OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Beg‘araz yordam (hikoya)

 Obbo, buni qarang. Mana bu qariyaga qarang. Nochor-notovonlik, ojizlikning tirik timsoli. Ko‘zingiz tushishi bilan keksalikdan hech kim qochib qutila olmasligiga amin bo‘lasiz-qo‘yasiz. “Yillar qarog‘imdagi nurni tuman kabi so‘ndirur” deb ta’kidlagan Elsxot haq. Titragan, bukchaygan, ikki qo‘lidagi ikki hassani yo‘lak chetida u yoqdan - bu yoqqa to‘qillatib kuymalangan, lekin ko‘chani kesib o‘tishga jur’ati qani. Negaki ko‘cha to‘la ulov, shovqiniyu oxirining uchi-keti yo‘q. Biz, yoshlarga bunday shovqin-so‘ron, yugur-yugurlar pisand emas. Benzin hidi vujudimizga ona suti bilan singgan, transport shovqiniga quloqlarimiz go‘daklikdan ko‘nikkan. Bu qariyaning esa esini tanishi, o‘h-hu, ancha osoyishta, men hatto otam zamonlarga, hali yuvvosh otlar qo‘shilgan karetayu aravalar katta hasham bo‘lgan davrlarga to‘g‘ri kelgan, degan bo‘lardim.
 Boboning turishlari naqadar ayanchli. Chamasi yordam berishlarini kutgandek yon-atrofiga umidvor jovdiragan, alanglagan. Qani endi yonidan o‘tayotgan biror zot unga ozgina nazar tashlasa, holing ne deb so‘rasa. Bunday manzarani ko‘rganimda shuurimni ajoyib, hatto g‘oyat ko‘tarinki ruh chulg‘ab oladi. Ichki bir tuyg‘u bilan o‘zimni o‘ttiz-qirq yil istiqbolda ko‘rgandek bo‘laman: ana, o‘sha kelajak hiyobonining bir chekkasida hassaga suyangancha qadamimni omonatgina tashlab boryapman. Hadigim - yon-verimdan o‘qdek vizillab o‘tayotgan raketalar, allaqachon shahar transporti safidan joy olgan va pastlab uchayotgan samolyotlardan. Nahotki, o‘shanda menga hech kim yordam qo‘lini cho‘zmasa?
 Men cholning yoniga borib, tirsagidan olaman.
- Ketdik, - deyman.
 Mashinalar izdahomida torgina yo‘lak paydo bo‘ladi. Men cholni sudrashga tushaman.
- O‘g‘lim, - deb g‘udranadi qariya.
 Bu - qariyalarga xos tillarda doston bo‘lgan minnatdorlik. Yurib borar ekanman bosh irg‘ayman va cholni sudrashda davom etaman.
- Bezovta bo‘lmang, otaxon, - deyman. – Ozgina qoldi.
Lekin minnatdorlik tuyg‘usi cholni qattiq zabtiga oladi.
- O‘g‘lim... - deydi u yana.
- Arzimaydi, - deb miyig‘imda jilmayaman. – Bir-birimizga shunday kunlarda yordam bermasak, qanday odam bo‘ldik. To‘g‘rimi?
Shunday deb uning yelkasiga do‘stona qoqaman. Sal qattiqroq urib yuboraman shekilli, chol munkib ketadi.
 Keyin o‘z yo‘limga burilaman va nari ketaman. Lekin chol meni chaqirgandek bo‘ladi. Ortimga burilib qarayman. U izingizga qayting, degan ma’noda chaqiradi. Sizni bilmadimu, lekin men bu imlashning zamirida qanday maqsad zohirligini juda yaxshi bilaman: chol meni tamaki bilan siylamoqchi.
- Bu endi mutlaqo shart emas, - deyman men bag‘rikenglik bilan uning qarshisida to‘xtar ekanman.
 Lekin qariya menga juda zardali nigoh tashlaydi.
- Bolam, iltimos, meni yana joyimga olib borib qo‘ying. Men axir avtobus kutib turgan edim.

Ruschadan Qulman Ochilov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.