OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Svetlana Vasilenko. Tikanli simlar ortidagi shahar (hikoya)

Men tug‘ilib o‘sgan  shaharchaga bolalik davrim haqida hujjatli filmni suratga olish uchun harbiy "gazik"da kinochilar guruhi bilan ketmoqdamiz. O‘ng tomonimizda   —  harbiy shinel rangidagi ufqqa qadar cho‘zilib ketgan tap-taqir cho‘l, chapimizda esa  Oqtepa  — Axtuba  daryosining shoshqin o‘zani. Oqtepa esa, o‘z navbatida,  to‘lib-toshib oqadigan ulug‘vor, barcha Rus daryolarining malikasi bo‘lmish Volganing  bir tarmog‘idir. Ya’ni, u Volganing qarindoshi, balki singlisi, balki qizidir, faqat Oqtepaning fe’li mutlaqo Volgaga o‘xshamaydi. Oqtepa tez oqadi, o‘zboshimcha, sho‘x-shaddod,  cho‘l emas,  tog‘ daryosidek   besabr. Go‘yo  ana shu beboshligi tufayli podsho saroyidan qochib  ketganu, endi o‘zicha yovvoyi hayot kechirmoqda. Ammo u ham Volga bilan yonma-yon oqib borib, oxir-oqibat Kaspiy dengiziga quyiladi.
— Oqtepa... — o‘ychan takrorladi rejissyor, go‘yo uning ta’mini totib ko‘rayotganday tamshanarkan. — Nomi g‘alati ekan, a? Ruscha emas shekilli?
— Ruscha emas,  — deya ta’kidlayman men va hikoya qilaman. — Bir vaqtlar, Botuxon boshchiligidagi  mo‘g‘ullar butun Osiyoni egallab bo‘lgandan so‘ng aynan mana shu yerda, Oqtepa qirg‘oqlarida to‘xtagan. Botuxon kichkinagina daryoning bu qadar o‘ynoqi, beboshligidan zavqlanib ketgan, balki bunda o‘zini, o‘z fe’lini his etgandir. Tevarak-atrofning go‘zalligi ham uni maftun etgan va aynan mana shu yerda, Oqtepa qirg‘oqlari bo‘yida mo‘g‘ul davlatining G‘arbiy ulusini tashkil etib, unga Oltin  O‘rda deb nom bergan va uning markazi — Saroy shahrini qurdirgan. Aynan mana shu yer, Oltin  O‘rdadan turib, mo‘g‘ullar Rus yerlariga hujumlar uyushtirishgan, yo‘llarida duch kelgan narsaning hammasini yoqqan, qirgan, shaharlar va qishloqlarning kulini ko‘kka sovurgan. Ana shu yerdan turib, mo‘g‘ullar Rusni bo‘ysundirishgan, Rusni davlat sifatida yo‘q qilishgan. Aynan mana shu yerga, Oltin  O‘rda markaziga — Saroyga,  Rus knyazliklarining ishongan ayonlari  amal dardida bosh urib kelishgan. Rus yerlarining viloyatlariga xokimlar mana shu yerda tayinlangan.
Men, albatta, gapim ishonarli  chiqishi uchun uncha-muncha qo‘shib-chatib, yolg‘on aralashtirib gapiryapman.  Botuxon o‘z Oltin  O‘rdasi Saroyini  bu yerdan ancha janubda, Volganing etaklarida  qurdirgan. Ko‘p yillardan so‘ng esa boshqa bir xon Markazni bu yerga ko‘chirib kelgan ekan. Gaping ishonarli chiqishi uchun yolg‘on  to‘qishning aybi yo‘q axir.
— Bir gal rus knyazi xonning Tuba ismli qizini sevib qopti. Tuba ham o‘z navbatida yigitga ko‘ngil qo‘yipti. Keyin knyaz ketayotib, bir yildan keyin qaytib kelaman-da, senga uylanaman, deb va’da beripti. — Kinochilar guruhiga mahalliy afsonani aytib berdim. Qizning otasi bu gapdan xabar topib qolib, qizini  qari, xunuk qrim xoniga berishga...
— Munkillagan! — gap qo‘shdi tasvirchi Ira (Gap kelganda aytib qo‘yay, Ira Rossiyaning eng yaxshi tasvirchilaridan biri.)
— ... qaror qilipti,  — davom etdim men.
— Uning o‘zi-chi, Tuba?  —  qiziqib qoldi "gazik" haydovchisi, yoshgina askar. — Tegib ketaveriptimi?
— Mashinangni anavi tosh yonida to‘xtat,  — deya iltimos qildim undan. 
Mashina kulrang, beo‘xshov bir yodgorlik yonida to‘xtadi.  Yodgorlikning beton devorida harflar izi. .  Hoynahoy, mis harflarni mahalliy "alyuminchilar" yoki alkashlar  qirib olib, yuz gramm aroqqa almashtirib yuborishgan ko‘rinadi. Rejissyor yozuvni o‘qishga urindi. Uddalay olmadi-da, menga o‘girildi.
— Bu yerda nima yozilgan?
— Bu yerda Oltin  O‘rda markazi Saroy shahri bo‘lgan.
— Shu yerdami?! — Rejissyor ang-tang holatda tevarak-atrofni kuzatdi. — Shu sahroda-ya?! Qator-qator saroylari, bozorlari, fontanlari bo‘lgan ulkan shahar, butun dunyoning teng yarmi taqdirini hal qilgan davlat markazi mana shu sahroda qurilganmi?
Qaytib mashinaga o‘tirdik. Men rejissyorga bolalik davrimizda  do‘stlar bilan ko‘plashib   kelib, sahroda yer qaziganimizni aytib berdim. Oltin  tulporni izlaganmiz.
— Yana qanaqa tulpor?  —  salkam achchiqlanib so‘radi rejissyor. Go‘yo hozirdanoq oramizda ijodiy  raxna  boshlanayotganga o‘xshardi, sababi hali o‘zimizga-da ayon emasdi.  Birgalikdagi ijod davrida bu darz ketish albatta qaerdadir  sezilib qolishi aniq edi.
— Oltin tulpor deyapman-ku,  — deya to‘ng‘illadim men ham  unga javoban. — Botuxon o‘layotib, o‘zida bor tillalarning hammasini quydirib, oltin tulpor yasatibdi-da, sahroga, yashirin bir joyga ko‘mdiribdi.  O‘shandan beri hamma o‘sha joyni izlaydi. Oltin tulpor esa har yili bir marta, eng oydin tunda mana shu sahro bo‘ylab yuguradi. Ko‘plar uning tuyoqlari dupurini eshitishgan. Ana shunaqa afsona bor.
— Afsona ustiga afsona,  — deya rejissyor piching qildi. —  Hech narsa qolmadi. Faqat afsonalar.
— Biz, mahalliy aholi uchun bular afsona emas,  — dedim men sekin.
— Nima  bo‘lmasa?
— Aniqroq aytadigan bo‘lsam... bu hayotiy haqiqat. Biz ana shu haqiqatlar bilan tug‘ilganmiz, ana shu haqiqatlar bilan yashayapmiz.
—  Har  qalay,  endi hech kim oltin tulpor ilinjida sahroni qazib yotmayotgandir? — ming‘irladi rejissyor. — Endi ertaklarga hech kim ishonmay qo‘ygan-ku.
— Seni o‘zing  hayotdan faqat afsonalar qoladi, deding-ku,  — deya uning fikriga qo‘shilmadim men.
— Biz filmimiz uchun sening afsonalaringni  suratga olmaymiz-ku axir! — dedi rejissyor, norozi ohangda. — Biz hayot haqidagi filmni suratga olishimiz kerak.  Hujjatli film. Tushundingmi?
Bir-birimizdan norozi bo‘lib, mashinaga o‘tirdik.  Betlari qizargan askar bola mashinani  o‘t oldirayotib,   bolalarcha  nigohini menga tikdi.
— ...Keyin nima bo‘lgan? Xon qizi Tubani aytayapman? Siz oxirigacha aytmadingiz.
—  O‘sha kuyovidan, qrim xonidan to‘y mahali qochib ketgan. Daryoga qochib borib, o‘zini o‘zi g‘arq qilgan.
—  O‘o‘-o‘! — Askar bola hayratga tushdi.
— Voqeani eshitgan xon, qizning otasi dod-voy solibdi. Ax, Tuba, Tuba, nima qilib qo‘yding, deb yig‘lapti. Shundan bu daryoning nomi Axtuba — Oqtepa  bo‘lib qolgan ekan.
— Keyin-chi? Keyin nima bo‘pti? — askar bola voqeaga tobora qiziqib borardi.
— Keyin qiz  suv parisiga aylanipti...
— Voy xudoyim! Men jinni bo‘lib qolaman,  — rejissyor yig‘lamsiradi. —  Hayda mashinangni.
Mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Saroydan men tug‘ilib o‘sgan shahargacha ellik kilometr.

Bu  harbiy  shahar ko‘p yillar davomida tikanli simlar bilan o‘rab olingan edi. Unga kirish va chiqish  faqat maxsus nazorat-taftish punktlari  orqali  maxsus ruxsatnomalar bilan amalga oshirilardi. Bu shahar haqida aytish va yozish mumkin emas. Bu shahar uzoq yillar davomida dunyo xaritasida ham ko‘rsatilmagan.  Hozir ham yo‘q. Shaharning nomi ham harbiy sir edi. Kassadan bilet olayotib: "falon shahargacha" deyilmasdi.  Dushman eshitib qolishi mumkin edi-da. (Gapingni panada pisib eshitayotgan  dushman ayg‘oqchisi surati — plakatlar shaharning hamma joyiga ilib, yopishtirib tashlangandi. "Menga sakson beshinchi raz’ezdga qadar bilet bering", deyish kerak bo‘lardi. Shaharning nomi ko‘p edi.  Bu, dushmanni aldash, uning ayg‘oqchisini  chalg‘itish niyatida o‘ylab topilgan bo‘lsa ajab emas. Uni Bayroqdor,  O‘ninchi Maydon, yoki oddiygina  O‘ninchi deb  ham atashrdi. Yuqorida aytilgan sakson beshinchi raz’ezd, Shaharcha va hatto Moskva-400... Hozir ham mazkur nomlarni sanayotib, beixtiyor bolalarcha ishonuvchanlik bilan "tag‘in harbiy sirni oshkor etmayotganmikanman", degan vahima ichimga o‘rmaladi). Ammo shahar aholisi o‘z shahrini  qadimgi Ashtarxon yaqinidagi qishloq  Kapustin Yar nomi bilan atashardi. Yoki qisqagina Kap-yar.
Elliginchi yillarning o‘rtalarida shu yerda tug‘ilishni Xudo menga ravo ko‘rgan ekan.
Judayam qadim zamonlarda bu yerda Kaspiy dengizi bo‘lgan. Dengiz chekinib, ikki yuz  qadam pastga tushib ketgan. Bizning shahar dengizning ana shu qurib qolgan tubida joylashgan. Tepasida bulutlarsiz ko‘m-ko‘k osmon yastanib yotardi. Biz  go‘yo  qopqog‘i berkilgan banka ichida  yashardik.  Tunlari Yangi yil  archasidagi o‘yinchoqlarday,  yulduzlar  shaharga qulab ketadigan darajada osilib turardi go‘yo. Aynan ana shu xislati, salkam yil davomida bu yerda havo ochiq bo‘lishini inobatga olib, bu yerda harbiy mashqlar o‘taydigan joy — poligon qurishgan.
Men tug‘ilgan joy — raketa-yadro poligoni  bo‘lib, aynan shu yerda raketa va yadroviy qurollarning eng yangilarini  sinovdan o‘tkazishardi. Kapustin Yarda esa mana shu poligon xizmatchilari, harbiylari, ularning oilalari istiqomat qilardi. Poligonga 1946 yili asos solingan.. Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alabamizdan keyinoq, Germaniyadan olib chiqilgan FAU-1, FAU-2 raketalarini  shu yerga olib kelib, ular asosida o‘zimiznikilar o‘zimiznikini yasashgan. Baxtimizga Reyx olimlari  bu qurilmalarni oxiriga yetkazishga ulgurishmagan, Gitler undan foydalana olmagan. Aytmoqchi, xuddi shu davrda dunyoning boshqa bir burchagida — Amerikada, ana shu raketalarning boshqa bo‘laklari asosida  birinchi amerika raketalari yaratilgan. Ajdarning yerga ekilgan tishlari misol, gitler raketalari dunyoning barcha burchaklarida ikkinchi hayotini boshlagan. Va  ikki ulkan davlat Amerika va SSSRning qarama-qarshiligi vujudga kelgan. "Sovuq urush" boshlangan.
Mana shunaqa shaharda biz hujjatli filmni suratga olishimiz kerak edi
Nazoratchilar hujjatlarimizni, ruxsatnomalari¬mizni va  Harbiy Mudofaa vazirligi, Genshtabdan olgan boshqa yo‘l-yo‘lakay  qog‘ozlarimizni tekshiruvdan o‘tkazgandan so‘ng ham bizni ichkariga kiritishmadi. Bizni o‘tkazmagan askarlarga, zobitlarga do‘q urdik, biz yuqoridan maxsus ruxsatnoma bilan kelganmiz, ko‘zlaringga ko‘rsatib qo‘yishimiz mumkin deya vahima qildik, u-bu yerlarga sim qoqdik, ammo ularga hech narsa ta’sir qilmasdi. Qo‘riqchilar bizning ahvolimizga  mutlaqo parvo qilmay, bezrayib turishardi. G‘alati edi bu. Qayta qurish davrida maxfiylik pardalariga darz ketgan bo‘lsa... Shaharda allaqachonlaroq  poligonga mutlaqo aloqasi yo‘q odamlar ham yashay boshlagandi.  Ammo shaharda yashash boshqayu, shahar haqida filmni suratga olish — mutlaqo boshqa narsa ekan-da. Go‘yo Shahar bizga ishonqiramayotgandi. Shaharning barcha himoya vositalari bizga qarshi ish boshlagandi. Biz notanish, begona, balki dushman  kishilar edik. Nima qilmoqchiligimiz noma’lum edi. Shu sababli Shahar tipratikon  misoli  tikonlarini hurpaytirib olgandi. Unga qo‘l tegizishimizni istamasdi. Ochilishni istamasdi. Ichkariga kiritmasdi. Rejissyor boshini toshlarga uradigan darajaga yetdi.
Ana shunda men masalani hal qildim.   Hushyor qo‘riqchilar ko‘z o‘ngida men  o‘t-o‘lanlar, smorodinalar o‘sib yotgan tarafga, go‘yo shunchaki, balki yengil hojat chiqaradigan joy izlab yura boshladim. Qo‘riqchilar — yosh-yosh askarlar  —  meni o‘ng‘aysiz ahvolga solmaslik uchun oqilona yuz  o‘girdilar. Men yengil yurib, nazorat doirasidan chiqdim-da, salgina bilinib turgan, ammo bolaligimdan menga  tanish yolg‘izoyoq yo‘lak bo‘ylab yurdim va beton devorlar orasidagi odam o‘tadigan teshikka yetib bordim. Tikonli simlar o‘rnini endi ana shu beton devorlar egallagan edi. Teshik orqali shaharga ruxsatnomasiz kiraversa bo‘lardi.  Hamma shunaqa qilardi: "Ketdik, teshikdan kiramiz".  Men yengilgina ichkariga kirdim. Men axir shu shahar fuqarosiman, bu teshiklardan yuz martalab o‘tganman. Men  Sovet Armiyasi ko‘chasidan chiqdim. Ko‘chada qator bir qavatli fin uylari joylashgan. Mana bu uyda biz onam bilan yashaganmiz, onam  shu uyda meni kutyapti. Moskvadan, boryapman deb, telefon qilganman  Ammo  men uyga burilmay, to‘ppa-to‘g‘ri garnizon shtabiga kirib bordim.
Kinoguruh a’zolarini noqulay ahvoldan olib chiqish kerak.
Shtabda bizni general bilan tanishtirishdi.
—  O‘ylaymanki, siz shahrimiz sha’ni  va hamshahar qizimiz nomiga mos keladigan, arzirli filmni suratga olasiz,  — dedi general mayin va bosiq ovozda rejissyorga.
Keyin bizni  bir polkovnikka  ro‘baro‘ qilishdi. Bu o‘zimizning qishloq bolasi Yura Danilov edi. Bolalikda ikkovlon muz qirlardan birga toyib tushardik.  Biz film olish uchun  bolalarni tanlashimiz kerakligini tushuntirdik. Bitta o‘g‘il bola va ikkita qiz bola. Qizlarning biri mening bolaligimga o‘xshashi kerak. Qolgan ikkovi esa mening do‘stlarim rolini o‘ynaydi.  Badiiylashtirilgan hujjatli film  bo‘ladi. 1962 yil. Mavzu — Karib krizisi. Shaharda va qishloqda suratga olamiz. Bizga: qaysi joylarni suratga olish mumkin, qaysi joylar mumkin emas, qaysi joylar uchun faqat yozma ruxsatnoma kerakligini tushuntirishdi.  Maxfiy ish joylari, masalan, hozir biz o‘tirgan shtabni suratga olish — mutlaqo ma’n etiladi.
— Raketalar uchirilishini olish mumkinmi? — so‘radi rejissyor.
— Ruxsatnomangiz bormi?
— Yo‘q.
— Demak, ruxsat yo‘q.
Men achchiqlanib rejissyorga o‘qraydim. Raketalar uchirilishini "tiriklay" suratga olish masalasi — rejissyorning bo‘ynidagi gunoh.  U Mudofaa vazirligidan maxsus ruxsatnoma (maxfiylik tamg‘asi) olishni istamadi, chunki shunday qilsa, bir necha yil mamlakatdan chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lardi. Bu esi past  chet elga, Kann kinofestivaliga oshiqib turardi.
— Lekin bizda kinoarxiv bor. U yerda raketa uchirilishi haqida lentalar ko‘p,  — deya bizga taskin berdi polkovnik.
Suratga olish davri uchun bizga tekinga harbiy  avtobusni bitta mayor bilan birgalikda topshirishdi. Mayor tashkiliy ishlarni bajirishi, bizga yordam berishi, shuningdek, hushyor ko‘zlarini bizdan  uzmasligi lozim edi. Mayorning yuzi boyagi qo‘riqchilarniki misol  bezraygan, bezbet edi. Xayrlashayotib, film uchun bolalarni o‘zimiz topishimizni ma’lum qildik.
— Qalaysan o‘zi?  —  so‘radi mendan polkovnik, rasmiy savol-javoblardan so‘ng.
— Yaxshiman. Ko‘rib turganingday, film olayapman, romanlar yozayapman...
—  O‘qidim, hayotiy yozayapsan.
—  O‘zing-chi? 
— Men ham doimgiday,  — javob berdi Yura. — Ko‘rib turganingday, polkovnikman. Yarim yildan so‘ng — pensiyaga chiqaman... — u nogoh menga qiyshiq qarab, ko‘z qisib, kulimsiradi. Men ham kulimsiradim. Men uni ana shu holatda  xotiramda saqlab qolgan edim. Bolalikda muz qirlarda birgalikda sirpanchiq o‘ynaganimizda u meni quchoqlab olib, lablarimdan o‘pardi. Men hikoyalarimdan birida bu holatni tasvirlaganman:  "Uning so‘laklari  xuddi meniki kabi  toza edi". Qirdan pastgacha birga quchoqlashib sirpanib borgach, biz o‘rnimizdan turardik-da, bir-birimizga qaramay, xuddi mast odamlar kabi tebranib, yana tepaga, qirga — boshqatdan hammasini  takrorlashga — shoshardik.
Bu voqeani  faqat ikkimiz bilamiz.

— Lyosha, qara, mana bu M harfi. Bu esa A. Yoz: MA-MA... —  Amakisining qizi Inna  Lyoshaga o‘qish-yozishni o‘rgatardi. Lyosha o‘n beshga kirib qo‘ygan bo‘lsa-da, turishi bolakayni eslatardi. Sochlari kalta qirqilgan, egnida birovning kir ko‘ylagi, nuqul burnini kovlab, keyin barmoqlarini so‘radi. Innaga nima kerakligini u tushunmaydi. U zerikardi. U boshqa bir narsa bilan mashg‘ul bo‘lishni istardi. U stol  ustidagi  yumronqoziq qamalgan simto‘rga qo‘l tiqib, xo-xoladi.
— Men senga yoz deyapman! — qichqirdi chiroyli kiyinib olgan chiroyli  qo‘shni qizaloq Katya. — Ahmoqsan!
—  O‘ziy ahm... — xafa bo‘ldi Lyosha. U gaplarini to‘g‘ri va oxirigacha talaffuz etolmasdi.  O‘n besh kirib haligacha o‘qish va yozishni bilmasdi. U yetim, onasi bir necha yil burun vafot etgan. Ertayu-kech ichib, sasib yotadigan otasi bilan yashardi. U aqlan zaif. Xalq orasida bunaqalarni erkalab "jinnivoy"   deb atashadi..
Lyosha, Katya, Inna filmni suratga olish uchun biz tanlagan bolalar. Uchoviyam men ilgari onam bilan yashagan ko‘cha bolalari. Innaning kelbati  qandaydir mening qizaloqlik davrimga o‘xshab ketardi.  Uni bosh rolga tasdiqladik.
— Zo‘r sahna! — dedim rejissyorga. — Xohla, hozir suratga ol.
Rejissyor boshini ko‘tarib menga, keyin  bizning soyamizga aylangan mayorga  qaradi. Mayor deraza oldida o‘tirgancha loqayd ko‘zlarini tashqariga tikib o‘tirardi. Go‘yo uning biz bilan mutlaqo ishi yo‘qdek.
— Yur-chi tashqariga,  — menga o‘girildi  rejissyor. Tashqariga chiqqandan so‘ng noroziligini yashirib o‘tirmadi. — Filmimiz yo‘qqa chiqayotganini tushunyapsanmi, yo‘qmi?
— Sabab?
— Mana bu mayor biz kamerani ishga tushirishimiz bilan hammasini tushunib yetadi.
— Ishonching komilmi?
Rejissyor afsus bilan bosh chayqadi. Biz jimgina bir-birimizga tikilib qoldik.
Gap shundaki, biz romanlar  yozib, o‘z shahrini mashhur qilgan adiba qizning bolaligi to‘g‘risidagi  filmni suratga olishni hech qachon xayolimizga keltirmaganmiz. Bu biz o‘ylab topgan  ahmoqona niqob bo‘lib, harbiy shaharchada suratlar olish uchun bahona edi xolos. Avval boshda  biz nuqul burnini kovlab, barmog‘ini so‘radigan, bironta harfni tanimaydigan, zo‘rg‘a chala gapiradigan, aqlan zaif   bola haqida film qilmoqchi bo‘ldik. Mana shu ko‘zlari ko‘m-ko‘k, Xudo bilan gaplashadigan zamonaviy  ruhoniy xaqida! Tentak haqida! Axir mana bu maxfiy, jiddiy harbiy  shahar, demak, butun dunyo shundaylar hisobiga tik turibdi. Ammo  Shahar bizga bunaqa film olish uchun ruxsat berarmikan? Tentak ko‘zlar nazari bilan Shaharga qarashga ruxsat berarmikan?
Biz go‘yo ayyorlik bilan  shaharga kirgan, endi ochiqko‘ngil shaharliklarni sharmanda qilishga urinayotgan  dushman ayg‘oqchilariga  o‘xshardik.
— Yo‘li topildi,  — dedim men. — Ikkita film olamiz, men haqimda va u haqda. Kamera suratga olishni mendan boshlaydi, keyin unga o‘giriladi. Shu yo‘l bilan mayorni chalg‘itamiz.
— Qiyin ish bu,  — dedi ishonqiramay rejissyor.
—  Hechqisi yo‘q, uddalaymiz. Eng asosiysi, plyonkang yetsa bo‘ldi.
— Stsenariyni qaytadan ko‘rib chiqishingga to‘g‘ri keladi. — Rejissyor umid bilan menga tikildi.
Men bosh silkib, daldali, ammo bir  qadar sovuq kulimsiradim.  Chunki  men o‘zimni ikki tomonlama sotqin hisoblardim. Men faqat o‘z shahrimnigina aldab qolmay, uni, rejissyorni ham aldayotgandim. Chunki men bilamanki, xuddi Kitej shahridek ko‘zga ko‘rinmas uchinchi filmni  ham suratga olamiz. Bu haqda rejissyor hech narsa bilmaydi.    
Shahar hoxlardiki, u haqda yaxshigina hujjatli film olinsa, filmda Shaharning ko‘zga ko‘rinarli joylari, g‘alabalari ko‘rsatilsa, kamchiliklari ham  bir qadar aytilsa. Xullas, chidasa bo‘ladigan haqiqatga yaqin film olinsa.
Rejissyorga esa inson haqida badiiy haqiqat kerak edi.
Menga esa hayotimiz, turmush tarzimiz haqda afsona kerak. Chunki zamonlardan faqat afsonalar qoladi.
Men rejissyor bilmaydigan bitta harbiy sirni bilaman. Rejissyor uchun bu yer shunchaki: baland-baland teraklari   saf tortgan markaziy ko‘chasi, Lenin haykali, shtabi, Zobitlar uyi, do‘koni, restorani, hammomi,  bozori mavjud bo‘lgan ko‘plab shunaqa harbiy shaharchalarning biri edi. Men uchun esa odatiy uyqusiragan odam niqobidagi bu shahar beqiyos Larzalar Shahri edi. Aynan shu yerda, 1962 yili, Karib krizisi davrida, SSSR va Amerikaning o‘zaro yadroviy urushi boshlanishi xavfi arafasida, dunyo soch tolasiday omonat bo‘lib qolgan davrda, men, olti yoshli qizaloq, Oxirzamon qanday boshlanishiga guvoh bo‘lganman...
O‘sha kech, 1962 yil 28 oktyabr kuni sirena butun shaharga ayanchli va vahimali  qichqirganda biz, bolalar bog‘chasining sutkabay tarbiyalanuvchilari, oshxonada kechki ovqatni tanavvul qilib  o‘tirardik. Sirenalarga o‘rganib qolgandik. Oxirgi oy davomida tunlari bir necha martalab o‘quv sirenalari voy-voylar  edi.  Ammo bugungi voy-voylash butunlay boshqacha, butunlay vahimali edi.  U to‘xtamay, oxirzamondan darak berayotganday yig‘i qilardi.
— Urush! — yig‘lamsirab qichqirdi bizni ovqatlantirayotgan enagamiz. — Urush boshlandi!
U qanday boshlanganini bilardi:  aynan mana shunaqa, havo hujumlari boshlanishi oldidan  sirenalarning yig‘lamsirab  voy-voylashi... U yana bilardiki,  Amerika SSSRga ultimatum  qo‘ygan, muddat bugun tugayapti. Agar SSSR Kuba orolidan  o‘z raketalarini yig‘ishtirib olib chiqib ketmasa, Amerika yadro hujumini boshlaydi. Amerika raketalari birinchi navbatda  SSSRning raketa-yadro qurollari bazalarini nishonga oladi. Demak, birinchi navbatda bizning poligon, bizning Shahar, bizning shahar odamlari, otalarimiz, onalarimiz, bizlar nishonda turibmiz.   Hamma yoq ostin-ustun bo‘lib ketdi. Bizlarga tezlik bilan kuzgi paltolarimizni kiygizib, ko‘chaga chiqardilar-da, ikkitadan safga turg‘izdilar. Men Natasha Berezkina degan dugonam,  —  bir ko‘chada yashaydigan qo‘shnim, oqila, bo‘ydor qiz   — bilan oldinma-orqa bir safda  turardim.  Uni juda yaxshi ko‘rar, hatto boshqalarga rashk qilardim. Biz bir xil, yashil paltolarda edik. Chunki biz opa-singillarday edik, faqat men kichkina, qorachagina, u esa bo‘ydor, oppoqqina. Biz bir xil ko‘ylak kiyardik, bizlarga bir xil qo‘g‘irchoqlar sovg‘a qilishardi, sochimizga bir xil lenta taqardik. Va mana shunaqa fursatda birga turganimiz menga ancha taskin berardi. Biz birga bo‘lsak bizga bir nima bo‘lishi mumkin emasdi. Biz — avval o‘quv trevogasida o‘rganganimizdek,  —  chopqillab G‘alaba ko‘chasiga, 232-maktabga yetib bordik.  Biz uchun bu shunchaki bir o‘yin edi. Onamning aytishicha, urush boshlanganda bizlarday qizaloq bo‘lgan ekan, urush haqidagi xabarni shunchaki bir o‘yin sifatida qabul qilgan, xuddi olti yoshli Svetlana Vasilenko kabi. Xursand, qiyqirib, qishloqni boshlariga ko‘tarib yugurishgan. Qorong‘i tushdi, lekin qo‘l chiroqlarini yoqishmadi. Biz tomon odamlar yugurib kelishardi, asosan askarlar, zobitlar, harbiylar. Ular avtobuslarga, yuk mashinalariga o‘tirishgancha, jo‘nab ketishardi. Lenin haykali qad rostlagan maydonda  fuqarolar — shahrimizda harbiylarga aloqasi bo‘lmagan erkaklarni, yosh bolalarni, qariyalarni  shunday atashardi,  — o‘zlarini u yoqdan-bu yoqqa urishardi.  Megafon tutgan odam tomog‘i xirillar darajada odamlarni osoyishta, tartibli ravishda sabrli bo‘lishga  chaqirar, hozir avtobus kelib, hammani  bexatar joyga eltishini tushuntirardi. Bu tunda Yer yuzida bexatar joy bormidi o‘zi?!
Biz ikki kishilashib qo‘l ushlashgancha, ko‘chalar bo‘ylab yugurdik. Zobitlar uyi yonidan yugurib o‘tdik. Bu yerga archa bayramiga, qulagan uchuvchilarning azasiga necha bor kelganmiz.  Keyin bizning Shahrimizni qurgan kichkina, kal, juda oqko‘ngil general Vasiliy Ivanovich Voznyukning  katta hovlisi yonidan yugurib o‘tdik. Uning tomorqasini o‘ragan devorga chiqib, hovlisidagi giloslarni o‘g‘irlab yeganmiz.  "Sanoatchilar"ning keng mehmonxonasi yonidan yugurib o‘tdik. Bu yerda Moskvadan, boshqa mudofaa  zavodlaridan  raketalarni  uchishga shaylash uchun kelgan mutaxassislar dam olishardi. "Seryoja tog‘a" shu yerda bizni mashinasiga mindirib, "kataysa" qildirgan. Keyin bilsak, u raketalarning Bosh Konstruktori Korolyov ekan  Natashalar yashaydigan o‘ninchi raqamli, biz yashaydigan sakkkizinchi raqamli fin uylari yonidan ham yugurib o‘tdik. Otam bizdan alohida, Chernyaxovskiy nomli ko‘chadagi tosh uyda yashardi. Biz To‘pchilar mahallasi bo‘ylab yuguryapmiz, manov yerda filtrlash stantsiyasi bor. Onam o‘sha yerda suvni  tahlil qiladi. Kasbi shunaqa.  Aviatsiya ko‘chasidamiz. "Navbatchi" do‘kon yonidan o‘tayapmiz.  Shu do‘kondan qora nonning bir kilosini 14 tiyindan, oq nonni — 20 tiyindan  sotib olamiz. Oq nonga  tez-tez, non chetini qo‘shib berishardi, uni uyga yetguncha yeb bitirardik. Do‘kon yonida katta, qop-qora, chuqur o‘ra qazilgan, unda suv quvurini tuzatishadi. Biz torgina, xatarli yo‘lakcha bo‘ylab, o‘rani aylanib o‘tdik...  Har yili biz bayram namoyishiga chiqadigan Lenin ko‘chasidan ham o‘tdik.  Hammom qad rostlagan 9-may shohko‘chasi, Askarlar istirohat bog‘i... Shu yerda suv to‘plagich minora bor. Pillapoyasidan tepasiga chiqsang butun shahar, qishloq, qishloq ichidan o‘tadigan Podstepka daryochasi oyoqlaring ostida yastanib yotgan bo‘ladi. Minoradan  tarvuz to‘la poliz dalalari, Oqtepaning bir cheti va uzoq-uzoqlarda — osmonlarga tutashgan Volga — hamma-hammasi ko‘rinadi. Men yugurar va shahar bilan xayrlashardim.
Bizni maktab hovlisida saf torttirishdi, har birimizga yeguliklar berishdi va avtobuslarga chiqarishdi.
Biz Natasha bilan birga avtobusga o‘tirdik. Va nogoh maktab hovlisida Nadkani ko‘rdim. U bizning ko‘chada yashardi. U ahmoq qiz edi. Uni hamma ahmoq-Nadya deb chaqirardi. Uning yuzidan hech narsani bilib bo‘lmasdi. U hech kimga kerak emasdi. Ko‘chadagi bolalar va mening dugonam Natasha  uning ustidan kulib yurishardi. Nadya esa menga judayam bog‘lanib qolgandi, chunki u bilan faqat men o‘ynardim, faqat men unga achinardim. Nadya  men bilan birga ostonada o‘tirgancha, ovoz chiqarib allanarsalarni mulohaza qilar, men hayron bo‘lib, uning yuziga boqar, ammo hech narsani anglay olmasdim. Tushunardimki, u ahmoq emas, balki oqila, balki oqko‘ngil. Faqat uning fikrlash doirasi kichkina bolalik davrida qolib ketgan, rivojlanmagan. Keyin, ko‘p yillar o‘tib, men u haqda o‘z asarlarimda: hikoyalarimda, qissalarimda, romanlarimda  yozdim. U mening hayotimdagi eng  ulug‘ odam bo‘lib qolgan va qoladi.
Nadka ma’nosiz yuzini u yoqdan-bu yoqqa urar, qaysi avtobusga chiqishni bilmasdi.  Hamma uni nariroq haydardi. Men uni chaqirdim. Meni ko‘rib u quvonib ketdi. Avtobusimizga chiqayotgan ham edi, ammo hushyor tarbiyachimiz uni haydadi:
—  O‘zingni qayoqqa urayapsan? Ko‘rmayapsanmi, joy yo‘q! Tag‘in, sen bizning guruhdan emassan...
Men eshik oldida turgancha qo‘limni cho‘zdim. Nadka menga tarmashdi. Tarbiyachimiz g‘azablandi:
— Bizning ro‘yxatda u yo‘q! Tinchimasang seni ham tushirib qoldiraman.
Natasha qo‘limni og‘ritib, turtdi:
— Tez joyingga o‘t, yur, shu tentak tufayli tushirib qoldirishlari hech gap emas.
Tarbiyachi Nadkani eshik tutgan joyidan itarib yubordi. U yerga yiqilib tushdi va ajablangan ko‘yi menga tikildi. Men esa jim edim.
Ko‘p yillardan so‘ng o‘qituvchim menga aytdi: "Qanday qilib shu darajadagi telbavor romanlarni  yozasan? Tushunmayman.  Axir sen hamisha mo‘min-qobil qiz eding!"
Nadka menga qarar, men esa jim edim. Chunki men mo‘min-qobil qiz edim.
Avtobusda bolalar biri olib, biri qo‘yib, gap talashardi: "Birinchi raketa hujumidan so‘ng eng avval  shaharda qolganlar halok bo‘ladi. Bizga ikkinchi zarbadan so‘ng  navbat yetadi. Keyin bizning raketalar hujum boshlashadi va Amerikani yo‘q qilishadi..."
Bizni  cho‘lga keltirishdi.  Mashinalar chirog‘ida ikkita qurib qolgan terak ko‘zga tashlandi. Men Natashaning biqiniga turtdim:
— Tanish joylar-ku. Ikkinchi maydoncha.
Bahorda biz Natasha bilan bu yerga lola terishga kelganmiz. Velosipedlarda yetib keldik. Ko‘rdikki, cho‘l qip-qizil, lolalarga burkangan, telbavor mast holatga yetib, shosha-pisha lolalarni uzardik. Velosipedlarimiz oldiga qip-qizil lola g‘aramlarini uydik. Keyin velosiped qoshida dam olishga o‘tirib, charchaganimiz tufayli, bahor quyoshiga allalanib, uxlab qolibmiz. Butun cho‘l bo‘ylab bizlarni o‘shanda vertolyotda  izlashgan.   Cho‘lda adashgan odamni vertolyotda izlash juda qiyin ekan, o‘rmonda adashganni topishdan ham qiyin ekan . Bizni kechga tomon topib, harbiy avtobusda   Shaharga olib kelishdi. Lolalarni biz kichkina Lenin haykali oyoqlari ostiga qo‘ydik. Shahrimizda ikkita Lenin bor: biri katta, maydonda, ikkinchisi kichkina, odam bo‘yi barobar, Zobitlar uyi yonidagi istirohat bog‘ida. Biz lolalarimizni o‘sha yerga qo‘ydik. Lenin go‘yo tizzalariga qadar qonga botib turardi. Juda chiroyli manzara edi.
(Uzoq yillar qorasini ko‘rsatmay ketgan Natasha yaqinda  menga sim qoqib, meni tug‘ilgan kunim bilan tabrikladi-da, so‘radi: bizning qizil lolalarimizni eslaysanmi? Va biz zavq bilan o‘sha sayohatning ikir-chikirlarigacha esladik. Boshqa shahardan tug‘ilgan kunimga kelgan boshqa bir dugonam rashk bilan bizning telefondagi hangomamizga quloq soldi va dastakni joyiga qo‘yganimdan so‘ng ichikib ketdi: "Bizning do‘stligimizda ham ko‘plab yaxshi jihatlar bor! Obrazli qilib aytadigan bo‘lsam, bizda ham qizil lolalar bo‘lgan". " Ha, yaxshi jihatlar ko‘p,  — dedim men. — Ammo lolalar faqat Natasha bilan birga bo‘lgan".)
Butun cho‘l  bolalarga to‘lib ketgan edi: ularni bolalar bog‘chalaridan, maktablardan olib kelishgan. Qorong‘ilikda goh u yerdan-goh bu yerdan qiyqiriqlar,  kulgilar, hangomalar eshitilardi. Olov  yoqish ta’qiqlandi. Sputnikda poylab o‘tirgan amerikaliklar bilib qolishi mumkin ekan. Qorong‘ida men  yaydoq yerga paltomni yozdim. Natasha ikkovimiz mahkam quchoqlashib, uning paltosini yopinib yotdik.  O‘lsak birga o‘lishga ahd qilib, har ehtimolga qarshi vidolashdik.  Nadka haqidagi o‘ylar menga tinchlik bermasdi. Uni qoldirib kelganimiz meni azoblardi. "Tentak-ku u,  — dedi Natasha oqilona,  — hatto u o‘lsayam unga kamroq iching achiydi". Men Natashaning quchog‘idan chiqdim. Keyin uxlab qolibmiz. Tunda uyg‘onib vahimaga tushdim. Bir vaqtlar, katta odam bo‘lib yetishgan Lev Tolstoyning Arzamasdagi  o‘lim vahimasiga.  Hamon esimda, o‘lim haqida kattalardek fikr yuritardim, go‘yo ruhim ulg‘ayib qolgandek edi. Bu o‘ylardan jinni bo‘lib qolishim hech gap emasdi.  Hatto sochlarim tik turib ketdi. Axir tevarak-atrofim qop-qorong‘i, zim-ziyo.  Oxir zamon keldi shekilli, deb o‘ylardim men. Men kiprik qoqmay, tong otishini kutardim. Uyquda narigi dunyoga ravona bo‘lib ketishdan qo‘rqardim. Agar o‘ladigan bo‘lsam, o‘layotganimni bilib o‘lishni istardim.  O‘ylardimki, hamma o‘ladi, odamizot quriydi, ammo bu o‘y meni tashvishga solmasdi, chunki u bitta menga aloqador emasdi. Oxir zamon har bir odamga alohida-alohida keladi. Ertalab men Nadkani izladim. Uning boshqa bir avtobusga osilib kelganiga ishonishni istardim. Nadka yo‘q edi. Tushundimki, mutlaqo himoyasiz, hech narsani tushunmaydigan Nadka  bir o‘zi o‘lim bilan yuzma-yuz shaharda qolgan. Uni men bu holatda qoldirdim, deya o‘ylardim men. Meni titroq tutdi. To quyosh chiqib, hujum vaqti tugagani, demak urush bo‘lmasligini e’lon qilishgancha titrayverdim.
Bir necha yillardan so‘ng otam aytdiki, boshqa tunlar kabi, o‘sha tunda ham otam  maydonchada edi, va umuman olganda, butun dunyoni ostin-ustun qilib yuboradigan  tugmachani otam  bosishi mumkin  bo‘lgan. Men otamdan so‘radim: "Siz ana shu tugmachalar yonida o‘tirganda nimalar qildingiz, nimalarni o‘yladingiz?" Otam o‘ylab turdi-da, dedi: "Preferans o‘ynadik". Men judayam g‘aroyib, g‘ayrioddiy bir narsani kutgandim, axir otam butun odamizotni qirib yuboradigan tugmachani bosishi kerak bo‘lgan odam edi-da. Keyinroq tushunib  yetdimki, hammasi xuddi ana shunday, oddiygina bo‘lishi kerak bo‘lgan va bo‘ladi, va bo‘laveradi. Chexovdayam xuddi shunaqa: qahramonlari bir-birining peshonalariga o‘q uzish  oldidan preferans o‘ynashadi.
Karib krizisidan so‘ng mening otam,  — bejirim, quvnoq, davralar guli, go‘zallar orzusi, 33 yoshida mayorlik darajasiga yetgan  harbiy,   —  nogoh ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza berib, onam bilan meni tashlagancha, shahardan bir umrga ketib qoldi.
Onam hozirga qadar:  otang o‘sha tunda jinni bo‘lib  qolgan,  deydi.
Men esa o‘sha tunda hammamiz — butun shahar ahli jinni bo‘lib qolganmiz, deb hisoblayman.     

Biz rejissyor bilan birgalikda  ana shu g‘alati shaharda  qahramonimiz qanday omon qolishi  haqida film olish ustida bosh qotiramiz. U axir kambag‘al oiladan, yetim.
Dastlabki ko‘rinishni Zobitlar uyi  yonidagi istirohat bog‘ida  suratga oldik. Mayor — odamning do‘sti, deya hazil  qiladi tasvirchi Ira. Biz hatto mayorning ismini bilishga ham qiziqmadik. Men chalg‘ituvchi harakatlar qilaman. Qulochlarimni yoyib, tantsa maydonchasini ko‘rsataman-da, dadil gapiraman:
— Mana shu yerda  orkestr musiqa chalardi. Shu yerda o‘yin, raqs bo‘lardi. Otam onam bilan shu yerda tanishishgan... — va  men qachon otamning belida bo‘lganman, qachon onamning qorniga o‘tganman, barchasini bir boshdan hikoya qilaman.
Mayor qo‘l soatiga qaraydi va telefon budkasi tarafga jo‘naydi. 
Ana shu daqiqada rejissyor  bildirmasdan Lyosha-axmoqni yuzaga chiqaradi. U odatiy tarzda  bog‘da bo‘shagan butilkalarni tera boshlaydi. Bularni Lyosha uchun suratga olish oldidan rejissyor yashirib chiqqan. Keyin biz Lyosha bu butilkalarni  topshirishi va o‘rniga  bir butilka sut sotib olishi jarayonini suratga oldik. Ira tezlik bilan kamerani mendan o‘girib Lyoshaga burdi.
—  O‘rgildim qorovulimizdan,  — deb qo‘yadi Ira, sahnani suratga olib bo‘lgandan so‘ng mayor tomonga qarab olib,  — sichqonlarga mutlaqo qaramay qo‘ydi bu mushuk.
Biz askarlar cho‘chqa ham boqadigan yordamchi xo‘jalik joylashgan Cho‘chqa yaylovdamiz. Rejissyor hayotiy lavha izlayapti. Lyosha bo‘m-bo‘sh osmon ostida  yolg‘izoyoq yo‘lda ketib borayotgan bo‘lishi kerak. Men unga Ilonqirni ko‘rsataman.
— Nega nomi Ilonqir? Yana afsonami? — g‘ijinadi rejissyor.
— Yo‘q.. Shunchaki bahor kelganda  issiqda toblanish uchun ilonlar qirning janubiy etaklariga sirg‘alib tushishadi.
— Shunisi yetmay  turuvdi,  — dedi  rejissyorni qaltiroq tutib. — Bo‘pti, urinib ko‘raylik-chi. Umid qilamanki, kech kuzda ilonlar uxlashga yotishgan?
Lyosha  bo‘m-bo‘sh osmon ostida yolg‘izoyoq yo‘lda  velosiped ramasini sudrab ketyapti.
Mayor avtobusda o‘tirgancha loqaydlik bilan mutlaqo boshqa tomonlarni tomosha qilyapti.  Hatto uni aldashga urinish ham shart emas. Rejissyor imo qilgandan so‘ng Ira Lyoshani suratga tushirdi. Plenkani iqtisod qilish  kerak.
(Davomi 45-betda)
Bugun baxtli kun. Lyoshka ostonada otasi bilan o‘tirgan sahnani suratga oldik. Otasi Lyoshkadan so‘radi:
— Osmonda  nima bor, Lyoshka?
— Nima bor ekan?
— Yulduzchalar. Ortimdan takrorla. Yulduzchalar.
— Yuldu-la,  — takrorlaydi Lyoshka.
— Quyosh.
— Q-yo...  
— Oy.
— O-o...
— Yana nima bor, Lyoshka? — so‘raydi otasi. Spirtli ichimlikdan zaharlanib bo‘lgan miyasi boshqa narsani topolmaydi. — Yana nima bor edi?
Lyoshka jimib qoladi, nogoh yuzi jiddiy qiyofaga kiradi va aniq-tiniq  aytadi:
— Xudo...
Otasi qo‘rqib ketib Lyoshkaga, keyin osmonga  qaraydi.
Biz xalaqit berishdan cho‘chiymiz.  Ira suratga tushirdi. Biz rejissyor bilan quchoqlashib, bir-birimizni tabriklaymiz.
Mazkur  sahnani Ira o‘ylab topdi. Suratga olish arafasida o‘lib qolgan quyonchasini Lyoshka dafn etadi. Qor yoqqan. Sovuq. Biz qishloqqa, Podstyopka daryosi qirg‘og‘iga tomon boramiz. Lyoshka muzlab qolgan yerni  belkurak  bilan kovlayapti. Men sovqotib qolganim tufayli javob so‘rab ketdim. Mayor men bilan birga isinishga jo‘nadi. U hatto men haqimdagi film nega mensiz suratga olinayotganini ham so‘rab o‘tirmadi. Aftidan, u hech narsani tushunmasdi. Xudoga  shukr! Bir soatlardan so‘ng rejissyor biz o‘tirgan issiq joyga kirib keldi. Xursand. Ko‘zoynagi yaltirab, mayorga hikoya qila ketdi:
— Zo‘r bo‘ldi. Bilasizmi, quyonchasini dafn etib bo‘lgandan so‘ng u nima dedi?
Mayor rejissyorga teskari o‘girildi.
— Nima dedi? — mayorning o‘rniga men so‘radim.
— Bir umr o‘ylab ham topolmaysizlar. U qabrcha  ustiga toshchalar sepdi-da, dedi: "Mana shunaqa!" 

Rejissyorning kayfiyati yomon.
— Sen yomon stsenariy yozgansan,  — da’vo qiladi u menga. — Epizoddan epizodga cho‘kib boryapmiz, hech narsa chiqmayapti.
— Agar haqiqatan ham hech narsa chiqmasa-chi? — deya o‘zimni himoya qilaman, ammo rejissyor haqligini ich-ichimdan tan olaman. — Bir g‘urbat izlab topamizmi, a?!
Ikkovlon — ikki yovuz — qahramonimiz boshiga qanday g‘urbat  yog‘dirsak ekan, deb tashvishga botamiz. Rejissyor menga qarab kulimsiraydi:
— Men bitta ifloslikni o‘ylab topdim... — deydi  u  va sovuq kuladi. Kulgisidan tanang muzlab ketadi.
Lyosha, Inna va Katya to‘p o‘ynashyapti. Ular o‘sha teshik orqali shahardan chiqib, qishloq tomon bordilar va biz Yura bilan bir vaqtlar sirpanchiq o‘ynagan qirga chiqdilar. Men har ehtimolga qarshi mayorni chalg‘itish uchun tetik ovozda  mazkur qir haqidagi matnni  o‘qiyman. Keyin Katyaga yaqinlashaman-da, deyman:
— Sen uning achchig‘ini chiqar.
— Lyoshkaningmi? Qanday?
— Ahmoq de! Kallavaram de, kasal de. Ishqilib bir narsa de...
— Bu yaxshi emas,  — dedi Katya to‘msirayib. — U xafa bo‘ladi.
— Stsenariy bo‘yicha shunday qilish kerak. Qani, bo‘l.
— Xo‘-o‘p,  — rozi bo‘ldi Katya istamaygina, yerga qarab. Keyin Innaga uchib borib, qulog‘iga nimadir dedi. U xursand holda bosh  silkidi.
Ular o‘yinni boshladilar. Katya  Lyoshkaga yoqadi. U Katyaga to‘pni uzatadi. Katya  to‘pni qaytarib uzatadi. To‘p Lyoshkaning qo‘lidan tushib ketadi. Qizlar — kecha rejissyor kulgani  kabi — etni sovuq jimirlatib kuladilar. Katya bilan Inna to‘pni yanada nariroq va nariroqqa irg‘itaveradilar. Lyoshka achchiqlanadi. Nimadir yuz berayotganini u sezib qoladi. Axir hammasi yaxshi boshlangan edi-da. U Katya bilan Innaga barmog‘i bilan  o‘qtaladi
Birinchi bo‘lib Inna chidamaydi:
— Ahmoq! — bor ovozi bilan chinqirdi u.
— Ni-a? — Lyosha qotib qoldi  Yuzi ayanchli qaltirab ketdi. — Ni-a deding?
— Telba! — qiqirladi Katya ham.
Lyosha  quloqlariga  ishonmay, unga tomon o‘girildi. Axir shu qizni yoqtirardi.
— Kasal! Aqli zaif! — baqirardi Inna.
— Jinnivoy! — uni qo‘shqo‘lladi Katya.
Lyosha nogoh yerdan tayoqcha olib,  go‘yo mazkur hujumdan himoyalanib, turgan joyida aylana  boshladi. Qizlar chinqirdilar. Ammo endi,  — hech qanday jazo olmasdan kishini haqorat qilaverish mumkinligini anglagan holda,  — ular jon-jahdlari bilan bir-biridan haqoratli so‘zlarni Lyoshaning yuziga yog‘dirishardi. Lyosha tentak bo‘lib qoldi, tayoqchani otib yuborgancha, yerda yotgan eski rezina shlangni olib, Katyani quvib yetdi, va bir zarb bilan  qulatdi, va yovvoyilarcha, hayvonlarcha qichqirib, uni ura ketdi. Tasvirchi Ira kamerani tashlab, ko‘zlarini qo‘li bilan to‘sdi.
— Suratga ol! — qichqirdi rejissyor.
Ira rad javobini berib qo‘l silkidi. Rejissyor kamera oldiga yetib borib, o‘zi tushira boshladi. Men yugurgancha yetib, Lyoshani ushladim-da, chetga sudradim. Lyoshka o‘zini yerga tashlab,  uzoq, vahimali tarzda  telbavor  xo-xolab kuldi. Katya yig‘lagancha teshik tomon  yugurib ketdi. Men ortidan bordim. Izlab, qorong‘i saroyning bir burchagiga qamalib, yig‘layotgan  holida topib, yupatmoqchi bo‘ldim. U menga qichqirdi:
— Tegmang menga! Keting. Yomon ko‘raman sizni!
— Voy Xudoyim-ey! Nima qilib qo‘ydig-a! Endi bir umr eslab qoladi bu qizaloq...
Men qaytib keldim.  Hamma hali suratga olish maydonida. Bir-birimizga qaramay asbob-uskunalarimizni yig‘ishtirdik.
Avtobusda rejissyor menga sekin, ammo ko‘ngli to‘lib, dedi:
— Bo‘ldi! Zo‘r film bo‘ldi! Men tasavvur qilyapman.
— Tur-e! Filming boshingdan qolsin! — javob beraman men. Va uzoq vaqt oddiy xalqona iboralar bilan u qayoqqa turib ketishi  kerakligini tushuntiraman. Va nigohimning bir burchi bilan mayor birinchi bor meni g‘oyat katta qiziqish bilan kuzatayotganini anglayman.

Biz rejissyor bilan kinoarxivga kirdik. Kinomexanik mening  sobiq qo‘shnim. Bir ko‘chada yashaganmiz. Shurik Saplin. Bolaligimda undan sira ajramasdim. U  meni singlisiday yetaklab yurar, ardoqlardi. U mendan sakkiz yosh katta edi.  Hazil-o‘yin tarzda bizni unashtirgan bo‘ldilar.  Men o‘n yoshdaligimda u harbiy xizmatga ketdi. Men o‘zimni go‘yo kelinchakday his qilib, uni kutgan, hatto xatlar yozgan edim. U  meni esdan chiqarib,   harbiy xizmatdan uylangan holda qaytib keldi. Shu taxlit Shurikka unashtiril¬ganimcha qolib ketganman.
Shurik ertadan kechgacha kinoplyonkalarni ko‘rsatdi. Birinchi  yer yo‘ldoshi. Belka va Strelka — itlar kosmosda. Birinchi raketalar uchirilishi. Mana bular zamonaviy raketalar. Ammo nimadir yetishmasdi.
— Shurik, nimadir yetishmayapti,  — dedim men.
— Nima?
— Oxirzamon, — dedim men telbalarcha kulimsirab.
Shurik menga ma’nodor qarab qo‘ydi-da, qayoqqadir ketdi. Keyin  Boyqo‘ng‘ir kosmodromida raketa uchirayotib portlash yuz bergani tufayli general Nedelin halok bo‘lishi  haqidagi filmni ko‘tarib keldi.  O‘sha paytda bizning ham ko‘plab zobitlarimiz halok bo‘lishgan. Axir Kap-Yar bilan Boyqo‘ng‘ir aka-uka edilar, bir-biri bilan bordi-keldi qilib turardilar. Bir-biriga mutaxassis jo‘natardilar.  O‘sha kunlari Shahrimizda bir qancha vaqtgacha yig‘i-sig‘i tinmadi, aza ustiga aza bo‘laverdi.
Film boshlangandan biz ma’yus tortib qoldik. Yadro halokati ofatlarini toshday qotib tomosha qildik. Bu axir, bor, sodir bo‘lgan voqea borligicha suratga olingan hujjatli film edi-da. Ekranda — Oxir zamon. Qanchalar jirkanch bo‘lmasin, bizga aynan shu kerak. Rejissyor bilan ketishga otlanamiz.
Shurik meni to‘xtatadi. Qo‘lida  yana bitta film.
— Mana buniyam ko‘r. Ataylab sen uchun olib keldim.
Rejissyor ketdi. Men qoldim.
O‘n besh yil burungi kunlar. Qayta qurish boshlanayapti. Kapustin Yar poligonida Sovet Ittifoqining eng zo‘r raketalaridan biri SS-20 ni yo‘q qilishyapti. Raketa qirg‘oqqa chiqib qolgan  kit kabi cho‘l o‘rtasida yotibdi. Atrofida odamlar uymalashyapti. Zobitlar raketani  ishdan chiqarishga hozirlashyapti. Go‘yo futbol yoki paradni tomosha qilgani kelganday, tribunaning birinchi qatorlarida chet ellik kuzatuvchilar va muxbirlar, ularning ortida teatrga borgan  kabi  yasan-tusan kiyingan zobitlarning xotinlari. Mana, yuzlari toshday qotgan zobit. U qulog‘ining orqasini ushlab ko‘radi, go‘yo bu tushimmi, o‘ngimmi, deganday. Men uni taniyman. Sinfdoshim Sasha Voronin. Ishni oxiriga yetkazuvchi zobit. Ya’ni zavoddan keltirilgan raketalarning holatini oxirgi darajaga yetkazuvchi, uchirishga hozirlovchi. Yana bir sinfdoshim, yana bir raketachi Sergey Kapyarskiy kulgan edi:  "Sasha raketaning sirtini xuddi qiz bolani erkalayotganday silab-siypaydi. Raketa ham o‘z navbatida Sashaga shu taxlit javob qaytaradi. Sasha uchirgan raketalar hamisha nishonga tegadi. Ular ma’noli bir tarzda,  aylanib, xuddi tirik jonday, nishonni quvib yetadi. Ular  juda chiroyli uchadi! Sasha geniy! U raketalar Motsarti!  Va Motsart kabi  beo‘y, maishatparast". O, men Moskvadan Shaharchaga kelib, sinfdoshlar yig‘ilganimizda, bizning hovlimiz bog‘chasida birgalikda qanchalar telbavor, unutilmas lahzalarni boshdan kechirganmiz. U gitara chalardi, tinmay hazil qilardi, tinmay kulardi! Onam ehtiyotsizlik bilan bog‘chada  qoldirgan, uch litrli bankalarga tayyorlab qo‘ygan gilos vinolarining qanchalarini ichib tugatganmiz! Oqtepaga baliq oviga borib, necha paqirlab baliqlarni qovurib yeganmiz! Bir gal  avgustda, yulduzlar yarqiragan tunda  qanchalar istaklarimizdan fol ochganmiz! Biz ikkimiz do‘st ham emasdik, o‘ynash ham emasdik, bizni bir-birimizga hech narsa bog‘lab turmasdi. Biz faqat sinfdoshlar edik, shuning uchun rassom xatosiz ravishda boshqa rassomni tanlagani kabi, hayotdan zavqlanish uchun u meni o‘ziga yo‘ldosh qilib tanlagandi.
Ammo hozir men uni taniy olmasdim.
U juda g‘alati harakat qilardi, go‘yo vujudida qandaydir larzalar yuz berayotganday. U goh kerak bo‘lmagan holatda qo‘lini ko‘tarar, goh kerak bo‘lmagan holatda u yoqdan-bu yoqqa  burilardi. U raketa qoshiga borib, uni ishdan chiqarish uchun portlatadigan asbobni shunchalar azador bir holatda o‘rnatardiki, go‘yo o‘z onasini portlashga hozirlayotganday. Yoki farzandini dafn etayotganday.
Hamma narsa portlatishga tayyor. Shu fursat kadrga ulkan alvonrang quyuq bulut kirib keladi. Tabiatda bunaqa  bulut yo‘q. Kadrda esa bor. Dahshatli, judayam dahshatli chaqmoq chaqdi. Momaqaldiroq gumburladi, yashin chaqnadi. Kuchli jala quya  boshladi. Tribunadagi jurnalistlarni plash-palatkalarga o‘rashdi. Zobit xotinlarinig soch turmaklari eshakning dumiday osilib qoldi. Sasha Voronin qo‘lini ko‘tardi. U portlashga rahbar. Qo‘lini silkidi. Portlash yuz berdimi, momaqaldiroq gumburladimi...  Tevarak-atrofni mislsiz darajada  vahimali yoritib, ulkan chaqmoq osmonni ikkiga bo‘lib tashladi. Bir daqiqaga yashin nuri Sashaning o‘liknikiday so‘nik yuzini ko‘rsatdi. U yig‘lardi. 
Men go‘yo unga yordamga bormoqchiday, shoshilib o‘rnimdan turdim. Bunaqa holga tushganlar o‘z jonlariga qasd qiladilar.
Film tugadi.
— Keyin u ichkilikka berilib, oxir-oqibat o‘zini o‘zi osdi,  — dedi Shurik lentani joyiga o‘rarkan.
— Kim? — so‘radim tushunmay.
— Kim bo‘lardi? Sasha Voronin... Tanimadingmi?
— Qachon yuz berdi bu?
— Yaqinda bir yil to‘ladi.
— Menga hech kim aytmagandi.
— Aytadigan bo‘lmay qoldi o‘zi.  Hozir shaharchada birin-ketin o‘zlarini... — Shurik tushunarli tarzda o‘zlarini nima qilishayotganini ko‘rsatdi. — Men Sashkani tushunaman. Ish yo‘q. Eng asosiysi, umid yo‘q.  Bir yilda bitta, ikkita raketa uchirishadi, xolos. Shuyam ishmi? Bo‘pti, kelinchak, yur qani! — dedi u.
Men qaltirab ketdim. Nahotki esida bo‘lsa?
—  Ha, esidan chiqarib yuborgan deb o‘ylaganmiding? Aji-buji xatlar jo‘natarding-ku menga? — dedi Shurik o‘zidan ko‘ngli to‘lib. —  Haligacha qaerlardadir yotibdi.  Keyinroq Sotbis auktsionida qimmat narxda sotaman...

Rejissyor o‘z filmini suratga olib bo‘ldi. Men esa yo‘q. Menga hali yana bir sahna kerak..
— Seni tushunolmay qoldim,  — dedi rejissyor. — Biz juda ko‘p narsa to‘pladik...
— Yo‘q,  — deyman men. —  Hali ko‘rasan, ana shu sahnasiz film film bo‘lmaydi.
Yaxshisi qo‘shib qo‘yish kerak: Oxirzamon sahnasisiz film ko‘ngildagiday chiqmaydi.

Savdogar uyining choldevorlari orasida suratga olyapmiz. Inqilobdan so‘ng uni NKVD o‘ziga idora qilib olgan. Qayta qurish davrida imoratga o‘t qo‘yishdi.
Lyosha choldevorlar oralab  hushtak chalgancha, tentirab yuripti. Qushlar bilan gaplashyapti. Qushlar uning hushtagiga javob berishyapti.
— Senga nima kerak o‘zi? — so‘raydi mendan rejissyor. — U nima qilishi kerak?
Menga nima kerakligini hali o‘zim ham bilmayman, ammo nimadir yetishmayotgani aniq. 
Lyoshka xas-xashaklarni yig‘ib, o‘t qo‘ydi, o‘tda sovuq qotgan qo‘llarini isitdi. Qizil, katta qo‘llar, xuddi Nadka-ahmoqning qo‘llaridek.
— To‘xta! — deyman yuragimni bosib.  — To‘xta!
Topdim. Oxir zamon yuz berishi kerak bo‘lgan tunda Nadka nima qilganini bilasizmi? Uning bir o‘zini Shaharchaga tashlab qochganimizda? U albatta olov yoqqan bo‘lishi kerak. U axir olov yoqish mumkin emasligini bilmagan-ku.  O‘sha tunda ham sovuq edi. Olov yoqqan va qo‘llarini isitgan.
— Oldik,  — dedim men.
Men o‘z Shahrim haqidagi afsonani suratga olib bo‘ldim.
Endi qaytsak ham bo‘laveradi.

Non olish uchun do‘konga boryapman. Do‘kon oldida umr bo‘yi qachon qarama  — kavlangan o‘ra. Yana suv quvuri teshilipti, yana uni ta’mirlashyapti. Yiqilishimga sal qolib,tor yo‘lak bo‘ylab o‘rani aylanib o‘tayotib, eng xatarli joyda Nadka-ahmoqqa duch keldim. Qo‘ltig‘ida bir buxanka non. Ikkimiz chuqur o‘raning ikki tomonida turibmiz. Nadka meni ko‘rib xursand bo‘lib ketdi. Men u bilan nima haqda gaplashishni bilmayman.  O‘ttiz yilki shu ahvol, u bilan nima haqda gaplashishni bilmayman, shu sababli ko‘rishaman-da, o‘tib ketaman. Ammo endi nimagadir to‘xtab qoldim. Men uning ma’nosiz yuziga, ma’nosiz, bo‘m-bo‘sh ko‘zlariga boqib, negadir odatiy savolni beraman: "Ahvollar qalay, Nadya?"  Va odatiy: "doimgiday, yaxshi", degan javobni olishga  shaylanaman. Ammo u nogoh oh tortadi, go‘yo bu savolim uning boshiga gurzi bo‘lib tushganday va endi miyasi birdan yaxshi ishlayotganday. Uning ko‘zlari chaqnadi, aqli joyiga tushdi, u menga sinovchan nazar tashladi va yuragimni ezib tashlar darajada javob berdi: " Har xil, Sveta! Ba’zan o‘zimni qo‘ygani joy topolmay qolamanu, o‘zimni o‘zim osgim keladi. Ba’zan... el qatori... yashayapmiz ishqilib..." 
Voy xudoyim-ey, qay birimiz tentakmiz, deya o‘ylayman men. Biz o‘raning tepasida turibmiz. Mening boshim aylandi, tushundimki, tez ajramasak, men o‘raga qulab tushaman.
—  O‘radan nariroqqa o‘taylik, yo‘qsa, qulab tushamiz.
Nadka chuqurga, uning tubiga  qaradi  va dedi:
— Men o‘sha tunda shu yerda yashirinib yotganman. Esingdami, amerikaliklar bizni bombardimon qilgan tunni?
Mening yuragim parchalanib ketdi.
— Qaerda yashirinding?   — so‘rayman bo‘g‘iq ovozda. — Shu chuqurdami?
—  Ha-a, shu yerda,  — dedi Nadka. — Meni avtobusga olishmadi. Uyga yugurib bordim, qorong‘i ekan, keyin yo‘lda shu o‘raga qulab tushdim.
— Tun bo‘yi shu yerda o‘tirdingmi?
— Avval baqirdim,  — dedi u va jimib qoldi.
— Keyin-chi? Keyin nima bo‘ldi? — so‘rayman men.
U javob bermaydi. Yana uning yuzidagi shuur so‘ndi. U menga ma’nosiz, bo‘m-bo‘sh ko‘zlarini tikdi. Yuragim qinidan chiqib ketar darajada urayapti. Men ehtiyotkorona uni aylanib o‘taman-da, do‘konga kiraman. Men yig‘lab ketyapman: nega bu yerga keldim? Nega bu filmni olayapman? O Xudoyim, o‘zing kechir! Nadkaga nisbatan qilgan gunohim uchun O‘zing kechir! Iltimos!!!  Men o‘girildim. Nadka hamon o‘raning tepasida qimirlamay ma’nosiz nigohini menga qadab, qotib turardi 
— Nadya... — dedim men.
Uning ko‘zlarida tag‘in uchqun chaqnadi.
U men tomon bir qadam qo‘ydi, men o‘girilib, uning istiqboliga yugurdim. Uni quchoqladim. U yig‘idan ho‘l bo‘lgan yuzini mening yig‘idan ho‘l bo‘lgan yuzimga bosdi. U o‘pishishniyam bilmasdi. Lablari bilan emas, butun yuzi bilan,  mening yuzimdan o‘pardi.
— Men o‘shanda bu yerda JUDA qattiq qo‘rqdim. — Nadka ko‘zlari qiri bilan o‘raga ishora qildi. — Bir o‘zim... sensiz...
Men uning yig‘idan qizargan yuziga qaradim va o‘zimni yo‘qotib, dedim:
— Bilaman, Nadya... Nadya, meni kechir...
Va o‘zim nogoh tushunib yetamanki, o‘shanda  Xudo bizni emas, uni asragan. Agar haqiqatan ham yadro urushi boshlanganda yaydoq cho‘lda yotgan bizlar birinchi zarbdanoq  halok bo‘lardik. Nadka esa chuqur o‘rada  joni omon qolardi. Balki odamizot ichra yolg‘izgina u omon qolardi.

Qaytish oldidan rejissyorning yuragi sanchib qoldi. Qattiq ishlaganimiz ta’sir qildi shekilli. Polkovnik Yura bilan xayrlashish uchun yolg‘iz o‘zim shtabga bordim.
Polkovnik xonasida bir o‘zi  o‘tirgancha nimadir yozayapti. Mening salomimga bosh ko‘tarmay, to‘ng‘illab alik oldi.
— Qaytayapmiz,  — dedim men. — Xayrlashishga keldim.
Yura nihoyat xo‘mraygancha  boshini ko‘tardi.
— Xo‘sh,  — dedi yeb qo‘yguday  o‘qrayib. — Ahmoqlaring to‘g‘risidagi filmni suratga olib bo‘ldilaringmi?
Men o‘zimni yo‘qotdim.
— Yura! Biz mening bolaligim haqidagi filmni suratga oldik,   — dedim men ehtiyot bo‘lib.
— Yo‘qot!   —  Yuraning yuzi tundlashdi. —  O‘rgildim sendaqa ziyolilardan! — va u onamning avra-astarigacha ag‘darib, rosa  so‘kindi. Men ketish uchun o‘girildim. — Bu yerdagilarning hammasi qo‘ymi, seningcha?  Hech narsani tushunmaymizmi? Ayg‘oqchilarimiz hali ishlayapti. Birinchi kadrni olganlaringdayoq maqsadlaringni tushungandim... — dedi u orqamdan.
— Unda nega bizni ushlab bermading? — g‘azablangan holda unga o‘girildim.
U jim bo‘ldi. U menga baxtsiz ko‘zlarini tikdi.
— E, bilganlaringni qilmaysanlarmi? — dedi u horg‘in. — Bari bir Shahar tugagan. Qulab bitdi, — va alam bilan yonib davom etdi:  — Svetka, nima, sen tushunmaysanmi?! Biz axir davlatni boy berdik! Shunday davlatni-ya?!..
Biz yarashib xayrlashdik.  U menga qiyshiq tikilib, nogoh o‘ng‘aysizlanib so‘radi:
—  Har qalay, muzg‘aloq esingdadir?  Zo‘r uchardika!
Bu yerda, bu Shaharchada hamma bolaligidagi hamma narsani yodida saqlardi. Va Xudo bizni o‘z yoniga chorlaganda  biz kichkina bolalar bo‘lib uning qarshisida tizilamiz va o‘z bolaligimizni gapirib beramiz: qizil lolalar terganimizni, muz tepaliklardan pastga sirg‘anib uchganimizni, yaydoq cho‘lda yotib, o‘limimizni kutganimizni. Unga faqat bolaligimizni aytamiz.  Chunki boshqa  narsalarni esdan chiqarganmiz. Va balkim, o‘shanda Xudo bizni kechirar?
— Yura, muzg‘aloq  uchganimiz  butun umr yodimda  qolgan,  — dedim men.
—  Hayot... — xo‘rsindi Yura,  — bunchalar tez o‘tib ketyapti-ya!
—  Hayotdan faqat afsonalar qoladi,  — dedim men.
— Xullas, bo‘pti, sen bizni kinoingda  mutlaqo... ko‘mib tashlama. Sen har qalay hamshahrimizsan. Kap-yarliksan.   Hech bo‘lmasa, odamlarda umid qolsin,  — dedi u mening ko‘zlarimga tikilib. Va butunlay boshqacha ohangda oh urdi:  — Eh! Tezroq qarisam edi, Svetka! Bu tartibsizliklarni ko‘rmasam edi...

Men chiqib jo‘nadim.  O‘lik shahar bo‘ylab ketyapman.  O‘lik mamlakat bo‘ylab ketyapman.

Biz o‘sha "gazik"da qaytayapmiz.  O‘sha, betlari qizargan yoshgina askar bola rulda. Men uning yonida o‘tiripman.  Orqada kinoguruh quvnoq ohangda hangoma qilyapti, soldat krujkalariga spirt quyib ichyapti. Men kasal bo‘lib qoldim, shu sababli ichmayapman. Issig‘im baland.
Biz Oltin  O‘rda yodgorligi oldiga keldik. Kinoguruh mashinani to‘xtatib, suratga tushish uchun  yodgorlik  tomon ketdi. Men mashinada qoldim. Yodgorlikni o‘ragan kuzgi cho‘l dalasi traktorda haydab tashlangan. Yodgorlikka  yetish uchun shudgor oralab o‘tish kerak. 
Shu yerdagi bekatda bir mujik  quritilgan vobla sotardi. Kinoguruh qaytib keldi. Rejissyor mujikdan vobla sotib oldi-da, unga arz qildi:
— Yodgorlikka yaqinlashib bo‘lmaydi. Biron narsa ekishmoqchimi?
— Cho‘lda  q...ni ekisharmidi? — javob berdi mujik.
— Unda nega haydab tashlashdi?
— Oltin tulporni izlashyapti. Botuxon qaergadir shu atrofga ko‘mgan ekan,  — deya mujik bolakayga tushuntirgan kabi  javob berdi rejissyorga. Xuddi kechagi voqeani aytayotganday. 

"Noviy mir" jurnalining 2006 yil 5-sonidan Abulqosim Mamarasulov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.