Yozuvchilik ham ko‘ngilga tegib ketarkan. Mana shu kasbga kirishganimga ham yigirma besh yil bo‘libdi. Am¬mo hech narsa orttirmabman. Haliyam yosh yozuvchiligimcha qolibman. Shuncha narsa yozibman-u birorta sov¬ringa sazovor bo‘lmabman. Bor-yo‘g‘i yozganim to‘rt-besh qissa, to‘qqiz drama, yuzga yaqin katta-kichik hikoyalar ekan. Bundan tashqari taxtaning qalinligiday uch kitobim yorug‘lik yuzini ko‘ribdi, xolos. Ijodimning tugagani shu bo‘lsa kerak. Endi qalam-daftarni yig‘ishtirib, sakkiz soatlik ish topsammikin?!
Tashqariga chiqsam, do‘konchi xotinim hovlining kun¬chiqar tomonidagi o‘rindiqda pista chaqib o‘tirardi.
– Oyshaxon, – dedim uning qitiq-patiga tegish niyatida: – Sen yozuvchi bo‘lishni istarmiding?
Bu so‘zimga xotinim qotib-qotib kuladi, “Meni kalaka qilayapsizmi? Men bir do‘konchi bo‘lsam, savdo xodimidan yozuvchi chiqarmidi?” – deya xafa bo‘ladi, deb o‘ylagan edim.
Lekin xayollarim puch bo‘lib chiqdi. Xotinim gapimga parvo qilmasdan pista chaqqanicha: ..
– Harakat qilib ko‘ray-chi! – dedi esnab.
Do‘konchi xotinim shu kuni ijod xonamning kalitini olib, yozuv stolimga borib o‘tirdi. Hayron bo‘lib qotib qolgan joyim shundaki, anchagina yozuvchilik taj¬ribasiga ega, matbuotda tanilib qolgan mendek eridan maslahat ham olmadi. Bugungi muhim bo‘lgan tijorat mavzuida yozmasdan, antiqa do‘kon ochganligi to‘g‘risidagi o‘zining boshidan kechirgan voqealarni qog‘ozga tushirishga kirishdi.
Tongda turib o‘qisam “Do‘konchi qiz” degan yetti yarim betlik hikoya paydo bo‘libdi. Ba’zi yerlarini tuzatib berdim. U bozorga borib, yo‘l-yo‘lakay yoshlar gazetasiga topshirib qaytdi. Hikoya ikki kundan so‘ng “Mening birinchi hikoyam” rukni ostida bosilib chiqdi.
Shu kuni kechqurun telefonda tahririyatda ishlaydigan allakimning uzoq maslahatini olib, yana yeng shimarib yozuvga o‘tirdi. Oradan hafta o‘tgani yo‘q. Uning yetti yarim betli hikoyasi birdaniga “Do‘konchi qizning kundaligi” degan yangi ochilgan gazetalarning birida: “Davomi. Boshi gazetamizning o‘tgan sonlarida”, – degan ko‘rsatkichlar ostida bir yarim oy uzluksiz bosilib turdi.
Qissa bosilib chiqishi bilan xotinimning obro‘yi birdaniga oshib ketdi. Endi u turli tashkilotlarga uchrashuvlarga chaqiriladigan bo‘ldi. Uning nomi mashhur yozuvchilarning ma’ruzalarida tilga olinardi.
Oradan uch-to‘rt oy o‘tgani yo‘q. Men o‘ylaganimday, qalam haqi chor atrofdan qorday yog‘a boshladi. Dastlab “o‘zi chiqqani bir qissa bo‘lsa, bu pullar adashib yurgan bo‘lmasin“, deb o‘yladim. Tekshirtirib ko‘rsam, hammasi to‘g‘ri ekan.
Televidenieda ishlaydigan bittasi xotinimning asari bo‘yicha ikki qismdan iborat teleko‘rsatuv tayyorlabdi. Taniqli rejissyorlarimizdan bittasi bu asarni teatr uchun sahnalashtirishni boshlab yuboribdi. Yil o‘tmasdan xotinim Yozuvchilar uyushmasiga bosh maslahatchi bo‘lib ko‘tarildi. Endi uning uzundan-uzoq ismi plenumlarda, katta-katta yig‘inlarda, matbuotlarda tez-tez tilga olina boshlandi. Hatto nomdor tanqidchilarimizning ham nazaridan chetda qolmadi. Ular bizning xotinning qissasi mazmuni bilan g‘oya¬sini chuqur o‘rganishga yeng shimarib ishga kirishib ketdilar.
Holimga maymunlar yig‘lay boshladi: men endi bir umr ko‘plab asarlar yozgan xonamning eshigini qoqib kiradigan bo‘ldim. Ovqat pishirish, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishlar kaminaning zimmasiga tushdi.
Telefon qurg‘ur ham kunu tun xotinim uchun jiring¬laydigan bo‘ldi.
Yaxshisi, yozuvchiligimni qaytadan qo‘limga olma¬sam bo‘lmas! Yozuvchilar uyushmasiga bordim. U yerdagilar meni iliq kutib olishdi. Adabiyotga yana qay¬tishimni ma’qullashdi. Yaqinda a’zolikka qabul qilishga va’da berishdi. Ammo buning uchun taniqli ikki yozuvchidan tavsiyanoma olishim kerak ekan.
– Bittasini o‘zim beraman, – dedi meni iliq kutib olgan yozuvchilar uyushmasining mas’ul kotibi. – Meniyam mashhur shoirlardan obro‘yim kam emas. She’rlarimning to‘rtinchi to‘plami chiqish arafasida. Mas’ul kotib degan nomim bor. Ammo sizdan iltimos, ikkinchi tavsiyanomani mendan kuchliroq bo‘lgan yozuvchi beraqolsin.
– Unda respublikamizdagi taniqli yozuvchilardan biri, bir nechta mukofotlarning sovrindori Turimbet Qo‘spo‘latovdan olsam qanday bo‘larkan?
– U bo‘lmaydi. Romanlari talabga javob ber¬maydi. Ko‘chirmachi deyishyapti.
– Mashhur shoir Xo‘jaboy Seitovdan olarman. To‘qqizta kitobi chiqqan.
– Shoiringizning she’riy to‘plamlari kitob do‘¬konlarida o‘tmasdan ichiga suvaraklar uya qurib olgan.
– Bo‘lmasa, kimdan olay axir?
– Qiziq ekansiz-ku, – dedi mas’ul kotib ach¬chiq¬lanib. – Yoki bo‘lmasa jo‘rttaga o‘zi aytsin, deb turibsizmi? Ko‘pchilik taniydigan, siz tavsiyanoma olishga arziydigan yozuvchi uyingizda yashaydi-ku?
– Voy-bo‘y, mening xotinimni aytayapsizmi?
– Ha-da. Bizda undan boshqa mashhur yana kim ham bor? Ana shu kishidan zo‘r tavsiyanomani ola¬siz. Bo‘lmasa, biz sizni a’zolikka qabul qila olmaymiz.
… Men shu yerdagi o‘rindiqqa behol o‘tirib qol¬dim. Yopiray, u menga a’zolik uchun tavsiyanoma berarmikin? To‘g‘risi, boshim qotib qoldi...
– Balo uribdimi, berar. Axir u bilan bir uyda turamiz-ku!..
“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 7-sonidan olindi.