Ilya Platonovich Arefev, mashhur gazeta feletonchisi o‘z xonasi bo‘ylab asabiylashgandan-asabiylashib, kursi suyanchiqlariga surinib, charm divan oldidan Shopengauerning qovog‘i soliq byusti turgan javon oldigacha borib-kelmoqda edi. Uning, qartabozlar ta’biri bilan aytganda, «qo‘li kelmay qolgandi». Bosh qotirib o‘tirganiga bir necha soatdan oshdi hamki, kallasiga tuzukroq biron gap kelmaydi, yozish uchun tayyorlab qo‘yilgan qog‘ozida esa olachipor tusdagi soqchixona oldida turgan soqchi, ko‘zlari hayratdan odamnikiga o‘xshab katta-katta ochilgan ot yuzining yon tomondan ko‘rinishi va qo‘lda chizib tashlangan bir necha mushuk tasviri ko‘zga tashlanadi.
Arefev— tajribali, keksa gazetachi. Faqatgina yosh shoirlar va muhtarama qissanavis xonimlargina emas, balki «bizning yosh, umidli belletristlarimiz» ham Ilya Platonovichning «graf Almaviva» taxallusi ostida g‘o‘r qalamkashlarni har hafta urib chiqadigan «Russkaya pochta»ning payshanbalik sonlarini hayajon bilan kuzatadilar. Uning ixtisosligi faqat ana shu qaqshatqich zarbalardangina iborat emas edi. U xuddi ana shunday osonlik bilan tilla, valyuta haqida ham, simvolistlar, Xitoy bilan savdo masalasi, mahalliy amaldorlar haqida ham, yangi drama, marksistlar, birja, qamoqxonalaru artezian quduqlari haqida ham,–qisqasi, o‘zining nozik, professional sezgisi bilan hidini olgan barcha narsalar haqida yozaverardi. U bugun e’tiborga tushib ulgurmagan, biroq ertaga kunning eng muhim masalasiga aylanishi mumkin bo‘lgan mavzuni hammadan oldin ilg‘ab olar va shu zahotiyoq uning achchiq kinoya va o‘ta mubolag‘ada sayqallangan o‘tkir aqli bilan odatiy tarzdagi hodisaning kulgili, qorong‘i va xunuk qirralari bo‘y ko‘rsatadi.
Ilya Platonovich shu kunga qadar kasb qilib olgan ishining hech bir qiyin tomonini ko‘rmagandi. Odatda biror masalaga shunchaki qiziqishi va o‘rganishining o‘zi unga kifoya qilar edi. U stolga o‘tirarkan, so‘zlar o‘z-o‘zidan quyilib kelishiga ishonchi komil edi; chindan ham jonli, qiziqarli, o‘tkir hamda oqilona jumlalar aniq, go‘zal satrlar bo‘lib qog‘ozga sochilardi. U yozgan feletonlarini hatto bosmaxona yugurdagidan tahririyatga berib yuborishi oldidan ham qayta o‘qimasdi.
Bugun esa sira tushunib bo‘lmaydigan ish sodir bo‘ldi. Bir nomi chiqqan adabiy to‘garak bolalar sanatoriysi foydasiga adabiy almanax chop etishga qaror qilibdi. Ular Arefevga almanaxda ham ishtirok etishni taklif qilishdi, yana kishiga yoqadigan ehtirom bilan undan “bilasizmi, iliqqina, o‘quvchini yaxshigina ta’sirlantira oladigan biror narsa” kutayotganlarini bildirib qo‘yishdi... Arefev ularga bajonidil rozilik berdi, keyin, odatdagiday, bu gaplarni unutib yubordi va nihoyat, kecha unga odobu nazokat bilan uning hikoyasi sabab ushbu kitobni chop etishni ikki kunga kechiktirishganini eslatib qo‘yishdi; u nima qilishni bilmasdan, so‘nggi chorani qo‘lladi-o‘ta muloyim ohangda hikoyani bugun oqshomdan kechiktirmasligini aytdi.
U kech soat yettida uyga qaytgach, odatdagidek, batartib odam xarakati bilan siljimali metall reflektorli chiroqni yoqib, chap tomoniga surdi, oldiga bir dasta chiziqli qog‘ozni qiyalatib qo‘ydi, hatto patqalamni siyohdonga botirib ham oldi – birdan taajjubga tushdi, shunda nima yozishni bilmayotganini sezdi. Keskin, zahar tilli, o‘quvchi yuragini kuydirib yuboradigan feleton bo‘lganda-ku, bosh-qa gap edi. Bunaqa paytlarda o‘ta bozori chaqqon mavzular ham oyoq ostidan chiqardi-qolardi. Mana, masalan, hozir Arefevning oldida “bizning yosh va iste’dodli shoirimiz” ommaga darsliklardanoq ma’lumu mashhur bo‘lgan Tyutchev she’rlarini maqtanib, o‘z asari sifatida taqdim etgan “Literaturnoe prilojenie”*ning so‘nggi soni yotibdi. Yoki Sevastopol nogironlari uchun uyushtirilgan xayriya spektakli haqidagi mavzu ham yomon emas, chunonchi, yig‘ilgan mablag‘ uch rubl yetti tiyinni tashkil etgani holda, janob havaskorlar izvoshlari hamda ularni “choy” bilan siylashga uch yuz rubldan ziyod pul sarflangan edi. Lekin, afsuski, har ikkala mavzuda ham o‘quvchiga ta’sir etib, uni ko‘ngli yarim bolajonlar foydasiga cho‘ntak kavlashga undaydigan hech nima yo‘q edi.
Shunda Ilya Platonovich ko‘nglida ijodkorlik izzat-nafsi qurt-dek g‘imirlaganini sezdi. Qanday qilib? Nahotki, u, Arefev, pasxaga bag‘ishlangan shunchaki bir hikoyani yoza olmasa; ayni paytda, odatda, quturgan it va battol izvoshchilar haqidagi ruknni olib boradigan o‘ta nochor muxbircha ham bunday bayram oldi asarlarga belgilangan odatiy imtiyozlardan tamshangan holda, tahririyatga alla- qanday savdogar yoki qo‘ng‘iroqlarning quvnoq jarangi ostida asta mangu uyquga ketayotgan kampir haqida qoralagan biror narsasini ko‘tarib borishga ulgurgandir. Nahotki u, shuncha yillardan buyon o‘quvchi qalbida istehzo va g‘azabnok kayfiyat uyg‘otishga ko‘nikib qolib, endi odamlar ko‘nglida rahm-shafqat, muruvvat va baxtiyorlik hislarini uyg‘ota olish iqtidorini butkul yo‘qotgan bo‘lsa? Nahot uning iste’dodi ixtisoslashib qolib, ijodkorga xos eng bebaho xususiyat – ko‘p qirralilikni yo‘qotgan bo‘lsa?
Arefev hamon divan qirrasi va buyuk faylasuf byusti orasida asabiy yurmoqda edi, istehzoga to‘liq miyasiga esa, xuddi atay qilgandek, o‘zi gazetaning payshanba sonidagi feletonlarida ishtiyoq bilan ayovsiz «mazax» qilgan “ayollar qissalari”dagi bir qolipdagi iboralar kelardi. U deraza oldiga borib, qizib ketgan yuzini ko‘zyoshlar kabi yomg‘ir tomchilari yuvayotgan muzdek oynaga bosdi. “Knyaz o‘zining muhtasham kabinetida u yoqdan-bu yoqqa borib kelar, bu uning kayfiyati noxushligidan darak berardi.”- “Sokin may oqshomi. Quyosh alvon nurlarini har tomonga sochgancha botmoqda edi”...
Hikoyani boshdan-oyoq ana shunday chuchmal, siyqa iboralar bilan yozib qo‘ya qolsa yaxshi bo‘larmidi. Hamma narsaga piching bilan qarashdek eski odati Ilya Platonovichni yo‘ldan ura boshladi. Ha, mana bunday boshlasa ham bo‘ladi: “Avliyo Stefan minorasida yarim tunda bo‘g‘iq bong urildi. Ko‘rimsiz kulba burchagida baland bo‘yli bir odam ko‘rindi. Uning yuzi keng yomg‘irpo‘shi bilan to‘silgan edi. Patli shlyapasi va beliga qistirig‘liq uzun shamshiri uning kiborlar nasabiga mansub ekanidan dalolat berib turardi”.
Biroq Arefev ana shu ahmoqona fikrni miyasidan haydadi-da, yana shinam jihozlangan xonasi bo‘ylab betoqat yura boshladi.
– To‘xta. Bu masalani bir chekkadan hal qilamiz, – dedi u o‘z-o‘ziga gapirgancha.– Birinchidan, kitobxonni to‘lqinlantirishing va ko‘nglini yumshatishing uchun, avvalo, o‘zing nimadandir to‘lqinlanishing va ko‘ngling yumshashi kerak. Ayollar qissalaridagi yig‘loqi, ta’sirchan hikoyalar yakunida keksa polkovniklar bari aybni haddan ortiq o‘tkir tamakiga ag‘darib, to‘kadigan ko‘zyoshni sen ham to‘kib ko‘rishing kerak. ”Xonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Keksa polkovnik o‘z hikoyasini tugatdi va tinglovchilarga teskari o‘girilgancha, trubkasini kamin panjarasiga urdi, negadir uni juda uzoq qoqdi. Nihoyat, u qaddini rostlab, ko‘zlarini artgancha, titroq ovozda dedi: “Padariga qusur! Ammo tamakingiz juda o‘tkir ekan, rotmistr!”–“Bechora Zayraga nima bo‘ldi?” – deb so‘radi uzoq jimlikdan so‘ng sochlariga sarg‘ish atirgul qadalgan xonim. “U o‘ldi!”– bo‘g‘iq javob berdi keksa polkovnik”.
– Jin ursin! Kallamga kelgan narsani qarang, tavba! – koyindi Arefev va yo‘lida duch kelgan kursini jahl bilan tepdi. – Bundan chiqadiki, bemaza so‘zlardan boshqa narsa aytolmaydigan latifadagi to‘ti bo‘libman-qolibman-da. Yo‘q, mantiqan fikr qilib, qanday syujetlar bayramoldi bozori chaqqon bo‘ladi, shuni xotirjam o‘ylab olamiz. Avvalo, albatta, o‘zi tashlab ketgan eri huzuriga cherkov qo‘ng‘irog‘i tonggi bong urishi bilan qaytayotgan yengiltabiat xotin. ”Revolver uning qo‘lidan taraqlagancha polga tushib ketdi. U quchog‘ini katta ochdi, ayol o‘zini eri ko‘ksiga otdi va ularning lablari uzundan-uzoq bo‘sada jipslashdi...” Qisqasi, daf bo‘lsin suyuqoyoq xonim!..
Keyin pasxa oqshomi soqchilikda turgan askar mavzusini ham yozish mumkin. “Qamoqxonaning oy yoritib turgan oppoq devorida qandaydir qora ko‘lanka paydo bo‘ldi. Soqchi odatdagidek tepkini ko‘tardi va ko‘lankani nishonga oldi. Lekin shu on atrofga ibodatga chorlovchi qo‘ng‘iroq ovozi taraldi va qurol asta pastga tushdi... Hayajonga limmo-lim ko‘krakdan chuqur xo‘rsiniq otilib chiqdi” va hokazo, va hokazo. Yaxshi voqea, eski, ishonchli, sinalgan...Bo‘lmaydi!..
Yana nimani yozish mumkin?.. Boyon uyining charog‘on derazalariga qarab turgan qizaloqni ko‘chada muzlatish fikri ham yomon emas. «Ma-yin qor yuzida baxtiyor tabassum qotib qolgan go‘dakning harakatsiz vujudini asta qoplagancha, pag‘alab yog‘moqda edi». Aytmoqchi, bu rojdestvo mavzulariga kiradi-ku – buniyam bir chekkaga surishga to‘g‘ri keladi.
Ilya Platonovich deraza oldiga bordi va ko‘chaga loqayd qaradi. Sokin, oydin va iliq kecha; bu oqshomda bari ohista, bir maromda kechayotgandek tuyuladi – o‘ychan osmon ham, tobora ingichkalashib borayotgan oy o‘rog‘i ham, akatsiyalarning nozik butoqlari ham, hashamatli zim-ziyo binolarning shakl-shamoyillari ham. Tuyg‘un va lanj havoda o‘tkinchilar ovozi va ayol kulgisi yoqimli jaranglaydi, hatto faytonlar g‘ildiraklari ham qandaydir o‘ziga xos, bahoriy taq-tuq qiladi.
Qarshida, ko‘chaning narigi tomonidagi katta qandolatxona derazalari oldida juldur kiyimli bir to‘p bola uymalashib turardi. Ular katta deraza oynalari ortida peshtaxtaga terib qo‘yilgan g‘o‘la shaklidagi kattakon shirin nonlar, kulchalar, shakarli shirmoylaru ipga osilgan rang-barang tuxumlardan ko‘z uzmasdi. Bu bolalar negadir Ilya Platonovichning g‘ashiga tega boshladi.
“Deraza oynasiga burunlarini taqab, yopishib olganlarini qarang. Anavi, qo‘ltig‘iga qolip qistirib olganini-chi, hoynahoy uni xo‘jayi-ni buyurtmachi- ofitserning oldiga jo‘natgan bo‘lsa kerak. U bo‘lsa har bir deraza oldida tomoshalab, anqayib yuribdi. Kech qoladi-da – bayram deb kaltak yeydi, keyin gazetada bolalarga hayvonlarcha munosabatda bo‘lishayotgani, ularni xo‘rlashayotgani haqida xabar paydo bo‘ladi. Sen ana shunga munosibsan, shum bola!.. Hm... Darvoqe, mana yaxshigina mavzu. “Rangpar, bemajol bola hashamatli qandolatxonada terib qo‘yilgan kulchalarga havas bilan qarab turibdi. Kutilmaganda sahnada tilla halli ko‘zoynak taqqan va albatta, qimmatbaho tulki terisidan po‘stin kiygan sirli janob paydo bo‘ladi (muqaddas bayram kunlari bu janob hayratlanarli kuchga ega bo‘ladi!) Suhbat boshlanadi. Ma’lum bo‘ladiki, bolaning “otajoni” o‘lgan, qaddi kamondek bukilgan yuz yashar “bobojoni” pechdan tushmay yotadi, “onajoni” o‘sal yotibdi, singlisi va hokazo, va hokazo”.
– Meni o‘sha yoqqa olib bor! – deydi qat’iyat bilan tilla soatli janob va yarim soatdan so‘ng ona qarshisida yaxshi vino va eng zo‘r doktor yozib bergan dorilar paydo bo‘ladi, boboni yormali bo‘tqaga to‘ydiradilar, unga issiqqina paxtali beldamcha olib beradilar, behol bola esa «ko‘zlari quvonchdan charaqlab», arzonga tushgan pasxa, kamtargina kulcha va o‘ntacha qip-qizil tuxumlar bilan bezatilgan dasturxon atrofida sakrar, tulki terisidan po‘stin kiygan janob esa, hatto ismini ham aytmay, stol ustida oltin tanga to‘la hamyon qoldirgancha, sezdirmay g‘oyib bo‘ladi.
Devor ortida soat bo‘g‘iq, musiqiy, sokin baritonda* to‘qqizga bong ura boshladi. Arefevni birdan g‘alati, shu paytgacha unga notanish bo‘lgan ruhiy horg‘inlik va anavi aftodahol bolakaylar, tashlab ketilgan erlar hamda sirli, noma’lum kishilarga nisbatan kuchli naf-rat hissi qamrab oldi. U keng charm divanga erinibgina cho‘zilib ko‘zlarini yumdi.
Bordi-yu, hozir biror kishi Ilya Platonovichni ko‘rganda edi, bu tili achchiq feletonchiga, “birovning ustidan kulishni yaxshi ko‘radigan janob mazaxchi”ga achinishi turgan gap edi. Uning yuzidan qoni qochdi, birdaniga naq o‘n yilga qarib ketgandek bo‘ldi, peshonasidagi tashvishli ajinlari yanada chuqurlashdi, yumuq ko‘zlari chanoqlariga botdi, lablari atrofidagi tirishlar esa pastga osilib tushdi va bu uning chehrasiga achchiq, jirkanish ifodasini berdi.
Ammo Ilya Platonovich uxlamayotgan edi. U to‘satdan beixtiyor bir-biriga bog‘liq yarim uyqu va bedorlik o‘rtasidagi lanj holatga tushib qolgan edi. Vaqt o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Xona devorlari olis zulmatga singib g‘arq bo‘ldi va Arefev, xuddi haqiqat kabi rango-rang, o‘zgaruvchan, xayoliy hayotda yashay boshladi.
U o‘zini bu hayotda ozg‘in, paxmoqsoch, shum bolakay, xaroba shaharchadagi cherkov dyakoni, butxona ruhoniysining o‘g‘li sifatida ko‘rdi. Cherkovda nurli tonggi ibodat bo‘lmoqda. Butxona xorining o‘ng tomoni havaskorlarga to‘la, ulardan protopopning o‘g‘li, ta’tilga kelgan seminariya talabasi shoshilinch tarzda cherkov xorini tuzgan. Mana, ular xuddi tirik odamlar singari Arefevning ro‘parasida turib oldilar. Birinchi tenor*, pochta idorasining mayda amaldori yonida oq qo‘lqoplar tashlab qo‘yilgan yap-yangi mundirda, moylangan boshini yaltiratgancha turibdi, undan gul isli odekolon bo‘yi anqimoqda. U juda titroq tovushda bir oz dimog‘i bilan kuylaydi, solo* ijro etayotganda esa beparvo devorga suykaladi, oyoqlarini betakalluflik bilan chalishtiradi, boshini orqaga tashlaydi-da, ruhsiz ko‘zlarini yumadi. Regent* — ozg‘in, baland bo‘yli va salobatli odam,—juda uzun syurtukda, hammani qoyil qoldirib, ravon harakatlar bilan dirijyorlik qiladi. Kamerton*ni ikki barmog‘i bilan tutib, boshqa barmoqlarini nazokat ila bukkanicha, onda-sonda chap qo‘lini ogohlantirish va to‘xtatish ishorasi bilan oldinga cho‘zadi; nafosat bilan chiroyli bukilgan o‘ng qo‘lini nozik joylarda astagina, ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas tarzda qimirlatadi; shunda qoshlari tepaga ko‘tariladi, yuzida borgan sari hayrat, qo‘rquv va mehr ifodalari aks etadi. Lekin forte* talab qilinadigan o‘rinlarda u ikkala qo‘lini keng yoyib, ohista silkitadi, boshini silkib, butun gavdasi bilan qimirlaydi va tahdid bilan burnini jiyirib, qoshini chimiradi. Ko‘pas-savdogar o‘g‘li Nozdrunov, xo‘ppasemiz, qip-qizil bo‘yinbog‘i bo‘ynigacha chiqib ketgan avzoyda regentga shunday baqrayib va diqqat bilan qaraydiki, azbaroyi zo‘r berib qaraganidan butunlay oldinga enkayib oladi. Ko‘pas o‘g‘lining mutlaqo eshitish qobiliyati yo‘q, lekin u, protopopning o‘g‘li aytmoqchi, “noyob ovoz”ga ega, shuning uchun undan, «taran»* singari eng quloqni qomatga keltiradigan o‘rinlarda foydalanadi. Shunday joy kelganda dirijyor “noyob bas”ga o‘giriladi, unga ko‘zlarini olaytirgancha, kamertonli qo‘lini uzuq-uzuq, xuddi birovga qilich sanchayotgandek harakatlantirib, u tomonga cho‘zadi. Shunda Nozdrunov qip-qizarib ketadi, peshonasidagi tomirlari bo‘rtib, lablari titrab, shunday o‘kiradiki, butun xor ovozidan bir zumga cho‘kib ketadi.
Ilyushka birinchi qatorda turadi. U baxtiyorlik va itoatkorlik ifodalari limmo-lim ko‘zlarini regentning yuzidan olmaydi, tobora cherkovni to‘ldirib borayotgan, nazarida yuqoridan son-sanoqsiz boshlar, yoniq chiroqlar, quvonchdan shodumon bo‘lgan, bir xilda ko‘rinayotgan yuzlarga qarashga deyarli vaqti ham bo‘lmaydi.
Ibodat tugaydi. Pop va uning ortidan yo‘l olgan xor ham cherkov panjarasiga qatorasiga tizib qo‘yilgan kulchalarni poklash uchun chiqadi. Tashqariga chiqayotgan bari odamlarni yorqin, ko‘zni qamashtiruvchi bahor tongi qo‘qqisdan quvonch bilan qarshi oladi. Moviy osmon, sabza maysalar, daraxtlarning xushbo‘y kurtaklari, qabristondagi qarg‘alarning asabiy qag‘illashlari – bularning barchasi Ilyushkada charchoqdan so‘nib borayotgan bayram kayfiyatini qayta qo‘zg‘aydi. U qo‘ng‘iroqlarning quvnoq jarangi orasidan begona ovozlarni arang ajratar, baland ovozda xor bilan birga kuylar, ayni paytda olomon unga qarayotganini sezgani uchun yuzida xuddi mushkul, jiddiy va muhim vazifani bajarayotgan odamniki kabi tashvishli ifodani ko‘rsatmoqchi bo‘lardi.
Ertasi kuni albatta qo‘ng‘iroqxonaga borib, qo‘ng‘iroq chalish kerak edi. Qadimiy, eski taomilga ko‘ra, dastlabki uch kunda hammaga qo‘ng‘iroq chalish uchun ruxsat beriladi, axir busiz pasxa pasxa bo‘larmidi. Qo‘ng‘iroqxonaga olib chiquvchi zinalar qorong‘i, chang bosgan va shunday tikki, hatto yuqoriga chiqib olgach ham Ilyushkaning oyog‘i qaltirab ketadi. Muzlab qolgan barmoqlari bilan panjarani tutib, unga yopishgancha pastga qaraydi. Vuy, qo‘rqinchliligini, yana gashtli ham! Uylar qutiday jajji-jajji va yap-yangi ham juda g‘aroyib ko‘rinadi. Oyoqlari ostida jarqaldirg‘ochlar baland ovozda chag‘illaydilar, havoda aylanib uchadilar, hurkkan kaptarlar qanotlarini yaltiratganlaricha aylanib osmonga parvoz qiladi. Butun qo‘ng‘iroqxona uzluksiz jarang-jurung ovozlardan shunday larzaga keladiki, baqirsang ham o‘z ovozingni o‘zing eshitolmaysan. Bu hissiyotlar shunday g‘alati, ajoyib, shunday yuragingni chulg‘ab oladiki, qo‘ng‘iroqxonada kim qo‘ng‘iroq chalyapti, kim xursandchilikdan gul-gul yonyapti, kim kulyapti, bu moviy osmonmi yoki zavq-shavqdan, ko‘ksi to‘la hayratdan sarmast bo‘lgan go‘dak qalbimi, bilib bo‘lmaydi.
Divanda yotgan rangpar, qarimsiq yuzli odam zaifona kulimsiraydi. Endi u yosh qalamkashlar kushandasi, o‘taketgan mazaxchi, jamiyat manfaatlari va bemor bo‘lgan shaharning shahvoniy hirs-ehtiroslari qozonida o‘z hayotini nafrat va jirkanch tuyg‘ulari bilan qovurayotgan Ilya Platonovich Arefev emas edi. U endi – o‘zining qudratli hayvonsimon turmushidagi bari his-hayajonlarni ochko‘zlik bilan yutib yuboruvchi quvnoq, beg‘am, shum ko‘cha bolasi dyakon o‘g‘li Ilyushka edi. Shunda Arefev bir necha daqiqaga vujudida shunday soflik, pokizalik va tiniqlikni his qildiki, go‘yo kimdir ko‘rinmas qo‘llarini siypab, ko‘nglida qurum bosib yotgan nafrat, hasad, bezovta va qonmagan izzattalablik, hayotdan bezish va dilgirlikni mehr bilan muloyimgina sidirib tashlagandek bo‘ldi. Shunda unga, Ilyushka bilan birga, nazarida har nafasi sayin butun ranglar olami, turli tovushlar va islar olami, hamisha yangi, hamisha maftunkor va nihoyasiz rang-barang bayram olami bostirib kirgandek bo‘ldi.
Ana shu ajoyib, serquyosh kunlar ko‘z oldidan bir-bir o‘ta boshladi. Xayolida boshqa manzaralar birin-sirin ulanib ketdi, ular borgan sayin g‘amginlashib bordi – ko‘ksidan g‘ubori ketmagan dog‘lar, biror muvaffaqayatga erishish uchun asta-sekin ma’naviy qashshoqlashishga qarshi kechgan ayovsiz kurashlarning uzoq tarixi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi. Ana shu beshafqat xotira Arefev hamisha eslashdan bezib, yuragi orqaga tortadigan, cho‘chiydigan o‘sha olis pasxa oqshomini ham yodga soldi.
O, bularning barini u aniq-tiniq eslaydi. Mana Ilya Platonovich o‘zining ilk katta hikoyasi uchun gonorar olayotgan tahririyat idorasi. Muharrir, keksa, tund odam, gazeta ishlarining piri, yangi xodim qiyofasida gazetaga katta, o‘ziga xos yangi kuch kirib kelayotganini anglab yetdi. U hozirgina o‘z kabinetida Arefevga navozish bilan qo‘lini uzoq siqib turdi va nihoyat,– tahririyat tarixida ko‘rilmagan iltifot! –betakalluf do‘stona ohangda shunday dedi:
– Hikoyangiz ertaga ketadi. Sizga pul kerak bo‘lsa, marhamat uyalmang. Agar istasangiz, biz sizga korrektura tobog‘i bo‘yicha gonorar berishimiz ham mumkin.
Istaganda qandoq! Hozirgina Arefevning o‘zi ham “uch rubl avans berib turasizmi”, deb so‘ramoqchi bo‘lib turuvdi-da. U yoqda, ijara kulbada uni turli-tuman faqirlarga to‘lgan uy chordog‘i desayam bo‘ladigan xonasida yuraklarini hovuchlab, qo‘lida go‘dagi bilan bir ayol kutib o‘tiribdi. Ular o‘sha xonada, qorong‘ida, kerosin sotib olishga ham pullari yo‘q o‘tiribdilar, bugun ertalab tushlikka yegulik uchun yakkayu yagona kulrang jun ro‘molni sotdilar, u yoqda ijarador uy egalari, xizmatkorlar bor, u yoqda qashshoqlik va qahr-g‘azab hukmron. Arefev qaltiragan qo‘llari bilan talonga imzo qo‘yayotganida kaltabaqay, semiz, o‘ziga bino qo‘ygan va doimo nimadandir norozi qariya-kassir ranjigan to‘tidek, ustiga bir to‘p kumush tanga qo‘yilgan bir dasta qog‘oz pulni u tomon surib qo‘yadi.
Ha, bu Ilya Platonovichning hayotidagi omadsizlikda, ochlikda o‘tgan, dars berishlar, yozish ishlari, kechki mashg‘ulot o‘tkazishlar kabi tasodifiy o‘ljalarni shiddat bilan tutishdan iborat bo‘lgan og‘ir davr edi. Lekin nima uchun ular xotini ikkalasi ana shu mashaqqatli qismatlarini shunday tetiklik, iroda bilan, noroziliklarsiz, bir-birlariga achchiq-tizziq ginalar qilmasdan, hatto taqdir ustidan mag‘rurona kulib, bu qiyinchiliklarni shunday istehzo bilan qabul qila olishdi? Nega keyin, taqdir nihoyat ularga marhamat ko‘rsatganida, Arefev shuhrat qozonib, to‘kin, farovon yashay boshlaganlarida – nega ularning ko‘ngil dunyolari misli ko‘pikdek parchalanib ketdi? Balki farzandi nobud bo‘lgach, ularni birlashtirib turgan o‘sha og‘riqli, biroq mustahkam rishta uzilgandir.
O‘zi ana shu bolasi g‘alati va ma’yus edi. Go‘dakka onasi qornidaligidayoq g‘aribona qashshoq hayotning nuqsi urganga, bolaga o‘z ta’sirini o‘tkazganga o‘xshardi. Bola bir yoshga to‘lgach, o‘sishdan to‘xtadi. Faqatgina uning kattakon, xuddi qandaydir rangsiz, badbo‘y suv to‘ldirilganga o‘xshagan po‘kak kallasi o‘smoqda edi; lekin bola tanasi hamon nochor va ojizligicha qolgan, qurigan shox-butoqchalardek ingichka qo‘l-oyoqlari rivojlanmay, shalvirab turardi. Bolaning faqatgina ko‘zlari boshqacha edi, katta-katta, yuvosh va ma’yus bu ko‘zlarning rangi shunday ajoyib ediki, bu rang, Heyne aytmoqchi, na odamlarda, na hayvonlarda uchrar, bu rangni ba’zi-ba’zida faqat gullarda uchratish mumkin edi, xolos. Bir umr harakatsizlikka mahkum etilgan bu bola o‘ziga hamroh bu dardlarga g‘ayritabiiy bir sabr bilan bardosh berardi. Doimo jiddiy, o‘ychan bu go‘dakning suyib gapiradigan gaplari xudo, farishtalar, o‘liklar, dafn marosimlari va qabristonlar haqida bo‘lardi. U yaqin-orada o‘lishini aniq bilar va hech qachon kulmasdi.
Oh, Ilya Platonovich o‘sha pasxa oqshomini shunday azob, iztirob bilan esga oladiki... o‘shanda qo‘lida qog‘oz xalta va xaltachalarning ko‘pligidan eshikni tirsagi bilan ochishiga to‘g‘ri kelgandi. Uning orqasidan og‘zi moylangani uchun marhamatli, iltifotli, tirjayib turgan hovli farroshi Arefev aravadan tushirolmagan unlarni ko‘tarib kelmoqda edi.
To‘rtinchi qavatdagi hujrada ana shu pasxa oqshomi shunday shodon o‘tdiki... Uchta shamni ikkiga bo‘lib, oltita qilib yoqdilar – uy hashamatli, charog‘on bo‘lib ketdi. Benzinkada (ilgari buni orzu ham qilmasdilar)tayyor to‘qmoqlangan go‘shtli kotletlar qovurilmoqda, uning yonida haqiqiy “kofe makko” qaynamoqda edi. Dasturxonda kattalar uchun katta, bolakay uchun esa kichkina kulcha va shirinliklar turardi. Ilya Platonovich joyida o‘tirolmadi. U Grishaning oldida ayiqqa o‘xshab to‘rt oyoqlab yurdi, qurbaqa bo‘lib sakradi, qopag‘on itga o‘xshab irillab, bolaning issiq ko‘kragini tishlamoqchi bo‘lib o‘ynashdi. U hali his qilib ulgurmagan to‘qlik, mehr tafti va farovonlik tuyg‘u-sidan, ayniqsa, dastlabki adabiy yutug‘idan sarmast edi, bu muvafaqqiyatning og‘uli achchiq lazzatini o‘z tanasida o‘tkazmagan odam tasavvur ham qilolmaydi.
O‘sha oqshom hatto Grisha ham o‘zining qisqa kechirgan umrida ilk bora jilmaydi. U qog‘ozdan yasalgan farishtaga qo‘lini cho‘zgancha, yorug‘ tabassumdan chehrasi nogahoniy go‘zallashib pichirladi:
– Farishta! Farishta!
E xudo, ular qani, qayoqda? Arefev xotinini bundan uch yil ilgari Nitstsada juda kibor va keksayib qolgan, bo‘g‘inlari og‘rigan qandaydir bir bemor qariya bilan birga ko‘rgandi. Grishani esa o‘zi baxtiyorlik bilan chorlagan farishtalar birga olib ketdilar.
Ilya Platonovich xuddi birov irg‘itib yuborgandek divandan sapchib turdi. Uning yuzi ko‘zyoshlardan ho‘l bo‘lib ketgandi, biroq bundan uyalmadi,chunki ko‘zyoshlar unga bir necha daqiqagina anchadan buyon his qilinmagan, inson yuragini poklaydigan va yumshatadigan teran dard-alam hissini baxsh etgan edi. Xonada u yoqdan-bu yoqqa yurarkan, derazadan qaradi. Juldur bolalar qandolatxona derazalari oldida hamon to‘planib, sovqotgan oyoqlari bilan yer tepib turardilar. U boyagina “ozib-to‘zib ketgan bolakaylar” va “tilla ko‘zoynakli sirli janoblar” ustidan g‘azab bilan zaharxanda qilganini esladi. Arefev hozir ularga qarab turib, yuragida jirkanish emas, balki osoyishta, otalarcha mehrga to‘la shafqat-muruvvatni his qildi.
“Biz hammamiz,– xayolidan kechdi uning,– u yoki bu tomonlama-qashshoq, oriq, tashlandiq bolalarmiz, agar biz sirli olijanob kishilarning borligiga ishonchimizni yo‘qotsak, hayot qanday dahshatli kechgan bo‘lardi!”
Shunda uning tasavvurida chordoqlarda muzlab qolgan, zax yerto‘lalarda sovuqdan qaltirayotgan, ko‘chalarda “Iso haqqi hurmati”ni aytib, bezor qilib, yo‘lovchilar ortidan yugurgan yalangoyoq bolalar sharpalari gavdalandi, hayotdan bezgan kattalar ana shu sof qalblar ortiga o‘z ayblarini to‘nkaydilar, qilgan xatolari, bir umr aldanib yashaganliklarini yashiradilar, ana shular oqibati o‘laroq, hali gapirishni eplar-eplamas qizaloqlar fahsh, ifloslik, oldi-sotdi buyumiga aylanadilar, hali voyaga yetmay turib bolalar jinoyatga qo‘l uradilar; oxir-oqibat manglayi qora mayib-majruhlar ham, bukrilar, raxitlar, jinnilar, tutqanoqlar, beshikdanoq irsiy kasalliklarga chalingan ham shu bolalar bo‘ladi. Shunda Ilya Platonovichning quloqlari ostida barcha zamonlar va xalqlarning aqli, donishmandligini o‘z salohiyatida mujassam etgan Sakya Muni*ning ulug‘vor hikmati yangradi: “Kimda-kim bir go‘dak ko‘z yoshini artsa va uning yuzida tabassum uyg‘ota olsa, marhamatli, ulug‘ Budda nazdida, o‘sha kishi muhtasham ibodatxona bino etgan zotdan ham a’loroqdir”.
Ilya Platonovich, mana, ikki soatdan buyon stoldan turmay ishlamoqda, uning qalami ostidan odatdagiday aniq, ravon satrlar to‘kilmoqda edi. U “Go‘dak tabassumi” deb nomlangan bu maqolani qanday yakunlashni o‘zi ham bilmaydi, lekin boshidagi sochlari osti yoqimli jimirlayotganini, yelkasiga esa unutilayozgan ilhom titrog‘i yugurganini his qiladi. Hamon uning ko‘z oldida favqulodda quvonchli tabassumdan yorishib ketgan bola chehrasi namoyon bo‘lib turardi.
Rus tilidan Nilufar Hayitaliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 12-son.
____________________
* XIX-XX asr boshlarida Rossiyada chop etiladigan nashr.
* Pasxa pishiriqlari.
* Te n o r – eng baland erkaklar ovozi.
* S o l o – yakka ovoz yoki soz uchun yozilgan musiqa asari.
* Cherkov xori dirijyori
* Dirijyor tayoqchasi.
* Musiqaning kuchli chalinadigan qismi.
* Qal’a darvozalarini buzish uchun ishlatiladigan uchli yog‘och qurol.
* S a k ya - M u n i – Budda nomlaridan biri.