OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tahsin Yujel. Ilhom (hikoya)

Uning kayfi yo‘q edi, umri bino bo‘lib og‘ziga ichkilik olmagandi. Bugun esa u manavi mo‘‘jazgina albomni olish uchun egilganda xuddi ichib olgandek, boshi aylanib, yuragi dukillab urib ketdi. Albom uning kaftida o‘z-o‘zidan ochilib: «Hali shoshmay tur, qanday mo‘‘jizalarning shohidi bo‘lasan!»—deyayotgandek edi. U albomdagi suratlarni tomosha qila boshladi: firuza samoga bo‘y, cho‘zgan binafsha rang tog‘lar, tog‘ etagiga qizil cherepitsa tomli uy joylashgan bo‘lib, uning devorlariga uzum novdalari chirmashib ketgan, mo‘risidan osmoni falakka moviy tutun o‘rlardi: shundoqqina yonginasidagi yam-yashil daraxtlar orasidan so‘qmoq o‘rmalab ketgan, sag‘al nariroqdagi ariqchada ko‘kko‘z o‘rdaklar suzib yurardi; binaf-sharang tog‘lar ortida — quyosh yo chiqyapti, yo botyapti; quyoshga peshvoz qora-oq qush uchib kelyapti.
Tok novdalariga chulg‘angan mana shu uyning qo‘ri qalbini ilitdimi yoki boshqa narsa sababmi, rasmga mahliyo bo‘lgancha turgan joyida qotdi-qoldi. Qalbi larzaga kelib, ostin-ustun bo‘lib ketganidan rasmdagi manzaraga qarab to‘ymasdi. U bunday qaraganda ko‘z ilg‘amaydigan, lekin tasavvur qilishgina mumkin bo‘lgan narsalarni ham ko‘rardi. U dunyodagi barcha narsalarni unutib, rasmni tomosha qilardi. U rasmga qarab, binafsharang tog‘da ochiladigan gullarning xushbo‘y isini tuyardi. U rasmga qarab, boshi aylanardi. U rasmga qaragancha, so‘qmoqdan quyoshga peshvoz qadam tashlardi. Bunday ahvolda bosh aylanmasdan bo‘larkanmi.
Yonginasida g‘iyqillagancha mashina to‘xtadi. U bir chekkaga sakradi. O‘ziga kelib yo‘lovchilarni, avtomobillaru tramvaylarni ko‘rdi. Mashina oynasidan malla taksist boshini chiqarib:
— Tuya! Yaxshisi, yo‘lning o‘rtasiga yotib ola qolmaysanmi,— dedi.
Keyin astar-paxtasini ag‘darib so‘kdi. Taksi o‘z yo‘liga ketdi. U mashina muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ortidan qarab qoldi.
— Shofyorlarga ham hayronsan, odamlarga bekordan-bekorga tirg‘alishdan boshqa ishlari yo‘qmi, nima balo.— deya ming‘irladi.
Yana albomni tomosha qila turib, muqovasida sanasini ko‘rib qoldi: albom to‘rt yil badalida o‘z xo‘jayiniga xizmat qilgandi, lekin ko‘rinishi yap-yangi edi. «Bechora, maktabda rosa po‘stagini qoqishadigan bo‘pti-da,— deya o‘yladi u. — Qiziq, u o‘z albomini qidirganmikin? Chiroyliligini qara-ya! Balki, qidirgandir! Xudo bilsin, hozir ham qidirayotgandir. Oldimga kelib: «Sen qizil muqovali albomimni ko‘rmadingmi?»—deb so‘raydi. Bu fikrdan hatto ko‘ngli buzilib ketdi. U albomni xuddi uni olib qo‘yishlaridan qo‘rqqandek, ko‘ksiga mahkam bosdi.
U albomning qizil muqovasiga xuddi bolakay yangi o‘yinchog‘iga tikilganday zavq-shavq bilan tikilardi. Keyin titroq qo‘llari bilan uni varaqlay boshladi. Bir-ikki varaq ochganidan keyin u katta-katta qing‘ir-qiyshiq harflar bilan yozilgan yozuvga ko‘zi tushib qoldi. Kun-bakun o‘quvchi bir yoki ikki satrda goh ob-havo haqida, goh darslar haqida ma’lumot berardi. «Bugun maktabga bormadim. Havo yaxshi», «Havo buzildi», «Yana baholarim yomonlashdi, diktantdan ikki oldim». Undan u yog‘iga satrlar bir-biriga mingashib ketganidan, hech "baloni ajratib bo‘lmay qoldi.
— Oh, bechora, bechoragina-ey!— deya pichirladi bu gal ovozini chiqarib.— O‘lgudek yalqov ekansan-ku, lekin, har holda, yaxshi yigit bo‘lsang kerak.
U ko‘zini ishqab, atrofiga qaradi: yonidan tinmay odamlar, mashinalar o‘tib turardi. Lekin ularning bari tumanga chulg‘anganga, go‘yo boshqa dunyoga tushib qolganga o‘xshardi. Uning yana boshi aylanib, qalbini qandaydir g‘ayritabiiy tuyg‘u qamradi. Negadir o‘zining bolaligi esiga tushib ketdi. U rasmga qarab turarkan, qulog‘iga bolalarning chug‘ur-chug‘uri eshitilar, ko‘z oldida esa qora fartuk tutgan o‘quvchilar lipillardi.
To‘satdan dili yorishib, shosha-pisha cho‘ntaklarini titkilab qalam qoldig‘ini topdi. Atrofiga qarab, ko‘chaning oxirida narvon ko‘rib qoldida, unga yaqin kelib, supurgi bilan xokandozni yoniga qo‘yib, zinasiga kelib o‘tirdi. U qalamni labiga yaqinlashtirib, uchini ho‘lladida, toza qog‘oz yuzida dadil yurgizdi. Qalam qog‘ozni yirtib yubordi. U jahl bilan varaqni yirtib, g‘ijimlab otib yubordi. Yana qalam uchini ho‘lladi. Tok novdalariga chulg‘angan mo‘‘jazgini uy hamda mo‘ridan chiqayotgan tutunni, osmonu falakka intilgan qushning rasmini chizdi. Chizganlariga shoyon diqqat bilan qaradi, lekin unga yoqmadi.
— Negadir o‘xshamayapti,— deya to‘ng‘illadi o‘kinch bilan.
U boshini ko‘tarib shundoqqina qarshisiga qaradi va minora, unga tutashgan bulutlarni ko‘rib, bu nogahoniy manzaradan hatto titrab ketdi. Bu shunday go‘zal ediki, ta’rifiga til ojiz! U machitni tomosha qilgani sari qalbini albomdagi suratni ko‘rganida his qilgan g‘ay-ritabiiy tuyg‘u to‘ldirayotganday, g‘aroyib quvonchdan mamnunlik hissi chulg‘ab olayotganday edi. Uning oldidan mashinalar g‘irillab o‘tar, odamlar o‘tishardi-yu, lekin u machitdan boshqa hech narsani ko‘rmasdya. Yuragi go‘yo to‘xtab qolganga o‘xshardi. Bu hatto sarxushlik ham emas edi. Bu maftunlik, zavqlanish, qoyil qolganligining belgisi edi. «Qanday chiroyli!—. deb o‘yladi u.— Xuddi rasmdagidek-a!» U bu machitni juda yaxshi bilardi, lekin uning bunchalik chiroyliligini sezmagan ekan. Boz ustiga, bo‘lar-bo‘lmas narsalarga qarayverishga vaqti ham yo‘qda. Ko‘chalarni supurib, axlatini yig‘ishtirishi lozim. Lekin bugun uni xuddi almashtirib qo‘yganga o‘xshashardi. Qizil muqovali albom uning oromini o‘g‘irlagandi. Bugun u dunyoga qaytadan tug‘ilganday sezardi o‘zini.
U machitga, keyin albom bilan qalam qoldig‘iga qaradi. Go‘yo aziz do‘stini ko‘rib qolgandek, go‘yo uning oldida jonli narsa turgandek, uni quchoqlash, silash, o‘pish mumkindek, qo‘llarini machitga uzatdi.
— Men seni hozir chizaman, machit! Qanday zo‘r qilib chizishimni ko‘rasan hali!— deya xitob qildi u bolalarcha zavqqa berilib.
Qeyin yana qalamini ho‘lladida, machitga qarab, qo‘rquvdan eti junjikib ketdi: uni shunday go‘zalligicha chiza olarmikan?.. Bunday fikrdan hatto ter chiqib ketdi. Lekin u qo‘rquvni nari quvdi: «Nima bo‘pti?— deb o‘yladi u.— Axir, uni inson kashf qilmaganmi? Axir uni inson qo‘li yaratmaganmi?» U terlarini artdi. «Le-kin u qo‘llar boshqacha ajabtovur, ulkan bo‘lganlar.» Qiziqish bilan o‘zining qo‘llariga qaradi. Barmoqlari ingichka, qon tomirlari bo‘rtgan, kafti yara-chaqa bo‘lib, qadoq bosib ketgan. «Albatta, machitni g‘ayritabiiy odamlar qurishgan, lekin bari bir odamlar-ku!» U jilmaydi.
U qalamni og‘ziga olib borishga ulgurmovdiyamki, kimningdir qo‘li uning yelkasiga tekkanini his qildi. Nima bo‘layotganini tushunmay, boshini ko‘tardi. Shundoqqina ro‘parasida brigadir turardi. Shunda uning qo‘llari o‘z-o‘zidan albomu qalam bilan birgalikda cho‘ntagiga yashirindi. Lekin qo‘rqinchli hech narsa sodir bo‘lgani yo‘q. Brigadir do‘stona jilmayib turardi. Bunday do‘stona jilmayib turgan odamdan qo‘rqishning hojati yo‘q.
— Ishlar qalay?—deb so‘radi brigadir.
— Hammasi joyida.
— Charchadingmi?
— Yo‘q, nima qib charchabman ja?
— Tentak! — deb kulib yubordi brigadir. — Nahotki, charchash uyat bo‘lsa? Agar charchamaganingda bunaqa o‘tirmagan bo‘larding.
Brigadir uning yoniga o‘tirib, farroshning yelkasini siypalab qo‘ydi-da:
— Charchashdan uyalish kerak emas,— dedi.— Tirik jon borki charchaydi. Har bir odam. Hattoki Ismat posha  ham.
U rozi bo‘lgandek bosh silkidi, lekin brigadir unga nima uqtirganini eshitmadi. Uning ko‘zlari machitga mixlangandi. U rasmni nimadan boshlasam ekan, deb chamalamoqda edi.
— Uni qara, og‘ayni!— bexos xitob qildi brigadir uning biqiniga turtib.— Hov anavi ayolni ko‘ryapsanmi? Mana shunaqa xotin bo‘lsa, dunyodan armonsiz ketardim. Ishdan haydab yuborishsa ham mayli edi. Munaqa xotin uchun joningni ham qurbon qilsang arziydi! Voy-bo‘, qomatlaringdan!
Farrosh hatto u tomonga qiyo ham boqmadi, lekin brigadirning jag‘i tinay demasdi:
— Uni o‘ringa tashlaysan-da, boshingni siynasiga qo‘yib, suykalasan. Keyin uxlab qolasan. Menga ko‘p narsaning keragi yo‘q. Bu narsa, bilasanmi, nima desamiykin, naq jazirama yoz kuni yo‘ldan bir o‘zing ketayapsan, deylik, oyog‘ingda oyoq qolmagan, quyosh miyangni simobday eritib, darmoningni quritib yuborgan, lablaring ham tars yorilib ketgan. Bir qultum suv anqoga shafe. Birdan oldingdan buloq chiqib qoladi. Unga tashlanib ichaverasan, ichaverasan. Bu ham shunga o‘xshagan narsa. Meni tashnalik o‘z iskanjasiga olgan, og‘ayni! Yaxshigina, xushchaqchaq xotin bo‘lsaydi. Brigadir gapdan to‘xtadi va farroshning:
— Chiroyli machit!..— deya pichirlayotganini eshitdi.
— Voy eshag-ey,— jahli chiqib ketdi brigadirning,— taqvodor xudojo‘y topilganidan o‘rgildimu. Xotin boshqa, machit boshqa.
— Ey yo‘q, men taqvodorlik haqida gapirmayapman. Machitni, aytyapman, chiroyli deb, ko‘ryapsanmi o‘zi?
Brigadir o‘rnidan turdi.
— Qani bo‘l, ishga kirish, qaragin, hammayoq iflos bo‘lib yotibdi! Bo‘l, bo‘laqol, men kechroq kelib tekshiraman-a!
Farrosh ham o‘rnidan turdi. Supurgi bilan xokandozga, axlatlarga, ko‘chani iflos qiladigan odamlarga qahr-g‘azab bilan qaradi. Istar-istamas supurgini qo‘liga oldi. Uning miyasida faqat machit haqidagi o‘ylar charx urardi. U hamon nari ketishga chog‘i kelmay, yer ostidan machitga qarab-qarab qo‘yardi. Nihoyat, chidolmadi-da, xokandoz bilan supurgini otib yubordi. Uning oldida afti bujmayib ketgan bukri to‘xtadi-da:
— Charchadingmi, o‘g‘lim. Albatta, ishing ancha og‘ir,— dedi.
U javob bermadi. Nimayam deya olardi? Engashib, supurgini qo‘liga oldi. Yana machitga qaradi— lazzatlanib, havaslanib, qumsab, ehtiros bilan—xuddi chiroyli xotinga qaragandek qaradi-yu, boshi yana aylanib ketdi. U qo‘lini oldinga cho‘zib, havoda gumbaz, devorlari, oynasi, minora va uning yonida bulutlar, undan nariroqda, machitning orqasida ko‘piklanayotgan to‘lqinlar va uning ustidagi chag‘alaylarni chiza boshladi.
— Men seni chizaman, machit,— deya qaysarlik bilan takrorlardi u, xuddi o‘zini-o‘zi ko‘ndirmoqchi bo‘lgandek.
Yana brigadir ko‘ringan edi, farrosh qo‘rqib ketganidan joni tovoniga tushgancha, supurgisini oldi. «Boshliqqa tushunib bo‘larmidi, yaxshimi yo yomonmi?» Farrosh nigohini yerdan uzmay, machitga qarashga yuragi dov bermay ohista ish qilardi. «Bunaqada jinni bo‘lib qolish ham hech gapmas!» Farrosh brigadir ko‘zdan uzoqlashganini ko‘rib taysallanib turdida, keyii yana borib pillapoyaga o‘tirib oldi. Albom bilan qalamini cho‘ntagidan olib, machitga mehr bilan tikildi:
— Men seni albatta chizaman!— Uning ko‘zlari kulardi. Bo‘lmasam-chi! U chizadi-da, albomini cho‘ntagiga solib, o‘zi bilan machitni olib ketadi. Va bu uning machiti bo‘ladi, faqat uning. U albomning toza varagini topib, qo‘liga qalam oldi, lekin boshini ko‘tarib o‘z oldida machitni emas, uni masxaraomuz tomosha qilayotgan bolani ko‘rdi.
— Qoch bu yerdan, yigitcha, hech narsa ko‘rinmayapti,— deya iltimos qildi u.
Bola esa qimir etmay, tishlarini irjaytirib turardi.
— Yo‘qol, deyapman, senga,— deya o‘zini tutolmay baqirib yubordi farrosh va supurgisiga yopishdi.
Yigitcha shu zahoti juftakni rostladi. Farrosh qaytib o‘tirganida esa, jahli yomon chiqqanidan hecham tinchlanolmasdi. Nihoyat, o‘zini bosib olib, yana machitni zavq-shavq bilan tomosha qila boshladi. U shu daqiqalarda hayotidagi eng baxtli, eng ajoyib onlarini kechirmoqda edi.
Ko‘rkam machit uning oldida qad kerib turardi, hoziroq chiza boshlaydi. Endi u ko‘ngildagidek chiqishi kerak, uning bunga imoni komil edi. Birinchi chizig‘i xuddi u xohlaganday chiqdi. Ikkinchi chiziqni qay holda chizish kerakligini chamalash uchun boshini ko‘targan edi, to‘g‘ri oldiga kelayotgan brigadirni ko‘rib qoldi. Qo‘li uvushib qolganday bo‘ldi, lekin u baribir yana bitta chiziq chizib ulgurdi va bu gal ham juda yaxshi chiqdi.
Brigadir uning oldida to‘xtadi.
— Yana o‘tiribsanmi? Bugun senga nima jin urdi o‘zi? Hecham ishlamayapsan-ku. Davlat seni bekordan-bekorga boqib ahmoq bo‘lganicha yo‘q. Qo‘lingdagi nima? Qog‘oz-qalammi? Iye, hali sen injener bo‘lib oldingmi, a?
Farrosh brigadirning ko‘zlariga qaradi. Uning jahli chiqayotgani ko‘rinib turardi, lekin ovozi yumshoq, do‘stona edi. Brigadir, har holda, yaxshi odam. Albatta, undan harbaloni kutish mumkin edi, lekin bugun undan yomonlik kutmasa ham bo‘ladi. Farrosh jilmaydi:
— O‘tir, terdan hammayog‘ing ho‘l bo‘lib ketibdi.
— Sen bilan qo‘shilishib yalqovlik qilishimni xohlaysanmi?
— Yo‘q, xohlamayman, sen o‘tir, o‘tirgin!
— Ha, mayli,— deya rozi bo‘ldi brigadir va o‘tirdi. Farrosh o‘zi ham brigadir unga quloq osganiga, boz ustiga, uning o‘zi qaysi yurak bilan unga o‘tirishni taklif qilganiga aqli bovar qilmasdi. Avvallari bunga o‘la qolsayam jur’at qilmagan bo‘lardi. Lekin bugun u ikkita shunaqangi ajoyib chiziq chiza oldiki. Shunday ekan brigadirdan qo‘rqishga balo bormi. Injener to‘g‘risidagi gapi ham, hammasi puch.
— Machitni ko‘ryapsanmi, brigadir? Rostdanam chiroyli, a?
— Xo‘p, chiroyli ham bo‘la qolsin. Bizga undan nima foyda?
— Ruxsat bersang, men uni chizardim. Brigadir xaxolab kulib yubordi:
— Sen, nima balo, alahlayapsanmi, og‘ayni? Aqldan ozdingmi? Sen, axir, o‘quvchimisan? Sen farroshsan — ko‘cha tozalovchisan, sening vazifang ko‘chalarni supurish. Qaragin, hammayoq iflos bo‘lib yotibdi. Uyalsang bo‘lardi, axir, yosh bola emassan-ku! Hazilni yig‘ishtir, og‘ayni, ishingdan qolma!
— Kulish kerak emas, brigadir,— deya ingrab yubordi farrosh,— bu yerda kulgili narsa yo‘q? Nahotki, faqat maktabda o‘qiydiganlar chizsa! Axir, men...—U chuqur xo‘rsindi, yana bir bor machitga qaradida, yig‘i aralash gapida davom etdi:— Ilgari, bundan ancha oldin, men chizishni juda yaxshi ko‘rardim. Lekin baxtga qarshi na daftarim va na qalamim bor edi. Men yog‘och bilan yerga odamlarni, uylarni, daraxtlaru qushlarni chizardim. Men shunaqangi ustasi farang bo‘lib ketdimki, ya’ni. Axir, bu paytda men hali judayam kichkina edim. Hammadan ham maktab oldida chizishni yaxshi ko‘rardim, chunki u yerda tep-tekis yo‘lka bor edida. Kunlardan bir kuni maktabdan muallim chiqib, menga, keyin chizgan rasmlarimga kamoli diqqat bilan qaradi. Ismimni, qayerda turishimizni, otam nima bilan shug‘ullanishini so‘radi... O‘sha kuni kechqurunoq u bizning uyimizga keldi. Aftidan, bu oyning boshi edi shekilli — otam aroq ichib o‘tirardi. Mehmon ham birgalashib ichishdi. Muallim otamni bir amallab ko‘ndirib, meni maktabga yozdirdi. Uning o‘zi yonidan to‘lab menga forma, kitoblar va daftarlar sotib olib berdi. «Katta odam bo‘lganingda — qarzingni to‘larsan»,— dedi u. Men o‘sha maktabga uch yil qatnadim. Men qunt bilan o‘qishga harakat qilardim. Shu bilan birga judayam yaxshi chizardim.
— Keyin-chi?
— Keyin muallim o‘ldi. Judayam yosh edi, aftidan, sil uning umrining egovi bo‘ldi. Keyin otam ham o‘ldi. Men bo‘lsam, ko‘cha tozalovchi bo‘ldim. Rasm chizish ham allaqachon esimdan chiqib ketdi, faqat.
Brigadir yana kulib yubordi:
— Senga nimadir bo‘lganga o‘xshaydi. Rosa yolg‘on-yashiqni ham to‘qib tashladingda! Qani, uf deginchi!
— Yo‘q!—dedi xafa bo‘lib farrosh, ko‘z yoshlari esa yonog‘idan dumalab tusha boshladi.— Men mast emasman. Sen faqat ruxsat bersang bas, men...
— Mumkin emas! Ruxsat yo‘q!— dedi brigadir jiddiy ravishda.— Bekorchilikka yo‘l qo‘ya olmayman! Supurgingni ol! Obidiyda qilishlarini yoqtirmayman! Ish qilmay yalqovlik qilishlarini yomon ko‘raman! Shuni esingda tut!
Farrosh o‘rnidan turdi, lekin ishga kirishishga shoshilmasdi. Uning xayollari uzoqlarda edi. Brigadir ketayotgan joyida ortiga qaytib, yana ta’kidladi:
— Hech qanday ishdan bo‘yin tovlashga yo‘l qo‘ymayman! Ishyoqmaslarni jinimdan battar yomoi ko‘raman! Bugun bitasiga ruxsat bersang, keyin boshqalarini eplolmay qolasan. Keyin hamma balo mening boshimga yog‘iladi. Shuning uchun ehtiyot bo‘l!
Farrosh indamay supurgisini silkitdida, ohista ko‘cha bo‘ylab keta boshladi. Lekin, har holda, brigadirning nari ketganini ko‘rib u yana o‘tirib oldi. Albom bilan qalamini cho‘ntagidan olib, varaqqa chizilgan ikkita chiziqqa uzoq tikilib qoldi. Birdan qiqirlab kulgan ovozni zshitdi. Boshini ko‘tarib, atrofini bolalar o‘rab olganini ko‘rdi. Eng oldinda esa u hali-hozirgina haydab yuborgan bola turardi. «Qaranglar, anavini qaranglar, farrosh rasm chizyapti!»— ko‘chani boshlariga ko‘tarib baqirishardi bolalar. Farrosh supurgisi bilan tahdid qildi, lekin bolalar joylaridan qimir etmay turishardi. Shunda u qo‘lini ko‘tarib havoda gumbaz, devorlar, machitning oynasi, minora va unga yopishib turgan bulutni, uning ortidagi dengizni chiza boshladi.
Farroshning atrofidagi tomoshatalablar ko‘payib borardi. Hamma unn masxaralab kulardi, lekin u hech narsani sezmayotgandek, havoda chizishda davom etardi. Brigadir olomon orasini yorib o‘tib, unga yaqinlashdi.
— Sen bizni sharmanda qilding! Bizning ishimizni masxara qilyapsanmi! Menga quloq solmading! Meni gapirdi-qo‘ydi, deb o‘yladingmi? Boshliqqa quloq solmaslik qanaqa bo‘lishini senga ko‘rsatib qo‘yaman! Shaxsan gubernatorning o‘ziga raport yozaman. Sen menga quloq solmay, hammamizni sharmanda qilganingni yozaman!
Olomon ko‘paygandan ko‘payib borardi. Kulgi va haqoratomuz gaplarga toqat qilib bo‘lmasdi. Brigadir olomonga nafratla qaradi, ularga boplab javob bermoqchi bo‘lib og‘iz ochdi-yu... lekin munosib so‘z topolmay, teskari qaradi. Farroshga egildida, uning qulog‘iga shivirladi:
— Quloq sol, seni manavi muttahamlarning hammasidan ham hurmat qilsam-da, lekin takasaltanglikka toqat qilolmayman. Agar hoziroq ishga kirishsang, gubernatorga yozib o‘tirmayman. Bu ahmoqchilikni yig‘ishtirib, aqlingni peshla. Yaqinda bizga yefreytorlarnikiga o‘xshash yangi forma berishadi. Aytishlaricha, amerikalik marshal bizlarga sovg‘a qilgan emish. Xo‘sh, qalay, ishlashga rozimisan? Qani, supurgini ola qol!..
Brigadir nechundir bugun yaxshi kayfiyatda edi. U o‘z qo‘l ostidagilarga homiylik qilishni yoqtirardi. Lekin farrosh uning so‘zlariga zarracha e’tibor bermadi. Aksincha, uni o‘zidan nari itarib yubordi, boz ustiga, so‘kindi. Keyin pillapoyadan ko‘tarilib, eng yuqori zinasiga o‘tirib oldi. Cho‘ntagidan albom bilan qalamni olib, uni ho‘lladi.
— Men albatta o‘xshataman,— deya gapirdi u baland ovozda, g‘urur bilan.— Osmon ag‘darilib, yer tilka-pora bo‘lib ketsin. Bari bir, men sening rasmingni chizaman, machit!

Hikoyat Mahmudova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.