-Aytmagan edimmi, yana hamma yoqni kulga botirdingiz, - deb to‘ng‘illadi xotin. – Oyog‘ingizning ostiga qarasangiz-chi, baraka topgir!
Er odatda kechki ovqatdan keyin qo‘lidan qo‘ymaydigan gazetani tizzasiga tushirib, gilamga qaradi.
-Salgina-ku. Shunga shuncha vahimami?
-Burningizning shundoqqina tagida kuldon turibdi, axir! – ovozini balandlatdi ayol.
Er yotgan joyidan pastga egilib, gilamni paypaslagan bo‘ldi.
-Mana, olam - guliston. Endi ko‘zimni albatta kattaroq ochaman. Chin so‘zim. – Uning ovozidan murosa ruhi sezilib turgan bo‘lsa-da, go‘dakka muomala qilganday notabiy bir ohangda gapirishi xotiniga yoqmadi. Qoni qaynab ketdi.
-Siz mening gapimni hech qachon sariq chaqaga olmagansiz! – deb ovozini balandlatdi ayol. – Mening iltimoslarimga tupurgansiz. Hamma menga tupirgan.
Ayol ovozi shallaqi xotinlarning ovoziga o‘xshab ketayotganini sezdi. O‘zingni bos, deb koyindi. Eshitgan quloqqa yomon.
Er gazetasini yig‘ishtirib, xotiniga ma’yus tikildi va ohista maslahat bergan bo‘ldi:
-Balki biroz dam olarsan. Asablaring charchagan. Bor, onasi, birozgina dam ol...
Ayol o‘rnidan sapchib turdi va yana qichqira ketdi:
-Xo‘p-xo‘p, mana, turdim, menga allaqachon kafan bichib qo‘yishganini bilaman! Albatta-da, axir men jinniman, aqldan ozganman-ku!.. Uzr, malol kelayotgan bo‘lsam, sizni bunday azobdan xolos qilganim bo‘lsin...
U eshikni qattiq yopib, zinadan tepaga ko‘tarilar ekan, ikki yuzini ko‘zyoshlari yuva boshladi. Uxlash xonasida ko‘zgu qarshisiga o‘tirdi va o‘zining aksiga nafrat bilan ko‘z tashladi. Yoshi ellikka borib qolgan ayolning chehrasiga allaqachon ajin tushib, ko‘zlarini bedavo g‘ussa bosgan. Ko‘zyoshlari esa yanoqlari o‘zra tinimsiz oqqani-oqan. U unsiz yig‘lar edi.
-Shu topda yonimga chiqsa edi, - deb o‘z aksi bilan gaplashardi ayol. – Kelsa-yu, ikki og‘izgina shirinso‘z aytsa edi...
Bu paytda er oromkursisida xayolga cho‘mib o‘tirardi.
Gilam ustida yotgan gazetaga qarab bo‘lgan voqeani idrokidan o‘tkazar ekan, ruhida qandaydir yengillik sezdi. Negaki, endi u yolg‘iz qolgan edi.
Arzimagan narsadan chiqadigan janjallar boshlanganiga bir yil bo‘ldi.
Xarhasha qilib, arazlashlarning, gap bilan chaqib olishlarning nihoyasi yo‘q. Xotinining og‘zidan chiqqan har bir so‘z to‘la zahar.
Do‘xtir aytgan ediki, ayol muomalasi qiyin yoshga qadam qo‘ydi, er endi sabrli bo‘lishi lozim.
Er sabr-qanoatli edi, lekin turish-turmushidan fayz ketdi. Farzandlari oila qurib, er-xotinni sovuq nizolar muhitiga tashlagancha ota uyini tark etganidan keyin bu yanada yaqqolroq sezildi.
“Vaqti-soati bilan hammasi o‘tib ketadi, - degan edi do‘xtir. – Yana avvalgiday ahil-inoq yashay boshlaysizlar”.
Er – kaltabaqay homsemiz odam – oromkursidan turib, bufetning oldiga bordi. Qadahni konyakka to‘ldirib, bir ko‘tarishda sipqordi. Ichimlik darhol ta’sir qildi: noxush kayfiyat o‘rnini “mayli, ichingni yema, bir gap bo‘lar...” degan loqaydlik egalladi. Bu, ayni asnodagi holatga unchalik mos kelmasa-da, ko‘ngilga taskin berar edi.
Qo‘yaver, deb xayolidan o‘tkazdi u yana, hammasi joyiga tushib ketadi.
Hamon oyna oldida o‘tirgan ayol esa endi yig‘lashdan to‘xtagan, faqat o‘z aksiga baqraygancha tinimsiz bir gapni takrorlar edi:
- Shu topda yonimga chiqsa edi. Shu topda yonimga chiqsa edi. Shu topda yonimga chiqa qolsa edi...
U bu so‘zlarni iltijodek, lekin zarracha umidsiz bir holatda takrorlar edi.
Er yana qadahni to‘ldirib, oromkursisiga qaytdi.
Hozir u biroz uxlab dam olsa, deb o‘yladi er, ancha o‘ziga kelib qoladi. Odamning ham zardasi shunchalik tez qaynaydimi. Muomalasi qiyin yoshda shunaqa bo‘larkan-da. Hay, mayli, hammasi joyiga tushib ketadi.
U gazetani olib, qandaydir qotillikka oid xabarni o‘qishga tushdi. Biroq, xayoli boshqa joyda bo‘lgani uchun o‘qiyotganlarini anglamas, shunday bo‘lsa-da, harna, nima bilandir band edi.
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
“Kitob dunyosi” gazetasi, 2015 yil 28 oktyabr.