko‘chirgichni o‘rnata olmagan. Ularga nima xalaqit berganini esa hech kim bilmaydi. Bu haqda so‘zlab berishi mumkin bo‘lgan birortayam kema a’zosi Glomga qaytmagan.

Tong paytida ekspeditsiya a’zolari mahalliy o‘t-o‘lanlar tusiga kirib olishib, o‘rmon oralab ketib borishardi. Ko‘chirgichlar yaqin o‘rtada yadroviy quvvat borligini sezgandek kuchsiz titray boshladi.
Ularning yonidan mittigina to‘rtoyoqli jonivor yugurib o‘tib ketdi. Xuddi shu payt Jerda ham to‘rt oyoq paydo bo‘lib, haligi jonivorning ketidan quvlab qoldi.
– Jer! Tezda ortingga qayt! – qichqirib yubordi Pid ehtiyotkorlikni unutib.
Jer esa bu orada jonivorga yetib olib, yerga bosdi. U o‘ljasini yemoqchi edi, biroq tishlarni paydo qilish esidan chiqqandi. Bundan foydalangan jonivor uning changalidan chiqdi-da, o‘rmonda ko‘zdan yo‘qoldi. Jer tishlarni paydo qildi va sakrash uchun mushaklarini taranglashtira boshladi.
– Jer!
Indikator istamay o‘girildi. Tovush chiqarmasdan sakrab-sakrab Pidning oldiga keldi.
– Qornim ochgandi, – dedi u.
– Yo‘q, ochmagandi, – dedi qat’iylik bilan Pid.
– Ochgandi, – to‘ng‘illadi Jer xijolatdan o‘ng‘aysizlanib.
Pid Qo‘mondonning gaplarini esladi. Jerda, so‘zsiz, Ovchi bo‘lishga nisbatan kuchli moyillik yashiringan. Unga ko‘z-quloq bo‘lish kerak.
– Bunga o‘xshash narsalar boshqa takrorlanmasin, – dedi Pid. – Unutma, Ekzotik shakllarga kirishga hali ruxsat berilmagan. Hozircha o‘zing tug‘ilgan shakl bilan qanoatlanib tur.
Jer bosh irg‘adi va yana o‘rmondagi butalar bilan uyg‘unlashib ketdi. Yo‘lni davom ettirdilar.
O‘rmon chetidan atom elektr stantsiyasi juda yaxshi ko‘rinardi. Pid butaga monand niqoblandi, Jer esa eski g‘o‘laga aylandi. Ilg esa biroz o‘ylanib turgach, yosh eman ko‘rinishiga kirdi. Stantsiya uncha baland bo‘lmagan metall to‘siqlar bilan o‘ralgan uzun binodan iborat ekan. To‘siqdagi darvoza yonida soqchilar turishardi.
«Birinchi galdagi vazifa, – o‘yladi Pid, – yo‘lini topib, darvozadan o‘tib olish». U buning usullari va yo‘llari haqida o‘ylay boshladi.
Razvedka ekspeditsiyalarining hisobotlaridan olingan uzuq-yuluq ma’lumotlar bo‘yicha, ba’zi munosabatlar borasida odamlar irqi glomliklarnikiga o‘xshab ketishini Pid bilardi. Ularning ham xuddi glomliklarnikidek uylari, xonakilashtirilgan jonivorlari, madaniyati bor. Mexanika borasida yerliklar ham xuddi glomliklar kabi juda mohir.
Biroq bu ikki irq o‘rtasida aql bovar qilmas farqlar ham mavjud. Odamlarga xuddi toshlar va daraxtlar kabi doimiy, o‘zgarmas shakl berilgan. Bu bir xillik o‘rnini to‘ldirish uchun ularning sayyorasi turli-tuman nasl, nav va zotlarga favqulodda to‘lib-toshib ketgan. Hayvonot olami bor-yo‘g‘i sakkiztagina shakldan iborat Glomga sira o‘xshamaydi, albatta.
«Chaqirilmagan mehmonlarni tutishda yerliklarning malakasi ancha oshgani ham aniq», o‘yladi Pid. Afsuski, oldingi ekspeditsiyalarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi sababini bilmaydi-da. Bu ishni ancha osonlashtirgan bo‘lardi.
– Topdim, – dedi Jer g‘alati jonivor ko‘zdan yo‘qolishi bilan. – Men Odamga aylanaman-da, darvozadan ichkariga, reaktor binosiga kirib, Ko‘chirgichni harakatga keltiraman.
– Sen ularning tilida gaplashishni bilmaysan-ku?! – eslatdi Pid.
– Biron og‘iz ham gapirib o‘tirmayman. Ularga hatto, e’tibor ham qaratmayman. Mana bunday, – dedi-da, Jer inson qiyofasiga kirib oldi.
– Chakki emas, – quvvatladi Pid.
Jer bir necha marta Odam kabi qadam tashlab ko‘rdi.
– Biroq qo‘rqamanki, bundan biron ish chiqmaydi, – davom etdi Pid.
– Axir, bu mantiqqayam mos kelyapti-ku?! – e’tiroz bildirdi Jer.
– Bilaman. Oldingi ekspeditsiyalar ham xuddi shu usulni qo‘llab ko‘rishgan bo‘lishlari kerak. Oqibatda ularning birontasiyam qaytmadi.
Bu borada bahs yuritish qiyin edi. Jer yana to‘nkaga aylandi.
– Unda nima qilamiz? – so‘radi u.
– Men bir o‘ylab olay, – javob berdi Pid.
Ular oldida ikki oyoqli emas, balki to‘rt oyoqdagi jonivor ivirsib yura boshladi. Pid uni darrov tanidi. It – Odamning do‘sti. Pid diqqat bilan uni kuzata boshladi. 
It yer iskagancha darvoza tomon yurdi. Uni hech kim to‘xtatmadiyu It darvozadan o‘tib, maysalar ustiga yotib oldi.
– Ihm, – dedi Pid.
Ular itdan ko‘zlarini uzmay kuzatishardi. Odamlardan biri uning yonidan o‘tayotib, boshiga teginib qo‘ydi. It esa tilini chiqarib, oyoqlarini osmonga qilib oldi.
– Men ham shunday qila olaman, – dedi hayajonlanib Jer. U Itning shakliga kirib bo‘lgandi allaqachon.
– Yo‘q, shoshma, – dedi Pid. – Kunning qolgan qismini yaxshilab o‘ylab olishga sarflaymiz. Ishimiz juda muhim, bunda ko‘r-ko‘rona ish tutish yaramaydi.
Jer xo‘mraygancha unga bo‘ysindi.
– Ketdik, qaytadigan vaqt bo‘ldi, – dedi Pid. 
Jer bilan yana o‘rmonning quyuq joyiga qaytmoqchi bo‘lib turishganida, kutilmaganda Pidning esiga Ilg tushib qoldi.
– Ilg! – sekin chaqirdi u.
Hech qanday javob bo‘lmadi.
– Ilg!
– Nima? Ha, aytgancha, – dedi yosh eman va butaga aylandi. – Uzr, biron nima dedingizmi?
– Biz qaytayapmiz, – takrorladi Pid. – Sen tasodifan Mutafakkirga o‘xshab chuqur mushohada qilmayotganmiding?
– Yo‘g‘-e, – ishontirdi Ilg. – Shunchaki, dam olayotgandim.
Pidning bu izohga rozi bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmadi. Tashvishlari shusiz ham keragidan ortiqcha.
Ular kunning qolgan qismini o‘rmonning zich yerida bu masalani muhokama qilib o‘tkazdilar. Aftidan, ularda ikkita imkoniyat borday tuyuldi – Odam yoki It shakliga kirish. Bir joyda tomir otib o‘sadigan daraxtning darvoza tomon harakatlanib borishi sira-sira o‘tirishmasdi. Buning ustiga hech kim shu taxlit sezdirmasdan o‘tib ketolmaydi.
Odam shaklida o‘tishga urinib ko‘rish ham juda tavakkal qilishdek gap edi. Xullas, ertalab Jerning It shaklida bu ishni amalga oshirishga urinib ko‘rishiga kelishib oldilar.
– Endi uxlab olinglar, – dedi Pid.
Ekipajning ikkala a’zosi ham unga bo‘ysinib, o‘sha lahzaning o‘zidayoq shaklsiz ko‘rinishga kelib, yalpayib olishdi. Hammasi oddiydek ko‘rinardi go‘yo. Nega atom elektr stantsiyasi bunchalik yomon qo‘riqlanmoqda? Oldin qo‘lga olishgan ekspeditsiyalardan Odamlar biron nimani bilib olishlari kerak edi-ku?! Nahotki, ular umuman savol ham berib o‘tirmay, o‘ldirib yuboraverishgan bo‘lishsa?
O‘zga olamlik maxluqotning nima qilmoqchiligini oldindan hech qachon bilib bo‘lmaydi.
Balki ochiq darvozalar tuzoqdir?
Pid horg‘in holda yumshab, do‘ngchali yerga qulayroq joylashib oldi. Biroq shu zahotiyoq o‘zini tartibga keltirdi.
Shaklsizlik holatigacha tushibdi-ya?!
«Qulaylikning burchga hech qanaqa aloqadorligi yo‘q», deya o‘ziga eslatdi va darrov yana Uchuvchi shakliga kirib oldi.
Biroq Uchuvchi shakli namchil, notekis tuproqda uxlash uchun mo‘ljallanmagandi. Pid tunni notinch o‘tkazdi.
Ertalab Pid charchagan va kayfiyatsiz holda uyg‘ondi. Jerni turtdi.
– Ishga kirishish kerak, – dedi u.
Jer quvnoqlik bilan tik shaklga kirib oldi.
– Ilg, sen ham uyg‘on! – dedi Pid atrofga alanglab. – Uyg‘on deyapman!
Javob bo‘lmadi.
– Ilg! – chaqirdi u.
Yana javob yo‘q.
– Uni topishga yordamlashib yubor, – dedi Pid Jerga. – U shu yaqin atrofda bo‘lishi kerak.
Ikkovlashib har bir buta, daraxt va to‘nkalarni tekshirib chiqishdi. Ammo ularning birortasi Ilg emasdi.
Pid tanasini sovuq qo‘rquv egallaganini his etdi. Aloqachiga nima bo‘ldiykin?
– Balki tavakkal qilib, darvozadan o‘tishga qaror qilgandir? – dedi Jer.
Pid bu farazni o‘ylab ko‘rdi, ammo bunday bo‘lishi mumkin emasdi. Ilg hech qachon tashabbus ko‘rsatmagan. Hamisha birovlarning buyruqlarini bajarish bilan qanoatlanardi.
Uni kuta boshladilar. Kun yarim bo‘ldi hamki, undan darak yo‘q.
– Boshqa kuta olmaymiz, – e’lon qildi Pid va ikkovi o‘rmon bo‘ylab harakatlana boshladilar. Pid ketayotib, Ilgning rostdan ham darvozadan tavakkal qilib o‘tishga urinib ko‘rganmikan, degan savol ustida bosh qotirib borardi. Bunday indamaslarda ko‘pincha aqlga to‘g‘ri kelmas jasorat yashiringan bo‘ladi.
Biroq hech nima Ilgning urinishi amalga oshganiga sha’ma qilmasdi. Bunday vaziyatda Aloqachi halok bo‘lgan yoki Odamlar uni asir olishgan, deb o‘ylashga to‘g‘ri kelardi.
Demak, endi Ko‘chirgichni ikkovi ishga tushirishi lozim.
Pid haliyam oldingi ekspeditsiyalarga nima bo‘lganini bilmasdi.
O‘rmon chetida Jer It shakliga kirdi. Pid uni sinchiklab tekshirdi.
– Dumni sal kaltaroq qil, – dedi u.
Jer dumini kaltalashtirdi.
– Quloqlarni kattalashtir.
Jer quloqlarini kattalashtirdi.
– Endi o‘lchamlarni bir-biriga to‘g‘rila, – dedi Pid va nima hosil bo‘lganini yana bir bor tekshirib ko‘rdi. Jer haqiqatan ham, dumi uchidan to qop-qora ho‘l tumshug‘igacha It shakliga kirgandi. – Omadingni bersin! 
– Minnatdorman, – dedi o‘rmondan ehtiyotkorlik bilan chiqa boshlagan Jer. 
Jer Itning qadam olishini o‘xshatib keta boshladi. Darvoza oldida soqchi uni chaqirdi. Pidning dami ichiga tushib ketdi. Jer Odamning chaqirishiga e’tibor ham bermay, yonidan o‘tib ketdi. Odam Jer tomon yura boshlagandi, u qochishga tushdi.
Bu orada Pid ikkita oyoqni tayyorlab turardi. Bu agar Jerni qo‘lga olishsa, yordam berishga yugurish uchun. Ammo soqchi yana darvoza yoniga qaytdi. Jer ham qochishdan to‘xtadi va xotirjam asosiy kirish eshigi tomon keta boshladi.
Yengil nafas olgan Pid haligi ikki oyoqni yo‘qotdi.
Biroq asosiy kirish eshigi yopiq edi! Pid Indikatorning uni ochishga harakt qilib ko‘rmasligiga ishonardi. Axir bu Itlarga xos emas.
Jerning yoniga boshqa It yugurib keldi-da, unga qarab qoldi. Keyin yaqin kelib Jerni hidlab ko‘rdi. Jer ham shunday yo‘l tutdi.
Keyin ikkala it ham bino burchagi tomon yugurgilab ketishdi.
«Aqlli ish, – o‘yladi Pid. – Orqa tarafda eshik bo‘lishi kerak».
U botayotgan quyoshga tikildi. Ko‘chirgich ishlatilsa, bu yerga Glomning ulkan qo‘shini yetib keladi. Odamlar nima bo‘lganini tushunib yetgunlaricha, ularning soni millionga yaqinlashib qoladi. Bu hali boshlanishi.
Kun juda sekinlik bilan poyoniga yetib bormoqda. Ammo hech nima sodir bo‘lmadi.
Pid bino gumbazidan ko‘zlarini olmasdi. U asabiylashardi. Negaki, agar Jer vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirgan bo‘lsa, ish bunchalik cho‘zilib ketmasligi kerak edi.
Pid yarim tungacha kutdi. Odamlar binoga kirishar va undan chiqishardi. Darvoza oldidagi itlar hura boshladilar. Ammo Jerdan darak yo‘q.
Jer qo‘lga tushdi, Ilg g‘oyib bo‘ldi, Pidning bitta o‘zi qoldi.
U haliyam nima sodir bo‘lganini bilmasdi.
Ertalabga yaqin Pidni chorasizlik, ilojsizlik chulg‘ab oldi. Glomning yigirma birinchi ekspeditsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchrash arafasida turganini tushundi. Endi hammasi bitta uning o‘ziga bog‘liq.
Sal qo‘polroq reja bo‘lsayam, Pid Odam shakliga kirib darvozadan o‘tishga qaror qildi. Boshqa yo‘li ham qolmagandi.
U ishchilarning darvozadan to‘p-to‘p bo‘lib kirayotganini ko‘rdi. Pid o‘ylardi: olomon bilan aralashib ketsinmi yoki hammasi tinchigandan so‘ng ishga kirishgani durustmi. U tiqilinchdan foydalanishga qaror qildi va Odam shakliga kira boshladi.
O‘rmondan, u yashiringan joy yonidan It o‘tib ketayotgandi.
– Salom, – dedi It.
Bu Jer edi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi yengil tortgan Pid. – Nega buncha qolib ketding? Kirish shunchalik qiyinmi?
– Bilmadim, – dedi Jer dumini likillatib, – bunga urinib ko‘rganim yo‘q.
Pid qotib qoldi.
– Men ov qildim, – mamnun tushuntirdi Jer. – Bilasizmi, bu shakl Ov uchun juda qulay ekan. Men boshqa It bilan binoning orqa tarafidagi eshigidan chiqib ketdim. 
– Biroq ekspeditsiya… burch…
– Fikrimdan qaytdim, – dedi Jer. – Bilasizmi, Uchuvchi, men hech qachon Indikator bo‘lishni istamaganman.
– Ammo sen Indikator bo‘lib tug‘ilgansan!
– Bu to‘g‘ri, – dedi Jer, – ammo bundan menga yengil bo‘lib qolmaydi. Men hamisha Ovchi bo‘lishni istaganman.
Pid g‘azabdan titrab ketdi.
– Mumkin emas, – xuddi glom-bolakayga tushuntirayotgandek dona-dona qilib gapirdi, – Ovchi shakli sen uchun ta’qiqlangan.
– Bu yerda emas, bu yerda ta’qiqlanmagan, – e’tiroz bildirdi Jer hamon dumini likillatib.
– Buni boshqa eshitishni istamayman, – o‘shqirdi Pid. – Elektr stantsiyasiga bor-da, Ko‘chirgichni ishga tushir. Men esa sen aytgan gaplarning barini unutishga tayyorman.
– Bormayman, – dedi Jer. – Bu yerda menga glomlarning keragi yo‘q. Ular hamma narsani halok qiladilar.
– U haq, – dedi baquvvat eman.
– Ilg! – ingrab yubordi Pid. – Qaerdasan?
Shoxlar qimirladi.
– Shu yerdaman, – dedi Ilg. – Xayol suryapman.
– Ammo sen… tabaqang…
– Uchuvchi, – g‘amgin ohangda dedi Jer. – Uyg‘onsangiz-chi! Glomda aksariyat aholi baxtsiz. Faqat udumlargina bizni ajdodlarimiz tabaqalariga mos shaklga kirishga majbur qiladi.
– Uchuvchi, – dedi Ilg, – barcha glomlar shaklsiz tug‘iladi.
– Glomlar shaklsiz tug‘ilganlari sabali ham Erkin Shaklga ega bo‘lishlari kerak, – ilib ketdi Jer.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi Ilg. – Ammo buni u tushuna olmaydi. Endi esa ma’zur tutasiz, kamina chuqur mushohadaga berilmoqchiman.
Eman jim bo‘lib qoldi.
Pid g‘azabnok kuldi.
– Odamlar sizni o‘ldirishadi, – dedi u. – Xuddi boshqa ekspeditsiyalarni halok qilishganlaridek.
– Glomlardan hech kim o‘ldirilmagan, – ma’lumot berdi Jer. – Barcha ekspeditsiyamiz shu yerda.
– Ular tirikmi?
– Bo‘lmasam-chi. Odamlar hatto bizning mavjudligimizni bilishmaydi ham. Men bilan birga ov qilgan It o‘n to‘qqizinchi ekspeditsiyadan ekan. Uchuvchi, bu yerda biz yuztacha bormiz va bu yer bizga yoqib qoldi.
Pid buning barini hazm qilishga urinardi. Quyi tabaqalarga shaklga oid o‘z-o‘zini anglash yetishmasligini hamisha bilardi. Ammo bu… buning bari bema’nilik, axir. Mana, bu sayyoraning xavfliligi siri nimada ekan. Bu Erkinlik ekan-da?!
– Uchuvchi, bizga qo‘shiling, – taklif qildi Jer. – Bu yer chinakam jannatning o‘zi. Bilasizmi, bu sayyorada har xil narsalar qanchalik ko‘p? Sanab adog‘iga yetolmaysiz. Bu yerda hayotning barcha turiga mos keladigan shakllar ham bor.
Pid bosh chayqadi. Uning hayot turiga mos shakl yo‘q. U – Uchuvchi.
Ammo Odamlar glomlarning borligini bilishmaydi hatto. Reaktorga yetib borish kulgili darajada oson.
– Hammangiz bilan Glom Oliy Sudi shug‘ullanadi, – o‘kirdi u va Itga aylandi. – Mening o‘zim Ko‘chirgichni ishga tushiraman.
Pid bir muddat o‘zini o‘rganib ko‘rdi. Keyin Jerga bir qarab qo‘ydi-da, dikonglagancha darvoza tomon yo‘l oldi.
Darvoza oldida turganlar unga qarab ham qo‘ymadilar. Pid bir Odamning ortidan asosiy eshikdan ichkariga kirib oldi va yo‘lak bo‘ylab yugurib ketdi. Tanasi cho‘ntagidagi titray boshlagan Ko‘chirgich Pidni reaktor zali tomon borishga undagandek bo‘ldi.
U hovliqqanicha qandaydir zinadan ko‘tarilib, boshqa yo‘lak bo‘ylab yugurib ketdi. Burilishdan qadam tovushlari eshitildi. Unga sezgisi bino ichiga itlarning kirishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirib turardi. Ilojsizlikdan yashirinish uchun joy qidirib, atrofga alangladi. Biroq yo‘lak silliq va bo‘m-bo‘sh edi. Faqat shiftda yoritgichlar osilib turardi.
Pid bir sakrab, shiftga qapishib oldi va yoritgich shakliga kirdi. U Odamning nega uning yonmay turganiga e’tibor qaratmasligiga ishonardi.
Odamlar yugurib o‘tib ketishdi.
Pid tag‘in Odam shakliga kirib, maqsad sari oshiqdi.
Unga yanada yaqinroq borishi kerak edi.
Yo‘lakda yana bir Odam paydo bo‘ldi. U Pidga sinchiklab qarab turdi-da, nimadir deb g‘udrandi. Keyin kutilmaganda keskin ortiga burildi-da, juftakni rostladi. Odamni nima buncha sergaklantirganiga Pid tushunmadi, albatta. Tanasidagi Ko‘chirgich kerakli masofaga yaqinlashib qolinganini bildirib, sezilarli titray boshladi.
Kutilmaganda Pidning miyasida ikkilanish paydo bo‘ldi. Barcha ekspeditsiya a’zolari qochgan! Hammasi!
U yugurishdan sekinlashdi.
Erkin Shakl… qanday g‘alati tushuncha. Vahimaga soluvchi tushuncha.
«Bu, so‘zsiz Shaklsizlikning nayranglari», dedi o‘ziga-o‘zi va yana oldinga intildi.
Yo‘lak oxiri ulkan yopiq eshikka borib taqalarkan. Pid unga tikilib qoldi.
Yo‘lakning narigi boshida esa Odamlarning g‘ovuri, baqir-chaqiri eshitila boshladi.
Qaerda xatoga yo‘l qo‘ydi? Uni qanday sezib qolishdi? O‘zini bir qarab chiqdi. Qo‘llari bilan yuzini siladi. O, chehrasi shaklini o‘zgartirishni unutgan ekan...
Jon holatda eshikni tortdi. Keyin cho‘ntagidan Ko‘chirgichni chiqardi. Titrash yetarlicha emasdi. Uni ishlatish uchun reaktorga yanayam yaqinroq borish kerak.
Pid eshikka razm soldi. Uning pastki qismi bilan pol orasida tirqish bor ekan. Darhol shaklsiz holga kelib eshik tagidan sizib o‘ta boshladi. Ko‘chirgichni ham bir amallab o‘tkazib oldi. 
Ichkari tarafda eshikning ilgagi bor ekan. Pid uni ildirib, ketidan tirab qo‘yish uchun biron nima qidirib, atrofga alangladi. Chog‘roqqina xona. Bir tomonda reaktorga olib boruvchi zalvorli qo‘rg‘oshin eshik, ikkinchi tomonda deraza bor. Bor-yo‘g‘i shu.
Pid Ko‘chirgichga qaradi. Titrash yetarlicha. Nihoyat, u maqsadiga yetishdi. Bu yerda Ko‘chirgich reaktordan quvvat tortib olib bemalol ishlaydi. Faqat uni ishga tushirish kerak.
Biroq nega ularning bari qochoqqa aylanishgan? Pid ikkilanardi. Barcha glomlar shaklsiz tug‘iladi, bu haqiqat. To ulg‘ayguncha va turli tabaqalarga tegishli ajdodlari shakli berilmaguncha glomlarning bolalari amorf holatida bo‘ladi. Biroq Erkin Shakl…
Pid imkoniyatlarini chamalab ko‘rayotgandi. Hech bir to‘siqsiz istagan shaklga kirishi mumkin. Bu jannatmonand sayyorada u barcha niyatlari va orzusini amalga oshira oladi. Kimga aylangisi kelsa – aylanadi, nimaning shakliga kirishni istasa – kiradi. Bu yerda yolg‘iz ham qolib ketmaydi. Bu yerda boshqa glomlar ham Erkin Shakldan lazzat olishmoqda.
Odamlar eshikni buza boshladilar. Pid haliyam tanlay olmay ikkilanardi. Nima qilsin? Erkinlik…
Pid erkinlik o‘zi uchun emasligini alam bilan o‘ylardi. Ovchi yoki Mutafakkir bo‘lish oson. U esa – Uchuvchi. Parvozlar – uning hayoti, uning shavqi. Parvoz bilan bu yerda qanday shug‘ullana oladi?
Albatta, Odamlarda ham kemalar bor. Odamga aylanib, birorta kemani izlab ko‘rish mumkin…
Yo‘q, hech qachon. Daraxt yoki Itga aylanish osonroq. Hech qachon o‘zini Odamdek ko‘rsatmaydi.
Gumburlatib urishlardan eshik zirillardi.
Pid Ko‘chirgichni ishga tushirish oldidan so‘nggi bor sayyoraga nazar solish uchun deraza oldiga keldi va derazadan tashqariga qaradi-yu, hushdan ketib yiqilishiga bir bahya qoldi. 
Bu rostdan ham haqiqatmi? U Jerning bu sayyorada istagan niyatni qondirish uchun yetarlicha shakl, hayot ko‘rinishlari bor, deya to‘lqinlanib gapirganida nimani nazarda tutganini dastavval tushunmagan ekan. Hatto uning, Pidning ham orzusini amalga oshirish mumkin ekan! Uchuvchilar tabaqasining parvoz qilishga bo‘lgan kuchli istagini ham.
Pid tashqariga yana bir bor nazar soldi-da, Ko‘chirgichni polga uloqtirdi. Asbob chil-chil sinib, har yoqqa tariqdek sochilib ketdi.
Eshik ochilayotgan paytda esa u derazadan uchib chiqayotgandi.
Odamlar deraza tomon otildilar. Deraza ortidan kattagina, oppoq qush havoga ko‘tarildi. U qanotlarini sal beo‘xshovroq qoqardi. Ammo qushning harakatlari tobora aniqroq bo‘la bordi va u uzoqlashib borayotgan qushlar galasiga yetib olishga harakat qila boshladi.

Rus tilidan Nurpo‘lat NURQULOV tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 8-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.