OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sodiq Hidoyat. Lola (hikoya)

Tong sahardan boshlab osmonda bulutlar yugurgilab qoldi. Etni junjiktiruvchi sovuq shamol esar, uning ta’sirida sarg‘aygan nimjon yaproqlar bandidan uzilar, havoda charx ura-ura yerga tushardi. Daraxtlar tagi qalin bargixazon bilan qoplangan edi. Bir gala qarg‘a qag‘illagancha noma’lum tarafga uchib ketdi. Qishloq uylari uzoqdan bir-biriga yopishtirilgan gugurt qutilariga o‘xshab ko‘rinar, ularning ko‘rimsiz eshik va derazalari muvaqqat yashash uchun naridan-beri qurilgan maskanni eslatardi.
Xudodod chaqqon va dadil qadam tashlab borar, vujudiga toza kuch quyilayotganini his qilmoqda edi. U vodiy bo‘ylab yiroq-yiroqlarga cho‘zilib ketgan, yomg‘irdan nam yo‘ldan borardi. Sovuq shamol uning badanini erkalab siypayotgandek his qilardi. Nazarida daraxtlar raqs tushar, qarg‘alar shodlik mujdasini olib kelar, xullas, butun tabiat uning shodu xurramligiga sherik edi. U go‘yo yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqqandek, qo‘ltig‘idagi qalami tugunni mahkam qisib olgan edi.
Xudodod oltmish yoshlardagi suyagi buzuq odam. Qomati baland, soqol-mo‘ylovi moshrang, ko‘zlari yosh yigitnikiday chaqnab turadi. Egnida dehqonlar kiyimi va boshida sarg‘ish namat telpak. Har qadam tashlaganida cholvorining pochalaridan oftob va mehnatdan qorayib yorilgan boldirlari mo‘ralab qolardi. Yigirma yil ilgari u o‘z shahri Damovandni tark etib, go‘shanishinlikni ixtiyor qildi. Mozandaron yo‘li yaqinidagi Alo nomli buloq yonida u tosh va loydan o‘ziga bir kulba tikladi va o‘shandan beri shu yerda yolg‘iz yashaydi. U o‘z qo‘li bilan yer chopar, sug‘orar, ekin-tikin qilardi. Bu ish bilan vaqtida ota-bobosi, ehtimol, boshqa uzoq ajdodlari ham shug‘ullanishgan. O‘ziga meros qolgan yerning yarmidan ko‘prog‘ini u qahatchilik yillarida sotdi, to‘g‘rirog‘i, unga alishdi. Endi uning bir parchagina yeri qolgan bo‘lib, shundan olinadigan ozgina hosil bilan tirikchilik qiladi.
So‘nggi ikki-uch yilda Xudodod atrof qishloqlar va Damovand bozorida tez-tez ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Uning zohidligiga ko‘nikkan odamlar bu o‘zgarishdan ajablanishardi. Xudodod ayollarbop libos uchun gazlama, qand, choy va boshqa mayda-chuydalar xarid qilardi. Ba’zan uning tog‘ yonbag‘irlarida bir yosh lo‘li qiz bilan yetaklashib yurganini ham ko‘rib qolishardi. 
To‘rt yil ilgari, ayoz temir barmoqlari bilan odamning yuzini chimchilaydigan sovuq qish tunlaridan birida, Xudodod chiroqni o‘chirib, endigina o‘rniga yotuvdi hamki, g‘alati bir ovoz qulog‘iga chalindi: go‘yo kimdir zaif tovush bilan nola qilar, uning inson yo hayvonligini ajratish mushkul edi. Tovush tobora yaqinlashib kelardi va nihoyat, kulba eshigi taqilladi. Insu jin va bo‘ridan ham qo‘rqmaydigan Xudodod o‘rnidan turarkan, yelkasidan sovuq ter chiqib ketganini sezdi. Eshik oldiga kelib, “kimsan, nima kerak senga?” deb qancha so‘ramasin, hech qanday javob bo‘lmadi. Xudodod titroq qo‘llari bilan chiroqni yoqdi, o‘tin yoradigan boltani mahkam ushlab, eshikni lang ochib yubordi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, eshik oldida qizil ko‘ylak kiygan, ayozdan ko‘z yoshlari yonoqlarida muzlab qolgan yoshgina lo‘li qiz turardi. Xudodod boltani kulba burchagiga otib yubordi, qizni qo‘lidan ushlab ichkariga olib kirdi. Uni o‘choq yonida isinishga qo‘yib, o‘zi eski-tuskilardan to‘shak hozirladi.
Ertasiga ertalab qizdan qancha so‘rab-surishtirmasin, biron natija chiqmadi. Go‘yo qiz o‘zi haqida churq etmaslikka qasam ichganday. Qizning indamasligi Xudododning unga Lol yoki Lolu deb ism qo‘yishiga sabab bo‘ldi. Bora-bora bu ism Lolaga aylanib ketdi. 
Hozir lo‘lilar ko‘chib yuradigan mavsum emasdi. Shuning uchun Xudodod, bu qizcha osmondan tushdimi yo yerdan chiqdimi, deb hayron bo‘lardi. U kulbadan chiqib, iz olmoqchi bo‘ldi, ammo iz namchil bargixazon orasida yo‘qolib ketdi. Alo bulog‘i yaqinida yashovchi tegirmonchidan lo‘lilar haqida so‘ragan edi, u, bilmayman degandek, yelkasini qisdi. Nihoyat, Xudodod to egasi chiqmaguncha, qizni o‘zinikida asrab qolishga ahd qildi.
Lola o‘n ikki yoshlardagi qiz bo‘lib, yuzi bug‘doyrang, ko‘zlari fusunkor edi. Qo‘llari va peshonasi o‘rtasiga ko‘k rangli xol qo‘yilgan. Qizni asrab qolganidan so‘ng, Xudodod o‘tgan-ketgan lo‘lilardan uning qarindoshlari haqida ko‘p so‘rab-surishtirdi. Ammo bironta lo‘li Lolani taniyman, demadi. Tez orada Xudodod o‘zi unga o‘rganib qoldi. Uni hech kimga bermasdan, o‘ziga farzand qilib olishga ahd qildi...
Lola yil sayin ulg‘ayib borarkan, bora-bora Xudododning ko‘nglida qizga nisbatan allaqanday boshqacha, otalik tuyg‘usiga o‘xshamagan hislar uyg‘ona boshladi. Endi u Lolaga bir erkak sevgisi bilan mehr qo‘ygan edi. Ishq vasvasasiga duchor bo‘lgan Xudodod xonaning o‘rtasiga parda osib qo‘ydi. Eng yomoni shu ediki, Lola uni “ota” deb chaqirar, qiz har gal “ota” deganida, Xudododning rangi o‘zgarib ketardi.
Bir kuni Xudodod uyiga qaytganida kulba oldida yurgan ikkita tovuqni ko‘rdi. U Lolaga o‘g‘irlik yomonligi, bu ishni qilgan odam o‘z qilmishi uchun do‘zax o‘tida yonishini aytib, harchand nasihat qildi hamki, qizga zarracha ta’sir etmadi. U ayyorona kulimsirab, gapni boshqa tarafga burdi.
Lola sayr qilishni juda yoqtirar edi. Agar ikki-uch kun tinimsiz yomg‘ir yog‘ib, uyga uzoq qamalib qolishga majbur bo‘lsa, zerikar va qiyofasi g‘amgin tus olardi. Ob-havo yaxshi kunlari u Xudodod bilan yoki yolg‘iz o‘zi sayr qilardi. Ko‘pincha Lola sayrga tanho chiqar va bu hol Xudododning badgumonligiga sabab bo‘lardi. Chunki u qizni bir necha bor cho‘pon yigit Abbos bilan ko‘rib qolgan, shu sababli bu yigitni o‘ziga raqib deb hisoblardi. Hatto bir kuni u Abbosning maymunjon terib, Lolaning og‘ziga solayotganini ko‘rdi. Kechqurun Xudodod begona erkak bilan gaplashish yomon ekanligini aytib, unga dashnom berdi. Lolaning ko‘zlarida yosh g‘iltillay boshlagach, qishloq odami emasmi, sodda yuragi yumshadi.
Abbosning onasi ikki marta sovchilikka kelib, Lolani o‘g‘liga so‘radi. Xudodod har gal Lola hali yosh, deb bahona qilib, uni qaytarar edi. O‘z ko‘nglida esa Abbosday bir dangasa odam uning ellik yil ichida qirib-qirtishlab to‘plagan mulkiga merosxo‘r bo‘lishini istamas edi. Aslida ham, agar Abbosday dehqonchilik qo‘lidan kelmaydigan betayin kimsa unga voris bo‘lsa, ajdodlari ruhlari qay holatga tushadi? Buning ustiga, u o‘z kulbasidan panoh bergan, yedirib-kiydirib katta qilgan, misoli daraxt niholi kabi parvarishlab odam qilgan qizga allaqayerdagi bir odam tayyor oshga bakovul bo‘lib o‘tirsa! Nima, keksa odamning ko‘ngli qirmizi olma tusamaydimi? Lolaga o‘zi uylansa nima bo‘pti?! Biroq u bu ish osongina bitmasligini, qizning roziligi shart ekanligini anglardi. Buning ustiga qiz uni “ota” deb chaqirish odatini tark qilmagan, hammasidan ham mana shunisi Xudododni ko‘proq tashvishga solardi.
Tunlari qiz uxlab yotganida, Xudodod chiroqni ko‘tarib uning tepasiga kelar, yuzi, ko‘kragi, yelkalarini tomosha qilardi. Ba’zan u devona kabi tog‘larga chiqib ketar, daralarda bemaqsad tentirab, kech kirganda uyiga qaytib kelardi. U umid va qo‘rquv oralig‘ida yashar, rad javobini eshitishdan qo‘rqqani uchun qizga muhabbatini izhor qilishga botinolmasdi. Agar Lola: “yo‘q, sen qarisan” desa, unga o‘limdan boshqa chora qolmas edi.
Xudododning uyi oldida bir tosh supa bo‘lib, Lola ko‘pincha unda oyoqlarini osiltirib o‘tirar, ochiq boldirlari supa devoriga tegib turardi. Ba’zan u past va g‘amgin ovozda bir ashulani xirgoyi qilar, ammo birov yaqinlashsa, darhol jimib qolardi. Xudodod tasodifan qizning ashulasini eshitib qoldi va o‘shandan beri uni yana tinglashga mushtoq edi.
Bugun ertalab Xudodod Damovandga otlanganida ham Lola o‘sha tosh supada o‘tirar va har kungidan ko‘ra ko‘proq xursand ko‘rinardi. Ammo negadir, birga shaharga borishni istamadi. Xudodod unga:
— Senga ro‘mol olib kelaman, — dedi. 
Unga javoban qiz jilmayib qo‘ydi va bu jilmayishning bahosi Xudodod uchun yorug‘ dunyo bilan baravar edi. U Damovandning chaqqon bozoriga kelib, eng avval bazzozlik do‘konidan bir dona yashil va sariq naqshli ro‘mol xarid qildi. So‘ngra qand va choy sotib olib, xaridlarini qalami bo‘g‘chaga o‘radi-da, yirik odimlar bilan kulbasi tarafga ravona bo‘ldi. Xudododdek piyoda yurishga odatlangan kishi uchun shahardan uyigacha bo‘lgan ikki farsang masofa cho‘t emas. Keksayganiga qaramay, endi uning hayoti o‘ziga yarasha bir ma’no kasb etgan edi. Yo‘lda borarkan, u o‘zicha xayol surardi: “Bu ro‘mol Lolaga juda yarashadi. U buni yelkasiga tashlab, uchlarini siynasi ostidan bog‘lab oladi”. Shu zahoti, go‘yokim birov uning xayolidan voqif bo‘lgandek, uyalib ketdi va o‘ziga dedi: “Men uning go‘zalligidan otasi kabi faxrlanishim lozim. Otasi o‘rnidamanmi, yaxshi bir kuyov topib, uni uzataman”. Ammo cho‘pon Abbos qizni yaxshi ko‘rishini eslaganida, qoni yuziga tepib, tutaqib ketardi.
Yo‘l past-balandliklar, tog‘ daralaridan o‘tar, ammo Xudodod atrofdagi hech nimani payqamas, hatto charchoqni ham his qilmas edi. Oldinlari u yo‘lda yurganda atrofni tomosha qilar, yomg‘ir yog‘armikan-yo‘qmi, degandek osmonga boqar, ekinzorlarga razm solib, dehqonlarning hosili qanday bo‘lganini chamalab ko‘rardi, arpa, bug‘doy, loviya, ho‘l va quruq mevalar narxi haqida o‘y surib ketardi... Ammo hozir xayoli faqat Lolada edi. Bu yil uning yeri yaxshi hosil bermadi va u jamg‘armasidan bir qismini sarflashga majbur bo‘ldi. Ammo bular Lolaning bir tola sochiga ham arzimaydi.
Xudodod daraxtzor yonidan o‘tib, so‘qmoqqa burildi. Bu yerdan uning tepalikdagi kulbasi ko‘rinib turardi. Kulba uzoqdan yonma-yon qo‘yilgan ikkita pachoq gugurt qutisiga o‘xshardi. Xudodod bo‘g‘chani qattiqroq qisib, qadamlarini jadallatdi va tanish so‘qmoqdan tezda kulbasiga yetib keldi. Ammo Lola bu yerda ko‘rinmas edi. Tosh supa ham, uy ham kimsasiz edi. Xudodod kaftini dahaniga qo‘yib, baland ovozda chaqirdi: “Lola!.. Lola!..” Hech kim javob bermadi. U tashqari chiqib, yana bor ovoz bilan baqirdi: “Lola... Lola... Lolu... Lolu...”. Tovush tog‘larga urilib, aks-sado berardi: “Lola... Lolu...”. Xudodod sarosimaga tushdi. U tosh supaga chiqib, tevarak-atrofni ko‘zdan kechirdi. Hech bir tarafda qizil ko‘ylak ko‘zga tashlanmasdi. Xudodod xonaga qaytib kirib, qizning sandig‘ini ochib qaradi. Unga shu yil olib bergan yangi liboslar yo‘q edi. Xudodod aqldan ozishiga sal qoldi. Nima bo‘lganini tushunmay, miyasi qotdi. Kulbadan chopib chiqib, g‘izillab buloq bo‘yiga tushdi. Bu yerda uzun chopon va qora cholvor kiyib, boshiga ko‘k salla o‘ragan qishloq oxundiga duch keldi. U daraxt tagida tamaki chekib o‘tirardi. Oxund Xudododga shunday zaharli qarash qildiki, undan bir nima so‘rashga yuragi betlamadi. Yana biroz yurib, bola opichlab olgan qizil chodrali ayolni ko‘rdi. U ham Lola haqida hech narsa aytolmadi va Xudodod nochor kulbasiga qaytdi.
Atrofni tun qorong‘isi qopladi-yu, ammo Loladan darak yo‘q. Xudodod qanaqa yomon tushlarni ko‘rmadi, deysiz! Yo‘q, aslida u mijja qoqmadi ham. Vahimali xayollar bilan bedor bo‘lib, tiq etgan sadoga sakrab turar, har gal unga Lola kelayotgandek bo‘lib tuyulardi. O‘n martalab joyidan turib, pardani itqitib, qorong‘ida Lolaning sovuq to‘shagini paypaslab ko‘rar, titrab-qaltirab yana o‘z o‘rniga kelardi. Uni kimdir olib qochib ketdimikan? Aldashdimikan yo o‘zi ketib qoldimi?
Ertasi kuni havo musaffo va salqin edi. Xudodod Lolaga deb sotib olingan ro‘molni olib, uni qidirishga ketdi. Yo‘lida uchragan har bir odam unga dev yo ajdar bo‘lib ko‘rinardi. Boshidan beligacha qor bilan qoplangan ko‘kimtir-kulrang tog‘lar dilida qo‘rquv uyg‘otar, ariq labida o‘sgan yalpizning o‘tkir hidi tomog‘idan bo‘g‘ayotgandek bo‘lardi. Yo‘lda ikkita dehqonni uchratib, yuragini hovuchlab ulardan so‘radi:
— Lolani ko‘rmadingizlarmi?
Uni avval devona deb o‘ylashdi va bir-birlaridan so‘rashdi:
— Kim ekan u?
— Bir lo‘li qiz.
Dehqonlardan biri dedi:
— Ikki kun burun bir guruh lo‘li Mumajda chodir tikdi. Tag‘in shularni aytayotgan bo‘lmagin.
Xudodod Mumaj tarafga ravona bo‘ldi. U tez-tez va qoqilib yo‘l bosardi. Necha joyda burilib, goh adashib-uloqib, nihoyat uzoqdan bir necha qora chodir ko‘rindi. Yaqin borib, ariq yoqasida uxlab yotgan erkakni ko‘rdi. Nariroqda, chodir oldida bir lo‘li ayol g‘alvirda don elardi. Ayol Xudododga salom berib dedi:
— Senga fol ko‘raymi? Menda ilon tishidan qilingan marjon, elak va yong‘oqlar bor.
Uning so‘zlari Xudododning qulog‘iga kirmasdan, devonavor so‘radi:
— Lola... Loluni ko‘rdingmi? Uning qayerdaligini bilasanmi?
— Fol ko‘rsam aytib beraman.
— Ayt, men pulini to‘layman.
— Pulni ber, keyin aytaman.
Xudodod qattiq charchagan edi. Cho‘ntagidan bir qiron olib, lo‘li ayolga uzatdi. Lo‘li uning qo‘lidan ushlab, yuziga qaradi va dedi:
— Hazrat Ali panohing bo‘lsin. Ey odam, sening dilingda hozir g‘ussa o‘rnashgan. To‘rt yil ardoqlab yurgan bir aziz narsangni yo‘qotibsan. U senga jigarpora bo‘lmasa-da, o‘z jigarporang yanglig‘ sevasan uni.
Xudodod ko‘zlari yoshga to‘lib, lo‘liga boqdi va shivirlab dedi:
— Rost, gaplaring rost.
— Ammo behudaga g‘ussa chekmagin. Zero, u qiz sening yaqiningdadir. U tirik va sog‘u salomat.
— Qani u? Qanday kelib qoldi bu yerga? Xudo haqqi, menga hammasini aytib ber.
— Qayg‘urma, u qiz baxtiyordir. Sen uyingni ochiq qoldirding va shayton kirib uni aldab olib ketdi. 
— Uning ismi Abbosmi?
— Yo‘q.
— Sen bularning barini qayerdan bilasan? Xudo haqqi, rostini ayt, nima xohlasang beraman.
U cho‘ntagidan yana pul chiqardi. Lekin shu asnoda qo‘shni chodir eshigidagi parda bir yonga surilib, undan Lola chiqib keldi. Egnida Xudodod sotib olib bergan o‘sha qirmizi ko‘ylak, qo‘lida bir dona qizil olma. U olmani yengi bilan artib, tishladi-da, kulib yubordi. Lo‘li ayolga yuzlanib dedi:
— Oyijon, Xudodod ota shu kishi bo‘ladi.
Xudodod hayratdan dong qotgancha Lolaga, onasiga boqardi. U hech qachon Lolani bu qadar xursand va baxtiyor holatda ko‘rmagan edi. U qizil ro‘molni qo‘ynidan olib qizga qarab uloqtirdi va dedi:
— Buni senga oluvdim.
Lola sharaqlab kulib yubordi va ro‘molni yelkasiga soldi-da, bir uchini siynasi ostidan o‘tkazib bog‘ladi. So‘ngra yugurib chodir ichiga kirdi-da, o‘sha zahoti ichkaridan yosh bir yigitni boshlab chiqdi. Unga pichirlab nimadir dedi va Xudododni ko‘rsatdi. Shundan so‘ng qiz quvnoq ohangda Xudododga tanish ashulani kuylamoqqa boshladi va yigitning yelkasiga qo‘l tashlab, ikkalasi tolzor orqasiga o‘tib ketdi.
Lolani tirik topganidagi quvonchiyu va uni endi butunlay yo‘qotganidagi g‘ussa bir bo‘lib, Xudodod ho‘ngrab yubordi. U yiqila-surila kelgan yo‘lidan orqasiga qaytdi. Kulbasiga kirib, eshikni ichkaridan berkitib oldi. 
Shundan so‘ng uni hech kim hech qayerda ko‘rmadi.

G‘ulom Karim tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.