OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Joanna va Filip Kol. Ahmoqlar arzandasi (hikoya)

 Katta ahmoq va kichik ahmoq birga yashashardi. Ba’zi paytlarda ular turli xil tentakona ishlarga aralashib qolishardi. Chunki ular anchagina ahmoq edilar-da! 
  Kunlardan bir kun katta ahmoq bilan kichik ahmoq hovlida ishlashayotib, sayr qilib yurgan suv toshbaqasiga ko’zlari tushib qolishdi.
- Buni qara, qanday yoqimtoy jonzot ekan-a! – dedi kichkina ahmoq hayratlanib. – Nima o’zi bu?
- Bilmayman, - dedi katta ahmoq.
- Kel, biz uni arzanda qilib asrab olamiz, - dedi kichik ahmoq. 
- Biz ilgari hech qanday jonzot asrab olmaganmiz-ku, - dedi katta ahmoq, - buni uddalay olarmikanmiz?
- Biz unga qanday g’amho’rlik qilishni kitobdan o’qiymiz, o’rganamiz, - deya bilag’onlik qildi kichik ahmoq. 
- Shunday qilib, ikki ahmoq toshbaqani ushlashib, kutubxonaga yo’l olishdi. 
-  Xonaki hayvonlarni parvarish qilishga oid biror bir kitobingiz bormi, - deb so’radi katta ahmoq kutubxona xodimidan.
 Kutubxonachi ahmoqlarga uy hayvonlari to’g’risidagi kitoblar joylashgan javonni ko’rsatdi.  Katta ahmoq kitoblardan birni olib ko’z yugurtirdi. “Itlar – bizning do’stimiz “ deb nomlanardi bu kitob.
- “Itlarning to’rtta oyog’i bo’ladi”, - deya kitobni o’qiy boshladi, - katta ahmoq.
- Bir, ikki, uch, to’rt, - deya sanadi kichik ahmoq. Bizning arzandamizing ham to’rtta oyog’i bor ekan. Demak, u - it!
- “Itlarning o’z dumlarini silkitishlari ularning baxtiyorligini ifodalaydi”, – deb o’qidi katta ahmoq yana.
- Bizning itimizning ham dumi bor , biroq u hozir dumini likillatmayapti. U xafa bo’lsa kerak, - dedi kichik ahmoq.
Katta ahmoq o’qishda davom etdi:
- “Itlarda kemirish uchun ilikli suyak, taqish uchun bo’yinbog’ bo’lishi kerak”.
- Itimizning bunchalar g’amgin ekanligining boisini topdim, - deya qichqirib yubordi kichik ahmoq, axir bizning itimizda bu narsalar yo’q-da! Shunday ekan, u qanaqasiga xursand  bo’lsin!
- Kel, bu narsalarni unga biz topib beramiz, dedi katta ahmoq kichigiga.
- Bo’pti, ketdik, - rozi bo’ldi kichik ahmoq.
- Biroq yon atrofda “itlari”ning dumini likillatishi uchun  xursand qiluvchi na bir suyak va na bir bo’yinbog’ bor edi. Ahmoqlar tashvish tortib qolishdi, chunki ularning arzandalari xursand emas edi-da! Ular nima qilishlarini bilmay hovlida timirskilanib yurishardi. 
  Ular hovlidagi hovuzcha yonidan o’tishayotganda to’satdan “it”lari  qo’llaridan sapchib, hovuzchaga  tushib ketib qoldi. Toshbaqa suvda suzib borar ekan, suvda uning yoyilgan dumi va oyoqlari yaqqol ko’zga tashlanar edi.
- Qara, uning dumiga qara! – deya qichqiribdi katta ahmoq. Demak,  u suvda suzganida ham xursand bo’lar ekan-da!
- U suv iti bo’lsa kerak, - dedi kichik ahmoq, - shuning uchun suvga tushganidan xursand.
Shunday qilib,  ikki ahmoq “it”larini kunora cho’miltirishadigan bo’lishdi. Havo iliq kunlari hovlidagi hovuzchada, sovuq va yomg’irli kunlarda esa uy ichida – uy hammomida cho’miltirishardi.
- Qara, biz bu xususda ko’p ishni o’rganib , uddalay oldik-a? – deb qoldi bir kuni katta ahmoq kichik ahmoqqa g’ururlangancha.
- Albatta. Kitoblar bizga hamma ishni ham o’rgatavermas ekan. Hayotda ko’p narsani o’zimiz topishimiz kerak ekan, - deya o’z tajribasidan iftixor tuyg’usini tuyib, boshini viqor-la ko’tarib javob berdi, - kichik ahmoq.
Ikki ahmoq og’ir tin olishdi…

Ingliz tilidan Dilmurod Usmonov tarjima qildi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.