TANHOLIK AZOBI
yoxud biz bilgan va bilmagan robinzonlar
Bugungi kunda oramizda ingliz adibi Daniel Defoning mashhur “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari” romanini o‘qimagan yoki ana shu asar asosida yaratilgan kinofilmni ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak. Lekin, shu bilan birga, Robinzon Kruzo Daniel Defoning xayoliy to‘qimalari mahsuli emasligini hamma ham bilmasa kerak. Binobarin, bu romanga Aleksandr Selkirk degan ingliz dengizchisi bosh qahramon qilib olingani ham ko‘pchilikka noma’lum. Ayniqsa, bu zotning g‘aroyib voqealarga nihoyatda boy bo‘lgan dengiz yurishlari tarixdagi yagona Robinzon emasligini sanoqli kishilargina bilishi mumkin. Binobarin, robinzonlar Selkirkkacha ham, undan keyin ham bo‘lgan. Eng qizig‘i shundaki, bunday g‘aroyib taqdir egalari bugungi kunda ham topilib turadi.
Robinzonlar oroli
Shunday qilib, Daniel Defoning romaniga hayotiy voqea asos qilib olingan. Ammo bundan kitobdagi barcha hodisalar qanday sodir bo‘lgan bo‘lsa, shundog‘icha tasvirlangan ekan-da, degan xulosa chiqarmaslik zarur. Badiiy asar muallifi, yozuvchilik huquqidan foydalanib, ko‘pgina voqealarni o‘zgartirgan, ayrimlarini esa o‘zi o‘ylab topgan. Loaqal romanda tasvirlangan mudhish kimsasiz orolning asarda besh chaqirimga cho‘zilgan deb talqin etilishini olib ko‘raylik. Aslida, orolning hududi ancha katta bo‘lgan. Yoki adib qahramonini o‘zi Tobago deb atagan Orinoko daryosining Atlantik ummoniga quyilish nuqtasiga yaqin bir manzilga joylashtirganini eslaylik. Holbuki, haqiqiy Robinzon – Selkirk yashagan orol Tinch ummonida joylashgani va Mas-a-Terra deb atalishi jug‘rofiyadan yaxshi ma’lum. Mazkur orol Chili sarhadlaridan 600 chaqirim narida joylashgan bo‘lib, Xuan-Fernandes orollari guruhiga kiradi. Ushbu orolning iqlimi asarda tasvirlangan Tobago orolinikiga nisbatan aslida xiyla yomonroq. Qolaversa, haqiqiy Robinzon, ya’ni Aleksandr Selkirk, romanda tasvirlanganidek, kimsasiz orolda 28 yil emas, to‘rt yildan sal ko‘proq hayot kechirgan, xolos. Selkirkning Jumaboy degan sherigi ham bo‘lmagan. Muallif bu qahramonni roman syujetini qiziqarliroq qilish va voqealar rivojini tezlashtirish hamda murakkablashtirish uchungina o‘ylab topgan. Selkirkning odamxo‘r kimsalarga duch kelishi esa g‘irt uydirma.
Aslida, bu gaplar boshqacharoq bo‘lgan edi.
Selkirk 1676 yili Shotlandiyada, oddiy qishloqlardan birida etikdo‘z oilasida dunyoga keladi. U 19 yoshida uydan chiqib ketadi va bandargohlardan birida harbiy kemaga dengizchi bo‘lib ishga yollanadi. Bir necha bor dengiz janglarida ishtirok etadi. Keyinchalik “Sink Ports” deb ataluvchi galera, ya’ni ko‘peshkakli kemaga ishga yollanadi. Bu kema 1703 yilning ko‘klamida “Sent Jorj” deb ataluvchi fregat – yelkanli harbiy kema bilan birga qirolichaning maxfiy buyrug‘iga binoan qaroqchilik maqsadida Janubiy Amerika tomonlarga safarga chiqadi. Ushbu guruhga dunyoni kemada uch marta aylanib chiqqan mashhur dengiz qaroqchisi va yo‘l-to‘sar Uilyam Dampir qo‘mondonlik qilar edi.
Bir kuni – bu vaqtda allaqachon 1704 yil boshlangan edi – “Sink Ports” Mas-a-Terra oroliga kelib to‘xtaganda, eshkakli kema kapitani Streydling va kvartirmeysterlik (kvartirmeyster – harbiy qismni qarorgohga joylashtirish va ta’minot masalalari bilan shug‘ullanuvchi zobit – tarj.) mansabiga ko‘tarilgan Aleksandr Selkirk o‘rtasida janjal boshlanadi. Kema qo‘mondoni o‘z yordamchisini o‘g‘rilikda ayblaydi. Selkirk unga javoban, men bu noshukr kapitan bilan birga suzganimdan ko‘ra, odam oyog‘i yetmaydigan mana shu orolda yakkamoxovga o‘xshab qolib ketganim yaxshi, deya norozilik bildiradi. Yo‘lboshchi Streydling, haqiqatan ham, sirkasi suv ko‘tarmaydigan jizzaki rahbar edi. U yaqindagina qo‘mondon Dampir bilan ham yoqalashib, undan ajralib ketgan edi. Selkirkning achchiq ustida aytgan so‘zlari bahona bo‘ladiyu kapitan o‘sha zahoti uni orolga tashlab ketish haqida buyruq beradi. Kvartirmeyster o‘zi bilan birga chaqmoqtoshli piltamiltiqni, ozgina o‘q-dori, bolta, pichoq, qozoncha, tamaki, ancha-muncha kiyim-kechak va Injilni oladi. U qolgan narsalarni o‘zi topishi zarur edi.
Selkirkning kimsasiz orolga tashlab ketilganini ikki xil – bir tomondan, jazolanish, ikkinchi tomondan esa, xalos bo‘lish sifatida baholash mumkin. Bunday deyishimizning sababi bor, albatta. O‘sha voqea-dan bir oy o‘tmasdanoq “Sink Ports” kemasi dovul paytida Mapella orollaridan biridagi tog‘ qoyasiga borib uriladi va cho‘ka boshlaydi. Eshkakli kema a’zolari ming mashaqqat bilan hech vaqo o‘smaydigan tap-taqir bir orolchaga yetib oladi. Bu yerda ularni muqarrar o‘lim kutmoqda edi. Oradan bir necha kun o‘tganidan so‘ng orolga ispanlarning harbiy kemasi yaqinlashib keladi va falokatga uchraganlarni olib ketadi. Lekin u yordam ko‘rsatish va g‘amxo‘rlik qilish uchun emas, balki ularni Limaga yuborish uchun olib ketgan edi. U yerda qaroqchilar kishanlab zindonga tashlanardi. O‘shanda Streydling va uning xizmatchilari Selkirkka havas qilgan bo‘lsa ajab emas.
Selkirkning taqdiri ne kechdi? U anchagacha, Streydling hovuridan tushib, meni olib ketish uchun baribir qaytib keladi, degan umidda ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tirdi. Lekin Streydling orqaga qaytishni xayoliga ham keltirmas, aksincha, tezroq Ispaniya oltinlarini qo‘lga kiritishni o‘ylar edi. Streydling kelavermagach, Selkirk avvaliga juda xavotirga tushadi. Lekin bu hol uzoq cho‘zilmaydi. Selkirk nima bo‘lganda ham yashash kerak-ku, qo‘lni qovushtirib o‘tiravergandan nima foyda, degan o‘y bilan ishga kirishadi. Chunki faqat biror mashg‘ulotgina qo‘rqinchli xayollardan chal-g‘itishi mumkin edi. “Agarda meni nimadir xalos etgan bo‘lsa, – deb eslagan edi keyinchalik Mas-a-Terra oroli “xo‘jayini”, – bu mehnatdir”.
Selkirk ishni orolni ko‘zdan kechirishdan boshlaydi. Orolni aylanib chiqib, Mas-a-Terra bemalol yashasa bo‘ladigan orol ekan, degan xulosaga keladi. Unda ko‘plab oziqbop ildizlar, boshoqli o‘simliklar va hatto ba’zi mevali daraxtlar o‘sib yotardi. Sohil bo‘ylarida baliq va toshbaqalar ko‘p edi. Orolda yovvoyi echkilar, mushuk va kalamushlar ham urchigan edi.
Shundan so‘ng Selkirk ishga tushadi. U dastlab yaxshi joy tanlab, qulaygina kulba barpo etadi. Keyin oshxona vazifasini bajaradigan yana bir kulba quradi. Yashash joyini taxt qilgach, yog‘ochdan uy-ro‘zg‘or buyumlarini yasashga kirishadi. Taqvim yasab, unda kunlarni qayd qilib boradi. Ust-boshi yirtilib ado bo‘lganidan keyin echki terisidan yangi kiyim tikadi. Maxsus ishlangan mixdan igna o‘rnida foydalanadi. Echki va toshbaqalarni tinimsiz ovlab, go‘shtni yetarlicha g‘amlab qo‘yadi.
Bir gal echkining ortidan poylab borar ekan, uning orqasidan tik jarlikka qulab ketadi. Echkining ustiga tushgani uchun qattiq lat yemaydi va hartugul tirik qoladi. Baribir bu falokat izsiz ketmaydi – uch kun qoya ostida hushsiz yotadi va o‘ziga kelgach, yana o‘n kun kulbasidan chiqmay, o‘zini o‘zi davolaydi.
Selkirkning yeguliklari ko‘paygach, kulbaga kalamushlar tanda qo‘yib qoladi. Echki go‘shti vositasida yovvoyi mushuklarni xonakilashtirib olmagunicha ular ancha narsani g‘ajib tashlaydi. Tez orada mushuklar gala-gala bo‘lib kela boshlaydi. Shundan so‘ng kulbadan kalamushlarning oyog‘i uziladi.
Bir kuni orol yaqiniga ispanlarning kemasi kelib to‘xtaydi va ekipaj a’zolarining bir qismi sohilga tushadi. Naqadar qiyin bo‘lmasin, Selkirk ispanlardan yordam so‘rashni xayoliga keltirmaydi, aksincha, tezda ko‘zdan uzoqroq joyga yashirinishga urinadi. Ispanlar ingliz qaroqchilarini qanchalik qattiq jazolashini u yaxshi bilardi.
Shu tarzda, doimiy mashaqqatlar, tashvish va xavotirlar ichida, Aleksandr Selkirk kimsasiz orolda to‘rt yil umr kechiradi.
1709 yil 2 fevralda Mas-a-Terra oroliga inglizlarning “Dyuk” va “Datchis” kemalari yaqinlashadi. Gulxan tutuni ko‘zga chalingach, orolga bir ofitser va matroslar mingan qayiq yuboriladi. Orolga sakkiz kishi borib, to‘qqizta bo‘lib qaytib kelishadi. To‘qqizinchi odamning aft-angori qo‘rqinchli, echki terisidan po‘stin kiyib olgan, sochlari paxmoq bo‘lib ketgan edi. Inglizchaga o‘xshab ketadigan g‘alati bir lahjada zo‘rg‘a gapirardi. Bu – Aleksandr Selkirk edi. Orolda yashagan yillari davomida u gapirishni ham, ona tilini ham deyarli unutib qo‘ygandi.
Bu gal ana shu kichkinagina bo‘linma yetakchisi bo‘lib kelgan Dampirning tavsiyasiga ko‘ra, “Dyuk”ning kapitani Vude Rodjers Selkirkni o‘ziga yordamchi qilib ishga oladi.
Darvoqe, “Dyuk” va “Datchis” kemalari ham o‘sha “Sink Ports” shug‘ullangan ish – qaroqchilik bilan, ya’ni qirolichaning o‘zi qonunlashtirgan, maxsus ruxsatnoma bergan mashg‘ulot bilan shug‘ullanardi. Qaroqchilar norasmiy ravishda aynan shunday nom bilan – “qirollik qaroqchilari” deb atalar edi.
“Dyuk” uch yillik dengiz yurishlaridan so‘ng Angliyaga qaytadi va shundan ko‘p o‘tmay kema kapitani Vude Rod-jersning “Dunyo bo‘ylab sayohat” kitobi bosilib chiqadi. Kitobda Vude Rodjers ko‘rgan inson oyog‘i yetmagan ko‘pgina yovvoyi o‘lkalar qatorida Mas-a-Terra va uning “xo‘jayini” Aleksandr Selkirk haqida ham hikoya qilinadi. Tez orada Selkirkning o‘zi ham ijod dardiga giriftor bo‘ladi – u “Aleksandr Selkirkning o‘z qo‘li bilan yozgan g‘ayrioddiy sarguzashtlari” deb o‘sha zamonlarga xos balandparvoz nom bilan ataluvchi esdalikni qoralab tashlaydi.
Ammo, ming afsuski, Selkirkdan yozuvchi chiqmaydi. Uning kitobi, jozibali nomi va qiziqarli syujetiga qaramasdan, o‘quvchilar e’tiborini tortmaydi. Lekin bu g‘alati zohidning taqdiri bilan mashhur yozuvchi Daniel Defo qiziqib qoladi. Zar qadrini zargar biladi, deb shunga aytsalar kerak-da! Xullas, Daniel Defo Selkirk bilan tanishadi, bir necha bor uchrashadi, oroldagi hayoti haqida unga ko‘p savollar beradi. Nihoyat, 1719 yili Angliyaning kitob rastalarida Daniel Defoning “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari” romani paydo bo‘ladi. Bu asar kitobxonlar orasida fav-qulodda mashhur bo‘lib ketadiki, natijada asar muallifi ham, Aleksandr Selkirk degan zot ham tez orada butun dunyoga taniladi.
O‘lim haq, Selkirk 1723 yil 17 dekabrda “Veymut” kemasida Afrika qirg‘oqlari bo‘ylab suzib borayotganida vafot etadi. Kemada u kapitanning birinchi yordamchisi bo‘lib xizmat qilardi. Chamasi, Selkirk Daniel Defoning romanini o‘qib chiqishga ulgurgan.
Muallif Robinzon Kruzoning prototipi haqida hikoya qilar ekan, muhim bir nuqtani ataylab e’tibordan chetda qoldirib ketadi. Gap shundaki, kapitan Streydling bilan janjali arafasida kimsasiz orolga birrov borib kelgan Selkirk u yerga ilgari ham inson qadami yetganidan dalolat beruvchi ba’zi belgi-alomatlarni ko‘radi va orolda yashasa bo‘lar ekan, degan qarorga keladi. Shuning uchun ham u Mas-a-Terra orolida qolishga darrov rozi bo‘laqoladi. Niyating – yo‘ldoshing, degan gapning amaliy tasdig‘ini shundan ham bilsa bo‘ladi.
Ammo Selkirk yanglishgan edi. To‘g‘ri, u chindan ham o‘sha orolga inson qadami tekkanidan dalolat beruvchi temirdan yasalgan ibtidoiy buyumlar, devorga o‘xshatib terilgan tosh uyumlari va boshqa narsalarni ko‘rgan edi. Darhaqiqat, undan oldin ham bu orolda odamlar bo‘lgan. Bo‘lganda ham, ko‘p odam bo‘lgan. Lekin Selkirk bir narsani bilmasdi: ularning barchasi orolga undan ancha oldin kelib-ketgan xuddi unga o‘xshagan robinzonlar edi.
Orolning dastlabki “xo‘jayini”, chamasi, Xuan Fernandes bo‘lgan. Ushbu orollar tizmasi keyinchalik uning nomi bilan atalgani ham bejiz emas. U o‘n yil butunlay tanholikda yashaydi. Baliq ovlab, echki boqib kun ko‘radi. Vataniga qaytayotganida, tabiiyki, echkilarni orolda qoldirib ketadi. Vaqt o‘tishi bilan echkilar ko‘payadi va yovvoyilashib ketadi. Nimasini aytasiz, keyinchalik Mas-a-Terada yolg‘izlik azobini tortgan odamlarning barchasi aynan shu inson tufayli go‘sht, sut va teri bilan ta’minlanish imkoniga ega bo‘lgan. Orolning mahalliy aholisi bugungi kungacha yovvoyi echki ovlab tirikchilik qilar ekan, bu ham Xuan Fernandes tufayli.
O‘n yettinchi asrning yigirmanchi yillarida dovulga uchragan gollan-diyalik moryaklar orolda uzoq muddat yashaydi. Keyinchalik ularning o‘rnini qora tanli dengizchi egallaydi. U orol yaqinida cho‘kib ketgan savdo kemasidan zo‘rg‘a omon qolgan so‘qqabosh edi. Biroq bu robinzonlar haqida ma’lumot juda oz.
Keyingi Robinzon – Markaziy Amerikadagi Moskito-Kost shahri fuqarosi Uilyam degan hindu haqida ancha-muncha tafsilotlar ma’lum.
1681 yilning boshida Uolting va Sharap boshchiligidagi angliyalik qaroqchilar shoshilinchda mazkur orolda bir sho‘ring qurg‘urni esdan chiqarib qoldirib ketadi. Bu hodisa omadli jentlmenlar – qaroqchilar ufqda ispanlarning harbiy kemasi paydo bo‘lganini ko‘rib, orqa-oldiga qaramay qochib ketayotgan bir paytda sodir bo‘ladi. O‘sha kuni Uilyam oziq-ovqat topib kelish uchun orolga yuborilgan bir necha dengizchi bilan birga la’nati echkilarni ovlashga berilib ketadi. Ov zavqi bilan mast hindu qirg‘oqqa qaytib kelganida kemasining yelkanlari uzoqdan elas-elas ko‘zga chalinib turardi. Mastlik bilan hushyorlik rost kelmas, degan sharq hikmatining isboti emasmi bu?
Boyoqish, Selkirkdan farqli o‘laroq, ov vaqtida olib yurgan buyumlari bilangina qoladi. Miltiq, bir chimdim o‘q-dori, pichoq – Uilyamning bor-yo‘q narsasi shu edi. Shunga qaramay, u Yaratganning irodasi bilan tirik qoladi. Bu inson hindu bo‘lgani uchun ibtidoiy hayot sharoitlariga oqtanlilarga qaraganda ko‘proq moslashgan edi. Qolaversa, uning pichog‘i juda qattiq po‘latdan yasalgani ham bu tanholik azobida qo‘l keladi. Bir necha kundan keyin, hisobli o‘q-dorisi tamom bo‘lganidan so‘ng Uilyam endi hech narsaga yaramay qolgan miltig‘ining stvolini pichoq bilan qirqib, undan yana bir pichoq, igna va baliq tutadigan qarmoqlar yasay boshlaydi. Ularning barchasini tosh bilan tekislab, qa-yirib, charxlaydi, keyin olovda toblab, suvda qotiradi. Miltiqdan chiqqan temir parchalariga chaqmoqtoshni urib o‘t chiqaradi.
Qirg‘oqqa yaqin joylarda bot-bot tyulenlar paydo bo‘lib turardi. Uilyam ularni o‘ldirib, terisidan ingichkagina qilib qirqib, baliq ovlash uchun qarmoqip yasaydi. Havoning avzoyi buzilgan paytlarda jon saqlash uchun, ham doimiy boshpana bo‘lsin deb, dengiz yoqasida echki terisidan kulba yasab oladi. Lekin aksariyat qirg‘oqdan olisdagi g‘orda yashaydi. Shox-shabba va qurigan suv o‘tlaridan to‘shak qilib oladi. Kiyim-boshi to‘kilib tamom bo‘lganidan keyin u ham, xuddi Selkirk singari, echki terisidan libos tikishni o‘rganadi.
Uilyam Mas-a-Terrada uch yildan ko‘proq istiqomat qiladi. Insof bilan aytganda, u la’nati orolni ilgariroq tashlab ketishi ham mumkin edi. Qandaydir yo‘llar bilan Mas-a-Terrada ingliz qaroqchisi yashirinib yurganini payqagan ispanlar bir necha bor orolga kelib ketadi. Lekin ispanlarga ro‘baro‘ keladigan bo‘lsa, holi ne kechishini yaxshi bilgani uchun Uilyam har safar odam o‘tolmaydigan chakalakzorlarga yashirinib oladi.
Uilyamni boshqalar – bizga yaxshi tanish bo‘lgan qaroqchi Dampirning odamlari oroldan olib ketadi. Uning “Becheles Delayt” va “Nikolas” nomli kemalari 1684 yilning 22 martida ichimlik suv va oziq-ovqat g‘amlab olish uchun orolga kelib to‘xtaydi. Qaroqchilarning diydorlashuvi benihoya quvonchli bo‘ladi. Chunki Dampirning kemalarida Uilyamning tanish-bilishlari ko‘p edi.
Aynan ana shu Dampir ko‘pchilikka yaxshi ma’lum bo‘lgan, 1697 yili Londonda chop etilgan “Dunyo bo‘ylab yangi sayohat” kitobida bu Robinzonning sarguzashtlaridan ham olamni xabardor qiladi. Uilyam esa Daniel Defoni “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari” kitobidagi Jumaboy obrazini yaratishga undagan bo‘lsa ajab emas.
Asosiy qahramon – Selkirkkacha bo‘lgan beshinchi robinzonnoma, avvalgisidan farqli o‘laroq, u qadar og‘ir va mashaqqatli bo‘lmagan. Aksincha, yengilroq va yoqimliroq bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Bu robinzonnoma quyidagicha boshlanadi. 1687 yili Angliyaning “Becheles Delayt” qaroqchi kemasi kapitani Eduard Devisning buyrug‘i bilan Mas-a-Terra oroliga bir yo‘la besh dengizchi surgun qilinadi. Bu dengizchilarning oshiq o‘ynashga (qimor) haddan ziyod ruju qo‘ygani shunday qattiq jazoga sabab bo‘lgan edi. Devis aybdorlarning ushbu kimsasiz orolda yashashi uchun zarur bo‘ladigan barcha narsani qoldirib ketgani uchun ularning bo‘sh vaqti ko‘p edi. Yomon tomoni – ularning puli yo‘q edi. Ammo yangi robinzonlar tinch o‘tirarmidi! Ular o‘sha zahotiyoq orolni teng beshga bo‘lib, yana o‘yinga kirishadi. Endi har kim o‘zining yerini tikib o‘ynardi. Har kuni ahvol shu edi. To‘g‘ri, bir necha bor o‘yinni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Lekin bunday holatlar ham o‘sha ispanlarning aybi bilan bo‘lardi. Ular toza suv olish va bir yo‘la angliyalik qaroqchilar uchrab qolsa, ularni ham tutish niyatida vaqti-vaqti bilan orolga kelib ketardi. Ammo har safar angliya-liklar yashirinishga ulgurardi. Chunki ular harchand o‘yinga berilib ketmasin, doim ufqqa qarab, qanday kema kelayotganini bexato kuzatib turar edi. Uch yilu to‘qqiz oydan so‘ng Devisning kemasi orolga qaytib kelgach, bu yoqqa yuborilgan dengizchilar o‘sha o‘zlariga tanish manzaraning guvohi bo‘ladi: surgun qilingan beshovlon hamma narsani unutgan holda o‘yin bilan mashg‘ul edi. Ular qimorga shu qadar berilib ketgan ediki, dengizchilar ularni sal bo‘lmasa sudrab kemaga olib chiqadi.
Oradan 14 yil o‘tganidan so‘ng orolda biz bilgan Robinzon – Selkirk janoblari paydo bo‘ladi.
Biroq Mas-a-Terradagi robinzonnoma Selkirkning sarguzashtlari bilan nihoya topib qolmaydi. 1715 yil u yerda ispanlar qo‘nim topadi. Lekin ko‘p o‘tmay ularning mitti jamoasi zilzila tufayli halok bo‘ladi. 1719 yili orolda Angliya harbiy kemasidan qochgan dengizchilar vaqtinchalik boshpana topadi. Orol 1720 yili Angliyaning dovul paytida cho‘kib ketgan “Spiduel” kemasi a’zolari uchun panoh bo‘ladi. “Spiduel” kemasining ba’zi dengizchilari o‘zlari yasagan qayiqda jon saqlab qoladi, boshqalari esa orolga hujum qilgan ispanlar bilan jangda halok bo‘ladi.
Xullas, Mas-a-Terra orolini tom ma’noda robinzonlar oroli deyish mumkin. Darvoqe, yaqinda Chili hukumati Mas-a-Terra orolini Aleksandr Selkirk oroli deb qayta nomladi, Xuan Fernandes tizimiga kiruvchi Mas-a-Fuera oroliga esa Robinzon Kruzo nomini berdi. 1823 yili Mas-a-Terra orolida Aleksandr Selkirkka yodgorlik o‘rnatilgan edi. 1863 yili uning xotirasiga Angliya kemalaridan birining a’zolari ham yodgorlik lavhasi o‘rnatadi. Unda “Mazkur orolda to‘rt yilu to‘rt oy tanholikda yashagan Aleksandr Selkirk xotirasiga o‘rnatildi” deb yozilgan.
Hozirgi kunda orolda 400 chog‘liq odam istiqomat qiladi. Ularning barchasi, turgan gapki, o‘zlari yashayotgan orolda bir vaqtlar angliyalik dengizchi istiqomat qilgani, hatto u haqda kitob yozilgani to‘g‘risida yaxshi biladi va tabiiyki, ta’bir joiz bo‘lsa, mashhur vatandoshlari bilan faxrlanadi. To‘g‘ri, Selkirk haqidagi kitobni ularning hammasi ham o‘qimagan. Chunki orol aholisining aksariyati savodsiz. Sayyoh va sayohatchilar Aleksandr Selkirk orolini kamdan-kam ziyorat qiladi. Sababi – orol sayyohlik yo‘nalishlaridan ancha uzoqda.
Bu jihatdan Amerika qit’asining narigi tomonida joylashgan, Daniel Defo romanidagi badiiy tal-qinga ko‘ra, Robinzon Kruzo yashagan Tobago oroliga omad kulib boqqan. U yerda hozirgi vaqtda “Haqiqiy Robinzon huzurida” degan jozibali nom bilan ataluvchi mehmonxona va restoran bor. Restoranda xizmatga shay xodimlar mijozga albatta “A-lya Kruzo” deb ataluvchi tansiq mahalliy taomni taklif etadi. Bundan tash-qari, orolda AQSh va Lotin Amerikasidan kelgan sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi aerodrom ham mavjud.
Robinzonlar ham har xil bo‘ladi
Mas-a-Terra oroli robinzonlari yelkasiga ko‘plab mashaqqat va qiyinchiliklar tushgan. Lekin ularning barchasini qo‘shib hisoblaganda ham, ispan dengizchisi Pedro Serranoning boshiga tushgan sinovlar oldida hech narsa bo‘lmay qoladi. Deylik, Selkirkning kimsasiz orolda yashashi uchun deyarli barcha zarur narsalari – kiyim-kechagi, miltig‘i, o‘q-dorisi, boltasi, pichog‘i, qozoni, tamakisi va hatto Injiligacha bor edi. Mo‘‘tadil iqlimga ega bo‘lgan orolda ovqat va ichimlik suvi yetarli edi. Dengizning qirg‘oqqa yaqin sayoz joylarida baliq, toshbaqa va qisqichbaqa urchigan edi. Eng muhimi, orolda yirik yirtqich hayvonlar, zaharli ilonu mayda chivinlar yo‘q edi. Bir so‘z bilan aytganda, Mas-a-Terrani risoladagidek deb bo‘lmasa-da, harqalay, robinzonlar uchun juda mos joy edi. Pedro Serranoda esa bunday imkoniyat yo‘q edi. U oz emas, ko‘p emas, yetti yil yashashiga to‘g‘ri kelgan orolni orol ham deb bo‘lmasdi.
Bu voqea olis 1540 yili bo‘lgan edi. “Gloriya” nomli ispan kemasi, barcha yelkanlarini ko‘targan holda, toza va mayin shamol yetagida Peru qirg‘oqlari tomon yelib borardi. Kemada dengizchilardan tashqari ko‘pgina muhojirlar ham bor edi. Ispan konkistadorlari (ispan va portugal bosqinchilari “konkistador” deyilgan – tarj.) tomonidan zabt etilgan inklar saltanatining (Inklar saltanati – Janubiy Amerikadagi qadimiy davlat. Ispanlar tomonidan bosib olingan va yo‘q qilingan. Bu saltanat davridagi ayrim qal’alar qoldiqlarigina saqlanib qolgan – tarj.) mislsiz boyliklari haqida eshitaverib, oltin talvasasida yo‘lga chiqqan bu kimsalar tezda boyib ketamiz va belimizni baquvvat qilib yurtga qaytamiz, degan umidda edi.
O‘sha omadsiz kunda osmon erta tongdan musaffo edi va falokat bo‘lishi hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Ammo peshindan so‘ng osmonning tusi bo‘zaradi, butun borliqni qop-qora bulut qoplab, allaqayoqdan dovul turadi. Dengiz ko‘pirib, kemaga kuchli po‘rtanalar yopiriladi. Kemadagilar dovul va dolg‘alar zarbasiga dosh berolmay, machta bortidan tashqariga otilib ketadi. Kemaning quyrug‘i uzilib tushadi. Suv kemaning tryumi – ostki qismiga yopiriladi. Va bir lahzada kema quturib yotgan girdob qa’riga g‘arq bo‘ladi.
Faqat Pedro Serrano tirik qoladi. To‘lqinlar uni bir necha soat davomida ummon bag‘rida o‘ynatib yuradi va nihoyat, piyoz po‘stlog‘idek, qirg‘oqqa irg‘itib yuboradi. holdan toygan dengizchi sudralib quruqlikka chiqib oladi va hushidan ketadi. O‘ziga kelganida dengiz xotirjamgina chayqalib yotar, osmon musaffo, dahshatli dovuldan esa asar ham yo‘q edi. Pedro zo‘rg‘a oyoqqa turib, atrofga alang-jalang nazar tashlaydi. Yon-atrofdagi manzarani ko‘rib dahshatga tushadi: u uzunligi sakkiz chaqirim keladigan, giyoh zoti ko‘karmaydigan, na bir ko‘lmak, na bir tosh ko‘zga tashlanadigan qumloqlikka tushib qolgan edi. Tasavvur qiling, bir enlam yer, u ham boshdan-oyoq qumdan iborat. Chor atrof esa cheksiz ummon. Serranoning ustidagi kiyimi va belidagi pichog‘idan bo‘lak hech vaqosi yo‘q edi. To‘g‘ri, bu yerda qayoqqa qaramang, qovjiragan suv o‘tlari sochilib yotardi. Lekin uchqun chiqaradigan biror narsa yo‘q edi. Ochlikdan qiynalgan Serrano bir nechta qisqichbaqa topib, xomligicha paqqos tushiradi. Hammasi mazasiz va sho‘rlanib ketgan edi. Tashnalikdan tomog‘i qaqrab borardi. Shunday vaziyatda dengizchi hayotdan umidini uzadi: orolda ichimlik suv yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emasdi.
Shom ko‘lkasi tusha boshlagach, Pedro allaqaerda qum ostidan toshbaqalar bosh ko‘tarib chiqayotganini payqab qoladi. U bir nechta toshbaqaning oyoqlarini osmondan qilib ag‘darib qo‘yishga ulguradi. Keyin bittasining bo‘ynini shartta kesib, kekirdagiga labini bosgancha qonini so‘ra boshlaydi. Qon chuchuk, juda bemaza edi. Nachora, osmon – yiroq, yer – qattiq! Serrano chanqog‘ini qondirib, toshbaqa go‘shtini yupqa qilib kesib, qoqlash uchun qum ustiga yoyib qo‘yadi. Go‘sht uncha mazali emasdi, lekin yegulik edi.
Orol atrofida toshbaqa ko‘p edi. Aynan shu tufayli Pedro tirik qoladi. Toshbaqalarning kosasidan yaxshigina idish qilib, ularga yomg‘ir suvini to‘playdi. Suv parlanib ketmasligi uchun bir nechta chuqurcha qazib, suv to‘la kosalarni joylab, ustini bo‘sh kosa bilan yopadi-da, ko‘mib qo‘yadi.
Havo ochiq kunlari oftob zabtiga olardi. Jaziramadan saqlanish uchun Serrano ko‘p vaqtini suvda o‘tkazadi.
Dengizchi hamisha nima qilib bo‘lsa-da o‘t topishni o‘ylardi. Olov bo‘lsa, pishgan go‘sht yeyishi mumkin. Qolaversa, olovning tutuni yaqin-atrofdan o‘tadigan kemalarga bir ishora bo‘ladi. Aksiga olgandek, butun orolda ushoq bir toshcha ham topilmasdi. Pedro orolni deyarli qadam-baqadam ko‘zdan kechirib, bunga ishonch hosil qiladi. Shundan so‘ng u dengiz tubidan tosh axtarishga tushadi. Vodarig‘, u yerda ham qumdan boshqa hech vaqo yo‘q edi. Oxiri omadi chopadi: qirg‘oqdan yarim milcha (bir dengiz milyasi – 1852 metr, yarim milya – 926 metr, qariyb bir kilometrga teng – tarj.) narida, ancha chuqur joyda bir necha tosh parchalari yotganini pay-qab qoladi. Jonini jabborga berib, toshlarni dengiz tubidan olib chiqadi. Qolganini eplasa bo‘lardi. Serrano ko‘ylagidan qolgan-qutgan lattani eshib, pilik o‘rnida toshga yaqinlashtiradi va pichoqning tig‘siz tomoni bilan toshga uradi, zarbdan uchqun chiqib, tez orada orol ustida tutun o‘rlay boshlaydi. Gulxanni yomg‘ir o‘chirib qo‘ymasligi uchun dengizchi uning ustiga toshbaqa kosalaridan bostirma yasab qo‘yadi. Shu kundan boshlab Serranoning dasturxonida qoq-quritilgan toshbaqa go‘shtidan tashqari, qovurilgan go‘sht ham paydo bo‘ladi. U hatto qaynatilgan toshbaqa go‘shtini ham iste’mol qila boshlaydi. Go‘shtni maydaroq toshbaqaning kosasida qaynatardi.
Hademay uch yil o‘tib ketadi... Bu muddat davomida Serrano olis ufqda orolga yaqinlashib o‘tib ketayotgan kemalarning yelkanlarini ko‘rar, lekin ulardan birortasi ham to‘xtamas edi. Shunga qaramay, Pedro umidsizlikka tushmasdi.
Kunlardan birida, xuddi Robinzon Kruzo hayotida bo‘lgani kabi, Serrano taqdirida ham Jumaboy paydo bo‘ladi. Lekin u o‘ylab topilgan, kitobiy emas, tom ma’nodagi Jumaboy edi.
Dovulli bir tundan so‘ng uyg‘onib qarasa, sohilda uning o‘ziga o‘xshagan bir odam turibdi. Avvaliga ko‘zlariga ishonmaydi. Lekin bu odamning deyarli qip-yalang‘och Pedrodan farq-li ravishda ishton-ko‘ylagi bor, soqollari ham tarvaqaylab ketmagan edi. Serrano va noma’lum zot bir-birini ko‘rishi bilan dahshatli tarzda qichqirib, turli tomonga qochib ketadi. Serrano bu noma’lum kimsani jin deb o‘ylaydi, yangi “mehmon” esa Pedroni hali hech qaerda uchratmagan yirtqich deb xayol qiladi. Bu “yirtqich”ning qanday qilib xudodan madad so‘rayotganini eshitib, kelgindi to‘xtagancha baqira boshlaydi:
– Ey birodar, to‘xtasang-chi! Mendan qochmasang-chi! Men ham senga o‘xshagan bir nasroniy bandaman!
U tiz cho‘kib, bor ovozi bilan ibodat suralarini ayta boshlaganidan so‘nggina Serrano to‘xtaydi. Ular qattiq quchoqlashib ko‘rishadi, bir-biridan bu yerga qanday kelib qolganini so‘raydi, har qaysisi o‘z boshidan o‘tgan kulfat va sarguzashtlarni gapirib beradi.
Birgalikdagi hayot boshlanadi. Dastlab hammasi yaxshi edi. Serrano va uning sherigi (afsuski, uning ismi tarixiy manbalarda yozib qoldirilmagan) birgalikda toshbaqa ovlar, gulxanga o‘tin terar, ovqat tayyorlar edi. Kechalari gulxan yonida o‘tirib, bir-biriga boshdan o‘tkazgan kunlari haqida gapirib berar, vatanga qaytib borish to‘g‘risida orzular qilar, kelajak rejalarini tuzar edi. Biroq vaqt o‘tgan sari gaplashadigan narsa ham tugab borar, avvalgilarini eshitishning qizig‘i yo‘q edi. Gaplashishning ma’nisi qolmagan edi. Ba’zida kun bo‘yi bir-biriga ikki-uch og‘iz gap qotishardi, xolos. Oqibatda ikkalasida ham lo- qaydlik paydo bo‘ladi, bir-biridan bezish, juda mayda narsalardan ham gina-kuduratga borishlar boshlanadi. Keyin o‘zaro haqorat va janjallar paydo bo‘ladi. Ish shu darajaga yetadiki, bir kuni katta janjaldan so‘ng pichoqlar ishga solinadi. Ajabki, aziz o‘quvchi, bilsangiz, bir zamonlar Odam Otaning dastlabki farzandlari ham shu taxlit o‘zaro dushmanlikka borgan edi.
Yaxshiyam, ish qotillik bilan yakunlanmaydi: robinzonlar vaqtida aql-hushini yig‘ib oladi. Bir-birimizni o‘ldirib nima qilamiz, yaxshilik bilan xayrlashsak ham bo‘ladi, degan qarorga keladilar. Darvoqe, “xayrlashish” degan so‘zni ishlatsak noo‘rin bo‘lar, chunki ular xayr-xo‘shlashib qayoqqa ham borardi deysiz! Lekin har biri o‘z boshiga – mustaqil yashashi mumkin edi.
Ertasi kuni ular orolni va kamtaringina ro‘zg‘orini teng ikkiga bo‘lib oladi va alohida yashashga kirishadi. Har kim faqat o‘z hududida o‘zi suv va o‘tin g‘amlar, har kim o‘z gulxaniga o‘zi o‘t qalar edi.
Lekin bu hol uzoq davom etishi mumkin emasdi. Bir necha oydan ke-yin orolchilar yarash-yarash qilishga tushadi. Bunga nima sabab bo‘lgan – yolg‘iz xudoga ayon. Ehtimol, kimgadir tezlik bilan yordam kerak bo‘lib qolgandir. Balki shunchaki ulardan birining qat’iyati g‘olib kelib, kel endi, og‘ayni, bu besh kunlik dunyoda arazni bas qilaylik deb, birinchi bo‘lib qo‘l uzatishga jur’at etgandir. Nima bo‘lganda ham ikkovlon yarashib, quchoqlashib, yosh bolalardek rosa bo‘kirib yig‘laydi. Boshqa janjallashmaydilar. Hissiyotga berilmaslikka, o‘zlarini qo‘lga olishga o‘rganadilar.
Oradan yana bir necha yil o‘tadi. Odatdagi kunlarning birida – o‘shanda 1547 yil edi – kim bilsin, nechanchi bor ufqda yelkanlar ko‘zga tashlanadi. Serrano va do‘sti g‘amlangan barcha o‘tinni olovga tashlaydi. Ulkan gulxan gurillab yona boshlaydi. Kemadagilar tutunni payqab, orolga qarab yo‘l oladi. Kemadan qayiq tushirilayotganini ko‘rib, robinzonlar quvonganidan yig‘lab yuboradi. Lekin ularning quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi: qayiq qirg‘oqqa yetay deganda yana orqaga qaytib ketish uchun burila boshlaydi. Qayiqdagilar soch-soqoli to‘zib ketgan bu ikki jonzotni allaqanday alvasti yoki jin bo‘lsa kerak, yaxshisi, jonimizni xavf-xatarga qo‘ymay qo‘yaqolaylik, degan qarorga keladi. Faqat orolchilar ibodat suralarini baqirib o‘qiy boshlagachgina dengizchilar bir oz ikkilanib, qayiqni yana orol sari buradi.
Kema ispanlarniki bo‘lib, Perudan qaytib kelayotgan edi. Serranoning do‘sti bir necha oydan so‘ng qattiq hayajonni ko‘tarolmagani uchun ona yurtini ko‘rolmay, kemada jon beradi.
Ikki oydan keyin kema Sevilya bandargohiga kelib to‘xtaydi. Pedro Serrano va uning mashaqqatli sarguzashtlari haqida eshitib, bandargohda katta olomon to‘planadi. Yovvo-yisifat dengizchi haqidagi gap-so‘zlar poytaxtgacha yetib boradi. Uni qirolning o‘zi ko‘rishni istab qoladi. Pedroni asl holida – soch-soqolini olmay, janda libosda Madridga olib boradilar. Yo‘l-yo‘lakay uni tomoshatalab odamlarga ko‘rsatib pul ishlaydilar. Karl Beshinchi Pedroning hikoyasini tinglab, unga to‘rt ming tilla untsiy – butun bir xazina berishni buyuradi.
Serrano boyib ketganidan so‘ng Peruda, qadrdon orolidan uzoq bo‘lmagan qaysidir bir joyda yashab qolishga qaror qiladi. Ammo u yerga yetib bormasdan, yo‘lda vafot etadi.
Pedro Serrano robinzonnomasini jasorat, uning o‘zini esa qahramon deb atash mumkin. Va bunda zarracha mubolag‘a yo‘q. Yetti yil davomida behudud va aksariyat paytda notinch ummon bag‘ridagi qup-quruq qumloq orolda faqat mard, irodali va qat’iyatli (uning bir necha oy davomida tosh izlab tinim bilmaganini eslaylik), o‘zining bir kun kelib albatta xalos bo‘lishiga ishongan, hayotga benihoya tashna va zahmatkash odamgina yashay olishi mumkin.
Afsuski, barcha robinzonlar ham Pedro Serrano kabi bunday ajoyib xususiyatlarga ega bo‘lmagan. Ularning orasida qo‘rqoq va mo‘rt, hayotning og‘ir-engil sinovlariga dosh berolmaydigan, yangicha sharoitga moslasha olmaydiganlari ham uchrab turgan. Taqdirni qarangki, aynan shunday robinzonlar odatda ko‘proq nobud bo‘lgan. Xalq tili bilan aytganda, narigi dunyoga ajalidan besh kun oldin ravona bo‘lgan.
Ana shunday omadsizlardan birining 1726 yilda yozilgan kundaligi Londondagi Britaniya muzeyida hozir ham saqlanadi. Uni “Kompton” nomli ingliz kemasi kapitani Mouson Vozneseniya (Me’roj) orolidan topib oladi. Aniqroq qilib aytganda, Mouson dastlab ushbu Robinzonning butun holdagi tana suyaklariga duch keladi va o‘sha yerda yotgan kundalikni ham ko‘rib qoladi.
Jeyms Xolborn ismli kundalik muallifi, unda yozilishiga qaraganda, asli dengizchi bo‘lgan. Uni qanday gunohi uchun jazolab, kimsasiz orolda qoldirib ketganlari haqida muallif lom-mim demagan. Shundan xulosa qilish mumkinki, aybi yengil bo‘lmagan va qilmishiga yarasha jazolangan. Qolaversa, o‘sha zamonlardagi urf-odatlarga ko‘ra, unga nisbatan insof qilishgan. Unga bir dunyo narsa – chodir, bir bochka suv va hatto ozgina sharob, ikkita chelak, tova, qozoncha, bolta, ovmiltiq, o‘q-dori, no‘xat, guruch, piyoz, choy, tuz va Injil qoldirib ketishgani ayni shundan dalolat beradi. Aftidan, har qalay, Jeyms qattiq gunohkor bo‘lgan.
Tanholikda qolgan dengizchi yuragini dastlabki kundanoq umidsizlik egallaydi. Uni tashlab ketilgan bu yeguliklar tez orada tugab qoladi, ke-yin ochimdan o‘lishim aniq, degan qo‘rquv muttasil ta’qib etadi. “Men yolg‘izlik azobi va qo‘rqinchdan qiynalmoqdaman, – deb yozgan u kundaligida. – Endi hech qanday umid qolmadi, qodir egam o‘zi asrasin”.
Jeyms ovchilikka mutlaqo yaramasdi: bor-yo‘g‘i bir nechta chayka – baliqchi qush otib oladi. Ularning patini yulib, tuzlaydi va oftobga yoyib qo‘yadi. O‘q-dorini ayamay ishlatib, baland qoya ustiga chiqadi-da, endi keraksiz miltiqqa ko‘ylagini ilib, cho‘qqi ustidagi yoriqqa tiqib tikka qilib qo‘yadi. Bu umidsizlik alomati edi. Xolborn orolga yaqin o‘tadigan kemalardan birontasi ko‘ylakni pay-qab qolar, degan ilinjda edi.
Pedro Serranoga yagona yegulik bo‘lgan toshbaqa go‘shti Xolbornning ko‘nglini aynitardi. Shunga qaramay, o‘zini majburlab bo‘lsa-da, o‘lib qolmaslik uchun shu go‘shtdan yer edi. Bir necha bor baliq ovlashga urinib ko‘radi, lekin har safar harakatlari behuda ketadi. Oziqbop ildizlarni terishga harakat qiladi, ammo tezda bu yumushni ham to‘xtatadi: u o‘simliklarning farqiga uncha bormas, zaharlanib qolishdan qo‘rqar edi.
Bulari yetmagandek, suvning ham tubi ko‘rinib qoladi. Yegulik olib, buloq yoki jilg‘a izlab yo‘lga tushadi. Uzoq davom etgan sargardonlikdan keyin bir daraga duch keladi. Uning tubida miltillab suv oqib yotardi. Biroq jilg‘ani topgani bilan unga qanday tushib borishni bilmaydi. Balki bunga yuragi dov bermagandir, balki holdan toygandir. Gap shundaki, tik qoyatoshlarda yuraverib boshmog‘i tezda ishdan chiqadi: poshnalari titilib, uzoqqa yurishga yaramaydigan bo‘lib qoladi.
Xolborn vaziyatdan chiqish, to‘g‘ri yo‘l topish borasida qanchalik xom o‘ylaganini uning quyidagi qaydlaridan ham bilsa bo‘ladi: “Semiz bir toshbaqa topib oldim, uning tuxumi ko‘p edi. Tuxumni guruch bilan qovurib, tansiq taom tayyorladim. Islanib qoladi deb qo‘rqqanim uchun qolganini ko‘mib qo‘ydim. Chunki oroldagi toshbaqalar shunchalik bahaybatki, har qaysisini bitta odam bir-ikki kunda yeb tugatolmaydi. Kun issiq bo‘lgani uchun saqlab qo‘yishning ham iloji yo‘q”.
O‘zingiz ayting, bu o‘rinda toshbaqa etini maydalab, oftobda qoqlab olgan Pedro Serranoning tadbirkorligini eslamay bo‘ladimi?
Kundalikni o‘qiganimiz sari boyoqishning qo‘rquvdan shalvirab, butunlay bo‘shashib borgani va eng yomoni, kun-bakun aqlini yo‘qota boshlagani yaqqol seziladi. Uning ko‘ziga bir-biridan dahshatli narsalar ko‘rinadi. Kundalikning so‘nggi sahifalari Jeymsning boshiga yog‘ilayotgan baxtsizliklardan nolayu fig‘oniga to‘la. Bu sahifalar avvalo qushlarning tuxumini shimisa ham, toshbaqa qonini ichsa ham bosilmayotgan, aksincha, kuchayib borayotgan tashnalik azobidan shikoyatlardan iborat.
Kundalikdagi so‘nggi yozuv quyidagicha edi: “Yuraman-u, lekin faqat suyagim qolgan, tanimda zarracha mador yo‘q, boshqa yozolmayman. Qilgan gunohlarimdan pushaymonman, chin dildan tavba qilaman. Va men ko‘rgan qiyinchiliklarni hech kimning boshiga solmagin, deb Yaratganga iltijo etaman. Boshqalar najot topsin, shayton vasvasasiga uchmasin, deb bu voqealarni yozdim. Men jonimni uni menga ato etgan zotning o‘ziga topshiraman. Umidvormanki, u meni kechiradi...”
Afsuski, Jeyms Xolbornning ko‘zi kech ochiladi. Bizning shunday demoqdan o‘zga ilojimiz yo‘q. U ertaroq oxiratni o‘ylab yashaganida, ehtimolki, xudo va bandalari tomonidan unutilgan bir orolda bunchalar xor bo‘lib o‘lmas edi.
Endi hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz, aytish mumkinki, robinzonnomachilik tarixidagi yagona hodisa.
Ma’lumki, Rossiya yoki Ispaniya, Braziliya yoki O‘zbekistonda bo‘ladimi – qat’i nazar, dunyodagi barcha bolakaylar hayratlanarli tarzda bir-biriga juda o‘xshaydi. Ularning hammasi jonsarak, qiziquvchan, g‘ayratli va har bir ishda kattalarga o‘xshashga harakat qiladi. Tinch ummonining ko‘z ilg‘amas kengliklariga singib ketgan mittigina Havo (Yeva) orolidagi oftobda kuygan qora-qura bolakaylar boshqa tengdoshlaridan zarracha farq qilmaydi.
Ular olti nafar bo‘lib, Touga ismli to‘ng‘ichi o‘n bir yoshda, u jo‘raboshi, eng kenjasi esa yettida edi.
Havo orolida tirikchilik asosan baliqchilik orqasidan bo‘lgani uchun bu yerdagi har bir erkak, tabiiyki, baliqchi hisoblanardi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bizning qahramonlarimiz ham baliq tutish bilan shug‘ullanar va kelajakda baliqchi bo‘lish orzusi bilan yashardi. To‘g‘ri, ular sayoz joylarga changak tashlab, baliq ovlardi. Ularning ota va akalari esa hindularning pirog deb ataluvchi uzun va tor qayig‘iga minib, ummon bag‘riga chiqib ketar va u yerda tunets ovlar edi. Tunets – okunlar oilasiga mansub katta va yirtqich baliq. U hatto tajribali baliqchiga ham osongina tutqich bermaydi. Bolakaylar ham tezroq ummonga chiqib tunets ovlashni, ish baroridan kelgan paytda kattalardan maqtov eshitishni orziqib kutardi.
Kunlardan bir kuni so‘rayverib holi-joniga qo‘ymaganidan so‘ng otasi Tougaga dengizga chiqib baliq ovlashga izn beradi. Mayli, qayiqni ham olaqol, deydi u. Touga bu quvonchni do‘stlari bilan baham ko‘rishga shoshiladi. Jo‘ralari unga havas qilayotganini ko‘rib, o‘sha zahotiyoq, qani, bo‘laqolinglar, sizlarni ham olib ketaman, bir maza qilinglar, deya ularni ham baliq oviga taklif etadi. Bolalar quvonchining cheki yo‘q edi.
Ertasi kuni tong yorisha boshlashi bilan oltovlon qayiqni suvga sudrab tushadi, yelkanni o‘rnatib, qirg‘oqqa yaqin suvosti qoyalarini chetlab, dengizga chiqadi. Havo xuddi oldindan kelishib qo‘ygandek ochiq va osuda, samoda bulutdan asar ham yo‘q edi. Bolakaylar tobora sohildan uzoqlashib borardi, tez orada Havo oroli ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Shundan so‘nggina ular baliq oviga kirishadi. Ovning baroridan kelishi ta-yindek edi – dastlabki urinishdayoq bir nechta yirik baliq to‘rga tushadi. Lekin hali bu chinakam baliq ovi emasdi. Hamma qachon tunets to‘rga ilinarkan, deya betoqat kutardi.
Kutilmaganda dovul turadi. Bolalar baliq ovlashga berilib ketgani bois osmonda bulut paydo bo‘lgani, u shiddat bilan ko‘payib, samoni butunlay qoplab olganini ham bilmay qoladi. Daf’atan shamol boshlanadi, ummon chayqalib, yomg‘ir tomchilay boshlaydi. Yosh baliqchilar yelkanni yig‘ishtirish haqida o‘ylab ulgurmasidanoq kuchli shamol zarbidan machta majaqlanib ketadi.
Bolalar, haqiqiy baliqchilar kabi, ko‘zyoshi qilmay, talvasaga tushmay, kulfatga mardona qarshi turadi. Ular qayiqning to‘shiga qattiq yopishib, ayni choqda uning muvozanatini saqlashga tirishadi. Ummon, go‘yoki bolalarning matonatini sinab ko‘rmoqchiday, quturgancha qayiqni, xuddi kokos yong‘og‘i po‘chog‘i misol, u yoqdan bu yoqqa otib, irg‘itib o‘ynardi.
Shiddatli po‘rtana bir necha kun uzluksiz davom etadi. Va ana shu kunlar mobaynida tizginsiz omonat qayiqcha ummon bo‘ylab chirpirak bo‘lib aylanib, to‘lg‘onib yuradi. Kichikroq bolalar butunlay holdan toygan alfozda qayiq tubida cho‘zilib yotardi. Eng yoshi kattasi bo‘lgan Touga va Maugi ularni xom baliq va kokos yong‘og‘i po‘chog‘iga to‘plangan yomg‘ir suvi bilan boqadi.
Nihoyat, qayiq bir kuni qirg‘oqqa kelib to‘xtaydi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, ular yetib kelgan manzil Havo orolidan 140 chaqirim narida joylashgan Ota (Ata) oroli ekan. Orolda odam zoti yashamas edi.
Touga va uning do‘stlari orolda roppa-rosa 450 kun hayot kechiradi. Ular robinzonlik qismatiga tezda ko‘nikadi va ovqat topish yo‘llarini o‘rganib oladi: mudrab yotgan qushlarni tutar, qumdagi toshbaqa tuxumlarini kavlab olar, kokos daraxti ustiga chiqib yong‘og‘ini terar edi.
Yosh robinzonlarni bir gal orol yaqinidan o‘tib qolgan “Jast Devid” nomli Angliya kemasi olib ketadi. Bolalarning hammasi sog‘-salomat, tetik va kuch-g‘ayratga to‘liq ekani “Jast Devid” dengizchilarini hayratga soladi.
– Biz bu yerda umr bo‘yi yashashimiz ham mumkin edi, – deydi robinzonlarning eng kenjasi. – Faqat ota-onalarimizga achinamiz. Ular bizlarni sog‘inayotgan bo‘lsa kerak.
Siz nima deysiz, bilmadim-u, lekin Havo orolining bu jasur bolakaylarini katta yoshli, yana deng, dengizchi bo‘lmish Jeyms Xolborn amaki bilan mutlaqo yonma-yon qo‘yib bo‘lmaydi.
Oilaviy robinzonlar
Ko‘rdingizmi, robinzonlar hozirgi zamonda ham bor ekan. Ta’kidlash kerakki, deylik, ular bugungi kunda XVII asrdagidan sira kam emas. Dengiz hanuzgacha tasodiflarga to‘la, shafqatsiz va ayyor, tizginsiz bir hodisa sifatida qolmoqda.
Frantsuz Anri Burdan qisqa va aniq qilib “romantiklar” deb ataladigan tinib-tinchimas odamlar toifasiga mansub edi. Bu inson butun umri davomida hayratlanish va zavqlanish qobiliyatini yo‘qotmay yashadi. Bu, albatta, har qanday odamning ham havasini keltiradi. Sarguzashtlarga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoq uni aslo tark etmaydi. Barcha romantiklar kabi, Burdan ham hech qachon bir joyda tinch o‘tirolmasdi. Mohir uchuvchi sifatida u turli vaqtlarda Janubiy Amerika, Vetnam, Kanada, Laos, Afrika, O‘rta Sharq va albatta Frantsiyada yashaydi hamda ishlaydi. Bundan tashqari, Burdan yaxta sportiga mukkasidan ketgan edi. U O‘rta Yer dengizini boshdan-adoq kezib chiqqan, Janubiy Xitoy dengizi va Siam ko‘rfazini besh qo‘ldek bilar edi.
Anrining xotini Joze ham o‘ziga o‘xshagan edi. Bir qarashda, nozik-nimjon bo‘lib ko‘rinsa-da, favqulodda g‘ayrat-shijoatli, mard va jasur ayol edi. U barcha dengiz sayo-hatlarida erining doimiy hamrohi edi. Lom-mim demasdan, hamma qiyinchilik va mashaqqatlarni eri bilan birga tortardi. Er-xotin Burdanlarning ko‘ngliga tugib qo‘ygan bir orzusi bor edi. U ham bo‘lsa, yaxtada suzib, dunyoni aylanib chiqish.
1966 yili tinib-tinchimas Anri va Joze Singapurga borib qoladi. U yerda Anri biror muddat yo‘lovchi samolyot uchuvchisi bo‘lib ishlaydi. Aynan o‘sha yerda er-xotinning allaqachondan buyon amalga oshmay kelayotgan orzusini ro‘yobga chiqarish uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ladi. Ular yig‘ib yurgan puliga 15 metrlik yaxta yasashga buyurtma beradi. Ular yaxtani Jozening sharafiga “Singa Betina”, ya’ni “Sherxon” deb ataydi. Barcha zarur narsalarni g‘amlab, Malayziyaning janubiy qirg‘oqlari bo‘ylab amalga oshirilgan sinov suzishlaridan so‘ng, 1966 yil 20 oktyabrda dunyo bo‘ylab dengiz sayohatiga yo‘l olishadi.
Er-xotin Burdanlar hammani hayratga soladigan birinchilikka intilmaydi, eng qisqa muddat mobaynida yer yuzini aylanib chiqishni maqsad ham qilib qo‘ymaydi. Ular iloji boricha ko‘proq narsani ko‘rish uchun imkon qadar sekin suzmoqchi bo‘ladi. Shuning uchun darhol sharq yoki g‘arbga intilish o‘rniga ular janub tarafga qarab yo‘l oladi. Chunki ular Kalimantan va Sulavesi orollari qir-g‘oqlari bo‘ylab o‘tish, keyin Avstraliya, Yangi Gvineya va Okeaniya orollari, Yaponiya, Janubiy Amerika va boshqa o‘lkalarda bo‘lishni niyat qilgan edi.
Ta’kidlash kerakki, avval-boshdanoq dengiz sayohatchilarining ishi surunkasiga yurishmay qoladi. Ularni avvaldanoq shum taqdir ta’qib etgan bo‘lsa kerak, degan xayolga borish ham hech gap emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: dastlab yaxtaning tubidagi yoriqni zo‘rg‘a tuzatishadi-yu, machta sinib ketadi; machtani almashtirib ulgurmasdanoq muharrik (motor) ishlamay qoladi; so‘ngra boshqaruv arqoni uzilib ketadi. Shu tariqa falokat ustiga falokat davom etaveradi. Albatta, jiddiyroq qaraganda, bu omadsizliklarga shum taqdirning mutlaqo aloqasi yo‘q. Omadsizlikning sababi boshqa narsada – shoshib-pishib, qo‘l uchida qilingan yaxtada, sayozlik va suvosti qoyalarining ko‘pligi, yomg‘ir va po‘rtanalarning keti uzilmayotgani tufayli suzish og‘ir kechayotganida edi.
Bu omadsizlikning oxiri shu bilan tugaydiki, 1967 yil 27 yanvarda Avstraliyadagi Darvin orollaridan 80 mil narida, Baterst oroli yaqinida dengiz sayo-hati ishqibozlari tuzoqqa tushadi. Tushganda ham ahmoqona bir tarzda tushadi. Bu hodisa quyidagicha bo‘lgan edi. Orolning shimoliy tarafidagi uzoqdan ko‘zga tashlangan qumloq sohilda ozgina hordiq chiqarish va shu bahonada yaxtani ham ta’mirlab olish niyatida ular “Singa Betina”ni qirg‘oqqa qarab haydaydi. Dengiz ko‘pirib, to‘lqinlanib yotgani bois ular to‘ppa-to‘g‘ri suvosti qoyalariga qarab borishayotganini sezmay qoladi. Faqat baxtli tasodif tufayli, aytish mumkinki, qandaydir mo‘‘jiza yuz berib, ular o‘ta xavfli qoya yonidan eson-omon o‘tib ketadi. To‘g‘ri, bir marta yaxta qandaydir zarbadan chayqalib ketgandek bo‘ladi, lekin sayohatchilar bunga jiddiy e’tibor bermaydi. Sohildan 200 metrlar berida “Singa Betina”ni qantarib qo‘yadilar. Dengizda to‘lqinlar tinib, suv ortga chekinganidan keyin Anri va Joze nogahon qanday alamli tuzoqqa tushib qolganini anglaydi. Ular hozirgina bir iloj qilib o‘tib olgan suvosti qoyasi ulkan poydevori bilan butun sohilni chirmab, ikki tarafdan qirg‘oqqa qadalib turardi. To‘lqinlar tinchib, suv ortga chekinib pasayganidan so‘ng tubigacha ko‘rinib qolgan bu o‘ziga xos ko‘ldan birovning yordamisiz chiqib ketish haqida o‘ylab o‘tirishning ham foydasi yo‘q edi. Buning ustiga, shimol mussonlari (musson – qishda dengiz tomon, yozda dengizdan quruqlik tomon esadigan shamol) mavsumi boshlangan, shamol dengizdan sohilga qarab tinimsiz esib turar, muharrik ishdan chiqqan edi.
Lekin er-xotin sayohatchilar bundan ko‘p ham tashvishga tushmaydi. Nima bo‘libdi, yana bir sarguzasht boshlanadi-da! Sayohat shunisi bilan qiziq-da! Ular mahalliy aholi yordamida tez orada bu qurshovdan chiqib ketishga ishonardi. Hozircha dam olib, keyin yaxtani tuzatishga qaror qilishadi. Yaxshiyam, ular barcha zarur narsalar – oziq-ovqat, kiyim-kechak, uzoqdan ishora beradigan mushak, shuningdek, kitoblar va plastinka qo‘yiladigan elek-trofonni qirg‘oqqa olib kelib olgan edi. Bu ishni o‘z vaqtida qilishgan ekan. Chunki shamol va to‘lqinlar, suvning ko‘tarilishi va pasayishi “Singa Betina”ni yarimigacha cho‘kib ketgan vayronaga aylantirgan, uning 250 kilogrammlik chambaragi esa allaqachon halqadan uzilib, dengizga cho‘kib ketgan edi.
Anri va Joze kema yelkanidan o‘tovga o‘xshash bir boshpana yasaydi. Bu o‘tov ularni quyoshdan saqlar, lekin yomg‘ir va kechki sovuqdan aslo himoya qila olmas edi. Shu tariqa ular, kema halokatiga uchragan dengizchilar kabi, hayot kechira boshlaydi. Har narsani ham ko‘ngilga olavermaydigan quvnoq va o‘z kuchiga ishongan odamlar bo‘lgani uchun ular bu falokatni uyda kulgili bir tarzda yaqin qarindoshlarga aytib berish mumkin bo‘lgan kichik bir sarguzasht deb hisoblar edi. Mahalliy aholi bilan til topishib olishsa bas, bu ko‘ngilsizlik ortda qoladi.
Biroq oradan bir kun, ikki kun, besh kun, o‘n kun o‘tgach, er-xotin Burdanlar qalbiga shubha mo‘ralay boshlaydi: bu orolda o‘zi mahalliy aholi bormikan? Sohilda, har qalay, ularning borligidan dalolat beradigan hech qanday asoratni hozirgacha ko‘rishgani yo‘q. Shunda ular kimdir kelib bizni topib oladi deb qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan, o‘zlari odamlarni izlab yo‘lga chiqadi. Ular qo‘nim topgan joyda bironta ham mevali daraxtning yo‘qligi, sayozlikda baliqlar urchimasligi, oziq-ovqati esa unchalik ko‘p emasligi ham shuni taqozo etardi. Tabiiyki, unchalik yoqimli bo‘lmagan bu joylarda uzoq muddat turib qolishni xayolga ham keltirib bo‘lmasdi.
Mana, ikki oqsoq – po‘rtana vaqtida, yaxtada suzib kelayotgan paytdayoq oyoqlari shilinib ketgan, endi yurganda yaralari achishib og‘rir edi – orol bo‘ylab olis yo‘lga chiqadi. Bu yerlarda yurish mashaqqatli va xavfli edi. Orol mudrab yotgan qalin o‘rmon bilan qoplangan, uni ko‘pgina jilg‘alar kesib o‘tar, dengiz suvi ko‘tarilgan va pasaygan paytda ular o‘tib bo‘lmaydigan asov daryoga aylanar edi. Bu ham yetmaganday, tinimsiz yom-g‘ir yog‘ib turardi.
Orolda odamlar yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, er-xotin uning janubiy chekkasiga o‘tib olishga qaror qiladi – ehtimol, u yerda inson zoti uchrab qolar. Bundan tashqari, Anrining taxminiga ko‘ra, qaerdadir orolning janubida mash’al-mayoq bo‘lishi lozim, chunki Klarens bo‘g‘ozidan kemalar qatnar ekan.
23 fevral kuni er-xotin yana qarorgohni tashlab, orolning ichiga yo‘l oladi. Mango (angoh) daraxtidan iborat butazorlar yana ularning yo‘lida qalin devordek paydo bo‘ladi, ortida esa katta daryo va nihoyat, ilonu boshqa balo-qazolarga to‘lib yotgan bepoyon botqoqlik va balchiqzorlar ko‘zga tashlanadi. Botqoqlikdan o‘tishda er-xotin ko‘pincha beligacha, ba’zan hatto bo‘ynigacha botib ketardi. Ikki kecha-kunduzlik ana shunday benihoya mashaqqatli va samarasiz tentirashdan so‘ng qarorgohga qaytib kelishar ekan, Jozening daryoga cho‘kib ketishiga bir bahya qolgan edi. U girdobga tushib qoladi. O‘sha paytda, aksiga olgandek, yarasiga bog‘lab qo‘yilgan doka yechilib, oyoqlariga o‘ralib qoladi. Anri jonini jabborga berib, ko‘p azob-uqubat bilan xotinini qutqarib oladi.
Ular oziq-ovqatni tejashga harchand urinmasin, robinzonchilikning – bu robinzonchilik ekaniga shubha yo‘q edi – ikkinchi oyida yegulik sob bo‘ladi. Oziqbop malyuskalarni izlashga to‘g‘ri keladi. Bu joylarda negadir hatto qisqichbaqalar ham urchimagani uchun shafqatsiz ochlik azobi shu paytgacha pashshaga ham ozor bermagan Anrini ov qilishga majbur etadi. Lekin undan, kutilganidek, risoladagidek ovchi chiqmaydi.
Nima, endi shu la’nati joyda ochlikdan itdek o‘lib ketaveramizmi, degan qo‘rquv Anrini bor kuchini jamlab, orolning janubiy sohiliga o‘tish chorasini topish uchun yana bir bor yo‘lga chiqishga majbur etadi. Ammo bu harakat tufayli sal bo‘lmasa jonidan ajralib qolay deydi – allaqaysi hovuzga cho‘kib ketishiga ozgina qoladi. U tinkai madori qurib, qarorgohga qaytib keladi. Shundan so‘nggina janubiy sohilga o‘tib olish haqidagi xayolni kalladan chiqarib tashlashga to‘g‘ri keldi.
Endi oxirgi imkoniyat – sol yasash va orolni aylanib o‘tib, kema yo‘llariga yetib olish uchun unga minib, dengizga chiqish lozim edi. 17 mart kuni Anrining ovda birinchi va oxirgi marta omadi keladi: u kichkina miltig‘i bilan allaqayoqdan adashib kelib qolgan kenguru bolasini otib oladi. Uning go‘shti ikki kunga yetadi.
Bir oz kuchga to‘lib olgach, Anri sol yasashga kirishadi. Afsuski, haddan ziyod qattiq ikkita mango daraxti suvga cho‘kib ketadi. Ularni yiqitish va tozalashga bir necha kun ketgan edi. Oxiri “Singa Betina”ning machtasini buzib, taxtalarini sug‘urib olishga to‘g‘ri keladi. Bir necha kundan keyin qo‘pol, nobopgina sol tayyor bo‘ladi. Uning yelkan o‘rnatiladigan machtasi, boshqaradigan eshkagi bor edi.
Oroldan suzib ketish arafasida ochilib qolgan suvosti qoyasidan Anri bir nechta yirik ustiritsa (ustritsa – dengiz malyuskasi) topib oladi. Ular bilan bir amallab qorinni aldashadi. Ertasi kuni eng zarur narsalarni solga yuklab, qirg‘oqda har ehtimolga qarshi shisha idishga joylangan xayrlashuv maktubini qoldirib, er-xotin Burdanlar suvning pasayishi boshlanishi bilan dengizga qarab yo‘l oladi. Ular kunduzi sohil yoqalab janubga suzish, kechasi esa orolga yaqinlashib to‘xtashni, u yerda tunash va biron bir yegulik topishni mo‘ljal qilgan edi.
Amalda hammasi boshqacha bo‘lib chiqadi. Ikkinchi kuniyoq shamol va suvning pasayishi tufayli orqaga qaytayotgan to‘lqinlar solni dengiz bag‘riga surib ketadi. Solda bor-yo‘g‘i 20 litr chuchuk suv qolgani, bir tishlam ham yegulik bo‘lmaganini, kemalar tinimsiz qatnab turadigan asosiy yo‘lgacha qariyb 100 mil masofa borligini inobatga olganda, er-xotin Burdanlarni ochlik va madorsizlik ayagan taqdirda ham, po‘rtanalar ayamasligi, ularni dastlabki dovuldayoq muqarrar o‘lim kutayotgani yaqqol ko‘rinib turardi. Bu ham yetmaganidek, sol hozirdanoq asta-sekin, ammo to‘xtovsiz suvga botib borardi. Ikki kun o‘tgach, uning ustida faqat yog‘och quti turardi. Qutining ustida ikkovlon bir iloj qilib o‘tirsa bo‘lardi. Uchinchi kuni quti ham suv ostida qoladi. Oyoqlaridagi yaralar dengizning sho‘r suvida battar achishib, azob berardi.
Dengizda hali ham birorta kema ko‘rinmasdi. Faqat to‘rtinchi kunning adog‘ida Anri va Joze hamma narsadan umidini uzib, taqdirga tan berib, bir-biridan rozi-rizolik tilab, vidolashib turganida, ufqda shxuna – kichik yelkanli kema paydo bo‘ladi. Lekin shu paytda uzoqdan ishora beruvchi aksariyat mushaklar zax tortib, otilmaydigan bo‘lib qolgani ma’lum bo‘ladi. Yaxshiyam, ikkitasi uncha namlanmagan ekan. Shom qorong‘isiga qaramay, uzoqlashib borayotgan kemadagilar nogahon dengiz tepasida paydo bo‘lgan qirmizi rang tutunni payqab qoladi. Shu tariqa er-xotin sayohatchilar qutqarib olinadi.
O‘z ixtiyori bilan robinzon bo‘lganlar
Shu paytgacha faqat g‘ayriixtiyoriy ravishda, ya’ni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan kimsasiz orolga tushib qolgan robinzonlar haqida hikoya qildik. Ammo dunyoda o‘z ixtiyori bilan tanholikka intilgan va hatto jonu dili bilan o‘zini kimsasiz orolda yashashga mahkum qilgan robinzonlar ham bo‘lgani ma’lum. Ta’kidlash kerakki, bunday robinzonlar ayniqsa bizning davrimizda anchagina ko‘paydi.
Birinchi ko‘ngilli Robinzon, chamasi, portugaliyalik dvoryanin Fernando Lopes bo‘lgan. U taqdir taqozosi bilan (balki boylik ketidan quvgandir) bir paytlar Portugaliyaning mustamlakasi bo‘lgan Hindistonning g‘arbiy qirg‘oqlaridagi Goa oroliga borib qoladi.
Bir kuni don Fernando odamning aqlu hushini oladigan bir nechta tilla buyumga ko‘ngli sust ketib, o‘zi bilmagan holda, Portugaliya manfaatlariga zid ish qilib qo‘yadi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, xiyonat hech qachon kechirilmaydi. Odatda xiyonatchilarni qatl etganlar. Biroq Lopes o‘limga mahkum etilmaydi. Lekin beshafqat jazolanadi: shahar maydonida xaloyiqning ko‘z oldida jallod avval uning o‘ng qo‘li va chap qo‘lining o‘rtanchi barmog‘ini chopib tashlaydi. Shundan so‘ng burni va quloqlarini ham kesadi. Bunday jazo o‘lim bilan, o‘lim bo‘lganda ham azobli o‘lim bilan barobar edi. Qonga belangan Lopes ko‘pga bormasdan jon taslim qilishiga odamlarning ko‘zi yetib qolgan edi.
Biroq don Fernando qandaydir mo‘‘jiza tufayli tirik qoladi. Bu jabrdiyda o‘zini la’natlagan odamlarning ko‘ziga boshqa yomon ko‘rinmaslik uchun Portugaliyaga qaytib ketishga qaror qiladi. Yoki qaytib ketaman deb shunchaki bahona o‘ylab topadi. Nima bo‘lganda ham, 1517 yili Lopes Vataniga qaytib ketayotgan kema ichimlik suv g‘amlab olish uchun Muqaddas Yelena oroliga kelib to‘xtaydi. Don Fernando qirg‘oqqa tushib, o‘rmon ichida g‘oyib bo‘ladi va kema jo-yidan qo‘zg‘almaguncha yashirinib o‘tiraveradi. Gap nimada ekanini darhol pay-qagan dengizchilar bu mayib odamga rahmi kelib, dastlabki kunlari yegulik topolmay och qolmasin, degan niyatda jindak qoqlangan go‘sht, quritilgan baliq, tuz hamda kiyim-kechak qoldirib ketadi. Ular qirg‘oqda gulxan yoqadi. Undan Lopes cho‘g‘ olib, doimiy olovga ega bo‘lishi mumkin edi. Dengizchilar xat yozib qoldirib, zarurat tug‘ilganda orol yaqinidan o‘tadigan kemalarga ishorat berish va ulardan yordam so‘rash lozimligini eslatishadi.
Fernando Lopesning qariyb 30 yillik robinzonchiligi shu tarzda boshlanadi. U shunday abgor holida xotini va bolalari ko‘ziga ko‘rinmaslikni ma’qul topgan edi.
Oziq-ovqat masalasida Lopesning hech bir muhtojligi yo‘q edi. O‘sha davrda orolning aksariyat hududini qoplab olgan o‘rmonda yong‘oq mo‘l bo‘ladi. Ularni yeyish albatta foydali. Qirg‘oqqa o‘rmalab chiqqan toshbaqalar uning o‘ljasiga aylanardi. Ba’zida echki yoki to‘ng‘iz tutib olardi. Qirg‘oq bo‘yidagi suvda baliq ham serob. Oftobdan, shamol va yomg‘irdan saqlaydigan doimiy boshpanaga ega bo‘lish uchun Lopes Ibodatxona vodiysi deb ataladigan sayhonlikda yerto‘la kavlab oladi.
Qisqasi, don Fernando zohidlarga xos xotirjam va ehtimol, hatto baxtli hayot kechiradi. Uni bu yerda hech kim bezovta qilmas, hech kim bo‘lar-bo‘lmas narsalarni so‘rab jig‘iga tegmas, hech kim unga achinib yoki jirkanib qaramas edi.
Robinzonning Muqaddas Yelena orolida bir maromda kechayotgan hayotini faqat bir yildan keyin portugaliyaliklarning kemasi kelib buzadi. Kema meni Goaga qaytarib olib ketmoqchi, u yerda qamoqqa tashlamoqchi, deb o‘ylagan Lopes o‘rmon ichkarisiga qochib ketadi va baland qoya ustida hamyurtlari kema yelkanini ko‘tarmagunicha ularning xatti-harakatini kuzatib turadi. Shundan so‘nggina u qo‘nalg‘asiga qaytadi. Qaytib kelgach, quvonchdan hayratga tushadi: dengizchilar uning boshpanasini topib, oziq-ovqat, xat qoldirib ketgan ekan. Xatda orolga kelib to‘xtagan kemalarni ko‘rib, yashirinmaslik, aksincha, agar zarurat bo‘lsa, ulardan yordam so‘rash qattiq tayinlangan edi. Dengizchilarning mehribonchilik bilan yozilgan xatlariga qaramay, Lopes yana uzoq vaqtgacha odamlardan qochib yuradi. Ufqda yelkan qorasini ko‘rishi bilan o‘rmon ichkarisidagi pis-tirmasiga oshiqadi. Bu muddat davomida Lopesning yerto‘lasiga ko‘plab portugaliyalik dengizchilar kelib ketadi. Ular oziq-ovqat va eski kiyim-kechak qoldirish bilangina kifoyalanmas, bu devona haqida butun Portugaliya va uning mustamlaka o‘lkalariga har xil afsonalar tarqatar edi.
Lopesning g‘aroyib qismati bilan Portugaliya qiroli Xuan Uchinchining o‘zi qiziqib qoladi. U don Fernandoga xat yozib yuboradi. Ushbu maktubda agarda Vataniga qaytishni ixtiyor etsa, barcha gunohlarini kechirish va xavfsizligini ta’minlash kafolatini o‘z zimmasiga oladi.
Shunga qaramay, Lopes hali ham odamlarga ishonmas, iloji boricha ularga yaqinlashmaslikka harakat qilardi. Bir kuni orolda Jumaboy paydo bo‘lmaganida bormi, kim biladi deysiz, bu hol yana qancha davom etardi. Jumaboy deganimiz yavalik (Yava oroli nazarda tutilmoqda) qulvachcha edi. Bu shumtaka kemalardan biridan qochib kelgan edi. Ajabo, Lopes va yavalik negadir chiqisholmaydi, o‘rtada kelishmovchilik paydo bo‘ladi. Bu mashmasha shu bilan tugaydiki, kunlardan bir kuni navbatdagi kema orolga kelib to‘xtaganda, qulvachcha dengizchilarga odatda Lopes yashirinib oladigan o‘rmondagi joyni ko‘rsatadi. Ammo kema kapitani Lopesni qayoqqadir olib ketishni xayoliga ham keltirmagan edi. Bundan robinzon hayratga tushadi. Boz ustiga, u Lopesga hech kim hech qachon unga nisbatan kuch ishlatmasligi haqida tilxat beradi. Quvonib ketgan don Fernando ham endi hech qachon yashirinmasligini aytib, dengizchilarni ishontiradi.
Faqat shundan keyingina odamlar unga yomonlik istamasligiga to‘liq ishonch hosil qilib, Lopes nihoyat yurtiga qaytib borishga qaror qiladi. Lissabonda uni qirol va qirolicha iliq qabul qiladi. Keyin u gunohlaridan tavba qilib, Rim ziyoratiga boradi va u yerda papa Kliment Yettinchi tomonidan qabul qilinadi. Lopesning chin dildan tavba-tazarru qilganidan mutaassir bo‘lgan Papa undan, qani, ayt, ko‘nglingdagi eng shirin tilaging nima, deb so‘raydi. Shunda u hech ikkilanmasdan bunday deb javob beradi:
– Men kelgan joyimga, Muqaddas Yelena oroliga qaytsam degandim. Menga o‘sha yer yaxshi edi. Faqat qirol mening bu istagimga rozi bo‘lmasa kerak, deb qo‘rqaman.
Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay, Lopes Kliment Yettinchining ko‘magi bilan sevimli oroliga qaytadi. Endi bu yerda yashash unga avvalgidan ko‘ra osonroq edi. U orolga o‘zi bilan birga o‘rdak, tovuq, to‘ng‘iz, echki-uloq olib keladi. Qo‘yib yuborilganidan keyin ular tezda ko‘payib, yovvoyilashib ketadi. Shu tariqa Lopes go‘shtdan qiynalmaydigan bo‘ladi. U orolga ko‘plab qovoq, anor va palma daraxtlarini ekib tashlaydi. Aytishlaricha, ular orolda bugungi kungacha o‘sib yotgan ekan. Bundan tashqari, robinzonimizning tarjimai holini o‘rgangan portugaliyalik tarixchi Korreaning yozishicha, Lopes odamlardan qochmaydigan bo‘lgan, hatto dengizchilar bilan suhbatlashgan, ulardan urug‘ va ko‘chatlar olib turgan. Demak, Lopesning kimsasiz orolda yashaydigan odam uchun lozim bo‘ladigan barcha narsasi bo‘lgan. U odamlar orasida oroldagidan ko‘ra ancha qiynalib yashashini bilgani uchun taqdiridan nolimas, hayotidan rozi edi.
Fernando Lopes Muqaddas Yelena orolida roppa-rosa 30 yil yashab, 1545 yili vafot etadi.
Bizning davrimizda kimsasiz orollarda tanho yashash uchun bosh olib ketishga sabablar ko‘p. Chunonchi, kundalik turmush tashvishlari, odamlardan bezish va kishining shunchaki ma’lum muddat o‘z-o‘zi bilan yolg‘iz qolish istagi – barcha-barchasi shunday sabablar jumlasiga kiradi. Lekin ularning hammasini ortda qoldirib ketadigan yana bir qancha sabablar bor. Bu – texnik taraqqiyot va ishlab chiqarishning odamlarni oddiy temirtan kuchga aylantirgan holda shiddat bilan ildamlab borayotganidir. Bu – ijtimoiy va ekologik muammolar. Bu – irqiy va etnik mojarolar. Bu – ko‘pmillionli bahaybat shahar-megapolislar. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, aynan sershovqin va behalovat, jinoyatchilik avj olgan, televidenie hamda boshqa axborot vositalari odamlarning qalbiyu ongini zaharlab borayotgan katta shaharlarda inson o‘zini juda yolg‘iz va nochor his qiladi. Oxir-oqibat odamlar bunday “to‘kinchilik”larning barchasiga qo‘l siltab, boshi oqqan tomonga ketishga harakat qilmoqda.
Amerikaning “Glavier” harbiy kemasi kapitaniga havoda uchib o‘tayotgan vertolyotdan kimsasiz orolda odam qorasi ko‘ringani haqida xabar berilgach, u dar-hol yo‘nalishni o‘zgartirib, orolga qarab suza boshlaydi. Kema orol yaqinida to‘xtaydi va undan qayiq suvga tushiriladi. Qayiq qirg‘oqqa yetar-etmas, dengizchilarni qattiq hayratda qoldirib, yarimyalong‘och yovvoyisifat kimsa bo‘ralatib so‘kina boshlaydi:
– Men sizlardan yordam so‘raganim yo‘q! Qani, daf bo‘linglar, qorangizni ko‘rmayin. Odamni tinch qo‘yasizlarmi-yo‘qmi! He-e-e, enangni...
Shundan so‘ng qutqaruvchilarga qarata konserva bankalari va ulardan ham og‘irroq narsalar irg‘itiladi. “Boyoqish yolg‘izlikda aqlini yo‘qotib qo‘yibdi”, deb o‘ylaydi dengizchilar. Faqat yotig‘i bilan tushuntirib, robinzon bilan iliq suhbatlashish yo‘lini topganlaridan ke-yin ma’lum bo‘ladiki, bu odam kema halokati tufayli emas, balki o‘z ixtiyori bilan robinzon bo‘lgan ekan. Bu yerda 30 oydan buyon yashar ekan. Boz ustiga, juda yaxshi yashayotgan ekan. Xaloskorlarga robinzonni bezovta qilmaslikdan o‘zga iloj qolmaydi.
Robinzonning ismi Tom Nil, u qo‘nim topgan orol, aniqrog‘i, atoll (atoll – halqa tarzidagi orollar tizmasi) Nilning vatani – Yangi Zelandiyadan uch ming kilometr uzoqlikda joylashgan Kuka orollar tizimiga mansub edi. Darvoqe, bu orolning nomi ruscha – Suvorov atolli deb atalardi. U ruslarning “Suvorov” kemasi sharafiga qo‘yilgan edi. Dengiz sayyohi M. Lazerev boshchiligidagi rus dengizchilari 1814 yili dunyoni aylanib chiqish paytida bu orolga kemasining nomini qo‘ygan edi. To‘g‘ri, mahalliy aholi bu nomni o‘z tiliga moslab, “Atoll Suvaroff” deb atardi.
Tom Nil Suvorov atolliga dastlab 1937 yili savdo floti dengizchisi bo‘lib ishlab yurgan vaqtida kelgan edi. O‘shandayoq uning qalbida ana shu har tomonlama go‘zal va qulay makonda umrbod yashab qolish orzusi tug‘iladi. Niyating – yo‘ldoshing bo‘lsin, deb shunga aytadilar-da. Lekin faqat to‘qqiz yildan so‘ng, Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan u o‘zining shirin orzusini amalga oshirishga erishadi.
Tom Nilni ko‘p yillik tanholik azobiga mahkum etilishga nima majbur qiladi? Avvalambor, serg‘alva va behalovat jamiyatdan tashqarida, avtomobillar shovqinini eshitmay, reklama chiroqlarining jonga tegadigan jilvasini ko‘rmay, televizor degan matoh borligini bilmay, tabiat bilan uyg‘un, tinchgina, betashvish, yolg‘iz yashash istagi uni bu yerga boshlab keladi. To‘g‘ri, Nilning bu yerda ham televizori bor, ammo uni faqat ob-havo ma’lumotini eshitish uchungina qo‘yar edi. Bu robinzonni qiziqtiradigan birdan-bir narsa – ob-havoning qanday bo‘lishi. Buning sababi shundaki, u kutilmaganda orolga dovul yopirilgudek bo‘lsa, g‘aflatda qolmay deb qo‘rqadi. Bunday falokat uning ko‘p yillik mehnati natijasi bo‘lgan oroldagi bor-yo‘q narsani supurib ketishi mumkin.
Tom Nil uyini jilg‘a bo‘yidagi pastak tepalikka quradi va uning yonida turli binolar tiklaydi. Masalan, tovuqxona barpo etadi. Tomorqa qilib, makkajo‘xori, qovoq, pomidor, loviya va piyoz ekadi. Bundan tashqari, uncha katta bo‘lmagan sokin ko‘lda baliq urchitishi va u yerda qarmoq tashlab, baliq ovlashini ham inobatga olsak, ovqat masalasida ancha chimxo‘r bo‘lgan bu inson yegulik borasida hech narsaga zoriqmasdi.
Barcha haqiqiy robinzonlarda bo‘lgani kabi, Tom Nilning ham o‘z Jumaboyi bor edi. To‘g‘ri, uning nomi sal boshqacha va u to‘rtoyoqli. Gap uning sodiq do‘sti bo‘lgan iti Dushanba haqida ketmoqda. Dushanba xo‘jayinining ortidan bir qadam ham qolmas edi. Nil qayoqqa bormasin, u ham hoziru nozir, chunki bechoraning suhbatlashadigan boshqa hech kimi yo‘q. Keyingi paytlarda u zerikkanidan uvlaydigan odat chiqaradi. Buning barchasiga sabab – bu yerga kelgan dastlabki kunlarda u kalamush va quyonlarni ovlashga shu qadar berilib ketadiki, tez orada ular tag-tubi bilan yo‘qoladi. Endi Dushanbaga ish yo‘q. Hatto astagina hurib qo‘yay desa ham bir bahonai sabab topilmaydi. To‘g‘ri, ora-sira bezbet qushlar ko‘zga tashlanib qoladi. Ularga ozgina hurib qo‘ymasa, boshiga chiqib olishi hech gap emas.
Tom Nil bir maromda oddiy va kamtar yashardi. Odatda barvaqt, quyosh chiqmasidan oldin uyg‘onadi. Ola-g‘ovur dengiz bag‘ridan suzib chiqadigan ulkan olov – gardishsimon quyoshni u qachonlardir qudratli dovul qirg‘oqqa irg‘itib yuborgan ulkan xarsang ustida o‘tirib qarshi oladi. Keyin kechasi bilan dengiz to‘lqinlari nimalarni olib kelganini ko‘rish uchun Dushanba bilan birga qirg‘oq yoqalab yuradi. Birinchi galda sohilga to‘lqinlar irg‘itib yuborgan taxta va to‘sinlarni terib oladi. Ulardan bundayroqlarini kulbani ta’mirlash va mayda qurilishlarga ishlatadi. Qolgan-qutgani esa oshxona pechkasiga o‘tin bo‘ladi. U qirg‘oqdan baliqchilar to‘rini suvga cho‘ktiruvchi soqqalarni ham topib oladi. Ular bilan kulbasini bezaydi. Oftob charaqlab turgan kunda – bu o‘lkalarda havo kamdan-kam hollardagina bulutli bo‘ladi – Nilning uyi uzoqdan qimmatbaho toshlar osilgan tumorga o‘xshaydi.
Tom Nil azonda o‘z saltanatini aylanib chiqqanidan keyin uy va tomorqa yumushlariga kirishadi: tovuqlarga don beradi, tuxumlarni yig‘adi, pomidor va loviya ekilgan egatlarni chopiq qiladi, o‘tin yoradi, xazonlarni bir joyga to‘plab qo‘yadi – ular chirib, o‘g‘it bo‘ladi; oftobshuvoqda turgan katta tog‘orani suvga to‘ldiradi – unda cho‘miladi. Uyning soyasida yana uch bochka suv bor. Ulardan birida kiyim-kechagini yuvadi, boshqasida – idish-tovoq chayadi, uchinchi bochkadagi suvni ovqatga va yuz-qo‘lni yuvishga ishlatadi.
Nonushtaga tuxum – quymoq, tomorqadan uzilgan pomidor yeb, Tom o‘zi yasagan shezlong – oromkursida bir oz cho‘zilib oladi. Charchog‘i chiqqanidan keyin yana uy ishlariga kirishadi yoki baliq oviga boradi. Buning uchun kichkina yelkanli qayig‘i bor. Soat beshda ish kuni tugaydi. Cho‘milib, o‘zi yoqtirgan yirik xarsang ustiga chiqib, tamaki chekadi va botayotgan quyoshning zarrin nurlari ko‘rfazning oynadek shaffof suvida qanday jilvalanishiga mahliyo bo‘lib o‘tiradi.
Kunma-kun, oyma-oy, yilma-yil – qirq yildan ziyod vaqt mobaynida u ana shunday tartibga amal qilgan holda hayot kechiradi.
Faqat bir gal Tom Nil Suvorov orolini tark etadi va kechalari bilan o‘tirib yozgan kitobini nashr etish uchun Yangi Zelandiyaga sayohat qiladi. U kitobini “Yolg‘iz menga tegishli orol” deb ataydi. Undan tushgan qalam haqiga ro‘zg‘orga mayda-chuyda, o‘ziga yangi ust-bosh sotib oladi, tamaki, shakar va tuzni g‘amlab qo‘yadi. Aynan shu kitob tufayli Suvorov orolida yashagan bu robinzon qariyb butun dunyo-ga mashhur shaxsga aylanadi.
Braziliyalik ekolog olim Fernando Edvard Lining taqdiri ham Tom Nilnikiga o‘xshaydi. U ham, xuddi Nil kabi, ancha nuroniy yoshigacha – saksonning nari-berisiga qadar robinzon bo‘ladi. U ham o‘z orolida 40 yildan ziyod hayot kechiradi.
Uning sarguzashtlari quyidagicha boshlangan edi. 50-yillarda nedir bir sabab bilan Janubiy Atlantika ustidan uchib o‘tar ekan, Fernando Li cheksiz ummon kengliklari o‘rtasida bir tutam quruqlik borligini ko‘rib qoladi. Bu joy olimning tasavvurini shu qadar zabt etadiki, u o‘sha paytdayoq mazkur orolda bir umr yashab qolishga qaror qiladi.
Ilgari hech bir xosiyati bilan ko‘zga tashlanmagan bu bir tutam yer 40 yil mobaynida shunchaki qo‘l tekkan, parvarish qilingan joyga aylanibgina qolmaydi, balki ummonning qoq o‘rtasidagi ko‘zni quvontiradigan jannatmakon go‘shaga aylanadi. Dastlab u yerda did bilan qaralgan tomorqa paydo bo‘ladi. Keyin sersoya palmazor bo‘y ko‘rsatadi. Palma urug‘i Malayziyadan olib kelingandi. Orolda chuchuk suv manbai bo‘lmagani uchun yomg‘ir suvi to‘plansin deb, qoya toshlarni parmalab, hovuz qilishga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, qurg‘oqchilik mahali asqatadi degan niyatda dengiz suvini chuchitib beradigan qurilma barpo etiladi. Lekin uni ishlatishga hojat ham bo‘lmaydi: Janubiy Atlantikada yomg‘ir doimiy va yetarli miqdorda yog‘ib turadi. Noyob Afrika baliqlarini urchitish uchun yana bir hovuz barpo qilinadi. Olimning uyi ikki yarim kilovatt quvvatga ega bo‘lgan shamol elektrostantsiyasi yetkazib beradigan tok bilan yoritiladi. Li bularning barchasini bir o‘zi, o‘z qo‘li bilan yaratadi.
Agar olimning orolda dunyodagi har qanday hayvonot bog‘i bilan bahslasha oladigan noyob qushlar kollektsiyasini to‘plaganini ham hisobga oladigan bo‘lsak, Fernando Lining orolini chindan ham jannatmakon joy desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.
Vatandoshlari ta’biri bilan aytganda, braziliyalik Robinzon Kruzo shuncha yumushlardan ortib, ilmiy ish bilan ham shug‘ullanadi. Uning tabiatni asrash muammolariga bag‘ishlangan ilmiy asarlari dunyoning mashhur nashrlarida ketma-ket chop etiladi.
Germaniyaning Myunxen shahri fuqarosi, oddiy avtomexanik Fridrix Tekstor ham, xuddi Tom Nil kabi, kimsasiz oroldan tanholik izlashga majbur bo‘ladi. Shahar hayotidan, boylik ketidan quvib botqoqqa botgan jamiyatdan bezgan Tekstor osuda makon topish uchun butun mol-mulkini sotib, dengiz ortidagi serquyosh o‘lkalarga yo‘l oladi. Va shunday joyni topadi. Filippindagi yirik orollardan biri bo‘lmish Palavandan besh chaqirim naridagi Tamlagun orolchasi unga ma’qul keladi. Tekstor 5 kvadrat kilometr maydonga ega bo‘lgan bu orolchani, garchi katta qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, 99 yillik muddatga ijaraga oladi. Aytish mumkinki, bir umrlik robinzonchilik sobiq avtomexanikka (bunday deyishimizning boi-si shundaki, orolchada avtomobil degan narsa yo‘q va taxmin qilish mumkinki, bo‘lmaydi ham) 6 ming markaga – Germaniyadagi bir yillik kvartira haqiga – tushadi.
Lekin Tekstor yashayotgan shart-sharoitni uning avvalgi hayoti bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. Tamlagunning havosi ajoyib – harorat hech qachon tselsiy o‘lchovi bo‘yicha 22 darajadan pasaymaydi. Havo ham, shaharnikidan farqli o‘laroq, musaffo. Sokinlikni aytmaysizmi! Ko‘ngilli robinzonning ovqat va ki-yim-kechagi deyarli tekinga tushadi. Meva va sabzavotni uning o‘zi yetishtiradi. Bundan tashqari, u doimo elliktacha tovuq boqadi. Bu yerda kiyimning keragi ham yo‘q. U bambuk daraxtidan yasalgan kulbada yashaydi.
Tekstor, har qanday mulkdor singari, o‘ziga yarasha savdo-sotiq qiladi. Vaqti-vaqti bilan ko‘zguni quyoshga tutib, Palavan oroliga ishorat beradi, u yerdan tanishlaridan birortasi suzib keladi. Mehmon orol xo‘jayiniga eng zarur narsalarni, shuningdek, un, tuz, o‘simlik moyi olib keladi. Evaziga tuxum va kokos yong‘og‘i olib ketadi.
Robinzonning o‘zi esa orolni bir kun ham tashlab ketmaydi.
Bizning davrimizda ancha mashhur va boy odamlar ham robinzonlikni ixtiyor etgani ma’lum. Taniqli amerikalik kinoaktyor Jon Xyuston shular jumlasidandir. U artistlik faoliyati davomida 60 ta filmda asosiy qahramon rolini o‘ynagan, 35 ta filmga rejissyorlik qilgan. Payqash qiyin emas, Xyuston pulga muhtoj bo‘lmagan, binobarin, odamlar orasida ham ko‘ngli tusagancha yashashi mumkin edi. Shunga qaramay, u 70 yoshida Qo‘shma Shtatlardagi villasini sotadi. Keyin Tinch ummonida, Meksika yaqinida joylashgan kichkina orolchani sotib oladi va muqim yashab qolish uchun u yerga ko‘chib o‘tadi. Xyustonni bunday qilishga nima majbur etgani haqida bir nima deyish qiyin. Aftidan, kinodagi ishi bilan bog‘liq doimiy g‘alvalardan forig‘ bo‘lish uchun shunday qilgan bo‘lsa kerak. U faqat “Qaroqchi” ism-li qari itini olib ketadi. Sobiq rejissyor va aktyor tashqi olam bilan faqat qisqa to‘lqinli radiopriyomnigi orqali bog‘lanadi.
Odamzod tanholikda, yana deng, hech kimsa yashamaydigan orolda loaqal bir yil umr kechirishi qanchalik mashaqqat ekanini tasavvur etib ko‘ring. Daniel Defoning fantaziyasiga balli, u o‘z robinzonini Tobago orolida oz emas-ko‘p emas, 28 yil zeriktirmay, eson-omon olib yuribdi. Buning ustiga, uning bir o‘zini emas, Jumaboy degan sherigi bilan birga. Chamasi, mashhur yozuvchi robinzonnomaning bundan ko‘ra uzunroq bo‘lishiga ishonmagan ko‘rinadi. Aslida, robinzonlar o‘zlarining adabiy birodariga qaraganda ikki va hatto uch barobar ko‘proq vaqt mobaynida tanholikda yashagan yoki yashamoqda.
1911 yili Tinch ummonining janub tarafida yuz bergan kuchli po‘rtana paytida angliyaliklarning kemasi cho‘kib ketadi. Butun ekipaj a’zolaridan faqat bir inson – shogird bola Jerald Bibsgina omon qoladi va u kelib qolgan quruqlik kimsasiz oroldan iborat bo‘lib chiqadi. Orol dengiz yo‘llaridan chekkada edi. Kemalar hech qachon unga yaqin yo‘lamas, shu bois Jerald 1985 yili olib ketgunlariga qadar tanholikda yashaydi. Shu tariqa uning robinzonchiligi 74 yil davom etadi. Bu davr mobaynida dunyo ikki marta jahon urushi girdobida qoladi, Bibs esa bu haqda hech narsa bilmaydi. Orolga 14 yoshlik paytida tushib, uni sharti ketib, parti qolgan bir vaqtda tark etadi.
Sobiq Yugoslaviyaning Dalmatsiya degan hududidagi qishloqlardan birida Kuchichu ismli odam ko‘pbolali va qashshoq oilasi bilan birga istiqomat qiladi. O‘g‘illari voyaga yetganidan so‘ng xonadon sohibi kunlardan birida, xuddi Sharq ertaklarida bo‘lgani kabi, farzandlarini to‘plab bunday deydi: “Bolalarim, mana, men qarib qoldim. Endi sizlarni boqadigan holim yo‘q, kundan-kun madorim qurib boryapti. Sizlar merosdan umid qilmasangiz ham bo‘ladi. O‘zlaring-dan qolar gap yo‘q, menda na boylik, na mol-mulk bor. Shuning uchun endi har biringiz yo‘lingizni topib, o‘z rizqingizni izlang”.
Kuchichuning o‘g‘lonlari o‘z nasibasini izlab, yer yuzi bo‘ylab tarqalib ketadi. Faqat 12 yashar kenja o‘g‘il Zozo ota uyini tashlab, yot o‘lkalarga safar qilmaydi. U Adriatika dengizida, qadrdon Dalmatsiyasi qirg‘oqlari bilan yondosh kimsasiz bir orolda qo‘nim topadi. O‘sha yerda 86 yil yashaydi va yuz yoshga yaqin umr ko‘rib, munkillagan chol bo‘lib vafot etadi. Bu yillar davomida Zozo turli xil o‘simliklarning mevasi va ildizlari, baliq hamda yovvoyi quyonlar go‘shti bilan ovqatlanadi. Vaqt o‘tishi bilan u shunchalik yovvoyilashib ketadiki, orolda odam sharpasi paydo bo‘lishi bilan hech kim topolmaydigan joyga yashirinib oladi.
Lekin Bibs va Kuchichu robinzonchilik borasida baribir peshqadam bo‘lolmaydi. Ilg‘orlik bu sohada portugaliyalik Gomish Jerminaldishga tegishli.
1888 yili 12 yoshli yetimcha Gomish mutlaqo tasodifan Setubal ko‘rfazidagi noma’lum bir orolga tushib qoladi. Aslida, u robinzon bo‘laman deb xayoliga ham keltirmagan edi. Ammo kimsasiz oroldagi tinch va erkin hayot unga shu qadar yoqib qoladiki, u yerda umrbod yashab qolishga qaror qiladi. U orolda qariyb 90 yil yashaydi va shunday qarorga kelganidan biror marta ham afsuslanmaydi. Gomishni har o‘n yilda shifokor va sotsiologlar kelib ko‘rib ketadi, uning sog‘-salomat, tetik ekaniga ishonch hosil qilishadi. Mehmonlar Gomishni sharob, mol go‘shti, shirinliklar bilan siylaydi. Bu narsalar orolda yo‘q edi, bo‘lishi mumkin ham emasdi. Gomish esa mehmonlarni tansiq ovqatlari bilan mehmon qiladi. Jerminaldishning ovqati giyohlar, meva-cheva, asal, baliq, quyongo‘sht va buloq suvidan iborat edi.
Jerminaldish, bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lgani uchun, mustaqil xat-savod chiqaradi va “Mening ismim Robinzon” degan kattagina roman yozishga kirishadi. Unda oroldagi hayotini tasvirlaydi. Roman, kutilganidek, bo‘sh yozilgani va hech kim chop etishni istamagani uchun Gomish uning sahifalarini har zamonda keladigan mehmonlariga taqdim etadi.
“Yer yuzida hali bironta odam oso-yishtalikni shunchalik chuqur his etmagan, – deb takrorlashni xush ko‘radi Gomish Jerminaldish. – Bizning davrimiz urush-janjallar, transport va aloqa vositalari tinimsiz ko‘payib, atrof-muhitning ifloslanishi kuchayib borayotgan davrdir. Yaratganga shukrki, men ularning barchasidan xoliman”.