O‘sha oqshom kuz quyoshining yorug‘ida o‘tmishining qaysi aziz kunidan bo‘lsa ham bosh ko‘targan juda shirin bir xotira uyg‘ongan edi. Butun borliq yurakni larzaga soluvchi tabiiylik bilan shovullardi. Tog‘larning siynasida barq urgan o‘rmon ulkan o‘choqday lovullpab yonar, qoyalar olov shu’lasi singari osmon ostida jilvalanardi.
Qiyaliklardan, uchurumlardan pastga otilayotgan shalolalar oqarib ko‘rinar, daralarning torligidan shosha-pisha, urinib-surinib, vodiyga qarab chopardi.
Bu go‘zallikda ikkalasini ham jimlikni buzmaslikka undagan sir yashiringandi...
Mashinani ota haydardi. Kunning ko‘zi ochilgandan beri yo‘l bosayotgan bo‘lsa-da charchagani bilinmasdi. Burilishlarda, daralarda zo‘riqib-zo‘riqib yuqoriga o‘rmalagan qadim tog‘ yo‘llarida uni hayajonli tuyg‘ular sudrab borardi, yarim asrlik muddatning u tomonidan tanish bo‘lgan yerlar mehribonlik bilan uni chorlardi. Rulni tutgan yirik va og‘ir qo‘llari orasidan nigohi tepaliklarga qadalgan, yo‘lning tiklashgan ungurlariga ilashib qolgandi. Kamron otasidan ko‘zini uzmas, xayoldan chalg‘itib, uchurum ustida uning diqqatini yo‘lga qaratishni istardi.
— Ota, balki men haydarman. Charchagandirsiz.
Mashina qayrilishda burilgandan so‘ng Qaribali yuzini o‘girmasdan gapirdi:
— Bu yer Mug‘on emas. Tog‘-toshda qiyin. Notanish yo‘l... Biror marta ham oyog‘ing tegmagan joyda mashina haydamoqchimisan..
Qamron peshonasiga tushgan sochlarini kafti bilan chetga surib qo‘ydi-da otasiga burildi:
— Aslim qaerdanligini qachon eshitganman, qaerda tug‘ilganman bilmayman-ku, axir. Meni ish deb yuborishmaganda, bu yerlarga kelish xayolingizda yo‘q edi...
— Ko‘p narsa mening xayolimdan o‘chib ketadigan payt hozir. Busiz ham ko‘p narsa menga ortiqchalik qilayapti. Navbat seniki...
— Ko‘rayapsiz-ku, men ham yetib keldim bu yerlarga!
— Kindiging shu yerda kesilgan axir...
— Avvallari bolalar uyda tug‘ilardi, endi tug‘ruqxonalarda. Kindiklar ham o‘sha yerda kesiladi.
Qaribali negadir kulimsiradi. Boyadan beri ilk marta o‘g‘liga o‘girildi. U keng yuzli odam edi. Peshonasini, ko‘zlarining atrofini o‘ragan ajinlarga qaragan zahoti sinovlardan o‘tgan baquvvat odam bo‘lganiga ishonch hosil qilasan. Boshiga ota-buvalaridan qolgan qorako‘l telpak kiygandi. Kalta qirqilgan sochlari oppoq oqargan edi.
— Qidiruvlaringiz qanday o‘tdi?..
— Yo birinchi bor bo‘lgani uchun yoki eski qishloqlarga kelganimdan bo‘ldi. Bilmadim, men qoniqish hosil qildim. Ammo qiyin. To‘rt-beshta molning yemi emas bu. Buni ilmiy qidiruv deydilar, kerak bo‘lsa tongdan kechgacha cho‘kich urasan...
— Sizlardagilar maktab bitirgan, qo‘li ishdan chiqqan odamlar.
— Mendan boshqa barchasi eski geologlar edi. Masala esa qo‘li ishdan chiqqanlikda emas. Mashina bizning ilmdan boshqa hamma joyga oson yo‘l topadi. — Qaerda ishlagandingiz?
— Moranqal’ada.
— Qoyalarning tepasidami? U yerlar esingizdami, ota?
— Qo‘y boqqanimiz, turli o‘yinlar o‘ynaganimiz yerlar edi...
— Aytishlaricha, cho‘ponlar yig‘iladigan joyi bor ekan. Tep-tekis ekan.
— Yaxshi to‘shama toshlari bor edi, kaftday tekis bo‘lardi. O‘ti ham shirin edi, suruvlarni jalb qilardi. Nimasini aytasan, eski qabriston edi. Toshlarning qaysi birini ko‘tarsak, tagidan g‘or og‘ziday yo‘l ochilardi. Bir vaqtlar odamlarni katta xumlarda ko‘mishardi. Erkak kishi o‘lganda xotinini ham tiriklay uning yoniga qo‘yarkanlar. Mol-mulkini ham xumlarga joylasharkan.
— Musulmonlikdan avvalgi voqea bo‘lsa kerak.
— Ha, ancha oldin.
— Yaxshi ayollarning urug‘i qurigandi. Mundoq bir o‘ylab ko‘r, har bir sharti ketib, parti qolgan erkakning yonida uch-to‘rttadan go‘zal kelinni ko‘mishgan bo‘lishsa...
Ota biroz o‘ylab turib ilova qildi:
— Kim biladi deysan, bu qoidani chiqarganlar nimani o‘ylashgan ekan. Odat yo‘q joydan yaratilmaydi... Mardon bo‘lardi, Husaynzoda, eshitgan bo‘lsang kerak... Xalqning, davlatning molini o‘zlashtirib, o‘ziniki qilib olgan. Otasining moliday. Oxiri fosh bo‘ldi. Sudgacha chiday olmadi, yuragi kasal ekan. Yosh xotini qoldi, bitta bolasi bilan. Keyin bolani ham qaynonasiga tashlab shaharga ketib qoldi. O‘qishga. Pul bor, tanish bor... Iymonimni kuydira olmayman, men ham birovdan eshitganman, Aytishlaricha, o‘qish bahona, qo‘l-qanotini yozgisi kelgan ekan, o‘ynab-kulish deganday. Shunaqasini eri bilan ko‘mishsa, yaxshi bo‘lardi. Mol-davlat qo‘lning kiri. Ota misoli na yaxshi o‘g‘ilga kerak, na yomon o‘g‘ilga...
Kamron otasining olisdan boshlagan gurungini cho‘zib ustalik bilan o‘git-nasihat-la tugatganini ko‘rib, suhbat mavzusini o‘zgartirdi:
— Tekis tog‘dan yuqori ko‘tarilganda, qadim bir shaharning izini topdik, u yerdagi o‘choq esingizdadir, baland, bino. Bitta qoya ham bor, borganlar niyat qilib mayda tosh yopishtiradilar.
— U yer muqaddas joy...
— Qazish ishlari olib bordik. Uylar, tosh to‘shalgan yo‘llar chiqdi. Odamlarning aytishicha, payg‘ambar o‘tgan joy emish. Toshlarning ustida tizzalarining, barmoqlarining izi qolgan. Egari rangli sopolga aylanibdi, sopol uzangilarda oyoq izi...
— Odamlar behuda gapni aytmaydilar. Bizning kattalar avvaldan o‘qimishli bo‘lganlar. Ardabil, Mashhad madrasalarida. To‘g‘ri eskicha savod chiqarishardi. Lekin bilimli edilar. Bugungilarga o‘xshamaganlar. Bir burda non uchun dinni ham sotadilar, iymonni ham. Haqni nohaqga almashtiradilar. Ulug‘larimizning og‘zidan eshitganman, aytardilarki, muqaddas narsaga beparvo bo‘lmanglar. Ba’zan yuzlab shohning, yuzlab sarkardaning qo‘riqlay olmagan obidani, kitobni, yozuvni birgina “Muqaddas” so‘zi asraydi...
Kamron otasining yuziga qaradi. Uning hafsalasini pir qilgan masalalarning otasi uchun bunaqa oydin bo‘lishi, odamning har bir narsaga sodda, bemalol yondashuvi Kamronni taajjublantirdi. Balki shuning uchun ham otasining aytganini qadrlar, gapini ikki qilmasdi. Ko‘pdan beri ko‘rishmaganlari uchun otasining bu gaplaridan zavqlanardi.
— Hali ancha uzoqmi, ota?
— Yo‘q, huv anavi qoya ostiga borayapmiz.
— Telegramma bermasam kelmasdingizmi?
— Endi mazam yo‘q. Yuragim chidamaydi deb qo‘rqaman. O‘zing ham kech harakat qilibsan.
— Ishdan qo‘l bo‘shamasdi.
— O‘rtoqlaring qachon jo‘nashibdi?
— Bugun. Tumandan kuzatib qo‘ydim ularni. Sizni kutib qoldim. To‘g‘risi yo‘llanma qog‘ozini deb.
— Avvallari kimning yoniga borishingni aytishardi. Endi seni qidirish oldidan hech gap aytilmadi. Ota-bobo yurtimizga yillar bo‘yi bir parcha qog‘oz deb hasrat yashaymiz.
* * *
Daryo pastda, uchurumning chuqurligida qolib ketgandi, yetib kelayotgan sharqirashi olis tog‘larda boshlanayotgan bo‘ron singari vahimali edi... Har ikki sohil bo‘ylab bog‘-rog‘lardan qizil g‘isht rangidagi ajralib turgan uylar saf tortgandi. Qishloqlar orasidagi yo‘llar daryoga quyilayotgan ariqlar singari oqarib ko‘rinadi. Hosildan bo‘shagan poliz yerlari qarag‘ayzorlarda yalanglar singari tizilgan. Bu yerdan qishloq uylari kichik-kichik oq qutilarga o‘xshaydi. Ota-bola o‘rtasida suhbat to‘xtab mashina harakati sekinlashdi.
Ha, Taza kand, yangi qishloq deganlari mana shu. Tuppa tuzuk shahar ekan bu. Biz ketganimizda bu yerda sel olib kelgan toshdan, shox-shabbadan boshqa narsa yo‘q edi. Tog‘dan qaytib tushib daryo bo‘yida uylar tiklashibdi. Qaytib kelganlar orasida biznikilar ham bor.
Yo‘l tepaga ko‘tarilgan sari qishloqning keng bag‘ri ochilib borayotir. Uylar, hovlilar soy bo‘ylab, daryo jilg‘achalari yoqalab tog‘larga, qiyoliklarga yondashib, tik qoyalarga, g‘rmonning o‘tib bo‘lmas daraxtlarigacha yetib boribdi... Yangi ekilgan nihollar orasidan o‘tib borishayapti. Ko‘chatlarning ko‘m-ko‘k gullari bo‘y cho‘zgan. Yoz gullari nihollar qo‘lida yuzlarcha mayda bodalarga o‘xshaydi. Go‘yo ko‘chatlar tog‘lar sog‘ligi uchun qadah ko‘tarayotganday. Mashinaga nam tuproq va xas-hashak hidi urilardi.
Oftob olddan, so‘qmoqlarning ustidan tusha boshladi. Yorug‘likdan yoki nigohidagi achchiq hasratni og‘riqni yashirish istagidan Qaribalining ko‘zlari suziladi.
Zich emanzor bilan qoplangan daralar ortda qoldi. Dovondan burilib, tekis ko‘ndalang yo‘lga tushishdi. Oldinda qoyalar uch tomondan o‘rab turgan keng qiya tekislik namoyon bo‘ldi. Bu kenglikni yong‘oq daraxtining zich qatorlari to‘ldirgandi. U yer-bu yerda chinorlar yuksalib turardi.
* * *
Qaribali mashinani o‘ziga tanish bo‘lgan xotiralar bo‘yicha haydardi. Bu xotiralar uni qishloqqa kiraverishdagi ulkan yong‘oq daraxti ostida to‘xtatdi. Bir-biriga indamasdilar. Aftidan har biri o‘z xayoli bilan band edi. Maydonchaning pastki chekkasida toshlar orasidan chashma jildirardi. Yog‘och novga tushardi.
Qaribali oyoqlarini toshga qo‘yib suvni hovuchladi. Bir ikki qultum ichdi, keyin shapillatib yuziga urdi. Barmoqlarini qovoqlariga surdi. Suvning salqinligi bilan ko‘z qovoqlarining charchog‘ini yuvmoq istardi yoki qorachig‘ini qoplagan yoshni suvgaa aralashtirib o‘g‘lidan yashirishga harakat qilayotganmidi – aniq emasdi... U yashil maysalarni qizil g‘uncha kabi yopgan barglarni g‘irchillatib ezib o‘tardi.
— O‘zingga shukur, yo Tangrim...
Uning bu yerga qaytganiga, kelib shu buloqni o‘z joyida, avvalgi holida, hamon o‘sha salqinligida ko‘rganiga shukur qilayaptimi, yoki bu bir e’tirozmi, bilib bo‘lmasdi.
Kamron qo‘llarini novdagi suvga to‘ldirib ichdi. Novdan oqayotgan ko‘m-ko‘k suv ichra moviy samo to‘lqinlanar, yong‘oq daraxtining shoxlari titrardi, yaproqlar orasidan qora qarg‘a qarab turardi. Qush qanot qoqdi va quduqqa tushgan tosh kabi suvning shaffofligida g‘oyib bo‘ldi. Ota-bola maymunjon qoplagan eski chetan to‘siqlar orasidan yurib ketishdi.
Qaribali oldinda borardi. Aylana chetan to‘siqlarning, qulagan devorlarning orasi bilan vaqt sovuta olmagan issiq bir o‘choqqa qarab intilardi. Oyoqlari og‘irlashgandi, bu yerda o‘tgan kunlari bilan hozirgi damlari orasida o‘tgan xayolga sig‘magan kenglik birdaniga unga umrning o‘tib ketganini, keksalik kelib yoqasidan olganini his ettirardi. Qadam bosgani bu dunyoda o‘sha payt hali otalik hissini sezmagandi, o‘zi ham yosh bolaga o‘xshardi. Odamga bo‘y bermaydigan o‘t-o‘lan bosib, yo‘qolib ketgan yo‘ldlar, xaroba qishloq uni o‘z o‘tmishi bilan uchrashtirayotgandi. U bir vaqtlar uchrashuv uchun yo‘lga otlanar va ushbu to‘siqlar ustidan yo‘lga engashgan kungaboqar kabi ro‘molcha hilpirardi... Ochiq turgan ko‘cha eshigini bosib o‘ta olmadi, chirigan ustunga suyanib qoldi...
Tog‘larning kun botishidan darak bergan yellari boshlangandi. Daralardan chiyillab o‘tgan shamol qishloq oralab aylanar, bog‘larni shovullatib hazin, mungli navoga aylanardi...
Kichkina pirildoqqa o‘xshagan o‘rama ilon ko‘cha eshik oldidan shiddat bilab o‘rmalab o‘tdi. Butalar orasiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning orqasidan ko‘tarilgan quruq xas-cho‘plar havoda aylanib qoldi. Yirik-yirik, og‘ir yong‘oq yaproqlari hovlida sochilib yotardi. Go‘yo tuproq ostida ohanrabo yuritishayapti-yu, uning ta’sirida bu temir varaqlar beixtiyor titrashar, uchib-qo‘nishardi.
Ro‘parada turli mevali daraxtlar anchadan beri qo‘l tekkizilmaganidan yovvoyilashib yo‘g‘onlashgan, shox-shabba yozib changalozorga aylangandi. Uzoqdan diqqatni tortuvchi bir juft yong‘oq daraxti alvon chodir singari hovlini qanotlari ostiga olgandi. Pastki burchakda esa uch tup findiq novdasi bahordagi kabi yam-yashil turardi. Bog‘ maydoni yo‘lga qadar cho‘zilgandi. Yirik olma daraxtlarining hali uzilib tushmagan mevalari qizarib turardi. Daraxtlarning hech kimdan, hech narsadan madad ko‘rmay, ularni ekib o‘stirganlardan bexabar emin-erkin gullashi, meva solishi, shox yozib, qad rostlashi g‘aroyib ko‘rinardi. Tashlab ketilgan, qulab tushgan uylarning oldlarida daraxtlarning g‘arib, tanho turishida sohibining qabri uzra bosh egib mung‘ayib turgan otning e’tiboriga o‘xshash zirqiroq bir joziba bor. Hovlining o‘rtasida qurib qolgan daraxtning po‘stlog‘i ham to‘kilib ketibdi. Hovlini ajriq bosibdi. Yassi toshlardan o‘rilgan zinapoya ikkinchi qavatda ayvonning chekkasiga yondashib turibdi. Uyning tomini o‘zi buzib, g‘ishtini olib ketgandi. Tog‘ emanidan yo‘nilib yotqizilgan og‘ir to‘shama yo‘sin bosib ketgan, lekin chirib to‘kilmagandi. Eshik-derazalarning urinlari ko‘r odamday nom-nishonsiz olislarga qarab turardi.
Qaribali zinaning yer bilan tutashgan uchida — biqinidan mayda oq qo‘ziqorinlar bo‘y cho‘zgan toshning ustiga o‘tirdi. Papiros chekdi. Jahli chiqqan paytlarda bo‘lgani kabi qo‘li bilan chap tizzasini silay boshladi.
Tabiiy, iliq bir harakat Kamronning qalbini titratib o‘tdi. Go‘yo uning bir yarim-ikki yoshli bola xayolining qaysidir qunjida bu hayot shundayligicha qotib qolgan, endi bo‘lsa, o‘tkinchi, lahzalik xotira quduq tubida miltillagan suv singari yaltirashga, davrning juda olis ufqlaridan tovus patlariday tovlana boshladi. Oyoqlari ostida qurigan yong‘oq po‘stloqlari sochilib yotardi. Shudringda yuvilgan, tozalanib, oppoq bo‘lib yotgan mayda yong‘oqlar bir-biriga urilib sharaqlardi. Hovuchidagi qo‘sh yong‘oqni sindirib, tozalaganicha daraxtlar orasidan yurib ketdi.
Bog‘ning ichidan so‘qmoq yo‘l tushgandi. Chetan to‘siq tagidan ko‘karib chiqqan maymunjondan hatlab o‘tib to‘xtadi. Yo‘l ko‘ndalang cho‘zilib, kichik tepalik orqasiga o‘tib ketardi. Kamron tepachaga ko‘tarilib, chuqurlikdagi uyni ko‘rdi. Ikki qavatli uyning hovlisida tovuqlar yer titkilardi. Sut mashinasi ko‘zga tashlanardi. Qalangan o‘tinlar ustida og‘zi pastga qaratilgan idishlar oqarib turardi.
Chuqurlikda qishloq manzarasidan keskin farq qiluvchi besh-oltita uy bir-biridan arazlagan kabi orali-orali turishardi. Hammasining peshtoqi bir tomonga qaratilgandi. Hovlida daraxtdan-daraxtga tortilgan ipdan yuvilgan kiyimlarni yig‘ishtirayotgan qiz Kamronning atrofni kuzatayotgan nazariga tushdi. U bu yerda birovni uchrataman deb o‘ylamagandi. Qizning yuzi narigi tomonga qaragani uchun yigitni ko‘rmasdi. Yengida ipdan olingan kiyimlar bor edi. Yuqori cho‘zilganda tizzalaridan baland ko‘tarilgan qizil ko‘ylagi kechki shabadada hilpirar, bo‘yniga tushgan durrasi ostida ikki o‘rim sochi to‘lg‘anardi.
Orqaga burilib ko‘ylaklarni bo‘sh tog‘oraga joylayotganda uni ko‘rdi. Qo‘lini ko‘ylaklardan olmasdan yuzini yelkasidan osilib turgan o‘riklari orasidan Kamronga tomon o‘girdi..
Asta-sekin boshini ko‘tardi. Siynasidan pastga osilib, beli uzra chulg‘anayotgan soch o‘rimlarini qo‘li bilan orqasiga tashladi. Boshining keskin harakati bilan kuragiga joyladi. Tepalik ustida, kuz oqshomining oqargan ufqlari og‘ushida Kamronning qomati kattalashgandi, bo‘yi-basti yanada aniq ko‘zga tashlanardi.
— Xush kelibsiz!
Qizning jarangdor va titroq ovozida bu uyning, ehtimol butun qishloq nomidan gapira olish hissidan paydo bo‘lgan bamaylixotirlik va sobitlik sezilardi. Ko‘rinib turibdiki, ora-sira kelib biror narsa so‘ragan odamlarga javob berib ko‘nikma hosil qilgan, malaka oshirgan va ro‘parasidagi odamning kimligi uni unchalik ham qiziqtirmasdi. Qaysidir egasiz uyning mehmoni bo‘lsa kerak. Demak ularning mehmoni...
Orasidan o‘tib kelgan bo‘m-bo‘sh bog‘, uylar kabi qiz ham Kamronga juda tabiiy tuyuldi. Bu egasizlik, kimsasizlikda o‘z ishi bilan band qizning siymosi yigitning yuragida marhamatga moyil kadarli bir his uyg‘otdi.
— Xushvaqt bo‘ling!
Bu so‘z yuzida mayin tabassumga aylandi. Aytadigan biror gapi, so‘raydigan biror savoli yo‘q edi. Kelgan yo‘li bilan asta-asta orqaga qaytdi.
Qaribali hamon o‘sha joyida o‘tirardi.
— Bu yerda yashayotganlar kim, ota?
— Fermaga qarayotganlar bo‘lsa kerak. Shunday deb eshitganman...
* * *
Buloq yonida o‘n-to‘rt-o‘n besh yoshli ikki bola turardi. Ular mashinani tomosha qilishardi.
Yigitchalar dag‘allashgan qo‘llarini uzatib, odob bilan ko‘rishib, salomlashdilar.
— Kimsizlar, bolam?
— Baylarning o‘g‘limiz, amaki.
Eshitgan ismi tiliga kelgan boshqa bir savolga monelik qildi. Ozg‘in, baland bo‘yli, ochiq chehrali tog‘lik bolalarni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi.
Dumaloq yuzlari, chag‘alay qanoti kabi uchidan qayrilib pastga egilgan uzun qoshlari tagida katta ko‘zlari bilan qarashardi. Qisilgan lablari yuzlariga jiddiylik baxsh etar, ularni bo‘y yetgan yigitlarga o‘xshatardi.
“Qosh-ko‘zlari muncha onalariga o‘xshab ketibdi... Shahnozning bolalari”. Olis yillarning, chang yo‘llarning nafasini yangitdan tuyganday bo‘ldi. Qishloqning oxiridagi chetan to‘siqning narigi tomonidan yig‘layotgan ayollarning boshi uzra Shahnozning ro‘moli Baylarning emas, uning orqasidan silkinib qolgandi...
Nigohi beixtiyor o‘sha tomonga qadaldi. O‘sha joyda, ayni Shahnoz turgan joyda endi olcha daraxti silkinib turardi. Urush yo‘li og‘ir musibatlarda o‘tgandi. Leningrad qamali... O‘ziga ham tush kabi eslanayotgan qora, azobli kunlar.... Uni o‘lim changalidan va asirlik asoratidan b ir tasodif qutqargandi. Bularning barchasi hayotining oqimini to‘xtatgan, uni urushdan keyin ham ancha ur-surlarga ro‘para qilgandi. Urushdan kechikib qaytdi. U kelganda Shahnoz yo‘q, Baylarning xotini bor edi.
Hali hozirning o‘zida ham oydinlashtira olmasdi. O‘sha payt Baylardan xafa bo‘lishda, adovat saqlashda haqlilashdi? Axir, uning istagidan Shahnozdan boshqa kimning xabari bor edi? Unga endi hech qanday qo‘l yetolmaydi. Sovuq tuproq ustiga tortilgan pardani hech xohish-iroda ko‘tara olmaydi. Qaqshab qurigan badanning, hammaning ko‘z o‘ngida shamday erib so‘ngan go‘zallikning yodgorlari Qaribalining oldida turishibdi. “Shahnozning yodgorlari...”
Baylar kolxoz raisi edi. Yuqorida, cho‘qqilarga eltuvchi so‘qmoqlarda, chegara yoqalarida bo‘lgan qadimiy qishloqlar yer maydonlari, ekin-tikin yerlari yetishmaydi bahonasida cho‘lga ko‘chirilganda, Mug‘onda yirik xo‘jaliklar tashkil etilganda, u tog‘dan ko‘chib ketmagan, daryo bo‘yidagi qo‘shni qishloqqa tushgan, xo‘jalik kichiklashsa-da, ishni tashlamagandi.
— Baylar qaerda, ahvoli qanday, nima ish qilayapti?
— Ferma mudiri, ovullarga ketgandi, qaytadigan paytlari bo‘ldi.
Baylar bilan uchrashuvi endi unga avvallar bo‘lgani singari ko‘ngilsizlik tug‘dirmasdi...
* * *
Ot tuyog‘ining tovushiga o‘girildilar.
— Otam keldi,– dedi bolalardan biri.
Baylarning oti yo‘rg‘alib kelardi. Egar charchatganidan yonlab o‘tirib olgandi. Yelkasida eski ov miltig‘i. Ozg‘in, sog‘lom yuzidagi tabassumi yoshligidan qolgandi, o‘zgarmagandi.
Hoy bola, mehmonni buloq yonida ushlab o‘tiradilarmi?!– o‘shqirdi rais bolalariga.
Otning boshidan oshirib yuganni ularning ustiga tashladi. Telpagini peshonasidan orqaroqqa surdi-da, mehmonlarga diqqatla qaradi. Baland, suyakdor gavdasini oldinga engashtirib, qo‘llarini keng ochdi. Ularni tanidimi, tanimadimi, quchoqlashib ko‘rishmoqchi edi. Har ikkovini diqqat bilan ko‘zdan kechirdi.
— Nima, shunchalik tanilmaydigan bo‘lib qolibmizmi, Baylar?
— Qaribali!
O‘tgan yillar hech qaysining ovozini o‘zgartirmagandi.
Quchoqlashishdi. Baylar sevinchidan gapini to‘xtata olmasdi.
— Xo‘sh kelding, jo‘ra, safo keltirding, Marhabo. Baribir shaytonga hay berding, oyog‘ini sindirding-a. Shunchalar e’tibor bo‘ladimi?!
Kamronga yuzlandi:
— Bu ham sizlardan chiqar, Kamronmi yoki?!
— O‘xshaydi shekilli.
— Ha, xolasi go‘zal, nega chetda turibsan. Odam qishloqi amaki-sini yoqtirmaydimi? Oldimda o‘ynab, yugurib yurarding.
Kamronni quchoqlab, yuzidan o‘pdi. Orqaga tisarilib bo‘y bastiga qaradi.
— Mosholloh, otangga tortibsan. Yeganlaring bo‘yingga beribdi-da. Ammo lekin aqldan ularga o‘xshamabsan. Ta’rifingni eshitganman. Tog‘likmiz dema. Bu gap bizlarga tegishli! Bular menging Tarlan, Elmon bolalarim. Kelib amakilaringiz bilan tanishsalaringchi, hoy ahmoqlar!
— Ko‘rishganmiz.
— Unda yuguringlar uyga. Miltiq bilan o‘ynashmanglar, xo‘pmi. Gulshanga aytinglar, mehmonimiz bor deb. Egardagi qushlarga ham qarasin. Cho‘l odamlari kaklik dimlamasiga o‘ch bo‘lishadi.
Qaribaliga tomon burildi.
— Mashinani nega bu yerda qoldirding?
— Chetanlar orasidan o‘tolmaymiz deb qo‘rqdik.
— Qishloqning chekkasidan aylanamiz. Yuqoridagi yo‘l tekisroq.
Mashina eshigini ochib, oldinga, Qaribali yoniga o‘tirdi. Kun botish tomondan Qizilqoyaga qarab yurishdi. Qoyalarning etaklarida marmar singari silliq toshlar qalab tashlangandi. Shu yerdan qabriston boshlanardi.
Mashina to‘satdan to‘xtadi.
— Tushib, bu yoqqa kel, Baylar!
Qabristonning kattaligi Komronni hayratga soldi, g‘arbda bir uchir qoyaga borib taqalgan so‘qmoq bo‘yi cho‘zilib ketgandi. Qabr toshlarining usti boshdan-oyoq yozuvlar bilan to‘la edi. Eski alifboda bitilgan toshlar yozuvi o‘qib bo‘lmas darajaga kelgandi. Go‘yo dunyo yaralgandan beri bu toshlar ham shunday bezakli – yozuvli saf tortib turardilar. Ufqqa engashgan kunning so‘nggi nurlari toshlarning soyalarini qishloqqacha uzaytirgandi. Kamron cho‘kkan oqshomda, xarobaliklarda, yangi yo‘nilgan qabr toshlari kabi qishloq ustida yuksalgan chinorlarda, bu egri-bugri eski yozuvlarda qandaydir sezilmas, ko‘zga ko‘rinmas bir bog‘liqlik tuyardi.
Otasining o‘z qavmlarini yo‘qlab ziyoratga kelganini his qilardi. Bir-biridan uncha ajratib bo‘lmaydigani jalb qiluvchi tuyg‘u vaqt devorini buzib, naslining ruhi yotgan qishloq qabristonining chekka bir go‘shasiga seni oyoqlaring beixtiyor yetaklaydi.
— Biznikilar shu yerda yotishibdi...
Kamron qabr toshlarining ustidagi yozuvlarni hijjalay boshladi: “Qorajali Jahongir...” Baylar unga taajjubla qarab turardi.
— Bu yozuvlarni qanday o‘qiyapsan?– so‘radi u.
Kamron esa javob bermay o‘z ichida davom etardi: “Qorajali.. Qorajali... Qorajali Kamron”. U bu nomni hayrat-la baland ovozda o‘qidi. Otasi:
— Bo‘libdi, – dedi. – Shunday bir odam... Bundan ancha oldin. Ismini senga qo‘yishgan. Buvangning istagi edi.
* * *
Boya Kamron ko‘rgan uyga kelishdi.
Keng xonaga gilam, sholchalar to‘shalgandi. Devor bo‘ylab yerga quroq ko‘rpachalar tashlangandi.
Qaribali bilan Baylar to‘rda yonma-yon o‘tirishdi. Komron Baylarning chap tomonida, kursiga o‘tirdi.
— O‘tira olmayapsanmi, hoy yigit! Ko‘cha-ko‘chlik-da, birodar. Yoz-kuz esa uyimiz. Quyi qishloqqa kelsang, insholloh... Cho‘lchilikni kechirasan, albatta.
— Ha, mening kunim ham cho‘lda o‘tayapti,– javob berdi Kamron gilamning o‘siq tuklarini qo‘li bilan tekislarkan.
– Hunarlari shunaqa. Ko‘hna yurt yerlarini qazishadi. Yozda bizning Moranqal’ada ishlashdi.
– Unda nega xabar bermadinglar. Yoki bizlarni begona sanay-sizlarmi?
– O‘g‘lim tanimaydi, mening esa hech esimga kelmabdi.
Gulshan o‘rtaliqqa dasturxon yozarkan, suhbatga quloq solardi. Xona to‘litb ketdi. Mehmonlar bilan ko‘rishib, o‘tirdilar. Keyin ayollar ro‘mollarining uchi bilan ko‘zlarini arta-arta bitta-bittadan chiqib ketishdi.
Dasturxonga kapalak qanotiday yupqagina Yuxa qo‘yildi. Katta-katta idishlarda bug‘i chiqib turgan qovurma qo‘zi go‘shti tortildi.
Kaklik chig‘irtasini memonlar oldiga surishdi. Qatlama, pishloq, meva-cheva dasturxonni bezadi.
– Hoy, Gulshan qizim, burchaklarni bir axtarib ko‘p, tomoq ho‘llaydigan biror narsa topilarmikan?
Gulshan qalin bardoqlar va bir necha “tomoq ho‘llagich”lardan keltirib quydi.
Baylarning uzoq yillar dardi, quvonchi, bir bo‘lgan yon qo‘shnisi bilan qancha vaqt ayriliqdan so‘ng uchrashishdan his etgan sevinchi, shirin mehmonnavozligi o‘tirishni yanada qizdirib yuborgandi.
Qaribalining hayoti, Kamronning Bokudagi ishi – kasbi tog‘ qishloqlarini yangidan obodonlashtirish uchun cho‘ldan qaytib ko‘chib kelgan odamlarning umrguzaronligi haqidagi suhbatlar davra-dagilarga alohida ko‘tarinkilik baxsh etgandi. Qaribali hamqishloqlaridan bo‘lak tushgandi, hamisha so‘rab surishtirolmasdi. Endi bo‘lsa yangi xabarlar eshitib turibdi. Aholi ahvolining yaxshilanishi uni sevintirardi.
– Quyi qishloqni ko‘rdim, tuppa-tuzuk shaharcha bo‘libdi-qolibdi.
– Hali janub tomonlarni ko‘rasan! Bilsang agar qancha uylar qurilib, hovli joylar solingan. Hammasi ham cho‘lda yaxshi yashagan ekanlar. Anchagina yig‘inib, mashinali bo‘lib qaytishibdi.
– Mashinasi borlarga bu yo‘llarda yurish ancha qiyin bo‘ladi-da.
– Hamma narsa turmushga bog‘liq, birodar. Hayot o‘zgarsa, uy-joy bo‘lsa, non-namak bo‘lgandan keyin yo‘l o‘z-o‘zidan tuzalib ketadi. Yurgan oyoq o‘ziga iz topadi. Endi, baraka topgur, shirkatlarimiz cho‘ldagi qaysi xo‘jalikdan kam? Toza havomizni, suvimizni, o‘tin-o‘chog‘imizni aytmayapman. Bu sohani tezroq yo‘lga solish kerak edi. Yozda ko‘rasan yaylovlarimizni. Bug‘doy bo‘y baravar ko‘tariladi. Kartoshka maydonlarining boshi-oxiri ko‘rinmaydi. Shuncha ekin maydonlarining egasiz yotishiga kimning ko‘zi qiyadi.
Qaribali papirosini tutaganicha quloq solib o‘tirardi. Ko‘z o‘ngida Qizilqoyaning yigirma-o‘ttiz yil oldingi qiyofasi gavdalanardi.
– Hoy, Gulshan, samovarni olib kelsang-chi...
Qaribali bu safar xayolida uyg‘ongan xotiralari ta’siri bilanmi yoki nimagadir qizga diqqat-la qaradi... “Yo tavba, xuddi onasining o‘zi-ya”. Poygakda o‘tirgan Alish o‘rnidan turib samovarni oldi. Bardoq-choynaklar turgan patnisning chekkasiga o‘rnatdi.
– Demak choyning azobini o‘zim tortarkanman-da.
– Ho zolim o‘g‘li, namuncha og‘ir ishga urding o‘zingni,– so‘z otib kuldi Baylar.
Alishning qisilgan nozik lablari ovqatdan keyin yaltirab turardi. Qaribali qishloqda o‘tgan yosh-yalanglar kechalarini esladi.
– Hoy Alish, balabaning turibdimi?
Alish kuldi.
– Esingizdan chiqmabdi-da.
–Yo Olloh, uni so‘rattir. Sen chalgan navolarni eslasam burnimning uchi achishardi.
Baylarning yuragidagini topishgandi.
– Quysang-chi, nozingni. Shu odating qolmadi-qolmadi-da!
Alish qaddini rostladi, pijjagining cho‘ntagidan qorayib ketgan, ustida barmoqlarining izi qolgan yalpoq balabanni oldi.
– Qaribali kelibdi deb eshitdim, ehtiyot chorasini ko‘rdim. O‘sha payttlardagi odatlarimiz esimdan chiqqani yo‘q.
Yassi balaban yo‘g‘on, yurakni titratuvchi tabiiy tovush bilan kuylay boshladi. Shikasta kuyida kechaning tarovatidan, olis yulduzlar shu’lasidan, tog‘larning so‘zsiz navolaridan yig‘ilgan bir joziba bor edi. Shikasta navo oy shu’lasida daralar bo‘yi cho‘zilgan tog‘ jilg‘alari singari sut rangini taratar, uyga tevarak atrofning, bahmal chamanlarning atrini, havosini ufurardi. Ayollar ayvonda, deraza oldida o‘tirishardi. Gulshan ichkari o‘tgandi. Eshik oldida devorga suyanib turardi.
Kamron yillar osha otasining xotirasida yashagan bu havoning kuchini, sirini tuyushni istardim. Birdaniga unga shunday tuyuldiki, bu havo topib yuzaga chiqarganlari xum qabrlarining tarixidan so‘zlaydi. Bu tovushda qadimiy shaharning devorlarida aks-sado berguvchi bayatilarning1 hazinligi yashaydi. Qabristondagi mozor toshlari singari shikastada ham necha naslning nomi, muhri bor. Nigohlar eshik oldida o‘zini unutib turgan qizga qaratildi. Boyadan beri ilk dafa qizga diqqat bilan qaradi. Alish chalayotgan navo tog‘ buloqlarining suvi singari qizning yuzidan charchoqni, qayg‘ularni yuvib ketgandi. Ko‘zining oldida umrining eng gullagan chog‘ini yashayotgan bir go‘zal turardi.
Kamronga shunday tuyuldiki, bu navo bilan uning quloqlariga necha zamon shu mo‘‘jazgina qishloqda qad rostlab o‘sgan yong‘oq, chinor daraxtlarining tuproqqa singgan uzoq shitirlashlari, yuz yillar davomida buloqlar bo‘yida jilvalangan go‘zallarning mozor toshlari ostida yashiringan navolari yangramoqda.
Qaribalining papirosi tutab turardi. Baylarning kulgi arimaydigan yuzi jiddiylashgandi. Sukutni balabanni cho‘ntagiga joylagan Alishning o‘zi buzdi.
– Mana shunday ishlar...
* * *
Baylarning barcha e’tirozlariga qaramay, Qaribali o‘z uyi ayvonida yotish fikridan qaytmadi. Davrada o‘tirganlar ham uning orzusiga qarshi chiqolmadilar.
– Qo‘y, hovlida bir chiroq yoqsin,– deyishdi.
Baylar Gulshanni chaqirdi.
– Chiroq olib bor, bolalarning har biriga bir sidradan ko‘rpa-to‘shak ber. Amakinglarning ayvonini tozala, sholcha to‘sha, yotishga joy tayyorla.
Qaribali Kamronga o‘girildi.
– Sen ham tur, yordamlash. Balki mashinadan chodirni olarsan?
Kimdir e’tiroz bildirdi.
– Xuddi yoz havosiga o‘xshaydi. Ochiq havoda uxlash hammasidan yaxshi.
* * *
Ayvonning bir chekkasiga qo‘yilgan chiroq to‘lin oy yorug‘ida xiralashgandi. Gulshan ayvonga joy soldi.
Tarlon bilan Elmon chetan atrofidan xas-xashak keltirib hovlida o‘t yoqishdi. Oyoqlari bilan kurab olib kelgan xazon olovda lovullar, barg izlari nozik sim kabi oqarar, o‘choqning ustida naqshlar chizardi. Oy yorug‘i parda misol bog‘lar ustiga qo‘ngandi. Qishloqning bo‘shligi sezilmasdi. So‘qmoq bo‘ylab chegara soqchilari manzillarining chiroqlari qatorlashib ketgandi.
Gulshan kirib keldi. Gulxan oldida turib sovqotganday qo‘llarini olovga tutdi. Yuzi gulxan yorug‘ini ko‘zguday aks ettirardi. Kamronga agar qizga yaqinroqdan qarasa uning yonoqlarida o‘z aksini ko‘rishi mumkinday tuyuldi.
– Kechasi sizlarga sovuq bo‘ladi. Qaribali amakini o‘z aytganidan qaytara olmadik.
– Tog‘larning ayozigaa ko‘nikkanman.
– Butun yoz bizning vohada ishlabsizda?
– Ha.
– Bizlarnikiga esa endi keldingiz...
– Sizlarni tanimasdim. Hech qaysi qishloqni ham tanimasdim.
Qiz boshini ko‘tardi, bo‘ynini sal egib, olovning ustidan unga qaradi. Uning ko‘zlarida bir savol chaqnaganday bo‘ldi. Buni Kamron “Tanisangiz kelarmidingiz?”– degan ma’noda tushundi.
Kamron hamishagi odati – sochlarini peshonasidan chetga surib qo‘ydi. Kulimsiradi. Go‘yo tanimaganining gunohi unda edi.
Bog‘ orasi yo‘lda Qaribalining papirosi yorishib kelardi. Baylar bilan gaplasha-gaplasha yaqinlashardilar.
Baylar qiziga o‘girildi:– Bor, bolalarning joyini sol. Uxlashsin. Hademay darsga borishadi.
Qaribali gulxan yonida yuzma-yuz turgan yoshlarga qaradi. Har birining yuzi olovdan qizargandi. U birdaniga Kamron bilan Gulshan bir-biriga juda ham o‘xsharkan deb o‘ylab qoldi va miyasiga kelgan bu fikrdan faxrlanib qo‘ydi. Endi uning tasavvurida o‘g‘liga yonma-yon turadigan Gulshandan, “Shahnozning yodgori”dan loyiq qiz topilmasdi.
Gulshan ukalari bilan ketdi.
– Ha,– dedi Baylar,– bolalar ham mening ahvolimga tushib qolishdi. Har kuni pastdagi qishloqqa qatnashadi. Qiz bultur maktabni bitirdi. Institutga bormadi. Sizni yolg‘iz qoldirolmayman, dedi. U bo‘lmasa fermada ishlay olmasdim.– Biroz jim qolgach, ilova qildi.– Avlodingning yaxshisi baxting ekan. Qizim onasi tirikligida jafokash edi. Keyin esa bolalarga onalik qildi.
Kamron istar-istamas, ketganlarning ortidan bo‘ynini cho‘zib qaradi... Ular daraxtlarning panasiga o‘tishgandi.
* * *
Kattakon, yumshoq bolishga tirsaklanib, hovliga qarardi. U yerda otasi bilan Baylar sekin gaplashib turishardi. Kamronga ularning yonida Gulshan ham boyagi vaziyatda turganicha bo‘ynini sal yon tomonga egib, olovning yorug‘idan yanada yiriklashgan ko‘zlarini olib unga qarayotgandek tuyuldi. Ko‘rpaga mahkam burkanib oldi. Yumshoqqina to‘shak joniga ora kirdi.
* * *
Otasi undan oldin uyg‘ongandi. Papirosini tutatgancha hovlida yurardi.
Ayvonning pastidan kimdir kelardi. Kamron erta tongda umrida hech qachon tuymagan bir go‘zallik va sevinch his etdi. Ustunlar orasidan chiqqan Gulshan edi. Ikki-uch kunlik qo‘ng‘ir qo‘zichoqning old oyoqlaridan ko‘targancha olib kelayotgandi. Qaribali bilan salomlashib o‘tdi.
– Choy tayyor, amaki...
Kamronga bu ovoz uzoq yillardan beri tanishdek tuyuldi.
O‘rnida burilib tikkaydi. Ko‘zlariga ishonmadi. U tomonda, past-baland tog‘larning ustida o‘y-xayollar yetib borolmaydigan yuksaklikda oqargan cho‘qqi tong shafag‘i ostida barq urar, oppoq mo‘‘jiza kabi yal-yal yonardi.
O‘g‘lining qaerga qarayotganini sezgan ota:
– Savalang tog‘i shu,– deb qo‘ydi.
Bu so‘zda izohsiz, ilovasiz har narsaga oydinlik kiritadigan bir qudrat bor edi...
* * *
– Bir-ikki kun qolsangiz, osmon uzilib yerga tusharmidi, Qaribali!
– Yo‘q, havo yaxshiligida qaytib borganimiz durust. Kamron ham ishga shoshayapti.
– Hech bo‘lmasa tez-tez kelib tur...
– Salomatlik bo‘lsa...
Kamron mashinani yurgizdi. Buloq yonida Baylar va o‘g‘illari kutib turardi. Sal narida Gulshanning qizil ko‘ylagi ko‘zga tashlanardi. Yong‘oq daraxtining shoxida patlarini hurpaytirib yolg‘iz bo‘z chumchuq chiy-chiylardi. Kamron nimagadir o‘yga tolib turgan qiz bilan shu kichkinagina qushcha orasida yaqinlik borligini his etdi.
Qizilqoya butun bir tosh kabi yuksalar, sahar yorug‘ida ko‘z qamashtirardi. Boshqa-boshqa ranglarda tovlanayotgan toshlar, qoyaning siynasidagi qiya-qiya yo‘llari Kamronga qabr toshlaridagi yozuvlarni eslatdi...
Uzoq yo‘llar qat-qat bo‘lib ochilar, vodiyda oqargan daryo bilan qo‘shib ketardi. Kuzning tiniq suvlari po‘lat eritmasi kabi kumushlanardi. Lekin tog‘lar erib tugaydiganga o‘xshamasdi.
Ozarbayjonchadan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 9-son.