OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulbahor Siddiq. Sog‘inch (hikoya)

Turmush ovoragarchiligi va xizmat bilan bo‘lib anchadan buyon ko‘risholmay yurgan do‘stlarim hayit kuni uyimga yig‘ildilar. Qo‘limdan kelganicha dasturxon tuzadim.
Dugonam Roziya men umuman tanimagan, g‘alatiroq yasanib olgan o‘rta yoshlardagi bir xotinni boshlab kelibdi. Mehmonlar bilan dasturxonga o‘tirdik.  Bir payt qarasam, boyagi xotinning holati boshqacha. Qosh-qovoqlarini suzib, bo‘yalgan lablarini burishtirib, dasturxonga qiya bo‘lib o‘tiribdi. O‘ng‘aysizlangan Roziya uni dasturxonga taklif qildi:
—   O‘rtoq, bunday tuzukroq o‘tir, shirinliklardan ol.
—   Ko‘p zo‘rlama! — dedi u xotin qovoqlarini yanada suzib. — Biz qachongacha mana shunday narsalarni xuddi ot jo‘xori yegandek qisirlatib yeb yuramiz? Hozir madaniyatli uylarda kolbasalarni yaltirab turgan vilkalarga chiroyli sanchib, shunday sipolik bilan yeyishar, ajoyib ichimliklarni ichishar ekan. Zerikdim bu yerdan. Vaygu degani nechog‘li yaxshi!
—   O‘rtoq, nimalar deb aljirayapsan? — dedi Roziya alamdan qizarib. — Vaygu deganing nima o‘zi?
—   Shuni ham bilmaysanmi? Vaygu chet el degan gap, chet el!
Xotin shunday dedi-da, og‘ziga solib olgan saqichini xuddi aravakash qamchi urgandek qarsillata boshladi.
Hammamiz anchagacha jim bo‘lib qoldik. Kayfiyatimizni buzgan boyagi ayolga yer ostidan qaradim.
—   Hayit bayramiga yig‘ilib, motamga kelgandek o‘tiraveramizmi? — dedi Roziya chidamay.  — Qachondan beri endi ko‘rishdik, bunday gaplashib o‘tiraylik. Qani, Sabohat, gapni avval o‘zing boshla.
— Ma’qul, — dedim men. — Biz-ku, oyda-yilda bir ko‘rishsak ham, o‘z vatanimizda yashaymiz. Lekin bolalik dugonamiz Chamangul bizdan, Vatandan ayrilib chet elda yashayapti. Shu dugonamizdan kecha xat keldi.
Ichimizda eng ta’sirchanimiz bo‘lgani uchun Shamsiya:
—   Jon o‘rtoq, avval shu xatni o‘qib ber! — dedi yuzlari lovullab yongan holda.
—   Mayli, — dedim-da, xatni o‘qiy boshladim.
"Assalomu alaykum, aziz dugonajonim Sabohat. Ayyoming muborak bo‘lsin!
Shu topda Vatanda bayram shodligiga cho‘mib, qarindosh-urug‘, yor-birodarlar bilan jam bo‘lgandirsizlar?
Mana, men ham o‘zimning kattagina dachamda bayramni kutmoqdaman. Erimning bashang kiyingan do‘stlarining aslzoda xonimlarini bayram bilan tabriklayotgan, ularning tabriklarini qabul qilib, yuzimda quvonch bilan o‘tirgan bo‘lsam-da, o‘z yurtimizning hayit dasturxonidagi shirinliklar, pishiriqlar hidi dimog‘imga urilayotgandek bo‘lyapti.
Hayit kunlari baland peshtoqlarda yangraydigan nog‘ora, surnaylarga jo‘r bo‘lib bayram nishonlaydigan otashqalb yurtdoshlarimizni, sochlarini mayda o‘rib, hayitga atab tiktirgan ko‘ylaklarini kiyib, ko‘chaga chiqadigan bepardoz, tabiiy go‘zal qizlarni sog‘indim.
Mana, oldimda Frantsiyaning atashga odamning tili kelmaydigan turfa noz-ne’matlari turibdi. Lekin Turfonning yoz quyoshiga toblanib pishadigan uzum, qovun-tarvuzlari ko‘z oldimdan ketmaydi. Uyimga tili, dili boshqacha talay mehmonlarni chaqirib qo‘yib, o‘zim yolg‘iz balkonda, ko‘zlarimni olislarga — Vatan tomonga tikib sizlarni eslayapman.
Bolalik chog‘larimizda ayyom kunlari onam ko‘zyosh qilsalar, nimaga yig‘larkanlar, deb hayron bo‘lardim. Endi o‘ylasam, odam ulg‘aygan sari yurtini, ota-onasini, qarindosh-urug‘larini sog‘inib, gurunglashgisi, o‘tgan ishlarni eslab kulishgisi, yig‘lagisi kelarkan. Gohida, mashinamni ozoda yo‘llarda haydab kelayotib, eshak aravada qizilcha tashigan vaqtlarimni sog‘inaman. Erim, bolalarim bilan dengiz sohiliga borib, uyimiz yonidagi biz doim cho‘miladigan anhorni sog‘inaman. Eski tegirmon, mahallamizdagi romlari qiyshayib qolgan qorong‘i juvozxona hanuz ko‘z oldimda.
Eng xavotirlanadiganim, bolalarimning o‘z tilini bilmay ulg‘ayishidir. Uyda bolalarim bilan doimo o‘z tilimizda gaplashaman. Bu yerda menga o‘z tilimni eshitish imkoniyati juda oz bo‘lgani uchun ham, tilimizdagi chiroyli gap-so‘zlarnigina emas, ko‘chaga chiqib olib, bir-biri bilan talashadigan vaysaqi xotinlarning gaplarini ham sog‘indim. Agar, mana shu kunlarda bu yerning ko‘chalarida meni birontasi sof uyg‘ur tilida so‘ksa ham, xursand bo‘lardim.
Sabohat, men turmushga chiqib, chet elga ketadigan paytimda sen menga havas qilgan bo‘lsang, mana, endi men senga havas qilyapman. Olloh nasib qilsa, Qurbon hayitiga qadar bolalarim bilan Vatanga borib, ota-onamni, yaqinlarimni ko‘rmoq, ona zaminning tuproqlarini ko‘zlarimga surtmoq niyatidaman. Sog‘inchli salomlarimni ayyom ahllariga yetkazib qo‘ygaysan. Olisdagi musofir dugonang Chamanguldan."
Xatni ko‘nglim buzilgan holda o‘qib bo‘lib, stol atrofida o‘tirgan mehmonlarga qarasam, hammasining ko‘zlarida yosh. Lekin barchamizning yoshli ko‘zlarimizda nedir bir mamnunlik bor edi. "O‘zga yurtda sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda ulton bo‘l", degan hikmatning tagiga yetgandek edik. Shu lahzada do‘stlarim bilan bir-birimizga avalgidan ham qadrdon edik. Boyagi "vayguparast" xotin ham nimagadir ko‘zlaridagi yoshlarini to‘xtatolmay, entikib-entikib yig‘lardi...

Uyg‘ur tilidan Habibulla Zayniddin tarjimasi.
“Guliston” jurnalining 2006 yil, 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.