Qishning chilla kechasi edi. Dengiz tubida keksa bir baliq o‘n ikki ming bolasi va nabirasini atrofiga to‘plab olib ertak aytib berayotgan ekan:
— Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda kichkinabir irmoqda qora baliqcha onasi bilan birga yashar ekan. Irmoq baland tog‘dagi bir qoyadan chiqib vodiyning etaklarigacha oqib borar ekan. Ona-bola baliq irmoq tubidagi katta tosh tagini o‘zlariga uy qilib olishgan ekan. Toshni qoplagan yo‘sinlar uyning tomi vazifasini bajarar ekan. Baliqlar tunda yo‘sin ostiga kirib uxlashar ekan. Qora baliqcha bir marta bo‘lsa ham yo‘sinlar ostidan chiqib oy nurini ko‘rishni orzu qilar ekan. Ona baliq va mittivoy ertalabdan kechgacha bir–birini ortidan suzib aylanish bilan kun o‘tkazishar, ba’zida boshqa baliqlar bilan birga kichik irmoqda u yoqdan bu yoqqa suzib yurishar ekan.
Bola baliq o‘zini juda yolg‘iz sezar ekan. Chunki o‘n ming uvildiriqdan bor–yo‘g‘i shu qora baliqcha tirik qolgan ekan. Qora baliqcha bir necha kun g‘amgin bo‘lib qolibdi. Xuddi betob bo‘lgandek, u yondan bu yonga sekin-sekin suzib yurar, boshqa vaqtdayam xuddi shunday jimgina onasiga ergashib yuraverar ekan. Onasi mittivoyning ahvolidan tashvishlanar, tezroq tuzalib ketishini umid qilar ekan. Ammo qora baliqchaning dardi shunchaki o‘tkinchi bir dard emas ekan.
Mitti baliq bir kuni erta tongdan, hali quyosh chiqib ulgurmasdan onasini uyg‘otib:
– Oyijon, keling, biroz gaplashib o‘tiraylik, – debdi.
Onasi uyqusirab:
– Bolajonim, gaplashgani topgan vaqtingni qara-ya. Keyinroq gaplashsak bo‘lmaydimi? Agar xohlasang birga sayrga chiqishimiz mumkin, nima deysan? – debdi.
– Yo‘q, oyijon, sayr qilishni umuman xohlamayman. Men bu yerdan butunlay ketmoqchiman!
– Butunlay ketmoqchiman, deganing nimasi?
– Ha, oyijon, ketishim kerak.
– Ammo, kallayi saharlab qaerga ketmoqchisan?
– Shu irmoq qaergacha borishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman. Bilasizmi, oyijon, qachonlardan beri irmoqning oxiri qaerda ekan, degan o‘y menga tinchlik bermaydi. O‘ylab o‘yimga yetolmayapman. Kechadan beri uyqum qochib uxlolmayapman. Nihoyat, irmoqning oxirigacha borib o‘z ko‘zim bilan ko‘rib kelishga qaror qildim. Boshqa joylarda nimalar bo‘lib o‘tayotganidan xabardor bo‘lmoqchiman.
Onasi kulib debdi:
– Men ham sendayligimda bu haqda ko‘p o‘ylaganman. Bolajonim, daryoning boshi ham oxiri ham bo‘lmaydi. Buni aqlingdan chiqarma! Daryo doim oqib turadi va biron joyga ham bormaydi.
– Ammo, oyijon, hamma narsaning ham oxiri bo‘ladiku. Tun tugab tong otadi, oy, yillar ham shunday…
Onasi uning so‘zini bo‘libdi:
– Bunday bema’ni gaplarni bas qil, qani bo‘laqol, birga aylanib kelamiz. Gap sotadigan vaqt emas, ertalabki sayr vaqti bo‘ldi.
– Yo‘q, oyijon. Men bunaqangi sayrlardan zerikdim. Sayohatga chiqib, dunyoni kezishni istayman. Boshqa joylarda nimalar bo‘layotganidan xabardor bo‘lishni xohlayman. Bu gaplarni kimdir qulog‘imga quygan, deb o‘ylasangiz, bilib qo‘ying, men ko‘pdan beri bu haqda o‘ylayman. Albatta, boshqalardan ham ko‘p narsani o‘rgandim. Masalan shuni tushunib yetdim: Ko‘pchilik baliqlar qariganda umri bekorga o‘tib ketganidan shikoyat qilishadi. Tinmay nolishadi, kimlarnidir la’natlab, huda-behuda qarg‘ash bilan vaqt o‘tkazishadi. Men shuni bilmoqchiman: hayot degani haqiqatan ham shu bir hovuch joyda qarib o‘lguncha aylanishdan iboratmi? Yoki bu dunyoda boshqa shaklda ham yashasa bo‘ladimi?
– Bolajonim, aqldan ozdingmi, sen? Dunyo, dunyo deysan… Dunyo deganing nimasi? Mana shu yer dunyo bo‘ladi. El qatori yashab yuribmiz, hayot degani bundan boshqacha bo‘lmaydi…
Shu payt ularning uyiga bir katta baliq yaqinlashibdi:
– Qo‘shni, bolangiz bilan boyadan beri nimani tortishyapsizlar? Bugun sayrga chiqmaysizlarmi, deyman? – debdi.
Ona baliq qo‘shnisining yoniga chiqib debdi:
– Qanday kunlarga qoldik, ko‘rmaysizmi, qo‘shnijon! Bolalar endi onalariga aql o‘rgatadigan bo‘lib qolishdi.
Qo‘shni:
– Nima bo‘ldi, o‘zi?
Ona baliq:
– Manavi nodonning aytgan gapini qarang. Ketmoqchiman, deydi. Dunyoda nimalar bo‘lib o‘tayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman, deydi. Ketaman deb oyoq tirab oldi. Bo‘yidan oshadigan gaplarni aytib yotibdi!
Qo‘shni:
– Mittivoy, sen qachon o‘qib olim, faylasuf bo‘la qolding-a? Biz bexabar qolibmiz-ku!
Qora baliqcha:
– Xola, siz kimni olim-faylasuf deyapsiz, men bilmayman. Ammo bunday har kungi sayrlardan zerikdim. Bu bema’ni sayrlarga chiqishni istamayman. Ko‘z ochib yumguncha sizlardek qarib qolaman. Ko‘zim ko‘rmas, qulog‘im eshitmas bo‘lib qolaman. Xohlamayman, tushunyapsizmi, xohlamayman!
Qo‘shni:
– Voy tavba qildim! Bu qanaqa gap bo‘ldi?
Onasi:
– Yakkayu yagona o‘g‘lim bu ko‘yga tushadi deb sira o‘ylamagandim. Qaysi yashshamagur aqlli bolaginamni yo‘ldan urgan ekan-a?
Qora baliqcha:
– Hech kim yo‘ldan urgani yo‘q. O‘zimning aqlim, o‘y-fikrim bor, axir! Ko‘zim bor, hammasini ko‘rib-bilib turibman.
Qo‘shni baliqchaning onasiga qarab:
– Qo‘shnijon, haligi g‘iybatchi shilliq qurt bor ediku…
Onasi:
– Hay, esim qursin, yaxshi eslatdingiz, qo‘shni. Bolamni atrofida girdi kapalak edi. Voy, yaramas-ey!
Qora baliqcha:
– Bo‘ldi qiling, oyijon. Axir u mening do‘stim edi-ku!
Onasi:
– Baliq bilan shilliqqurt do‘st bo‘larkanmi? Umrim bino bo‘lib bunaqasini eshitmaganman!
Qora baliqcha:
– Baliq bilan shilliqqurt dushman ham bo‘lmagan-ku! Bekorga gunohini olyapsiz.
Qo‘shni:
– G‘irt bema’nilik!
Qora baliqcha:
– Hamma bema’nilik sizda-ku!
Onasi:
– O‘limiga o‘zi sababchi bo‘ldi. Duch kelgan yerda og‘ziga kelganni valaqlayverardi, esingdan chiqdimi?
Qora baliqcha:
– Unday bo‘lsa, meni ham o‘ldiringlar! Men ham shunga o‘xshash gaplarni gapiryapman. Ongingiz zaharlanib qolmasin, tag‘in.
Tortishuv kuchayib ovozlar yuksalgach boshqa baliqlar ham ularning atrofiga yig‘ilishibdi. Mitti baliqchaning gapi hamma baliqlarni g‘azablantiribdi.
Keksa baliqlardan biri:
– Shunday qilsam, achinadi, deb o‘ylapsan, chog‘i?!
Boshqasi:
– Mittivoy boshiga balo orttirmoqchimi, deyman!
Qora baliqchaning onasi:
– Bas qiling! Mening bolam bilan ishingiz bo‘lmasin!
Bir baliq:
– Xonim, bilib qo‘ying, bolangizga hozirdan yaxshi tarbiya bermasangiz, keyin azobini tortasiz.
Qo‘shni:
– Sizga qo‘shni bo‘lganimdan afsusdaman.
Boshqa birovi:
– Boshqalarni ham aynitmasidan, shilliqqurtning yoniga gumdon qilib qo‘ya qolaylik?!
Baliqlar mitti qora baliqni jazolash uchun kelishganida do‘stlari uning atrofini o‘rab himoya qilishibdi. Qora baliqchaning onasi esa: “Voy–dod! Bolamni o‘ldirib qo‘yishadi! Bu ko‘rgilik ham bormidi! Nima qildim endi?! Boshimni qaysi toshga uray?!” deb dod–faryod qila boshlabdi.
Qora baliqcha:
– Onajon, men uchun yig‘lamang. Shu ojiz, qari baliqlarning holiga yig‘lang.
Baliqlardan biri uzoqda turib baqiribdi:
– Mahmadona, og‘zingga qarab gapir!
Ikkinchisi:
– Ketsang pushaymon bo‘lasan, qaytib kelsang safimizga olmaymiz seni.
Uchinchisi:
– Bu shunchaki o‘tkinchi hoyu–havas, ketma, bolakay! –debdi.
To‘rtinchisi:
– Bu yerning nimasi yoqmay qoldi?
Beshinchisi:
– Boshqa dunyo deganing xomxayol. Dunyo mana shu yer, aqling borida qayt.
Oltinchisi:
– Es–xushingni yig‘ib, vaqtida bu savdodan voz kechsang, sening aqlli baliq ekaningga ishonamiz.
Yettinchisi:
– Biz senga o‘rganib qolgandik…
Onasi:
– Menga rahming kelsin, bolaginam! Ketma!
Mitti baliqning ularga aytadigan gapi qolmabdi. Teng–to‘shlaridan bir necha baliq uni shalolagacha kuzatib qo‘yibdi. Kichik baliq ulardan ayrilayotib:
– Do‘stlarim, alvido! Meni unitmanglar! – debdi.
Do‘stlari:
– Seni unutib bo‘larkanmi?! Bizning ko‘zimizni ochding. Yetti uxlab tushimizga kirmagan narsalarni o‘rgatding. Yo‘ling ochiq bo‘lsin, dono va jasur do‘stimiz! –deyishibdi.
Qora baliqcha shaloladan o‘zini pastga otibdi. Shaloladan hosil bo‘lgan ko‘lchaga tushibdi. Avval hadiksirab atrofni kuzatibdi. Keyin ko‘lchani aylanib tomosha qilibdi. Oldin bunaqangi ko‘lni sira ko‘rmagan ekan.
U yerda tuxumdan endi chiqqan minglab qurbaqa suzib yurgan ekan. Mitti baliqni ko‘rgan qurbaqachalar kula boshlashibdi:
– Voy, manavinga qaranglar! Sen qanaqa mahluqsan?
Baliq ularni boshdan-oyoq kuzatib:
– Iltimos, odobingizni saqlang. Mening otim “Kichik qora baliq.” Sizlar ham ismingizni ayting, tanishib qo‘yaylik. – debdi.
Bir qurbaqa bolasi:
– Biz bir–birimizni Qurbaqacha, deb chaqiramiz, deyishibdi.
Boshqasi:
– Nasl-nasabi ulug‘lardanmiz.
Yana biri:
– Dunyoda bizdan chiroyli mahluq yo‘q!
Boshqa birovi:
– Senga o‘xshagan xunuk va tasqara emasmiz.
Qora baliqcha:
– Sizning bu darajada o‘zingizni yoqtirishingizni bilmas ekanman. Shunday bo‘lsa ham sizlarni kechiraman. Chunki, nodonligingizdan shunday deyapsiz.
Bir qurbaqa bolasi:
– Biz nodon ekanmizmi?
Qora baliqcha:
– Nodon bo‘lmaganingizda edi, dunyodagi boshqa jonzotlarning o‘ziga yarasha chiroyi borligini bilgan bo‘lardingiz. Ismingiz ham yo‘qku, hatto!
Qurbaqachalar bu gaplarni eshitib rosa jahllari chiqibdi ammo baliqchaning gaplari to‘g‘ri bo‘lgani uchun gapni boshqa yoqqa burishibdi:
– Sen bekorga ovora bo‘lyapsan. Biz har kuni ertadan kechgacha sayru sayohat qilamiz. Ammo shu paytgacha o‘zimizdan va ota–onamizdan boshqa hech kimni ko‘rmaganmiz. Albatta qumursqalarni hisobga olmaganda.
Qora baliqcha:
– Shu ko‘lchadan nariga chiqmasdan turib dunyo aylanamiz, sayru sayohat qilamiz deganingiz nimasi?!
Qurbaqachalar:
– Bu ko‘ldan tashqarida boshqa dunyo ham bor ekanmi?
Qora baliqcha:
– Albatta bor! O‘ylab ko‘ring, bu suv ko‘lga qaerdan kelyapti va suvdan tashqarida nimalar bor?
Qurbaqachalar:
– Suvdan tashqarida deganing nimasi? Biz suvning tashqarisini hech ko‘rgan emasmiz. Ha–ha–ha! Sen esingni yeb qo‘yibsan!
Mitti qora baliq ham kula boshlabdi. Qurbaqa bolalari yonidan tezroq uzoqlashgani ma’qul ekanligini anglabdi. Faqat ularning onalari bilan bir–ikki og‘iz gaplashishni ixtiyor qilibdi.
– Onangiz hozir qaerda?
Qora baliqcha sohil tomondan eshitilgan bir qurbaqaning kuchli ovozidan cho‘chib tushibdi.
Sohilda tosh ustida o‘tirgan qurbaqa suvga sakrabdi–da baliqning yoniga kelib:
– Mana, qarshingda turibman, gapir!
Qora baliqcha:
– Salom, xonim!
Qurbaqa:
– Zoti betayin mahluq! Oliftagarchilikni yig‘ishtir! Bolalarimning boshini aylantirishga kim ruxsat berdi? Valdiraganing valdiragan! Men dunyoning shu ko‘ldan iborat ekanligini anglashga yetadigan darajada uzoq yashadim. Qani, bo‘l, jo‘nab qol. Bolalarimning ongini zaharlashingga yo‘l qo‘ymayman!
Qora baliqcha:
– Yuz barobar ortiq yashasangiz ham yana nodon va ojiz qurbaqa bo‘lib qolaverasiz. – debdi.
Qurbaqa achchiqlanib mitti qora baliqning ustiga sakrabdi. Baliqcha suv tubiga sho‘ng‘ibdi va suvni loyqalatib qurbaqani chalg‘itib qochib qolibdi.
Baliqcha ilon izidek uzangan daralardan olg‘a ilgarilab boraveribdi. Irmoq suvi ham to‘lib toshib oqarkan. Ammo tog‘dan daraga qarasangiz irmoq oq arqondek bo‘lib ko‘rinar ekan. Tog‘dan katta bir qoya ajralib daraga qulab suv yo‘lini ikkiga ajratib qo‘ygan ekan.
Katta bir kaltakesak toshga yopishgan holda biroz narida qurbaqani yeyayotgan qisqichbaqani kuzatayotgan ekan. Baliqcha qisqichbaqni ko‘rib birdan qo‘rqib ketibdi. Uzoqdan salom beribdi. Qisqichbaqa mensimaygina unga qarab debdi:
–“Sen juda odobli baliq ekansan. Qani yaqin kel-chi, qoqindiq, kela qol!
Qora baliqcha:
– Dunyoni sayr qilish uchun yo‘lga chiqdim. Sizga yem bo‘lishni xohlamayman.
Qisqichbaqa:
– Namuncha badniyat va qo‘rqoq bo‘lmasang, mitti baliq?!
Qora baliqcha:
– Men badniyat ham emasman, qo‘rqoq ham. Ko‘zim ko‘rganini, aqlim ishonganini aytaman.
Qisqichbaqa:
– Yaxshi, unda ayt-chi, ko‘zing nimani ko‘rdi, aqling nima dedi-yu sen yemishga aylanishingni o‘ylab qolding?
Qora baliqcha:
– Gapni chuvalatishning keragi yo‘q.
Qisqichbaqa:
– Qurbaqani ko‘rganingni aytmoqchimisan? Sen ham juda sodda ekansan, mittivoy! Qurbaqalar bilan oramiz yaxshi emas. Shuning uchun ularni ovlayman. Dunyodagi yagona va eng baxtli mavjudot deb bilishadi o‘zlarini. Men ularga dunyoning egasi kimligini ko‘rsatib qo‘yishni istayman. Ana, endi qo‘rqmasang ham bo‘laveradi, bolajonim. Qani yaqinroq kel, kela qol.
Qisqichbaqa so‘zlarini tamomlagach mitti baliqning yoniga eshilib-buralib yaqinlasha boshlabdi. Uni ko‘rib qora baliqcha beixtiyor qahqah otib kulib yuboribdi.
– Bechora! Sen eplab yurishni ham bilmas ekansan-ku, dunyoning sohibi kimligini qayoqdan bilarding?
Qora baliqcha qisqichbaqaning yonidan uzoqlashibdi. O‘sha payt suvga bir soya tushibdi va kuchli zarb qisqichbaqani suv ostiga ko‘mib yuboribdi. Kaltakesak qisqichbaqaning holiga kulayotib sirg‘anib suvga tushib ketayozibdi. Qisqichbaqa qaytib chiqmabdi. Mitti baliq suv bo‘yida kichik bir cho‘pon bolaning ularni kuzatib turganini ko‘ribdi. Suvga qo‘y va echki podasi yaqinlashibdi. Qonib suv ichishibdi, ma’rab o‘ynashibdi. Ovozlari vodiyda jaranglabdi.
Mitti qora baliq qo‘y va echkilar suv ichib ketishguncha ularni kuzatibdi. Keyin kaltakesakka qarab:
– Kaltakesakjon, men mitti qora baliqman. Daryoning oxirini qidirib ketyapman. Sening aqlli jonzot ekanligingga shubha qilmayman. Bir nima so‘rasam maylimi? –debdi.
Kaltakesak:
– Bemalol so‘rayver. – debdi.
Qora baliqcha:
– Birqozon, arra baliq va chag‘alaylar yo‘lda meni rosa qo‘rqitishdi. Ular haqida nimalarni bilasan, aytib ber.
Kaltakesak:
– Arra baliq bilan chag‘alay bu yerlarda yo‘q. Arra baliq dengizda yashaydi. Birqozon qushlari ba’zan uchrab turadi. Laqqa tushib to‘rvasiga ilinib o‘tirmagin.
Qora baliqcha:
– Qanaqa to‘rva?
Kaltakesak:
– Birqozon qushining tomog‘ida kattakon to‘rvasi bo‘ladi. Suvda suzib yurganida baliqlar o‘zlari bilmagan holda birqozonning to‘rvasiga kirib qoladi va o‘sha yerdan to‘ppa-to‘g‘ri oshqozonga tushadi. Agar birqozon och bo‘lmasa ilingan baliqlarni o‘sha to‘rvada saqlab yuradi.
Qora baliqcha:
– Agar baliq to‘rvaga kirib qolsa chiqib keta olmaydimi?
Kaltakesak:
– To‘rvani teshishdan boshqa chorasi yo‘q. Men senga bir xanjar beraman. Birqozon seni tutib olsa, aytganimni qil.
Kaltakesak bir toshning orasiga kirib kichkina bir xanjar olib chiqibdi. Baliq xanjarni olib:
– Kaltakesakjon, juda mehribonsan. Senga qanday minnatdorchilik bildirishni ham bilolmayapman.
Kaltakesak:
– Arzimaydi, mittivoy. Menda bunday xanjarlardan ko‘p. Bo‘sh qolganda butalarning tikanidan xanjar yasayman va senga o‘xshash aqlli baliqlarga beraman.
Qora baliqcha:
– Mendan oldin ham bu yerdan o‘tgan baliq bo‘ldimi?
Kaltakesak:
– Ko‘p o‘tdi. Hozir ular bir gala bo‘lib baliqchilarni qiyratib yotishibdi.
Qora baliqcha:
– Kechirasan, qiziqib qoldim. Ezma ekan deb o‘ylama, tag‘in. Baliqchilarni qanday qiyratishgani haqida aytib bera olasanmi?
Kaltakesak:
– Har doim bir joyda turishmaydi. Baliqchilar to‘r tashlashganida to‘rning ichiga tushib olishadi-da to‘rni dengiz tubiga tortishadi.
Kaltakesak tosh orasiga qulog‘ini yaqinlashtirib diqqat bilan tinglay boshladi:
– Men ketay endi, bolalarim uyg‘onibdi.
Kaltakesak tosh yorig‘iga kirib ketibdi. Qora baliqcha yo‘lida davom etibdi. Miyasiga savol ketidan savol kelaveribdi. “Irmoq dengizga quyilarmikan? Birqozonga duch kelib qolmasmikanman? Arra baliq o‘z qavmidagilarni ham yermikan? Chag‘alayning bizga nima xusumati bor ekan-a?”
Mitti baliq yo‘l-yo‘lakay shularni o‘ylab borar ekan. Har bir qarishda yangi narsalarni ko‘rar va bir nimalarni o‘rganib borar ekan. Shalolalardan pastga uchib tushish va suzishda davom etish unga juda yoqib qolgan ekan. Quyoshning taftini sezgan sari kuchli bo‘lib boraveribdi. Bir joyda kiyik shosha-pisha suv ichayotganini ko‘ribdi. Mitti baliq unga salom bergandan keyin:
– Hoy, kiyik, namuncha shoshib suv ichyapsan? – deb so‘rabdi.
Kiyik:
– Ortimdan ovchi quvib yuribdi. Menga o‘q uzib yaraladi, mana qaragin.
Kichik baliq o‘q tekkan joyni ko‘rolmabdi ammo kiyikning oqsoqlanib ketib borayotganini ko‘rib uning aytgan gapini tushunibdi.
Boshqa bir joyda esa toshbaqalar oftobda toblanib yotganini ko‘ribdi. Qirg‘oqda kakliklar sayrashayotgan ekan. Ularning ovozi vodiyga yoyilar, tog‘ o‘simliklarining hidi havoda to‘lqinlanib suvga qo‘shilib borar ekan.
Tushdan keyin vodiydan o‘tib o‘rmonga yaqinlashibdi. Irmoq o‘rmonga yetganida yanada kengayib oqar ekan. Suv shu darajada jo‘shib oqar ekanki, qora baliqcha buni ko‘rib juda xursand bo‘libdi. U yerda ko‘pgina baliqlar bilan tanishibdi. Onasini tark etib kelganidan buyon baliq ko‘rmagan ekan. Bir necha kichik baliq uning atrofini o‘rab so‘roqqa tutibdi: “Bu yerga begonasan shekilli?!”
Qora baliqcha:
– Ha, begonaman. Uzoqdan kelyapman.
Kichik baliqlar:
– Qayoqqa ketyapsan?
Qora baliqcha:
– Irmoqning oxirini ko‘rish uchun ketyapman.
Kichik baliqlar:
– Qaysi irmoqning?
Qora baliqcha:
– Ichida suzib yurganimiz irmoqni-da!
Kichik baliqlar:
– Biz buni daryo deymiz.
Qora baliqcha indamabdi. Kichik baliqlardan biri:
– Birqozon qushlari yo‘limizni poylab turishini bilasanmi?
Qora baliqcha:
– Ha, bilaman.
Boshqa baliq:
– Birqozonning kattakon to‘rvasi borligini ham bilasanmi?
Qora baliq:
– Buni ham bilaman.
Kichik baliqcha:
– Shundayam ketaverasanmi?
Qora baliqcha:
– Ha, nima bo‘lsa ham yo‘limdan qaytmayman.
Bir zumda bu xabarni barcha baliqlar eshitishga ulgurishibdi. “Mitti bir qora baliq uzoqlardan kelganmish. Irmoqning oxirini ko‘rishga ketayotganmish. Birqozondan ham sira qo‘rqmasmish!” Bir necha kichik baliq unga ergashishni xohlabdi lekin kattalardan qo‘rqqanligi uchun indamay qolaverishibdi. Bir nechtasi “Birqozon bo‘lmaganda edi sen bilan kelgan bo‘lardik. Birqozonning to‘rvasidan qo‘rqamiz.” deyishibdi.
Irmoq bo‘yida bir qishloq bor ekan. Qishloq ayollari irmoqda kir yuvib o‘tirishgan ekan. Mitti baliq bir muddat ularning suhbatiga quloq tutibdi. Biroz bolalarning suvga sho‘ng‘ib o‘ynashayotganini kuzatib turibdi-da yana yo‘lida davom etibdi. Kech kirgach bir toshning ostiga kirib uxlabdi. Tun yarmida uyg‘onibdi. Qarasa, oy nuri suvga tushib har tomonni yoritayotganmish.
Mitti qora baliq oyni juda yaxshi ko‘rarkan. Oy nuri suvga tushgan paytlarda yo‘sinlar ostidan chiqib uni tomosha qilishni xohlar ekan ammo onasi har safar uni yo‘sin ostiga tortib uxlashga majbur qilar ekan.
Mitti baliq oydinga chiqib:
– Salom, go‘zal oy!
Oy:
– Salom, mitti qora baliq. Sen qayoqda eding? Qayoqlarga kelib qolibsan?
Baliq:
– Dunyo kezish uchun chiqdim.
Oy:
– Dunyo juda katta. Har yerni ko‘rolmaysan.
Baliqcha:
– Mayli, ulgurganimcha ko‘rsam yetadi.
Oy:
Tonggacha yoningda qolishni istardim, ammo katta bir qora bulut bu tomonga kelyapti. Nurimni to‘sib qo‘yadi.
Baliqcha:
– Go‘zal oy, men sening nuringni juda yoqtiraman. Nuring doim yo‘limni yoritishini xohlardim.
Oy:
– Baliqcha, agar to‘g‘risini bilishni xohlasang, aytay senga: Mening nurim yo‘q. Quyosh menga nur beradi. Men esa uni yer yuziga yoyaman. Eshitmadingmi, insonlar bir necha yil ichida uchib ustimga qo‘nishmoqchi.
Qora baliq:
– Buning imkoni yo‘q.
Oy:
– Qiyin ish, ammo insonlar nimani qilishni istasa…
Oy so‘zini tugata olmabdi. Qora bir bulut kelib oyning yuzini berkitibdi. Osmon qop-qorong‘i bo‘libdi. Mitti baliq yolg‘iz qolibdi. Bir muddat atrofga qarab turibdi. Keyin tosh ostiga kirib uyquga ketibdi.
Erta tongda uyg‘onibdi. Tepasida pichirlab gaplashayotgan baliqchalarni ko‘ribdi. Qora baliqchaning uyg‘onganini ko‘rishgach hammasi bir ovozdan:
– Xayrli tong! debdi.
Qora baliqcha ularni tanibdi:
– Xayrli tong! Baribir men bilan kelishga qaror qilibsizlar-da!
Kichik baliqlardan biri:
– Ha, ammo baribir qo‘rqyapmiz.
Boshqa biri:
– Birqozonni o‘ylayverib tinchimiz yo‘qoldi.
Qora baliqcha:
– Sizlar ko‘p o‘ylayvermanglar! Tinmay o‘ylayverish kerakmas. Yo‘lga chiqqanda qo‘rquv o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ladi.
Endi yo‘lga tushamiz deganlarida suv ko‘piribdi. Ustlarida bir qopqoq yopilibdi. Atrof qop-qorong‘i bo‘libdi. Qochadigan yo‘l qolmabdi. Qora baliqcha birqozonning to‘rvasiga ilinib qolishganini anglabdi.
Mitti qora baliq:
– Do‘stlar, birqozonning to‘rvasiga tushdik. Ammo bu yerdan chiqish yo‘li tamoman yopilgan emas.
Kichik baliqlar yig‘lay boshlashibdi. Ichlaridan biri:
– Endi chiqadigan yo‘l qolmadi. Seni deb bo‘ldi! Bizni yo‘ldan urding.
Boshqasi:
– Endi hammamizni yutib yuboradi. Tamom bo‘ldik!
Shu payt birdan dahshatli qahqaha eshitilibdi. Bu birqozonnning kulishi ekan.
– Na qadar ko‘p kichik baliq ovladim bugun. Ha–ha–ha… Sizlarga achinib ketyapman! Yutib yuborishga ko‘zim qiymayapti! Ha–ha–ha…
Kichik baliqlar bor ovozlari bilan yolvora boshlashibdi:
– Birqozon hazratlari! Biz siz haqingizda ko‘pdan-ko‘p maqtovli gaplar eshitdik. Bizga marhamat ko‘rsatib muborak tumshug‘ingizni biroz oching, tashqariga chiqaylik. Bundan keyin umrimiz sizni duo qilish bilan o‘tadi.
Birqozon:
– Sizlarni hozir yeb-yutmoqchi emasman. Saqlab qo‘ygan baliqlarim bor. Pastroqqa qaranglar…
To‘rvaning tubida katta-kichik bir necha baliq bor ekan. Kichik baliqlar:
– Birqozon hazratlari! Biz hech nima qilmadik. Aybsizmiz. Manavi mitti qora baliq bizni yo‘ldan urdi…
Qora baliqcha:
– Qo‘rqoqlar! Bu ayyor qushdan marhamat kutdingizmi? Nega yolvorasiz?
Kichik baliqlar:
– Og‘zingdan chiqqanini qulog‘ing eshityaptimi? Ko‘rasan kuningni. Birqozon janobi oliylari bizni kechiradi, seni esa yutib yuboradi!
Birqozon:
– To‘g‘ri, sizni kechiraman, faqat bir shart bilan.
Kichik baliqlar:
– Marhamat, qanday shart ekan?
Birqozon:
– Mahmadona baliqni o‘ldirsangiz ozodlikka chiqasiz!
Mitti qora baliq burchakka chekinibdi va kichik baliqlarga:
– Rozi bo‘lmanglar! Bu ayyor qush oramizga nifoq solmoqchi. Bir rejam bor…
Kichik baliqlar faqat o‘zlarini o‘ylaganlari uchun mitti qora baliqni yo‘q qilish payiga tushishibdi. Mitti baliq to‘rvaning bir chetiga surilib, sekingina:
– Qo‘rqoqlar! Endi baribir hech nima qilolmaysiz. Qochadigan joyingiz ham yo‘q. Bundan tashqari kuchingiz menga yetmaydi…
Kichik baliqlar:
– Seni o‘ldiramiz. Biz ozod bo‘lishni xohlaymiz.
Qora baliqcha:
– Aqlingizni yeb qo‘yibsizlar! Meni o‘ldirsangiz ham qutilib keta olmaysizlar! Unga ishonmanglar!
Kichik baliqlar:
– Joningni qutqarish uchun shunday deyapsan. Bizni o‘ylayotganing uchun emas!
Qora baliqcha:
– Unday bo‘lsa, menga quloq bering. Sizga bir yo‘l ko‘rsataman. Jonsiz baliqlar ichiga o‘tib o‘zimni o‘lik baliqdek tutaman. Qani ko‘ramaiz. Birqozon sizni qo‘yib yuboradimi yoki yo‘qmi? Aytganimni qabul qilmasangiz shu xanjarim bilan hammangizni o‘ldiraman va to‘rvani yorib qochib ketaman siz esa…
Baliqlardan biri uning so‘zini bo‘libdi:
– Bo‘ldi bas qil! Bu gaplarni eshitishga chiday olmayman… deya uvvos solib yig‘labdi.
Qora baliq uning yig‘laganini ko‘rib:
– Shu yig‘loqini nega olib keldingiz? – debdi.
Keyin xanjarini chiqarib kichik baliqlarga ko‘rsatibdi. Baliqlar nailoj uning taklifini qabul qilibdi. Yolg‘ondakasim janjalni boshlashibdi. Qora baliq o‘zini o‘lganga solibdi. Kichik baliqlar tumshuqning yuqori qismiga chiqib debdi:
– Birqozon hazratlari! Mahmadona baliqni o‘ldirdik…
Birqozon kulibdi:
– Yaxshi qilibsizlar! Mukofotiga sizlarni tiriklayin yutaman! Shunda oshqozonimni sayr qilgan bo‘lasizlar.
Kichik baliqlar qimirlashga ham fursat topolmay qolishibdi. Birqozon ularni bir zumda yutib yuboribdi.
Qora baliqcha esa xanjarini chiqarib birqozonning to‘rvasiga sanchibdi. To‘rvani yorib suvga sakrabdi. Birqozon azobdan qiyqirib boshini suvga urish bilan band bo‘lgani uchun mitti baliqchani ortidan quvmabdi.
Qora baliqcha tushgacha tinmay suzib yo‘l bosibdi. Tog‘ va vodiy ortda qolibdi. Irmoq tep-tekis qirdan oqib o‘tayotgan emish. O‘ngu so‘ldan mayda jilg‘alar ham kelib irmoqqa qo‘shilganidan suv to‘lib-toshib oqar emish. Qora baliq suvning ko‘pligidan zavq olib suza boshlabdi. Birdan o‘ziga kelibdi va sohilsiz va tubsiz suvda suzib borayotganini payqabdi. U tomonga bu tomonga borib qirg‘oqni ko‘ra olmabdi. Qora baliqcha suvda adashib qolgan ekan. Suzaveribdi, suzaveribdi ammo sohilga yetib bora olmabdi. Birdan uzun va katta bir jonzotning unga tomon shiddat bilan kelayotganini ko‘ribdi. Ko‘z o‘ngida ikki tomoni tishli dastarra turgandek bo‘libdi. Qora baliq arra baliqning haybatidan qo‘rqib chora izlay boshlabdi va uning ko‘zini shamg‘alat qilib suv yuzasiga suzib chiqibdi. Ma’lum muddat o‘tgach yana dengiz tubiga sho‘ng‘ibdi. U suzib borayotgan bir to‘da baliqni ko‘rib qolibdi. Bu to‘dada minglarcha baliq bor ekan. Ulardan biriga qarab:
– Do‘stim, men begonaman. Uzoqdan kelyapman. Bu yer qaer?
Baliq do‘stlariga qarab so‘z boshlabdi:
– Qaranglar, yana bir dona…
Keyin qora baliqchaga:
– Do‘stim, dengizga xush kelibsan!
Boshqa bir baliq:
– Barcha irmoq va daryolar shu joyga kelib quyiladi. Botqoqlikka ketadiganlari ham bor, albatta.
Boshqasi:
– Xohlagan payting bizning safimizga qo‘shilishing mumkin.
Dengizga yetib kelgani uchun qora baliqcha bag‘oyat xursand emish.
– Yaxshisi, oldin bir aylanay. Keyin sizning safingizga qo‘shilarman. Baliqchining to‘rini tortishda men ham siz bilan birga bo‘lishni istayman.
Baliqlardan biri:
– Yaqinda niyatingga erishasan. Endi borib sayr qil. Suv yuzasiga chiqadigan bo‘lsang, chag‘alayga diqqat qil. Shu kunlarda hech kimning ko‘z yoshiga qaramaydigan bo‘lib qoldi. Kuniga to‘rt-besh baliq tutmaguncha tinchimayapti.
Qora baliqcha dengiz baliqlari to‘dasidan ayrilib bir o‘zi suza boshlabdi. Ma’lum vaqtdan keyin suv betiga chiqibdi. Quyosh nuri issiq ekan. Qora baliq quyosh nurini sirtida his qilgan sari bundan benihoyat xursand bo‘la boshlabdi. Miriqib suv betida suzib borar ekan “har on o‘lim bilan yuzma-yuz kelishim mumkin. Ammo hayotda ekanman, xushyor bo‘lishim kerak. Bir kun xohlasam ham xohlamasam ham o‘lim bilan yuzlashaman. Bu muhim emas. Muhim bo‘lgani mening hayotda ekanligim va o‘limim boshqa insonlarga qanday ta’sir ko‘rsatishida…” deb o‘ylabdi.
Mitti qora baliqning boshqa narsalarni o‘ylashga fursati qolmabdi. Chag‘alay yaqin kelib uni tutib olibdi. Mitti baliq chag‘alayning uzun tumshug‘ida qancha pitirchilamasin foydasi bo‘lmabdi. Chag‘alay uning belidan qattiq qisib olgan ekan. Endi bechoraning qimirlashga majoli ham qolmabdi. Kichik bir baliq suvsiz qancha ham yashay olardiki? Baliq o‘ylay boshlabdi. Koshki chag‘alay uni yamlamay yutib qo‘ya qolsa. Kamida oshqozonga tushgach u yerdagi nam va suvda yana bir necha daqiqa yashagan bo‘larmidi? Shularni o‘ylab chag‘alayga:
– Nega tiriklayin yutib qo‘ya qolmaysan? Men o‘lgan zahoti badani zaharga to‘lib qoladigan baliqlardanman.
Chag‘alay hech nima demabdi. Faqat ichidan shunday o‘ylabdi:
– Ayyorligini qaranglar! O‘zicha nimalarni o‘ylayotgan ekan? Meni gapirtirib og‘zimni ochishim bilan juftakni rostlab qolmoqchimi?
Uzoqda yer ko‘rinibdi. Chag‘alay borgan sari qirg‘oqqa yaqinlasha boshlabdi. Qora baliqcha: “Sohilga borsak, ishim bitgan bo‘ladi” deb xayolidan o‘tkazibdi.
– Bilaman, meni polaponlaringga olib ketyapsan. Qirg‘oqqa borguncha men o‘lgan bo‘laman. Bir zumda badanim zaharga aylanadi. Polaponlaringga rahming kelmaydimi?
Bu safar qora baliqcha o‘ylay boshlabdi: “Ehtiyot bo‘lgan ma’qul. Seni o‘zim yeyman-da bolalarimga boshqa baliq ovlayman… Ammo bu ishda bir nayrang bo‘lmasin tag‘in! Yo‘q yo‘q hech nima qilolmaysan…”
Chag‘alay bularni o‘ylab ketayotganda qora baliqning shalvirab qolganini sezibdi. Yana o‘yga tolibdi: “O‘lib qolgan bo‘lsa-ya?! Endi men ham yeyolmayman buni. Bunaqangi yumshoq va kichkina baliqni o‘zimga ravo ko‘rmayman!”
“Hoy, mittivoy! Hali yarimjonsan! Shu holda seni yesam bo‘ladimi?” demoqchi bo‘libdi ammo so‘zini tugatolmabdi. Tumshug‘ini ochar-ochmas qora baliq sakrab qochib qolibdi. Chag‘alay aldanganini tushunib yetibdi. Bor kuchi bilan qora baliqchani quvibdi. Baliqcha shiddat bilan tushib boraveribdi. Suvga yetish orzusi bilan o‘zida yo‘q xursand emish. Qurigan og‘zini dengiz shabadasiga ochibdi. Suvga tushib o‘ziga kelib ulgurmay ortidan chag‘alay ham yetib kelibdi va uni tutib o‘sha ondayoq yutib yuboribdi. Har tomoni nam va qorong‘i bir yerda o‘ziga kelibdi qora baliqcha. Hech qanday yo‘l qolmagan ekan. Shu payt yig‘i ovozi eshitilibdi. Ko‘zi qorong‘ulikka ko‘nikkach bir chekkada o‘tirib yig‘layotgan kichik bir baliqchani ko‘ribdi. Baliqcha tinmay yig‘lab onasini chaqirayotgan emish. Qora baliqcha unga yaqinlashib debdi:
– Jajjivoy, tur yig‘lama! Uning o‘rniga bir chora qidir! Yig‘lab onangni chaqirganing bilan foydasi yo‘q.
Jajji baliq:
– Sen kimsan? Ko‘rmayapsanmi, o‘lyapman. Voy dod, onajonim, voy dod! Endi siz bilan birga baliqchilarning to‘rini suv tubiga torta olmayman… Voy dod…
Qora baliqcha:
– Bas qil yig‘ini! Barcha baliqlarni sharmanda qilding!
Jajji baliq yig‘lashdan to‘xtabdi. Qora baliqcha:
– Chag‘alayni o‘ldirib, baliqlarni qutqarishni va ozod qilishni istayman. Ammo oldin seni tashqariga chiqarishim kerak. Bo‘lmasa, hamma rejamni barbod qilasan.
Jajji baliq:
– Sen o‘zing o‘lib boryapsanku! Chag‘alayni qanday o‘ldirasan?
Mitti qora baliq xanjarini chiqarib ko‘rsatibdi.
– Ichkaridan qornini yorib o‘ldiraman. Endi meni eshit. Chag‘alayning qitig‘ini keltirish uchun u yoqdan bu yoqqa yugurib aylanaman. Og‘zini ochib kula boshlaganda sen o‘zingni tashqariga ot.
Jajji baliq:
– Yaxshi, o‘zing nima qilasan?
Qora baliqcha:
– Meni o‘ylamay qo‘ya qol! Bu ochko‘zni o‘ldirmasdan tashqariga chiqmayman.
Qora baliqcha bu gapni aytgandan so‘ng u yoqdan bu yoqqa yugura boshlabdi. Chag‘alayning qitig‘i kelibdi. Jajji baliq qushning jig‘ildonida poylab turgan ekan. Chag‘alay og‘zini ochib kula boshlabdi. Jajji baliq fursatdan foydalanib o‘zini tashqariga otibdi va to‘ppa-to‘g‘ri dengizga tushibdi. Qora baliqni kutibdi ammo undan darak bo‘lmabdi. O‘sha payt chag‘alay o‘zini har yonga urib to‘lg‘onib tipirchilay boshlabdi. Keyin “sho‘lp” deya suvga tushibdi. Suvda ham tipirchilashi davom etibdi. Qora baliqcha shunda ham ko‘rinmabdi…
***
Keksa baliq ertagini tugatibdi va o‘n ikki ming bolasi va nevaralariga:
– Endi yotib uxlaydigan vaqt bo‘ldi. Qani hamma joyiga yotsin! – debdi.
Bolalari va nevaralari:
–Enajon, jajji baliqqa nima bo‘lganini aytmadingiz… – deyishibdi.
Keksa baliq:
– Uni ertaga aytib beraman. Endi yotib uxlanglar. Xayrli tun bolajonlar… – debdi.
O‘n bir ming to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiz kichik baliq “xayrli tun” deb xayrlashib uyquga ketibdi. Keksa baliq ham uxlab qolibdi. Ammo bir dona mitti qizil baliq nima qilsa ham uxlay olmabdi. Tongga qadar dengiz haqida o‘ylabdi…
Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjima qilgan