Ayol ko‘zguning oldida to‘xtadi-da, oh totib qo‘ydi. Kichkina bir bulut dog‘i oynaning xotirasini ostin-ustin qilib yubordi. Kichkina oltinrang tarog‘ini oldi-da, to‘g‘nog‘ichlar asirligidan ozod bo‘lgan sochlarini taradi. Shaloladay tovlanayotgan qop-qora sochlar yelka uzra yoyildilar. Ko‘zguning ichidan uzoq-uzoqlarni ko‘rish mumkin edi. Ammo bir-biri bilan aralashib ketgan barcha tasvirlar orasida oynalari yurak shaklida bo‘lgan osmono‘par bino uning diqqatini ko‘proq o‘ziga tortardi.
Sochlari orasida surat solingan ramkaga o‘xshab qolgan yuzini ko‘rib, kuldi. Bulut dog‘i bug‘lanib, uchib ketdi. Telefonning jiringi sukunatni sindirdi. Qo‘lini yuragi ustiga qo‘yib, og‘riqdan bino bo‘lgan bir to‘lqinni haydadi. Qizil ust-boshini kiydi-da, shoshilganicha telefon stolchasi tomon chopdi. Stolcha yonidagi stulning chetiga o‘tirib, go‘shakni ko‘tardi:
– Allo, eshitaman... eshitaman!
Erkakning tanish ovozi edi.
– Menman... Suhrob... Qalaysan?
Og‘riq yelkalarigacha keldi, so‘ngra chap qo‘l barmog‘ining uchigacha. Ammo kuldi:
– Yaxshiman. Ovozingni eshitgandan keyin yaxshiman... Qayerdasan?
– Mana shu atroflarda.
– Ya’ni?
– Ofisimdaman. Do‘stlarim ham shu yerdalar. Yangi bir nashrni yo‘lga qo‘yish uchun barcha kuchlarimizni bir joyga yiqqandik.
– Xo‘sh?
– Bugun kechasi kechroq borsam bo‘ladimi?
– Yanami?
Erkak jim qoldi. Gugurtning chaqilgan ovozi eshitildi:
– Maylimi, xonim?
Ayol ikkilanib so‘radi:
– Ya’ni, bugun kechqurunga mo‘ljallagan rejamiz bekor qilindimi? Birga kechlik ovqatni yeyishga va so‘ngra kinoga borishga kelishgandik...
Erkak homuza tortdi-da:
– Aytganday, gullarga suv quydingmi? – dedi.
Ayol nigohini mehmonxona tomonga burdi: suvga to‘ygan gullar hamishagidek yam-yashil edilar. «Mendan ko‘ra gullarni o‘yladingmi?» demoqchi bo‘ldi. Ammo erkakning ovozi uning xayolini bo‘ldi:
– Salom! Xush kelibsan! Buni qara-ya!
Derazaning oynasiga qaradi. Mana bu yangi darz qachon tushgan ekan? Qo‘li bilan yuragini yanada mahkamroq siqdi. Yana erkakning ovozi eshitildi:
– Xo‘p, azizam! Menga boshqa ishing yo‘qmi?
Ayol o‘rnidan yarim turdi. Uzoqlardan bir qora bulut kelardi. Shoshib-pishib dedi:
– Kechasi kelayotganingda bosh kiyiming va soyaboningni esingdan chiqarib qoldirmagin. Havo bulutli.
Erkak dedi:
– Xayr.
Ayol go‘shakni qo‘ydi. Sovqotayotgandi. Qo‘lini cho‘zib mebelning yonidaga xalatini olib ustiga ildi. Endi orqasida bir ajdaho turganligiga amin edi. Og‘zidan olov purkalib turgan bir ajdaho.
Isitmasidan oldin qaltiradi. Shunchalik qaltiradiki, uni ustidan yechib oldi-da yaxshilab unga qaradi. So‘ngra g‘ijimladi-da, mebelning ostiga yashirib tashladi.
Derazaning oldiga bordi. Bulut dog‘i yaqinroqqa kelib qolgan, osmon qop-qora ko‘rinardi. Bu balandlikdan odamlar qanchalik ham kichkina bo‘lib ko‘rinishadi-ya. Kichik va yolg‘iz! Yuragiga og‘riq o‘rladi. Bamog‘ini egib derazani yopdi. Qaysi deraza ochiq ekan? Bu sovuq qayerdan kiryaptiykin? Mehmonxona qanchalik katta edi! Shuncha yolg‘izlik uchun shuncha kattalik?!
Yerga o‘tirdi. Ichida nimadir g‘imirlab, u bukchayib qoldi. Og‘riq... og‘riq... qizil temir tayoqcha... momaqaldiroq va chaqmoq.
Doktor: «Bunday paytlarda mushaklaringni bo‘sh qo‘yishga harakat qil», deb aytgan edi.
Ammo qiyinchilikka uchragan kishi uchun bu ish xuddi botqoqqa cho‘kib ketish bilan barobar edi.
«Qaniydi erkak kelsa... Qaniydi...»
Quyoshning so‘nggi nurlari yopiq derazalardan mehmonxona yeriga g‘ira-shira yorug‘lik tashlar, ushbu g‘ira-shira yorug‘lik oralarida ko‘z yoshlar daryosida suzib yurgan bir ko‘z yerga tushib yotardi. Engashib uni oldi. Bir shisha qorachiq edi. Birov eshitib qolishidan ham uyalmasdan:
– Oh, o‘ldim, o‘ldim! – dedi.
So‘ngra ovozini balandlatdi. Ammo bu faqatgina bir lahza davom etdi. Ovoz chiqayotgan mahalda eshik qulfi ichra kalitning shirq etib aylangani eshitildi. U ekanligi aniq edi. Nolasini ichiga yutdi. “Yo‘q, ovozimni eshitmasligi kerak”, – dedi o‘ziga o‘zi. Xayolidan agar erkak buni bilib qolsa, ichidagi o‘sha musht o‘zining zarbalarini kuchaytirib, uni sindirib tashlaydi, degan o‘y kechdi. So‘ngra uni boshqa sevmay qo‘yadi. A’zoyi badanida yugurayotgan bu og‘riq oz emasdi.
Bir necha lahza qorong‘i va ingichka yo‘lakka qarab qoldi. Agar boshida bosh kiyim va egnida palto kiygan va qo‘lida soyabon tutib olgan erkakning sharpasini ko‘rganida ham, o‘rnidan turardi-da, ustidagi qizil kiyimlari bilan u tomon oshiqib:
– Choy? Bir piyola issiqqina choy qilib beraymi? – degan bo‘lardi.
Ammo eshik hanuz yopiq edi.
* * *
Doktor suratlarga ishora qilib degandi:
– Ammo hali umid bor. Seni saqlab qolishga bo‘lgan umid.
O‘sha lahzada uning ortga qaytgisi va yashin chaqnayotgan o‘sha yorug‘ doiraga beomon tikilgisi, mingta qo‘li bor maxluq uning yuragini terayotganini ko‘rgisi kelmasdi.
Doktorga aytgan edi:
– Qanday qilib saqlanib qolsam bo‘ladi, doktor? Men o‘lishni istamayman.
Ana shunday soddalik bilan aytgan edi. Keksa yoshdagi doktor esa ko‘zoynagini ko‘zidan olib, bosh barmog‘i va ko‘rsatkich barmog‘i bilan ko‘zining chekkalarini tozalagan, so‘ngra boshini ko‘tarib shift-ga qaragan edi:
– Dardingning yagona davosi shuki, hayotni sevishing kerak, qizim.
Ayol esa butun vujudi bilan, tashnalik va ochlik bilan zaminu zamonga qarab shunday degan edi:
– Doktor! Men hamisha oshiq bo‘lganman. Hamisha hayotdan belgi beradigan barcha narsani sevganman. Shunday ekan, nega endi o‘lim shuncha odamning orasidan kelib-kelib meni tanlashi kerak? Nega meni?
So‘ng yig‘lab yuborgan edi:
– Men hech qachon bir mevani yaxshilab tomosha qilib olmaguncha yemayman. Men noz-ne’matlarga to‘la dasturxonlarni yaxshi ko‘raman... Men...
Shundan so‘ng eshikni ochib to‘fon kabi yo‘lga tushgandi.
Yo‘lida qay gulni ko‘rmasin so‘ligan, u ko‘rgan har bir shox singan, har bir ayol faryod chekayotgan, har bir suv muzlagan bo‘lardi. Erkak yetib kelganidan so‘ng dahshat va iltijo bilan qo‘llarini cho‘zib degandi:
– Yordam ber! Yordam...
Erkak dahshat bilan unga tikilgan, ammo hech narsa demagan edi. Qattiq shamol uning boshidagi bosh kiyimini uchirib yuborgan, bo‘ynidagi sharfining uchlarini hilpiratardi. Ayol yalingansimon qo‘llari bilan unga suyangan edi:
– Meni sevishing kerak... Xuddi men seni sevganim kabi... Saqlanib qolishim uchun alangalarga zorman. Menga ergashib kelayotgan narsa bu o‘limdir. Uni daf qilishim uchun ishq jozibasi bo‘lishi kerak. Chuqur jarlik. U yoqqa borishni istamayman, istamayman...
Erkak nimalar bo‘layotganini endigina tushungan odamday unga qarab qolgan va so‘ragandi:
– Doktor nima dedi?
Ayol barmoqlarini erkak bilaklarining etiga sanchib shunday degandi:
– Aytdiki, o‘rmalagancha oldinga qarab boradi, shox va shoxlar chiqaradi. So‘ngra shunchalik o‘sib ketadiki, guldoning sinib ketadi. Mana shu.
Erkak degandi:
– Yo‘q, mumkin emas... Ya’ni...
Ayol o‘z atrofida gir aylangan edi. Xuddi yaproqlar to‘foniday, xuddi har doimgi girdibod. Rangi xuddi nilufar gulning rangiday ko‘m-ko‘k bo‘lib ketgan edi:
– Agar oldinroq tushunganimda edi, balkim... Ammo hamisha o‘ylardimki, tanamdagi bu dard o‘lim dardi emas, balki tiriklik dardidir.
Erkak qo‘llarini cho‘zib uning bilaklariga yopishgan edi:
– Kel, birga aylanamiz. Titrayapsan. Har lahzada sinib qolishing va to‘kilib ketishing mumkin.
Ayol uning ortidan ergashgan edi.
Kunbotar yo‘lidan ketib borishardi. Soyalari esa o‘lim va hayot ortidan. Erkak mehribonlik bilan degandi:
– Bu yolg‘on. Katta bir yolg‘on. Sen o‘lmaysan... Yo‘q...
Ayol achchiq kulib shunday degandi:
– Bolaligimda enagam menga har kuni saharlab cho‘lga tikan tergani boradigan bir tikan teruvchi to‘g‘risidagi ertakni aytib berardi...
– Xo‘sh?
– Endi men ham har kuni ertalab ana shu o‘y bilan uyg‘onishim, so‘ngra tikan terishga tushishim va kechasi bir bog‘ tikan bilan barmoqlarim tilingan holda uyquga ketishim kerak.
Erkak uning ko‘zlariga tikilib qolgandi:
– Yo‘q, bunday ham emas.
– O‘lim uzoq yo‘ldan kelib senda in qurib olganini bilganingdan keyin, tikan terishdan boshqa narsani o‘ylay olmaysan.
Erkak uni hayot tomonga sudragan edi:
– Qaragin! Suvga cho‘kayotgan o‘rdaklar, sirpanchiq o‘ynayotgan cholga qara. Bular kulguli emasmi?
Ayol erkakning nigohiga osilib olgan edi:
– Faqatgina meni sev! Eng yaxshi davo ana shu.
* * *
Endi bunga bir necha oy, balkim bir necha yil bo‘lgan edi. Oldiniga shoxlarning o‘sishi sekin edi. Hatto doktor ham shunga amin bo‘lgan ediki, unda o‘limning o‘sishi to‘xtagan. Bu erkakning so‘zlari iliq, nafaslari ham issiq bo‘lgan paytlarda edi. Ammo keyinchalik deraza ochilib sovuq shamol kirib keldi. Go‘yo qorlar malikasi bu yerdan o‘tib, barcha narsaning ustini bir qavat muz qatlami bilan qoplab ketganday edi. Hatto o‘g‘il bolaning nigohlari ustini ham... Bu ertakni qayerda o‘qiganikin?
Bolalik bog‘ida parvozlari ketidan yugurgan chog‘larida, bir kuni tushdan keyingi jazirama havoda hovlining bir chetidan sichqonlar o‘sha yerga olib borib qo‘ygan yirtiq bir kitob topib olgan edi. O‘sha kitobni o‘qigan edi. Qarasa ediki, qish kelib qolibdi.
So‘ngra shoxlar ko‘paygan edilar. O‘sishlarining ovozlari eshitilib turardi. Ular bir-birlariga payvand bo‘lishar, natijada yanada o‘saverardilar. Xuddi kundan-kun erkakning nigohi qorong‘iroq, g‘amning soyasi esa kattaroq bo‘lib ketayotganday.
Ayol yana bir bor aytdi:
– Oh, o‘ldim... o‘ldim!
Ammo hech kim ,,Nega?” - deb so‘ramadi.
Tizzalari bilan yurib, suvratlar albomi turgan javon tomon bordi. To‘rtburchak xotiralar. Suvratlarni olib, ularni tomosha qildi. Baxt rangi, ko‘zgu, chiroq, oy va yulduz, gulbarglarning to‘kilishi, koptoklarning aylanishi, rangli tuxumlar, asal to‘la jom, yashil barglar, Qur’on, yorug‘ yulduzlar halqasi...
Halqa yo‘qolgandi. Nega? Halqa oxirgi paytlarda yo‘qolgandi. Bir kuni ertalab o‘rnidan turib qarasa, halqa yo‘q. Erkakka qarab degandi:
– Halqamni ko‘rmadingmi?
Erkak istehzo bilan kulgandi:
– Bir qarg‘a keldi-yu, olib ketdi.
– Qarg‘a?
Ayol derazadan tashqariga qaradi. Daraxt shoxida bir qarg‘a qo‘nib turardi.
– Nega indamay qarab turding? Nega uni olib ketishiga yo‘l qo‘yding?
U shunday deb so‘raganida erkak javob bergandi:
– Kech bo‘lgandi.
– Kech bo‘lgandi?
Uning shisha guldoni ham singan edi. Bu unda Yusufning chiroyidan bir shox olib qo‘ygan va ushbu shox unda ildiz otgan guldon edi. Keyin shoxning ildizlari ko‘payib, shisha guldonni teshib chiqqan, guldonning suvi esa to‘kilib ketib, gul so‘lib qolgan edi.
Ayol gulni gultuvakka ekish uchun undan chiqarib olgan edi. Ammo singan shisha guldon uning qo‘lini kesib yuborgan, uning qo‘lidan oqayotgan qon yerni bo‘yagan edi. Qip-qizil emas, ko‘m-ko‘k qon.
Bir ozdan keyin erkak aytgan edi:
– Bu binafsha gullarni kim olib keldi?
Hozir unga yana bir marta telefon qilishi mumkin edi. Ayniqsa hozir – dard uni bo‘g‘ayotgan paytda. Yettita raqamni tersa kifoya. Ushbu quyuq qorong‘ilikdagi yetti yulduz kabi yettita raqamni. Va unga aytishi mumkin edi:
– Iloji bo‘lsa, faqat bugun kechasi ertaroq kel. Do‘stlaringga ham mening kutayotganligimni ayt.
Shisha ustiga yog‘ayotgan yomg‘ir ming shoxli bir daraxtni vujudga keltirgan edi. Bu shoxlarning ortidan hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi. Erkakka buni ham aytishi kerak edi:
– Bosh kiyimingni esingdan chiqarib qoldirma. Soyaboningni ham.
Enaga chilimning billur quvuri poyida o‘tirganicha ertak aytardi:
– Bug‘u dahshat bilan o‘rmon tomon qochdi. Ammo uning uzun shoxlari daraxtlarga o‘ralashib qoldi. Shu payt ovchi miltig‘i bilan uni nishonga oldi va ...
Oxirgi – yettinchi raqamni qo‘yib yubordi. Aytishi kerak bo‘lgan gapini bo‘g‘zida saqladi: “Agar kelsang, soyaboningni ham...”
Bir ayolning mayin ovozi go‘shakda o‘rladi:
– Allo, marhamat... Allo.
“Siz kimsiz?” deb so‘ramoqchi edi hamki, erkakning kulgan ovozi ayolning ovoziga ulanib ketdi:
– Agar javob bermayotgan bo‘lsa, go‘shakni qo‘yib qo‘y. Albatta, biror bezori bo‘lsa kerak. Go‘shakni qo‘y.
So‘ngra cho‘ziq gudok ovozi... Bir oz go‘shakning og‘ziga qarab turdi, so‘ng uni joyiga qo‘ydi. Qo‘llari bilan issiq qon favvora bo‘lib otilayotgan bo‘g‘zini siqqan holda she’r o‘qidi:
Ne motamkim, g‘amgin bo‘lsang-u, yig‘lamasang!
Ne motamkim, xazon ko‘rgan shox kabi
Oftobda va o‘zingning sovug‘ingda qaltirasang!
Qancha o‘ylamasin ushbu she’rning birinchi misrasini eslay olmadi. Garchi muhim bo‘lmasa-da.
O‘rnidan turdi-da, oyoq kiyimlarini yechib, oyoqyalang yo‘lga tushdi. Ko‘zlari yoshga to‘lib, nurning ingichka yog‘dusi panohida unga tikilib qolgandi. Baland binoning tepasidagi katta beshikka o‘xshash mehmonxonada ohista u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Axiyri karavotiga yetib bordi. Karavat ustiga yiqildi. Tim-qora to‘lqinli sochlari atrofga yoyildi. Qo‘lini, bo‘m-bo‘sh qo‘lini ko‘tardi-da, yuragi ustiga qo‘ydi:
– Endi vaqti yetib keldi.
Nigohini shiftga tikdi. Boshi aylanib qolgan bir tabassum kapalakka o‘xshab qanot qoqdi va labining chekkasidan uchib ketdi.
Bir ovoz dedi:
– Taraq!
Uchi o‘tkir bir shox terisini teshib chiqdi.
Bir necha daqiqadan so‘ng ayolning boshi bir tomonga shilq etib tushdi. Nigohi esa to‘xtovsiz o‘sayotgan va butun mehmonxonani qoplab olgan shoxga tikilib qoldi.
O‘sha balandlikda uning yuragi erkakni eslab jimgina yig‘lardi.