u paxmoq boshini ko‘tardi.
Uning sap-sariq ko‘zlari yonardi.
– Men ochman, - irilladi u.»
«Bo‘ri».
Genri Ellender
Yanvar
Ehtimol, qaerlardadir osmonda to‘lin oy charaqlab turgandir, lekin bu yerda, kichkinagina Taker Millz shaharchasida, injiq yanvar havosi butun osmonni qalin qor pardasi bilan to‘sib tashlagandi. Izg‘irin shamol quturganicha bo‘m-bo‘sh ko‘cha bo‘ylab kezar, shaharning sariq rangli qor suradigan mashinalari allaqachon qalin qor ostida qolgandi.
«GS&WM» temir yo‘l kompaniyasi xodimi, egniga jun pidjak kiygan ozg‘in, uzun bo‘yli Arni Vestram labiga «Kemel» sigaretini qistirib olganicha asbob-uskunalar saqlanadigan omborda tunni o‘tkazayotgandi. Uning mashinasi yo‘lda buzilib qolgan va u tong otishini kutib, o‘zi bilan o‘zi qarta o‘ynab o‘tirardi. Tashqarida shamolning uvillashi kuchaydi. Vestram boshini ko‘tardi va quloq soldi, keyin yana qarta o‘yiniga berildi. Bu bor-yo‘g‘i bir shamol…
Lekin shamol eshikni tirnamaydi… va ichkariga kiritishlarini so‘ramaydi.
Arni qartasini yig‘ishtirib, o‘rnidan turdi. Uning ajin bosgan yuzida devorda osig‘liq turgan kerosin lampaning shu’lasi jilvalanardi.
Eshik yana tirnaldi. Birortasining iti, o‘yladi u, sovuqda qolib ketgan, endi isinmoqchi. Ammo uni nimadir to‘xtatib turardi. Itni tashqarida, sovuqda qoldirish berahmlik, albatta, o‘yladi u, biroq eshikni aslo ochmaslikka qaror qildi. Qo‘rquvning sovuq panjalari uning yuragini g‘ijimlab turardi.
Taker Millzda noxush davr hukm surayotgandi; ob-havo qandaydir noxushlikdan darak berar, Vestramning tomirida oqayotgan Uels qoni esa uni bunday narsalarga jiddiy yondashishga majbur qilardi.
U chaqirilmagan mehmonni nima qilish kerakligini o‘ylashga ulgurmadi, kutilmaganda shamolning ovozini yovuz o‘kirish bosib ketdi. Eshik og‘ir tananing zarb bilan urilishidan titrab ketdi… so‘ng yana zarba berildi. Yupqa eshik zarbalardan sinib ketguday bo‘lar, uning yorig‘idan qor parchalari otilib kirardi.
Arni Vestram talvasaga tushganicha eshikka tirash uchun biror buyum topish ilinjida alanglay boshladi. Ammo u siniq stul oldiga yetib borgunicha noma’lum mavjudot shunday kuchli zarba berdiki, eshik o‘rtasidan yorilib ketdi.
Bir necha lahzalarga u uzun yoriq orasida qisilib turdi, uning tumshug‘i qahr bilan jiyirilgan, sap-sariq ko‘zlari yonib turardi. Bunday ulkan bo‘rini Arni umrida ko‘rmagandi…
Va uning irillashida uzuq-yuluq inson so‘zlari quloqqa chalinardi.
Nihoyat eshik ikkiga bo‘linib ketdi. Maxluq xonaga kirgandi.
Arni burchakka otildi va qo‘liga belkurakni oldi. Maxluq polga qapishganicha olovdek sariq ko‘zlarini burchakdagi kishiga tikkandi. Uning katta ochilgan og‘zidan tili osilib turar, qoziqdek kurak tishlari yaltirardi.
U irillaganicha oldinga sakradi. Arni Vestram belkurakni siltadi.
Faqat bir marta.
Inson qichqirig‘i eshitildi va shu zahoti o‘chdi.
Xuddi to‘lin oy qalin bulutlar orasiga yashiringanidek, Taker Millzga insonlar qalbini dahshatga soluvchi xavotir yashirincha kirib keldi. Hech qanday sabab va ogohlantirishlarsiz Meyn shtatidagi mo‘‘jazgina shaharchada qish tunlarining birida bo‘ri-odam paydo bo‘ldi. Mahalliy gazetada ilgari tabiat ishqibozlari klubining sayohatlari haqida maqolalar chop etilgan bo‘lsa, endi qayg‘uli mavzuda xabarlar berila boshlandi.
Bo‘ri-odam davri shu tarzda boshlandi.
Fevral
Avliyo Valentin kuni arafasida Stella Randolf karavotida yotganicha derazadan ko‘rinib turgan oyni tomosha qilar va sevgi haqida o‘y surardi.
O, sevgi, sevgi. Sen qandaysan o‘zi?…
Bu safar Avliyo Valentin kuni munosabati bilan kamtarin chevar Stella sevgi izhori bitilgan naqd yigirmata tabriknoma olgan, ular orasida Jon Travolta, Robert Redford va Pol Nyumen… hatto mashhur «Kiss» guruhi xonandasi Eys Frilidan kelgan tabriknomalar ham bor edi. Ularning barchasi devordagi kitob tokchasiga tartib bilan terib qo‘yilgandi. Har doimgidek, bu tabriknomalarni u o‘ziga o‘zi jo‘natgandi.
Sevgi – bu tongdagi bo‘sa… yoki ishqiy romandagi so‘nggi xayrlashuv bo‘sasi… Sevgi… bu oqshomdagi atirgul…
Taker Millzda hamma uning ustidan kulsa ham mayli. Yosh bolalar uni mazax qilishsa ham, «semiz sigir» deb atashsa ham mayli, baribir u sevgi va to‘lin oyning nima ekanligini hammadan ko‘ra yaxshiroq biladi. Va hozir, u o‘zining beso‘naqayligini unutganicha sevgi kelishiga o‘zini ishontirardi.
Kutilmaganda kimdir derazani tirnaganga o‘xshadi.
U o‘rnidan turdi. Derazadan tushayotgan oy nurini erkak kishining sharpasi to‘sib turardi.
- Men uxlayapman, - o‘yladi qiz, - holbuki bu tush ekan, men uning ichkariga kirishiga va men bilan istaganini qilishiga rozi bo‘laman… Mayli, odamlar sevgi iflos, taqiqlangan narsa deyaverishsin… Yo‘q, sevgi eng sof, eng to‘g‘ri… Sevgi – bu lazzat…
Hali ham tush ko‘rayotganiga ishongan qiz ko‘zlarini yarim ochganicha deraza tomon yo‘naldi.
Biroq qo‘li sovuq oynaga tekkach, u tashqarida erkak kishini emas, kattakon pahmoq bo‘rini ko‘rdi, u deraza rafiga panjalarini tiraganicha uy ichiga qarab turardi.
«Yo‘q, Avliyo Valentin tunida albatta sevgim kelishi kerak», - o‘yladi qiz. Uning ko‘zlari aldayapti xolos. Albatta bu erkak kishi, uning sevgisi.
Bu oydin tunda u qizning oldiga kelgan. U…
Qiz derazani ochdi va yuzlariga urilgan sovuq shamol uni bu tush emasligidan ogoh etdi. Hech qanday kishi yo‘q edi va u buni tushundi. U qo‘rquvdan qaltiraganicha ortiga tisarildi va shu lahzada xona ichiga bo‘ri o‘qdek otilib kirdi.
Sevgi… bu… tungi faryod…
Temir yo‘lni ta’mirlash uskunalari saqlanadigan omborda yaqinda Arni Vestramning nimtalab tashlangan tanasi topilganligi qizning yodiga juda kech tushdi. Juda kech…
Ulkan maxluq u tomon qadam tashladi. Stella orqaga tisarildi, oyog‘i karavotga urilib, chalqanchasiga yiqildi.
Bo‘ri uning ustiga engashdi. Qiz uning qaynoq nafasini his qildi. Bo‘rining sariq ko‘zlari uning ko‘zlariga tikildi.
- Mening sevgim, - pichirladi qiz va ko‘zlarini yumdi.
Sevgi – bu o‘lim…
Mart
Bu yil oxirgi yoqqan og‘ir ho‘l qor Taker Millzdagi barcha yo‘llarni daraxtlarning singan shoxlariga to‘ldirib tashladi.
- Ona tabiat o‘z mulkini tartibga solyapti, - dedi shahar kutubxonachisi Milt Shturmfyuller o‘ziga-o‘zi. U xotini bilan stol yonida o‘tirganicha qahva ho‘plardi. Oriq, ko‘zlari ko‘k o‘rta bo‘yli bu kishi o‘n ikki yildirki, xotinini xo‘rlab kelardi. Lekin buni hech kim bilmasdi.
Miltga o‘zi topgan ibora shunchalik yoqib tushdiki, u so‘zlarini yana takrorladi: «Ha, ona tabiat o‘z mulkini tartibga solyapti…» Shu payt chiroq bir lipilladi-yu, o‘chdi. Bunday bo‘lishini kutmagan Donna Li Shturmfyuller qichqirib yuborarkan, qahvasini to‘kib yubordi.
- Tezda lattani ol-da artib tashla,- dedi sovuq ohangda Milt. – Hoziroq.
- Ha, jonim, albatta.
Qorong‘ilikda sochiqni izlayotgan ayol oyog‘ini stul qirrasiga urib olib yana qichqirdi. Eri ko‘zidan yosh chiqquncha kuldi. Uning eng sevimli mashg‘uloti xotiniga ozor yetkazish va «Riderz Dayjest» jurnalida chiqadigan latifalarni o‘qish edi.
O’z mulkini tartibga solayotgan ona tabiat qurigan shoxlar bilan birga adashib elektr uzatish simlarini ham uzib yuborgandi. Og‘ir ho‘l qor simlar ustiga yog‘averdi, yog‘averdi, natijada simlar uzilib ketdi.
Butun shaharcha zulmat ichida qoldi.
O’z ishidan qanoatlangan qor asta-sekin tindi. Harorat o‘n olti daraja sovuq edi. Yo‘llar qahraton sovuqdan xokkey maydoni singari yaxmalakka aylangandi. Uylar hali ham zulmat ichida edi. Yaxmalak yo‘ldan yurib simlarni ulashga hozircha mahalliy montyor o‘zida jur’at topolmayotgandi.
Bulutlar sezilarli darajada siyraklashdi va ular orasidan to‘lin oy mo‘raladi.
Tungi jimjitlikni bo‘rining uvillashi buzdi.
Qotib uxlayotgan erining yonida yotgan Donna Li bu uvillashni jimgina tinglardi. Konstebl O’Niri ham Laurel Stritdagi uyi derazasi oldida turganicha bu ovozga quloq soldi. Uvillashni boshqalar ham eshitishdi.
Lekin ovoz egasi kimligini hech kim bilmasdi. Shuningdek, ertalab simlarni ulash uchun Tarker Brukka borgan mahalliy montyor ko‘rib qolgan ko‘chada yotgan sayoq kishining ismini ham hech kim bilmadi. Muzlab qolgan jasad chalqanchasiga yotar, eski palto va ko‘ylagi burda-burda qilib tashlangandi. Uning dahshatdan qotib qolgan ko‘zlari osmonga tikilgandi.
Jasad atrofi izlarga to‘lib ketgandi.
Bo‘ri panjasining izlariga.
Aprel
Oy o‘rtalariga kelib, qor o‘rnini surunkali yomg‘irlar egallagan pallada Taker Millz yashillikka burkana boshlaydi.
Matti Tellingemning hovuzidagi muz va odamlar «katta o‘rmon» deb ataydigan o‘rmondagi qorlar erib, yo‘qola boradi. Bahor kelayotganini his qiladi kishi.
Shaharcha uzra vahima ko‘lankasi paydo bo‘lganiga qaramasdan bu bayramni har bir shaharlik o‘zicha nishonlaydi. Xeyg buvi piroglar pishiradi va sovutish uchun deraza tokchasiga terib qo‘yadi. Yakshanba kunlari ruhoniy Lester Lou «Sulaymon podsho qo‘shiqlari»dan parchalar o‘qiydi va «Tangri muhabbatining tirik bulog‘i» mavzusida chiqishlar qiladi. Dunyoviy maktab tarafdori, ateist va piyonista Kris Raytson bo‘kib aroq ichadi. Taker Millzdagi yagona qovoqxona egasi Billi Robertson Kris Raytsonni kuzatib qo‘yarkan, oshpaz ayolga agar bugun tunda bo‘ri-odam birortasini o‘ldiradigan bo‘lsa, bu qurbon albatta Kris bo‘lishini aytib ming‘irlaydi.
- Xudo haqqi, menga uni eslatma, - deb uning gapini bo‘ladi oshpaz ayol.
Uning ismi Elayza Furne bo‘lib, yigirma to‘rt yashar bu ayol cherkovga har hafta borar va ruhoniy Lester Louga bo‘lgan yashirin muhabbati tufayli cherkov xorida berilib kuylardi. Ammo bu muhabbatiga qaramasdan u Taker Millzni tark etib boshqa xotirjamroq joyga ketmoqchi edi, chunki bo‘ri-odam bilan bog‘liq dahshatli voqealar uni xavotirga solayotgandi. U Portsmutda ham yaxshigina pul topish mumkinligini va u yerda bo‘rilar bo‘lsa ham, ular harbiy flot dengizchilari bo‘lishini o‘ylardi.
Haqiqatan ham, oy to‘lishgan paytda Taker Millzda tunlar dahshatli tus olardi. Kunduzi esa har holda yaxshi edi. Kutilmaganda shaharcha osmonida varraklar paydo bo‘lar, ular kundan-kunga ko‘payib borardi.
Kecha o‘zining o‘n birinchi bahorini qarshilagan Bredi Kinkeydga varrak sovg‘a qilishgandi. U bugun olamdagi hamma narsani unutganicha kuni bilan varrak uchirdi. U kechki ovqatgacha uyga qaytishi haqida bergan va’dasini ham unutib qo‘ygandi. U hatto bolalarning allaqachon uy-uylariga tarqalib ketishganini, bog‘da yolg‘iz o‘zi qolganligini ham sezmagandi.
Faqatgina g‘ira-shira qorong‘ulik atrofni qoplay boshlagani uning bog‘da ortiqcha uzoq vaqt qolib ketganligini anglashga majbur qildi. O’rmon ortidan to‘lin oy ko‘tarilib borardi. Bredi kechki ovqatga kech qolganidan, otasi endi uni jazolashidan yoki qorong‘ilikdan qo‘rqmayotgandi.
Maktabda u bo‘ri-odam haqida shivirlab gaplashadigan o‘rtoqlarini masxara qilardi. Ammo endi u qo‘rquvdan qaltiray boshladi. Bolalarning qo‘rqinchli hikoyalari endi unga haqiqatdek tuyulayotgandi.
U shoshib-pishib g‘altagini o‘ray boshladi. Varrak havoda chirpirak bo‘lib aylandi va boladan o‘nlab qadam nariga tushdi.
Bredi varragi tushgan tomonga qadam tashlarkan, yo‘l-yo‘lakay g‘altagini o‘rab borardi… bir payt uning qo‘lidagi g‘altak xuddi baliq ilingan qarmoq ipidek qattiq tortildi.
Tungi sukunatni momaqaldiroqdek o‘kirik buzdi va Bredi Kinkeyd qichqirib yubordi. U ishonadi, endi u bolalarning cho‘pchaklari rost ekanligiga ishonadi, lekin endi kech. Uning qichqirig‘ini bo‘rining etni seskantiradigan uvillashga aylanayotgan irillashi bosib ketdi.
Bo‘ri bola tomon qadam tashlardi. U xuddi odamlardek ikki oyoqlab yugurar, qalin juni oy nurida yaltirar, ko‘zlari esa chiroq singari yonib turardi. Uning odamlarnikidek uzun tirnoqli qo‘lida varrak hilpirardi.
Bredi burilib qochishga shaylandi, lekin kuchli qo‘llar uning yelkasidan tutdi. U qon isini tuydi.
Bredini ertalab bog‘ ichidan topishdi. Bolaning boshsiz tanasi urush qahramonlariga atab tiklangan haykalga suyab qo‘yilgan, barmoqlari orasiga qistirilgan varrak esa shamolda o‘ynardi.
May
Yakshanbaga o‘tar kechasi ruhoniy Lester Lou dahshatli tushdan terga botgan va qaltiroq bosgan holda uyg‘onib ketdi. U katta ochilgan ko‘zlarini cherkov hovlisiga qaragan derazaga qadadi. Derazadan ko‘rinib turgan to‘lin oyning kumushrang nurlari polni yoritardi va ruhoniy hatto bo‘ri-odamni ko‘rishga ham tayyor edi. U ko‘zlarini chirt yumdi va yovuz kuchni eslagani uchun Xudodan kechirishini so‘rab iltijo qildi. Yaratganga iltijosini u har doimgidek «… Iso Masih nomi bilan. Omin» deb tugatdi.
Agar bu la’nati tush bo‘lmaganida edi…
U tushida cherkovda adashganlarning qaytishi haqida ma’ruza o‘qiyotgan emish. Cherkov odatdagidan farqli ravishda ibodatga kelganlar bilan to‘la ekan.
Tushida u shunchalik ehtiros bilan ma’ruza o‘qirdiki, o‘ngida hech qachon bunday qilmasdi. U «Yirtqich bizning oramizda yuribdi» degan mavzuda ma’ruza qilayotgandi.
- Yirtqich, - dedi u, - har doim bizning oramizda yashirinib yuradi. Shayton uchun chegara yo‘q. U maktabda bitiruv kechasida raqs tushishi mumkin. U sizdan bir quti sigaret va gugurt sotib olishi mumkin. U sosiska chaynaganicha Bangordan keladigan avtobusni kutib Braytonning dorixonasi ro‘parasidagi bekatda siz bilan birga o‘tirishi mumkin. Yirtqich kontsert zalida sizning yoningizda o‘tirishi yoki Meyn Stritdagi Chet va Chou barida olmali pirog yeyishi mumkin.
- Yirtqich, - davom etdi u, ovozini pasaytirib. – Yirtqichdan ko‘zingizni uzmang. Chunki u sizga jilmayib, qo‘shningiz ekanligini aytishi mumkin, lekin unga ishonmang, inilarim va singillarim, zero uning tishlari o‘tkir va agar unga diqqat bilan qarasangiz, uning ko‘zlari o‘ynayotganligini ko‘rasiz. U Yirtqichdir, u hozir shu yerda, Taker Millzda. U…
Shu payt u jim bo‘lib qoldi, uning notiqlik san’ati nihoyasiga yetdi, chunki bu yerda, cherkovda, uning ko‘z o‘ngida dahshatli voqea yuz berayotgandi. Cherkovga tashrif buyurganlarning yuzlari va badanlari o‘zgara boshladi va u bu yerga yig‘ilgan uch yuz nafar kishining bo‘ri-odamlarga aylanishayotganini ko‘rdi. Shahar boshqaruvi raisi, oppoq va semiz Viktor Boulning rangi qoraya boshladi, so‘ng yuzlarini qalin tuk qopladi. Musiqa o‘qituvchisi Vayolet Makkenzi… uning ozg‘in tanasi kutilmaganda semirdi, burni esa uzun va tekis ko‘rinishga keldi. Tabiatshunoslik o‘qituvchisi Elbert Frimanning tanasi semirib, kostyumi yirtilib ketdi va kiyimlari orasidan qop-qora qalin junlar o‘sib chiqdi. Uning qalin lablari ochilib, kurak tishlari ko‘rindi.
- Yirtqich… - qichqirishga urindi ruhoniy Lou, ammo tili unga bo‘ysunmasdi va u dahshat ichra ortiga tisarildi. Cherkov xodimi Kel Bladvin tishlarini irjaytirganicha oldinga otilib chiqdi. Uning ortidan Vayolet Makkenzi tashlandi va ular bir-birlarini tishlab-tirnay ketishdi.
Ularga boshqalar ham qo‘shilishdi. Cherkov xuddi hayvonot bog‘ida ovqat berilayotgan paytni eslatardi. Bu safar umumiy shovqinga ruhoniy Louning «Yirtqichlar! Yirtqichlar biz bilan! Ular hamma joyda bor! Yirtqichlar!!!» degan chiyildoq ovozi ham qo‘shildi. Birdan u ovozi boshqacha chiqayotganini, gapirish o‘rniga irillayotganini sezib qoldi. Qora ridosining yenglaridan ham qo‘l emas, uzun tirnoqli panjalar chiqib turardi…
Shu payt u uyg‘onib ketdi.
- Bu bor-yo‘g‘i tush, - o‘yladi u o‘zini-o‘zi tinchlantirishga urinarkan. – Xudoga shukr, bu bor-yo‘g‘i tush.
Lekin ertalab cherkov eshigini ocharkan, uning ko‘zi birinchi bo‘lib tushgan narsa cherkov qorovuli Klayd Korlissning boshsiz tanasi bo‘ldi. Ruhoniy Lou shuncha duo-iltijo qilsa-da, bu tush emasdi va u dahshatga tushganicha dod soldi.
Ha, Taker Millzga yana bahor keldi – u o‘zi bilan birga dahshat olib kelgandi.
Iyun
Yilning eng qisqa bu tunida Taker Millzdagi bar xo‘jayini Alfi Nopfler barning plastik qoplama qoplangan ustunini yaraqlatib artayotgandi. Qahvaxona bo‘m-bo‘sh bo‘lib, Alfi qorong‘i ko‘chaga tikilganicha mana shunday yoz tunida o‘tkazgan ilk ishqiy uchrashuvini xotirlardi. Qizning ismi Arlena Mak Kyun edi. Hozir u Bangordagi advokatga turmushga chiqqan. Qanday ajoyib tun bo‘lgandi!
Kutilmaganda eshik ochilib, ichkariga oy nuri tushdi. Hozir to‘lin oy bo‘lgani uchun Alfi qahvaxonaga hech kim kelmasligiga ishonardi. Odamlarning aytishlaricha, oy to‘lgan tunda Taker Millz ko‘chalarida Yirtqich paydo bo‘lardi. Ammo Alfi bunday ertaknamo mish-mishlardan cho‘chimasdi, uning og‘irligi yuz kiloga yaqin bo‘lib, flotda xizmat qilgan chog‘ida chiniqqan muskullari hozir ham ancha-muncha odamni cho‘chitardi.
- Ehtimol, - o‘yladi u, - barni ertaroq yopish kerakdir. Qahva qaynatgichni o‘chirib, muzlatgichdan pivo olaman-da, kinoga boraman. Bunday tunda pivo ichib film tomosha qilganga nima yetsin.
Ayni shu lahzada eshik ochildi va u ichkariga kirib kelgan mijozga o‘girildi.
- Salom, ishlar qalay? – dedi u o‘zining doimiy mijozlaridan biriga… uning bunday tunda kirib kelishi ajablanarli edi. Odatda, u barga ertalab soat o‘nda kelardi.
Mijoz u bilan so‘rashdi.
- Qahva quyaymi? – so‘radi Alfi.
- Agar mumkin bo‘lsa.
«Ko‘rinishidan, u bu yerda uzoq o‘tirmasa kerak. Kasal bo‘lib qoldimikin?» o‘yladi Alfi.
Kutilmagan manzaradan uning fikri bo‘lindi. Yaltiroq qahva qaynatgichga tikilib turarkan, u dahshatli va g‘ayritabiiy manzaraning guvohi bo‘ldi. Taker Millzdagi har bir kishi yaxshi taniydigan bu mijozning tashqi ko‘rinishi asta-sekin o‘zgara boshladi. Uning yuzi xuddi rezina niqobdek cho‘zila boshladi. Ko‘ylagi chok-chokidan so‘kildi va Alfining yodiga jiyani sevib tomosha qiladigan fantastik film tushdi.
Bir necha soniya ichida mijozning yuzi vahshiy hayvonning tumshug‘iga aylandi, uning jigarrang ko‘zlarida esa sariq-yashil uchqun chaqnadi.
Kutilmaganda eshitilgan yovvoyi o‘kirish qahrli irillashga aylandi. U – maxluq, yirtqich yoki bo‘ri-odam, kimligining ahamiyati yo‘q, panjalarini peshtaxta ustidagi qanddonga uzatdi va uni devorga qaratib otdi.
Alfi qochaman deb qahva qaynatgichni ag‘darib yubordi, qaynoq ichimlik uning oyog‘ini kuydirdi. Dahshat va og‘riqdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Alfi ovozining boricha qichqirdi.
Yirtqich hayvonlarga xos epchillik bilan peshtaxta ustiga sakrab chiqdi. Uning ustida hali ham so‘kilib ketgan ko‘ylak va shimining parchalari osilib turardi.
Yirtqich irillaganicha Alfiga tashlandi. Yirtqichning uzun kurak tishlari uning yelkasiga botdi. Favvora bo‘lib otilgan qon hammayoqni qip-qizil qilib tashladi.
Alfi emaklaganicha qochishga urindi, qichqirmoqchi ham bo‘ldi, lekin uning ko‘zlari to‘lin oy nuridan qamashib ketdi. Yirtqich yana unga tashlandi va Alfining ko‘zlaridagi oy shu’lasi butunlay so‘ndi.
Iyul
Ular Mustaqillik kunini nishonlashni taqiqlashibdi!
Mana shu so‘zlardan so‘ng Martin Koslav yaqinlarining noroziliklarini ko‘rdi.
- Bunchalik ahmoq bo‘lma, - dedi onasi. Onasi unga ko‘pincha qo‘pol muomala qilar, uning nogironligi va bir umr nogironlar aravachasida o‘tirishga mahkum ekanligi uchun achinayotganligini bildirmaslikka urinardi.
- Kelasi yilgacha kutib tur! – dedi otasi uning yelkasiga shapatilarkan. – Keyingi bayram zo‘r bo‘ladi! Ikki baravar zo‘r bo‘ladi, jin ursin! Ey-ey, o‘zing ko‘rasan hali, kichkintoy!
German Koslav Taker Millzdagi o‘rta maktabda jismoniy tarbiyadan dars berar va o‘g‘liga doimo soxta samimiyat bilan muomala qilardi. Bundan tashqari, u har ikki gapining birida «ey-ey!» degan so‘zni ishlatardi. Gap shundaki, German Koslav to‘p ortidan quvadigan, yugurib yuradigan, ko‘karib ketguncha suvda cho‘miladigan sog‘lom bolalar dunyosiga o‘rgangan, Martini ko‘rganda esa asabiylasha boshlardi. Har safar Martiga ko‘zi tushganda uning asabi qo‘zirdi. Asabiylashganda esa «ey-ey!», «jin ursin!» degan so‘zlarni o‘rni kelsa-kelmasa ishlataverardi.
- Xa-xa! Nihoyat sen o‘zing istagan narsani ololmadingmi! – dedi opasi, Martin hokimiyat binosi oldida yilda bir marta bo‘ladigan mushakbozlikni qanday orziqib kutganligini aytganida.
Opasi Keyt o‘n uch yoshda, u esa o‘n yoshda bo‘lib, opasi Martin yura olmagani uchungina uni hamma yaxshi ko‘rishiga ishonardi. Shuning uchun mushakbozlik bekor qilinganidan Keyt juda xursand edi.
Hattoki, doim Martinning tarafini oladigan bobosi ham unchalik jon kuydirmadi.
- Bayramni hech kim taqiqlagani yo‘q, bolaginam, - dedi u o‘ziyurar nogironlar aravachasida o‘tirgan Martinga. Bu suhbat ikki kun ilgari, ikkinchi iyulda bo‘lib o‘tgandi. – Ular bor-yo‘g‘i mushakbozlik va sayilni bekor qilishgan, xolos. Sababini o‘zing bilasan-ku.
Martin buning sababini bilardi. Hammasiga gazetalar «To‘lin oy qotili» deb nomlashgan qotil sababchi edi. Martin bolalardan ham u haqda ko‘plab mish-mishlarni eshitgandi. Ularning aytishlaricha, qotil odam emas, qandaydir maxluq. Ehtimol, bo‘ri-odamdir. Martinning o‘zi bunga ishonmasdi – bo‘ri-odamlar faqat dahshatli filmlarda bo‘ladi – balki u oy to‘lishgan tunda odam o‘ldirish istagi kuchayadigan qotildir. Mushakbozlik aynan ana shu qotil sababli bekor qilingandi.
Hattoki yanvarda ham, aravachada o‘tirgancha derazadan bolalarning chana tortqilashlarini kuzatgan Martin mushakbozlikni o‘ylaganida hamma narsani unutardi. Uning miyasini issiq yoz, muzday koka-kola, mushakbozlik o‘tkaziladigan tun haqidagi xayollar band etardi.
Endi esa bayram mushakbozligini bekor qilishibdi… Odamlar nima desa deyaverishsin, lekin Martin ular Mustaqillik kunini – uning bayramini taqiqlashganini his qilardi.
Uni tushunadigan yagona odam bugun ertalab ularnikiga kelgan Al tog‘asi edi. U ayvonda bolaning yonida turgancha uning so‘zlarini tinglardi. Oilaning barcha a’zolari hovli o‘rtasidagi hovuzda qiyqirib cho‘milishardi.
Martin Al tog‘asiga dilidagi gaplarni hayajon bilan to‘kib soldi.
- Nimani nazarda tutayotganimni tushunyapsizmi? Bu onam o‘ylaganidek, mening nogironligim yoki bobom aytganidek, Mustaqillik kuni bilan mushakbozlikni aralashtirib yuborayotganim bilan bog‘liq emas. Faqat, sabrsizlik bilan bir narsani uzoq vaqt davomida kutsang… keyin esa shahar kengashidagi janob Boul paydo bo‘lib, hammasini yo‘qqa chiqarsa. Bu adolatdan emas. Ayniqsa, bu sen uchun juda muhim narsa bo‘lsa, tushunyapsizmi?
Al tog‘a Martinning kuyib-pishib aytgan so‘zlaridan keyin uzoq sukutga cho‘mdi. Sukunat shunchalik uzoqqa cho‘zildiki, Martin hovuz tomonda kimningdir suvga sakraganini va otasining «Zo‘r sakrading, Keyt! Ey-ey, gap yo‘q!» deganini eshitdi.
So‘ng Al tog‘a xotirjamlik bilan javob qaytardi:
- Albatta tushunaman. Bilasanmi, senga bir sovg‘a tayyorlab qo‘yganman. Ehtimol, bu senga o‘z Mustaqillik kuningni nishonlash imkonini berar.
- O’z Mustaqillik kunim? Nimani nazarda tutyapsiz?
- Mashinam oldiga boraylik. Senga bir narsa beraman. – U Martin og‘iz ochishga ulgurmay beton yo‘lak bo‘ylab qadam tashladi.
Martin aravachasini yurgizdi. Hovuzdan uzoqlashgani sari u endi oila a’zolarining shodon qiyqiriqlarini emas, aravacha g‘ildiraklarining taraqlashini eshita boshladi.
Al tog‘aning tomi ochiladigan «mersedes»i bor edi. Ota-onasi bu mashinani yoqtirishmas, Martin esa uni ko‘rganda aqldan ozguday quvonardi. Bir marta Al tog‘asi uni mashinasiga o‘tqizib, shahar tashqarisida sayr qildirib ham kelgandi.
Al tog‘a mashina ichidan nimadir oldi va Martin mashina oldiga yetib kelgach, qo‘lidagi tugunni unga uzatdi.
- Mana, ol, - dedi Al tog‘a. – Mustaqillik kuni bilan!
Dastlab Martinning ko‘zi xitoycha yozuvlarga tushdi. Keyin tugunni ochdi. Tugun turli xil o‘lchamdagi mushaklarga to‘la edi.
- Ostidagi ipni tortib yerga tashlasang, juda ajoyib kamalakni ko‘rasan. Mana bularini esa bo‘sh shisha idishga solib yondirasan.
Al tog‘a qiyqiriqlar ovozi kelayotgan hovuz tomonga ko‘z tashladi.
- Rahmat! – Nihoyat Martin o‘ziga keldi. – Rahmat, Al tog‘a!
- Faqat onangga ularni qaerdan olganligingni aytma, - ogohlantirdi tog‘asi. – Aytishadi-ku, ko‘r otga ko‘z qisishning nima hojati bor? Kelishdikmi?
- Albatta, albatta, - dedi Martin shoshib-pishib, otga ko‘z qisish bilan mushakbozlik orasida qanday umumiylik borligini tushunmasa-da. – Ishqilib, bular sizga kerakmasmidi, Al tog‘a?
- Kerak bo‘lsa yana topishim mumkin, - javob qaytardi Al tog‘a. – Brijtaunda bir tanishim shunaqa narsalar bilan savdo qiladi. – U Martinning boshini siladi. – Mustaqillik kunini bemalol nishonlashing mumkin, faqat hamma uxlaganidan keyin. Baland ovoz chiqaradigan mushaklarni otmay qo‘yaqol, hammani uyg‘otib yuborasan.
Al tog‘a mashinasiga o‘tirdi va kalitni buradi. Mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Martin mashina ko‘zdan yo‘qolguncha minnatdorchilik ma’nosida qaddini egib turdi va tomog‘iga tiqilib qolgan tupukni yutishga urinarkan, bor kuchi bilan yig‘lab yubormaslikka tirishdi. So‘ng tugunni yashirib, aravachasini xonasi tomon yurgizdi. U tezroq qorong‘u tushib hamma uxlashini sabrsizlik bilan kuta boshladi.
Bu oqshom u hammadan avval uxlashga yotdi. Uning oldiga onasi kirdi va (uning adyol orasidan ingichka yog‘ochdek chiqib turgan ozg‘in oyoqlariga qaramaslikka urinarkan) xayrli tun tilab uni o‘pdi. – Tuzukmisan?
- Ha, oyi.
Onasi nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin so‘z topolmay boshini sarak-sarak qilgancha chiqib ketdi.
So‘ngra opasi yugurib kirib, uning ustiga engashdi va shivirladi: - Xo‘sh, qalay? Sen nogiron bo‘lganing uchungina istagan narsangni olavermaysan.
- Agar menda nima borligini bilganingda og‘zing ochilib qolardi, - dedi Martin yumshoqlik bilan. Keyt xonadan chiqib ketish oldidan unga shubhali nazar tashladi.
Oxirida otasi kirib karavot chetiga o‘tirdi. – Tuzukmisan, oshna? – dedi u soxta quvonch bilan. – Negadir erta kunda yotib olibsan. Jud-da erta.
- Charchadim, dada.
- O’ key, - u Martinning yog‘ochdek oyoqlariga shapatiladi va o‘rnidan turdi. – Afsus, mushakbozlikni bekor qilishibdi. Hechqisi yo‘q, kelasi yili hammasi yaxshi bo‘ladi. Ey-ey! Xafa bo‘lma! – U xonani tark etdi.
Martin javob o‘rniga sezilar-sezilmas jilmaydi.
Uydagilarning joy-joylariga tarqalishlarini uzoq kutishga to‘g‘ri keldi. Mehmonxonadagi televizor ishlashda davom etar va ekrandagi ommaning soxta kulgilarini tez-tez opasining hiringlashi bosib ketardi. Onasining telefonda kimnidir tabriklayotgani eshitildi. «Ha, - derdi u, - afsus mushakbozlikni bekor qilishibdi. Menimcha, hozirgi vaziyatni hisobga oladigan bo‘lsak, bu juda to‘g‘ri qaror. Ha, albatta, Martin qattiq xafa bo‘ldi». Suhbat so‘ngida u kuldi, Martinning oldida u hech qachon bunaqa kulmasdi.
Soat millari yetti yarimdan sakkizga, keyin to‘qqizga keldi, u xaltaning joyida turganligiga ishonch hosil qilish uchun tez-tez qo‘lini yostiq ostiga suqardi. To‘qqiz yarimda, oy ancha balandga ko‘tarilgandagina uy asta-sekin sukutga cho‘ma boshladi. Televizorning o‘chirilgani va Keytning boshqa dugonalari kech yotishlari haqida to‘ng‘illaganicha yotoqxonaga kirib ketgani eshitildi. Keyin esa ota-onasining past ovozda gaplashishayotgani eshitildi. Va…
…va u baribir uxlab qolibdi, chunki qo‘lini yostiq ostiga tiqqanida uyda sukunat hukmron ekanligini, oy esa ancha yorqin nur sochayotganligini angladi. U shoshib-pishib xaltani va oldindan tayyorlab qo‘yilgan bir quti gugurtni olib cho‘ntagiga soldi. U endi karavotdan tushishga tayyor edi.
Martin uchun bu qiyin ish bo‘lsa-da, lekin atrofidagilar odatda o‘ylashganidek og‘riqli emasdi. Uning oyoqlari sezish qobiliyatidan mahrum edi, shuning uchun u hech qanday og‘riqni his qilmasdi. U ikkala qo‘li bilan karavot chetini ushladi va bir amallab oyoqlarini pastga tushirdi. So‘ng karavotidan boshlanib, butun xonani aylantirib bog‘langan tutqichni ushladi. Martin tutqichga tayanganicha aravachasiga o‘zini tashladi.
Bir oz nafasini rostlagach, u diqqat bilan atrofga quloq soldi. «Baland ovoz chiqaradigan mushaklarni otmay qo‘yaqol, hammani uyg‘otib yuborasan», degandi Al tog‘a. Uydagi chuqur sukunatga quloq tutgan Martin tog‘asining haq ekanligini tushundi. U o‘z bayramini yakka o‘zi nishonlaydi va buni hech kim bilmaydi. Ertaga mushak qoldiqlarini ko‘rishsa ko‘rishar. Buning ahamiyati yo‘q.
U tepkini bosdi. O’ziyurar aravachaning chiroqchasi yondi. Martin o‘ngga burilish tugmasini bosdi va aravacha o‘ngga burildi. Tashqariga chiqadigan eshikka yuzlangach, Martin «Oldinga» deb yozilgan tugmani bosdi, aravacha oldinga yurdi.
Martin eshik zulfinini sekin tushirdi va tashqariga chiqdi. Ayvonda u xaltani yirtdi va yozning sehrli tuni, chigirtkalarning bir maromda chirillashi, bilinar-bilinmas shabada, barglarning shitirlashi va oy yog‘dusi oldida maftun bo‘lib turib qoldi.
U ortiq kuta olmasdi. Martin dastlabki mushakni olib, gugurt chaqdi, mushak ko‘k va yashil uchqunlar sachratib yuqoriga ko‘tarildi.
To‘rtinchi iyul, - o‘yladi u va uning ko‘zlari chaqnab ketdi. – Bu mening, faqat mening bayramim, mening eng quvonchli bayramim!
Martin vaqtni o‘tkazmasdan navbatdagi mushakni yondirdi va sap-sariq rangli olovdan ko‘z uzolmay qoldi. Mushak yonib tugashini kutmasdan u yana navbatdagisini yondirdi, bu safar qip-qizil ranglar shu’lasi atrofni yoritdi.
U qo‘li bilan paypaslab xalta ichidan bir bog‘lam mushakni oldi. Lekin Al tog‘asining so‘zlari yodiga tushib, uni hozir otish dahshatli hodisa bo‘lishini – mushakning ovozi hammani uyg‘otib yuborishi mumkinligini o‘yladi.
U mushakni tizzasiga qo‘ydi va xaltani titkilab boshqa mushakni oldi. Martin pilikni tutashtirib mushakni osmonga otdi.
Qondek qip-qizil shu’la o‘tloqni yoritdi… va bu yorug‘lik ichida Martin butalar orasidan yarim irillab-yarim yo‘talib chiqib kelayotgan ulkan maxluqni ko‘rdi.
U bir necha soniyaga o‘tloq chetida havoni hidlab turib qoldi, so‘ng nogironlar aravachasida qo‘rquvdan ko‘zi qinidan chiqib ketay deb o‘tirgan Martin tomon qadam tashladi. U bukchayganicha aravachasi suyanchig‘iga qapishdi. Maxluq xuddi odamlardek ikki oyoqda tik turib kelardi. Uning yashil ko‘zlari o‘rtasida qip-qizil cho‘g‘ yonardi. U asta-sekin yaqinlasharkan, vaqti-vaqti bilan to‘xtab, havoni hidlardi. Yirtqich uzun kurak tishlarini ko‘rsatib irilladi.
Xuddi odamning qo‘liga o‘xshaydigan tirnoqli panjalar bolaning tomog‘i tomon cho‘zildi. Bolakay shu onda hali ham qo‘lida bir bog‘lam mushakni ushlab o‘tirganini angladi. Martin beixtiyor gugurt chaqib, pilikni yondirdi. Pilik atrofga uchqun sachratganicha, vishillab yona boshladi. Bo‘ri-odam o‘zini orqaga tashladi va xuddi odamlardek ovoz chiqardi.
Shu onda Martin qo‘lidagi mushakni xaltaga solib, xaltani bo‘ri-odamning tumshug‘iga otdi va mushaklar birin-ketin otila boshladi. Maxluq etni junjiktiradigan ovozda o‘kirdi, og‘riq va g‘azabdan o‘zini yo‘qotganicha kuyib qolgan tumshug‘ini ushladi. Birdaniga to‘rtta mushakning otilishidan keyin Martinning ko‘z oldida maxluqning cho‘g‘dek yonayotgan ko‘zlaridan biri oqib tushdi. U yana o‘kirdi, bu safar og‘riqqa chidolmay panjalarini yuziga bosdi. Uyda birin-ketin chiroqlar yona boshladi, maxluq ortiga o‘girildi va o‘kirganicha o‘rmon tomonga otildi.
- Nima bo‘ldi?! - hayajonlanib so‘radi Martinning onasi. Bu safar uning ovozi ilgarigidek quruq emasdi.
- Kim u, jin urgur? – baqirdi otasi.
- Martin? – dedi qaltiroq ovozda Keyt. – Martin, tuzukmisan? Uning ovozida ham odatdagi nafrat yo‘q edi.
Faqat Koslo bobogina dong qotib uxlab yotardi.
Martin aravachasiga holsizgina suyanganicha, mushakning asta-sekin so‘nayotganini kuzatardi. U shunday dahshatga tushgandiki, hattoki yig‘lashga ham holi qolmagandi. Ertasiga uni Vermont shtatiga, Jim tog‘a va Ida xolalarnikiga butun yozgi ta’tilni o‘tkazib kelish uchun jo‘natib yuborishdi (bu politsiyaning maslahati bilan qilindi, chunki to‘lin oy qotili Martinni xavfli guvoh sifatida o‘ldirishga urinishi mumkin edi).
U bo‘ri-odamning qo‘rqinchli qiyofasini ko‘rgan va tirik qolgan ilk guvoh edi. Va uning ko‘nglida hech kim bilan, hattoki uni tushunadigan Al tog‘asi bilan ham baham ko‘rmaydigan bolalarcha quvonch bor edi. U mushakbozlik bo‘lganidan baxtiyor edi…
Avgust
- Bo‘ri-odam bo‘lganiga mutlaqo ishonmayman, - dedi konstebl O’Niri ovozining boricha. Stanning sartaroshxonasidagi hamma mijozlar jim bo‘lishdi. Taker Millzda keyingi o‘n yillikdagi eng issiq avgustning ikkinchi yarmi edi. Ikkinchi kundirki, to‘lin oy nur sochib turar va butun shahar nafasini ichiga yutganicha navbatdagi qotillikni kutardi.
Konstebl O’Niri yig‘ilganlarga bir-bir ko‘z yugurtirdi va o‘z fikrini davom ettirdi.
- Shunday kishilar bo‘ladiki, - dedi u, - xuddi ikkita odamga o‘xshashadi. Shaxs ikkilanishiga o‘xshagan narsa, tushunyapsizlarmi?
U yig‘ilganlarning o‘ziga hurmat bilan qarashayotganidan huzurlanib bir oz sukut saqladi, so‘ng gapida davom etdi.
- Bu odam ham oy to‘lganda ko‘chaga chiqib odam o‘ldiradigan, lekin nima qilayotganini o‘zi bilmaydiganlar toifasidan bo‘lishi kerak. Aslida u har kim bo‘lishi mumkin – bank kassiri, yonilg‘i quyish shoxobchasi mexanigi. Ehtimol, u hozir oramizda o‘tirgandir. Garov o‘ynashim mumkinki, u qalban yirtqich, tashqi ko‘rinishidan esa oddiy odam. Lekin bo‘riga aylanadigan odam yo‘q, bu bolalar uchun ertak xolos.
- Koslavlarning o‘g‘li to‘g‘risida nima deysan? – so‘radi Stan.
- Bu aynan mening fikrimni tasdiqlaydi, - dedi O’Niri. – Bunday bema’nilikka faqat bolalargina ishonishadi.
Martin Koslavning shaharchada olti kishini o‘ldirgan qotilni ko‘rgan birinchi guvoh bo‘lganligi konsteblning asabini qo‘zigandi. Buning ustiga, unga bolani so‘roq qilishga ruxsat berishmadimi? Yo‘q. Bolaning qaerdaligini biladimi? Yo‘q! Chunki u oddiygina qishloqi bir politsiyachi-da! U faqat tirmizakning ko‘rsatmalarini o‘qiy oldi xolos. Agar uning gapiga ishonadigan bo‘lsa, «yirtqich»ning bo‘yi yetti futdan ortiq, butun tanasi jun bilan qoplangan. Uning tishlari uzun-uzun, ko‘zlari yashil. Bu hali hammasi emas. Uning odam qo‘llariga o‘xshagan qo‘llarida uzun tirnoqlari bor. Dumi ham bor. Dum! Qanday bema’nilik!
- Balki, - dedi Kenni Franklin, - balki qotil butun a’zoi badanini bo‘yab olgan odamdir? Niqob taqqanmi?
- Bunga ishonmayman, - e’tiroz bildirdi O’Niri qizishganicha. - Yo‘q, janob! Bunga hech qachon ishonmayman! Mishiqi bola maktabda bo‘ri-odam haqidagi hikoyalarni eshitib olgan va kuni bilan aravasida o‘tirganicha u haqida o‘ylagan. Bu mantiqqa mos keladi, to‘g‘rimi? Agar o‘sha tunda butalar orasidan sen chiqib kelganingda ham u baribir bo‘ri deb o‘ylagan bo‘lardi!
Kenni iljaydi.
- Yo‘q, - ming‘irladi O’Niri. – Bu bolakayning ko‘rsatmalari hech narsaga arzimaydi.
Martin Koslavning ko‘rsatmalaridan norozi bo‘lgan konstebl O’Niri boshqa bir taxminini aytib yuborishiga sal qoldi.
- To‘rtala mushak ham uning yuzi oldida portlagan, hammasi bir vaqtda. Agar uning bir ko‘zi, aniqrog‘i, chap ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan bo‘lsa ham ajablanmayman.
Agar konstebl O’Niri bu fikrida qat’iy turganida ham, 1984 yilning bu jazirama avgustida shaharchada faqat bir kishi ko‘zini bog‘lab yurganini ko‘rib, o‘z taxminidan kulgan bo‘lardi. Shaharchadagi barcha odamlar ichida eng oxirida o‘sha kishidan gumon qilinishi mumkin edi. O’Niri qotil o‘z onasi bo‘lishi mumkinligiga ishonishi ehtimol, lekin bu kishining qotil ekanligiga o‘laqolsa ishonmasdi.
- Bu ishni ochishning bitta yo‘li bor, - dedi O’Niri, devor yonidagi kursida navbat kutib o‘tirgan to‘rt-besh kishiga qarata semiz barmog‘ini niqtarkan, - bu vijdonli politsiyachi tekshiruvi. Va bu ishni men o‘z zimmamga olmoqchiman. Men qotilni tutib keltirganimda shtat federal politsiyasidagi oliftalar ahmoqona fikrlarini bas qilishadi.
O’Nirining yuzida orzu ifodasi aks etdi. – U har kim bo‘lishi mumkin, - ming‘irladi u. – Bank kassiri… yonilg‘i quyish shoxobchasi xizmatchisi… kecha barda sen bilan birga pivo ichgan yigit. Haqiqiy politsiyachi bu jumboqni yechadi. So‘zlarimni yodda tutinglar.
Oy shu’lasida kumushdek tovlangan ulkan bo‘ri Taker Millzga chiqish yo‘lidagi chorrahada turgan «dodj-pikap» mashinasi ichiga kirib olgach, O’Nirining politsiyachilik faoliyati barham topdi.
U irillashni eshitdi va xuddi hayvonot bog‘idagi sherning qafasidan keladigan hidga o‘xshash hidni tuydi.
Orqasiga o‘girilarkan, u yam-yashil ko‘zni ko‘rdi. Katta jag‘lar ochilgach, uning ko‘zi uzun tishlarga tushdi. Yirtqich mazax qilgandek o‘tkir tirnoqlari bilan uning yuzini tirnadi. Qon tizillab otildi. O’Niri yelkasida qaynoq qonni his qildi. U qichqirib yubordi. Yirtqichning ortida to‘lin oy xira nur sochardi.
O’Niri kamariga qadalgan to‘pponchasini unutib qo‘ygandi. Vijdonli politsiyachi tekshiruvi ham uning esidan chiqib ketgandi. Buning o‘rniga uning xayoliga ertalab sartaroshxonada Kenni Franklin aytgan so‘zlar keldi. «Balki, qotil butun a’zoi badanini bo‘yab olgan odamdir? Niqob taqqanmi?».
Bo‘ri-odam uning tomog‘iga chang solayotganda O’Niri niqobning yirtilgan ovozini eshitish va qotilning yuzini ko‘rish umidida jonholatda yirtqichning tumshug‘idan changallab tortdi.
Lekin g‘azab va og‘riqqa to‘la yirtqich o‘kirigidan boshqa hech narsa yuz bermadi. Tirnoqli qo‘l - ha, u aynan qo‘lni ko‘rdi, qanday g‘ayritabiiy bo‘lmasin, bolakay haq ekan – uning tomog‘ini yirtib tashladi. Mashina oynasi qonga bo‘yaldi.
Bo‘ri-odam O’Nirining yangi qirtishlangan boshidan tortib mashina ichidan chiqardi. So‘ngra tantanavor irilladi va politsiyachining bo‘yniga tishini botirdi.
Sentyabr
Oy oxirlab borar, to‘lin oy kechasi yaqinlashib kelmoqda edi va Taker Millzning sarosimaga tushgan aholisi qo‘rquv bilan oy to‘lishini kutardi, lekin hech narsa yuz bermadi. Dunyoning qaeridadir birin-ketin beysbol musobaqalari o‘tar va futbol mavsumi boshlangandi; Kanada tog‘larida esa qalinligi bir fut qor yoqqandi. Lekin yer sharining bu burchagida hali ham yoz o‘z huquqini talab qilayotgandi. Uch hafta ilgari bolalar maktabga qaytishgandi. Zerikarli sinf xonalarida kuyib-pishib o‘tirishga mahkum bu bolalar o‘zlaricha baxtsiz edilar. Er va xotinlar hech qanday sabablarsiz janjallashishardi. Shaharchaga kiraverishda joylashgan O’Nilning yonilg‘i quyish shoxobchasida qandaydir sayyoh Paki O’Nil bilan benzin narxi masalasida janjallashib qoldi va Paki uni benzin shlangi bilan bir soldi. Oqibatda Nyu jersilik yigitchaning yuqori labi yirtildi. U tishlarini g‘ijirlatib allaqanday sud jarayonlari haqida g‘o‘ldiraganicha uzoqlashdi.
- Bilmadim, unga yana nima kerak ediykin, - dedi Paki kechqurun qovoqxonada. – Men uni sal turtib qo‘ydim xolos, tushundingmi? Agar uni bor kuchim bilan urganimda uning og‘zini butunlay qiyshaytirib qo‘yardim, tushundingmi?
- Albatta, - dedi Billi Robertson, xuddi agar uning so‘zini ma’qullamasa Paki uni ham uradigandek. – Yana pivo ichasanmi, Pak?
Milt Shturmfyuller xotinini idish yuvish mashinasi yuvgan likopda tuxum qoldig‘i qolganligi uchun kaltaklagandi. U likopdagi sariq dog‘ga qaradi va xotinini boplab tushirdi. Paki O’Nil aytganidek, Milt uni «bor kuchi bilan» urdi.
- La’nati, - dedi u burni qonab yerda yotgan Donna Lining tepasida turarkan. – Onamning idish yuvish mashinasi bo‘lmasa ham idish-tovoqlar doim toza turardi. Sen nima qilyapsan?!
Keyinroq Milt Portlend kasalxonasidagi shifokorga Donna Li zinadan yiqilib tushganligini aytadi. To‘qqiz yildan buyon oilaviy kontslagerda yashayotgan Donna Li buni tasdiqlaydi.
Kech soat yettilarda to‘lin oy ko‘tarildi, shamol turdi – uzundan-uzoq davom etgan ushbu mavsumdagi dastlabki sovuq shamol. U shimol tomondan bulutlarni haydab keldi va oy goh ularning ortiga o‘tib, goh yana paydo bo‘lib bulutlar bilan bir oz berkinmachoq o‘ynadi. So‘ngra bulutlar qalinlashdi va oy g‘oyib bo‘ldi. Havo tundlashdi. Hamma uyiga shoshilardi.
Tungi soat ikkilarda shahardan yigirma mil narida joylashgan Vesi Stedj Rouddagi Almer Sinnemanning cho‘chqaxonasida dahshatli chiyillash eshitildi. Almer pijamasini yelkasiga tashladi, shippagini kiydi va qurolini olish uchun o‘rnidan turdi. Xotini Almerdan uning tashqariga chiqmasligini o‘tinib so‘ray boshladi.
Almer uni itarib yubordi va eshik yonida turgan miltig‘ini qo‘liga oldi. Uning cho‘chqalari nafaqat chiyillashar, balki xuddi tushida odamxo‘r qotilni ko‘rgan yosh qizchalardek yurakni larzaga solib qichqirishardi.
U miltiq tepkisini tushirmoqchi bo‘ldi va dahshatli ovozni eshitib, turgan joyida qotib qoldi. Bu bo‘rining uvillashi edi, lekin unda qandaydir insoniy ovoz bor edi va bu ovoz Almer Sinnemanni ortiga, oshxonaga qaytishga majbur qildi. Almer xotinini quchoqladi, ular divanga o‘tirishdi va xuddi yosh go‘daklardek qaltiray boshlashdi.
Cho‘chqalarning chiyillashi asta-sekin tina boshladi va tez orada butunlay to‘xtadi. Ha, ular chiyillamay qo‘yishdi. Ularning ovozi birin-ketin o‘chdi. Yirtqich yana uvilladi. Uning ovozi qo‘rqinchli edi.
Almer derazaga yaqinlashdi va nimaningdir – aynan nima ekanligini anglolmadi – bir sakrab qorong‘ulikka singib ketganini ko‘rdi.
So‘ngra deraza oynalarini yuvganicha yomg‘ir yog‘di. Bu ilk, haqiqiy kuz yomg‘iri edi.
Ertalab Almer cho‘chqaxonasida o‘zi taxmin qilgan manzaraning guvohi bo‘ldi. To‘qqizta cho‘chqaning barchasi va ikkita sigiri o‘lib yotar, ularning tanasi bo‘lib tashlangan, yarim yeyilgan holatda edi. Ularning chanog‘idan chiqib ketgan ko‘zlari kuzning sovuq osmoniga tikilganicha qotib qolgandi.
Almerning Minodan yetib kelgan ukasi Pit uning yonida turardi. Ular uzoq jim turishdi. Keyin Almer anchadan buyon o‘ylayotgan gapini gapirdi.
- Sug‘urta ayrim narsalarni qoplaydi. Hammasini emas, ayrimlarini. Qolganiga men zarar ko‘radigan bo‘ldim. Harqalay, odamlardan ko‘ra cho‘chqalarning o‘lgani yaxshiroq.
Pit bosh irg‘adi va keskin dedi:
- Balki, yetar!
- Nimani nazarda tutyapsan?
- Nimani nazarda tutayotganimni bilasan. Kelasi to‘lin oy kechasida 40 kishi o‘ladi, yoki 60, yoki 160… Ahmoq ham tushunib turgan narsani tushunmaslikka olishning keragi yo‘q. Buni qara, xudo haqqi!
Pit yerga imo qildi, cho‘chqalarning nimtalangan tanalari yonida katta-katta izlar bor edi.
Ular bo‘ri iziga o‘xshardi va ayni paytda hayratlanarli tarzda inson oyoq izlarini eslatardi.
- Mana bu la’nati izlarni ko‘ryapsanmi?
- Ha,- javob berdi Almer.
- Bular bo‘ri-odamning izlari, - dedi Pit. – Sen buni bilasan, Alis ham biladi, shahardagi deyarli barcha odamlar buni bilishadi. Jin ursin, hatto men ham bilaman!
U akasiga qaradi. So‘ng yana gapida davom etdi.
- Bas, bunga chek qo‘yish kerak.
Almer uzoq o‘ylandi va javob qaytardi:
- Roziman, lekin kelasi to‘lin oyda emas.
- Noyabrgacha kutmoqchimisan?
Almer bosh silkidi.
- O’rmon siyraklashadi va izlarni topish oson bo‘ladi.
- Kelasi oy bo‘lmaydimi?
Almer Sinneman nimtalangan cho‘chqalariga, so‘ngra ukasiga qaradi.
- Odamlar yanada ehtiyotkorroq bo‘lishlari lozim, - dedi u.
Oktyabr
Martin Koslav Xellouin bayramida sovg‘alar olib uyga qaytganida, uy bo‘m-bo‘sh edi. U aravachasida to‘g‘ri yotoqxonasiga kirdi va yarim oyning yulduzlar bilan burkangan sovuq osmonga ko‘tarilishini tomosha qilib o‘tirdi. Tashqarida, ayvonda sovuq shamol xazonlarni chirpirak qilib aylantirardi. Taker Millzda oktyabrdagi to‘lin oy kechasi hech qanday qotilliksiz o‘tdi. Ayrimlar – ulardan birinchisi Stenli Pelki – sartarosh va yana biri – Kel Bolduin – bu yerdagi yagona avtodo‘kon sohibi, dahshat tamom bo‘lganiga ishonishardi: qotil o‘rmonda yashab yurgan biror daydi bo‘lsa kerak, endi u bu yerdan ketgan va qaytib kelmaydi. Boshqalar esa bunday fikrda emasdilar. Ular hisoblab yurishardi: oy to‘lgan tunning ertasiga o‘rmondan nimtalab tashlangan to‘rtta bug‘u topilgandi. Uzun kuz oqshomlarida qovoqxonada pivo ichish bahonasida qaynoq bahs-munozaralar avjiga chiqardi.
Martin Koslav esa bilardi.
O’sha Xellouin oqshomida ko‘chaga chiqishganida, otasi unga rezina niqob olib berdi. Martin niqobni taqib oldi. U aravachasida o‘tirar, jonsiz oyoqlarini shol ro‘mol yopib turardi.
Martinni otasi furgon mashinada olib yurardi: unda maxsus rels bo‘lib, Martin aravachasida mashinadan birovning yordamisiz tusha olardi. U tizzasiga xalta qo‘yib olgandi va ular yo‘l bo‘yidagi barcha uylarga kirib chiqishdi. Qovoqxona, Snikers bari, katolik ruhoniysi uyi, Chanki bari va baptist ruhoniysi uyida uning xaltasi to‘ldi. Keyin ular Rendolflarnikiga, Kuinlarnikiga, Diksonlarnikiga va yana o‘nlab uylarga borishdi. Martin uyiga bir xalta shirinlik va kutilmagan hodisadan qo‘rquv bilan qaytardi.
U bilardi.
U bo‘ri-odamning kimligini bilardi.
Martin borgan uylardan birida, Yirtqichning shaxsan o‘zi, to‘g‘ri, to‘lin oy bo‘lmaganligi uchun u odam qiyofasida edi, Martinning niqob ostidagi yuzi devorday oqarib ketganini va qo‘lqop ichidagi barmoqlari mahkam siqilganini sezmagan holda, uning xaltasiga qand tashladi. Bo‘ri-odam Martinga qarab jilmaydi va uning boshini siladi.
Ha, u bo‘ri-odam edi. Martin buni bildi. Martin uning ko‘zida tasma borligi uchungina bilgani yo‘q. Bu inson qiyofasi bilan bundan to‘rt oy ilgari yoz tunida ko‘zidan ajralgan yirtqich tumshug‘i orasida sezilar-sezilmas umumiylik bor edi.
Vermontdan Taker Millzga qaytganidan beri Martin hushyor yurar, ertami-kechmi bo‘ri-odamni uchratishiga va uni tanishiga ishonardi, chunki u bir ko‘zli odam bo‘lishi kerak edi.
U politsiyaga bo‘ri-odamning bir ko‘zi oqib tushganligini aytganida, ular Martinning bu so‘zlariga bosh irg‘ab qo‘yishdi, lekin unga politsiyachilar ishonishmaganday tuyuldi. Ehtimol, uni yosh bola deyishgandir yoki o‘sha tunda ular bu voqeani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmaganliklari uchundir. Nima bo‘lganda ham buning ahamiyati yo‘q edi – Martin uning kimligini bilardi.
Taker Millz – kichkina shaharcha, lekin shu kungacha Martin bir ko‘zli kishini uchratmadi, so‘rab-surishtirishga esa botinmadi. Baribir Taker Millz – kichkina shaharcha. Ertami-kechmi u Yirtqichni o‘z insoniy qiyofasida ko‘radi. Uyga qaytarkan, janob Koslav Martin bugungi bayramda charchaganligi uchun jim bo‘lib qoldi, deb o‘ylayotgandi. Aslida bunday emasdi. Martin o‘sha mushak otilgan tundan beri hech qachon o‘zini bunchalik tetik va bardam his qilmagandi. U bo‘ri-odamni topish uchun oltmish kun kerak bo‘lganligini o‘ylardi. Axir Martin katolik edi va shahar chetidagi cherkovga qatnardi.
Uning xaltasiga shirinlik tashlagan va boshini silab qo‘ygan bir ko‘zi bog‘liq kishi katolik emasdi. Yirtqich Lester Lou – baptist cherkovining ruhoniysi edi.
U eshik kesakisiga suyanib, jilmaydi. Martin sariq rangli tasmani aniq ko‘rdi. Tasma ruhoniy otaga qaroqchi qiyofasini bergandi.
- Ko‘zingizga nima bo‘ldi, hazrat Lou? – dedi janob Koslav. – Umid qilamanki, bu jiddiy emas.
Hazrat Lou ma’yus jilmaydi. U bir ko‘zidan ajralgandi, lekin hammasi Xudoning irodasi. U yana Martinning boshini silab qo‘ydi.
Shunday qilib, Martin oktyabr shamolining qo‘shig‘i, so‘nggi barglarning shitirlashiga quloq solib, yarim oyga tikilganicha karavotida yotardi.
U bitta narsani o‘ylardi: endi nima qilish kerak?
U hozircha nima qilishni bilmas, lekin bu savolga albatta javob topishini his qilardi.
Bolakay uxlab qoldi, Taker Millzda esa shamol g‘uvillagnicha oktyabrni quvib, o‘zi bilan kuzning so‘nggi oyini olib kelmoqda edi.
Noyabr
Taker Millzga tund noyabr kirib keldi.
Ruhoniy Lester Lou eshigi oldida turganicha ko‘chada yuz berayotgan voqealarni kuzatayotgandi. U hozirgina pochta orqali oltita kitobcha va bitta xat olgandi.
Ko‘chada mashinalar tizilib ketgandi. Ular shahardan chiqib ketayotgandi.
Ob-havo ma’lumotiga ko‘ra, qor yog‘ishi kerak edi. lekin mashinalardagi kishilarni bu narsa qo‘rqitolmasdi. Ular ov kiyimlarini kiyib olishgan, qo‘llarida qurol, yonlarida tozi itlari bor edi. To‘rtinchi kundirki, Almer Sinneman va uning ukasi Pit boshchiligidagi bu kishilar shahar tashqarisiga chiqishayotgandi.
Oy to‘lishiga oz qolgandi. Qush ovlash mavsumi allaqachon tugagandi. Bug‘u ovlash mavsumi ham. Lekin ular uchun bo‘ri-odam ovlash mavsumi endi boshlangandi.
Bu odamlarning ayrimlari shunchaki bekorchixo‘jalar va ushbu safar ular uchun o‘rmonda dam olish, pivoxo‘rlik qilish, olmaxon va qarg‘a otish uchun bir bahona ekanligini ruhoniy Lou bilardi.
Ular haqiqiy yirtqichlar, o‘yladi Lou va qo‘lini beixtiyor iyuldan beri ko‘ziga bog‘lab yurgan tasmaga uzatdi.
Oxirgi mashina ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ha, ularning ayrimlari shunchaki bekorchilar, lekin ayrimlari – masalan, Almer va Pit Sinnemanlar - o‘ta xavfli.
«Agar bu maxluq, kim bo‘lishidan qat’i nazar – odammi yoki hayvonmi – ovga chiqsa, itlar uning iziga tushishadi. – Ruhoniy Lou ikki hafta ilgari sartaroshxonada Almerning mana shu so‘zlarini eshitgandi. – Agar u paydo bo‘lmasa, biz kimningdir hayotini, hech bo‘lmaganda, birortasining chorvasini saqlab qolgan bo‘lamiz».
Ha, ulardan ayrimlarining - o‘n kishimi, ehtimol yigirma kishidir – qo‘lidan ish keladi. Lekin ruhoniy Louni ular emas, boshqa narsa tashvishga solayotgandi.
Xatlar, mana nima tashvishga solayotgandi uni. Yosh bola qo‘li bilan yozilgan xatlar. U bugun kelgan xatga qaradi. Ilgarigilari bilan bir xil yozuv: «Ruhoniy Louga, baptist ruhoniysi uyiga, Taker Millz, Meyn 04491».
Va yana o‘sha tuyg‘u… qurshovga tushgan maxluq tuyg‘usi. U itlar qurshoviga tushgan – jangga tayyor, lekin ayni paytda itlar tomonidan yorib tashlanishini tushunib turgan tulki tahlika ostida nimani his qilishini tasavvur qildi.
U eshikni ohista yopdi va bobosidan qolgan soat har bir soniyani sanab turgan mehmonxonaga kirdi; u o‘tirdi, Miller xonim haftada ikki marta artadigan stol ustiga diniy kitoblarni qo‘ydi va yangi kelgan xatni ochdi. Oldin kelgan maktublardagi singari unda ham na salom-alik, na imzo bor edi. Maktab daftaridan yirtib olingan bir parcha qog‘ozga shunday so‘zlar yozilgandi:
«Nega o‘zingizni o‘ldirmayapsiz?»
Ruhoniy Lou qaltirayotgan qo‘li bilan yuzini changalladi. Boshqa qo‘lidagi qog‘ozni g‘ijimladi va stol ustidagi kuldonga tashladi. U cho‘ntagidan gugurt chiqardi va ilgarigilari kabi bu xatni ham yoqib yubordi. U xatning yonishini diqqat bilan kuzatib turdi.
O’zining aslida kim ekanligi haqidagi fikr Louning miyasiga ikki tomondan kelgandi. Birinchidan, may tunidagi dahshat – tushida cherkovdagi barcha odamlarning bo‘riga aylanib qolishi, keyin esa Klayd Korlissning yorib tashlangan jasadi topilishi. O’shanda u ilk bor o‘zida… qandaydir o‘zgarish bo‘layotganini sezgandi. U buni nima deb atashni bilmasdi. Lekin nimadir joyida emasdi. U ba’zida ertalablari, to‘lin oy paytida ajablanarli tarzda tetik, bardam holda uyg‘onardi. Bu hissiyot asta-sekin yo‘qolib borar va oy to‘lishgan paytda yana paydo bo‘lardi.
Tushi va Korlissning o‘limini eslarkan, u shu paytgacha o‘zi rad etib kelgan boshqa dalillarni ham tushuna boshladi. Masalan, iflos va yirtilib ketgan kiyimlar, tanasidagi ko‘kimtir dog‘lar va yaralar (ular mutlaqo og‘rimas va juda tezlik bilan bitib ketardi). U hattoki ba’zida qo‘llari va… lablarida qotib qolgan qon dog‘larini ham rad etardi.
Ikkinchidan, 5 iyul kuni u ertalab bir ko‘zidan ajralgan holda uyg‘ongandi. Xuddi ko‘kimtir dog‘lar va tilingan izlardagi singari u bu safar ham hech qanday og‘riqni sezmadi – faqatgina chap ko‘zi o‘rnida bo‘shliq paydo bo‘lgandi. Endi hammasi ayon bo‘lgan, rad etishning iloji yo‘q edi: u – bo‘ri-odam, u – Yirtqich.
Keyingi uch kun davomida uni yana o‘sha tanish hissiyot chulg‘ab oldi. Bugun oy to‘ladi va ovchilar itlari bilan izg‘ib yurishadi. Xo‘sh, nima bo‘pti! U ular o‘ylagandan ko‘ra aqlliroq. Ular bo‘ri-odam haqida gapirishyapti, lekin odamni emas, faqat bo‘rini nazarda tutishyapti. Ular o‘z mashinalarida yurishadi – u ham o‘z mashinasida yuraveradi. Bugun, tushdan so‘ng, u Portlend yo‘lidagi birorta mehmonxonaga boradi. Bo‘riga aylanganida esa uning yonida hech kim, ovchilar ham, itlar ham bo‘lmaydi. Yo‘q, ular uni qo‘rqitolmasdi, u ulardan qo‘rqmaydi.
«Nega o‘zingizni o‘ldirmayapsiz?»
Dastlabki xat shu oyning boshida kelgandi. Unda shunday so‘zlar bor edi:
«Kimligingizni bilaman!»
Ikkinchisida shunday yozilgandi: «Agar Xudoga ishonsangiz – shahardan keting. Odamlarni emas, hayvonlarni o‘ldirishingiz mumkin bo‘lgan biror joyga keting».
Uchinchi maktub:
«Bas qiling!»
Bor-yo‘g‘i shu - «Bas qiling!»
Endi esa:
«Nega o‘zingizni o‘ldirmayapsiz?»
Chunki bunday qilishni istamayman, jahl bilan o‘yladi ruhoniy Lou. Menga nima bo‘lganini tushuntirib berolmayman. Meni bo‘ri tishlamagan, lo‘li ayol qarg‘amagan. Bu shunchaki… shunchaki sodir bo‘ldi. Bir kuni, o‘tgan yilning noyabrida, Sanshayn Xill qabristonida bir necha dona gul uzdim va ularni cherkovdagi guldonga solib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Men ilgari bunday gullarni ko‘rmagandim… Shaharga qaytgunimcha ular so‘lib qoldi. Hammasi qorayib ketdi. Ehtimol, bu o‘shanda boshlangandir. Bunday o‘ylashga sabab yo‘q, albatta, lekin baribir… Men o‘zimni o‘ldirmayman. Yirtqich ular, men emas!
Lekin xatlarni kim yozyaptikin?
U bilmasdi. Martin Koslavga bo‘lgan hujum haqida Taker Millz gazetalarida hech qanday xabar berilmagan, mish-mishlarga quloq solishni esa Lou o‘z qadrini yerga urish deb bilardi. Xellouin bayramiga qadar Martin Lou haqida bilmagani kabi, ruhoniy Lou ham Martin haqida hech narsa bilmasdi. Yirtqich qiyofasida o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lishi haqida esa hech qanday tasavvurga ega emas, faqat bu davrning boshlanishidagi xavotir va undan keyingi qoniqish hissini bilardi, xolos.
Men Xudoga ishonaman, o‘yladi u, xonada borgan sari tezroq yurarkan. Unga mehmonxona torlik qila boshladi. Men Xudoga ishonaman va o‘zimni o‘ldirmayman. Men yaxshi ishlar qilaman va agar ba’zida yovuzlik qiladigan bo‘lsam nima bo‘pti – mengacha ham odamlar yovuzlik qilishgan; yovuzlik ham Xudoning irodasi, agar men la’natlangan bo‘lsam, Yaratgan meni kechiradi va o‘z dargohiga qabul qiladi. Hamma narsa Yaratganga bog‘liq… U kim ekan-a? Qanday qilib bilsam bo‘ladi? To‘rtinchi iyul kuni kimga hujum qilganman? Ko‘zimdan qanday ajradim? Nima uchun u shu paytgacha jim yurdi? Itlaringizni tezroq yo‘qotinglar. Tezroq…
U tobora tezroq yura boshladi, undagi zo‘riqish kuchaydi va u siyrak soqoli qalinlashayotganini, yagona ko‘zi esa yashil tusga kirayotganini sezmadi. U enkaydi va o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshladi… lekin uning so‘zlari irillashga aylanib borardi. Nihoyat, kun tun bilan almashdi. Lou oshxonaga otildi, kiyim ilgichda turgan mashina kalitini oldi va garajga chopdi. U Portlendga yo‘l oldi. Dastlabki qor uchqunlari mashina chiroqlari nurida raqs tushganicha yerga tushardi. Lou bulutlar ortidagi oyni, uning kuchini his qildi, ko‘krak qafasi oq ko‘ylagini yirtganicha kengaya boshladi.
U radio murvatini buradi va o‘zini shunchaki… zo‘r his qildi! O’sha tunda yuz bergan narsa yo Xudoning jazosi, yoki taqdir hazili edi – bu juda kulgili, chunki Lou Yirtqichga aylanish uchun Portlendga ketgandi, u o‘ldirgan odam esa Taker Millzda yashaydigan Milt Shturmfyuller bo‘lib chiqdi… Ehtimol, Xudo shunday bo‘lishini istagandir, chunki Taker Millzdagi eng ablah odam aynan Milt Shturmfyuller edi. U o‘sha tunda xuddi ilgarigilari kabi xotini Donna Liga ish bilan ketayotganligini aytib uydan chiqib ketgan, uning «ishi» esa Donna Li anchadan buyon bermay qo‘ygan lazzatni beruvchi Rita Tennison ismli fohisha edi.
Ruhoniy Lou Portlend-Vestburg shossesi bo‘yidagi «Oriftvud» mehmonxonasiga kelgan va Milt Shturmfyuller bilan Rita Tennison ham o‘sha noyabr tunida o‘z ishlarini bajarish uchun aynan mana shu mehmonxonani tanlashgandi.
Milt kech soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tganida mashinasida qoldirgan ichkilikni olib kelish uchun tashqariga chiqdi. U oy to‘lgan mana shunday tunda Taker Millzda emasligidan o‘zini-o‘zi tabrikladi va ayni shu lahzada mashina tomidagi bir ko‘zli Yirtqich bir hamla bilan uning boshini uzib tashladi. Milt Shturmfyuller eshitgan so‘nggi narsa bo‘ri-odamning tantanali uvillashi bo‘ldi; uning boshi mashina ostiga yumaladi, uning ko‘zlari ochiqligicha qotib qolgan, bo‘ynidan qon shovillab otilardi. Yirtqich uning jasadi ustiga engashdi va yutoqib qon icha boshladi.
Ertasiga esa Taker Millzdagi uyida o‘zini shunchaki… zo‘r his qilayotgan ruhoniy Lou qotillik haqida gazetada o‘qiydi va shunday o‘ylaydi: «U yaxshi odam emasdi. Bu Xudoning irodasi».
U yana shunday deb o‘ylaydi: «Menga xat yozayotgan bola kim ekan-a? Iyulda kimga tashlangandim? Buni aniqlash kerak. Endi mish-mishlarga quloq solmasam bo‘lmaydi».
Ruhoniy Lou ko‘zidagi tasmani to‘g‘riladi, gazetani yopdi va o‘yladi: «Hammasi Yaratganning irodasiga bog‘liq, agar Xudo xohlasa, men uni topaman. Va ovozini o‘chirishga majbur qilaman. Bir umrga».
Dekabr
Yangi yil kirishiga o‘n besh daqiqa qolgandi. Dunyoning boshqa joylarida bo‘lgani kabi yil oxiriga yetayotgan va hamma yerda bo‘lganidek, Taker Millzda ham o‘zgarishlar yuz bergandi.
Milt Shturmfyuller o‘lgan va uning nihoyat qullikdan qutulgan bevasi Donna Li shahardan ko‘chib ketgandi. Ayrimlar uning Bostonga, ayrimlar esa Los Anjelesga ketganini aytishardi. Bir ayol shaharchada kitob do‘koni ochgandi, do‘kon yonib ketdi. Sartaroshxona va qovoqxona, Xudoga shukrki, o‘z joyida edi. Marhum Klayd Korlissning qo‘lidan hech narsa kelmaydigan ukalari Alden va Errol hali ham tirik edilar. Shaharda eng shirin pirog pishiradigan Gramma Xeyg infarktdan vafot etgandi. To‘qson ikki yoshli Villi Xarrington Boll stritdagi uyida sirg‘anib yiqilib tushib oyog‘ini sindirib olgandi. Maktab direktori Olli Parkerning burnidan qon ketib, kuchli zo‘riqish degan tashhis qo‘yildi. Yaxshiyamki, miyangiz oqib ketmabdi, dedi shifokor, unga qon bosimiga qarshi dori yozib berayotib va Olliga qirq funtga ozishni maslahat berdi. Ajablanarlisi shundaki, Olli Rojdestvogacha yigirma funtga ozdi. U o‘zini butunlay boshqa odamdek his qilardi. «U to‘shakda ham boshqa odamga aylandi», deb maqtandi uning xotini sirdosh dugonasi Deyl Barniga. Varrak mavsumida Yirtqich o‘ldirgan Bredi Kinkeyd hali ham o‘lganligicha qolgan, nogironlar aravachasida o‘tiradigan Martin Koslav esa ilgarigiday nogiron edi.
Nimadir o‘zgargan, nimadir asl holicha qolgan va Taker Millzda yil qanday – kuchli shamol va Yirtqichning ko‘rinmas tashrifi bilan – boshlangan bo‘lsa, shunday oxiriga yetayotgandi.
Koslavlarning mehmonxonasida Martin va tog‘asi Al o‘tirishardi. Ular televizorda Dik Klarkning yangi yil shousini tomosha qilishayotgandi. Martinning tizzasida 38-kalibrli «kolt» to‘pponchasi yotardi. Uning ichida sof kumushdan tayyorlangan ikkita o‘q bor edi. Alning Xemdenda Mak-Katchen ismli do‘sti bor edi. Bir necha marta rad etishlardan so‘ng u Martinning kumush qoshig‘ini eritishga va ikkita o‘q yasab berishga rozi bo‘lgandi.
- Buning ishlashiga kafolat berolmayman, - dedi Mak-Katchen Alga, - lekin ishlashi kerak. Menga qara, kimni o‘ldirmoqchisan, bo‘ri-odamnimi yoki qonxo‘r maxluqnimi?
- Ikkalasini ham, - dedi Al unga javoban kularkan. – Bu mening jiyanimga. U dahshatli filmlarni sevib tomosha qiladi va o‘ylaymanki, bu unga zo‘r sovg‘a bo‘ladi.
- Bo‘pti, o‘q otilganidan so‘ng uni topsang, menga olib kelib ber, - dedi Mak-Katchen. – Unga nima bo‘lishini ko‘rmoqchiman.
Rostini aytganda, Al nima qilishga ham hayron bo‘lib qolgandi. U Taker Millzda to‘rtinchi iyuldan beri bo‘lmagan va Martinni o‘shandan buyon ko‘rmagandi. Uning opasi, Martinning onasi Alning sovg‘asidan tepa sochi tikka bo‘lgandi.
- Ahmoq, unga biror narsa bo‘lib qolsa nima qilarding? Qilayotgan ishingni o‘yladingmi?! – qichqirdi u telefonda.
- Aytishlaricha, uni aynan mushak saqlab qolibdi-ku, - o‘zini oqlashga urindi Al, lekin telefonda qisqa gudok tovushini eshitdi. Opasi qaysar ayol edi. eshitgisi kelmagan narsani eshitmasdi.
Keyin esa, shu oyning boshida Martin qo‘ng‘iroq qildi.
- Siz bilan ko‘rishishim kerak, Al tog‘a, - dedi u. - Faqat sizga aytadigan gapim bor.
- Oying bilan urishib qolganman, - javob qildi Al.
- Bu juda muhim, - dedi Martin. – Iltimos!
U keldi va opasining ta’nalarini sabot bilan tingladi, so‘ng Martin bilan birga sayr qilishga ruxsat so‘radi.
Dekabrning ayozli, ochiq kuni edi. Al tog‘asi uni mashinasiga o‘tqazdi va ular yo‘lga tushishdi. Al tog‘a Martinning hikoyasini xavotir bilan tingladi.
Martin hikoyasini mushakbozlik qilgan tundan boshladi. U mushak otib Yirtqichning chap ko‘zini chiqarganini aytib berdi. Keyin esa Xellouin bayrami, ruhoniy Lou va imzosiz xatlari haqida aytdi. Portlendda Milt Shturmfyuller o‘ldirilganidan so‘ng yozilgan ikki xatga imzosini qo‘yganini ham aytdi.
- Unga hech qanday xat yozmasliging kerak edi, - dedi Al tog‘asi. – E, Xudo, Martin, sen adashayotgan bo‘lishing mumkinligi xayolingga kelmadimi?
- Keldi, - dedi Martin. – Shuning uchun ham oxirgi ikki xatga imzo qo‘ydim. Keyin nima bo‘lganini so‘ramaysizmi? U otamga qo‘ng‘iroq qilib xat yozayotganimdan shikoyat qilgan-qilmaganligini so‘ramaysizmi?
- U bunday qilmadimi? – so‘radi Al qanday javob bo‘lishini sezgan holda.
- Yo‘q, - dedi Martin. – U otam bilan ham, onam bilan ham, men bilan ham gaplashmadi.
- Martin, uning bunday yo‘l tutganiga yuzlab sabablar bo‘lishi mumkin.
- Yo‘q. Faqat bitta. U – bo‘ri-odam, u – Yirtqich va u oy to‘lishini kutyapti. Ruhoniy Lou sifatida u hech narsa qilolmasligi mumkin. Lekin bo‘ri-odam qiyofasida ko‘p narsa qo‘lidan keladi. U meni o‘ldirishi mumkin.
Martin bu so‘zlarni shunday soddalik bilan aytdiki, Alni deyarli ishontirdi.
- Senga qanday yordam berishim mumkin? – so‘radi Al.
Martin unga maqsadini aytdi. Unga ikkita kumush o‘q va to‘pponcha kerak. U yana Al tog‘asining yangi yil arafasida, oy to‘ladigan tunda uning yonida bo‘lishini istaydi.
- Yo‘q, - dedi Al tog‘asi. – Sen yaxshi bolasan, Martin, ammo, oshirib yuborayotganga o‘xshayapsan. Yana bir marta o‘ylab ko‘r.
- Ehtimol oshirib yuborayotgandirman, - dedi Martin. – Lekin yangi yil kuni sizga qo‘ng‘iroq qilishib, karavotda mening burdalab tashlangan jasadim yotganligini aytishsa, qanday ahvolga tushasiz? Siz shuni istaysizmi, Al tog‘a?
Al nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin o‘ylanib qoldi va mashinasini shosse tomon keskin burdi. U Vetnamda jang qilgan va buning uchun taqdirlangandi, u bir necha marta ayollar qo‘ygan tuzoqlarga chap bergandi, hozir esa o‘n yashar jiyanining qarmog‘iga ilingandi. To‘g‘ri, u buni tan olishni istamasdi. Ammo Martin tog‘asini yaxshi biladi, u endi Martinning ittifoqchisiga aylangandi.
To‘rt kundan keyin, o‘ninchi dekabrda Al tog‘a qo‘ng‘iroq qildi.
- Ajoyib xabar! – e’lon qildi Martin oila a’zolariga. – Al tog‘am yangi yil kuni biznikiga kelarkan!
- Hech qachon! – dedi onasi qat’iy qilib.
Lekin Martinni bu fikridan qaytarishning iloji yo‘q edi.
- Axir uni men taklif qilganman.
Onasi kuni bilan unga norozi qiyofada tikilib yurdi. Lekin ukasiga uning kelmasligini so‘rab qo‘ng‘iroq qilmadi. Eng muhimi ham shu edi.
Nihoyat vaqt bo‘ldi. Yangi yil arafasi. Al kelmasligiga Martinning onasining ishonchi komil edi. Tashqarida haqiqiy qor bo‘roni bo‘layotgandi. Shamol qor uchqunlarini uchirgancha uvillardi. To‘g‘risini aytganda, Martin xavotirga tushib qoldi, lekin Al tog‘asi kech soat sakkizlarda kirib keldi.
O’n bir yarimda hamma uxlab qoldi. Faqat ular ikkalasigina uyg‘oq edilar. Al tog‘a bu bema’nilikka ishonmasa-da, ehtiyot shart bitta emas, ikkita to‘pponcha olib kelgandi. Kumush o‘qlar solingan to‘pponchani Martinga berdi. Ikkinchisini, 45-kalibrli «magnum» to‘pponchasini esa, agar o‘sha maxluq kirib kelsa otaman, degan fikrda (u bu fikriga tobora shubha qilayotgandi, chunki vaqt o‘tib borar, biroq bo‘ri-odamdan darak yo‘q edi) o‘zida olib qolgandi.
Ular hozir televizorda Tams Skverdagi Aled Kemikl binosi ustidagi ulkan sharning nur sochishini tomosha qilib o‘tirishardi.
Yilning so‘nggi daqiqalari o‘tib borardi. Televizor qarshisidagi burchakda yangi yil archasi turar, u juda ma’yusga o‘xshardi.
- Martin, hech narsa… - so‘z boshladi Al tog‘a va ayni shu lahzada mehmonxonaning gulli deraza oynasi parcha-parcha bo‘lib ketdi. Ichkariga sovuq shamol, qor uchqunlari va … Yirtqich kirib keldi.
Al dahshatdan qotib qoldi. Yirtqich juda ulkan, qo‘llari gilamga tekkuday engashib yursa-da, bo‘yi yetti fut edi. Uning yagona yashil ko‘zi (Martin tasvirlaganday ekan, o‘yladi tahlikada Al) atrofga alangladi va nogironlar aravachasida o‘tirgan Martinga tikildi. U tishlarini irjaytirganicha bola tomon yurdi.
Martin xotirjamlik bilan «kolt»ini ko‘tardi. U aravachasida juda kichkina ko‘rinardi. Uning oyoqlari xuddi yog‘ochdek osilib turardi. Bo‘ri-odamning o‘kirishi, shamolning chiyillashi, dunyoda bunday voqea qanaqasiga sodir bo‘lishi mumkinligi haqida miyasida charx urayotgan fikrlari orasida Al jiyanining ovozini eshitdi:
- Bechora ruhoniy Lou. Men sizni qutqarmoqchiman.
Martin tepkini bosdi. To‘pponcha qandaydir bo‘g‘iq tovush chiqardi.
Bo‘ri-odamning o‘kirigi boshqacha ohangda yangray boshladi, endi u og‘riqqa chidolmagan hayvonning qichqirishiga aylangandi. U devor tomon uchib ketdi. Devordagi Kure va Iv mo‘yqalamlariga mansub asarlar uning ustiga tushdi. Uning dahshatli tumshug‘i qonga bo‘yalgan, yashil ko‘zida esa hayrat ifodasi mujassam edi. U Martin tomonga yana qadam tashladi. Martin to‘pponchani xuddi yosh bola choynak ko‘targanidek ikkala qo‘lida tutib turardi. U kutdi, kutdi… va bo‘ri-odam yaqinlashishi bilan yana o‘q uzdi. Yirtqichning ko‘zi xuddi shamolda o‘chgan shamdek o‘chdi. U deraza pardasiga o‘ralashib qoldi. Al oppoq pardani bo‘yayotgan qonni ko‘rdi.
Martinning otasi ko‘zlari qinidan chiqqudek holatda eshikni ochganida bo‘ri-odam cho‘kkalab qolgandi. Alning «magnum»i tizzasida turar, talmovsiraganidan to‘pponchani otish xayoliga ham kelmagandi.
Yirtqich yiqildi… jon talvasasida tipirchiladi… va o‘ldi.
Janob Koslav dahshatdan og‘zini ochganicha qarab turardi.
Martin tog‘asiga o‘girildi, qo‘lidagi to‘pponchadan tutun chiqardi. U horg‘in, lekin xotirjam ko‘rinishda edi.
- Yangi yilingiz bilan, Al tog‘a, - dedi Martin. – Yirtqich o‘ldi. – Shu so‘zlarni aytarkan, u yig‘lab yubordi.
Koslav xonimning eng chiroyli deraza pardasiga o‘ralashib qolgan bo‘ri-odamning ko‘rinishi asta-sekin o‘zgara boshladi. Uning yuzi va tanasini qoplagan junlar yo‘qoldi. Og‘riq va g‘azabdan qimtilgan lablar bo‘shashdi. Panjalari oddiy qo‘lga aylandi.
Pardaga o‘ralgan ruhoniy Lester Lou o‘z qonidan paydo bo‘lgan halqobda yotardi.
Al tog‘a Martinning yoniga keldi va uni yupata boshladi. Otasi esa yerda yotgan jasadga tikildi. Martinning onasi eshik yonida turardi. Al Martinni bag‘riga mahkam bosdi:
- Hammasini zo‘r bajarding, kichkintoy, - shivirladi u. – Men seni yaxshi ko‘raman.
Tashqarida shamol uvillar, qor yog‘ar, Taker Millzda esa yangi yilning ilk daqiqasi tarixga aylanib ulgurgandi.