OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ling Sung Yan. Ona quyonning chaqqon yordamchilari (hikoya)

Ona quyon daladan bir qancha sholg’om terib kelish uchun yo’lga otlanibdi. 
- Onajon, men ham siz bilan borsam maylimi, sizga yordamlashaman, - debdi  onasiga quyoncha.
- Yo’q, hozir emas, quyosh botayotgan mahalda borsang, men ko’pgina  sholg’om yig’ib qo’ygan bo’laman. Ularni olib kelishib qo’yasan. Hozircha uyda o’tira qol, xo’pmi, bolajonim, - deya jilmaygancha quyonchaning yelkasini qoqib qo’yibdi ona quyon.
 Onasi ketgach, quyoncha uyda qolibdi va darsini tayyorlay boshlabdi. Ancha vaqtlardan keyin, u uy vazifalarini endi tugatay deb turganda eshik ochilib, do’stlari – malla mushukcha va qora uloqcha kirib kelib qolibdi. 
- Quyoncha, kel birga o’ynaymiz, - deyishibdi ular.
 Quyoncha rozi bo’libdi va ular berkinmachoq o’ynay boshlashibdi. 
 Uloqcha pichan g’arami orasiga berkinib olibdi, quyoncha uni topa olmabdi. Malla mushukcha esa daraxt ustiga chiqib, qalin barglar orasiga yashirinib olibdi. Quyoncha uni ham topa olmabdi.
 Quyoncha hamma joyni qidiribdi, biroq ularni hech qayerdan topa olmabdi. – Qayerdasizlar, - deya qichqiribdi quyoncha. Shu payt u yer ustida turgan kattakon toshga turtilib yiqilib tushibdi. Bu holni ko’rib turgan mushukcha darhol yordamga otilibdi. Uloqcha pichan orasidan shoshib chiqib kelibdi va ular quyonchani o’rnidan asta  turg’azib qo’yishibdi.
- Lat yemadngmi, - deyishibdi ular.
- Hechqisi yo’q, - debdi quyoncha.
Shu tariqa ular yana shodon kayfiyatda o’ynashda davom etibdilar. Bir mahal, quyoncha yuqoriga, ufq tomonga qarabdi va qichqirib yuboribdi:
- Voy, xudoyim, quyosh deyarli botib qolibdi-ku!. Men shoshishim kerak. Onamning oldiga, dalaga borib, sholg’om olib kelishda onamlarga yordam berishim kerak! Men hozir ketaman. Onamning oldilariga borish vaqti bo’libdi. Sizlar ham uyga boringlar, - debdi do’stlariga. 
Lekin malla mushukcha va qora uloqcha uning gapiga rozi bo’lishmabdi:
- Yo’q, biz uyga ketmaymiz. Aksincha dalaga borib onangga yordamlashamiz.
 Shunday qilib ular dalaga yo’l olishibdi. Dalaga kelib qarasalar, ona olmaxon allaqachon ishini tugatib quyonchani kutib o’tirgan ekan. Yordamchilarni ko’rib xursand bo’lib ketibdi va shunday debdi:
- Salom, bolajonlar. Sizlarning kelganlaringdan boshim ko’kka yetdi.
- Quyon xola, sizga yordam bergani keldik, deyishibdi quyonchaning do’stlari.
Quyoncha, malla mushukcha va qora uloqcha Ona quyonning qo’lidagi sholg’omli savatlarni ko’tarishda yordamlashib yuborishibdi. Ular ikkita tayoqchni olishibdi-da, savat dastasidan o’tkazibdilar. Savatchalardan birini ona quyon bilan quyoncha, ikkinchisini esa mushukcha bilan uloqcha ko’tarib olibdilar. Shu tariqa ular baqirib qo’shiq kuylaganlaricha orqaga, uylari tomon yo’l olishibdi. 
 Uyga yetib kelishgach, ona quyon ularga yana bir bor minnatdorchilik bildiribdi:
- Sizlarga katta rahmat, aziz bolajonlarim. 
-   Arzimaydi, - deyishibdi quyonchaning do’stlari.
- Kelinglar, sizlarga yeyish uchun ajoyoyib bir narsa pishirib beraman, debdi ona quyon.
 Ular hammalari ona quyonga ovqat qilishda yordamlashibdilar.
Quyoncha chelakda suv olib kelibdi. Uloqcha o’choqqa olov yoqibdi. Mushukcha bo’lsa qozonni yuvibdi. Ovqat pishgach hammalari maza qilib tamaddi qilishibdi 
 Tamaddi qilib bo’lishgach, quyoncha idishlarni yuvishga olib boribdi. Mushukcha esa ularni tozalab yuvibdi. Uloqcha stolni tozalabdi.
- Taq! Taq! Taq! –  to’satdan eshik taqillabdi. Eshikni ochib qarasalar ona mushuk bilan ona echki bolalarini qidirib kelishgan ekan. Quyoncha ularni ota-onalariga rosa maqtabdi. 
Shunday qilib ona quyon bilan quyoncha ularni ostonada qo’l silkib kuzatib qo’yishibdi.
- Ertaga ko’rishguncha xayr! Yaxshi dam olinglar!

Ingliz tilidan Dilmuod Usmonov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.