Ilonizi so‘qmoq tog‘ga tutashib ketgandi. So‘qmoqning yarmiga ko‘tarilgan Rafiqbey yo‘l bo‘yidagi oynalari chang bosgan kichkina boqqollik do‘koni oldida to‘xtadi. Do‘koncha qarshisi — shundoqqina yong‘in izlari bilinib turgan sayxonlik bo‘lib, uning ortida dengiz ko‘zga tashlanardi. U har kuni kechqurun ishdan qaytayotganda, shu yerda bir oz nafas rostlab olish uchun to‘xtardi.
Boqqollik do‘konining ortida so‘qmoq qayriladi. Bu yerdan esa uning uyi shundoqqina ko‘rinib turadi, shu vajdan qadam tashlashi o‘z-o‘zidan yengillashib, ko‘ngilli tuyuladi. Odatda, lang ochiq oyna oldida chorpoyada o‘tiradigan hurmatli do‘st-yorlari, do‘kandorlar bilan salomlashgancha, uyga yetib qolganini o‘zi ham bilmay qolardi.
Bo‘yalmagan yog‘och eshikni itarib, u mo‘‘jazgina hovliga kirdi. Tanish qadam tovushlarini eshitib, xotini unga peshvoz chiqdi. Odatdagidek, u erining qo‘lidan portfelini olib, boshidan shlyapasini yechdi-da: «Xush kelibsiz! Qanday yangiliklar bor?»—deb so‘radi. Mazkur savolga u har doim taxminan shunday javob berar-di: «Hammasi joyida, Nozima. Ko‘cha biram issiqki».
Bu oqshom ham u odatdagidek javob berdi. Bu hech bir ma’noni anglatmaydigan javob faslga qarab turlanib turardi: yozda —issiq, qishda —sovuq, iliq kuz kunlari esa shamol haqidagi xabar ham qo‘shib aytilardi. Go‘yo Nozimaxonimni havo haqidagi xabardan boshqachada issiqmi, yeki sovuq ekanligini bilishga qurbi yetmaydigandek, Rafiqbey hech qachon o‘z odatini buzmasdn. Ular yuqoriga ko‘tarilishdi. Bugun Rafiqbey har kungidan ham kamgap edi. Darvoqe, u gapga unchalik chechan emasdi. U faqat tvagilarning bahslari hamda hazil-mutoyibalariga quloq solib o‘tirardi. Lekin uning bugungi odamoviligi negadir xotinining yuragiga g‘ul-g‘ula soldi.
— Sizga nima bo‘ldi? Tobingiz qochdimi?
— Yo‘q, o‘zimshunday. Kofe tayyorlab ber. Xonada yolg‘iz o‘zi qolgach, u yengil nafas oldi, keyin
eshikka yaqinlashdi. Yolg‘izligingga hech kim daxl qilmasligi uchun berkinib olsangda, keyin deraza oldiga o‘tirib olib uylanib, xizmatga kirganingdan tortib hozirgi kungacha o‘tgan butun umringni bir boshdan eslasang. U qulfdagi kalitni buradi. Eshikning berkligiga qanoat hosil qilgan Rafiqbey kostyumini yechib, galstugini bo‘shatdi-da, deraza oldidagi kresloga o‘tirdi. Oynadan hamon o‘sha tor ko‘chaning o‘rtasidagi sayxonlik, uning ortida esa dengiz ko‘zga tashlanib turardi. Dengiz va undagi kemalar uzoqdan xuddi akvarel bo‘yoqli rasmga
. o‘xshab qilt etmaydi. Lekin u o‘z xayollariga sho‘ng‘igancha, hatto dengizni ham sezmay o‘tirardi. Qulog‘i g‘ayri-tabiiy ravishda shang‘illab, tasavvurida navnihol Nozimaxonim, uning qallig‘i gavdalandi. U qallig‘ini bundan o‘ttiz to‘rt yil avval qanday bo‘lsa shunday holda ko‘rib turardi: nozik-nihol, muloyim mahliqo. Yillar uni qanday o‘zgartirib yubordi-ya! Sochlari xuddi namatga o‘xshab ketgan. Qo‘llari-chi. Rafiqbey uning oldiga birinchi marta kelganda, u burchakka o‘tirib olib achchiq ko‘z yoshi to‘kayotgandi. Ko‘z yoshdan hatto qovoqlari shishib ketgandi. Agar kelin to‘ydan bir kun oldin taomildagidek yig‘i-sig‘i boshlamasa, odamlar uni ayb qilishgan bo‘lardi. Uning ko‘z yoshini tiyish uchun nimalar demagandi o‘shanda! Hech qanday gap kor qilmasligini sezib, u qizning qorday opdaq, yumshoq, muloyim qo‘lidan ushladi. Ha, uning Hozirgi yorilgan, dag‘al qo‘llari bir vaqtlar shunday edi.
Uning o‘zi ham chakki emasdi: egnida qora yo‘l-yo‘l matodan shim, yoqasi kraxmallangan ko‘ylak. Kanselyariyadagi birinchi yil xizmati. Ishdan keyin sabrsiz hayajon va sevgidan entikkancha uyga shoshilardi. Nozima uyatdan qip-qizargancha unga, oilalarida yaqinda uchinchi odam paydo bo‘lishini bildirdi. O‘shanda bu yangilikni eshitgach, shodlikdan nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qolay degandi. Muqaddas, ularning to‘ng‘ich qizlari dunyoga keldi. Chaqaloq bilan birga uyga bir olam quvonch kirib kelganday edi! Mana shu quvnoq qizaloqqa hatto ikki yil ham yashash nasib etmasligini kim bilibdi, deysiz. Bu bebaqo dunyo mana shunday. Qizlarining o‘limidan keyin, uch yilgacha farzand ko‘rishmadi. Keyin Nurten dunyoga keldi, besh yildan so‘ng Yilmaz tug‘ildi, U oilaga tom ma’nosida baxt keltirdi, Rafiqbey xizmat pillapoyasida bir pog‘ona ko‘tarildi. O‘shanda Yilmaz bir haftalik bo‘lgandi. Butun kvartal gullayotgan akas hidiga chulg‘angan bo‘lib, nazarida daraxtlar ham xuddi u kabi baxtdan entikayotganga o‘xshardi. Moviy osmonda pag‘a-pag‘a bulutlar suzib yurardi, Baliq bozorida yangigina tutilgan qalqonbaliqni tushirishayotgan edi. Ushanda shayton yo‘ldan urib, Rafiqbey o‘zini tutolmay, bozordagi vino do‘konchasiga kirgandi. Bor-yo‘g‘i uch qadahgina ichdiyu, uyiga xuddi qanot hosil qilganday uchib ketdi. Qani endi o‘zing bilan ko‘chaning butun shovqin-suroniyu, bulutlarning namligi, barcha gullarning muattar atriyu daraxtlarni ildiz-pildizi bilan sug‘urib olib qo‘shqo‘llab uyga olib kelsang. O‘shanda u eshikni oyog‘i bilan bir tepdi, eshik bechora devorga zarb bilan urilib, mungli g‘iy-qilladi. Pillapoyalardan sakragancha xonaga uchib-qo‘nib kirib bordi. Nozimaxonim uni adovat bilan kutib oldi, lekin uning parvoyi falak edi.
Yillar o‘tdi. Nurten o‘qishga bordi. Yilmaz yura boshladi. Keyin ham maktabga qatnadi. O‘qishning birinchi sakkiz oyi badalida u qancha ruchkani ishdan chiqarishi hech kimning tushiga kirmagandi. Naq ellik beshta-ya!
Rafiqbeyning hushi o‘ziga keldi. Kimdir eshikni jon-jahdi bilan taqillatmoqda edi. Yuragi o‘ynagancha sakrab o‘rnidan turdida eshikni ochishga shoshildi. Rangi dokaday oqarib ketqan Nozimaxonim qo‘lida likobda qahva ko‘targancha unga qo‘rqa-pisa qarab turardi.
— Nima qilyapsan?—dedi jon holatda u.— Besh minutdan beri taqillatyapman. Nega eshikni ochmading? Sening dastingdan jinni bo‘lish hech gapmas.
Rafiqbey miq etmasdi. Xuddi shundoq yonginasida qahva maydalagich taraqlayotgandek qulog‘i hamon shang‘illab turardi. Nozimaxonim bir oz o‘zini tutib olgach, nega darhol eshikni ochmaganligini so‘rab-surishtira boshladi. Unga nima desaykin? «Huv birda ichib kelganimni eslayotgandim, desinmi?» Bu bilan nimaniyam tushuntirolardi? U eriga hech baloga aqli yetmay hayrat-lanib qaraydi-da, miyasi aynibroq qobdi, shekilli, deb o‘ylaydi-qo‘yadi. Ba’zida o‘zimizga-o‘zimiz tushunolmaymiz-ku, boshqalarni, hatto u eng yaqin odaming bo‘lsa ham tushunishi chikora! Hech kim, hech qachon shu vaqtgacha birovning qalbida nima bo‘layotganini anglab yetgan emas.
U Nozimaxonimning qo‘lidan likobchani oldida, yana kresloga borib o‘tirdi. Xotini uning qarshisiga o‘tirib erining yuziga sinchkov tikilgancha, g‘ayritabiiy qilig‘ining mag‘zini chaqishga urinardi. Qahvadan ho‘plagach, Rafiqbey o‘zini bir oz durustroq sezdi. Uning qarshisida navnihol kelinchak emas, keksa ayol — uning xotini o‘tirardi. Gullayotgan akasning muattar hidi ham bir zumda uchdi-ketdi. Hafsalasi pir bo‘lganini sezdirmaslik uchun qahvadan ho‘pladi, nihoyat, yuragi bir maromda ura boshlaganini sezdi. U sigaretani tutatib, huzur qilib tortganidan so‘ng, Nozimaxonimdan:
— Nurten kelmadimi?— deb so‘radi.
— Hali kelgani yo‘q. U bugun tikuvchinikiga, keyin dugonasinikiga bormoqchiydi, agar vaqti qolsa, tish doktoriga uchramoqchi edi.
— Oxirgi vaqtda tez-tez kech iyeladigan odat chiqardimi, deyman. Bu birinchi marta emas, hali qarasang, tikuvchinikiga ketgan bo‘ladi, hali qarasang, tish doktoriga uchrashmoqchi, hali qarasang, dugonasinikiga.
— Bekorga xafa bo‘lyapsiz Bechora ertayu-kech mashinka qilgani-qilgan. Bir oz ko‘nglini yozib kelsa, nima qipti? Axir, har qanday asablar ham dosh berolmaydi,
— Kim uni mashinkada yozsin, deb majbur qilibdi? Ha, mayli! Yilmaz qayerda?
— Klubga chaqirishgan ekan.. Ertaga ularning matchiku.
Nozimaxonim eriga nima bo‘lganligini bilolmay o‘rnidan turdi-da, kechki ovqat tadorigida oshxonaga ravona bo‘ldi. Eri rosayam qarib qolibdi-ya! Hatto nima qilayotganini ham bilmaydi-ya. Issiq bilan horg‘inlik uning tinkasini quritgan, shekilli. Xonaga berkinib olib, eshikni ochmaganiga o‘lasanmi! Keyin go‘yo hech narsa bo‘lmagandek eshikni ochib, bolalarni surishtira boshlaganiga nima deysiz?
Bu orada yana Rafiqbeyning fikrlari o‘tmishga qaytib, tizginsiz xayollari xuddi toshqin vaqtida yo‘lida uchragan dalayu-dasht, shahar hamda qishloqlarni yuvib ketayotgan daryodek hokimona, shafqatsizlik bilan yopirilib kelmoqda edi.
Pastdan, oshxonadan kuygan yog‘ning qo‘lansa hidi kelardi. Aftidan, baqlajon qovurishayotibdi, shekilli. Dengiz ustidagi osmon qop-qoraydi. Kvartaldagi yog‘och uylar, uning ilonizi so‘qmoqlari nimqorong‘ilikka chulg‘angan. Uzoq-yaqinda bitta-yarimta chiroqlar ko‘zga tashlana boshladi. Besh daqiqayam o‘tmasdan qorong‘ilik quyuqlasha borib, tez orada hammayoqqa zimiston cho‘kdi. Shahar uzra yorug‘ kunning qolgan-qutgan manzaralarini ham yo‘l-yo‘lakay o‘z qa’riga tortgancha tun cho‘kmoqda edi. Charchab, holdan toygan erkak va ayollar ishdan qaytib kelmoqda edilar. Deraza oldida o‘tirgan Rafiqbeyga ko‘zi tushgan odamlar u bilan salomlashishar yoki unga qarab muloyim jilmayib o‘tishardi. Uning ko‘z oldidan o‘tmishning soyalari birin-ketin o‘tardi, boshliqlar, xizmatdoshlari, qahvaxonadagi oshnalari, qarindosh-urug‘lari, yoshligida gazetadagi rasmlaridangina taniydigan mashhur odamlar, tramvay hamda avtobus konduktorlari.
Shahar tashqarisidagi Kuchuksuvga qilgan safarlarini esladi. Ko‘prikning oldida ular tiqin paroxodga o‘tirdilar. Bo‘sh joy yo‘q edi. Sovuq kotlet, do‘lma hamda pirojki solingan paketlarni qo‘lda ushlagancha tikka turishga to‘g‘ri keldi. Paroxod Kuchuksuvga kelib to‘xtaganda yo‘lovchilarning yarmi tushish taraddudiga tushishdi. U ham trapdan xotini bilan gaplashib, ko‘z urishtirgancha odimlab bordi. Ko‘ksuv arig‘i yaqinidagi o‘tloqqa joylashishdi. Gilamchalarni solib, qahva qaynatishdi. Ushanda Nurten o‘n to‘rt, Yilmaz esa to‘qqiz yoshda edi. Bolalar ariq bo‘yida turli rangdagi toshlarni terishardi. Soat o‘n birda hammalari jam bo‘lib, kotlet, do‘lma hamda pirojkilar to‘kib tashlangan dasturxon atrofiga o‘tirishdi. Ovqatdan keyin yana qahva ichishdi. So‘ng, u boshiga kostyumini buklab qo‘yib uxlash uchun yotdi. Oh, o‘shandagi unutilmas, ajabtovur tush! U tushni ayni o‘sha Kuchuksuvda, ovqatdan keyin uyquga ketganda ko‘rgandi. Yonginasida xotini, bolalari. Tasodifni qarangki, ayni o‘sha kuni uning tushiga ya’ni, bola-chaqalari qurshovidagi oila boshlig‘iga, kanselyariyada stoli uning stoli qarshisiga qo‘yilgan hamkasabasi Xandon kiribdi. Hatto hozir ham o‘sha tushni eslaganda yuragi orqasiga tortib ketadi.
Tushiga Xandon ikkalovlari sho‘x-shodon gaplashgancha qayiqqa o‘tirayotganlari kiribdi. Uning qo‘ng‘ir sochlari shunday go‘zalki, beli esa xipchagina Xandon deganda, hammaning og‘zining suvi bekorga qochmasdi-da, o‘ziyam. Mana shu parivash qulog‘iga ko‘nglini iydiradigan gaplarni shivirlagancha, pinjiga suqilib borardi.
Bema’ni tushdan ta’bi xira bo‘lgan Rafiqbey anchagacha o‘ziga kelolmadi. Na xotini tutqazgan qahva, na maktabdagi qo‘shiqlarini xirgoyi qilayotgan Nurtenning chug‘urlashi, na Yilmazning o‘pichlari uning avvalgi xush kayfiyatini qaytarolmadi. Boz ustiga, oila a’zolarini chulg‘agan shod-xurramlik uni bundan beshbattar jig‘iga tegardi. Nega endi uning tushiga faqatgina so‘rashib yuradigan, shunda ham hatto haftalab gaplashmaydigan ayol kirdi ekan-a? Aslida ularning gaplashadigan gaplari ham yo‘q! Kelib-kelib shu xotin uning tushiga kiribdi-ya, tag‘in deng, shundoqqina yonida xotini, bolalari borligiga qaramay qayiqda uchib, uning boshini aylantirishiga nima deysiz? Keyinchalik, u o‘zining o‘shandagi asabiylashgani sabablarini anglash uchun bu haqda bot-bot xayolga tolardi: bu ahmoqona tush ko‘rganidanmidi yoki bevaqt uyg‘onganligidanmi, balki Xandon bilan bo‘lgan sayr faqat tush bo‘lgani uchun alam qilgandir.
Nozimaxonim uni ovqatga chaqirgani keldi. Rafiqbey xuddi uyqudan uyg‘ongandek cho‘chib ketdi. Tashqariga qaradi: shahar chiroqlar og‘ushida charog‘on edi. Xona esa qop-qorong‘i. Qaranga, u tun bostirib kelganini payqamabdiyam!
— Bolalar kelishdimi?—deb so‘radi xotinidan.
— Qachonlar kelishgan edi. Dasturxon atrofida sizni kutib o‘tirishibdi.
— Soat necha bo‘ldi?
— Salkam to‘qqiz, bugun ovqat ham birmuncha kechikdi.
— Negadir ovqat yegim kedmayapti, Nozima.
—O‘takamni yormasangiz-chi? Sizga nima bo‘ldi? Munday ochiq-yoriq gapirsangizchi, axir?
— Hech narsa, hechqisi yo‘q.
Rafiqbey o‘rnidan turdida, xotini bilan pastga yo‘naldi. Nurten bilan Yilmaz dasturxon atrofida ovqatlanib o‘tirishardi. Rafiqbey endi mum tishlab o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi. U dastlab Yilmazga murojaat qilishga qaror qildi:
— Xo‘sh, qayerlarda daydib yuribsan?
Yilmaz tarelkadan oftobda kuyib, qop-qorayib ketgan yuzini ko‘tarib:
— Klubga bordim,— dedi.— Ertaga matchga ketaman.
— Qayoqqa?
— Bursuga.
«Bursuga, Nozima aytgan ayolning oldiga emasmikin, ishqilib?»—deya o‘yladi Rafiqbey. Aftidan, onasiga ham o‘g‘lining Bursuga dambadam qilib turadigan safari yoqmaydi, shekilli.
— O‘g‘lim, — dedi ona. — Balki, yaxshisi, bormay qo‘ya qolasanmi-a?
Yilmaz o‘z xarakterini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi shekilli, atayin baland ovozda:
— Nega endi?! Nega endi hamma borishi mumkinu menga mumkin emas ekan? — dedi.
Suhbatga Nurten aralashdi:
— Oyi, uning ishlariga aralashib nima qilasiz. Yoki o‘g‘lingizni komandadan haydab yuborishlarini xohlaysizmi?
— Albattada —deya uning gapini ma’qulladi Yilmaz. — Komandada mensiz ham ikkita markaziy hujumchi bor. Mening borolmay qolishimni to‘rt ko‘zlab kutib turishibdy. Ey yo‘q, unaqasi ketmaydi!
Ovqatdan keyin Rafiqbey yana o‘z xonasiga ko‘tarildida, oyna qarshisidagi kresloga cho‘kdi. Nurten unga qahva keltirib berdi. Qizi uning oldiga likobni qo‘yayotganda Rafiqbey ko‘z qirila uni kuzata boshladi. Qizini, sohibjamol, deyish mumkin edi. Baland bo‘yli, shaffof ko‘zli, oqsariqdan kelgan. Katta-katta binafsha gulli ko‘ylagi ham o‘ziga juda yarashgan. Ammo-lekin, yoshi yigirma sakkizga kirib qolgan bo‘lsa ham, hamon turmushga chiqmagandi. Darvoqe, buning qanday ahamiyati bor? U o‘zini qattiq hayajonlantirgan imzosiz xatni esladi. Xatda, xususan, Nurten keksayib qolgan puldor kishi bilan don olishishini, u bilan hashamdor restoranlarga borishi hamda mashinada shahar tashqarisiga sayr qilishi haqida yozilgan edi. Avvaliga Rafiqbey xatni xotiniga ko‘rsatishni ep bilmadi, lekin kunlardan bir kuni azonda, soat beshlarda yurak sanchig‘idan uyg‘onib ketib, chidab turolmadida, xotinini ham uyg‘otib bor gapni aytib berdi. Shunisi ajablanarliki, Nozimaxonim bu xabarga o‘ta xotirjam munosabat bildirdi.
«Qizchaning dushmanlari ko‘pligini bilmaysizmi, har baloni to‘qiyverishadi. Bu yerda tushunmaydigan hech narsa yo‘q?!»— dedi u loqaydlik bilan va o‘sha zahoti yana uxlab qoldi. Bunday javobni eshitgach, u ham xotirjam tortdi.
Qo‘shni xonadan jaz muzikasining ovozlari eshitildi. «Qizim radioni qo‘ydi, shekilli», — to‘ng‘illadi Rafiqbey va tentaklarcha o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganiga jilmayib qo‘ydi. Nurten radiodan jaz muzikasi tinglayapti. Yilmaz karavotda yotgancha sport jurnallarini varaqlayapti va o‘zini raqib darvozasiga pushkadek to‘p kiritayotgan futbol qiroli, deb tasavvur qilib ohista suyunyapti. Nozimaxonim oshxonada idish-tovoq yuvish bilan band.
Rafiqbey hamon o‘zini tang ahvolga solib qo‘ygan sarosimalik hissidan qutulolmay garang edi. U dengiz sathida jimirlayotgan chiroqlarga qaragancha, bugun ertalab bo‘lgan voqeani xotinimga qanday qilib aytsam ekan, deb o‘ylardi. Yuragini bosib turgan og‘ir yukdan xalos bo‘lish uchun hozir aytsamikin yoki hali yotishgandami? Gapni nimadan boshlasaykin? Aksiga, miyasiga hech narsa kelmasdi. Balki, yaxshisi, hammasini bir boshdan gapirib bergani ma’quldar.
Ertalab, Rafiqbey odatdagidek kanselyariyada paydo bo‘lishi bilanoq, hamkasblari unga jiddiy, shu bilan birga g‘amgin qarashayotganini sezdi-yu, lekin buning sababini bilolmadi. Tushga borib yuragini baxtsizlikning og‘ir hissi qamrab oldi. Bu his qay tomondan kelishini bilolmay dog‘da edi. Keyin uni direktor huzuriga chaqirishdi. Direktor stulga o‘tirishni ishora qildi, Rafiqbey o‘tirishdan bosh tortdi. Shunda direktor o‘rnidan turib, deyarli majburan uni o‘tkazdi. Birmuncha vaqt ular bir-birlariga so‘zsiz tikilib qoldilar. Bir oz titroq ovozda direktor Rafiqbeyning benuqson xizmati bilan o‘zini ko‘rsatganligi, shuning uchun ham dam olishga to‘la huquqliligi hamda o‘rtoqlari uni hech qachon unutmasliklari haqida balandparvoz nutq irod qildi.
Hammasini qanday bo‘lgan bo‘lsa shundayicha gapirib berish kerakmikin? Balki, xotini ham xuddi o‘ziga o‘xshab avvaliga nima gapligini anglab yetmasa kerak. Bu yanayam yaxshi! Eri endi ishlamasligiga asta-sekin ko‘nikkani durust yoki yaxshisi, umuman, hech nima demagan» ma’qulmikan? Ertalab odatdagidek uydan chiqib ketib magazinma-magazin tentisa, og‘aynilarining oldiga borib gap sotsa, shoxlari tarvaqaylagan daraxt tagiga joylashgan sevimli qahvaxonaga kirib o‘tirsada, kechga tomon uyga qaytsa-chi? Yo‘q, bo‘lmaydi. U umri bino bo‘lnb xotiniga yolg‘on gapirmagandi. Endi nima maqsadda aldashi kerak? Axir kasalni yashirsang, «sitmasi oshkor qiladi-ku! Yaxshisi, ertalabgacha sabr qilish kerak. Tun dahshatli, ertalab quyoshning yorqin nurlari ta’sirida hammasi butunlay boshqacha ta’sir ko‘rsatadi. Shunday qarorga kelgach.u nihoyat tinchlandi. Yana qulog‘i shang‘illab, ko‘z oldidan o‘tmishdoshlarining chehralari o‘ta boshladi. Yorqin, hayajonlantiruvchi, dam quvonchli, dam qayg‘uli, lekin shu bilan birga ko‘ngilga orom beruvchi esdaliklar xuddi oxiri yo‘q kinofilmdek birin-ketin o‘tib borardi.
U kreslodan turganda, uy sokinlik og‘ushida edi. Barcha xonalar qop-qorong‘i edi. U ko‘chaga qaradi, boshqa uylarda ham chiroq o‘chgandi. Faqatgina dengizda olis nurlar miltillab turardi. U devordagi soatga qaradi —tungi uch bo‘lgandi. Rafiqbey hovliga chiqdi. Qiya ochiq eshikdan o‘g‘lining xurragi eshitilardi. Uning hech qanday ayol bilan aloqasi yo‘q. Nozima hammasini ichidan to‘qib chiqargan. Ertaga bolakay Bursuga boradida, xudo biladi, mazkur matchda qancha ajoyib to‘p urarkan. To‘siq ortida Nurten uxlamoqda. U qiziga qarash uchun ichkariga kirdi. Balki, ko‘ylak, tufli, atirlar tushiga kirayotgandir. U haqdagi mish-mishlarning ham hammasi uydirma! Birovlarga yumaloq xat yozishdek yaramas odat borda dunyoda. U ohista yotoqxonaga kirib bordi. Nozimaxonim karavot chetida yonboshlab yotardi. U yana qaytib chiqdi-da, hamma xonalarni aylanib chiqdi. Derazalarni berkitdi, gaz plitaning kranlarini tekshirdi, kuldondagi kulni to‘kdi. Keyin uzoq vaqt derazadan tun qa’riga tikilib qoldi. «Ertaga, demak, aytaman»,— deb shivirladi u. Uning xotini va bolalari osoyishta uyqu og‘ushida edilar. Ularning chehrasi xotirjam edi. U ohista va sharpasiz xonama-xona yurgancha, uxlayotganlarning chehrasiga qarardi. Yotoqxonaga qaytib kirgach, u kostyumini yechdida, taburetkaga o‘tirdi.
Qalbining chuqur qa’ridan qaynoq to‘lqin ko‘tarilib kelmoqda edi. «Balki, shuning o‘zi baxtdir», — deb o‘yladi u. Qizi, o‘g‘li va xotini uxlayotgan uning uyi — tunning tuganmas daryosida suzib ketayotgan kema demakdir. Ertaga ertalab, quyoshning dastlabki nurlari bilan birga ular yangi qirg‘oqda bo‘lishadi.