OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Roziya Tujjor. To‘kilgan gullar (hikoya)

Tunning narigi boshidan kelardi. Oldiniga ohista-ohista harakatlanib, ko‘rsatkich barmoqlarini yerga nuqir, ammo keyinroq bulutlar oh chekkanlaridan so‘ng qadamlarini tezlashtirardilar. Endi tarnovning ixtiyori o‘zida emasdi. Ovozini baralla qo‘yganicha voy-voylab yig‘lar, nola qilar, uning ovozi ikki tabaqali eshiklarning tirqishidan ichkariga kirib kelardi.
Xona qorong‘ulik bag‘riga g‘arq bo‘lgan edi. Faqatgina qora tutun bosgan yigirma shamli chiroq og‘zidek judayam kichkina bir sariq nur shiftning bir burchagini yoritib turardi. Ammo chiroqning kerosini tugaganidan so‘ng birgina yorug‘lik guli ham bir-ikki qanot qoqdi-yu, to‘kilib tushdi.
Endi faqatgina qorong‘ulik bag‘rida yomg‘irning, keksa, o‘rta yosh va yoshgina ayollar va qizning – kampirning, Azizaxonimning hamda Marjonaning pishillab nafas olganlari ovozi chiqardi.
Kampir sandal etagida, o‘zining har doimgi joyida g‘ujanak bo‘lib olganicha uxlab yotar, bosh tomonida namoz o‘qiganda kiyadigan chodiri hamda kosaning ichida yasama tishlari turardi. U g‘ijimlangan kichik bir soyaday qimirlamasdan yotardi.
Undan sal nariroqda bo‘ylari uzun va yelkalari oriq Azizaxonim yotar, yuzlarining rangi o‘chgan, ko‘zlarining ostida ko‘m-ko‘k halqalar ko‘zga tashlanardi.
Sandalning boshqa tomonida qorong‘ulik bag‘rini miltillab turgan fosfordek Marjona yotardi. Loysuvoq tomga tushayotgan yomg‘irning shitirlashi, yog‘och eshik va derazalarning titrashi hamda tarnovning o‘kirib yig‘lashi ovozlari hammasi bir bo‘lib uni tinch uyqu bag‘ridan sug‘urib olishgan edi.
Oyog‘ining kaftini manqalning devoriga yopishtirib olgan, kuydiruvchi issiq oyoq panjalarining uchidan tortib yuragigacha yo‘l topib borar va tomirlarida bir jo‘shqinlik uyg‘otardi. Xayollari xuddi uchar yulduz kabi o‘zi yotgan nuqtadan o‘qdek uchib muzchechak daraxtining narigi tomoniga borib tushardi.
Ammo... bu ovoz?... qayerdan kelayotgan ekan?! Oldiniga yaxshilab quloq soldi, so‘ngra o‘rnidan sakrab turdi.
Ovoz xonaning ichidan, boshining tepasidan kelayotgan edi. Bu oldiniga mayin, so‘ngra esa qattiqroq zarbalar bilan bir maromda tusha boshlagan yomg‘ir tomchilarining ovozi edi.
Emaklaganicha odinga yurdi. Qo‘li bilan gilamni ushlab ko‘rdi. Gilam ho‘l edi.
– Oyi, oyi, tom... qulab tushyapti!...
Uning qichqirgan ovozi bilan Azizaxonim va kampir joylaridan sapchib turishdi. Azizaxonim qorong‘ulikda paypaslanganicha gugurt qidirar ekan, uyqusirab so‘rardi:
– Qani? Qayer?
Kampir esa zo‘rg‘a harakatlangan holda bir qo‘li bilan boshiga chodirini tutgan, ikkinchi qo‘li bilan esa o‘ziyam bilmaydigan nimanidir qidirardi:
– Aziza, menga yordam ber! Meni tashqariga olib chiq. Hozir tiriklay go‘rga tiqilaman!..
Azizaxonim gugurt chaqdi. Olovini oldinroq olib keldi. Yanayam oldinroq. Tepaga qaratdi... Shift yorilgan, unda paydo bo‘lgan bir necha teshikdan suv chakillab tomardi.
– Ey xudoyim!
Kampir qaltirardi:
– Azizajon, meni qutqar!
Rangida rang qolmagan Marjona esa shiftga tikilgan holda devorga suyanib qolgan edi.
Azizaxonim katta-katta qadam tashlab eshikning oldiga yetib bordi. Lo‘kidonni surib, eshikni ochdi-da, baqirdi:
– Nega qotib qolding, qizim?! Tashqariga qochmaysanmi endi?!
Marjona ko‘zlarini yorilgan shiftdan uzmagan holda orqasi bilan yurib, xonadan chiqdi-da, dod sola boshladi.
Azizaxonim yarim turgan holda qo‘llarini osmonga cho‘zib iltijo qilayotgan kampir tomonga yugurdi.
– Aziza! Azizajon, meni qutqar!
Aziza tishlarini g‘ijirlatib zahrini sochdi:
– Hammasiga sen aybdorsan! Mana shu vayrona uyingga yopishib qolgansan.
Marjonaning dod-faryodi bilan qiblaga teskari qilib solingan xonaning eshigi ochildi-da, undan hovliqqan va sarosimaga tushgan Yahyo yugurib chiqib keldi:
– Nima gap? Nima bo‘ldi?
Marjona esa ikki qo‘li bilan boshiga urgancha dod solardi:
– Tom... qulab tushyapti. Qulab tushyapti-i!...
Azizaxonim chodirini beliga bog‘lab olganicha kampirni katta mehmonxonaga olib borib qo‘ydi, so‘ng hovuz tomonga yugurib ketdi-da qo‘lida tog‘ora va mis lagan ko‘targanicha qaytib keldi. Yahyo oyoqyalang yugurib kelib, tomi qulayotgan xonaning ichiga bosh suqdi va baqirig‘i yomg‘ir ovozini bosib ketdi:
– Men narsalarni olib chiqaman! Sen tashqariga chiqib tur!
Osmon tinimsiz yog‘ar, kampirning yig‘lagan ovozi yomg‘irning shitirlagan ovoziga jo‘r bo‘lardi. Azizaxonim Yahyoning gapiga e’tibor ham bermasdan, u bilan birgalikda xonadagi buyumlarni olib chiqishga kirishdi. Marjona oldindagi xona bilan katta mehmonxona orasidagi tor yo‘lakda qo‘llarini qovushtirganicha dahshatga to‘la ko‘zlari bilan bu to‘s-to‘polonga qarab turardi. Pichirlab nimalardir aytar va nimalarnidir iltijo qilardi. Yahyo bilan Azizaxonim endigina xonadagi gilamni sudrab tashqariga olib chiqishgan edilar hamki, dahshatli gumburlagan ovoz chiqdi. Kapir faryod soldi. Azizaxonim boshiga mushtladi:
– Ey xudoyim!
Yahyo esa gilamni tashladi-da:
– Marjona? – dedi. – Marjona qani?
Marjona chaqmoqlar yorug‘ida ikki bo‘lingan qorong‘ulik orasida qo‘llarini bo‘m-bo‘sh fazoga cho‘zganicha dod soldi:
– Yo‘q... Yo‘q!
Yahyo yana oldindagi xonaga qaytdi. Shiftning bir qismi qulab tushgan, yomg‘ir bilan to‘lib-toshgan qop-qora bulut shiftda hosil bo‘lgan ushbu katta teshik ustida turganicha haliyam pishqirardi.

* * *

Tarqoq bulutlar orasidan poylab qarayotgan quyosh o‘zining zaif nurlarini sochgancha muzchechak daraxtining shoxlarida yaltirab aks etardi. Azizaxonim hovlining o‘rtasida qo‘lda supurgi tutganicha turar, Yahyo esa tom tepasida tarnovning og‘zini tozalar, terisini izg‘irin shamol qizartirib yuborgandi. Bir hovuch loy aralash daraxt barglarini qo‘lida tutib turgan holda pastdan Azizaxonimning ovozini eshitdi:
– Marjona... Marjona?!...
Bir ozdan so‘ng shamol Azizaxonimning qiziga aytayotgan gaplarini uning quloqlariga yetkazdi:
– Borib amakingga ayt... Uyning qolgan qismi ham qulab tushmasidan bu yoqqa bir kelsin-da, ukasining yetim qolgan bolalarining taqdirini bir yoqlik qilsin.
Eshik qarsillab yopilishi bilan Yahyo qaddini tikladi. Marjonaning oppoq ko‘ylagi bir tomchi suv kabi ko‘chaning burilishiga tomdi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Yahyo hovliga tushib keldi. Tarnovning og‘zidan sidirib olgan bir hovuch axlatni borib bog‘chaning bir burchagiga to‘kdi, so‘ng hovuzcha ustidagi brezentni chekkaga surdi va hovuzchaning ustiga qator qilib terilgan xodalar orasidan qo‘lini suvga tiqdi. Muzlab qolgan bir baliq ko‘zlari hayratdan qotib qolgan holda hovuzchaning shisha shiftiga yopishib qolgan edi.
Beixtiyor qo‘lini orqaga tortdi. Qaddini tikladi va hovuzcha atrofida to‘planib qolgan xazonlarni supurayotgan Azizaxonimga qarab dedi:
– Muhsin og‘o yo‘qmi?
Azizaxonim xokandozni devorga suyab qo‘yar ekan, ikki hovli o‘rtasidagi zinaga o‘tirib, g‘ururi poymol bo‘lgan ayol kabi oh chekdi:
– Eh, og‘aginam... Agar dunyoni suv bossa, mening Muhsinimning to‘pig‘iga chiqmaydi. Hammadan yashirsam ham sizdan yashira olmayman, Yahyo og‘o.
Yahyo ho‘l qo‘llarini qo‘ltig‘iga artib quritdi-da, Muhsin yotgan xonaga qarab bordi. Yarim ochiq eshikning bir burchagidan xonaning ichkarisiga ko‘z tashladi. Muhsin tartibsiz holda ayqash-uyqash bo‘lib yotgan ko‘rpa-to‘shagida o‘likka o‘xshab yotardi.
Eshikning oynasini bir necha marta taqillatdi.
– Muhsin og‘o... Muhsin og‘o!
Muhsin bir qimirlab qo‘ydi. Erinibgina boshini ovoz chiqqan tomonga burdi. Yarim ochiq va xo‘mraygan qovoqlari orasidan unga qaradi-da, so‘ngra yana undan yuzini o‘girib, ko‘rpani boshiga tortdi.
– Muhsin og‘o, bir daqiqa o‘rningizdan turing-da bu yoqqa keling. Anavi xonaning tomi qulab tushdi. Keling, ko‘raylik-chi nima qilsa bo‘ladi.
Muhsin norozi va bo‘g‘iq ovozda ko‘rpaning ostidan g‘uldiradi:
– Qo‘ysang-chi, og‘o. Tong saharlab... Kim turib xonaning tomiga qarab yuradi hozir? Qolganiyam qulab tushmaydimi menga desa!
Yahyo orqasiga qaytdi-da, Azizaxonimga qaradi. Azizaxonim muzlagan qo‘llarini qo‘ltiqlari ostiga qistirib olgan holda dedi:
– Sizga nima degandim, Yahyo og‘o? Yerdan sel keladimi yoki osmondan tosh yog‘adimi – unga baribir. Cho‘ntagida pul bo‘lsa bo‘ldi, qolgani bilan ishi yo‘q.
Yahyo nima qilishini bilmay muzchechak daraxti tomon bordi va uning nam tanasiga suyandi. O‘ziyam nega bu uydan shartta ketib qolgisi kelmayotganligini bilmasdi.
Azizaxonim kampirning ovozini eshitib xona tomon yurarkan:
– Yahyo og‘o, – dedi. – Bir piyola issiqqina choyimizga chaqirmoqchiydim. Kampir odam qanchayam choy ichardi. Keling, ichingizga bir oz issiq kiradi.
Yahyo og‘o past ovozda dedi:
– Rahmat, Azizaxonim. Keragi yo‘q.
Azizaxonim hali xonaga kirishga ulgurmasidan tashqari eshikning taqillagani eshitildi. Orqasiga burildi-da, katta hovlini kesib o‘tdi. Ikki zinapoyani bitta qilib hatlab, kichik hovliga qadam qo‘ydi. Hovliga kirish yo‘lagidan o‘tdi-da, eshikni ochdi:
– Assalomu alaykum, amakisi! Marhamat, kiring!
Bo‘ylari baland, yelkalari keng va sochlariga oq oralagan Mustafo og‘o yelkasiga to‘n tashlab olgan va qo‘llarida chiroyli donalari bor tasbeh tutgan holda hovliga qadam qo‘ydi:
– Nima bo‘ldi, Azizaxonim?
Ichidagi barcha dard-alamni faryodi bilan birgalikda Mustafo og‘oning oyoqlari ostiga to‘kkisi kelgan Azizaxonim uning tik qarab turgan o‘tkir nigohlariga ko‘zi tushishi bilan boshidan chodirini oldi-da tugunini yechdi va u bilan badanini o‘radi.
– Oyimga biror narsa bo‘ldimi?
Azizaxonim kesatgandek javob berdi:
– Yo‘q, kampir sog‘-omon. To‘rt muchasi soppa-sog‘. Manavi uydan ham chidamli baquvvat!
Marjona amakisining orqasidan kelib, bir soya kabi ichkariga sirpandi-da, hovliga kirib ketdi. Zinapoyaning etagiga yetganda haliyam daraxt ostida turgan Yahyoga bir qarab qo‘ydi. Zinalardan ko‘tarildi. Muzchechak daraxtining sinib tushgan shoxi kecha kechasi yoqqan yomg‘ir natijasida to‘planib qolgan xazonlar bilan birgalikda uning nigohini o‘ziga tortdi.
Bir lahza engashdi. So‘ngra qo‘lini tortib oldi-da, kichik yo‘lak tomon yurdi va katta mehmonxona pardasining ortida g‘oyib bo‘ldi.
Kirish yo‘lagidan o‘tib, kichik hovliga yetgan Mustafo og‘o tomi qulab tushgan xonaga bosh suqdi:
– Bu uyni endi tuzatib bo‘lmaydi. Bundan ancha oldin eskirib bo‘lgan edi. Necha marta aytdik, oyim quloq solmadi. Necha marta aytdik, dod-faryod qildi. Endi nima derkin? Bekordan-bekorga aytmaganimizni endi tushunib yetgan bo‘lsa kerak?!
Azizaxonim ovozini balandlatdi:
– Nimasini aytasiz... Ertalabdan beri nola-fig‘on qilib yotibdi.
Mustafo og‘o xonaning derazasidan haliyam hovlida turgan Yahyoga ko‘z tashladi. Yahyo uni ko‘rishi bilan kallasini qimirlatib salom berdi. Mustafo og‘o esa uning salomiga alik ham olmasdan Azizaxonimga yuzlanib dedi:
– Bu qachon ketadi? Haliyam shu yerdami?
Azizaxonim past ovozda dedi:
– Hali muhlati tugaganicha yo‘q. Oyning oxirigacha vaqti bor.
Mustafo og‘o yuzini o‘girib, loy va axlatga to‘la tog‘ora va laganga hamda teshilgan tomga qaradi. So‘ngra xonaning ichini bir aylanib chiqdi va joyida qolib ketgan bir necha uy buyumlarini barmog‘ining uchi bilan surib qo‘ydi:
– Xudo rahmat qilgur ukam oyimni ko‘ndiraman deb rosa uringandi. Ammo ko‘nmadi. Agar o‘sha paytda uyni sotganimizda edi, ahvolingiz bundan ancha yaxshi bo‘lgan bo‘lardi. Ya’ni hammamizning ahvolimiz yaxshi bo‘lgan bo‘lardi.
So‘ngra bir yo‘talib qo‘ydi-da, xonadan tashqariga chiqdi va hovliga qadam qo‘ydi.
– O‘g‘lingiz qayerda? Bu bola qay go‘rda yotibdi?
Haliyam hovlida bo‘lgan Yahyo qulog‘igacha qizarib ketdi. Hovuzchaning yuziga terilgan xodalar ustiga o‘tirdi-da, qo‘llarini qovushtirdi.
Shuncha paytdan beri ichidagi gapni Mustafo og‘oga aytaman deb kelardi. Ammo hozir...
Azizaxonim shoshib-pishib dedi:
– Bolaginam, Muhsin, yarim kechasi rosa ovora bo‘ldi. Oftob chiqishi bilan bir oz mizg‘ib olay deb uyga kirib ketdi.
Muhsin og‘o tasbehini u qo‘lidan-bu qo‘liga olarkan, istehzo bilan jilmaydi:
– Rost aytayotgan bo‘ling-da, ishqilib. Rahmatli ukamning hamma umidi mana shu bittagina o‘g‘lidan edi. Buningiz erkak bo‘lish o‘rniga, tag‘in bir... lo iloho illolloh....
Azizaxonim ranjigansimon dedi:
– Nega nafasingizni sovuq qilasiz, amakisi?!...
Mustafo og‘o tor yo‘lakdan katta mehmonxona tomonga yurdi. Eshik pardasini chetga surarkan, past ovozda dedi:
– Bugunoq Avs Rajabga aytaman, kelib uyni bir ko‘rib ketadi. Uning o‘zi bunaqa ishlarni yaxshi tushunadi. Uyni sotishga oyimni ko‘ndirib qolsak ajab emas.
Marjona ustiga choy to‘la stakanlar qo‘yilgan patnisni ko‘targancha pardaning bir chekkasidan chiqib keldi. Amakisi unga bir nazar tashladi-da, jilmaydi:
– Ko‘z tegmasin! Kap-katta qiz bo‘lib qolibsan-ku!
Patnis ustidagi stakanlardan birini oldi-da, xonaga qarab yurdi.
Marjona tor yo‘lakdan o‘tdi. Ammo hovliga qadam qo‘yishidan oldin Azizaxonim patnisni uning qo‘lidan oldi, uning ustidagi stakanlardan birini olib ayvonning labiga qo‘ydi va patnisni qo‘lida tutgan holda Marjonani o‘zi bilan birga katta mehmonxona tomonga olib ketdi.
Yahyo sovqotganini his qildi. Ko‘zi choy to‘la stakandan ohistalik bilan osmonga o‘rlayotgan muloyim bug‘da edi. Ushbu sovuq kundagi yagona issiq nuqta ham ushbu tor yo‘lakda yaraqlayotgan ana shu aqiqrang choy edi. Ammo nega uni olish uchun qo‘lini cho‘zmaganini tushunmadi. O‘rnidan turdi-da, xonasiga qarab yurdi. Kiyimini kiyib ko‘chaga chiqdi. Gung bir g‘am uning yelkasiga yelkasini qo‘ydi va u bilan birga ko‘chaning burilishidan g‘oyib bo‘ldi.
Kampirning ko‘zi o‘g‘liga tushishi bilan yig‘lay boshladi:
– Iloyo, bo‘yginangdan onang aylansin. Boshimga nimalar tushganini ko‘rdingmi? Uyim buzilganini ko‘rdingmi? Otang rahmatlidan qolgan yodgor uy qanday qilib vayron bo‘lganini ko‘rdingmi?
Mustafo og‘o eshikning ostonasida o‘tirarkan, telpagini boshidan oldi-da, tizzasiga kiygizdi. So‘ngra o‘ychan holda tasbeh o‘girishga tushdi.
– Bolaginam! Boshimizga nimalar tushganini ko‘rgani keldingmi? Umrimning oxirida qanday xor-zor bo‘lganimni ko‘rgani keldingmi? Jigarim qanday kuyib, halqumimdan qanday otilib chiqishini ko‘rgani keldingmi?
Mustafo og‘o tasbehning oxirgi donasini barmoqlari ostidan o‘tkazar ekan, istamaygina qimirlab qo‘ydi-da, tilga kirdi:
– Oyi, yana boshladingizmi? O‘zing pishirgan oshni o‘zing ich, deydilar. Sizga necha marta aytdik, quloq solmadingiz. Mana oqibati!
Kampir birdan yig‘lashdan to‘xtab, boshini ko‘tardi va baland ovozda dedi:
– Nima deding? Eshitmay qoldim? Agar otangdan yodgor qolgan mana shu uyni sotishni aytayotgan bo‘lsang, to‘g‘ri qildim. Endi sen ham kelinim va nevaralarim bilan til biriktirib, umrimning oxirida meni darbadar qilmoqchimisan?! Agar shunday qiladigan bo‘lsalaring, bergan sutimga rozimasman, o‘g‘lim. Iloyo, seni ham menga qarshi qayraganlar baloga yo‘liqsinlar!
Mustafo og‘o asabiylashib o‘rnidan turdi. Telpagini boshiga ilib, tasbehini cho‘ntagiga soldi-da, choydan bir ho‘plam ham ichmasdan dedi:
– Bo‘ldi-da, endi, oyi! Yana diydiyoyngizni boshladingizmi? Rahmatli ukam bir umr yalinib o‘tdi. Hozir xotini va bolalari ham. Bu eskirib ketgan uy chirib, to‘kilib, qulab boryapti. Kecha kechasi bitta xonaning tomi qulab tushibdi, bugun yana bittasi o‘zingizni bosib qoladi. Jiddiyroq qarash kerak bunga. Boshqa choramiz yo‘q.
Kampir ko‘kragiga mushtlab, dod soldi:
– Bu yerdan xudo rahmat qilgur otangning isi keladi. Yosh o‘lib ketgan ukangning isi keladi. Murtazoni mana shu uyda uylantirdim. Mana shu yerda o‘zingni katta qildim. Mana shu uyda o‘zim kelin bo‘lganman. Bu uyda ne-ne dasturxonlar yozmadim, ne-ne mehmonlar kutmadim. Hayhot, hayhot... ne-ne duoxonlik kechalari, ne-ne... Ey xudo... xudo... xudo!
Mustafo og‘o o‘zini eshikdan tashqariga urdi. Shu paytgacha bu mojaroni kuzatib o‘tirgan Azizaxonim unga qo‘shilib tashqariga chiqdi:
– Sizga aytmaganmidim, amakisi? Eshitgisi ham kelmaydi. Uyni sotishdan gap ochilishi bilan ana shunday nola-fig‘onini boshlaydi.
Mustafo og‘o etigini oyog‘iga yaxshilab kiydi-da, asta-sekin hovlidan o‘tdi. Azizaxonimga bir ko‘z tashladi:
– Buyog‘ini menga qo‘yib ber. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Faqat mana bu yigitning iloji boricha tezroq javobini berib yubor. Uni qaytib bu uyda ko‘rmay.
Azizaxonim uning ortidan eshikni yopib qolar ekan, dedi:
– Xo‘p bo‘ladi. Nima desangiz shu.

* * *

Azizaxonim haliyam kichik hovlida ekanligida Muhsinning qadam tovushlarini eshitdi. Zinaning ustida bir oz to‘xtadi. Rangi za’farondek sarg‘aygan Muhsin uyqusiragan holda otasining eski po‘stinini yelkasiga tashlab dovdiraganicha hovlining narigi tomonidan kelardi. Azizaxonim ovozini ko‘tarib dedi:
– Yaxshi uxlab turdilarmi?! Ne ajabkim, shahzodamiz ham o‘rinlaridan turibdilar! Bu tomongayam bir qarab qo‘y, o‘g‘lim. Zarar qilmaydi!
Muhsin onasining gaplariga e’tibor ham bermay kichik yo‘lakdan o‘tdi-da, katta mehmonxona tomon yo‘l oldi. Kampir uni ko‘rishi bilan boshqatdan yig‘lashga tushdi:
– Muhsinjon, bolam! Meni o‘zing qutqar! Meni bo‘rilar o‘rab olishganini ko‘r! Hech bo‘lmasa sen biror narsa degin.
Muhsin bu gaplarga ahamiyat ham bermasdan po‘stinni yechib yerga uloqtirdi. Xonaning burchagidagi samovar oldida cho‘k tushib o‘tirgan Marjonaga yarim nigoh tashladi-da, sandalga o‘tirayotib buyurdi:
– Choy...
Uning ortidan xonaga kirib kelgan Azizaxonim g‘azabga to‘la ovoz bilan dedi:
– Endi bu juvonmargning qulog‘iga nimalarni quyayapsan?! Menga qarshi qayrayapsanmi? Qancha dod-voy qilma, bu uy sotiladi. Bir-ikki kun hayallasak, yana bitta xona ag‘anab tushadi.
Muhsin shoshmasdan sigaretasini yoqib, tutunini tepaga puflarkan:
– Kaptarlarim nima bo‘ladi? – dedi. – Endigina bu joylarga o‘rganishgan edi.
Azizaxonim titrayotgan qo‘llarini ko‘kraklari ostiga urib, baqirdi:
– Kaptarlaring? Iloyo, hammasiga qirg‘in kelsin! Undan ko‘ra bo‘yi yetib qolgan singlim nima bo‘ladi, desang bo‘lmaydimi?
Muhsin unga yarim bir nigoh tashlab qo‘ydi-da, qo‘lidagi gugurt qutisini otib o‘ynashga tushdi. Gugurt qutisi goh tik tushar, goh yonboshi bilan, goh oldi bilan tushar, goh orqasi bilan, goh shoh bo‘lardi, goh vazir...
Azizaxonim samovarning oldiga borib, bir stakan choy quydi-da, uning oldiga – sandalning ustiga do‘q etqizib qo‘ydi.
Kampir bo‘yniga osilgan kichkina baxmal xaltachadan bir hovuch qand-qurs va tutmayiz olib chiqdi-da, sandal ustiga to‘kdi.
Azizaxonim g‘uldiradi:
– Etagiga mayiz ham solib ber. Sening yoningni oladi.
Muhsin istar-istamas choyni icha boshladi.
Marjona xonadan chiqib ketdi-da, guruch solingan katta mis patnisni ko‘tarib qaytib kirdi. So‘ngra bir burchakka o‘tirib guruchni tozalashga tushdi. Onasi diqqatini unga qaratdi:
– Iloyo, onaginang o‘lsin, qizim. Hech kim mana bu yetim qolgan qizning taqdiri nima bo‘ladi, demaydi. O‘zim uning baxti to‘g‘risida o‘ylashim, unga kelayotgan sovchilarga javob berishim kerak. Chunki otasi o‘lib, beg‘am odamlarning qo‘lida qolib ketgan.
Kampir har doim gap topolmay qolganida sekingina o‘zini olib qochganidek, bu safar ham boshi bilan ko‘rpaning ichiga kirib ketdi va ko‘zini yumib oldi.
Azizaxonim yarador yo‘lbarsday o‘kirdi:
– Ha-a, yoqmayaptimi?! Qachon zarurroq biror narsa to‘g‘risida gap boshlasak, o‘zingni uxlaganga solasan. Ammo hozir aytib qo‘yay: agar hamma xonalarning tomi qulab tushadigan bo‘lsa, biror usta yoki quruvchining bu yerga kelib uylarni tuzatishlariga yo‘l qo‘ymayman. Mayli, bu uylar hammamizning ustimizga qulab tusha qolsin.
Muhsin birdaniga o‘rnidan sapchib turdi-da, titrayotgan qo‘lidagi bo‘sh stakanni zarb bilan devorga otdi:
– Bo‘ldi qil endi! Toqatimni toq qilib yubording. Ming‘illayverib miyamning qatig‘ini chiqarib tashlading-ku! Bechora kampirni tinch qo‘yasanmi yoki yo‘qmi?!
Azizaxonim oldiniga unga qarab qotib qoldi, so‘ngra yig‘lashga tushdi:
– Xudo ursin seni! Yuragimni ming pora qilib tashlading. Xudoyo ertalabdan kechgacha qulog‘ing ostida g‘o‘ng-g‘o‘ng qilib miyangni aynitayotganlar baloga yo‘liqsinlar. Bittagina o‘g‘lim menga suyanchiq bo‘lish, mana bu xaroba uylardan qutqarish o‘rniga o‘shalarning gapiga quloq solganidan ko‘ra, xudo jonimni olgani yaxshi emasmi?!
Muhsin sandalning chekkasiga qo‘li bilan tiralib o‘rnidan turdi. Eski po‘stinni yelkasiga ildi va xonadan chiqib ketdi. Rangi somonday sarg‘aygan edi. Bukchayib kelgandi, undan-da bukchayibroq ketdi.
Boshini quyi solib olgancha guruch terayotgan Marjona esa o‘rnidan turib xonadan chiqdi, bir ozdan so‘ng qo‘lida supurgi va xokandoz ko‘tarib qaytib kirdi.
Shisha siniqlari hamda onasining ko‘z yoshlari siniqlarini birgalikda supurib oldi.

* * *

Azizaxonim ovqat pishirish bahonasida eng qiyin paytlarda o‘zining yagona boshpanasi bo‘lgan, hovlining yuzasidan bir necha zinapoya pastroqdagi jim-jit bir burchakda joylashgan oshxonaga kelgan edi. Oshxona Azizaxonim uning qorong‘u va tor burchaklarga bosh qo‘ygancha o‘zi bilan o‘zi gaplashishi, dilidagi dardlarini yorishi va to‘yib-to‘yib yig‘lashi mumkin bo‘lgan bu hovlidagi yagona nuqta edi. Bu yerda o‘ylash va g‘am chekish, g‘am chekish va ko‘z yoshi to‘kish mumkin edi. Bu yerda xuddi o‘zining onasi va buvisi kabi, o‘choqning oldida o‘tirib olovga o‘tin tashlash va o‘zining baxtiqaroligidan yum-yum yig‘lashi, so‘ngra esa yuzlari g‘am-alamdan emas, balki o‘choqdan chiqayotgan tutundan qizarib ketganligini aytish mumkin edi. Bu yerda oshxona xizmatkori bo‘lish hamda o‘zining baxtiqora ekanligini xuddi oshxonadagi o‘choq va qozonlarning qoraligi kabi tabiiy qabul qilish mumkin edi. 
Bugun uning bir ko‘zi qozonda bo‘lsa, ikkinchi ko‘zi osmonda edi. Ko‘ngli g‘ash edi. Agar yana yomg‘ir yog‘sa va uyning qolgan xonalari ham birin-ketin qulab tushsa nima bo‘ladi? Yer cho‘kib, uyning poydevori tagidan zil ketsa-chi? Unda Muhsinni qayerga olib ketadi? Marjonani kimning eshigiga olib boradi? Uysizlik va darbadarligiga qanday qilib chidaydi? Xor-zor bo‘lganligiga-chi?
Muhsin uchun, uning odam bo‘lishi uchun ne mashaqqatlar chekmadi. Ammo ne qilsinki, hammasi uning istaganlariga teskari bo‘lib chiqaverdi. O‘g‘lini maktabga bergan vaqtlaridan boshlab u doim darslardan qochib chiqar, ko‘chama-ko‘cha sang‘ir va birovlarning bolasini urib-so‘kar, tosh bilan boshlarini urib yorardi...
Keyingi paytlarda ham kaptarlarga ishqi tushib qolgan, doim tomda o‘tirib olganicha kaptarbozlik qilar, shu tufayli onasi qo‘shnilar oldida boshini ko‘tara olmay qolgandi.
Bundan-da kattaroq musibat boshiga tushganligini keyinchalik his qildi. Birinchi marta yarim ochiq eshikdan mo‘ralab o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, yana bir marta esa ko‘ylagini yuvayotgan chog‘ida uning cho‘ntagidan pistaga o‘xshash kichkina bir narsa topib olgan edi. Ammo bu narsani xayoliga ham keltirib ko‘rishga, hatto tiliga ham olishga jur’at qilmagan edi. Kimga ham aytishi mumkin edi bu musibatni? Kimning ham ichi achirdi unga va uning o‘g‘liga? Bu gapni birovga aytgani bilan unga sharmandalik va g‘am-alamdan boshqa nima ham olib kelardi?
– Oyi, menga pul kerak.
– Qaysi go‘rimdan olaman pulni?! Bir dunyo xazinasi bor deb o‘ylaysanmi meni?!
Muhsin ustiga ovqat suzilgan idish olib kelingan patnisni olib, derazadan tashqariga uloqtirib yuborgandi:
– Bunaqa gaplaring bilan boshimni achitma. Menga pul kerak, pul! Tushundingmi?
– Tuqqan onasini shunchalik zor yig‘latgan senday o‘g‘ilni xudo ursin! – deya zor-zor yig‘lay boshlagandi Azizaxonim. – O‘z onasining jigar-bag‘rini pora qilgan senday bolani xudoning o‘zi qaro yerning qa’riga tiqsin!
Shunda Muhsin o‘sha yerda turgan chilimning uzun nayini sug‘urib olib, onasiga tomon xezlangan edi.
Azizaxonim faryod solgan edi:
– Ur, yaramas, ur! Kel-da, tuqqan onangni ayamay ur, nomard! Urib-urib, o‘ldir! Zora shu bilan bu dunyoning azoblaridan qutulib ketsam.
Muhsin qo‘lidagi chilim nayini zarb bilan bog‘chadagi gullarning orasiga otgan edi. Gullar payhon bo‘lganicha qolgan, uning o‘zi esa uydan chiqib ketganicha bir necha kun qay go‘rlarda yo‘q bo‘lib ketgan edi. Shundan so‘ng Azizaxonim noiloj mehmonxonadagi o‘n ikki metrli gilamni yig‘ib, garovxonaga topshirgan, Muhsin yana paydo bo‘lgach esa gilamni garovga qo‘yib olingan pulni uning ochko‘zlik bilan cho‘zilib turgan qo‘liga “zahar bo‘lsin”, degandek tap etib tashlagan edi. Ammo bu bilan muammo hal bo‘lmadi. Oldiniga kumushrang shamdon va toshoyna, keyinchalik qizil gulli likopchalar va ustiga qushlar tasviri solingan patnislar, mis lagan va tog‘oralar... hamma-hammasi sotildi. Hayhot, hayhot! Marjonaning taqdiri nima bo‘ladi? Bo‘yi yetib qolgan otasiz Marjonaning?!
O‘choqda tutayotgan o‘tin Azizaxonimning yuragidagi dard-alamlarga qo‘shilib, uning ko‘zlaridan shovillab yosh oqizardi. Osmon qovog‘ini solib olgan, oshxonaning hovliga qaragan kichkina derazasidan uning bir burchagini ko‘rish mumkin edi. Bugun kechasi ham yomg‘ir yog‘armikin?

* * *

Endigina dasturxonni yig‘ishtirib bo‘lgan edi hamki, tashqari eshik taqillab qoldi. Mustafo og‘o kelganini ko‘ngli sezdi. Yuragida g‘alati bir bezovtalik bor edi. Bulutlar lahza sayin ko‘payishi bilan uning ichi ham qorong‘ulashib borardi. Yuvilmagan idishlarni patnisga solib, hovlidagi hovuzchaning yoniga olib borib qo‘ydi. So‘ngra shoshilganicha tashqari eshik tomon yurarkan, yuzlariga tomayotgan ilk yomg‘ir tomchilarini his qildi.
Eshikni ochishi bilan Mustafo og‘oni hamda unga ergashib kelgan Avs Rajabni ko‘rdi. Ularga salom berib, o‘zini chekkaga oldi. Mustafo og‘o “Yo olloh”, deya ichkariga qadam qo‘ydi:
– Avs Rajab uyni ko‘rgani keldi. Agar ma’qul topsa, inshoolloh, savdosi pishadi va hammasi yaxshi bo‘ladi.
Azizaxonimning yuragi zil ketdi:
– Xuddi o‘zlarining uylaridek deb bilsinlar, marhamat.
Erkaklar oldindan tushishdi, u ham ularning ortidan ergashdi.
Avs Rajabni tanirdi. Birgina u emas, balki mahallaning barcha odamlari uni yaxshi bilishardi. Katta boylikka ega bo‘lgan Hoji Solih gilamfurush kutilmaganda kasodga uchrab, uning barcha mol-mulki kimoshdi savdosiga qo‘yilganida ana shu odam shart o‘rtaga tushib uning mol-mulkini uchdan bir narxiga sotib olgan, keyinchalik ham uni qamoqdan qutqarib olish uchun pul to‘kkan edi. Qaysi davrada o‘tirib qolsa ham: “Men savob uchun unga yordamlashdim, uning mol-dunyosi uchun emas”, deb maqtanib qo‘yardi.
Hech kim unga: “Yolg‘on gapiryapsan”, deya olmasdi. U keyinchalik Mirzo Taqiy qandolatfurushning merosxo‘rlari ixtiyorida bo‘lgan bir bog‘ hovlini ham tekinga qo‘lga kiritdi-da, so‘ngra buldozer bilan surib, kaftdek tep-tekis qildi. Ag‘darib tashlangan shuncha dov-daraxtga odamning ichi achiydi. Shundan so‘ng bir necha paytgacha oq akatsiya daraxtining hidi mahalladagi odamlarning boshini aylantirib yurdi. Afsus... So‘ngra esa ana shu yerda kattaligi katakdek bo‘lgan bir necha uy solib, unga-bunga sotdi. Endi bu yer ilgarigidek jim-jit ham emas, undan daraxtlar va gullarning muattar hidi ham kelmas, aksincha endilikda katakdek uylardan iborat bo‘lgan kichkina bir mahallaga aylanib ulgurgan bu joyda bolalarning shovqini va onalarning baqir-chaqiri hukmron edi. Ushbu mahallachadan makon topgan ushbu odamlarning qay joylardan kelib qolganligini hech kim bilmasdi.
Ikki erkak hovlini aylanib ko‘zdan kechirar, Azizaxonim ham ularning ketidan ergashib yurardi. Mehmonxonaning eshigi oldiga yetishganida Mustafo og‘o qulfni ushlab ko‘rib, so‘radi:
– Ochilmaydimi?
Azizaxonim ikkilanib turdi-da, so‘ngra bo‘yniga osib olgan kalitni olib qulfni ochdi. Mehmonxona ichidagi gilamsiz yalang‘och yer oftob nurlarida tovlanardi. Mustafo og‘o savol nigohi bilan unga qaradi:
– Gilamlari qani?
Azizaxonim shoshib-pishib javob berdi:
– Bayramga oz qoldi. Gilamni yuvishga bergan edik...
Muhsinning xonasi oldiga yetishganida yana bir bahona keltirdi:
– Eshikning orqasiga bir to‘da lash-lushlarni qo‘ygan edik. Eshik yaxshi ochilmaydi. Bu yerni ko‘rib o‘tirmasalaring kerak, axir?!
Katta mehmonxonaning eshigiga yetganlarida kampirning nolayu qarg‘ish ovozlari ko‘tarildi:
– Mening hayotimni shunaqasiga barbod qiladigan bo‘lsalaring, mana shu amakingdan yaxshilik ko‘rmanglar, iloyim! Bir begona odamni nega bu yerga olib kelasizlar? Iloyo, xudo mendek bir bechora kampirni azoblagan sizdek nomusulmonlarni jazolasin!
Mustafo og‘o ovozini balandlatdi:
– Azizaxonim. Biror joyga o‘tirib, ikki og‘iz gaplashib olsak bo‘ladimi?
Azizaxonim hovlining hamma tomoniga bir qarab chiqdi-da, borib Yahyo turadigan xonaning eshigini ochdi.
Avs Rajab oyoq panjasining uchida turib, hovliga qaragan derazadan ro‘paradagi tomi qulab tushgan xonaga qaradi:
– Bu xona eskirib-chirib ketibdi-yu?! Ilma-teshik bo‘lib ketgan! Qachon qurilgandi?
Mustafo og‘o Yahyoning xonasidagi eskirib rangi o‘chib ketgan gilam, yog‘och karavot va tokchada qalin qilib terilgan kitoblarga nazar tashladi-da:
– Joyini topib olibdi! – dedi istehzo bilan o‘ziga o‘zi.
So‘ngra hovliga qarab baland ovozda dedi:
– Marjona qani? Ayt, choy olib kelsin.
Avs Rajab esa hovlini qadami bilan o‘lchab chiqarkan, baland ovozda so‘radi:
– Qudug‘i qayerda?
Mustafo og‘o xonaning ichidan boshini chiqarib dedi:
– Usta, ko‘pam ochko‘zlik qilma. Bu yoqqa kelgin-da, avval bir stakan issiq choy ichib, tomog‘ingni ho‘llab ol. So‘ngra asosiy ish to‘g‘risida gaplashamiz.
Azizaxonim katta mehmonxonaga kirdi. Bir burchakda tizzalarini yig‘ib, g‘ujanak bo‘lib o‘tirgan Marjona iyagi bilan qo‘llariga suyanganicha ro‘parasiga tikilib qolgan edi. Uning sal narirog‘ida kampir pichirlab bir narsalar deganicha yig‘lardi.
Azizaxonim bir lahza to‘xtab qoldi. Pichirlab o‘ziga o‘zi dedi:
– Qizginam!
So‘ngra xayollarini jamlab oldi:
– O‘rningdan tur-da, amaking bilan mehmoniga choy olib bor.
Marjona boshini ko‘tardi. Nigohida bir chaqmoq chaqnagandek bo‘ldi.
– Oyi, eshik taqillayapti.
U shunday dedi-da, o‘rnidan turib xonaning eshigi tomon yugurdi.
Azizaxonim bilagi bilan eshikni to‘sdi:
– Chodiring qani?
– Chodir?
Marjona orqaga tislandi. Uning ko‘zlaridan chaqnayotgan chaqmoq Azizaxonimning yuragini teshib o‘tayotganday edi. Nigohiga dosh bera olmay ko‘zlarini olib qochdi:
– Marjona, choy... Mehmonlarga choy olib bor.
Kampir haliyam yig‘laganicha qarg‘anardi.
Marjona beli ingichka va labiga oltin suvi yugurtirilgan uchta satkanni olib ularga choy quydi.
U hali chodirini boshiga yopmasidan oldin Azizaxonim uning oldiga bordi-da, boshiga sanchib qo‘yilgan sochto‘g‘nog‘ichini yechdi. Marjonaning muloyim va maftunkor qop-qora sochlari yoyilib ketdi. Azizaxonim chodirni uning boshiga yopdi.
Endi kampirning ham ovozi o‘chgan, jim o‘tirib ularning gaplarini poylardi.
Marjona xonadan chiqdi. Uning orqasida qolgan eshik pardasidagi Layli uyquga ketgan edi. Azizaxonim uning ortidan hovliga tushib keldi. Yahyoni ko‘rdi. Hovlining o‘rtasida tik turganicha xonasidagi chaqirilmagan mehmonlarga tikilib qolgan edi.
Marjona ingichka bir nur yolqiniday ship etib Yahyoning yonidan o‘tdi-da, uning xonasi tomon ketdi. Azizaxonim uning ortidan borar ekan, Avs Rajabning xaridor nigohiga, so‘ngra bir dam unga qayrilgan Yahyoning og‘ir nigohiga ko‘zi tushdi.
Azizaxonim engashib hovuzchaning yuzidagi brezentni chetga surdi. Qo‘llarini yuvishi kerak edi. Shu payt Yahyoning xasta ovozini eshitdi:
– Baliqlar o‘lib qolishgan, shunday emasmi, Azizaxonim? Hammasi muzlab qolibdi!
Azizaxonim boshini ko‘tardi. Marjona Yahyoning xonasidan chiqib keldi-da, ustiga choy to‘la stakan qo‘yilgan patnisni Yahyo tomon tutdi. Qarashlaridan o‘t chaqnab turar, odamni hayajonga solardi. Yahyo esa hayrat bilan unga tikilganicha qotib qolgan, choydan chiqayotgan muloyim bug‘ning ortidan hamma joy qop-qorong‘u ko‘rinar edi. Ko‘zoynagini yechib, oynasini artdi va yana qaytarib ko‘ziga taqdi. Mustafo og‘o uning xonasidan chiqib kelarkan, bir yo‘talib qo‘ydi:
– Ihm... Meni kechirasiz-u... bir narsani sizga aytib qo‘ymoqchiydim. Bu uy bugun sotildi. Menimcha... o‘zingizga boshqa bir joy topishingiz kerak.
Yahyo yana bir marta ko‘zoynagini yechdi, orqaga tislandi va uydan chiqib ketdi.
Tuman hamma yoqni qoplab olgan edi.
Marjona katta mehmonxonaga qarab yugurdi. Patnisni xonaning bir burchagiga otdi-da, sandalning ustiga solingan ko‘rpaning ichiga kirib ketdi. Ruhining chil-chil sinayotgan ovozini eshitmaslik uchun ko‘rpaning bir uchini og‘ziga bosdi. Hech qachon agar bu uy sotiladigan, bog‘chalari, hovuzi va devorlari buziladigan bo‘lsa, muzchechak daraxtining jajji va xushbo‘y gullarini, gullari to‘kila boshlagan daraxtga o‘xshab qolgan Yahyoni ham endi boshqa ko‘rmasligi to‘g‘risida o‘ylamagan ham edi.

* * *

Tun edi. Bugun kechasi kampir yo sergaplik qilib ko‘p gapirib chiqadigan, yo yig‘i-sig‘i va qarg‘ish bilan mashg‘ul bo‘ladigan boshqa tunlardagidan farqli ravishda jim edi. Uning uchun bugun ertalabdan boshlab hozirgacha o‘n yil vaqt o‘tgandek edi go‘yo. Ko‘zlari bezovta, tili bog‘liq edi. Shiftga termulganicha og‘ir nafas olardi.
Marjona ham jim edi. Shaloladay sochlarini yoyib olganicha oq surpdan tikilgan tugunchani tizzasiga qo‘yib olib, uning hoshiyasiga to‘r tikardi. Chiroqning soyasi uning uzun kipriklarini yanada uzunroq ko‘rsatardi.
Azizaxonim namozga turganiga bir soatcha bo‘lgan edi. Namozini tugatib, joynamozni xonaning bir burchagiga qo‘ydi-da, derazaning oldiga borib, oynasini qoplagan bug‘ qatlamini artib tozaladi. So‘ngra yuzini unga yopishtirib, hovlining narigi tomoniga qaradi. Muhsin yotgan xonaning chirog‘i o‘chiq, Yahyoning xonasidan esa chiroq nur taratib turardi. Azizaxonimning yuragi ezildi: uning uchun nima ham qila olardi? Marjonaning moviy nigohlari, Muhsinning bukchaygan qaddi, kampirning vayron bo‘lgan dili uchun nima ham qila olishi mumkin? Unut bo‘lgan o‘zi uchun-chi?!
Deraza oynasining artilgan joyini yana qaytadan bug‘ g‘ubori qoplab olayotgan chog‘da Marjonaning ovozini eshitdi:
– Oyi, eshik taqillayapti.
Yelkasiga tashlab olgan chodirini boshiga qo‘ndirdi-da, hovliga qadam qo‘ydi. Qor yog‘ardi. Osmon xuddi bahordagi shaffof anor gullari kabi qizg‘ish tus olgan edi. Tashqari eshik oldidagi kirish yo‘lagiga yetgach so‘radi:
– Kim?
Uning ovozidan tanidi.
– Men – Ehtiromman.
Eshikni ochdi:
– Senmisan? Yarim kechasi nima qilib yuribsan?
Ehtiromxonim semiz gavdasini bir silkitdi-da, hovliga qadam qo‘ydi va o‘sha joyning o‘zida yerga o‘tirib oldi.
– Voy o‘lmasam! Bu nima qilganing?!
– Menga mana shu yer yaxshiroq. Ko‘p vaqtingni olmayman.
Ehtiromxonim qo‘lini yuragining ustiga qo‘yib olganicha hansirab nafas olardi.
Azizaxonim uning qarshisida orqasi bilan devorga suyandi-da, ohista pastga sirg‘andi.
– Azizaxonim! Mayda-chuyda qilib o‘tirmasdan, gapning bo‘ladiganini aytaman. Yaxshi bilasanki, bir umr farzandsizlik dog‘ida kuyib o‘tdim. Bu dog‘ mening yuragimda umrimning oxirigacha qolsa kerak. Kunbotar chog‘ida Mustafo og‘o kelib, mening butun umidlarimni chippakka chiqardi. “Bundan ortiq sabr qila olmayman”, dedi... Oh, Aziza! Shunday bir kun kelishini xavotir bilan kutib yurardim, ammo bunday tez kelishini bilmagan ekanman. Kech tushgan mahaldan to hozirgacha ichimda bir narsa uzilib ketgandek va butun tanam ichra qanot qoqayotgandek bo‘lyapti.
Azizaxonim beixtiyor qo‘lini cho‘zib, uning qo‘lidan ushladi. Biroq Ehtiromxonim qo‘lini tortib oldi:
– Yo‘q-yo‘q! Menga iching achishini istamayman! Sen... narsalaringni yig‘ishtir-da, bizning uyimizga ko‘chib o‘t. Boshqa bir ayol kelib, meni bu uydan haydab yuborganidan ko‘ra, sening kelganing yaxshiroq.
– Men?!
Azizaxonimning ovozi hayrat va dahshat bilan to‘lib-toshgan edi.
– Mustafo og‘o hammasini menga aytib berdi. Avs Rajab Marjonangga xaridor bo‘libdi. Bu to‘g‘rida ahdu paymon qilib ham olishibdi. Uyingning oldi-sotdisi to‘g‘risida ham bir kelishuvga erishishibdi. Sen to‘g‘ringda ham menga aytib berdi. Uyning bitta xonasini senga bo‘shatib berishimni buyurdi. Mayli, kelgin... Balkim sening qadaming bilan bizning ko‘kragimizga ham shamol tegib qolsa. Bir kundosh boshimga kelishi kerak ekan, o‘sha sen bo‘laqolgin. Faqat yo‘q demagin... Mayli, shu bilan mening mushkulim ham, sening mushkuling ham oson bo‘laqolsin. Eh, bittagina tirnoqqa zor qildi-ya... Mustafo og‘oning ham sabri tugadi.
Azizaxonim orqasi bilan devorga yanada qattiqroq yopishdi. Go‘yo yuragidagi barcha dardini devorning ichiga to‘kib solmoqchidek edi.
– Demak uyni sotishdan maqsad shu ekan-da?!
Ehtiromxonim o‘rnidan turdi:
– Yaxshi qol, singlim.
Azizaxonimning boshi gangib, devordan o‘zini uzdi. Eshikning qarsillab yopilgan ovozi kelganidan so‘ng parishon holda xonaga qayt-di. U ham bu kechasi Marjona kabi bir dunyo gap va ikki dunyo sukutdan iborat edi.
Marjona tugunchani bir chekkaga qo‘yib, uyquga ketgan edi. Kampir ham. Bir ozdan so‘ng Azizaxonim ham yigirmanchi lampaning yonib turgan piltasini pasaytirdi-da, sandalning bir burchagiga kirib cho‘zildi. Ammo tun bo‘yi ko‘zlariga uyqu kelmadi. Osmon g‘ira-shira yorishayotgan paytidagina ko‘zi ilinibdi. Tushida hovuzchaning bo‘yida turgan emish. Tahorat olmoqchi bo‘lganda, nogahon hovuzchaning ustiga tashlangan xodalar orasidan ikki qo‘l – muzlagan ikkita oppoq qo‘l chiqdi. Dod solmoqchi bo‘ldi, ammo ovozi chiqmadi. Boshini boshqa tomonga burdi. Yahyo o‘z xonasi ichkarisidan deraza oynasiga yuzini yopishtirib olganicha og‘zini katta ochib olib ovozsiz kulardi.
Jiqqa terga botgan holda o‘rnidan sapchib turib ketdi. Yuragi taka-puka bo‘lib, Marjona tomon egildi. Uning tinchgina uxlab yotganini ko‘rib yuragini bosib oldi. Chodirini tanasiga o‘rab oldi-da, hovliga chiqdi. Hovli yuzasiga pishiq g‘ishtdan terilgan to‘shama hamda shamshodlarni oppoq qor qoplab olgan edi. Suv quvuri jo‘mragining uchiga bog‘lab qo‘yilgan lattani yechdi va ko‘rgan tushini suvga aytdi. So‘ngra tahorat qilib, xonaga qaytdi. Ammo osmonni qoplab olgan bulutga monand yana bir bulut uning yuragini o‘rab-chirmab olganicha tarqagisi kelmasdi.

* * *

Qor tinimsiz yog‘ardi. Xona go‘rdek qorong‘u va tor ko‘rinardi. Faqatgina Yahyoning xonasida yonib turgan chiroqning nurlari ko‘zga tashlanardi: Yahyoning o‘zi kabi yonib turgan chiroqning. U o‘zining barcha narsalarini – talabalik yillari tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idan bu shaharga olib kelgan, doimo u uydan bu uyga, bu uydan boshqa bir uyga tashib-ko‘chirib yurgan, ko‘rpa-to‘shak, kitoblar bilan to‘la eski chamadon va boshqa lash-lushlardan iborat bo‘lgan narsalarini yig‘ib-terib, ko‘chishga tayyor qilib qo‘ygan edi. Bularning barchasini qator qilib terib qo‘ygan, o‘zi esa karavotning ustida o‘tirganicha eshikning yarim ochiq ikki tabaqasi orasidan tashqariga tikilib o‘tirar edi. Havo sovuq edi: bo‘lishi kerak bo‘lganidan ham ortiqroq, har yili qish faslining bahmon* oyida bo‘ladigan sovuqdan-da sovuqroq edi. Muzchechak daraxti nega bunchalik bukchayib qolgan? G‘amdanmikin yoki nomusdan? Yoki shuncha voqealarni ko‘rib turib, qo‘lidan hech narsa kelmaganligi uchun afsuslanganligidanmikin? Uyning qulab borayotgan devorlariga tayanch bo‘la olmadimi yoki to‘kilib borayotgan yosh yurakka mador bo‘la olmadimi? Sigareta yoqdi. Yonib tutayotgan sigareta emas, balki qalbi edi. Uning kulini qay shamollarning qo‘liga to‘ksa ekan? Qo‘llari... uning qo‘llari bir kechada qarib, quruqshab qolganga o‘xshardi. Yuragi va ruhi ham, chehrasi va nigohlari ham...
Nogoh muzchechak daraxtining oppoq qorga o‘rangan yaltiroq shoxlari orasidan, ushbu daraxtning mavj urayotgan tanasi ortidan Marjonani ko‘rib qoldi. U oyoqyalang bo‘lib, o‘rilgan sochlarini yelkasiga tashlab olganicha kichkina ayvonda nafas olishdan to‘xtagan daraxtlar va gullarni tomosha qilar edi. So‘ngra ohista kelib, gullardan birining bitta shoxini uzib oldi-da, oyoqyalang oppoq qorlar ustidan o‘tib, uni Yahyoning xonasi derazasi labiga qo‘yib, orqasiga qaytib ketdi. U oyoqlari ostidagi sovuq qorga e’tibor ham bermas, ko‘zlari o‘tday chaqnab turardi.
Bu tushmidi yoki haqiqat? Bir necha daqiqadan so‘ng yelkasiga eski po‘stinini tashlab olgan Muhsin bukchayganicha xonasidan chiqib keldi. Qor ustidagi Marjonaning oyoqyalang bosib o‘tgan izlariga qarab istehzoli tirjaydi. So‘ngra o‘sha izlarni – ishq bilan to‘la yurakchalarni zaharxanda kulganicha toptayverdi, toptayverdi... Yahyo bunda o‘zining shirin orzulari qanday qilib ko‘milayotganini ko‘rdi. Sigaretasining qoldig‘ini ikki barmog‘i orasiga olib mahkam siqdi. Barmog‘ining terisi kuyib achishdi. Joyidan sapchib turdi. Bir kuch uni bu uydan quvmoqchi bo‘layotganday edi, go‘yo. Terisining achishayotgan joyini topdi. Ruhidagi achishib og‘riyotgan nuqtalarni esidan chiqarishi uchun, tanasidagi ana shu og‘riq nuqtasiga e’tibor qaratishi kerak edi.
Narsalarini ikki marta qatnashda ko‘chaga olib chiqdi. U bilan xayrlashadigan hech kim yo‘q edi. Nigohi bilan uyni aylanib chiqdi. Ikkilanib oldinga yurdi. Katta mehmonxona eshigiga tutilgan qalamkor parda ortida to‘xtadi.
– Azizaxonim!
Azizaxonim shoshilib uydan chiqdi. Go‘yo Yahyoga nimadir demoqchi bo‘layotganga o‘xshardi: “Hech narsa dema. Hech narsa demasdan jimgina ket... Faqat ket... Marjona chiqib qolmasidan ket”. Ammo ovozi chiqmasdi.
– Men... men xayrlashgani kelgandim.
Shunday deya ijara haqini u tomon uzatdi.
– Lekin hali oy tugamagan edi-ku?
Yahyo gapirmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi: “Men uchun hamma narsa tugadi, hatto oy ham, Azizaxonim”.
Ammo uning ham tili aylanmasdi. Qo‘lidagi pulni yerga tashladi-da orqasiga burilib, hovli tomon yo‘l oldi.
Tashqari eshik oldidagi kirish yo‘lagiga yetganida ko‘zoynagini yechib, oynasini artdi va yana ko‘ziga taqib oldi.
Eshikning ortidan Azizaxonimning ovozi qulog‘iga chalindi:
– Marjona! Nega motam tutib olding? Choyni damla.

* * *

Qor ustiga qor yog‘ar, go‘yo shirin va achchiq xotiralar ana shu qorlar ostida ko‘milib ketayotgan edi.
Kampir, Azizaxonim va Marjona – har uchalasi sandal atrofida sukutga g‘arq bo‘lganlaricha jim o‘tirishardi. Katta mehmonxona shiftining bir burchagidan tomchi tomar, uning ostiga qo‘yilgan mis tog‘ora tinkillab ovoz chiqarardi.
Har uchalasining ko‘zi shiftda, qulog‘i chakillab tomayotgan tomchida edi. Ammo xonada hukmron sukunat ularning har birining tanasi, ko‘zi va qalbiga yopishgan muz parchasi bo‘lib, ularni muzlatardi.
Kampir endi yig‘lab-siqtamas, qarg‘anib-ilg‘anmasdi ham. Sukut saqlaganicha o‘zini taqdir hukmiga topshirgan edi. Ammo bu uy devorlari yorilib, tomlari teshilgan taqdirda ham, hatto u poydevoridan zil ketgan chog‘ida ham uning uyi edi. Zero uning ildizlari mana shu uyda, mana shu hovlining tuprog‘ida edi.
Bu uy necha-necha qishlarni ko‘rmadi. Shunday qishlar ham bo‘lgandiki, uydan oshxonaga borish uchun qor orasidan ariqqa o‘xshash chuqur yo‘lak ochishar edi.
Shunday qishlar ham bo‘lgandiki, xudo rahmatli erining bir o‘zi barcha tomlarning ustidagi qorlarni kurab chiqar, so‘ngra issiqqina sandal chetida o‘tirib, bir piyola issiq choy ichgach: “Birinchi qor qarg‘aniki, oxirgi qor odamniki”, derdi.
Mustafo va Murtazoning mana shu uyda dunyoga kelgan kunlarini esladi. Mana shu hovlida o‘ynab, o‘sib-ulg‘ayishdi. Mana shu uyda ularning har ikkalasiga kelin olib keldi.
Mana shu uyda oldin eri bilan, so‘ngra esa o‘g‘li Murtazo bilan vidolashdi.
Eri olamdan o‘tgach, uning barcha bordi-keldilariyu mehmondorchiliklari barham topdi. Shu bilan birga uning oldingi hurmat-izzati ham ko‘tarilganday bo‘ldi. Endilikda o‘g‘li Mustafo bir oyda bir martagina onasidan xabar olgani kelar, og‘zi tugilgan kichkina tugunchani sekingina uning to‘shagi ostiga tiqib qo‘yardi. Kampir ham o‘g‘li ketgach sekingina o‘sha tugunchani olib, ichidagi pullarni sanab ko‘rar, so‘ngra kundalik xarajatlarini bir chetga olib qo‘yib, qolganini kamzulining astari ichiga solib, ustidan tikib qo‘yardi. Bu pullarni o‘zining o‘limligi uchun, qolaversa bo‘yi yetib qolgan Marjonaning to‘yiga deb asrab qo‘yardi. Ammo endi bu pullar to‘g‘risida ham o‘ylashni istamasdi.
Deraza oynasidan yuqoriga qaradi. Qor tinimsiz yog‘ishda davom etardi. Yog‘ayotgan minglab qor uchqunlari to‘kilayotgan gullarmikin yoki erishilmagan orzular? Ko‘zlarini yumdi. Oh tortdi: chuqur bir oh, butun a’zoyi badanidan otilib chiqqan uzun bir oh, umrining uzunligi qadar bo‘lgan, uning g‘amlari kabi uzun va bepoyon bir oh... Shu bilan kampirning so‘nggi nafasi ham uning tanasini tark etdi.

* * *

Yuk mashinasi ko‘chaning boshida turardi. Mustafo og‘o uy buyumlarining oxirgisini haydovchi yordamida mashinaga joyladi-da, ularga qarab dedi:
– Endi mashinaga chiqaversalaring ham bo‘ladi.
Marjona bilan Azizaxonim horg‘in va lol holda ko‘chaning narigi boshiga termulgancha qotib qolgan edilar. Katta jez qulf uyning yog‘och eshigiga o‘lim muhrini urgan edi.
– Mashinaga chiqinglar.
Ular harakatga keldilar. Avval Azizaxonim, so‘ngra Marjona yuklar orasiga joylashdilar.
Mashina yo‘lga tushdi. Ko‘cha chetidagi uylarning yopiq derazalaridan bir-ikkitasi yarim ochildi. Ular yuzlarini mahkam o‘rab oldilar.
Ko‘chaning burilishidan o‘tganlaridan so‘ng, mashina kabinasida o‘tirgan Mustafo og‘o uning orqa derazasini taqillatib, so‘radi:
– Yaxshi ketyapsizlarmi?
Ikkalasidan bitasi ham javob bermadi.
Ko‘cha chetidagi piyodalar yo‘lagida yelkasiga po‘stin tashlab olgan Muhsin ust-boshi chang va tuproqqa belanib o‘tirar, yonida kaptarlari solingan qafas turardi. Mashina u yerdan o‘tib ketayotgan chog‘ida bir bor boshini ko‘tardi-da, odamning e’tiborini tortmaydigan bema’ni bir tarzda g‘uldiradi:
– Kaptarga kep qoling!.. Kaptarga kep qoling!..
Bir ozdan so‘ng mashina muyulish ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi..

Forschadan Shokirjon Olimov tarjimasi

___________
* B a h m o n – melodiy yil hisobidagi 21 mart kunidan boshlanuvchi eroncha hijriy-shamsiy yil hisobidagi yilning o‘n birinchi oyi, 20/21 yanvar – 20/21 fevral oralig‘iga to‘g‘ri keladi (tarj.).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.