Qishloqdagi birorta odam bu qalin, keng quloch yoygan daraxtni kim va qachon o‘tqazganini bilmaydi. Biroq so‘lim qishloqqa tashrif buyurganlarning barchasi eng avvalo uning tarixi bilan qiziqadilar. Ulkan daraxt olisdan ko‘zga tashlanadi. Sahroda bu kabi qalin, qishin-yozin yam-yashil daraxtning uzoq yillardan beri yashab kelayotgani haqiqiy mo‘‘jiza edi.
– Daraxt? Qanaqa daraxt? – hayratlanib javob qilishardi odamlar mehmonlarning savollariga va xuddi uni ilk marta ko‘rib turgandek bo‘y-bastiga taajjublanib tikilishardi.
Bunday olganda uning boshqa qondoshlaridan sira ham farq qiladigan joyi yo‘q, hatto qarag‘ay kabi go‘zal va adl qomatga ham ega emasdi. Qanchalar katta va qalin bo‘lmasin, baribir eman bilan bo‘ylasha olmasdi ham. Nima qilganda ham deyarli yil bo‘yi quyosh ayamay qizdiradigan bu chekka qishloqda abadiy yashil va ulkan daraxtning soyasi barchani birdek quvontirardi va u yo‘l yoqasidagi ma’yus, qarovsiz, ko‘rimsiz daraxtlarga mutlaqo o‘xshamasdi ham.
Daraxt qishloq etagidagi kichkina uyda yashaydigan oilaga tegishli edi. Olis o‘tmishda bu uy atrofidagi yerlar quruqshab yotardi. Qishloqda hozirgi kabi hashamatli uylar yo‘q edi. Yildan-yilga zamon o‘zgarib borardi, unga qarab odamlar ham... Ular baland-baland imoratlarni qurib, bu sokin qishloq qiyofasini yangiladilar. Ammo faqat ana shu ulkan daraxt va mo‘‘jazgina uy avvalgidek edi. Vaqt o‘tgani bilan tabiatning bu mo‘‘jizasi sahro o‘rtasida qulochlarini yoyib, hech kimdan izn so‘ramay, saxiylik bilan boshqa xonadonlarga ham o‘z soyasini ulashishdan charchamasdi. Mo‘‘jazgina uyda yoshlari o‘tinqirab qolgan ikki qariya bir-birini suyab yashashardi. Bolalari allaqachon ulg‘ayib, turli shaharlarga o‘qishga borib, o‘sha yerlarda qolib ketishgan. Uy egasi qishloq do‘konida savdo qilardi. O‘tgan yillar uning qaddini shu darajada bukib qo‘ygandi-ki, bechora hatto kun bo‘yi peshtaxta yonida tikka turishga qiynalardi. Shu sabab, uni omborxonaga ishga o‘tkazishdi. Endi u o‘tirgan joyida ishchilarga ko‘z-quloq bo‘lib turadi xolos. Xonadon bekasi esa hali baquvvat ayol edi. Ro‘zg‘or ishlarini ham yolg‘iz o‘zi bajarardi, bolalar bilan bog‘liq tashvishlar arigani sabab, bunga uning vaqti ham yetarlicha edi, balki shuning uchun ilgari sira e’tibor qaratmagan narsalari haqida bosh qotiradigan bo‘lib qolgandir. Masalan: uylarida hammom yo‘qligidan tez-tez o‘kinardi. Shuncha yil qanday qilib bunday sharoitda yashaganiga hayron qolardi. Na qulaylik va na boylik qiziqtiribdi uni. Ayolga endi to‘ylaridan keyin sotib olingan o‘ttiz yil oldingi uy jihozlari ham yoqmay qolgandi. Yillar o‘tgani sayin hammamiz ham o‘zgaramiz va uyimizdagi sharoitni o‘zgartirishga harakat qilamiz. Bu tabiiy hol albatta. Agar bunga imkoniyat bo‘lsa bundan oson ishning o‘zi yo‘q, biroq topayotgan puling ro‘zg‘ordan ortmasa nima qilish kerak? Ro‘zg‘or g‘or, deganlari rost ekan, qanchalik iqtisod qilmagin baribir yutib ketaveradi. Ayol uzoq vaqt deraza oldida o‘tirib, ularning kulbasi yonida qurilayotgan mahobatli uydan ko‘z uzmasdi. Uy emas, haqiqiy saroy! Hali poydevori solinayotganda ayol o‘zicha imoratning nechta xonasi bo‘lishi mumkinligini chamalab ko‘rardi. Ikkitasi aniq yotoqxona uchun mo‘ljallangandi. Eng katta xona esa mehmonxona vazifasini o‘taydi. Avvaliga ayol ikkita hammom qurilayotgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagandi. Keyin esa ulardan biri alohida omborxona hisobiga bunyod bo‘layotganini eshitib, hayratini yashirolmadi. Mana buni dabdaba desa bo‘ladi! Yangi uyda ikkita ayvon qurildi. Biri old, ikkinchisi orqa tomonidan. Ustalarning gapiga qaraganda bu ochiq ayvonlarda bemalol oftobda toblanib yotish mumkin ekan. Ayol koshinli baland ayvonlarga suqlanib boqarkan, biz qariyalarga ham xuddi shunaqasidan bo‘lsa qaniydi, deya xayolidan o‘tkazdi! Ilgari ayolda bunday o‘y-xayollar uchun vaqt topilmasdi, biroq endi u shundan boshqasini o‘ylay olmasdi. Hayot qanchalar adolatsiz. Ayol shunday o‘y bilan uyg‘onar va shunday o‘y bilan uyquga ketardi.
Kechqurunlari ishdan horib-charchab qaytgan er xotiniga do‘kondagi ishlari haqida ko‘ngil yozganida ayol faqat qo‘shnisining qurilayotgan imorati haqida so‘zlardi.
– Xuddi shunaqa hammomimiz bo‘lishini istardim, – derdi u bu tilaklar hech qachon amalga oshmasligini o‘ylarkan. So‘ng chuqur uh tortib so‘zlashda davom etardi. – Ayvon ham imoratga yarashib turibdi. Tasavvur qiling: ikkita ayvon! Bizda bittasi ham yo‘q. Kichikroq bo‘lsa ham mayli, atigi bitta ayvonimiz bo‘lsaydi...
Chol indamay bosh chayqab qo‘yardi. U hamisha xotiniga yon bosardi. Qani edi u ham boshqa erkaklar kabi xotinining baxtli yashashi uchun barcha sharoitni yaratib berolsa... qulayliklarga ega uyda yashash qanchalar baxt! To‘g‘ri aytishadi, puli bor otasiga yetti osh bergan ekan. Bechora chol butun umr mehnat qilsa hamki, topgan puli ro‘zg‘ordan ortmasdi. Ayoli ham insofli va diyonatli chiqdi. Boriga shukr qilib, yo‘g‘ida sabr qilib shuncha yil birga yashadi. Undan o‘pkalansa – uyat, nolisa – gunoh bo‘ladi. Sababi, xotini hech qachon o‘zi uchun ortiqcha narsa so‘ramagan va talab ham qilmagan, biroq endi u biroz o‘zgarib qolgan, go‘yo tanasiga boshqa odam joylashib olgandek edi. Har kuni undan bir xil gapni eshitish va unga yon bosish qariyaga malol kela boshlagandi. Chol ayolining ilgari – to‘rt bolasi yonidaligida biror nimadan shikoyat qilib so‘zlaganini hech eslolmadi. Biroz tashvishlardan xoli bo‘lishlari uning bilan ming‘ir-ming‘iri ko‘paydi.
– Dunyoda odamlarning ikki toifasi bor, – deya fikrlardi ayol. – Biri pulni oxirgi chaqalargacha sanaydiganlar, ikkinchisi pulning betiga qaramay ishlatadiganlar. Boy bo‘lganimizda qanday yashashimiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Xotinining savoliga er indamay, miyig‘ida kulib qo‘ya qolardi...
* * *
Nihoyat katta uyning qurilishi bitdi va unga odamlar ko‘chib kelishdi. Ayol keng va yorug‘ xonalarda qimmatbaho jihozlarni qanday joylashtirishlarini hatto tasavvur qilolmasdi.
Yangi uyning xo‘jayinlari unga tanish emasdilar. Qo‘shnilar ko‘chib kelishlari bilan bog‘ barpo qilishga kirishdilar. Ularning yerida bog‘bon tinim bilmay ishlardi. Daraxt soyasida o‘tirib ayol sim to‘siqning narigi tomonida bo‘layotgan ishlarni kuzatardi. To‘siq shunchalar yaqin ediki, go‘yo qo‘l uzatsa hozirgina o‘tqazilgan ko‘chatlar bargiga yetadigandek...
Gullar hali ochilmagan edi. Bog‘bon ko‘chatlarni o‘tqazishdan ilgari yerni yaxshilab tekislab, unga ishlov berdi. Gap-so‘zlarga qaraganda, xonadon bekasi gullarni yaxshi ko‘rarkan. Shu sabab, u bu quruq iqlimda ham gul o‘stirishga astoydil kirishgandi.
Qish keldi. Kechqurunlari kuchli shamol daraxt shoxlarini silkitib, to‘polon qilardi. Go‘yo tashqarida bo‘ron ko‘tarilayotganday tuyulardi. Kunlar ham qisqarib qolgandi. Kun yarmida quyosh kuchsiz nur sochardi va daraxt keng soya yoyib, sukut saqlab qishloq ahlini o‘z mehri bilan siylab turardi.
Bir kuni kechqurun eri uyga har doimgidan-da kechroq qaytdi. Uning tushkun kayfiyatdaligini sezgan xotini:
– Ha tinchlikmi? Nima bo‘ldi? Tobingiz yo‘qmi? – deya so‘radi.
– Belim og‘riyapti, – qisqagina javob qildi u istamaygina.
Chol kechki ovqat mahali ham sukut saqlab o‘tirdi va faqatgina o‘ziga qahva quyayotib:
– Bugun yangi qo‘shni yonimga keldi, – deb og‘iz ochdi.
Ayol tabassum qildi. Qariyalar qo‘shnilari bilan yaqin turishsa-da, qalban ulardan olisda edilar. Sababi “yangi boy”lar bu oilani o‘zlariga teng ko‘rishmasdi.
– Unga nima kerak ekan?
– O‘tqazgan ko‘chatlari va ekkan ekinlari bosh ko‘tarmayotgan ekan. Uning aytishicha, daraxtimizning soyasi bog‘ini quyoshdan to‘sib qo‘yibdi. Baquvvat ildizlari esa yerning kuchini tortib olayotgan emish..
– Oliynasab xotiniga ekkan gullari bizning yuz yillik daraxtimizdan azizroq ko‘rinayotgandir-da. U qadrdon do‘stimizni qo‘porib tashlashimizni so‘rayaptimi?
– Buning uchun hatto pul ham taklif qildi.
– Nima deb javob qildingiz? Uning taklifiga ko‘nmagandirsiz?
– Yo‘q, men unga jo‘yali javob aytmadim, avval sen bilan maslahatlashib olay degandim.
Chol o‘sha paytdayoq bu taklifni rad qilgan bo‘lardi, biroq hamma gapni xotini bilan maslahatlashib olishga o‘rganib qolgani sabab, bu fikr ustun keldi. Chindan ham maslahatlashib olish kerak. Kim biladi, xotini boshqacha fikrda bo‘lishi mumkin axir...
Qariyalar idish-tovoqlarni yuvayotib, (ular bu ishni doim birgalikda qilishardi) bolalari va ularning xatlari haqida so‘zlashdilar. Kechqurun hamma ishlarni tugatib, ular uxlagani hozirlik ko‘rayotganlarida, kutilmaganda ayol:
– Xo‘sh, u qancha berarkin? – deb so‘rab qoldi.
– Bilmadim.
– U pul miqdorini aytmadimi?
– Yo‘q.
Qariya pul miqdorini so‘ramaganligi uchun afsuslandi. Axir bu taklif xotinini qiziqtirib qolishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi.
O‘sha kecha ular bu mavzuga boshqa qaytmadilar. Uxlagani yotishganida deraza ortida shimol shamoli ular bu uyga ko‘chib kelgan ilk kechadagi kabi daraxt shoxlarida to‘polon qilayotgandi.
* * *
Erta tongdan ayol daraxt soyasida kir yuvayotib, uning bo‘y-bastiga sinchiklab boqdi. Tonggi yelvizak daraxt barglarini o‘ynardi. Bu tanish ovoz unda xotiralarda ko‘milib yotgan o‘sha shirin, totli, baxtli kunlarini eslatdi. Sho‘xlik qilib qo‘ygan o‘g‘illari onalari beradigan jazodan qutulish maqsadida uning shoxlari orasiga kirib yashirinardilar. Qizlari esa qo‘shiq aytib, kashta tikishardi. Ammo bolalar tez ulg‘ayisharkan. Ulg‘ayishdi-yu bu qishloqdan butunlay ketishdi. Mana u yolg‘iz qoldi. Bir muddat ayolga daraxt bolalaridan ham yaqinroq va qadrliroqdek tuyuldi. Hayotini undan ayro tasavvur qilolmadi. Ammo baribir qiziq. Boy qo‘shnisi bir daraxt uchun qancha berarkin? O‘n ming funt? Balki undan ham ko‘proqdir? Yigirma besh ming funt? Bu endi juda ham ko‘p. Agar u chindan ham shuncha pul miqdorini aytsa. Yigirma besh ming hazilakam pul emas axir. Buncha pulga ro‘zg‘orning barcha kam-ko‘stini to‘g‘rilab, hech bo‘lmaganda bir necha kun tashvishsiz yashasa bo‘ladi. Biroq u qancha berarkin...
Kechqurun ishdan qaytgan er xotiniga shoshib:
– U yana meni ko‘chada to‘xtatib, qanday qarorga kelganimizni so‘radi, – dedi.
– Bu safar unga nima dedingiz?
– Hech nima... shunchaki hali bir qarorga kelmadik, – dedim.
– Qancha berarkan?
– Ellik ming funt.
– Nahotki, bir daraxt uchun ellik ming? Buni qarang-a.
Ayol pul miqdorini eshitib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Bu pulga gilam, yangi va zamonaviy yotoqxona jihozlarini va hatto oshxona buyumlarini, ro‘zg‘orga kerakli barcha ikir-chikir narsalarni sotib olishi mumkinligini chamalab ko‘rdi. Shunda ham pul ortib qolaverdi. Hech nimani o‘ylamay, biror joyga dam olib kelishga borsa bo‘ladi, axir u butun umr qishloqdan tashqariga chiqmadi. Bahavo joylarga dam olishga borgan er-xotinlarning taassurotlarini eshitsa havas qilardi. Ammo o‘zi sira bu haqda orzu qilmagan. Chunki bunga ularning imkoniyati ham yetmasdi. Hech bo‘lmasa umrida bir marta atigi bir haftaga bo‘lsa ham oxirgi chaqalarni sanamay, boshqalar kabi yashashga haqli emasmi ?
– Nima deysiz? – so‘radi u oxiri oraga cho‘kkan sukunatni buzib.
– O‘zing bilasan.
– Taklifini qabul qilsak to‘g‘ri bo‘larmikan?
– Bilmadim
– Ellik ming – hazilakam pul emas...
– Ha.
Ellik ming-a, deya o‘ylardi uyqusizlikdan qiynalayotgan qariya yotog‘i ustida u yoqdan bu yoqqa ag‘anarkan. Pullar qo‘lning kiri. Qanday kelib, qanday ketganini sezmay qolasan odatda. Bu daraxt esa bolaligidan beri bor. Agar uni qo‘porib tashlamasa yana uzoq yillar yashaydi... ular bu daraxtni o‘zlari o‘tqazganlarida ham uning taqdirini hal etishga haqli bo‘lishardi. Axir bunday olganda u ikkisiga ham tegishli emas, biroq shunday bo‘lsa-da, nihoyatda qadrli. Daraxt ular uchun ham qariya, ham yosh yigit. Qariya deb qabul qilganiga sabab, u bu daraxtning yoshligini hech qachon ko‘rmagan. Bolaligida qanday bo‘lsa hozir ham shunday. Yosh yigit deganiga sabab, ular erta-indin o‘lib ketishadi, biroq u yashaydi. Daraxtni shu qishloq odamlari baxtiga ona yer, quyosh nuri ulg‘aytirgan... o‘stirgan... Shuning uchun u yashayapti va yana yashaydi ham... xotini daraxt uchun taklif qilingan pul miqdorini eshitib yosh qizlardek quvondi. Nahotki, uni bunda ayblash mumkin bo‘lsa? Bu pullar u shuncha yil ter to‘kib, ro‘yobga chiqarishga erisholmagan xotinining barcha orzularini ushaltiradi. Shunday ekan, o‘zi hal qila qolsin... agar unga qolsa... hech qachon va hech qaysi pulga qadrdonini sotmagan bo‘lardi.
* * *
Ertasiga ertalab eri ishga ketishi bilan eshik taqilladi. Ayol ostonada badavlat janoblarga xos tarzda bashang kiyingan qo‘shnisini ko‘rdi. Beka uni jihozlari eskirib qolgan mehmonxonaga taklif qildi.
– Men siz bilan daraxt haqida suhbatlashgani keldim, – dedi qo‘shni. – Xo‘jayiningizning aytishicha, hammasi sizga bog‘liq ekan.
– Bo‘lishi mumkin.
– Bir qarorga keldingizmi?
– Bu daraxt anchadan beri bor. Unga ko‘nikib qolganmiz...
– Tushunaman, ammo bu masalaga boshqacha qarash ham mumkin...
Ayol bosh irg‘ab uning fikrini ma’qulladi. Albatta boshqacha qarash ham mumkin. Kecha kun bo‘yi va tong otguniga qadar unga hozir qanchalar kerak bo‘lgan o‘sha ellik ming funt haqida ko‘p o‘yladi. Ammo bu pullar farzandlari soyasi ostida huzurlanib, shoxlarida o‘ynab katta bo‘lgan, qolaversa o‘zi ham yonida qarigan qadrdon daraxtini qurbon qilishga arzimasligini angladi.
– Xonim, bu daraxt siz uchun qanchalar muhim ahamiyatga ega ekanligini bilamiz. Men va xotinim uning uchun qancha so‘rasangiz shuncha to‘lashga tayyormiz, – deya savdolashayotgan ishbilarmon odamlardek ovoz ohangini o‘zgartirdi erkak. – Biz sizga ellik ming funt taklif qilgandik. Bu miqdorni oshirishingiz ham mumkin.
Pul miqdorini oshirish – bu haqda u o‘ylab ham ko‘rmagandi. Nega endi mumkin emas? Bu odamlarda pul bor. Ellik mingni to‘lay olgan odam undan ko‘proq ham bera oladi.
Erkak qo‘shni ayolning qiyofasidan ikkilanish alomatlarini sezdi va shoshib:
– Mayli, oltmish ming funt, – deya qo‘shib qo‘ydi.
O‘n ming funtni qanchalar oson qo‘shdi-ya! Go‘yo gap o‘n shilling ustida borayotgandek...
– Oltmish ming funt biz kambag‘al odamlar uchun juda katta pul, – deya javob qildi ayol. – Ammo bolalarimiz uyga qaytishganida daraxtni ko‘rishmasa nima deyisharkin?
– Oltmish ming funt bir daraxt uchun yomon narx emas, – dedi qo‘shni. – Bundan tashqari daraxtni kesganingizdan keyin pullashingiz ham mumkin. Menga u kerak emas.
Albatta daraxt ularga kerak emas, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, asosiysi, undan qutulish muhim. U bir muddat yangi xonadon bekasining bog‘da o‘tqazgan gullari ko‘karmayotgani, bu ham yetmaganidek, uning ko‘lankasi hashamatli ayvonini ham to‘sib qo‘ygani uchungina, shuncha yillik qadrdonini har kuni la’natlab, so‘kishini tasavvur qildi. Ha, xotinining tinmaydigan jag‘ini o‘chirish uchun bu erkak qancha bo‘lsa shuncha to‘lashga tayyor... Uning uchun qo‘lini cho‘ntagiga suqish kifoya. Kerakli pulni olib beradi. Bu boylarga bundan oson ish bor ekanmi? Qo‘shni diqqat bilan ayolni kuzatib turdi. Uning hamon ikkilanayotganini va hali u o‘z maqsadiga to‘liq erisholmaganini sezdi.
– Oltmish ming – bu juda ko‘p, – takrorladi erkak. – Keling, yaxshisi oltmish besh mingga to‘xtaymiz!
Ayol butunlay esankirab qoldi. Keyin uning labida mayin tabassum paydo bo‘ldi. Ular bu daraxtni yo‘q qilishni qanchalar istashyapti-a? Ilk marta ayol o‘zida yo‘q pullar, qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan narsalar haqida emas, balki o‘zida bori haqida o‘yladi. Bu fikr unda g‘urur tuyg‘usini uyg‘otdi va ko‘zlari baxtiyorlikdan chaqnadi. Pul topiladi va o‘shanda u istagan narsasini sotib olishi mumkin, biroq faqat bu daraxt evaziga emas. U taklifga ko‘ndi ham deylik, ammo bunga daraxtning o‘zi nima derkan? Undan hech kim so‘ramadi-ku, qadrdoni bu ishga rozilik bildirarmikan? Ko‘nmaydi... qolaversa bunga o‘zi ham ko‘nmaydi, to tirik ekan, qadrdonini qo‘porib tashlashlariga yo‘l qo‘ymaydi. Bolalaridan ham aziz bo‘lib qolgan abadiy yashil daraxt uchun oltmish besh ming ko‘p emas, aslida kam. Chunki u oddiy daraxt emas... U bebaho... Axir ular shuncha yil yonma-yon yashashdi...
– Xonim...
Ayol qat’iy ishonch bilan bosh chayqadi.
– Yo‘q, janob, buning sira iloji yo‘q.
– Istasangiz yana...
– Tushunmayapsiz, janob, gap pulda emas, – dedi ayol qat’iy.
Qo‘shnisi ahmoq emasdi. U bir muddat ayolning yuziga tikilib turdi-da, endi uni ko‘ndirolmasligini tushundi va tortishib o‘tirmay, xayrlashib ortiga qaytdi.
* * *
Kechki ovqat mahali qariyalar oshxonada xira nur sochayotgan chiroq shu’lasi ostida suhbatlashib turishgandi.
– Bugun yangi qo‘shnimiz uyga keldi, – dedi ayol. Er hushyor tortib, xotinining og‘ziga tikildi. – Daraxt uchun oltmish besh ming taklif qildi.
– Qancha? Qancha? Oltmish besh ming... Taklifini qabul qildingmi?
– Yo‘q.
– Nega rozi bo‘lmading? – so‘radi u xotiniga sinovchan nazar tashlarkan.
– Pulga hamma narsani ham sotib ololmasligini tushunishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, bu dunyoda hech nimaning qadri qolmaydi.
U g‘urur bilan so‘zlayotgan xotiniga mehrli nigohlarini qadadi.
– Odam o‘z do‘stlarini sotmasligi kerak. Axir biz shuncha yil birga yashadik... – dedi xotirjam.
Tashqaridan esa qalin daraxt barglarining shamolda shitirlagan tovushi eshitilardi...
Ingliz tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.