Saxovatpesha va serzavqligi bilan mashhur bo‘lgan Amir ar-Rasibiy o‘z mulozimlariga ziyofat bermoqda. Bir chekkada mashshoqlar kuylab turibdi. Davra ahli deyarli gap-so‘zsiz tanovul ila mashg‘ul ekan, ulkan mis tovoq ko‘targan xizmatchi kirdi. Tovoqdan quyuq bug‘ va dimog‘ni qitiqlaguvchi xushbo‘y hid taralardi. Bu davraning jonlanishiga sabab bo‘ldi.
Mis tovoq Amirning oldiga qo‘yildi. U miyig‘ida kulimsirab, davrani bir qur ko‘zdan o‘tkazdi-da, ko‘p mahtal qilmay, ruxsat ma’nosida bosh irg‘adi. Qovurilgan bedanalar qo‘lma-qo‘l uzatila ketdi. Amir Rasibiyning o‘zi ham bir bedanani qo‘liga oldi-da, davra etagida tamshanib, oh-ohlab turgan shop mo‘ylovga itqitdi.
— Jobir, ushla!
Jobir o‘ziga atalgan tuhfani mushukday ilib olarkan, darhol tizzasida turib, ta’zim qildi.
— Qulluq Amir janoblari!..
— Osh bo‘lsin, — dedi Amir iljayib. Keyin sozandalarga yuzlandi. — Mashshoqlarning mashqi pastroqmi, deyman-a?!
— Shunday, shunday, — deya quvvatladi davra.
— Ularga sharobdan quying, ha, shundoq bo‘lsin!.. Bedanadan uzating, mana, oh-oh jonivor-a!..
Mashshoqlar musiqa boshlarkan, etakdan kimningdir hiringlab kulgani eshitildi. Hammaning diqqati o‘sha yoqqa qaratildi. Kulayotgan Jobir edi. Mashshoqlar ikkilanibroq davom etishdi.
Amir ar-Rasibiy Jobir tarafga noxushroq qarab qo‘ydi. Jobir payqamadi.
— Hm, Jobir, shaytoning qo‘zidimi, deyman! Kulgili gap bo‘lmadi chog‘i!..
— Uzr, Amir janoblari!.. Manovi bedana kulgumni qistatdi... — gapini tugatmay yana xoxolab kulib yubordi. Amirning qovog‘i battar uyuldi. Mashshoqlar kuylashdan to‘xtashdi. Jimlik cho‘kdi. Amir davrani sovutmaslik uchunmi, hazilomuz dedi.
— Shuncha kulgili ekan, bizni ham ogoh et. Biz ham kulaylik. A, nima dedinglar?!
— Albatta, albatta! — degan pichingli xitoblar eshitildi.
— Amir janoblari! — Jobir qo‘lidagi bedanani taomi ustiga qo‘yib, ko‘zachadan sharob xo‘plab oldi-da, davom etdi:
— Bu voqea bosar-tusarimni bilmay gurillab yurgan paytlarim sodir bo‘lgan edi... Bir kun desangiz, ovloq tog‘ yo‘lidan ketayotsam, bir sho‘ring qurg‘ur uchrab qoldi. “To‘xta-chi!” deya xo‘mraygan edim, to‘xtadi. ”Hamyoningni chiqar!” dedim, miq etmasdan chiqarib berdi. Qarasam, cho‘g‘i kamroq. ”Yana bormi?” desam, ”Bori shu edi” deydi. ”Emasam, kiyimlaringni yech”, dedim. Yana indamasdan yechindi. Boshqa iloji ham yo‘q edi-da, qo‘limda isfahoniy xanjar yarqirab turibdi... Xullas, bitta ishtonda qoldi. ”Endi, bor, ket!” dedim. Ketdi.
Haligi ketib boryapti-yu, yuragimga olov tushdi. E, dedim, nega miq etmadi, dod-voy qilmadi!.. Demak, bir balosi bor. Hozir sheriklarini topib keladi-da, mening dodimni beradi. “To‘xta!” deb hayqirdim-da, orqasidan chopdim. Indamay kutib turdi sho‘ring qurg‘ur. Lekin vajohatimdan endi tamom bo‘lishini bildimi, dag‘-dag‘ titrashga tushdi.
— Hamyonimni olding, kiyimlarimni olding, yana menda nima qasding bor?! Meni qo‘y endi, yo‘limga ketay, — deya yolvora boshladi.
— Meni sendamas, seni menda qasding bo‘lishi mumkin, seni o‘ldiraman, dedim. To‘g‘risi ham shu-da, aytib bo‘ladimi!.. Keyin nima bo‘ldi, deng, haligi bechora atrofga alanglay boshladi, qaniki biror zot ko‘rinsa-yu, uni changalimdan qutqarib olsa. — Jobir qiqirlab kuldi. — Bir payt deng, hov o‘ngirda yurgan bedanaga ko‘zi tushib qoldi bechoraning. O‘shanga qarab baqira ketsa bo‘ladimi!
— Hoy, bedana, ko‘rib qo‘y, meni begunoh o‘ldirishyapti. Olloh oldida sen guvoh bo‘lgin!
Men bo‘lsam kula-kula uni chavaqlab tashladim-da, yo‘limda ketaverdim.
Jobir so‘zidan to‘xtab, yutoqib sharob simirdi. Bu paytda Amir Rasibiy qarshisida turgan bedanaga tikilgan ko‘yi og‘ir xayolga botgan, bundan davraning nafasi ichiga tushib ketgan edi. Faqat laqma Jobirgina vaziyat qaltisligini fahmlamay, laqillashda davom etdi.
— Ishonsangiz, Amir janoblari, qachonlar esimdan chiqib ketgan edi bu gap. Hozir manavini ko‘rishim bilan lop etib esimga tushdi-da, kulib yubordim. Rostdanam kulgisi qistaydi-da odamni, shunday emasmi, Amir janoblari?! Hech bir zamonda tilsiz bedana ham guvohlik bera olarmidi!
Amir boshini ko‘tarib, unga qahrli nigohini qadadi.
— Guvohlik berib turibdi-ku!..
Jobir Amirning avzoyidan dovdiradi.
— Qo‘ysangiz-chi, Amir janoblari, qanaqa qilib tilsiz, zabonsiz jonivor...
— Allaqachon guvohlik berib bo‘ldi! Biz sening qaroqchiligingni kechirgan edik. Lekin qotilligingni Olloh kechirmagan ekan. Mana, mendek bir quli oldida seni o‘z qotilligingga iqror qildi!
— Amir janoblari, meni kechiring, men...
— Olloh kechirmagandan keyin mening ilojim yo‘q!.. Jallod!..
Ikki barzangi kirib g‘oz turdi.
— Buni olib chiqib, boshini tanidan judo qiling!
Jobirni dodlatib olib chiqib ketdilar. Amir dasturxonga tikilgancha jim qoldi. Sukunat. Oradan bir-ikki lahza kechgach, allaqaerdan bedana sayrog‘i qulog‘iga chalinganday bo‘ldi-da, chehrasi xiyol yorishdi...
Orziqul Ergash tarjimasi